Reja: Milliy madaniyatlarning diniy madaniyat shakllanishidagi roli


Download 114.54 Kb.
Sana15.11.2023
Hajmi114.54 Kb.
#1775363
Bog'liq
Reja Milliy madaniyatlarning diniy madaniyat shakllanishidagi r-fayllar.org


Mavzu:Milliy madaniyatlarning diniy madaniyat shakllanishidagi roli


Islom qadriyatlari. 

Reja: 


1.Milliy madaniyatlarning diniy madaniyat shakllanishidagi roli.

2.O‘zbekistondadiniy madaniyatni rivojlanish tarixi va hozirgi davrdagi ahamiyati.


3.Diniy urf odatlarnnig shaxs dunyoqarashi va tafakkuriga ta’siri. 


4.Diniy madaniy an’analarnnig ahamiyati va ularning o‘zaro ta’siri.

Markaziy Osiyo xalqlarining madaniyati juda qadimiy bo‘lib, uning tarixi bir necha ming yillarni o‘z ichiga oladi. Xalqimiz madaniyati ham jahon madaniyati bilan baqamti, yonma-yon yuzaga kelgan va rivojlangan. Bironta xalq madaniyati o‘z mamlakati doirasidagina, tormilliy biqiqlikda emas, balki boshqa xalqlar madaniyati bilan o‘zaro aloqadorlikda, o‘zaro bog‘liqlikda, o‘zaro ta’sir va aks ta’sir etish asosida rivojlanadi.
Tarixdan ma’lumki, o‘zbek xalqi madaniyati faqat milliy asosda emas, shu bilan birga umuminsoniy qadriyatlar ta’siri ostida ham o‘sdi, rivojlandi.Unga Xitoy, Yunon, Rim, Arab madaniyati, jahondagi boshqa madaniyatlar o‘zining ijobiy ta’sirini ko‘rsatdi. O‘z navbatida Markaziy Osiyo xalqlari ham boshqa xalqlar madaniyatining yuksalishiga, umumjahon tomadaniyati taraqqiyotiga o‘zining faol ta’sirini ko‘rsatdi. Shunday ta’sirni milliy 
madaniyatimizning diniy madaniyat shakllanishi va rivojlanishiga ko‘rsatgan salmoqli ta’sirida ham ko‘rish mumkin. Har bir xalq, har bir millat madaniyatining shakllanishi ko‘plab omillarga bog‘likdir. Shunday muhim omillardan biri din hisoblanadi. Din insoniyat ma’naviy hayotining, madaniyatining tarkibiy qismidir. Qadim-qadim zamonlardan boshlab atrofidagi olamni, odamni 
tushunib yetish uchun, murakkab hayot yo‘llarida adashmay yo‘l topish uchun, turli 
mashaqqatlarni yengib o‘tish uchun odamzotga ishonch, e’tiqod tuyg‘usiga ehtiyoj tug‘ildi. Ana 

shu ishonch tuyg‘usini unga turli ko‘rinishdagi diniy qarashlar berdi. Demakki, din odamzodga 

uni yaratgan, ayni zamonda to‘g‘ri, haqiqiy, odil hayot yo‘lini ko‘rsatadigan va o‘rgatadigan ilohiy 

qudratga ishonch va ishonishni ifoda etadigan maslak, qarash, ta’limotsifatida vujudga kelgandi.

Shu bois har bir xalq, millat ishongan, e’tiqod qilgan diniy qarashlarda, u yaratgan diniy 

madaniyatda o‘sha xalqning orzu-intilishlari, maqsad-muddaolari, xohish-istaklari ham ma’lum 

ma’noda o‘z ifodasini topgan. Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, nafaqat diniy madaniyat 

milliy madaniyatlarning rivojlanishiga katta ta’sir ko‘rsatadi, balki milliy madaniyatlar ham o‘z 

navbatida diniy madaniyatning shakllanishi, rivojlanishi, boyib borishiga o‘z hissasini qo‘shadi. 

Ushbu fikrga misolni islom madaniyati takomilida ham ko‘rishimiz mumkin. Islom diniga e’tiqod 

qiladigan turli-tuman millatlar uni asrlar davomida o‘zining milliy an’analari bilan 

omuxtalashtirib, uyg‘unlashtirib, boyitib bordi. Xususan, uch ming yillik tarixga ega bo‘lgan

Qadimiy Turon, Movarounnahr va Turkiston hududida ravnaq topgan davlatlar xalqlari ham ushbu 

vazifani oshig‘i bilan ado etdi. Bu haqda istagancha misol keltirish mumkin. 

Bizga ma’lumki, muayyan din o‘z ta’limot tizimini vujudga keltirgach, o‘ziga e’tiqod 

qiluvchilar jamoasini shu ta’limot doirasida saqlashga harakat qilgan va hozirda ham shunday. Bu 

ijtimoiy hodisa dinning birlashtiruvchilik vazifasi deb ataladi. Din hamisha muayyan ijtimoiy, 

etnik va ma’naviy hayotning o‘z ta’sirida bo‘lishiga intiladi. Bu ta’sirning muntazamligini 

ta’minlash maqsadida din xalqlarning ijtimoiy hayotiga, axloqiy munosabatlariga, shuningdek 

adabiyoti va san’atiga ham ta’sir o‘tkazadi. O‘z navbatida, muayyan din ta’sirida bo‘lgan millat 

mutafakkirlari o‘zining ilmiy, ijodiy faoliyati bilan diniy madaniyat taraqqiyotiga o‘z hissalarini 

qo‘shishadi. Bunga yurtimizdan yetishib chiqqat buyuk allomalarning islom madaniyatiga 

qo‘shgan buyuk hissalari yorqin misoldir. 

Diniy madaniyatning shakllanishida milliy urf-odat, an’ana va marosimlarning ham o‘rni katta. 

Har bir xalq o‘ziga xos urf-odat, an’analari bilan birgalikda shakllanadi. Ularning eng xalqchil, 

yashovchan ko‘rinishlari har qanday siyosiy,, iqtisodiy, ijtimoiy, diniy evrilishlarga ham bardosh 

berib yashashda davom etadi. Shu xalq, millat bor ekan ular ham mavjuddir. Eng asosiysi, ular shu 

millat e’tiqod qiladigan diniy madaniyat bilan uyg‘unlashib, yaxlit milliy diniy madaniyatni 

shakllantiradi. Milliy va diniy madaniyatlar uyg‘unligini ilm-fan, adabiyot va san’at, 

hunarmandchilik va me’morchilik ravnaqida ham ko‘rish mumkin. Ayniqsa islom dini kirib 


kelishi bilan ko‘plab masjid, madrasa va maqbaralar ham milliy, ham diniy madaniyatimizning 

bebaho namunalaridir.

Moddiy va ma’naviy hayot tamoyillari bir-birini inkor etmaydi, 

aksincha, o‘zaro bog‘lanib, bir-birini to‘ldiradi. Xuddi shuningdek milliy va umuminsoniy 

madaniyatlar ham bir-birini boyitib boradi. Yuksak taraqqiyotga erishishni orzu qiladigan har bir 

inson va jamiyat o‘z hayotini aynan ana shunday dialektik va uzviy bog‘liqlik asosida qurgan va 

rivojlantirgan taqdirdagina ijobiy natijalarga erisha oladi. Ana shu haqiqatdan kelib chiqqan holda, 

yurtimizda iqtisodiy o‘nglanish, iqtisodiy tiklanish, iqtisodiy rivojlanish jarayonlarining ma’naviy 

poklanish, ma’naviy yuksalish harakatlari bilan tamomila uyg‘un ravishda rivojlanib borishini 

asosiy maqsad qilib belgiladi.

Istiqlol milliy va diniy qadriyatlarimiz tiklanishiga keng imkoniyatlar yaratdi. Din milliy 

ma’naviyatni shakllantirishga bevosita ta’sir qiluvchi mezonlardan biri sifatida e’tirof etilmoqda. 

Bu diniy va dunyoviy ilmlar o‘rtasidagi nozik munosabatlarning mohiyatini har tomonlama to‘g‘ri 

tushuntirib berish, dinlar haqidagi mantiqiy asoslangan bilimlarni shakllantirish va dunyoviylik 

tushunchasini chuqurlashtirib borishni taqozo etadi. Zero, dunyoviy va diniy qadriyatlar bir-birini 

to‘ldirmas ekan, bugungi kunning og‘ir va murakkab savollariga to‘laqonli javob berish oson 

bo‘lmaydi.Boy tariximiz va umumbashariy taraqqiyot rivojiga ulkan hissa qo‘shgan olimu 

fuzalolar dunyoqarashining o‘zagini diniy va dunyoviy ilmlar uyg‘unligi tashkil etib, ularning 

ilmiy merosi, falsafiy qarashlarini o‘rganish milliy taraiiiyotimizda muhim omil bo‘lib xizmat 

qiladi. 

Xullas, qadimiy va go‘zal diyorimiz nafaqat Sharq, balki jahon sivilizatsiyasi

beshiklaridan biri bo‘lganini xalqaro jamoatchilik tan olmoqda va e’tirof etmoqda. Bu

tabarruk zamindan ne-ne buyuk zotlar, olimu ulamolar, siyosatchi va sarkardalar yetishib

chiqqani, umumbashariy sivilizatsiya va madaniyatning uzviy qismiga aylanib ketgan dunyoviy 

va diniy ilmlarning, ayniqsa, islom dini bilan bog‘liq bilimlarning tarixan eng yuqori

bosqichga ko‘tarilishida ona yurtimizda tug‘ilib kamolga yetgan ulug‘ allomalarning xizmatlari 

beqiyos ekani bizga ulkan g‘urur va iftixor bag‘ishlaydi.O‘zbekistonda diniy madaniyatning 

rivojlanish tarixi va hozirgi davrdagi ahamiyati. O‘zbekistonning diniy madaniyati tarixining

ibtidosi asrlar qa’riga singib ketgan bo‘lib, uni anglab yetish uchun avvalo uning tarixiy 

takomilini batafsil ko‘zdan kechirib chiqishimiz kerak bo‘ladi. 

Islomgacha bo‘lgan diniy madaniyatimiz takomili, shubhasiz zardushtiylik dini va uning 

muqaddas kitobi “Avesto”da o‘z ifodasini topgan. “Avesto” matnlari mazmunidan biz ota-

bobolarimizning ona zaminga, xalqimiz uchun asosiy tiriklik manbai bo‘lgan oqar suvga, olovga 

ixlosi, e’zozini aniq his qilamiz. Yana amaliy yaratuvchilik faoliyati, ayniqsa, yerga ishlov berish

va chorva hayvonlarini parvarishlash, ajdodlarimiz tarafidan nihoyatda muqaddas bir yumush,

oliy ibodat deb qabul qilinganining ham guvohi bo‘lamiz. Shuning natijasida bu davrdagi

inson ruhida uning hayoti uchun muhim bo‘lgan Ona tabiatga mehr, yer, suv, olovni e’zozlash, 

yaratuvchilik mehnatini ulug‘lash kabi ma’naviy fazilatlar paydo bo‘ldi. Qolaversa “ezgu o‘y,

ezgu so‘z, ezgu amal” birligi qoidasi ham shu davrdan kelayotgan yana bir ulug‘ ma’naviy 

qadriyatdir. Shunday qilib, islomgacha o‘lkamiz xalqlari juda uzoq tarixiy jarayonni boshdan

kechirdilar, buyuk ma’naviy kamolot yo‘lini bosib o‘tdilar. 

Arab xalifaligi VII-VIII asrlar davomida Mag‘ribu Mashriqning keng hududlarini, shu

jumladan, Markaziy Osiyo yerlarini ham o‘z tasarrufiga kiritdi. Xalifalikka kirgan xududlarga 

asta-sekin musulmon madaniyati shakllana boshladi. Musulmon madaniyatining ko‘rki

hisoblangan naqshinkor bezaklar bilan ziynatlangan salobatli masjidu madrasalar, xonaqoyu 

maqbaralar, diniy va ilmiy kitoblar, ko‘lyozmalarga boy kutubxonalar va boshqa inshootlar qad 

rostlay boshladi. Ular shu xalqlarning avvalgi moddiy madaniyati xarobalari o‘rnida barpo etildi. 

Islom dini odamlarni to‘g‘rilik, rostgo‘ylik, poklik, halollik, ezgulik, yaxshilik, saxovat, 

do‘stlik, birodarlik, o‘zaro totuvlik, hamjihatlik, tinchligu osoyishtalikka undar edi. U ko‘p 

asrlar mobaynida xalqimiz qalbidan chuqur joy olib, hayot ma’nosini anglash, milliy 

ma’naviyatimiz va turmush tarzimizni, qadriyatlarimiz, urf-odat va an’analarimizni bezavol 

saqlashda qudratli omil bo‘lib xizmat qildi. Insoniylik, mehr-oqibat, halollik, oxiratni o‘ylab

yashash, yaxshilik, mehr-shafqat singari xalqimizga mansub bo‘lgan fazilatlar aynan shu

zaminda ildiz otdi.

Shunday qilib VIII-IX asrlarda islom mintaqa madaniyati shakllandi va uning dastlabki 

bosqichi - Sunna - o‘zining eng oliy yutuqlariga erishdi. Bu yutuqlar, avvalo, islom axloqi

asoslarining mukammal tizimi vujudga kelganligi, shariat va fiqh ilmi, manbashunoslik va

matnshunoslik nazariyasi va amaliy tarjibalarining shakllanishi, adab ilmi, dastlabki Qur’on

tafsirlari, qiroat ilmi, she’riyat nazariyasi, sarfu nahv (grammatika), lug‘atshunoslik va boshqa 

ilmlarga asos solina boshlaganligi bilan belgilanadi. Bunday ulug‘ ma’naviy boylikning

vujudga kelishi va rivojida mintaqaning barcha xalqlari, jumladan, bizning vatandoshlarimiz

- Adib Ahmad Yugnakiy, Imom Muhammad al-Buxoriy, Abu Iso at-Termiziy kabi allomalar

qo‘shgan ma’naviy ulush butun jahon afkor ommasi tomonidan tan olingandir. 

Payg‘ambarimiz hadislarining eng muhim va salmoqli qismi kishilarda yuksak insoniy

fazilatlarni shakllantirishga qaratilgan. Undagi ota-onaga munosabat, ilmga munosabat, sabr-

bardosh, shukronalikka da’vat, o‘zaro mehr, inoqlik, mehmondo‘stlik, yetimparvarlik, vafo

va sadoqat, mehnatsevarlik va halol luqmani sharaflash, kamtarlik, kamsuqumlik, samimiyat

va rostgo‘ylik xislatlarining birinchi o‘ringa qo‘yilishi insoniyat uchun bebaho ma’naviy 

qadriyatlar silsilasini tashkil etadi. Qolaversa, islom axloqi ma’naviy qadriyatlarning tasodifiy

to‘plami emas, balki mukammal bir tizim holiga keltirilgani bo‘lib, albatta, bunda buyuk

muhaddislar, birinchi navbatda, yurtdoshimiz Imom Buxoriyning xizmatlari beqiyosdir.

Yurtimizga islomning kirib kelishi xalqimizning ma’naviyati boyib borishiga, ularning 

o‘zligini saqlab qolishlariga, diniylik va dunyoviylik uyg‘unligiga asoslangan umuminsoniy 

axloqiy fazilatlarning shakllanishiga keng imkoniyatlar yaratdi. Shuningdek, Markaziy Osiyoda 

islom dinining yoyilishi hamda u bilan bog‘liq bo‘lgan diniy rasm-rusumlar, shariat va tariqat 

qonun-qoidalari, aqidalarining tarkib topib borishi mahalliy xalq namoyondalarining milliy 

o‘zligini anglashda ham katta ijobiy rol o‘ynadi. Odamlar har xil xudolar, chiltonlarga, muqaddas 

sanalgan narsalarga topinishdan, sig‘inishdan xalos bo‘lib, yakkayu yagona Allohga, uning rasuli 

Muhammad alayhisalom ko‘rsatmalariga amal qiladigan bo‘ldilar. Qur’on va hadislarga 

asoslangan g‘oyalar: axloq, insof, vijdon, halollik kabi sohalardagi umumbashariy ahamiyatga 

molik yo‘l-yo‘riqlari va qoidalari u umuminsoniy qadriyat sifatida Markaziy Osiyo xalqlari ongi 

va turmush tarziga singib bordi. Islom qadriyatlari xalq ma’naviy hayotining uzviy qismi bo‘lib, 

uning turmush tarzidan, urf-odat, bayram va marosimlaridan munosib o‘rin oldi.

Shunday qilib, yurtimizda islom madaniyatining rivojida IX-XII asrlar alohida o‘rin tutadi 

va bu davrda islom dini, madaniyati, ma’naviyati va ma’rifatining barcha sohalarida katta 

muvaffaqiyatlar qo‘lga kiritildi. Yuqorida ham ta’kidlanganidek, islom madaniyatining gultojisi 

hisoblangan Hadisshunoslik ilmi rivojida ham peshqadamlikni O‘rta Osiyolik buyuk muhaddis

olimlar egalladilar. Shuningdek, Islomda shariat va uning ruknlari ham muhim o‘rin tutadi. Shariat 

(arabchada to‘g‘ri yo‘l, qonunchilik ma’nosida) - islom diniy huquqi, ya’ni barcha musulmonlar

uchun bajarilishi majburiy bo‘lgan qonunlar, hukukiy-axloqiy ko‘rsatmalar majmuidir. Bu 

sohada ham buyuk vatandoshimiz Burxoniddin Marg‘inoniy (1123-1197) “Hidoya” (“To‘g‘ri 

yo‘l”) nomli asar yaratib, jumlai musulmonlar duch keladigan dolzarb masalalar, jumladan, 

oilaviy va ijtimoiy munosabatlar, mulkchilik, savdo-sotiq, jinoiy jazo va insonning burch va

mas’uliyatlariga taalluqli juda ko‘p murakkab muammolarni islomiy huquq nuqtai nazaridan

hal etib berdi.

Markaziy Osiyolik olimu fuzalolar Islom ilmi rivojiga buyuk hissalarini ko‘shar ekanlar, 

Allohning yakkayu yagonaligi, Allohning bir ekanligi to‘g‘risidagi tavhid bilan ham mashhur 

bo‘ldilar. Fanning bu jabhasida zamon ulamolari va fuzalolari orasida buyuk qobiliyat egasi Abu

Mansur Moturidiy nomi alohida ajralib turadi. Uning mashhur asarlari jumlasiga “Tavxid” 

asarini nisbat berish mumkin. Islom madaniyatida tasavvuf ta’limoti ham muhim ahamiyatga 

ega. Tasavvuf - bu odamlarni halollik, poklik, tenglik, inson qadr –qimmatini ulug‘lash, o‘z

mehnati bilan kun ko‘rish, boshqalar kuchidan foydalanmaslik va ijtimoiy adolat qoidalariga 

da’vat etuvchi ezgu ta’limotdir. 


Xuroson va Movarounnahr aholisi o‘rtasida tasavvuf-falsafiy ilmi taraqqiyotida Yusuf 

Xamadoniy katta obro‘-e’tibor va hurmat qozongan. Shuningdek, Yurtimizda ildiz otgan 

Yassaviya (Ahmad Yassaviy), Kubroviya (Najmiddin Kubro), Naqshbandiya (Xoja Bahovuddin

Naqshband) ta’limotlari mohiyatan olijanob g‘oyalar ruhi bilan sug‘orilgan. Jumladan, 

“Yassaviya” tariqatining bir qator asosiy qoidalari (odoblari)ga nazar tashlar ekanmiz, bunda

insonlarning Alloh visoliga yetishish yo‘lida tinimsiz izlanishlari hayotning turli-tuman sinov-

sinoatlariga dosh berishlari, o‘z e’tiqodlarida sobit, ezgulik, haq yo‘lida hamisha sa’y-

xarakatlarda bo‘lishlari kerakligiga alohida urg‘u berilganligi ayon bo‘ladi. Shu bois Yassaviy

“Hikmat”larida poklik, halollik, to‘g‘rilik, mehr-shafkat, o‘z kuchi, peshona teri va halol 

mehnati bilan kun kechirish, Alloh taolo visoliga yetishish yo‘lida insonni botinan va zohiran 

har tomonlama takomillashtirish kabi ilg‘or umuminsoniy qadriyatlar ifoda etilgan.

Temur va temuriylar davri O‘rta Osiyo madaniyatida alohida davr hisoblanib, bu davr 

madaniyati Temur asos solgan kuchli davlatchilik tamoyillari asosida shakllangan ijtimoiy-

iqtisodiy taraqqiyot bilan bog‘liqdir. Bu davrda ilm-fan, madaniyatning barcha sohalari kabi diniy 

madaniyat ham taraqqiyotga erishdi. Avvalo Amir Temurning o‘zi din ahliga – avliyo va 

ulamolarga alohida ehtirom ko‘rsatgani, din peshvolariga homiylik qilgani tarixiy manbalar 

guvohlik beradi. Qad rostlagan ko‘plab masjid va madrasalar ham o‘sha davrdagi diniy madaniyat 

taraqqiyotidan guvohlik beradi.

Temuriylar davrida ayniqsa tasavvuf adabiyoti yanada rivojlandi. Shu davr 

mutafakkirlaridan Sa’dudin Taftazoniy(1322-1392), Mir Sayyid Sharif Jurjoniy(1339-1413)lar 

islom falsafasi, mantiq, she’riyat va arab tiliga bag‘ishlangan ko‘plab asarlar yaratishdi. O‘zbek 

xalqi ma’naviy dunyosining shakllanishiga g‘oyat kuchli va samarali ta’sir ko‘rsatgan ulug‘

zotlardan yana biri – bu Alisher Navoiy ham shu davr vakilidir. Alisher Navoiy xalqimizning

ongi va tafakkuri, badiiy madaniyati tarixida butun bir davrni tashkil etadigan buyuk shaxs,

milliy adabiyotimizning tengsiz namoyandasi, millatimizning g‘ururi, sha’nu sharafini dunyoga 

tarannum qilgan o‘lmas so‘z san’atkoridir. Buyuk ajdodimizning bebaho merosidan qanchalik

ko‘p bahramand bo‘lsak milliy ma’naviyatimizni yuksaltirishda, jamiyatimizda ezgu insoniy 

fazilatlarni kamol toptirishda shunchalik qudratli ma’rifiy qurolga ega bo‘lamiz. 

Xonliklar davrida Markaziy Osiyoda o‘zaro nizolar to‘xtamagan bo‘lsada, diniy 

madaniyat ma’lum darajada rivojlandi, bir qator masjid va madrasalar qurildi, diniy asarlar 

yozildi. Bu davrda Markaziy Osiyoda ikki turdagi maktab mavjud edi: quyisi - maktab va oliysi - 

madrasa. Boshlang‘ich maktabda savod o‘rgatilar va diniy matnlar yodlanar edi. Madrasada ham

ilohiyat o‘qitilar, shuningdek arab tili sarfu nahvi (grammatikasi), notiqlik san’ati, aljabr va 

handasa asoslari o‘rgatilan. Bundan tashqari Xofiz, Bedil, Navoiy asarlari o‘qitilgan. 

Chor Rossiyasi istilosi, ayniqsa Sovetlar hukmronligi davrida diniy madaniyatimiz katta 

qarshilikka uchradi, ta’qib qilindi. “Din xalq uchun afyun”, deb e’lon qilindi, diniy ulamolarga 

reaksion sinf, degan tamg‘a bosildi, o‘tmish diniy merosimiz “eskilik sarqiti”ga chiqarildi. Ammo 

xalq o‘z diniy qadriyatlarini unutmadi, e’tiqodidan kechmadi.Mustaqillik sharofati bilan 1300

yil mobaynida ota-bobolarimiz e’tiqod qilib kelgan islom diniga munosabat ham tubdan o‘zgara 

boshladi. 

Sobiq Ittifoq davrida butun O‘zbekistonda bori-yo‘g‘i 80ga yaqin masjid faoliyat

ko‘rsatgan bo‘lsa, mustaqillikning dastlabki yillaridayoq minglab yangi masjidlar ishga tushdi.

Ilgari birgina Buxoroda kichik bir madrasa tor doirada diniy bilim berib kelgan bo‘lsa, bugungi 

kunda deyarli barcha viloyatlarda madrasalar ishlab turipti. Toshkent oliy ma’hadining mavqei

ko‘tarilib, endi uning diplomi ham bakalavr darajasida tan olinadigan bo‘ldi. O‘zbekiston

hukumati mo‘minlarning istaklarini inobatga olib, musulmon dunyosining eng muqaddas 

yodgorliklaridan biri — xalifa Usmon "Mushaf"ini ular ixtiyoriga qaytib berdi. Qator tarixiy

obidalar diniy tashkilotlar ixtiyoriga o‘tkazildi. Davlat diniy asarlarni chop etishda yordam 

beryapti. Har yili yurtimizdan minglab musulmonlar haj va umra safarlariga emin-erkin borib

kelmoqdalar. Din peshvolari matbuot, radio va televideniye orqali o‘z qarashlarini emin-erkin 

bayon etmoqdalar. O‘nlab o‘tmish diniy ulamolarimizning tabarruk nomlari, meroslari 

tiklanmoqda. Maqbaralari qadamjoyga, ziyoratgohga aylanmoqda. Jumladan, Imom Buxoriy

maqbarasi majmuining bunyod etilishi, Bahovuddin Naqshband masjidi-maqbarasining

yangidan ta’mirlanib, obod etilishi, imom Moturidiy, Burhonuddin Marg‘inoniy kabi buyuk 

siymolarning xoki poklari qo‘yilgan Samarqanddagi Chokardiza qabristonini tiklash va 

o‘rganish ishlarining jiddiy yo‘lga qo‘yilishi – barchasi mustaqil O‘zbekiston rahbariyatining

muqaddas dinimizga, ushbu dinni ma’rifat, ma’naviy qadriyat darajasiga ko‘tarilib, jahonga

tanitgan ulug‘ ajdodlarimizga bo‘lgan yuksak va samimiy ehtiromning yorqin namoyishidir.

Yurtimiz tarixida, uning ma’naviy sarchashmalarida sezilarli iz qoldirgan, ularni o‘z 

pok ruhoniy ta’limotlari ila boyitgan ulug‘ salaflarimiz - Ahmad Yassaviy, Bahovuddin

Naqshband, Najmiddin Kubro, Abduxoliq G‘ijduvoniy, Kaffol Shoshiy, Xoja Ahror Valiy singari 

bobokalonlarimiz aziz nomlari tiklanib, asarlari chop etilib, bebaho meroslaridan bahra 

olayapmizki, bu biz uchun katta baxtdir. Diniy urf-odatlarning shaxs dunyoqarashi va tafakkuriga 

ta’siri. Din voqelikni o‘ziga xos aks ettiruvchi ijtimoiy hodisadir. Din insonga to‘g‘ri, haqiqiy 

hayot yo‘lini ko‘rsatadigan va o‘rgatadigan ilohiy qudratga ishonchni ifoda etadigan ta’limotdir. 

Dinning mohiyati turlicha izohlansada, uning asosida ishonch, e’tiqod tuyg‘usi yotadi. Zero 

bunday tuyg‘udan mahrum xalq, odam yo‘q. Hech bir xalq dinsiz, e’tiqodsiz, biron-bir narsaga 

ishonchsiz yashay olmaydi. Har bir din turlicha urf-odat, marosim va bayramlar orqali o‘z 

qavmidagi odamlar turmushini tartibga solish, nazorat qilish, insonlarning ma’naviy-axloqiy 

dunyoqarashini shakllantirish, tafakkurini yuksaltirishga harakat qiladi. Har qanday jamiyatda 

din ma’lum ijtimoiy, ma’naviy va ruhiy vazifalarni bajaradi. Uning ijtimoiy hayotga ta’siri 

kuchlidir. Dinlar o‘z marosim va bayramlarining qavmlar tomonidan qat’iy tartibga amal qilgan 

holda bajarilishini shart qilib qo‘yadi, shuningdek, o‘z qavmlarining birligini, jamiyat va 

shaxsning o‘zaro aloqada bo‘lishini ta’minlashga intiladi. 

Avvalo shuni ta’kidlash lozimki, xalqimiz garchi islom diniga e’tiqod qilsada, uning 

turmush tarzida zardushtiylik dinidan qolga urf-odatlar, marosim oradan necha asr o‘tgan bo‘lsada 

saqlanib qolmoqda. Bu ayniqsa olovga bo‘lgan munosabat, ya’ni o‘t, olovni ulug‘lashda yaqqol 

namoyon bo‘ladi. Masalan, kelin-kuyovni olov orasidan olib o‘tish, olov atrofida aylantirish kabi 

udumlar hamon saqlanib qolmoqda. Shuningdek, xasta kishiga sog‘lik tilab yoki vafot etganlar 

arvohiga bag‘ishlb turli xil sham yoqishlar ham otashparastlik (zardushtiylik) elementlaridir. 

Qolaversa, yerga, donga (non) ga bo‘lgan alohida ehtirom ham zardushtiylik davridan beri yashab 

kelayapti. Ushbu holatlar, bir tomondan, xalq ongiga singib ketgan urf-odatlarning qanchalik 

darajada yashovchanligini ko‘rsatsa, boshqa tomondan, ushbu urf-odat va marosimlarning xalq 

ma’naviyati, madaniyati hamda shaxs dunyoqarashi va tafakkuriga hamon ijobiy ta’sir ko‘rsatib 

kelayotganligi uchun ulardan voz kechishni hohlamayotganligidan dalolat beradi. Masalan, 

zardushtiylikda ulug‘langan ona tabiatga mehr, yer, suv, olovni e’zozlash, yaratuvchilik mehnatini

ulug‘lash kabi g‘oyalar hech qachon o‘z ahamiyatini yo‘qotmaydi va bugun ham xalqimizda 

ushbu fazilatlarning shakllanishiga o‘z ijobiy ta’sirini ko‘rsatadi. 

Mintaqamizga islom dini kirib kelgach, u bilan bog‘liq urf-odatlar, marosimlar xalqimiz 

turmush tarzidan, ma’naviyatidan chuqur o‘rin oldi va va uning madaniyatining tarkibiy qismiga 

aylandi.

Islom dinida ayniqsa diniy bayramlar alohida ahamiyatga ega. Islomiy bayramlar qatoriga: 

Iydi-ramazon (Al-fitr) Qurbon xayiti (Al-adha), Meroj - rajab oyi bayrami, shuningdek Imom 

Husaynni xotirlash kuni - Ashuro bayrami, takdir kechasi - Laylatul qadr, Islomiy yangi yil, 

Mavlud an Nabi (Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) tavallud kunlari, Laylat al - Barot kabi diniy 

bayramlar kiradi. Shu diniy bayramlarimizdan bir bo‘lmish Hayitlar qadimiy diniy bayram bo‘lib, 

ularning tarkibiga kirgan ko‘pgina marosimlar islomdan oldin ham xalq taomilida bo‘lgan. Islom 

ularni omixtalab, o‘z qonunlarini qo‘shib, hayit bayramlarini kengaytirgan. Hayit bayramini ikki 

xil nishonlaymiz. Iydi ramazon va Iydi Qurbon hayiti. Bular haqida qisqacha ma’lumot berib o‘tish 

joyiz. 

Demak Iydi ramazon — poklanish oyi, ramazon oyi tugagandan so‘ng bayram tarzida 

nishonlanadi. Bunda hamma insonlar ro‘zani eson-omonlik bilan to‘la-to‘kis ado etib bo‘lganligi 

sababli bir-birlarini tabriklab, muborakbod etadi. 


Iydi-qur’bon xayiti iydi – al-fitrdan taxminan 70 kun keyin nishonlanadi. Ushbu bayram 

an’anasiga ko‘ra qo‘y yoki mol so‘yib, uning go‘shti oila, do‘stlar va beva-bechoralarga 

tarqatiladi. Bu xayit bayrami Makkadagi xaj marosimini tugashiga to‘g‘ri keladi. 

Hayit kunlari odamlar orasida gina va kuduratlar unutiladi. Hayit arafasida hamma 

honadonlarda osh yoki boshqa bayramona taomlar pishirilib, qo‘shnilarga, yaqinlarga ulashiladi, 

dasturxonlar bezatiladi, mehmonlar kutiladi. Hayit kunlari kambag‘al, beva-bechoralar, yetim-

yesirlarga, gadolarga hayitlik, hayriya va sadaqalar berish savob hisoblanadi. O‘tganlarning ruhiga 

duoi-fotiha qilinadi. 

Нayit kuni hamma uchun bayram hisoblanadi. Ko‘chalarda odamlar gavjum, kimdir 

qarindosh-urug‘larinikiga yana kimdir ota-onasi oldiga borib, bayram munosabati bilan ularni 

qutlab, ko‘ngillarini ko‘taradilar. Ko‘cha-kuyda turli o‘yin-kulgi tomoshalar, turli xil xalq 

o‘yinlari o‘tkaziladi. 

Islom dini marosimlari asosan 2 guruhga bo‘linadi: 1. Hursandchilik ko‘rinishidagi 

marosimlar. 2. G‘amginlik ko‘rinishidagi marosimlar. Avvalo shuni ta’kidlash lozimki, kundalik 

turmushda urf-odat va marosim tushunchalari bir-biri bilan aynan bir tushunchalardek tuyulsada, 

lekin ular o‘rtasidagi hayotiy farqlar mavjud hamda asosiy tafovut shundaki urf-odat hayotiy 

voqealarga to‘laligicha singib ketgan. Masalan: salom berish — kun tartibiga aylangan. Marosim 

esa ma’lum bir voqea tarzida nishonlanadi. Masalan: To‘ylarda yor-yor aytish kabi. Marosim ham 

turli dinlarda har xil bo‘ladi. U tarixiy davrga xosdir. Islom dinidagi marosimlar orasida ham sof 

diniy, umuminsoniy va ibtidoiy marosimlar bor.

Islomning boshqa dinlardan keskin farqi unda g‘oyat ko‘p marosimlar mavjudligi bo‘lib, 

marosimlar asrlar bo‘yi xalq ommasi hayotiga keng singib ketgan, barchani o‘z ta’siriga olgan, 

jamotchilik fikri va ijtimoiy psixologiyaga ta’sir qilib, turmush tarzi belgilangan, tartib-intizomga 

solib, odamlarni jamoaviylik, hamkorlikka o‘rgatgan, ulardan ma’lum darajada vaqt va sarf-

harajat sarflashni talab etgan, musulmonlarning dunyoqarashi va iymon-e’tiqodini kengaytirib 

borgan. Islom marosimlari muayyan demokratik harakterga ega, ya’ni ularga rioya qilishda 

jamiyatdagi turli tabaqa, sinf va guruh, boylaru kambag‘allar birdek huquqqa va majburiyatga 

egalar, ammo imkoniyatlar darajasi turlicha. 

Marosimlar: 

1. Islom marosimlari o‘z mazmuni va mohiyatiga ko‘ra umumbashariy, umummilliy, oilaviy turli 

mazhab va yo‘nalishga xos bo‘lib, yuqorida ta’kidlanganidek shodiyona yoki marsiyaviy 

harakterda bo‘ladi. 

2. Islom marosimlari majburiy, majburiy bo‘lmagan guruhlarga ajraladi: 

A) majburiy, ya’ni «farz» hisoblangan marosimlarga kalimai shahodat keltirish, namoz o‘qish, 

ro‘za tutish, zakot to‘lash, hajga borishlar kirib, ular rukn hisoblanadi va arkoni-din deyiladi; 

B) majburiy bo‘lmagan marosimlar «sunnat» deyiladi, ularga nikoxdan o‘tish, o‘g‘il bolalarni 

sunnat qildirish (qo‘lini halollash), qurbonlik, mavlud, ashurlik, xatmi-qur’on, vafot etganlarni 

eslash uchun uch, yetti, yigirma, qirq, yil muddatlarini o‘tkazish va h.k. 

Aqiqa (arabcha – “chaqaloq sochini olish, qurbonlik so‘yish” – musulmon oilalarida yangi 

tug‘ilgan bolaga ism qo‘yish va “qorin sochi” (bolaning tug‘ilgandagi sochi)ga qaychi urish bilan

bog‘liq odat. Johiliyat davridagi turli ma’bud va ma’budalarga atab qilishadigan qurbonliklar 

o‘rniga musulmon oilasida farzand tug‘ilganligining shukronasi sifatida bir qo‘y so‘yib 

(imkoniyatga qarab) Aqiqa marosimini o‘tkazishlik joriy etilgan. So‘yiladigan qo‘y sog‘lom, 

nuqsonsiz bo‘lishi lozim. Islom an’anasida Aqiqani chaqaloq tug‘ilgan kunning 7 yoki 14 yoxud 

21 kunlari o‘tkazish tavsiya etiladi. 

Xulosa qilib aytganda, islom dini urf-odatlari, marosimlarida eng avvalo, mehr-oqibat, 

saxovat, rahm-shafqat, insof-diyonat, adolat g‘oyalari ustuvorlik qilgan. Odamlarni yaqinlarini 

e’zozlashga, o‘zgalarni hurmat qilishga da’vat etgan. Ayniqsa nochor, mehr-shafqatga muhtoj, 

g‘arib kimsalar xolidan xabar olish, ularni yakkalab qo‘ymaslikka, kamsitilishiga yo‘l 

qo‘ymaslikka harakat qilingan. Xaromdan xazar qilishga chaqirilgan. Manmanlik, isrofgarchilik 

qattiq qoralangan. Ana shu xususiyatlarning o‘zi shaxsda ijobiy dunyoqarash va teran tafakkurning 

shakllanishi uchun eng oliy namunalardir.

Diniy madaniy an’analarning ahamiyati va ularning o‘zaro ta’siri. Xalqimizning ko‘p asrlik 

tarixi shundan guvohlik beradiki, bizda diniylik va dunyoviylik, milliylik va umuminsoniylik 

hamisha yonma-yon mavjud bo‘lgan, ular bir-birini to‘ldirgan, bir-birini boyitgan. Shu boisdan 

qadimiy va go‘zal diyorimiz nafaqat Sharq, balki jahon sivilizatsiyasi beshiklaridan biri 

bo‘lgan. Bu tabarruk zamindan ne-ne buyuk zotlar, olimu ulamolar yetishib chiqqan, 

umumbashariy sivilizatsiya va madaniyatning uzviy qismiga aylanib ketgan dunyoviy va diniy

ilmlarning, ayniqsa, islom dini bilan bog‘liq bilimlarning tarixan eng yuqori bosqichga 

ko‘tarilishida beqiyos hissa qo‘shganlar.Shunday ekan ulug‘ ajdodlarimiz merosida aks etgan

diniy va dunyoviy bilimlar majmuiga teng ko‘z bilan qarashimiz, ularni uyg‘unlikda olib 

o‘zlashtirishimiz lozim, faqat shundagina ma’naviy mukammallikka erishish mumkin bo‘ladi. 

Bunday noyob va bebaho boylikni har tomonlama chuqur o‘rganish, uning ma’no-mazmunini 

anglab yetish barchamiz uchun ham qarz, ham farz bo‘lishi shart. 

Diniy ta’limotlar, diniy g‘oya, diniy qadriyatlar hayot tarzi sifatida jahon xalqlari 

hayotida muhim o‘rin tutadi. Din va diniy e’tiqod insonning ruhiy ehtiyojlarini qondirsa, ilm, fan, 

kashfiyotlar odamlarning ijtimoiy-iqtisodiy ehtiyojlarini qondirishga qaratilgan.

O‘zbekiston qadimdan ko‘p konfessiyali hududlardan hisoblansa-da aksariyat xalq islom

diniga e’tiqod qilib kelgan. Islom dini mintaqamiz xalqlari hayotiga kirib kelishi, uning 

qadriyatlari odamlar ongi va shuuri, turmush tarzidan o‘rin olishi bilan shaxs ma’naviyatining

shakllanishi va yuksalishida yangi bosqichni boshlab berdi. Chunki “...din o‘z mazmun-

mohiyati bilan azaldan jamiyat taraqqiyotiga, kishilarning tafakkuri va ma’naviyatiga, shu

jamiyatga xolisona xizmat qiladigan ma’naviy komil insonlarni tarbiyalashdek sharafli ishga

xizmat qilib kelgan”

1

. Haqiqatdan ham, islom dinining xalqimiz ma’naviyati va madaniyati



rivojiga katta hissa qo‘shib kelayotganligini ko‘pchilik tadqiqotchilar e’tirof etmoqdalar.

Qur’oni karim va hadisi sharifga suyangan holda mahalliy xalqlarning o‘z milliy

madaniyati, urf-odatlari va marosimlarini bajarishi (ayniqsa, hanafiya mazhabida)

taqiqlanmagan. Bunda islomiy qadriyatlar bilan milliy qadriyatlar yonma-yon yashagan, hattoki, 

ayrim hollarda uyg‘unlashib ham ketgan.

Bizning hududimizda islomdan tashqari boshqa dinlar (zardushtiylik, buddaviylik, 

xristianlik) ham mavjud bo‘lib, ularning din sifatida faoliyat ko‘rsatishi, qadriyatlariga amal

qilish islom tarqalgandan keyingi asrlarda ham davom etgan. 

Allohdan tinchlik va salomatlik, ezgulik istab muomalaga kirishamiz. Shunday ekan,

yurt osoyishtaligi, insonlararo ahillik va murosa, o‘zgani tushunishga intilish, Alloh yaratgan

barcha mavjudotga samimiy mehr ko‘zi bilan yondoshuv - haqiqiy islomiy qadriyatlardandir

va bugun biz mustaqillik ma’naviyatini, diniy madanitimizni ushbu asos nuqtalarga tayanib 

shakllantirmoqdamiz. Agar biz adolatli davlat, erkin jamiyatni qurmoqchi bo‘lsak, bu oliyjanob 

maqsadni amalga oshirish yo‘llari ming yillik diniy aqidalar bilan mushtarak ekanligini yodda

tutishimiz lozim. 

Bugun ham ulug‘ ajdodlarimiz yaratgan ulkan va qutlug‘ ma’naviy (ilmiy, badiiy,

falsafiy) meros, ularning ibratli hayotlari, muqaddas dinimiz, qadriyatlarimizda ifodalangan

buyuk va boqiy haqiqatlar, yuksak tuyg‘ularga tayanishimiz, ularning hayot yo‘llaridan ibrat 

olishimiz zarurdir. 

Mustaqillik tufayli yurtimizda insoniyatni bag‘rikenglik, poklik va mehr-oqibatga

chorlovchi muqaddas dinimizni asrab-avaylashga, yosh avlodni xalqimizning milliy va diniy

qadriyatlariga hurmat-ehtirom ruhida tarbiyalashga alohida e’tibor qaratilayotir. Diniy ta’lim

tizimini takomillashtirish, puxta bilimga ega, sog‘lom fikrli mutaxassislarni tayyorlash doimiy 

e’tiborda. Darhaqiqat, biz o‘z millatimizni mana shu muqaddas dindan ayro holda aslo tasavvur

qila olmaymiz. Diniy qadriyatlar, islomiy tushunchalar hayotimizga shu qadar singib ketganki,

ularsiz biz o‘zligimizni yo‘qotamiz. 

1

Uvatov U. Iymon nuri. – T.: ―Yozuvchi



‖, 1996. 4-bet 

Demokratik taraqqiyot va fuqarolik jamiyati qurish yo‘lidan borayotgan O‘zbekistondagi 

ma’naviy hayotni tashkil etuvchi, uni birlashtirib turuvchi o‘zak o‘q – diniylik va dunyoviylik 

o‘rtasidagi muvozanatga asoslanadi. O‘zbekistonda huquqiy demokratik davlat qurish vazifasida

din ma’naviyatning tarkibiy qismi sifatida barcha milliy qadriyatlar qatorida teng huquqli

qadriyat hisoblanadi. Tarixga nazar tashlasak, sobiq Ittifoq davrida har qanday dinga va diniy 

e’tiqodga qarshi kurashilgan bo‘lsa, mustaqillik yillarida haqiqiy vijdon erkinligi o‘rnatilib,

barcha diniy tashkilotlarga, dindorlar va ularning urf-odat, marosimlarni ado etishlariga keng

imkoniyatlar yaratib berildi. Davlatimiz tomonidan diniy tashkilotlarga ko‘pgina shart-

sharoitlar yaratilib, jamiyat taraqqiyotining turli jabhalarida ularning faol qatnashishlari

qo‘llab-quvvatlanmoqda. Bu borada hukumatimiz tomonidan olib borilayotgan siyosat bugungi 

kunda har tomonlama o‘zini oqlamoqda. 

Aytish mumkinki: birinchidan, Markaziy Osiyoda islom dini e’tiqod sifatida kirib

kelgan dastlabki davrlardan boshlab tashkil etilgan maktab, madrasa va diniy ta’lim muasasalari

diniy maqsadda tuzilgan bo‘lishiga qaramay, jamiyat ma’naviy madaniyatining tarkibiy qismi 

sifatida dunyoviy bilimlarning rivojlanishiga ham yo‘l ochgan. Binobarin, O‘rta asrlarda

shakllanib, ijod etgan savodli kishi, olim, shoir, ma’rifatparvar mutafakkirlarning hayoti va

faoliyatida islomning katta ijobiy roli bo‘lgan; ikkinchidan, islom O‘rta Osiyo xalqlari turmush 

tarziga, shaxs ma’naviyati va madaniyatiga o‘z ta’sirini ko‘rsatgan.

Har qanday diniy e’tiqod kabi islom ham barcha davrlarda, shu jumladan, dahriylik keng 

targ‘ib etilgan sho‘ro tuzumi zamonida ham, ijtimoiy munosabatlar va ma’naviy-ruhiy hayotga o‘z 

ta’sirini o‘tkazib turgan muhim omillardan biri bo‘lib qolaverdi. Ijtimoiy munosabatlar va 

ma’naviy-ruhiy hayotning uyg‘unligi esa, har qanday jamiyatning ichki siyosiy barqarorligini 

belgilovchi asosiy omillardan ekani sir emas. Shu nuqtai nazardan qaraganda, din va siyosat 

o‘rtasidagi muayyan bog‘liqlikni inkor etib bo‘lmaydi. Buning sababi esa islomning xalqimiz ongu 

shuuri va mentalitetiga shu qadar singib ketganidadir. Uni hech qanday kuch, hech qanday 

tashviqot bilan chiqarib bo‘lmaydi. 

Bundan kelib chiqadigan mantiqiy xulosa shuki, islom dini va musulmonchilik degan 

tushuncha bizning mintaqamiz uchun faqat o‘tmish yoki bugunning tajribasigina bo‘lib 

qolmasdan, u kelajak voqeligi hamdir. Islomning jamiyat hayotidagi roli tom ma’nodagi 

hurfikrlilik qaror topayotgan mustaqillik davrida o‘zini yanada yaqqolroq namoyon etayotgani 

ham shunday xulosa chiqarishga asos bo‘ladi. 

Hoh dunyoviy, hoh diniy ilm yo‘lida zahmat chekkanlar esa jisman yo‘q bo‘lsalar ham 

ma’nan tirikdirlar. Bunga Imom Buxoriy va Muso Xorazmiy, Imom Moturidiy va Abu Nasr 

Forobiy, Imom Marg‘inoniy va Ibn Sino, Imom Termiziy va Beruniy, Imom Zamahshariy va 

Ahmad Farg‘oniy, Hoja Ahror Valiy va Ulug‘bek va boshqalar yaqqol misol bo‘ladilar. Bu buyuk 

zotlar yaratgan asarlar insonlarning hayot yo‘lini asrlar osha nurafshon etib kelmoqda. Ular meros 

qilib qoldirgan asarlarni o‘qib-o‘rganib kishilar ma’nan oziqlanib har on va har lahzada ularni 

eslab turadilar. Ularga bo‘lgan muhabbat insonlar qalbida abadiy yashab kelmoqda 

Nazorat ishi: 

1.Sizning dunyoqarashingizda diniy e’tiqodlar qanchalik ahamiyatga ega?

2.Siz qanday diniy urf-odat va an’analarga amal qilasiz? 

3.Mustaqil O‘zbekistonning eng mashhur diniy ulamo vakillarini ko‘rsating?

4.Dinning axloqiy funksiyalari nimalardan iborat? 



http://fayllar.org
Download 114.54 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling