Reja: O`zbek elatining tarkib toppish bosqichlari va uning xalq sifatida shakllanishi
Download 42.95 Kb.
|
o`zbek xalqi etnogenez va etnik tarix mustaqil Unarbayeva Gulnoza 302
- Bu sahifa navigatsiya:
- Bu farazni dastlab 1988 yilda yozilgan
- Bu farazni ikkinchi bo`lib
- Uchinchi bo`lib
- To`rtinchi bo`lib
- Yuqorida aytilgan fikr-muloxazalardan kelib chiqib, o`zbek xalqining tarkib topishi va uning millat maqomini olish jarayoni haqida, tezis tarzida quyidagi xulosalarga kelish mumkin
O`zbek atamasi va uning kelib chiqish tarixi Reja: O`zbek elatining tarkib toppish bosqichlari va uning xalq sifatida shakllanishi O`zbek xalqi antropologik tipi dastlab tarkib topgan makon va uning tarqalish geografiyasi G`arbiy Turk xoqonligi va uning o`zbek xalqi etnogenezida tutgan o`rni O`zbek xalqining kelib chiqish tarixi aks etgan ilmiy adabiyotlar tahlili G`arb olimlaridan bo`lmish Allen J. Frank va Peter B. Golden «o`zbek» atamasi Turkiston kengliklarida Oltin O`rda xoni O`zbekxondan anchagina oldin paydo bo`lgan deb ta`kidlashsa, boshqa bir guruh (P.P.Ivanov. A.Yu.Yakubovskiy, X.Hukhem) bu atamani O`zbekxon (yashagan yillari: 1283-1341, taxtda o`tirgan yillari: 1213-1241) nomi tufayli paydo bo`lgan deb da`vo qilishadi. Ba`zi olimlar esa, masalan, M.Ermatov «o`zbek» so`zining paydo bo`lishini turkiy qabilalardan bo`lmish uz(o`z)lar bilan bog`laydi. Ammo, ma`lumki Oltin O`rda xoni O`zbekdan avval ham bu atama mavjud bo`lgan. Masalan, XII asrda yashagan muarrix Usama ibn Munqiz “Kitab al-I`tibar” asarida Mosul amirining ismi O`zbek edi deb qayd etadi. Mashhur muarrix Rashdiddin Fazlulloh al-Hamadoniy ham o`zining “Jome at-Tavorih” asarida ilgezidiylar sulolasiga tegishli Tabriz hokimining ismi O`zbek Muzaffar deb ma`lumot beradi. Jaloliddin Xorazmshoh qo`shinboshliqlaridan birining ismi ham Jahon Pahlavon O`zbek bo`lgani ma`lum. Bu ma`lumotlarni keltirishimdan maqsad shunda-ki, bugungi kunda «o`zbek» etnonimi xususida yozilgan ilmiy maqola-yu manba`larda aksariyat bu atamani bepoyon Dashti Qipchokda ko`chmanchilik qilgan turk-mo`g`ul urug`larining ayrim qismi o`zlarini erkin, hech kimga bo`ysunmagan deb bilganlari sababli «o`zbek», ya`ni «o`ziga bek» deb atagan deb da`vo qilinsa, yana bir guruh olimlar Oltin O`rda xoni O`zbekxon (1312-1340) nomidan kelib chiqqan deb yozishlari asossiz ekanligini va bu ism juda qadimdan mavjud ekanini, demak, «o`zbek» ildizini ham olisdan izlash lozimligini uqtirib o`tishdan iborat. Men «o`zbek» atamasining kelib chiqishi muammosiga yoshlik chog`larimdan qiziqqanman. Hozir bu haqda batafsil to`xtalib o`tirmoqchi emasman. Mavridi kelganda bu masala aks etgan tarixiy-badiiy asarlarimdagi fikrlarimni jamlab sizga etkazishga urinib ko`rarman. Bu masalani hal qilish, «o`zbek» atamasining paydo bo`lishiga aniqlik kiritish oson emasligini yana bir ta`kidlayman. Tarixchi olim Bo`riboy Ahmedov «Tarixdan saboqlar» kitobida (Toshkent, «O`qituvchi», 1994, 196-bet) juda to`g`ri qayd etganidek, bu «masala shu qadar mushkul, jiddiy va nozikki, uni ilmiy jihatdan tahlil etish bir kishi qiladigan ish emas. Buning uchun arab, fors, xitoy va boshqa tillarda yozilgan manbalarni bemalol o`qiy oladigan tarixchi, etuk arxeolog va antropolog, yaxshi tilshunos olim, qadimiy xalqlar haqida ularning turish-turmushi, dini, e`tiqodi va boshqa belgilariga qarab ilmiy xulosa chiqara oladigan etnograf, klassik jug`rofiya ilmini, ayniqsa, toponimikani yaxshi bilgan jug`rof, xalq og`zaki ijodini mukammal bilgan folklorchi olimlarning birgalikda, boshqa yumushlarni yig`ishtirib qo`yib, ilmiy tadqiqot ishlari bilan muntazam shug`ullanishi talab qilinadi». Hozircha esa “o`zbek” atamasining kelib chiqishi bilan bog`liq bir farazning to`rt kishi tomonidan aytilishi haqidagi ma`lumotni sizning e`tiboringizga havola qilmoqchiman, xolos. Bu farazni dastlab 1988 yilda yozilgan, avvalan “Sharq yulduzi” jurnalida bosilgan, keyinchalik 1991 yilda nashr etilgan “Samarqand xayoli” kitobimning turkiylarning kelib chiqishi bilan bog`liq mulohazalar davomida yozib o`tgan ekanman (Xurshid Davron. Samarqand xayoli. Toshkent, 232-236 betlar). O`sha mulohazalarimdan parchalarni ayrim tahrirlar bilan keltiraman: “Aksariyat qismi o`z ajdodlari tarixidan bexabar zamondoshlarimiz ushbu tarixiy esse-qissani o`qish davomida “turkiylar”, “turklar”, “o`zbeklar” atamalari ustida chalg`ishlarini istamay, o`sha tarixiy davrdagi sharoitni hisoblab, bu atamalarga izoh berishni ma`qul ko`rdim. …Shuni qayd qilish lozimki, o`tgan asrlarda ko`hna Sharq tarixini o`rganish bilan asosan ovrupolik olimlar ko`proq shug`ullanishdi. Bu eng avvalo qaddini tiklab olgan Ovrupo o`zining och nazarini Osiyo qit`asi mulklariga tikishi bilan, faqat shundan keyingina ilm-fan fidoyilarining o`rganishga tashnaligi bilan izohlanadi. Shu sababdan, Sharq tarixini asosan ovrupoliklar tadqiq qilgani uchun bu qadimiy hududda yashab o`tgan xalqlar, elatlarning nomi ma`nosi, kelib chiqishi asosan Ovrupo (eroniy) tillari nuqtai-nazaridan chiqib o`rganilgan. O`sha davrda turkiy tillarni o`rganish sust bo`lgani sababli, bu tillarga deyarli murojaat qilinmagan. Buning oqibatida bir tomonlama fikrlar paydo bo`ldi. Shu sababdan ham juda ko`p ovrupolik tilchilar O`rta Osiyoda yashagan qadimiy xalqlar, elatlar sharqiy eron tillari guruhiga mansub Sug`d va Xorazm tillarida gaplashganlar deganlari gumonlidir. Saklar va massagetlar Orolbo`yi, Ettisuv, Tangritog` (Tyan-Shan) va Oltoy etaklarida yashagan turkiy tilli xunlar, senbiylar, uyg`urlar bilan yonma-yon yashaganini hisobga olib, N.Aristov, G.Grumm-Grjimaylo, A.Kononov, S.Malov Pelko, A.Gaben kabi tadqiqotchilar bu ko`chmanchi xalqlarning eron tilli guruhga kirishiga shubha bilan qaraydilar. Yunon muarrixi Herodotning “Tarix” asarini tarjima qilgan I.Pyanov: “Massagetlar deganda faqat turkiylarni nazarda tutish kerak”, — deb yozadi. …Endi vohalarda yashovchi xalqlarga nazarimizni qarataylik. Nazarimiz ularning hammasini qamrab ololmasligi tufayli, faqat asrlar osha Amir Temur saltanatining markaziga asos bo`lgan voha – qadimiy Sug`d mulkida yashagan xalqqa e`tibor beraylik. Sug`d mulkini arablar tomonidan bosib olish voqealarini bayon qilgan muarrix at-Tabariy, Sug`d hokimlari va lashkarboshilari turklar edi, deb ma`lumot beradi. Qadimiy Sug`d madaniyat o`choqlaridan biri – Panjakentda topilgan sug`diy tangachalarga zarb qilingan so`zlarni o`rgangan tadqiqotchi O.I.Smirnova, sug`dliklar turk tilida so`zlashganlar, degan xulosaga keladi. Olimaning bu xulosaga kelishiga Sug`d tangachalarida zarblangan “jabg`u” so`zi bo`lib, bu so`z fonetik va morfologik tuzilishiga ko`ra turkiychadir. “Devonul lug`atit-turk”da izohlanishicha, “yabg`u”, “yafg`u” so`zi “xondan ikki daraja past bo`lgan mansab yoki mansabdor” ma`nosini bildiradi. Bu qadimiy etnik guruhlar orasida boxtarliklar (baqtriyaliklar) bilan sug`diylar juda yuksak madaniyat egalari bo`lgani ko`hna Yunon, Rum, Eron, Xitoy, Hind va arab manba`laridan ma`lum. Ikki daryo oralig`ida yashagan turkiy xalqlarning shakllanishiga xizmat qilgan jarayonga bu hududga meloddan avvalgi III-II asrlarda ko`chib kelgan kushonlar yoki qadimiy Xitoy manba`lariga ko`ra “yuechjilar”, meloddan avvalgi II asrdan to melodiy IV asr davomida bu o`lkani harbiy yo`l bilan egallagan xunlar, melodiy V-VI asrlarda eftalitlar (hoytaliylar) tomonidan asos solindi. Ularning hammasi turkiy guruhga mansub bo`lib, ular tarixda kushonlar va eftalitlar (hoytaliylar) davlati deb nom qoldirgani davlatlarni tashkil etganlar. …Biz hikoya qilayotgan davrga kelib, bir zamonlar turlicha nomlar bilan atalgan urug`lar zamirida turk deb atalgan (bugun Turkiya turklari debgina tushunmaslik uchun turkiylar deb qabul qilingan) yagona xalq, yagona ulus allaqachonlar shakllanib ulgurgan edi. Bu xalq shakllanishi qachon tugagan edi, degan so`roqqa esa olimlar turlicha javob berishadi. Ba`zilar bu jarayon mo`g`ul bosqini arafasida, ya`ni XII asr oxiriga kelib, ikki daryo oralig`ida bunyod bo`lgan yirik davlatlar tuzilishi bilan yakunlandi desa, ba`zilar bu shakllanish IX-X asrlarda – Qoraxitoy davlati tuzilganda, boshqalar XI-XII asrda – Qoraxitoylar bilan Xorazmshohlar hukmronligi oralig`ida, ayrimlar esa XV-XVI asrda tugagan deb ko`rsatadilar. Yana ba`zilar bu jarayon XI-XIV asrlar orasida ro`y bergan deb ta`kidlaydilar. Ammo biz bu jarayon XII asr oxirida, mo`g`ul bosqini arafasida, Xorazmshohlar davlati davrida ro`y berdi deb hisoblaymiz. Bosqindan so`ng bu hududda o`rnashgan mo`g`ullar ham ko`p vaqt o`tmay, mana shu shakllanib ulgurgan turkiylar tarkibiga singib ketdilar. Zero, mo`g`ul qo`shinining asosini ham turkiy urug`lar tashkil etgani uchun bu jarayoyon juda oson kechadi. Shu o`rinda mo`g`ul bosqinidan so`ng Amir Temurning parokanda o`lkani yagona hokimiyatga bo`ysundirishi bilan bog`liq faoliyati mahalliy xalq birligini kuchaytirishga birlamchi asos bo`lganini unutmasligimiz kerak. Bu paytga kelib davlat hujjatlarini yagona turkiy tilda yozish rasmiy tus oldi. Bobur mirzo yashagan davrga kelib, “turkiylar” deganda Amudaryoning janubiy qirg`og`i tevaragida, ikki daryo oralig`ida, Dashti Qipchoqning janubida yashovchi mahalliy aholining asosiy qismi anglanardi. Bobur mirzo va boshqa temuriylar shu xalqqa mansub edilar. O`sha davrdagi o`zbeklar esa mo`g`ullar bosqinidan so`ng Dashti Qipchoq va Oltin O`rdada yashagan turkiy urug`laridan iborat birlashma edi. Ularning nomini ko`pchilik tadqiqotchilar Oltin O`rda xoni O`zbek (1312-1342) nomi bilan bog`lashadi. Bu albatta, g`irt asossiz bir gapdir. Xo`sh, ”o`zbek” so`zining etimologiyasi, «o`zbek» atamasi qachon va qanday paydo bo`lgan. Bu haqda turlicha qarashlar mavjud. Mening o`ylashimcha, bu atama qadimiy ajdodimiz O`g`izxon nomi bilan bo`g`liq bo`lib, «O`g`izbek» so`zining «o`zbek» bo`lib ketgan shakli bo`lsa ajabmas. Nima bo`lgandayam, «o`zbek» atamasi juda qadimiy davrlarga borib taqaladi. Miloddan oldingi XII asrga taaluqli Ash-Shira (Assiriya) bitiklari (O`rta) Osiyoning bepoyon dashtlaridan bostirib kirgan skiflar (iskitlar) bosqini haqida xabar berar ekan, bu jangovar ko`chmanchi qabilalar nomini ishgauz, ularning boshlig`ining ismini Ispak deb ma`lum qiladi. Turkiy xalqlar tarixi bilan juda yaxshi tanish bo`lgan odam “ishgauz” degan nom aslida “o`g`iz” nomi bilan bog`liqligini, bu nom «icho`g`iz» ekanini tezda payqaydi. Ma`lumki, yigirma to`rt urug`dan iborat bu turkiy qabila (uyushma) ikki yirik guruhdan iborat bo`lib, biri «icho`g`iz» («ichki o`g`iz», ikkinchisi «tasho`g`iz» (tashqi o`g`iz) deb nomlangan. «Icho`g`iz» nomining As-Shira bitiklaridagi “ishgauz” so`ziga naqadar o`xshashiga e`tibor bergan bo`lsangiz kerak. O`sha qadimiy bitiklaridagi Ispak so`ziga kelsak, ash-shiraliklar bosqinchilarning o`zlariga begona, noma`lum ismlarini buzib yozishlari tabiiy. Aslida esa skiflar boshlig`ining ismi O`g`izbek yoki shu ismning qisqargan shakli – “O`zbek” («O`zbak») bo`lganiga shubha yo`q (qolaversa, yon-atrofdagi boshqa xalqlar ham o`zbeklarni «ozbak” deb atashini e`tiborga olsak, bu fikrimiz qat`iylashadi). Tarixda bunday buzilishlar juda ko`p uchraydi. Ajdodlarimiz – saklar, massagetlar va ularga mansub qahramonlar nomi yunon muarrixlari asarlari orqali buzilib etib kelgan. Bu ismlarning aslida qandayligini bilmaymiz. Qolaversa, muarrix notanish tilda ishlatgan ismlarning ba`zan naqadar buzilishini juda yaqin o`tmishimizdan misol bilan isbotlamoqchiman. Xorazmlik buyuk muarrix Bayoniy ruslarning Xiva shahrini bosib olish bilan bog`liq voqealar bayonida Chor Rossiyasi qo`shini boshliqlarining nomlarini, jumladan Kulachov, Verufkin nomlarini tilga oladi. Bu nomlar ruscha bo`lib, aslida Golovachyov, Veryovkin bo`lgan. Xuddi shu buzilish oqibatida “O`zbek” (O`zbak”) Ash-Shira bitiklarida “Ispak” bo`lib ketganiga aminman. Bu farazni ikkinchi bo`lib, ustoz Asqad Muxtor dastlab “Tafakkur” jurnalida qisman “Tundaliklar” sarlavhasi bilan bosilgan, keyinchalik 2005 yilda nashr etilgan “Uyqu qochganda” kitobidagi qaydlarning birida quyidagicha bayon etadi: «O`zbek xalqining nomini O`zbekxon nomi bilan bog`lashadi. «O`zbekxon» o`zi qaerdan kelib chiqqan? Menimcha, bu so`zning (demak, xalq nomining ham) tarixi juda uzoq. 721 yilda turkiy qabilalarning qurultoyi bo`lgan. Shunda Bilga hoqon o`z nutqini bunday so`zlar bilan boshlaydi:» Ey, turk o`g`iz beklari!» «O`g`iz» u vaqtda «qabila» ma`nosida ishlatilgan. Demak, «O`g`iz begi» — qabila boshlig`i degan so`z. O`g`iz beklari zamonida elning ancha imtiyozli bir qatlami bo`lgan. O`zbeklar turkiylarning ana shu qatlamiga mansub tabaqadan kelib chiqqan, degan farazim bor.»
«O`zbek etnogenezi kabi «o`zbek» etnonimi zamirida ham «o`g`uz» so`zi yotgan bo`lishi haqiqatga ko`proq mos keladi. Bu farazni shu bilan ham dalillash mumkinki, Vizantiya solnomalarida kunchiqar tomondan quyundek bosib borgan turkiy o`g`uzlar nomi qisqartirilib «g`uz», «uz» tarzida kayd etilgan. Ya`ni, «uz» — «o`g`uz» so`zining shunchaki ixchamlashgan shakli, xolos. Bu kalom yana bir sof turkiy So`z — «bek» bilan qo`shilib, yangi — «o`zbek» atamasini hosil qilgan ((maqolani to`liq holda mana bu sahifada o`qing)». To`rtinchi bo`lib bu faraz xususida taniqli adib Tohir Malik o`z veb-sahifasida quyidagicha mulohaza bildiradi: “O`zbek» atamasi haqida turli fikrlar mavjud. Tarixchi olimlarimiz ta`biricha: «o`zbek” – o`ziga o`zi bek” degani. Yana boshqa ta`birda o`zbek tarixini O`zbekxondan boshlashadi. Bu ikki fikrda ham mantiqiy asos yo`q. Avvalo, er yuzida yashayotgan kattami-kichikmi har bir xalq o`ziga o`zi bek, boshqaga tobe bo`lishni istamaydi. Ikkinchidan, agar tarix O`zbekxondan boshlansa, bu xonga “O`zbek” deb kim ism bergan? Bu ism osmondan olinmagandir. Demak, bu nom, bu atama avval ham bo`lgan. Men tarixchi emasman, olimlikka ham da`voim yo`q. Biroq, bu xususda qat`iy fikrimga egaman. “Qirg`iz” – qir o`g`uzi, «Gagauz» – ko`k o`g`uz demakdir. Turkiy xalqlarning bobosi O`g`uzxon bo`lganlar. Bu haqda qadim tarix kitoblarida etarli ma`lumotlar bor. Ayni O`g`uzxon davrlarida qavmlarga (oilalarga) nom berilgan: uyg`ur, qorliq, qibchoq, qang`li…(bu tarixga qiziqqanlar Mirzo Ulug`bekning “To`rt ulus tarixi” asaridan bahramand bo`lsalar durust). Bizningcha «o`zbek” – O`g`uz begi demakdir. Ya`ni O`g`uzxon saroyiga yaqin oila shunday atalgan. Bu hol Evropada ham bo`lgan. Masalan, Rossiyada «dvoryanin” degan tabaqa bo`lgan, ya`ni “prilijennio`y k tsarstvennomu dvoru” – podsho saroyiga yaqin bo`lgan kishi. Yana Evropada lord, gersog, baron… kabi tabaqalar borki, barchasi hukmdorga qanchalik yaqinlikni ajratib turadi. O`g`uz beklari ham saroyga shunday yaqin bo`lganlar. Tarixchi olimlarimiz o`zlarining Yakubovskiy, Bartolt, Bertels kabi ustozlarining aytganlarini mahkam ushlab olmasdan asl manba`larni o`rganib, tahlil qilib fikr yurutsalar durust bo`lardi. Bizning tariximizni o`rganib, kitob yozganlari uchun u zotlardan minnatdormiz. Biroq bu borada bir haqiqat mavjud: bir millat tarixini o`rganib baho berayotgan boshqa millat vakilining bayon etilgan fikrida albatta o`z millati manfaati yotadi. Ana shu manfaat xolislik yo`lini to`sadi.» O`zbek xalqining etnik shakllanishi. Xalq - bu odamlar jamoasi boʻlib, ularning tili, madaniyati, sanʼati, dini boshqa jihatlarini birgalikda aks ettiradi. Xalq tushunchasi keng boʻlib jihatlari bilan birlashtiriladigan odamlar yigʻindisiga aytiladi.O`zbek xalqining alohida etnik jamoa (elat) bo`lib shakllanish (etnogenez) jarayonini o`rganish tarix fani oldida turgan muxim va dolzarb masalalardan biri hisoblanadi.Aholi - Yer yuzida yoki uning muayyan hududi, qitʼa, mamlakat, tuman, shaharida istiqomat qiluvchi odam (inson) lar majmui. Aholini tadqiq etish bilan maxsus fan - Demografiya shugʻullanadi.aholi oʻrtasida sodir boʻlayotgan jarayonlar biologik, geografik, ijtimoiy-iqtisodiy omillar taʼsirining natijasidir. Bu masala anchadan buyon tarixchi olimlarning diqqat markazida bo`lib kelgan. O`zbek xalqi o`z mustaqilligiga erishgach bu muammoga qiziqish yana xam kuchaydi. Keyingi yillarda chiqqan ilmiy monografiyalarda, maqolalarda va risolalarda o`zbek xalqining kelib chiqishi (etnogenezi) xaqida bir qancha teran fikrlar aytilgan. Lekin, ayrim e`lon qilingan ishlarda ba`zi xatoliklarga, noaniqliklarga ham yo`l qo`yilgan. Bu xatoliklar ko`pincha mualliflarning etnos nazariyasiga e`tibor bermasliklari tufayli sodir bo`lgan, albatta. Xalqning (Etnosning) kelib chiqishini, uning ilk ajdodlarini aniq bir jamoa (elat) bo`lib shakllanish jarayonini ilmiy asosda o`rganish uchun avvalo «etnogenez» va etnik tarix iboralarini to`g`ri tushunib, ular xaqida aniq tasavvurga ega bo`lish kerak. Etnik tarix—ma`lum bir xalqning ilk ajdodlaridan boshlanib, elat shakllanishini, uni taraqqiy etish bosqichlarini va elatning yemirilish yoki rivojlanib, millat darajasiga yetishish davrini o`z ichiga oladi. Etnogenez (etnos-yunon tilida xalq, genez-hosil bo`lish, kelib chiqish) bu yangidan tashkil topgan etnik jamoaning kelib chiqish jarayoni. Ilgaridan mavjud bo`lgan bir necha etnik komponentlarni o`zaro yaqinlashuvi, ularning bir-biriga qushilib, birgalikda taraqqiy etib borishi hamda shakllanib borayotgan etnosga boshqa yerdan ko`chib kelib qo`shilgan komponentlarning mahalliy aholiga qo`shilishi, unga aralashib borishi natijasida vujudga keladi. Demak, shakllanadigan yangi etnosga ma`lum hududda yashagan xalqlar yoki etnik guruhlardan tashqari, boshqa hududlardan kelgan etnik, antropologik va madaniy jihatdan bir xilda bo`lmagan etnoslarning yoki etnik guruhlarning aralashib, qorishib ketishidan ham elat vujudga kelishi mumkin.Yangi etnosning vujudga kelishi bir necha etnik guruhlar yetakchi etnos atrofiga jipslashishidan boshlanadi. Yetakchi etnos mahalliy xalqlar uyushmasi yoki boshqa yerdan kelib o`rnashib qolgan etnik guruh xam bo`lishi mumkin. Yetakchi etnos boshqarayotgan uyushmaga kirgan etnik guruhlar ma`lum vaqt ichida tili, moddiy madaniyati, turmush tarzi, ma`naviyati bilan bir-birlariga yaqinlashib borishi ijobiy natija bersa, yangi etnos o`zagi tashkil topadi.Shu davr ichida birlashishga moyilliklari bo`lgan guruhlar siyosiy, iqtisodiy va boshqa sabablar tufayli bir-birlariga yaqinlasha olmasalar etnik birlik elat darajasiga yetmasdan tarqalib ketishi xam mumkin. Etnik birlik, etnos - kishilarning maʼlum bir tarixiy davrda va ijtimoiy tuzumda tarkib topgan alohida barqaror etnik uyushmasi. Etnik birlik etnografik jihatdan "xalq" maʼnosini` anglatsada, lekin unga nisbatan aniq tushunchadir. Dunyoda mavjud bo`lgan xalqlarning barchasi etnik guruhlarning qo`shilishidan vujudga kelgan. Boshqacha qilib aytganda dunyoda tarkibiga o`zga etnik guruhlar qo`shimagan bironta xalq bo`lmasa kerak. Yuqorida tilga olingan etnik nazariyaga asoslanib, biz o`zbek xalqini elat bo`lib, ma`lum tarixiy davrda, ma`lum hududda, mahalliy etnoslar asosida, turli davrlarda kelib qo`shilgan etnik komponentlarning aralashib borishi natijasida shakllangan, deb qaraymiz. Etnos nazariyasiga rioya qilmagan yoki tushunmagan ayrim mualliflar o`zbek xalqining etnogenezini qadimlashtirishga intilib, uning kelib kelib chiqishini milodiy asrning boshlaridan, qadimgi xunlardan yoki VI-VIII asrlardagi turk etnosi va turkiy qabilalardan boshlaydi. Qalam sohiblarining ichida shunday fikrdagilari ham borki, ular o`zbek xalqining shakllanishini Nuh payg`ambarning o`g`li Yofasdan, Yofasning o`g`li Turdan (Turkdan), keyingisining o`g`li Tutaqdan boshlaydilar. Keyingi fikr tarafdorlari o`zbek xalqining kelib chiqishini afsonalashtirib yuborgan. Ma`lumki, uzoq o`tmishda Xun va xun tarkibidagi barcha qabilalar Shimoliy Xitoyda, Sibirda milodiy I-II asrlarda esa Qozog`iston cho`llarida, Qirg`izistonda, Sharqiy Turkistonda yashaganlar. Bularning ayrim guruhlari shu asrlarda Movarounnaxr va Xorazm hududlariga ham kelib joylashganlar. Turk xoqonligi Mug`uliston va Yettisuv hududida ( VI asr o`rtalarida ) tashkil topgan. Yettisuv (qozoqcha Jetisu) - Qozogʻistonning jan.-sharqiy qismi. Shim. da Balxash koʻli, shim.-sharqda Sassiqkoʻl va Olakoʻl, jan.-sharqda Jungʻariya Olatovi tizmasi, jan.da Shim. Tyanshan tizma togʻlari hamda gʻarbda Chu-Ili togʻlari bilan chegaralangan. Ye. Sharqiy Turkiston - Oʻrta Osiyodagi hudud, Xitoy tomonidan bosib olingan. (Shinjyang-Uyg`ur avtanom tumani XXR). Turk xoqonligi - Markaziy Osiyo mintaqasi va unga tutash bir necha oʻlkalarni oʻz ichiga olgan yirik saltanat (6-8-a.lar). Turk xoqonligiga doyr maʼlumotlar UrxunYenisey bitiktoshlari, xitoy yilnomalari, yunon (Vizantiya), arman, suryoniy, sugd, arab, fors, tibet, baqtriy manbalarida saqlanib qolgan. VI asr oxiri – VII asr boshlarida Turk xoqonliklari Movarounnaxrda, Xorazmda va G`arbda –Orol-Kaspiy dengizi atroflaridagi mintaqalarda o`z hukmronliklarini o`rnatgan edilar. Turk xoqonliklari davrlarida ham ikki azim daryo (Amu va Sirdaryo) oralig`iga, Xorazm o`lkasiga va ularga tutash mintaqalarga turkiy xalqlar, qabilalar kelib o`rnashgan edi. Demak, Movarounnaxr va Xorazm uchun xunlar, turk xoqonliklari davrida kelgan etnoslar bo`lib, bulardan o`zbek xalqi kelib chiqqan, degan fikr tug`iladi. Shunday bo`lishi mumkin edi, qachonki xunlar yoki turk xoqonliklari Movarounnaxrni va Xorazmni egallaganda, bu hududlarda, ular kelmasdan oldin, aholi yashamagan bo`lsa, yoki ularning zarbasidan bu yerlarda yashab kelgan xalqlar batamom qirib yuborilgan bo`lsa. Tarixda ma`lumki unisi ham, bunisi ham bo`lmagan.Xun qabilalari kirib kelgan kezlarda Movarounnaxr va Xorazm hududida xorazmliklar, so`g`diylar, kushonlar, qang`lar va bir qancha boshqa xalqlar yashaganlar. Bu xududlarni Turk xoqonligi egallaganda (VI asrning ikkinchi yarmi) xorazmliklar va so`g`diylar qatorida kidaritlar, xionitlar, eftalitlar va boshqa xalqlar xam bo`lgan.Kushon podsholigi - oʻzbek davlatchiligi tizimidagi kad. davlat (milodiy 1-3-asrlar). Milodiy 1-asrning 1-yarmi yoxud oʻrtalarida yuyechjilar tasarrufidagi Kushon mulkining yuksalishi natijasida vujudga kelgan. Eftaliylar, eftalitlar, eftallar, xaytallar, abdallar, yeda - Urta Osiyoning shim.sharqidan Movarounnahrning ichki viloyatlariga kirib, milodiy 5-asrda davlat barpo etgan qabila ittifoqi. E. Oʻrta Osiyo, Hindiston, Afgʻoniston, Eron va Sharqiy Turkiston tarixida muhim rol oʻynagan. E. Turk xoqonligi xukmronliklarini o`rnatganda Movarounnaxr va Xorazm hududidan, xoqonlikka itoat etmagan etnik guruxlargina chiqib ketgan xolos. Aholining ko`pchiligi o`z o`rinlarida qolib bu yerlarga yangidan joylashgan turkiy xalqlar bilan birga bo`lgan. Demak, ikki daryo (Amu va Sirdaryo) oralig`i va Xorazm o`lkasi qadimdan nufuzli o`lkalar bo`lib, bu hududlar hech vaqt aholisiz qolmagan. Ayrim qalamkashlarning aytganlariga rioya qilib, o`zbek xalqining kelib chiqishini faqat xunlardan yoki VI-VII asrlarda kelib o`rnashgan turkiy xalqlardan boshlasak, unda o`zbek xalqi tub yerli aholi asosida emas, kelgindi etnik guruxlardan shakllangan bo`lib chiqadi. Masalaga bu yo`sinda qaralsa xalqimizning tarixi va madaniyat izlari ancha sayozlashib qoladi. Hozirgi O`zbekiston hududida qadim-qadimdan yashab kelgan, boy tarix va madaniyat yaratgan bizning ajdodlarimiz bo`lmay, ular yaratgan moddiy madaniyat va ma`naviyatdan chetlanib qolgan bo`lamiz. Bu esa ayrim munofiqlarga qo`l kelishi turgan gap.Biz bu yerda xun yoki boshqa turk etnoslarining kelib chiqishini o`rganishdan chetlashib o`tish kerak demoqchi emasmiz. Aksincha, ularga ahamiyat berish kerak, chunki ularning o`zbek va boshqa Markaziy Osiyo xalqlarning etnik tarixida, umumturkiy dunyosining vujudga kelishida roli benihoyat katta. Markaziy Osiyo Markaziy Osiyo - Osiyo materigining ichki qismidagi tabiiy oblast. Maydoni 6 mln. km². Shim. va gʻarbiy chekkasi Mongoliya, XXR bilan RF oʻrtasidagi davlat chegarasigacha boʻlib, sharqi Katta Xingan, jan. Agar biz o`zbek ajdodlarining alohida xalq ( elat) bo`lib shakllanish sanasini IX-X deb olsak, unda qadimgi elatlarni ( xun, turk va boshqalar) o`zi emas ularning eng keyingi avlodlari o`zbek elatining tashkil topishida qatnashgan komponentlar deb qarash to`g`ri bo`ladi. Boshqacha qilib aytganda, qadimgi elatlar tarqalib, uning qoldiqlari alohida komponentlar bo`lib, o`zbek xalqining shakllanish jarayonida qatnashgan. Demak, o`zbek elati kelib qo`shilgan etnik elementlardan emas, mahalliy etnoslar asosida vujudga keladi.Tarix guvohlik berishicha, o`zbek ajdodlari Movarounnaxr va unga tutash bo`lgan viloyatlarda juda qadim davrlardan buyon yashab kelganlar, ular o`zbek elatining asosini, ramziy ma`noda, o`q ildizini tashkil etgan. Yon ildizlari o`q ildiziga biriktirib borishi jarayonida o`zbek elati vujudga kelgan. Mazkur elat mahalliy aholi ajdodlari qoldirgan boy tarixiy merosni, ma`naviyatni avaylab saqlaydilar, uni to`ldiradilar va barcha an`analari bilan birga keyingi avlodga meros qoldiradilar. Antik va feodalizm bosqichlarida Markaziy Osiyoda bir qancha elatlar tashkil topgan: baqtriyaliklar, so`g`diylar, xorazmiylar, qang`lar, xunlar va boshqa elatlar. Xorazmiylar, xorasmiylar - Kdd. Xorazmda yashab, xorazmiy tilida soʻzlashgan xalq. Taxminlarga kura, X. Hilmand vodiysi (Hirot atrofida)dan Amudaryoning quyi oqimidagi yerlarga mil. av. 1-ming yillik oʻrtalarida koʻchib kelganlar va mahalliy massaget qabilalari bilan aralashib, ularga oʻz nomlarini berganlar. Etnosni shakllanish jarayoni ma`lum bir davlat hududida o`tishi etnogenetik shartlardan biri hisoblanadi. Ammo ilk o`rta asrlarda Markaziy Osiyo shaharlari sharoitida qatishgan etnik elementlar qo`shni davlatlar hududida xam yashab, ma`lum jarajada etnoginetik jarayonda ishtirok etganlar. Masalan, shakllanayotgan tojik etnosi nafaqat Somoniylar hukmronlik qilayotgan yerlarda, balki qarluq va uyg`ur davlatlari xududida xam yashar edilar; bularning ma`lum qismi tojik xalqining etnoginezida qatnashganlar, ayrim qismlari esa qarluq vag uyg`ur davlati ichida qolib, bu yerdagi axoliga qushilib ketgan edilar. Taniqli sharqshunos olim, prof. A.Yu. Yakubovskiy 1941 yilda Toshkentda chop etgan «O`zbek xalqining yuzaga kelishi masalasi haqida» nomli risolasida ana shu ilmiy prinsipdan kelib chiqib, o`zbek etnogenezi Turk xoqonligidan boshlanadi, – degan edi. Mana shu xulosa asosida O`zbekiston tarixining dastlabki nashrlari chop etildi. Fanda bu fikr o`z o`rnini topdi. Lekin, qadimgi Xorazmda keng ko`lamgi arxeologik va etnografik tadqiqotlar olib borgan va O`zbekiston tarixini yaratishda beqiyos ilmiy izlanishlar o`tkazgan zabardast olim S.P.Tolstov o`zbek xalqi etnogenezining boshlanishi Qang` davlati doirasida sodir bo`ldi, «Qang` davlatining tarkibida va u egallab turgan mintaqalarda o`zbek xalqining ilk ajdodlari yashagan, bularning etnik tarkibi va tili bir xilda bo`lmagan» degan g`oyani ko`tarib chiqdi. S.P. Tolstov o`rtaga tashlagan bu g`oya O`zbekiston hududlarida olib borilgan keng ko`lamli arxeologik va antropologik materiallarda o`z isbotini to`lik topgan. S.P.Tolstov g`oyasining keng ko`lamli ilmiy isboti akademik K.Shoniyozov asarlarida keltirilgan. Shuningdek, K. Shoniyozov S.P.Tolstov fikr-mulohazalariga ba`zi bir aniqliklar kiritib, «Qang` davlati o`ramida murakkab etnik jarayon yuz bergan. Ammo bu jarayon o`zbek ajdodlariga xos etnogenetik jarayon edi. Shu jarayon tufayli Qang` davlati ichida miloddan oldingi II – milodiy I asrlar davomida mutlaqo yangi, turkiy tilli xalq – qang`ar elati vujudga keladi. Bu elat eron tilli xalqlar bilan turkiy tilli qabilalarning aralashib, qorishib borishi natijasida tashkil topdi», – degan xulosaga keladi. Ta`kidlash joizki, XX asrning 70-80 yillarida O`rta Osiyo respublikalari hududlarida, Qozog`iston dashtlari, Tog`li Oltoy va Janubiy Sibirda katta masshtabda arxeologik va antropologik tadqiqotlar olib borildi. Mutaxasis olimlar qo`lida boy faktik materiallar to`plandi. Biroq, bu hududlarning qadimda yashagan aholisining tili masalasida chiqarilgan xulosalar ob`yektivlik, tarixiylik va xolislik tamoyillaridan ancha uzoq edi. Chunki, Sovet tarixshunosligi eronparast lingivistlar ta`sirida (ular Sovet davri tarixi va tilshunosligida nufuzli mavkega ega edilar) Qora dengizning sharqiy sohillaridan to Boykalgacha cho`zilgan cho`llarda qadimda eron zabon aholi yashagan, bu geografik kenglikning faqat Tog`li Oltoy qismidagina turkiylar yashardi, degan noto`g`ri tasavvur fanda o`rnashib qolgan edi. Bunday tasavvur hozir ham nafaqat Rossiya olimlari, balki O`rta Osiyo, jumladan O`zbekistonlik arxeolog va tarixchilar orasida ham xukmronlik qiladi. Sovet davrida to`plangan arxeologik va antropologik materiallarni qayta ko`rib chiqish, ular tahliliga xolislik asosida yangicha yondashish, mustaqillik bergan g`oyaviy erkinlikdan foydalangan holda o`tgan asrning 90-yillaridan boshlab, o`zbek xalqi etnogenezining boshlang`ich nuqtasi rosa ming yilga qadimiylashtirildi. O`zbek xalqi tarixi 3 ming yildan kam emas deyildi. O`zbeklarning ikki xil tilda so`zlashuvchi ilk ajdodlarining nafaqat iqtisodiy va madaniy, balki etnik jihatdan ham bir-birlariga yaqinlashish, aralashish, qorishish jarayoni so`nggi bronza davridan boshlandi, – degan xulosaga kelindi. Bunday o`ta mas`uliyatli xulosaga kelishimizda Xitoy yozma manbalari katta rol o`ynadi.Ma`lumki, Sovet davri qadimshunosligida xunlarni turkiy zabon qabilalar ekanligi tan olingan. Xunlarning ilk ajdodlari butun Sibir bo`ylab keng tarqalishiga qaramay, Xitoy yozma manba`larining N.Ya. Bichurin chala tarjimalariga asoslanib, turkiy xalqlarning vatani faqat Tog`li Oltoy deb kelindi. Biroq, Qozog`iston dashtlari, janubiy va janubiy-sharqiy O`rol orti rayonlar, Janubiy Sibir va Tog`li Oltoydan topilgan bronza davriga oid arxeologik va antropologik materiallar aynan bir-birlariga o`xshash, yaqin, bir xil moddiy madaniyat va bir xil antropologik tipdagi qabilalar ekanligi Sovet davri ilmiy adabiyotlarida qayd etilsada (gap andronova madaniyati qabilalari haqida ketayapdi), andronova madaniyatining Tog`li Oltoyda yashagan jamoalari turkiy tilli edi, qolgan mintaqalarda yashagan qabiladoshlari esa eron zabon bo`lgan, – degan g`ayri ilmiy fikr xukmron edi. Keyingi yillarda Xitoy va Yapon olimlari bu masalaga qator aniqliklar kiritishdilar, ya`ni qadimgi Xitoy podsholiklarida «shi» deb atalgan yilnomachilar qadimgi shimoliy hitoy podsholiklarining g`arbiy va shimoliy chegaralarida chorvador turkiy zabon qabilalar yashaganliklarini taq`dlaydilar, ya`ni «shi»lar mil. avvalgi 2205 yildan boshlab Shimoliy Xitoydagi kichik hokimliklar tarixini yozaboshlaganlar. Ana shu kichik hokimliklardan biri «Shya» podsholigi bo`lib, u shimoliy Xitoyda mil. avvalgi 2205-1766 yillarda xukmronlik qilgan. So`ng, mil. avvalgi 1766-1122 yillarda «Shong» nomli kichik hokimlik xukm surgan. Ularning har ikkalasi devonida «shi»lar faoliyat ko`rsatib, nafaqat o`z hokimliklari tarixini toshga, suyakka va xitoy qamishiga yozib borgan, balki u hokimliklarga chegaradosh qabilalar va elatlar haqida ham ma`lumot qoldirganlar. Tarixda ana shunday «shi»lardan Sa Je va Ryuy Sung ismli nilnomachilarning nomi bizgacha yetib kelgan. Mil. avvalgi 1 – ming yillikda «shi» lavozimidagi yilnomachilarning soni ko`payadi, ular yozadigan ish xajmi ham kengaygan. Xotiralar hukmdorlar istagi asosida bitilib, hukmdorlar «Tangri farzandi» sifatida ilohiylashtiriladi. Ularning faoliyati qonun, ahloq normalari va Tangri amri sifatida qabul qilinadi. Sima Syan ana shu xotiralar asosida o`zining «Tarixiy xotiralar» asarini yozgan. Milodiy 319 yildan boshlab nafaqat tarixga oid xotiralar, balki tarixshunoslikka doir asarlar ham paydo bo`la boshladi. Tang sulolasi davrida (618-907 y.) tarixiy voqyealarni yozish davlat siyosati darajasiga ko`tarilib, bu ish davlat monopoliyasiga aylanadi. Yilnomachi «shi»lar yozib borgan rasmiy sulolalar 24 ta bo`lganligi uchun sulolalar tarixi 24 tarix, ya`ni «Ershi si shi» nomini olgan. 24 tarixning birinchi jildi Sima Syan qalamiga mansub «Tarixiy xotiralar» bo`lsa, uning oxirgisi Ming sulolasi (1368-1644) tarixidan iborat. Xronologik jihatdan ushbu 24 tarix 3,5 ming yillik tarixni o`z ichiga oladi. Ana shu tarixning X asrgacha bo`lgan voqyealarni o`z ichiga olgan jildlari xitoyshunos olim Ahadjon Xo`jayevning guvohlik berishicha, bevosita Turkiston tarixi uchun ko`p qimmatli ma`lumotlar beradi.Sima Syanning «Tarixiy xotiralar»ida mil. avvalgi 2205-1766 yillarda Shimoliy Xitoyning «Shya» kichik hokimligini g`arbiy va shimoliy tomonida «xu» yoki «xulu» deb atalgan xalqlar yashaydi deyilgan (Xitoy tili katta iyerogliflar lug`ati. 3-jild, 2057 bet; Siyuan. So`zlar etimologiyasi. 1218 bet). Xitoyshunos olim A.Xo`jayevning aytishicha, «xu» va «xulu» turkiycha «xo`r» atamasining xitoycha talaffusidir. «Xo`r» qadimiy turkiyda erkin, ozod, bir joyga bog`lanib qolmagan, ko`chmanchi xalq ma`nosini anglatgan. Xitoy tilida undosh «r» tovushini talaffuz etish mumkin bo`lmaganligidan xitoylar «xo`r»atamasini «xu» iyeroglifi bilan ifoda etishgan. Keyinroq sharqiy «xu»lar xitoychada «dungxu» deb atalib, ushbu atama rus adabiyoti orqali hozirgi zamon tilimizga «tungus» talaffusi bilan kirib kelgan. «Xu»larning g`arbiy qismi esa «rung» va «di» deb atalgan ikkita qabilaga bo`lingan.«Di»lar o`z navbatida qizil di («chi di»), katta di («jong di»), oq di («bay di») larga bo`lingan. «Rung»lar esa g`arbiy rung-«shi rung», tog`li rung-«shan rung» va o`rmonli rung-«ling rung» kabi qismlarga bo`linib yashagan. Xan sulolasi tarixining xunlar tazkirasini ikkinchi qismida «janubda buyuk Xan mavjud, uning shimolida kuchli «xu» mavjud» deb xunlarga ishora qilingan. Sharqiy Xan tarixchisi Chjeng Shyuan «xu» hozirgi syunnu», ya`ni xun deb yozgan (Xitoy tili katta iyerogliflar lug`ati, 3-jild, 2057 bet). «Di»lar ba`zi qadimiy hitoy yozma manba`larida «dingling» deb yozilgan. A.Xo`jayevning ta`kidlashicha, qadimgi xitoy yozma manba`larida «d» tovushi «t» tovushi bilan, «t» tovushi esa «ch» tovushi bilan almashib, «dingling» atamasi «tingling» deb talaffus qilingan. Keyinroq, «ng» tovushi ham tushirib qoldirilib, «tingling», «tele»,«chele» yoki «chile» bo`lib ketgan. Demak, di, dingling, tingling, tele, chele, chile «xu»ning avlodlari, milodiy III-VI asrlarda ular «turo» nomi ostida yuritilgan. «Tele»- «turo» aslida bitta qabilaning nomi bo`lmay, balki VI asrgacha Markaziy Osiyodaning Qozog`iston cho`llari va Janubiy Sibir dashtlarida, Tog`li Oltoy va janubiy-sharqiy O`rol orti rayonlarida yashagan barcha turkiy qabilalarning umumiy nomi bo`lgan. Shimoliy sulola tarixida keltirilgan ma`lumotlarga ko`ra, xunlar xoqonligi yemirilgandan keyin Atilla bilan g`arbga ketmay o`z joylarida qolib ketgan turkiy qabilalar turo (xitoycha tele) nomi bilan atalib, ular tarkibida 44 ta qabila mavjud bo`lganligi qadimgi Xitoy manba`larida keltiriladi (Ko`xna Tang sulolasi tarixi. 199 bob, 2-qism, 15393 bet).Shunday qilib, yuqorida keltirilgan kadimgi hitoy yozma manba`lari taxliliga ko`ra, Shimoliy Xitoy hokimliklari «shi»larining xotiranomalarida nomlari tilga olingan «Shya» va Shong» kichik podsholiklarining shimoliy va g`arbiy chegaralarida mil. avvalgi III ming yillikning ikkinchi yarmi va II ming yillik davomida «Xu» va «Di» nomlari ostida chorvador qabilalar yashagan. Aynan shu vaqtda arxeologik tadqiqotlar natijalariga ko`ra, bu joylarda, ya`ni Shimoliy Xitoy kichik podsholiklarining shimoliy va g`arbiy chegaralarida andronova madaniyati qabilalari keng tarqalgan edi. Ular xitoy «shi»lari aytganidek, chorvador qabilalar bo`lib, Shimoliy Xitoy hokimliklariga tinchlik bermaganlar. Buyuk Xitoy devorining paydo bo`lishi ham ana shu ko`chmanchi chorvadorlarning shimoliy Xitoy kichik podsholiklarining ekinzorlarini tez-tez payxon qilaverganlaridan boshlab yuz bergan. Sharqiy Xan tarixchisi Chjeng Shyuan aytganidek, «xu»- hozirgi «syunnu», ya`ni xunlar edi. Demak, chorvador «xu»lar turkiygo`y qabilalar bo`lgan. «Xu»ning avlodlari «di»lar, «dingling», «tingling», «tele» va «turo»lar ham turkiy qabilalar ekanligiga endi shubha qolmadi. Shunday qilib, o`zbek etnogenezining boshlanishi miloddan avvalgi IIming yillikning ohirlarida yuz berdi. Bu davrda esa O`rta Osiyo hududlarida, jumladan Movaraunnahr va Qadimgi Xorazmda nafaqat eroniy tilli qabilalar, balki turkiy tilli qabilalar ham keng tarqalgan edi. Ularning moddiy madaniyat yodgorliklari O`rta Osiyo hududlarining barcha mintaqalarida ochib o`rganilgan. Ularning Qadimgi Xorazm hududlarida istiqomat qilgan qabiladoshlari nafaqat chorvachilik bilan, balki mil. avv. II ming yillikning oxirgi choraklaridan o`troqlashib, dehqonchilik bilan shug`ullanganlar. Demak, B.V.Andrianovning Qadimgi Xorazmning sug`orish tarixini o`rganish borasida o`tkazgan tadqiqotlari o`zbeklarning so`nggi bronza davrida yashagan turkiygo`y ajdodlari ham o`troqlasha boshlaganligidan guvohlik berardi. Xalqlarni kelib chiqishi masalasidagi talablardan uchinchisi – hech qachon etnos ajdodlarining antropologik tipi va tili etnos tili va tipi bilan bir vaqtda yuz bermasligini unutmaslikdir. Chunki, etnogenez tarixining ilk bosqichlarida etnik birliklar, ayniqsa ularning tili va tipi hali shakllanmagan. Til, tip va etnik birlik tushunchalari har xil davr voqiyligi bo`lib, ularning shakllanish jarayoni bir davrda yuz bermaydi. To`rtinchidan, etnos, bu biologik hosila emas, balki ijtimoiy hodisadir. U kishilik taraqqiyoti ma`lum bir bosqichining hosilasidir. Etnos o`zining shakllanish jarayonida, ya`ni etnogenez bosqichida va undan keyin ham har xil tarixiy sabablarga ko`ra, uning tarkibiga yangidan-yangi etni qatlamlar qo`shilib boradi. Bu tabiiy hol. Dunyoda hech bir xalq yo`qki, u o`z etnogenez jarayonining ilk bosqichlaridan to millat darajasiga ko`tarilgunicha boshqa etnik qo`shilmalarsiz rivojlangan bo`lsa. Demak, yer yuzining barcha xalqlari kelib chiqishi jihatidan ko`p etnik qatlamlidir. O`zbek xalqining kelib chiqish tarixi bunga yaqqol misol bo`laoladi. Darhaqiqat, o`zbek xalqi etnogenezining ilk bosqichlaridan to xalq sifatida shakllanib bo`lguniga qadar uning asosiy tarkibini tashkil etgan avtoxton sug`du-xorazmiy va qadimgi turkiy zabon etnik qatlamlardan tashqari o`ziga turli davrlarda har xil miqdorda mahalliy va tevarak-atroflardan kelib qo`shilgan etnik guruhlarni singdirib bordi. Beshinchidan, har bir xalqning etnik tarixini o`rganish etnik birlikning shakllanish jarayonini ilk bosqichdan boshlashni taqozo etadi. Etnik birlikni paydo bo`lishi, rivojlanishi va uning etnosga aylanishi juda qadim-qadim zamonlardan boshlanib, to uning xalq bo`lib shakllanguniga qadar davom etadigan butun bir tarixiy jarayondir. Etnos tarixining muhim bosqichlaridan biri esa uning uzil-kesil shakllanish jarayonini nihoyasiga yetishidir. Agar etnos shakllanishi nihoyasiga yetgan bo`lsa, unga keyinroq qo`shilgan etnik komponentlar shakllangan etnos tarkibini o`zgartirib yubora olmaydi, balki uning tarkibida etnografik guruhlar sifatida uzoq vaqtlar yashab, ma`lum bir tarixiy voqiylik ta`siridan so`ng etnos tarkibiga singib ketadi. Masalan, shunday holat o`zbek xalqi tarixida yuz bergan, ya`ni XI-XII asr birinchi yarmida uzil-kesil shakllangan o`zbek xalqi tarkibiga XIII asr birinchi yarmidagi mo`g`ul istilolari va XVI asr boshlarida O`rta Osiyoga shayboniylarning kirib kelishi munosabati bilan o`zbek xalqi tarkibining asosi o`zgarib qolmadi, aksincha ular janubiy Sibir antropologik tipining timsoli sifatida Zarafshon vodiysi, Surxondaryo va Qashqadaryoning tog` oldi va cho`l mintaqalarida uzoq vaqt alohida etnografik guruhlar bo`lib yashay berdilar. Ularning badavlat aslzoda tabaqasi shaharlarga o`rnashib, O`rta Osiyo o`zbek xonliklarini boshqarsalar ham , ularning mahalliy tub joyli aholi tarkibiga singishi juda sekin kechdi. Oltinchidan, har bir xalqning etnik tarixi bilan shug`ullanganda nafaqat etnik birlikning boshlang`ich jarayonini, balki uning keyingi davrlarini, unga hos etnik belgi va alomatlarni aniqlab, o`rganib borishlik talab etiladi. Chunki yuqorida ta`qidlab aytganimizdek, etnik birlik belgilari bir vaqtda paydo bo`lmaydi, balki etnogenez jarayoni davomida bosqichma-bosqich tarkib topib boradi. Etnos belgilari orasida til birligi, etnomadaniy birlik va o`zlikni anglash birligi alohida ahamiyat kasb etadi. Ko`tarilgan masalalar bo`yicha etnos shakllanishining nazariy asoslari bilan shug`ullangan qator olimlar o`z fikr-mulohazalarini bildirganlar. Masalan, arxeolog V.F. Gening etnik belgilarni etnosni uyushtiruvchi etnik omillardan farq qilib, etnik belgilarning muhim tomoni shundaki, ular doim etnik ma`no va mazmun kasb etadi, deydi. Etnosni uyushtiruvchi ob`yektiv omillarga u hududiy birlik, iqtisodiy xo`jalik birligini kiritib, bular etnik munosabatlar va etnik ongni tug`ilishiga asos beradi, deydi. Etnograf L.P. Loщuk va P.K. Kozlovlar til etnik birlik shakllanishining muhim shartidir, til nafaqat etnik omil, balki etnik belgi hamdir, – deydilar. Ammo etnogenez masalalari bilan shug`ullanuvchi qator olimlar tilni etnik omilga kiritmaydilar, til faqat etnik belgidir, – deydilar. Etnik belgilar ichida o`zlikni anglash birligi o`ta muhim ahamiyatga ega ekanligi haqida etnograflar alohida takidlaydilar. Etnograf V.V. Mavrodin til va o`zlikni anglash birligi elatni xalq sifatida birlashtiruvchi muhim omildir, – deydi. Shunday qilib, etnogenez va uning etnik rivojlanishini o`rganishda etnik belgilar va etnik omillarning tarkib topish jarayonini kuzatib borish etnogenetik ilmiy tadqiqotlarning to`g`ri yo`nalishda ekanligini ta`minlaydi. Etnik omillar tarkibini hududiy birlik, iqtisodiy xo`jalik birligi, etnomadaniy birlik, antropologik tip birligi va siyosiy uyushma birligi, ya`ni etnosning ma`lum bir davlat doirasida uyushqoqligi tashkil etadi. Etnik belgilarga esa til birligi, etnik nom va o`zlikni anglash birligi, ya`ni tarixiy qismatning umumiyligi kiradi. YUqorida takidlaganimizdek, ularning tarkib topishi bir davrda yuz bermaydi, balki ular uzoq davom etgan tarixiy jarayonda birin-ketin shakllanib boradi. Qachonki, ularning asosiy qismi tarkib topgach, elat xalq sifatida shakllanadi, etnogenetik jarayon yaqun topib, etnik tarix, xalq tarixi boshlanadi. Yettinchidan, etnogenetik jarayonni o`rganishda masalaga kompleks yondashish, ya`ni etnogenezga aloqador fan yutuqlaridan foydalanish muammo yechimiga ilmiylik bag`ishlaydi. Etnogenez muammolarini hal etishda foydalanayotgan birlamchi manba`larning nisbati va xususiyatini bilish muhimdir. U birlamchi manba`larni etnografiya, antropologiya, arxeologiya, lingivistika, yozma yodgorliklar, toponimika, numizmatika, epigrafika va boshqalar tashkil etadi. Ularning har biri etnogenez va etnik tarix uchun qimmatli ma`lumot beradi.
O`zbek xalqi kelib chiqishi bo`yicha ikki xil tilda so`zlashuvchi qabila va elatlarning aralashishi va qarishuvidan tarkib topgan ekan, bu ikki tilda so`zlashuvchi jamoalarining etnik jihatdan dastlabki aralashuvi arxeologik va antropologik materiallarga ko`ra, so`nggi bronza davrida yuz berdi. Bu davrni o`zbek xalqi etnogenezining boshlanishi, deb hisoblash mumkin. So`nggi bronza davridan boshlangan assimilyatsiya jarayoni antik davriga kelib, o`zbek xalqiga xos iqtisodiy xo`jalik, etnomadaniy va antropologik tip birliklarini o`zida mujassamlashtiruvchi, o`troq hayotga moslashgan turkiy hududiy maydon tarkib topdi, o`zbek xalqiga xos antropologik tipning maqon va zamoni aniqlandi. Bu hududiy maydon Sirdaryoning o`rta havzasi bo`lib, milodiy II-I asrlarda mana shu hududda o`zbek xalqiga xos antropologik tip – «O`rta Osiyo ikki daryo oraligi tipi» shakllandi. Bu hududda turkiy va sug`diy tilli qabilalar ittifoqi asosida Qang` davlati tashkil topdi. Ushbu mintaqa iqtisodiy-xo`jalik va etnomadaniy hayotidan guvohlik beruvchi «Qavunchi madaniyati» shakllandi. «Qarunchi madaniyati»ni shakllanishida turkiy zabon xun qabilalari va qang`lilar katta rol o`ynaganlar. Oqibat natijada, miloddan oldingi II – milodiy I asrlar davomida turkiygo`y qang`ar elati tarkib topdi. Bu davrga o`zbek etnogenezining ikkinchi bosqichi sifatida qarash mumkin.O`zbek xalqi etnogenezining uchinchi bosqichi ilk o`rta asrlar davrini o`z ichiga oladi. Ilk o`rta asrlar davri kushonlar imperiyasi va Qang` davlatining inqirozi bilan boshlandi. O`rta Osiyo hududlariga turkiygo`y xiyoniylar, kidariylar, eftaliylar va Turk xoqonligi kirib keldi va ular bilan birga kirib kelgan qabilalar tarkibida qarluq, chig`il, tuxsi, argun, turk, kaltatoy, musabozori kabi turkiy zabon qabilalar qo`p edi. Ularning ko`pchilligi mahalliy tub joyli aholi bilan aralashib yashay boshladi, ularga xos an`anaviy hayot tarzi O`rta Osiyoning tog` oldi mintaqalarida yarim o`troq yarim ko`chmanchilik bilan kun kechirayotgan turkiylarda davom etadi, badavlat chorvadorlar esa yangi yaylovlar qidirib, keng dashtlarga qaytadilar. Ilk o`rta asrlarda turkiy qabilalarning bu zaminga kirib kelishining keti uzilmaydi. Bu haqda prof. A.Yu. Yakubovskiy tarixiy yozma manba materiallarini ko`p keltiradi. Boz ustiga, bu yerda Turk xoqonligi deyarli 100 yil hukmronlik qildi. A.Yu. Yakubovskiyning takidlashicha, bu davrda O`rta Osiyoning biror joyi qolmadiki, u yerlarga turkiy qabilalar kirib bormagan bo`lsa. Bu davrni o`zbek etnogenezining uchinchi bosqichi deyish mumkin. Demak, o`zbek elati xalq sifatida XI-XII asrning birinchi yarmida uzil-kesil shakllandi. O`zbek xalqining shakllanishi bilan uning etnik tarixi boshlanadi. Foydalanilgan adabiyotlar ro`yhati: Akademik A.Asqarov «O`ZBEK XALQINING KELIB CHIQISHI: ILMIY-METODOLOGIK YONDASHUVLAR, ETNOGENETIK VA ETNIK TARIX» MAVZUSIDAGI RESPUBLIKA ILMIY-NAZARIY SEMINAR MATERIALLARI, Toshkent shahri 2004 yil 19-20 noyabr 2. Shoniyozov K. O`zbek xalqining shakllanish jarayoni. – Toshkent, 2001. 19-bet 3. Asqarov A. O`zbek xalqi etnogenez va etnik tarixining ba`zi bir nazariy va ilmiy metodologik asoslari. «O`zbekiston tarixi» jurnali. 2002 y. №4 4. Yakubovskiy A.Yu. O`zbek xalqining yuzaga kelishi masalasi haqida – Toshkent, 1941. 6-7-betlar 5. Толстов С.П. Основные проблемы этногенеза народов Среденей Азии. СЭ. 1947, №VI-VII. С.303 6. Asqarov A. O`zbek xalqi etnogenez va etnik tarixining ba`zi bir nazariy va ilmiy metodologik asoslari. «O`zbekiston tarixi» jurnali. 2002 y. №4 55-bet 7. Asqarov A. O`zbek xalqi etnogenez va etnik tarixining ba`zi bir nazariy va ilmiy metodologik asoslari. «O`zbekiston tarixi» jurnali. 2002,. №4. 55-bet 8. Ошанин Л.В. Антропологический состав населения Средней Азии и этногенез его народов. Ч.1-3. Ереван. 1957-59. С.59 9. Ахмедов Б.А. Ўзбек улуси. – Тошкент. «Мерос», 1992.-152 бет. Download 42.95 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling