Reja: Poshshoxoja ibni Abdulvahhobxoja shaxsiyati va adabiy merosi manbalari. "Miftoh ul-adl" va "Gulzor" asarlari kompozitsiyasi, nasr va nazm munosabati


Download 36.78 Kb.
bet9/10
Sana22.12.2021
Hajmi36.78 Kb.
#182456
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10
Bog'liq
Xoja

Haqiqat bo’lmas anda, purjafodur,

Pariga odam o’g’li bo’lsa oshiq,

Ki tuproq o’t bila bo’lurmu loyiq?

Malikzoda dedi: «O’rtansa tuproq,

Qilur o’tqa tahammul bo’lsa tuproq

Ular Bog’i Eramga kelishadi. Bade’ ul-jamolning otasi Shahbol ularni xursand bo’lib kutib oladi. Sayfulmuluk Soidni eslab xudoga munojot qiladi. Soid tirilib keladi. Rabialmulkni Soidga nikoh qilishadi. Oxiri ular birga Misrga ravona bo’lishadi. Shoh Osim ularni qarshi oladi, qirq kechayu qirq kunduz to’y qiladi. Taxtga Sayfulmuluk o’tiradi Soid vaziri bo’ladi.

«Qissai Sayfulmuluk» dostonining ko’rib chiqqanimiz syujetidan bilinadiki, asar xalq og’zaki ijodida mavjud shu xildagi asarlarga o’xshash Bunda Alisher Navoiyning «Farhod va Shirin», «Layli va Majnun» asarlaridagi murakkab ijtimoiy- siyosiy, falsafiy va axloqiy masalalar hal qiluvchi rol o’ynamaydi. Asarda garchand, «Farhod va Shirin»dagidek, bosh qaxramon otasining tilab olgan farzandi, uning xursand bo‘lishi uchun ko‘shku bog‘lar qilib bergan erkasi sifatida tasvirlanib, Sayfulmulukning Farhod kabi dengizda suzishi, halokat sababli bir taxta ustida hushsiz bo‘lib qolishi, Farhod oyinai jahonnamoda o’z Shirinini ko’rgani kabi Sayfulmulukning ham Sulaymon vasiyat qilib qoldirgan to‘nda sevgilisi Bade’ul Jamolni ko‘rib oshiq bo‘lishi kabi epizodlar mavjud bo’lsa ham, qahramonning kuchli qiyofasi, pahlavonligi, ma’naviy olamini ochib berishda etarli xizmat qilolmaydi. Shuningdek, paydo bo’lib qolgan to’siqlar, ziddiyatlar osongina hal bo’lib ketaveradi. Bularning hammasi avvalo, dostonga xomashyo bo’lgan manbaning ertaklarga xos xususiyatlarga ega bo’lib, shoirning imkoniyatlarini cheklab qo’yganidan bo‘lsa, ikkinchidan muallifning o‘zi salaflaridan farq qiluvchi bir yo‘l tutganligi, o‘quvchilarga, ya’ni oshiqlariga «ajoyib bazm» bo‘luvchi bir doston yaratishga harakat qilganligi bilan izohlanadi.

Temuriylar va shayboniylarning ham o’zaro, ham bir-birlari bilan to’xtovsiz kurash olib borganliklari, Muhammad Soleh yozganidek, ota o’g’ilga – o’g’il otaga qarshi turgani, oddiy xalqning bu talashlardan charchagani shunday engil rivoyatlarga zaruriyat tug’dirar edi. Agar biz shunday syujetlarning, ayniqsa XVII-XVIII asrlarda nihoyatda ko’payib ketganligi, «Kitobi Sanovbar», «Tohir va Zuhra», «G‘arib va Shohsanam», «Chor darvesh», «Haft gulshan», «No’h manzar», «Bahrom va Gulandom», «Hurliqo va Hamro», «Ra’no va Zebo», «Munavvar Sulton va Xiromon», «Mehr-u Moh», «Gul-u Bulbul» va hokazo necha o‘nlab syujetlarning keng tarqalib, ko‘proq o‘qiladigan asarlarga aylanib ketganligini nazarda tutsak, Majlisiyning bu asari adabiyotda ana shu tendensiyaning boshlanib ketayotganligini bildiruvchi bir qissa sifatida yuzaga kelganligini tan olishimiz mumkin. Bunday asarlar, ayniqsa, bolalarga ertak sifatida aytib berish uchun ham qulay edi. Shularni hisobga olib Majlisiy quyidagilarni yozgan:

Qo’riqlarda guliston sabz qildim,

Ki oshiqlarga bo’ston sabz qildim

Chu himmat birla yorim yor bo’ldi,

Xayol etganlarim gulzor bo’ldi.

Musohiblar ko’rubon yod qilgay

Buzuq erlarni ham obod qilg’ay.

Majlisiyning «Gul va Navro’z» dan tashqari Alisher Navoiyning «Farhod va Shirin» dostonidan foydalanganligi, ayniqsa, ishq tarifidagi baytlarida, oshiqlarning bir biroviga muomala – munosabatida ham ko’rinadi. Masalan, Sayfulmulukning Bade’uljamolga aytgan:

O’pub dediki: «Ey jonim nechuk san?

Ki mendan boshqa jononim nechuksan?

Mening dardim bila holing nechukdur.

kabi oshiqona gaplari Shirinning Farhodga yo’llagan maktublariga juda yaqin. Doston asosiga qo’yilgan masalalardan eng asosiysi ishqdir. Syujetdagi hamma masalalar ishqqa bog’langan va uni shoir Sayfulmulukning mone’lik qiluvchi hamma to’siqlardan o’tib o’z yoriga – maqsadiga erishuvi bilan isbotlagan. Shuning uchun ham Bade’uljamol bilan Rabe’almulk ramziy ma’noda hayotiy ma’shuqalardan ko’ra solik (qidiruvchi, talabgor) ning tilagi, tolibning matlubi, biron bir ishni amalga oshirishni niyat qilgan kishining niyati tarzida ko’proq namoyon bo’ladi. Sayfulmulukning daryoda odamlari, emukdoshi Soiddan ajralishi qaroqchilar, zangilar, maymunlar, ajdar, she’r devga yo’liqishi, Qulzum shohi tomonidan asir qilinishi kabilar sufiyning tariqat yo’lida bosib o’tishi lozim bo’lgan vodiylarga, talabaning oliy ma’lumot egasi bo’lishi jarayonida yuz beradigan qiyinchiliklarga, Majlisiyning shu dostonini yozib tugatishigacha duch kelgani mashaqqatlarga o’xshaydi. Shuning uchun ham shoir:

Jafo chekmay kishiga rohat o’lmas,

Agar kuymas o’tung’a jo’sh bo’lmas.

Jahonda jabrlar oshiq uchundir,

Vale bilgil alar loyiq uchundir.

Saodatdir muvofiq yori sodiq,

Munosib bo’lsa xushdur ikki oshiq.

Kishiga ishq agar hamroh bo’lsa,

Gadodur ul agarchi shoh bo’lsa

Ki bo’lmas ishqda ham kufru imon,

Ne sabr anda, ne kofir, ne musulmon.

Erur chun ishq daryoyi muazzam,

Kira olmas anga har qaysi odam.

Muhabbat bahri oshiqlar eridur.

Anga kirgan taqi erning eridur,

kabi ma’nosi ko’p tomonlama baytlarni bitgan va ishqni ham ko’p ma’noli talqin etgan. Majlisiy dostonida ham xilma-xil poetik obrazlar va badiiy san’atlardan foydalangan va asarning qiziqib o’qiladigan bo’lishiga erishgan. Ammo, bu asarda ham vazn va qofiyada qusurlar sezilib turadi. Majlisiy kitobining har bir baytini farzandi deb biladi, o’quvchilardan uni ardoqlashni iltimos qiladi.

Kitobim munisi dilbandim ey yor,

Aning har bayti bir farzandim ey yor.

Azizimdur taqi sen ham aziz tut.

O’qug’il zavq ila yaxshi quloq tut.

G’araz budurki, so’z dunyoda qolg’ay,

O’qub, oshiqlar andin bahra olgay.

Majlisiy dostoni XVII-XIX asrlar turkiy xalqlar adabiyotida bu syujetning keng tarqalishiga sabab bo’ladi, deb aytsak xato bo’lmaydi.

Bu asrlarda u turkman, qozoq, tatar shoirlari tomonidan ishlanib, bu xalqlar adabiyoti mulkiga aylandi. Bular orasida, ayniqsa, turkman xalqining XVIII asrda yashab ijod etgan shoiri Qurbonali Ma’rufiyning «Sayfulmuluk-midhal jamol» dostoni o’zbek kitobxonlari o’rtasida ham mashhur bo’lgan. U asarni boshqa turkman qissalaridek nasru nazmda yaratgan. Uning asari 1916 yili asli Farg’onalik bo’lgan kitob tojiri Mulla Mirzohid Mirsiddiq o’g’li tomonidan Toshkentda Porsev matbaasida nashr qilingan. Uning Marvda kitob do’koni bo’lgan. Turkmanlar orasidan qo’lyozmalarni to’plab, keyin ularni Toshkentda nashr qildirib sotgan. Mazkur nashrda ham Qurbonali Ma’rufiyning bu dostonidan tashqari «Asli va Karam», «Layli va Majnun» kabi turkman shoirlari asarlari birga bir kitob qilingan1.

Demak, xulosa sifatida shuni aytish mumkinki, Majlisiy ijodi XVI asr o’zbek adabiyotining muhim hodisalaridan bo’ldi. Uning «Qissai Sayfulmuluk» asari adabiyotimizni yangi o’ziga xos bir asar bilan boyitdi va bu syujetning turkiy adabiyotlarga kirib borishida muhim rol o’ynadi. Dostonning hozirgacha tanqidiy yoki mukammal nashri amalga oshmaganligi achinarli holdir.




Download 36.78 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling