Reja: Traxeyalilar Tracheata) kenja tipi уmumiy belgilari. Ko‘poyoqlilar (Myriapoda) уmumiy belgilari. Laboyoqlilar Chilopoda) va Symphyla sinflari. Ikki juftoyoqlilar (Diplopoda), Pauropoda sinflari va filogeniyasi


Download 117.5 Kb.
bet5/6
Sana28.01.2023
Hajmi117.5 Kb.
#1135878
1   2   3   4   5   6
Bog'liq
Traxeyalilar (Tracheata) kenja tipi

Hasharotlar tuzilishi. Hasharotlarning bir qancha dastlabki avlodlari paleozoy erasining oxirgi davrlarida paydo bo‘lgan. Yuz mln yillar davomida ular yer yuzining nihoyatda xilma-xil hayoti va rivojlanishi bilan bir-birlaridan ko‘p jihatdan farq qiladigan turkumlar, oilalar, urug‘ va turlar hosil eta olgan.
Tananing katta-kichikligi jihatidan turli hasharotlar bir-biridan katta farq qiladi. Bular o‘rtasida tanasi mm (hatto mikron) dan to 25-30 sm gacha bo‘lgan turlari bor.
Hamma hasharotlarda tana bir – biridan yaxshi ajralgan uch qismdan: bosh (6 bo‘g‘imni qo‘shilib ketishidan rivojlangan) uch bo‘g‘imli ko‘krak va 8-12 bo‘g‘imdan tuzilgan qorinchadan tarkib topgan. Lekin, tananing mazkur qismlari turli hasharotlarda turlicha shaklda va turlicha katta-kichiklikda tuzilgan.
Boshdagi organlardan bir juft mo‘ylov teri sezuv va hid sezuv organi hisoblanadi, u turlicha uzunlikda va turlicha shaklda tuzilgan.
Jag‘ va lablar (og‘iz apparati) og‘iz atrofidagi uch juft oyoqlarning o‘zgarishidan va og‘iz ustidagi bitta o‘simtadan yetishgan. Hamma hasharotlarning og‘iz organlari to‘rt xil: ya’ni kavshovchi, kavshovchi-yalovchi, sanchuvchi-so‘ruvchi hamda so‘ruvchi yoki xartumcha tipda tuzilgan.
Kavshovchi tipidagi jag‘ va lablar qadimgi (dastlabki) hasharotlarda tarqalgan bo‘lib, hozir u qattiq narsalar bilan va yirtqichlik bilan oziqlanadigan hasharotlar (suvaraklar, termitlar, buzoqboshlar, beshiktebrat, so‘zanaklar, qo‘ng‘izlar hamda deyarli hamma hashoratlarning lichinkalik davrida) saqlanib qolgan. Boshqa tiplardagi og‘iz organlarinin hammasi mazkur asosiy kavshovchi tipning turlicha o‘zgarishi natijasida rivojlangan.
Kavshovchi-yalovchi tipdagi og‘iz organi, asosan, gul sharbati va boshqa quyuq-suyuq sharbat (asal, qiyom) ni so‘rib (yalab), oziqlanishga moslashgan. Lekin kavshovchi ustki jag‘ o‘zgarmasdan saqlanganligidan bu apparatli hasharotlar qattiq moddalar (qand, tutmag‘iz, quvruq meva, gusht) bilan ham oziqlana oladi. Mazkur tipdagi og‘iz organi rivojlangan asalari (va boshqa arilar) da kavshovchi ustki jag‘ deyarli o‘zgarmagan. Ostki lab kuchli o‘zgarib, xartumchasimon uzun tilchaga aylangan. Ostki labning uchi o‘sib, tarnovsimon buklanishi natijasida xartumcha hosil bo‘lgan. Tilchaning uchida esa “qoshiqcha” deb nomlanadigan hosil bo‘lgan. Asalari gul sharbatini so‘rish, yalash uchun tilchani gulning sharbatli qismiga tiqishi bilanoq kapillyar bosimi ta’sirida gul sharbati xartumcha orqali og‘iz va jig‘ildoniga oqa boshlaydi. Bu tipdagi og‘iz organi deyarli hamma parda qanotli hashoratlarda (jumladan, chumolilarda) yaxshi taraqqiy etgan.
Sanchuvchi-so‘ruvchi tipdagi og‘iz organi o‘simlik tanasini teshib, sharbat yoki hayvon tanasidan qon so‘rib oziqlanadigan hasharotlar (qandalalar, iskabtoparlar, oqqanotlar, bezgak chivinlari, o‘simlik qandalalari, shiralar va h. k lar) da rivojlangan. Bu xildagi og‘iz apparati sanchuvchi-so‘ruvchi ignalar va mazkur ignalarni himoya qiluvchi qinlardan tarkib topgan. Ustki lab kaltaroq, ostki lab esa mazkur ignalarni himoya etuvchi tarnovsimon “qin” ga aylangan. Lekin bularda mazkur “tarnov” qon so‘rishga ham yordam beradi. O‘simlik sharbatini so‘ruvchi yoki suvda yashovchi qandalalarda ham mazkur organ ko‘rsatilgan.
Turli hayvonlar yoki odam tanasidan qon so‘rib oziqlanadigan hasharotlarda sanchuvchi ignalar uzun, o‘tkir va ko‘pincha beshta bo‘ladi. Mazkur sanchuvchi-suruvchi ignalarni himoya qiladigan ustki qin (ustki lab) bo‘laklari ham ancha uzun va mustahkam tuzilgan. Hasharot qon (yoki o‘simlik sharbati) so‘rish vaqtida ignalarni “qin” dan ajratib, teri (yoki gulga) sanchadi va qon yoki sharbatni so‘rib oladi.
So‘ruvchi yoki xartumcha tipidagi og‘iz apparati faqat gul sharbatini so‘rib oziqlanadigan hasharotlar – kapalaklarda rivojlangan. Bularda bir juft ostki jag‘ kuchli darajada o‘zgarib, ikkita uzun tarnov shaklidagi hartumchaga aylangan. Gul sharbatini so‘rish vaqtida og‘izning ikki yon tomonidagi tarnovchalar tutashib uzun naycha (“xartumcha”) xosil qiladi. So‘rish tamom bo‘lgandan keyin esa hasharot hartumchasini o‘rab oladi. Bularda xartumchaga aylangan ostki jag‘dan boshqa og‘iz organlari – ustki lab, ustki jag‘ va ostki lab rivojlangan. Faqat jag‘ning paypaslovchilari saqlangan bo‘lib, u sezish (maza bilish) organi bo‘lib xizmat qiladi. Boshqa xil qon so‘ruvchi hasharotlar masalan, so‘nalarda sanchuvchi va qon so‘rib oluvchi organ sifatida tarnovchaga aylangan ostki va ustki lab, ba’zilarida esa ustki lab va ostki jag‘dan hosil bo‘lgan xartumcha xizmat qiladi.
Ko‘krak oyoqlari hamma turlarida ko‘rsatib o‘tilgan bosh qism-dumg‘azacha, o‘ynog‘ich, son, boldir va kurakcha (“kaft”) dan tuzilgan bo‘lsa ham hasharotning yashash sharoiti va hayotiga qarab oyoq qismlari turlicha o‘zgargan. Yer qazuvchi buzoqboshlarda u kalta bo‘g‘im va o‘tkir yapaloq tirnoqchali bo‘lsa, sakrab harakatlanuvchilar orqa oyoqlari uzun va kuchli muskullidir. Suvda yashovchi qandala – gladish va suv qo‘ng‘izlarida oldingi oyoqlar yapaloq – kuraksimon bo‘lsa, gul changlarini to‘plovchi asalarilarining son qismida maxsus “savatcha” hosil bo‘lgan.
Qanotlar ham turli hasharotlarda turlicha o‘zgargan. Uchqir hasharot– so‘zanak (ignachi) da qanot hajmi (sathi) kattalashib, yupqa va yengillashgan. Ba’zi turlar (masalan, chigirtkalar) da ham ostki qanot ko‘p martaba kattalashgan. Qandalalarda ustki qanotining tanaga yopishgan qismi xitinlashib, tanani himoya qilishga yordam beradi. Kapalaklarda esa juda nozik qanotining sathi turli shakldagi yengil “tangacha” lar bilan qoplangan. Qo‘ng‘izlarning hamma turlarida faqat ostki yupqa qanot uchishga yordam beradi. Ustki qanot bularda qalin – xitinlashgan; u ostki qanotini va qorinchani yopib, himoya vazifasini o‘taydi.
Pashshalarda faqat bir juft ustki qanot saqlangan bo‘lib, ostki qanotining kalta qoldig‘i uchganda ovoz chiqaruvchi (“vizildoq”) organga aylangan. Nihoyat bir qancha hasharotlarda butunlay yo‘qolgan.
Qorincha qismi va undagi organlar tuzilishida ham bir necha xil o‘zgarishlar sodir bo‘lgan. Bir qancha hasharotlarning (masalan, chigirtka va b. h. lar) urg‘ochilarida oxirgi qorincha bo‘g‘imidagi o‘simtalari tuxum qo‘yuvchi organiga aylangan. Shu bilan birga bularda mazkur organni qoplab, himoya etuvchi xitin o‘simtalar hosil bo‘lgan. Asalari va boshqa xil arilarning urg‘ochisi 8 va 10 qorincha segmentlari va tuxum qo‘yuvchi o‘simta o‘zgarib, nayza organini vujudga keltirgan. (Nayza ignasi esa tuxum qo‘yuvchi o‘simtadan rivojlangan.) Nayza uchiga bir juft zahar bezining yo‘li ochilgan.
Hazm organlari sistemasida ham birmuncha o‘zgarishlar vujudga kelgan. Masalan, ko‘pchilik yog‘ochxo‘r qo‘ng‘izlarda oshqozonning xitin o‘simtalari kuchli taraqqiy etgan bo‘lib, o‘rta ichaklar ham yaxshi rivojlangan. Asalarilarda halqum muskuli yaxshi rivojlanib, bu bo‘limga uch juft so‘lak bezlarining yo‘li ochilgan (mazkur bezlar ta’sirida gul sharbati va changlari asalga aylanadi; bundan tashqari bu bezlar lichinkalarining boqish uchun oqsil moddalari ishlab chiqaradi). Bularda muskulli oshqozonning bo‘lmasligi, o‘rta ichakning katta va yo‘g‘on bo‘lishi ham juda xarakterlidir.
O‘simlik sharbati yoki qon so‘rib ovqatlanuvchi turlarida ham halqum va so‘lak bezlari yaxshi rivojlangan.
Traxeya – nafas olish organlar sistemasi uchqur hasharotlarda (jumladan, asalari, boshqa arilar, ikki qanotlilar) da kuchli rivojlangan. Asalarilarda abdomen qismida joylashgan yon-chiziq traxeya naychalarining kuchli darajada kattalashib havo qopchiqlariga aylanganligi xarakterlidir. Mazkur qopchiqlar bir tomondan tanani yengillashtiradi va uchish vaqtida ko‘p miqdorda talab etiladigan kislorodni yetkazib beradi.
Nerv sistemasi ayniqsa koloniya bo‘lib yashovchi va instinkt xususiyati kuchli taraqqiy etgan hasharotlar (asalari, arilar, turli chumolilar, termitlar) va yirtqichlar (so‘zanaklar, ba’zi qo‘ng‘izlar) da boshqalarga nisbatan yaxshi rivojlangan. Asalarilarning “miya” sida “birlamchi” deb ataluvchi qismda ko‘zlar bilan tutashgan va “taroqsimon organ” deb atalgan qism va hamma sezuv organlari ishlarining birlashtirib boshqaruvchi “assotsiatsiya markazlari” joylashgan. Miyaning “ikkilamchi” va “uchlamchi” qismlari mo‘ylovlar va og‘iz apparatlari ishlarini boshqaradi.
Qorin nerv zanjirida bir necha nerv tugunlarining qo‘shilib ketganligi xarakterli. Ayniqsa ko‘krak qismidagi tugunlar katta va murakkab bo‘lib, bular qanotlar (uchish) va oyoqlar harakatini boshqarishga xizmat qiladi.
Sezuv organlari. Murakkab, ya’ni yuzlarcha fosetkalardan tashkil topgan ko‘z hamma hasharotlarda, ayniqsa, asalari, boshqa parda qanotlilar, kapalaklar, yirtqichlar (so‘zanak) va ikki qanotlilarda nihoyatda yaxshi rivojlangan. Murakkab ko‘zni tashkil etgan fosetiklar soni ham hasharotning hayot faoliyatiga qarab har xildir. Masalan, suvaraklarning har bir ko‘zida 1800 tacha fosetik bo‘lsa, asalari va ba’zi qo‘ng‘izlarda u 25 minggacha boradi.
Aniqlanishicha hasharotlar narsalarning shaklini yaxshi sezsa ham ranglarni sezish xususiyati bir xil emas. Bizga qizil, yashil (zangori), havo rang (ko‘k) bo‘lib ko‘rinadigan ranglar, asalarilarga “havo rang-yashil” va “havo rang-binafsha” bo‘lib ko‘rinadi. Lekin, ular bizning ko‘zimiz ilg‘amaydigan o‘ta binafsha nurni, ba’zi hasharotlar esa biz qo‘rolmaydigan nurlarni ko‘ra oladi.
Hasharotlarda hid bilish (himoyaviy sezuv) organlari nihoyatda kuchli rivojlangan. Ular, asoan mo‘ylovlarda joylashgan maxsus tukchalar yordamida bir qancha hasharotlar butun tanasidagi maxsus tukchilar yordamida hid sezadi. Asalarilarda ba’zi organik moddalarning hidini sezish odam sezishiga nisbatan 40 martaba ortiq. Ko‘p hasharotlarda hid sezuv xususiyati insonnikiga qaraganda bir necha martaba ortiq ekanligini aniqlangan. Shu bilan birga ko‘p hasharotlar hidni uzoq musofadan sezadi. Ba’zi kapalaklarning erkagi urg‘ochisi tarqatgan hidli moddani 11 km dan sezadi. Hid sezish xususiyatini hasharotlarning oziqlanishida va bir-birini qo‘shilish vaqtida topishida katta ahamiyatga ega.
Eshitish organi ham hasharotlarda yaxshi rivojlangan. Qora chigirtka, sariq chigirtka va ko‘p kapalaklar timponal organ deb atalgan yupqa xitin parda vositasida ovoz to‘lqinini qabul etib eshitadi. Bu organ qora va sariq chigirtkalar son qismining oldingi bo‘g‘im, katta chigirtkalarning oldingi qorincha bo‘g‘imida, boshqa hasharotlarda esa ko‘krak yoki qorincha bo‘g‘imlarida joylashgan. Xordatonal organ deb nomlanuvchi eshitish organi nerv ho‘jayralari bilan tutashgan xitin tolachalaridan iborat.
Hasharotlarning eshituv xususiyati insonning eshituv layoqatidan boshqacharoq. Masalan, ko‘p hasharotlar odam eshita olmaydigan tovush to‘lqinlarini ham eshitadi. Ovoz chiqaradigan hasharotlarda eshitish organi yaxshi rivojlangan.
Maza bilish organi yuqorida ko‘rsatilganidek ostki jag‘, ostki lab paypaslovchilarida, mazkur organlarning maxsus tukchalari va o‘simtalarda va og‘iz-halqum bo‘shlig‘ida joylashgan. Kapalak va pashshalar esa moddalarning mazasini oyoq kurakchalari yordami bilan tez aniqlay oladi. Hasharotlarda maza bilish xususiyati insonga nisbatan bir necha marta kuchli taraqqiy etgan bo‘lib ular shirin, achchiq, nordon, sho‘r ta’mni oson va xatosiz aniqlaydi.
Hasharotlar hayotda havo yoki suv haroratni sezish alohida ahamiyatga ega. Binobarin ularda havo haroratinining o‘zgarishini aniqlovchi organ rivojlangan. Mazkur organ chigirtka va ba’zi boshqa hasharotlarda mo‘ylovining ostki bo‘g‘imida joylashgan bo‘lsa, suvarak harorat o‘zgarishini oyoq kurakchalardagi o‘simtalar vositasida aniqlaydi.
Ko‘p hasharotlarda uchish vaqtida qanot harakati tezligini va tananing holatini aniqlovchi muvozanat organi, uchish tezligini boshqaruv organlari taraqqiy etgan. Uchqur hasharotlarda ayniqsa bu organlar yaxshi rivojlangan. Bir qancha hasharotlar, xususan polimorf koloniya holda yashovchi turlar (asalarilar, arilar, termitlar, chumolilar) da turli signal sistema vositasi vujudga kelgan. Ishchi asalarilar o‘rtasidagi oziq izlovchi arilar uyaga kelishi bilan oziq manbai joylashgan joyini turli xil harakat (“raqs”) vositasida “xabar qilib” ko‘rsatib beradi. Chumolilar hayotini yaxshi o‘rgangan rus olimi Marikovskiy “ishchi” chumolilarda 20 dan ortiq harakat bilan bildiriladigan signallar mavjudligini aniqlangan.
Keltirilgan faktlar hasharotlarda nerv va sezuv organlar faoliyati nihoyatda yaxshi rivojlanganligini ko‘rsatadi.

Download 117.5 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling