Respublikasi oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi toshkent davlat texnika universiteti qo‘qon filiali ijtimoiy va gumanitar fanlar kafedrasi dinshunoslik uslubiy qo‘llanma Bakalavrning barcha ta’lim yo‘nalishlari uchun qo‘qon-2023


Tasavvufni nazariy jihatdan shakllantirishda Abu Homid G‘azzoliy (1058-1111) va Ibn Arabiy (1165-1240)larning o‘rni


Download 2.19 Mb.
bet98/171
Sana03.06.2024
Hajmi2.19 Mb.
#1899102
1   ...   94   95   96   97   98   99   100   101   ...   171
Bog'liq
Respublikasi oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi toshke

5. Tasavvufni nazariy jihatdan shakllantirishda Abu Homid G‘azzoliy (1058-1111) va Ibn Arabiy (1165-1240)larning o‘rni
Tasavvuf tarixida Hallojdan keyingi eng yirik shaxslar G‘azzoliy va Ibn Arabiydirlar. Ma’lumki, G‘azzoliy o‘zining fikriy va ruhiy ehtiyojlarini tasavvufdan topdi. Bu sohada o‘z ustozlari sifatida Junayid, Makkiy, Bistomiy va Shibliylarni tanladi. Albatta G‘azzoliy o‘zining fikriy qamrovi jihatidan bu to‘rt shaxsdan qiyoslab bo‘lmas darajada yuqori turar edi. U o‘zining butun iste’dodini ishga solib, ahli sunnat va jamoa (Hanafiylik mazhabi) e’tiqodlarini himoya qilishga otlandi va nimani arzigulik deb bilsa, shuni unga muvofiqlashtirishga intildi. Ahli sunnat va jamoa e’tiqodlariga muvofiq keladigan G‘azzoliyning so‘fiyona aqidasi uch asosga tayanar edi: 1. Qur’onning yaratilgan jahonga nisbatan butunlay muvofiq ravishda Xudoning mutlaq irodasi tufayli yaratilganligi; 2. Borliqning yangi aflotuncha tarzda bir necha bosqichlardan iborat qilib yaratilganligi; 3. Unda aql Xudo bilan qo‘shilib ketishi va bu holatdan “Aynil-jam’” (“hamma narsaning birikishi”) tarzidagi asbob sifatida foydalanish. 
Yuqorida aytilgan uch asosdan falsafa tarixi uchun faqat ikkinchisigina alohida ahamiyatga egadir. Ikki muhim so‘fiyona risola bo‘lgan “Mushkot ul-anvar” va “Ar-risolat ul-ludiniyya” asarlaridan ko‘rinadiki, borliqning yangi aflotuncha bosqichlari tizimi G‘azzoliyning barcha tasavvufiy qarashlarining tabiatdan tashqaridagi narsalar asosi sifatida qo‘llaniladi. Masalan, “Mushkot ul-anvor” xudoni osmonlar va yer nuri sifatida ta’riflagan Qur’onning 24-nchi “Nur” surasi, 34-oyati xususidagi tafsirdir. G‘azzoliy uni XII asrdagi ishroqiylar tarzida ochiqdan-ochiq so‘fiyona til bilan tafsir qilgan. 
G‘azzoliy shuni ta’kidlaydiki, xudoga nisbatan “Nur” atamasini qo‘llash haqiqiy voqelikni ifodalaydi, negaki, nurli ashyolar majoziydirlar. Biz ko‘z va aqlni shuning uchun nur deb ataymizki, ular ashyolarni aniq bir-biridan ajratib, idrok etishimizga imkon beradilar. Shunga binoan aqlni birinchi o‘rinda nur, deb atasak bo‘ladi. Zero, u ashyolarni aniqlashdan tashqari o‘zini nima ekanligini ham ma’lum qiladi hamda makon va zamonning sharoitiga ham tobe bo‘lmaydi. Natijada, hamma narsadan ko‘ra, xudoga o‘xshab qoladi (shu tartibda ehtimol birinchi aytilgan so‘zning sirini topish mumkin bo‘lar), ya’ni xudo tabiatan Odamni o‘zining suratiga o‘xshab yaratgan. 
Xudoni bilishning barcha bosqichlarida oriflar parvardigorni uning haqiqiy zotini berkitgan “nur hijobi” orqali topadilar. Ammo oriflarning to‘rtinchi guruhi, ya’ni “qo‘shiluvchilar shuni idrok etadilarki, ushbu “subhon” shunday sifat sifatidirki, faqat yagonalik va mutlaq komillik unga xosdir. Shuning uchun ular o‘z nigohlarini uning tomoniga, uni muqaddas yaratuvchiga hamda u yaratgan osmonlar va zaminlarga qaratadiki, eng uzoqdagi harakat¬lanuvchi olamlar ham undan farmon olib turadilar” . Bu oriflar o‘rtasida shunday kishilar boshqalardan afzaldirlarki, yagona haq (vohidul haq) darajasiga yetib kelganlarida fano bo‘lib, yo‘qlik darajasiga sho‘ng‘iydilar va shu sababdan o‘zlarini ham, boshqa hech bir mavjud narsani ko‘rmasdan, faqat Allohning jamolinigina ko‘radilar, xolos. Ba’zida bunday so‘fiyona holatni “fano” yoki “fano al-fano” deb ataydilar, zero, sufiy bu holatda o‘zidan foniy bo‘ladi va o‘zining foniyligidan ham foniy bo‘ladi. Ba’zilar (Shibliy, Bistomiy) soflikda shu darajada mastlik holatiga sho‘ng‘iydilarki, o‘zlarini xudo, deb biladilar. Haqiqatda esa, ular erishgan holat xudoni yagonaligini (tavhid) tasdiqlashdan boshqa narsa emas, ya’ni jahonda undan o‘zga haqiqiy mavjud narsa yo‘qligidan ogoh bo‘lishlikdir . Ammo bunday holat boshqa-yu, u bilan birlashib ketish (ittihad) holati boshqa gap. 
Shunday qilib, G‘azzoliy shattoh holatidagi so‘fiylardan oshkora ravishda aloqani uzishdan ko‘ra, agarchi ularning ba’zida “yashiriladigan va aytib bo‘lmaydigan” sirlarini fosh qilganliklari tufayli tanbehga sazovor, deb bilsa ham, o‘z ustozi Junayid kabi vahdat vujud mohiyatini mahorat bilan uzoqlashtiradi va tanazzulga tushirishdan saqlab qoladi. Shuning uchun uning tasavvufini islomdagi yakkaxudolik g‘oyasining e’tiborini kuchaytirishga va uning tabiatan tashqaridagi narsalarda ham to‘g‘riligini isbotlashga urinish, deb tushunish mumkin. 
So‘fiyona haqiqat asoslarini yaratishga uringan yirik shaxslardan biri shubhasiz Ibn Arabiydir. Ibn Arabiy hijriy 560 (mil. 1165) yilda Andaluziyaning Mursiya shahrida tavallud topdi. Andaluziya, Shimoliy Afrika va Yaqin Sharq bo‘ylab qilgan uzoq safarlaridan keyin Damashqda yashab qoldi va o‘sha yerda 638 hijriy – 1240 yilda olamdan o‘tdi. Uning so‘fiylar safiga qo‘shilishi Olamriyoda ro‘yo bergan bo‘lsa kerak, degan taxminlar bor. Chunki, bu shaharda Andaluziyaning mashhur faylasufi Ibn Masarraning (vaf. 319/931) maktabi rivoj topgan edi . Ibn Arabiyning o‘tmishdoshlaridan Ibn Masarradan tashqari, Termiziy (285/898), Vositiy (vaf. 330/942) va Ibn Orif (vaf. 535/1141)larni ko‘rsatib o‘tish lozim. Aytishlaricha, Ibn Arabiy tush ko‘ribdi va unda Mashriq tomonga safar qilish haqida unga ko‘rsatma berilibdi. Shuning uchun 597 hijriy – 1201 yili Makkaga keladi va u yerda “Farmon oladi”ki, o‘zining yirik asari bo‘lgan “Al-futuhot ul-Makkiya” (“Makka sirlarini ochilishi”)ni yoza boshlaydi. So‘ngra, bir qiz bilan tanishib, unga uylanadi. Bu qiz eroniylardan bo‘lib, so‘fiy tariqatida edi. Ibn Arabiy Makkadan chiqib, Mosul, Qunyo, Bag‘dod va Qohira orqali 620 hijriy – 1123 yilda Damashqqa kelgan. 
Yangi tadqiqotlar ko‘rsatadiki, Ibn Arabiy 846 asar yozgan. Bulardan 550 tasi bizgacha yetib kelgan bo‘lib, ulardan kamida 400 tasi rostdan ham o‘zi tomonidan yozilgan bo‘lishi kerak . Bu asarlarining ko‘pida u qayd etadiki, ularni bevosita ilohiy ilhom yoki payg‘ambarlar farmonlariga muvofiq ravishda yozgan . Bundan oldin ko‘rdikki, Mansur Halloj so‘fiyni xudo o‘zining irodasini bayon qiluvchi tarjimon sifatida ishga soladi, deb da’vo qilgan edi. 
Eng yuqori darajada namoyon bo‘lish yoki ilohiy mazhar o‘sha “birinchi inson namunasi”dirki, Ibn Arabiy uni Odam Ato bilan bir deb bilib, uni ilohiy kalima yoki komil inson deb ataydi . Darhaqiqat, bu jahonning borligi va mavjudligining sababining har ikkisi ana shu komil inson borligi tufaylidir. 
Xudo “surati” va unga o‘xshab yaratilgan komil inson talqini yana Hallojga qaytishni taqozo etadi va tasavvufning Xudo va inson o‘rtasidagi aqliy tafsirida muhim vazifani bajaradi. Ibn Arabiy lohut va nosutni bir-biridan farq qiluvchi ikki tabiat, deb tushunadi. Lohut o‘zining yashiringanlik jihatidan har ikki mavjudning ichki mohiyatiga muvofiqdir, nosut esa tashqi jihatdan zohirdir. Falsafa istilohida birinchisi javharga muvofiq kelsa, ikkinchisi orazdir. “Haq”ning namoyon bo‘lishi insonda o‘z avjiga chiqadi . Shunga binoan inson kichik olam yoki barcha yaratilgan narsalarning xulosasidir. U katta olamning barcha kamolotini, hamda ilohiy zotning kamolo¬tini ham tajassum ettiradi. Ana shu dalilga muvofiq inson Qur’onda keltirilgandek, xudoning yerdagi xalifasi, ya’ni noibi sifatida saylangandir. 
Shunday qilib, islom aqidasiga muvofiq keladigan tasavvufni nazariy jihatdan asoslash ikki ulkan ilohiyotchi Abu Homid G‘azzoliy va Ibn Arabiy hissasiga tushdi. Ular o‘zlarining keng qamrovli dunyoqarashlari tufayli ushbu vazifani sharaf bilan bajardilarki, natijada ularning asarlari keng ommaga ham, ziyolilarga ham ma’qul tushdi. 


Download 2.19 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   94   95   96   97   98   99   100   101   ...   171




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling