Safarova muattarning
-Mavzu: Ma’naviyatning rivojlanish qonunlari
Download 373 Kb.
|
Ma\'naviyatshunoslik mustaqil ish
- Bu sahifa navigatsiya:
- 3.Ma’naviyatning rivojlanish qonunlarining bir-biridan ajralgan holda mavjud bo‘lmasligi va alohida faoliyat ko‘rsatmasligi.
2-Mavzu: Ma’naviyatning rivojlanish qonunlari.
Reja:1.Ma’naviyat rivojlanishining umumtamadduniy (sivilizatsion) taraqqiyot darajasiga bog‘liqlik qonuni. 2.Ma’naviyat rivojlanishining ijtimoiy ong va ijtimoiy munosabatlar rivojlanish darajasi bilan o‘zaro bog‘liqlik qonuni. 3.Ma’naviyatning rivojlanish qonunlarining bir-biridan ajralgan holda mavjud bo‘lmasligi va alohida faoliyat ko‘rsatmasligi. Ijtimoiy-ma’naviy ehtiyojlarni mazmuniga, vazifalariga, ahamiyatiga, muayyan ijtimoiy ong shakliga mansubligiga qarab ikki guruhga bo‘lish mumkin: 1. Umumma’naviy ehtiyojlar, ya’ni ma’naviyat yaxlit tizim, bus-butunlik sifatida taqozo etadigan va vujudga keltiradigan ehtiyojlar. 2. Ma’naviyatning nisbatan alohida mustaqil tarkibiy qismlari sifatida ijtimoiy ong shakllari taqozo etadigan va vujudga keltiradigan ehtiyojlar. Birinchi guruhga mansub ehtiyojlar quyidagilardan iborat : a) inson o‘z tabiatini (mohiyatini) takomillashtirish ehtiyojlari; b) insonning o‘z ijtimoiy yaratuvchilik imkoniyatlarini (salohiyatini) o‘stirish ehtiyojlari; v) insonning shaxs sifatida o‘z qobiliyatlarini, imkoniyatlarini yuzaga chiqarish ehtiyojlari; g) insonning o‘z erkinlik darajasini orttirib borish ehtiyojlari. Inson – o‘z oldiga ongli maqsad qo‘yib, mehnat qiladigan, tabiatni, jamiyatni va o‘z-o‘zini qayta yaratadigan mavjudot. Inson yaratuvchilik faoliyatini takomillashtirish uchun muttasil amaliy va nazariy bilimlarini, mehnat va ijod ko‘nikmalarini, hayotiy tajribasini o‘stirib borishi talab etiladi. Bular jamiyatda ta’lim-tarbiya tizimi vujudga kelishini va jamiyat bilan birga rivojlanib borishini taqozo etgan. Ota-ona bolasiga yoshlikdan mehnat qilishni, yashash qoidalarini, aka-ukalari, qo‘ni-qo‘shnilari, tengdoshlari, do‘stlari, tanish-bilishlari bilan ahil bo‘lishni, bir-birini qo‘llab-quvvatlashni, oilada, mahallada, jamoatchilik joylarida intizomni saqlashni, xushmuomalalikni, urf-odat, an’analar uchun ma’sul bo‘lishni, ularga itoat etishni o‘rgatadi. Bolada jamoaviylik tuyg‘ulari, mas’uliyat, muloqot, boshqalar bilan birga yashash va mehnat qilish meyorlari asta-sekin qaror topadi. Bu uning ijtimoiylashuvidir. Ikkinchi guruhga ijtimoiy ongning alohidalashgan shakllariga oid ehtiyojlar tizimi kiradi: a) etiqodiy, ya’ni ilmiy-falsafiy va diniy ehtiyojlar – narsa va hodisalarning, jamiyat va insonning, abadiyat va foniylikning mohiyatini anglashga intilish, hayotning ma’nisini, yashashdan maqsadni bilish; b) axloqiy ehtiyojlar – ezgulikka, insonparvarlikka, vatanparvarlikka intilish, vijdon talablariga mos yashash; baxtli turmush kechirish (gedonizm); v) estetik ehtiyojlar – go‘zallikka intilish, hayotni, tabiat va jamiyatni go‘zallashtirish (“go‘zallik qonunlari bo‘yicha” qayta yaratish), go‘zallikdan zavq-shavq tuyish, huzur-halovat olish (evdemonizm), nozik didli, nozik ta’bli inson bo‘lish, ijod qilish; g) huquqiy ehtiyojlar: adolatni qaror toptirish, insonni, jamiyatni har xil adolatsizlik, zo‘ravonlik va ekstremistik tajovuzlardan himoya qilish, inson huquqlarini, qonun ustuvorligi va barchaga birdayligini har tomonlama ta’minlash; d) siyosiy ehtiyojlar – huquqiy-demokratik davlat, ochiq fuqarolik jamiyati qurish, demokratiya va ijtimoiy adolatga asoslangan boshqaruv tizimini yaratish va uzluksiz takomillashtirib borish, davlat va fuqaro, jamiyat va shaxs manfaatlarini uyg‘unlashtiradigan ijtimoiy-siyosiy va huquqiy mexanizmni ishlab chiqish va doimiy ravishda takomillashtirib borish; y) boshqa ijtimoiy-ma’naviy ehtiyojlar. Ular oilani mustahkamlash, urf-odatlar, marosim, an’analarni takomillashtirish, ta’lim va sog‘liqni saqlash, madaniyat va sportni rivojlantirish, axborot olish, hordiq chiqarish, bo‘sh vaqtni mazmunli o‘tkazish va ko‘plab shu kabilardan iborat. Xulosa qiladigan bo‘lsak, jamiyat taraqqiyoti jarayonida sog‘lom ijtimoiy-ma’naviy ehtiyojlar muttasil o‘sib borishi ma’naviyat yuksalishi qonunlaridan biridir. Ehtiyojlar yuksalmasa, inson hayvonot olamidan, jamiyat tabiatdan ajralib chiqa olmas edi. Jamiyatning gurkirab rivojlanishi bevosita yoki bilvosita sog‘lom ehtiyojlar yuksalishiga, turg‘unlikka tushib qolishi, inqirozga uchrashi, xato g‘oyalar tomon og‘ib ketishi (siyosiy va diniy ekstremizm ta’sirida) o‘smay qolishiga yoki nosog‘lom ehtiyojlar ustunlik qilib ketishiga bog‘liq. Ehtiyojlar yuksalishi va jamiyat rivojlanishi dialektik birlikni tashkil etadi. Ma’naviy hayotning mazmunini, shaklini va o‘ziga xosligini ko‘pincha jamiyat umumiy taraqqiyotining erishilgan darajasi belgilaydi. Ushbu qonun ma’naviyatni jamiyatning moddiy hayotidan ajratmasdan, uni Yaratganning sir-asrori deb emas, balki rivojlanuvchi ijtimoiy hodisa sifatida tushunishda katta ahamiyatga ega. Agrar jamiyatda yashagan kishining dunyoqarashi, qadriyatlar tizimi, hayotga munosabati, ma’naviyatining eng yuksak ko‘rinishi o‘rta asrlar taraqqiyot darajasiga mos. Uni sanoat, texnika, transport va aloqa tizimi taraqqiy etgan, radio, televideniye, kompyuter, internet zamonida yashaydigan zamonaviy kishilarniki bilan taqqoslash mumkin emas. Umumtamadduniy (sivilizatsion) taraqqiyot darajasi odamlarning dunyoqarashini, tafakkurini, mavjud jamiyatga beradigan bahosini, munosabatini, jamiyatning ilm-fanini, adabiyotini, madaniy saviyasini belgilaydi. Ular asosida qadriyatlar, ijtimoiy meyorlar qaror topadi. Bu jamiyat faoliyat ko‘rsatishi va rivojlanishing umumiy qonuni – moddiy va ma’naviy hayot mushtarakligi, o‘zaro chambarchasligi qonunining voqe bo‘lishidir. Ma’naviyat rivojlanishiga ijtimoiy-siyosiy muhit, boshqaruv rejimi, huquqni talqin qilish va qo‘llash amaliyoti kuchli ta’sir ko‘rsatadi. Bular, ma’lumki, muayyan tamaddun xususiyatlaridan kelib chiqadigan ijtimoiy hodisalardir. Kelgusi mavzuda ko‘rib chiqadigan ijtimoiy ong shakllari va ularning madaniyatda yuzaga chiqishi ham tamaddun rivoji darajasi tomonidan taqozo etiladi va, aksincha. Masalan, axloq - tamaddun mahsuli, uning meyorlari, kategoriyalari, tushunchalari mazmuni jamiyatdagi mavjud munosabatlarni tartibga solish zarurati bilan bog‘liq. Ayni paytda axloqiy madaniyat qanchalik yuksalsa, odamlarning bir-biriga ishonchi, mehr-oqibati shuncha mustahkamlanadi, ijtimoiy muhit shuncha yaxshilanadi. Bu esa sivilizatsiya taraqqiyoti uchun juda zarur mafkuraviy-psixologik shart-sharoit yaratadi. Aksincha, ma’naviyatning moddiy-iqtisodiy, ilmiy-texnologik asoslari yuksak rivojlangan bo‘lishiga qaramasdan, axloq inqirozga uchrasa, butun ma’naviyatga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Sivilizatsion taraqqiyotni oqibatda inqirozga mahkum etadi. Ma’naviyat bus-butunlik, yaxlit tizimdir. Ijtimoiy ong shakllari esa uning tarkibiy qismlari, tuzilmalaridir. To‘g‘ri, butunlikning barcha qismlari, tizimning barcha tarkibiy tuzilmalari birdek, bir tekis rivojlanmaydi. Ayrimlari ortda qoladi, ayrimlari ilgarilab ketadi. Ammo ular o‘rtasida o‘ziga xos dinamik muvozanat qaror topadi. Lekin qismlar, tarkibiy tuzilmalar rivojlanishda bir-biridan tamomila uzilib qolmaydi. Har qanday qonun, aloqa, zarurat namoyon bo‘lishi negizida meyor turadi. Meyor buzilsa, qonun ishlamaydi, hodisa o‘z teskarisiga aylanadi. Ijtimoiy ong muayyan shaklining ma’naviyat tizimidagi o‘rnini, ahamiyatini aniqlashda meyorga rioya qilish nihoyatda muhim. Ma’naviyat yaxlit tizim sifatida rivojlanishi uchun uning tarkibiy qismlari rivojlanishi kerak. Har bir tarkibiy qism rivojlanishi ma’naviyatning yaxlit tizim sifatida rivojlanishiga ham, bu tizimga kiruvchi boshqa qismlar rivojlanish ham (biriga ozroq, biriga ko‘proq) yordam beradi. Ularning ayrimlarini ko‘rib chiqamiz. Xulosa qilish lozimki, ilm-fan rivojlanishi diniy-etiqodlar o‘zgarishiga bilvosita, dunyoviy etiqodlar rivojlanishiga bevosita ta’sir ko‘rsatgan. Fan va din o‘rtasida asrlar mobaynida davom etgan bahs, odamlar ongi, dunyoqarashi uchun kechgan kurash ma’naviyat rivojlanishi ziddiyatli bo‘lishiga olib kelgan. Ba’zan unda meyor buzilib, fanga bepisand qaralsa, din ustunlik qilsa, mutaassiblik unsurlari, xurofot va bid’at ko‘paygan. Bu turg‘unlikka sabab bo‘lgan. Ba’zan ilm-fan yutuqlari oldida dinning keskin qarashlari yumshagan, mo‘tadillik kasb etgan. Ma’naviyat bunday paytlarda gurkirab o‘sgan. Ijodkorlik, erkinlik yuksalgan. Ammo fan ijtimoiy ongning boshqa shakllaridan ajralib qolsa, yoki ularga qarshi qo‘yilsa (meyor buzilsa), ilmiy qarashlar birdan-bir ustuvor e’tiqod hisoblansa, ma’naviyat uchun yana xavf tug‘iladi. Texnokratik qarashlar ustunlik qilib, an’anaviy mumtoz qadriyatlarga, milliy madaniyatga bepisandlik jonlanadi. Fanning ba’zi yutuqlari va kashfiyotlari insoniyatga xavf sola boshlaydi. Buni esdan chiqarmaslik kerak. Yuqoridagilardan ilm-fanning ijtimoiy ong shakli sifatida ma’naviyatga ta’siri oydinlashadi. Huquqiy va siyosiy ong yuksalishi jamiyatda inson huquqlari va erkinliklari, demokratiya va fuqarolik jamiyati asoslarini mustahkamlaydi. Va, aksincha. Huquqiy va siyosiy ong turg‘unligi, mutaassibligi, erkin emasligi jamiyat ma’naviyatini kuchsizlantiradi. Tafakkur erkinligi, so‘z va e’tiqod erkinligi, inson huquqlari va erkinliklari darajalari jamiyat ma’naviy taraqqiyotining muhim ko‘rsatkichlaridan hisoblanadi. Totalitar jamiyatda biz na tafakkur erkinligiga, na inson huquqlari va erkinliklari yetarlicha ta’minlanishiga, na fikrlar va mafkuralar xilma-xilligiga guvoh bo‘lamiz. Hamma bir xil fikrlashi, o‘ylashi va yashashi, bir g‘oyaga, bir dohiyga sig‘inishi zarur. Totalitar jamiyat ma’naviyati o‘ta cheklangan, biryoqlama, u sun’iy puflab shishirilgan ma’naviyatdir. Ma’naviyat rivojlanishi, ko‘rinib turibdiki, moddiy-tamadduniy taraqqiyotdan tashqari, odamlarning dunyoqarashi kengayishi, ilmiy-falsafiy va diniy e’tiqodi, bilimlari o‘sishi, ongi xurofotlarga, bid’atga, turli irim-sirimlarga qaram bo‘lib qolmasligiga, ilmiy, badiiy tafakkuri, huquqiy va axloqiy ong o‘sishiga ham bog‘liq. Ko‘rib chiqilayotgan qonunning yana bir jihati bor. Ijtimoiy ong shakllari ma’naviyatga yaxlit tizim sifatida ta’sir ko‘rsatishdan tashqari, uning doirasida bir-biri bilan chambarchas bog‘langan va o‘zaro bir-biridan ta’sirlanadi. Bu aloqadorlik ancha murakkab, ziddiyatlarga to‘la, ijobiy jihatlar qatorida salbiy jihatlarga ega. Ular o‘zaro ta’sirining ijobiy jixatlari ma’naviyatga tizim sifatida barqarolik bag‘ishlab, yaratuvchilik salohiyatini oshirsa, salbiy jixatlari, aksincha, beqarorlik tug‘dirib, yaratuvchilik salohiyatini pasaytiradi. Masalan, zamonaviy g‘arb axloqi va huquqining oila, nikoh masalalarida ko‘pchilik an’anaviy fundamental qadriyatlarni, meyorlarni inkor qilishi, o‘ta “liberallashishi” jinsiy aloqalarning tizginsizligiga, fuqarolik nikohlarining ko‘payishiga, birjinsli nikohlarning ayrim davlatlarda qonunlashtirishiga, korporativ guruhiy oilalar (“shvedcha” oilalar) ko‘payishiga olib keldi. G‘arb ma’naviyatida huquqiy ong, amaliy formal huquq birinchi o‘ringa chiqib, axloqiy ong, amaliy axloq (axloqiy madaniyat) ikkinchi o‘ringa surildi. Bu mumtoz axloqiy qadriyatlarning deformatsiyaga uchrashiga sabab bo‘ldi. Yosh avlod ta’lim-tarbiyasi qanday bo‘lishi lozim, ayniqsa bog‘cha va maktablarning boshlang‘ich sinflarida bolalarni jinsiy identlik va mo‘ljal masalalari, birjinsli oilalar bolalarini “ota-ona” kim degan masalalar va h.k. bo‘yicha qanday tarbiyalash lozim degan bahslarni tug‘dirdi. Bular va feministik harakat bolalar va o‘smirlar tarbiyasini, jamiyatning ushbu masalalarga munosabatini, qarashlarini, axloqini tobora boshi berk ko‘chaga yetaklamoqda. Axloqiy “tolerantlik” inson huquqlarini formal va vulgar antropotsentristik, egotsentristik tushunishga olib kelmoqda. Bundan butun ma’naviyat beqarorlashmoqda. Axloqiy, huquqiy, siyosiy ong yagona ma’naviyat tizimida boshqalarga ta’sir ko‘rsatish barobarida o‘zlari ham ilm-fanga, falsafaga tayanishi zarur. Ilm-fanga, ilmiy tadqiqotlar va xulosalarga tayanmagan axloqda avtoritar meyorlar, anaxronik (o‘z umrini yashab bo‘lgan) qarashlar, urf-odatlar saqlanib qoladi. Huquq esa g‘arazli subyektiv talqin qilinadigan, hamma uchun birdayligini yo‘qotgan, adolatsizlik unsurlari ko‘p, eklektik huquqqa aylandi. U totalitar davlatga, avtoritar boshqaruvga yoki, aksincha, oxlokratik boshboshdoqlikka, anarxiyaga yo‘l ochadi. Siyosatning ilm-fanga asoslanishi ham juda muhim. Aks holda u diktatura, volyuntarizm, yoki aniq strategiyaga ega bo‘lmagan tavakkalchilik tomon og‘ib ketishi mumkin. Uch holda ham ma’naviyat zarar ko‘radi. Oydinlashmoqdaki, yaxlit ma’naviyat tizimida ijtimoiy ong shakllarining bir-biriga ta’siri, bir-birini boyitishi, meyorlari va qadriyatlarini o‘zaro muvofiqlashtirishi katta ahamiyat kasb etadi. Download 373 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling