Said ahmadning “jimjitlik” romanida sinonimlarning qoʻllanilishi


Download 29.61 Kb.
Sana17.07.2020
Hajmi29.61 Kb.
#124093
Bog'liq
4.Kibriyo Xakimova Erkinjon qizi


SAID AHMADNING “JIMJITLIK” ROMANIDA SINONIMLARNING QOʻLLANILISHI

Xakimova Kibriyo Erkinjon qizi

Andijon davlat universiteti talabasi

93 785 96 73


Annotatsiya: Ushbu maqolada Said Ahmadning “Jimjitlik” trilogiya leksik tahlilga tortilgan. Asarda qoʻllangan sinonimlar izohlanga. Sinonimlar orqali ijodkorning obrazlar harakterini ochishdagi mahorati yoritilgan. Nutq ra’sirchanligida sinonimlarning ahamiyatiga e’tibor qaratilingan.

Kalit soʻzlar: Said Ahmatning “Jimjitlik” asari, sinonimlar, emotsional-ekspressiv, estetik ta’sir, parallelism, figura, stilistika, obrazlar tizimi.


Badiiy nutq obrazli va emotsional-ekspressiv ifodalilikka ega ekan, bunda 

tilning kommunikativ funksiyasi bilan emotsional-ekspressivlilik funksiyasi

qoʻshilib ketadi. Shunday ekan, badiiy asarni idrok qilish til qurilishini anglash 

orqali amalga oshiriladi. «Badiiy nutq stili avtorlarga asarning estetik ta’sirini kuchaytirish uchun tilning barcha leksik va grammatik vositalaridan ustalik bilan foydalanish, tanlash, shuningdek, yangidan-yangi ifoda vositalari yaratish imkonini beradi»1.

Yozuvchilarning til vositalaridan foydalanishdagi individual ijodiy mahorati turlichadir. Badiiy asar tili va yozuvchi uslubini oʻrganishda, koʻpincha, leksik, frazeologik vositalar, badiiy tasvir vositalari, ijodkorning okkazional soʻz va ibora yaratish mahorati kabi masalalar oʻrganiladi–yu, ularning fonetik va grammatik xususiyatlari e’tibordan chetda qoldiriladi. Lekin Said Ahmad asarlari tahliliga jiddiy yondashilsa, tilning barcha sathlari uchun ham boy poetik material bera olishi kuzatiladi. Said Ahmad asarlari tahlili jarayonida leksik unsurlardan unumli foydalanganligining guvohi boʻlamiz. Ayniqsa, uning soʻz qoʻllash san’ati diqqatga sazovordir. 

Ma’nodosh soʻzlar tilning lugʻaviy jihatdan boylik darajasini koʻrsatib beruvchi oʻziga xos vositadir. Tilda ma’nodosh soʻzlarning koʻp boʻlishi tilning estetik vazifasini yanada toʻliq bajara olishini osonlashtiradi. Bu juda qadim zamonlardan beri anglangan, idrok etilgan va oʻrganilgan. Yozuvchilar tilimizdagi ma’nodosh soʻzlar ichidan tasvir maqsadi va ruhiga muvofiq keladigan aniq soʻzni topib oʻz asarlarida qoʻllashga harakat qiladilar, shu tariqa, qahramonlar ruhiyati hamda tasvir obyektining eng kichik qirralarigacha real koʻrsatib berishga intiladilar. Badiiy matndagi sinonimlar tahlilida, asosan, ikki jihatga e’tiborni qaratish zarur. Ulardan biri muallifning ikki yoki undan ortiq ma’nodosh soʻzdan ifodalanayotgan mazmun uchun eng maqbulini tanlash boʻlsa, ikkinchisi ayni bir matn tarkibida ikki yoki undan ortiq ma’nodosh birliklarni badiiy tasvir maqsadiga uygʻun holda qoʻllashi masalasidir2.

Sinonimlar yunoncha synonymos – bir nomli ya’ni bir umumiy ma’noga ega boʻlgan, qoʻshimcha ma’no ottenkasi, uslubiy boʻyogʻi, qoʻllanishdagi xususiyati va shu kabi belgilari bilan farqlanadigan soʻzlar3. Said Ahmad asarlari tahlilli jarayonida quyidagi oʻrinlarda ma’nodosh soʻzlarni uchratdik.

Osmon xuddi bolaligidagidek tiniq. Sanoqsiz yulduzlar bir- birlari bilan imlashadi. Ular Tolibjonni koʻk bagʻriga chorlayotganga oʻxshaydi. Togʻ ortidan koʻtarilgan barkashdek oy bir gala bulutni haydab chiqdi. Tolibjon
kiprik qoqmay osmonga tikilib yotibdi. Kecha shu qadar jimjitki, hatto keksa
qayragʻochda mudragan chumchuqning iniga sigʻmay tipirchilagani ham eshitiladi [“Jimjitlik”, 6-bet]. Ushbu oʻrinda osmon, koʻk bagʻri leksemalari oʻzaro ma’nodoshlikni yuzaga keltirgan. 

Ma’lumki, har bir lingvistik vosita badiiy nutqda nominativ vazifa bajarish bilan birgalikda uslubiy vosita ham boʻla olishi mumkin. Sintaktik figuralar jonli til tabiatidan kelib chiqadigan nutqiy hodisalar boʻlib, badiiy nutqda muayyan uslubiy maqsadni yuzaga chiqarishga xizmat qiladi. Chunki badiiy asarda til birliklari muallif tomonidan kommunikativ ta’sir maqsadida tanlab olinadi va shu jarayonda adibning individual faoliyati namoyon boʻladi. PARALLELIZMda strukturasi bir xil boʻlgan sintaktik birliklar ketma-ket kelib, ikki va undan ortiq oʻxshash xodisalar bir-biriga qiyoslanadi. Parallelizm sintaktik simmetriyani hosil qilib, ifodalilikni kuchaytiradi.


Tolibjonning esida onasining semiz, goʻshtdor qoʻlida kumush bilaguzugi koʻrinmay ketgandi. Oʻsha qoʻllar endi juda ingichka juda nimjon boʻlib qopti. [“Jimjitlik”, 8- bet]. Ushbu oʻrinda semiz, goʻshtdor va ingichka, nimjon leksemalari oʻzaro sinonimlikni yuzaga keltirgan. Lekin bu oʻrinda semiz, goʻshtdor leksemasi ingichka, nimjon leksemasiga nisbatan antonimlikni hosil qilgan. Bir oʻrinda ham sinonimiya, ham antonimiyani yuzaga keltirish yozuvchi mahoratining bir koʻrinishidir. Said Ahmad asarlari tadqiqi jarayonida tildagi tayyor sinonimlardan foydalanib qolmasdan yozuvchidan juda katta mahorat talab qiluvchi kontekstual sinonimlar ham uchraydi. U qadrdonini bagʻriga bosarkan, biron ogʻiz soʻz aytishga tili aylanmasdi. Shu topda ham quvonch,ham buyuk bir andisha tilini tanglayiga yopishtirib qoʻygandi.[“Jimjitlik”,16-bet]. Odamzod qiziq boʻladi. Oʻy oʻylab topolmagan, xayolingga ming uringaning bilan keltirolmagan umringni yo
azob, yo quvonch,yo andisha paytlarida lop etib bir daqiqada koʻrasan. Oʻtgan umring koʻz oldingdan juda tiniq, juda aniq boʻlib oʻtadi. “Quvonch” leksemasining bosh ma’nosi “quvonish his-tuygʻusi, xursandlik” [OʻTIL V, 362]. “Andisha” leksemasining bosh ma’nosi “ketini, oqibatini oʻylab yoki yuz xotir qilib yuritilgan mulohaza” [OʻTIL I, 84].

Said Ahmad ijodida koʻchim [trop]lar bilan birgalikda uslubiy-sintaktik figuralarning ham emotsional-ekspressiv ma’nolarni shakllantirishga qaratilgan stilistik imkoniyatlaridan keng foydalanilgan.



Tolibjon ona ovozidan mast edi. Bolalik yillaridagidek uning bagʻrida erkalangisi, yuzlarini yuzlariga qoʻyib ishqalagisi keldi. Butun xoʻrliklarini, alamlarini toʻkib solgisi keldi. [“Jimjitlik”, 7- bet].

Xudoyo xudovando, shu odam xonavayron boʻlsin! Shu eshikdan lopillab tobutlar chiqsin! E xudo, borliging rost boʻlsa, shu odamni



baxtiqaro qil! Umri xorlikda, zorlikda oʻtsin, omin! [“Jimjitlik”, 46- bet]. 

Ushbu gapda xoʻrliklarini, alamlarini, xorlikda, zorlikda sinonimlarini qator qoʻllash orqali ta’kidni kuchaytirishga erishilgan.



U Toshkent shahar partiya komitetida boʻlim boshligʻi boʻlib ishlardi. Bir soʻzligi, oʻjarligi birovga yoqib, birovga yoqmay yurardi. Toʻgʻri soʻz, fikrida sobit Tolibjon patiya safiga oʻtganda keksa kommunistlar: “Hamisha shunday boʻling, haqiqat yoʻlidan aslo chekinmang”, deb kafolat berishgandi [“Jimjitlik”,9-bet]. 

Ushbu misolda esa sinonimlarning ma’no nozikligiga koʻra bir-biridan farqlanishiga guvoh boʻlamiz. Bir soʻzlik, fikrida sobitlik ma’no nozikligiga koʻra bir guruhga kiradi, lekin toʻgʻri soʻzlik va oʻjarlik boshqa semalarga ham ega. Oʻjarlik soʻzi kundalik nutqimizda salbiy ma’noga ega soʻz hizoblanadi. Bunday soʻzlarni sinonimik qator qilib tera olish ijodkorning mahoratini yuksak ekanligining yana bir isbotidir.



Tolibjon boʻlayotgan ishlarni bilib, ba’zan tajang, ba’zan isyonkor tabiatini kuch bilan bosib yurardi. [“Jimjitlik”, 10- bet].

Luqmonov beti qattiqroq odam edi. Uni hozirgina minbardan sharmandalarcha tushirib yuborishdi. Profsoyuz lideri bilan tayyorlash ministri sha’niga juda xunuk, hatto ogʻizga olib boʻlmaydigan gapni minbardan turib baralla aytganida zalda toʻpolon boʻlib ketdi. [“Jimjitlik”, 10-bet].

Yuqoridagi misolimizda soʻz va soʻz birikmasini ma’no jihatdan tanglashish hodisasini koʻrishimiz mumkin. Xunuk - ogʻziga olib boʻlmaydigan gap. Bular matnda oʻzaro yonma-yon kelishi orqali ta’sirchanlikni yanada kuchaytirishga hizmat qilmoqda.



Oqsoqol nihoyatda bosiq, mulohazali odam. Dushman hududida koʻp marta xavfli vaziyatga tushib qolganda shu xususiyati – sovuqqonligi qoʻl kelgandi. [“Jimjitlik”, 11- bet].

Qaysi aybi uchun, qaysi beodobligi uchun? – dedi oqsoqol uning koʻziga qarab. - Chet elga yuborilganlar jazo oʻtash uchun yuborilmaganlar. [“Jimjitlik”, 11- bet].

Luqmonov, yoshligingizni eslang. Hammamiz ham bu yoshda oʻt-olov boʻlganmiz, sal narsaga pov etib yonib ketardim. [“Jimjitlik”, 12- bet].

Obbo, darvish-ey, obbo darbadar –ey, ot aylanib qozigʻini


topgandek yana yurtingni qoʻmsab kepsan-da. Ajab qipsan. Endi qochib boʻpsan. Boʻyningga arqon solib ishlataman. Undan keyin[“Jimjitlik”, 17- bet].

Darvish, darbadar soʻzlari makonsiz insonlarga nisbatan qoʻllaniladi. Yuqoridagi maqolimiz esa, makonidan ketgan va vaqtlar oʻtib makonga qaytgan insonlarga nisbatan qoʻllaniladi. Bir gap ichida ham zid, ham ma’nodosh soʻzlarni qoʻllash badiiy mahoratni yuksak darajada ekanligini koʻrsatib beradi.

Said Ahmad ijodida sinonim soʻzlarni va ularning ma’nolarini izohlovchi soʻz birikmalarini va gaplarni bir oʻrinda qoʻllash holatlarini koʻp kuzatishimiz mumkin. Ayni shu holat quyidagi misolimizda ham mavjud. Ishq soʻziga barcha turlicha ta’rif beradi. Said Ahmad ishqqa haligacha ta’rifi kashf qilinmagan rohat deya izoh beradi.



U ong bilan, aql bilan sevgandi. Bu xil sevgiga mubtalo boʻlgan kishining koʻp armonlari dilida qolib ketadi. Umrda bir martagina beriladigan ishq atalmish tuygʻumi, hissiyotmi, haligacha ta’rifi kashf qilinmagan rohat xuddi bir tadbirdek oʻtadi- ketadi. [“Jimjitlik”, 32- bet].

 Tolibjon bu gaplarni jimgina eshitarkan, ertalabdan beri koʻziga telba boʻlib koʻringan togʻa endi adolatsizlik, shafqatsizlik qurboni, iflos. jirkanch qoʻllar gʻijimlab tashlagan ayanchli bir kimsa sifatida namoyon



boʻldi. [“Jimjitlik”, 40- bet]. 

Tolibjon har tong ana shu manzaralarni tomosha qilgani chiqadi. Tiniq, chang – gʻubordan xoli, shaffof havo hech qanday ta’rifga sigʻmaydigan koʻrinishlardan Tolibjon huzur qilardi. Uning tarang tortilgan asablariga sokinlik halovat, orom berardi. [“Jimjitlik”, 53- bet]. 

Bola qilgan ishi gunohligini bilmay jilmaydi. Bir chiroyli jilmaydi. Begʻubor, shirin jilmayish edi bu. [“Jimjitlik”, 55- bet]. 

Yuqoridagi misollarda berilgan sinonim soʻzlar va sinonimik qator badiiy asarning, obrazlarning oʻquvchiga ta’sir doirasini yanada kuchaytirib qolmay, ularning soʻz boyligini oshirish uchun ham xizmat qiladi.

Ogʻzaki va yozma nutqda sinonimlarning katta amaliy ahamiyati bor. Sinonimlar nutqiy ta’sirchanlikka asoslanib, kitobxonning soʻz boyligini oshiradi. Sinonimlar til lugʻat sostavining qanchalik boy va rang-barangligini koʻrsatuvchi belgilardan biridir.

Xulosa qilib aytganda, ma’nodosh soʻzlar  leksemalarni oʻrinsiz takror ishlatishga yoʻl qoʻymaydi, badiiy nutq uslubining ravonligini ta’minlaydi, jumlalarning ixcham tuzilishiga keng yoʻl ochadi, semalarni oʻrganish jarayonida chuqur fikr yuritishga imkon beradi. Ma’nodosh soʻzlar badiiy adabiyotda muhim tasvirlash vositalaridan biri hisoblanib, yozuvchi ular yordamida qahramonlarning xarakter- xususiyatlarini, voqea-hodisalarni, manzaralarni, badiiy tasvirlarni aniq, ravshan va jonli qilib ifodalay oladi. Sinonimlar tildagi goʻzallik va rang-baranglikni roʻyobga chiqarishda muhim ahamiyatga egadir. Har bir kitobxon oʻz nutqini oʻstirishi, oʻz soʻz xazinasini boyitishi uchun sinonimlarni va ularning qoʻllanishini yaxshi bilishi, oʻrganishi va bu soʻzlardan unumli foydalana bilishi lozim. Said Ahmadning asarlari esa, kitobxonlarga shunday imkoniyatni yaratib bermoqda.

Foydalanilgan adabiyotlar roʻyhati.

Ilmiy adabiyotlar:

Hojiyev A. Tilshunoslik terminlarining izohli lugʻati. T.: “Fan”, 2002, 88b 

Oʻzbek tilining izohli lugʻati. I tom, T.: “Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi” Davla ilmiy nashriyoti, 2006 y, 680 b..

Oʻzbek tilining izohli lugʻati. V tom, T.: “Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti, 2008y, 592 b.

Yoʻldoshev M. Badiiy matn va uning lingvopoetik tahlili asoslari. T.: “Fan”, 2006, 45b 

Shomaqsudov A. va boshqalar. Oʻzbek tili stilistikasi. – T.,Oʻqituvchi, 1983. B.30.
Badiiy adabiyotlar:

1.Said Ahmad. Jimjitlik. “O`zbekiston”, T.: 2008.




1 Shomaqsudov A. va boshqalar. O’zbek tili stilistikasi. – T.,O’qituvchi, 1983. B.30.

2 Yo’ldoshev M. Badiiy matn va uning lingvopoetik tahlili asoslari. T.: “Fan”, 2006, 45b 

3 Hojiyev A. Tilshunoslik terminlarining izohli lug’ati. T.: “Fan”, 2002, 88b 

Download 29.61 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling