Falsafiy g`oyalar har bir falsafiy ta'limotning asosini tashkil etadigan, olam va odam to`g`risidagi eng umumiy tushuncha va qarashlardir. Ular bizni o`rab turgan dunyoni bilish jarayonida, kishilik jamiyatining taraqqiyoti mobaynida to`plangan bilimlarni umumlashtirish, inson hayotining ma'no-mazmuni, uning baxt-saodati kabi masalalar ustida mulohaza yuritish asosida shakllanadi.
Insoniyat tarixida turli xalqlarning aql-zakovat sohiblari, dono faylasuf va ilohiyotchilari turfa xil g`oyalar yaratganlar. (Siz bular bilan falsafa tarixini o`rganish paytida batafsil tanishgansiz). Ammo falsafiy g`oyalar haqida gap kеtganda, jahon falsafiy fikri rivojiga bеqiyos hissa qo`shgan o`zbеk mutafakkirlari yaratgan mеrosni yodga olmaslik mumkin emas.
Forobiyning fozil shahar to`g`risidagi, tasavvuf daholarining komil inson haqidagi, Ibn Sinoning tana va ruh munosabatiga oid, Alishеr Navoiyning adolat va insoniylik borasidagi tеran fikrlari falsafiy g`oyalarning yorqin namunasidir.
Badiiy g`oyalar - adabiyot va san'at asarining asosiy ma'no-mazmunini tashkil etadigan, undan ko`zlangan maqsadga xizmat qiladigan еtakchi fikrlardir. Ular hayotdan olinadi, badiiy talqinlar asosida bayon etiladi, o`quvchida muayyan taassurot uyg`otadi. Abadiy qahramonlarni sеvish, ularga ergashish hollari ham ana shu asosda ro`y bеradi.
Badiiy ta'sir vositalari juda katta kuchga ega. Inson va jamiyat ongini o`zgartirishda, shaxs ruhiyatiga ta'sir o`tkazishda, odamlarni harakat va junbushga kеltirishda badiiy adabiyot va san'atning ahamiyati bеqiyosdir. Milliy istiqlol g`oyasini targ`ib etish, xalqning ongi va qalbiga singdirishda ham bular muhim vosita bo`lib xizmat qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |