Diksiya. Talaffuzning aniqligi, ravshanligi. Diksiya bu har bir so’z, jumlani aniq talaffuz etishdir. Talaffuzning aniqligi nutq apparatining sofligi, ya’ni sozlanganligiga bog’liq. Nutq hosil qilishda til, lab, yumshoq tanglay, kichik til, pastki jag’ faol qatnashadi. Shuning uchun ularni mashq qildirish darkor. Buning uchun maxsus artikulasion gimnastikalardan foydalanish mumkin. Bunday mashqlar nutq apparatini sozlaydi, har bir tovushni to’g’ri talaffuz qilishga o’rgatadi. Masalan, tilning chuchukligini mashq orqali tuzatish mumkin. Buning uchun til yuqori tanglay ostiga qattiq bosiladi. Gugurt cho’pi bilan talaffuz qilish orqali ham bunday natijaga erishsa bo’ladi.
Nutq, talaffuz diksiyasini pantomimik va mimik harakatlar bilan uyg’unlashtirish
Nutqning cho’ziqligi, davomiyligi alohida so’zlarning talaffuzi, uning ritmik tezligini tashkil etadi. Uning tezligi o’qituvchining individual xususiyatlariga bog’liq bo’ladi. Tajribalar shuni ko’rsatadiki, V-XI sinflarda 1 minutda 60 so’z, X sinflarda 75 so’z bayon qilinganda o’quvchilarning yaxshi o’zlashtirishga erishishi aniqlangan.
O’quv materiallarining murakkab qismi, bo’limlarini asta-sekinlik bilan, qolganlarini esa ritmik tezlik bilan uyg’unlikda tushuntirilishi lozim. O’quvchi qanchalik hayajonlansa, o’qituvchi shuncha sekin va xotirjam vaziyatda gapirishi katta samara beradi. Nutq jozibadorligi va boyligini oshirish uchun maxsus mashqlardan foydalanish tavsiya qilinadi. Bular: nafas olishni tashkil qilish, talaffuzini o’rganish, nutq sur’atini boshqarish, ovoz bog’lanishlarini mustahkamlash va boshqalardir. O’qituvchi nutqi tiniq, mazmunli, jarangli, aniq, o’quvchilar diqqatini o’ziga tortadigan, fikrlashga da’vat etuvchi, o’quvchini to’lqinlantiruvchi, uning uyqusini keltirmaydigan bo’lishi lozim.
Agar nutq tezligiga ritm deyilsa, uning cho’ziq yoki qisqalik jihatdan muayyan o’lchovga egaligiga vazn deyiladi. Masalan, she’riy asarlarning vazni: aruz, barmoq, oq she’r kabilar.
O’qituvchi o’z nutqini, talaffuz va diksiyasini pantomimik, mimik harakatlar bilan uyg’unlashtira olsa va shuning bilan birga chuqur kasbiy bilimlar zahirasiga ega bo’lsa, bunday o’qituvchini mohir usta, ustoz o’qituvchi deb atash mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |