I. Tashkiliy qism: a) o’quvchilar bilan salomlashish:
b) davomatni aniqlash:
v) she’riy daqiqa.
II. O’tgan mavzuni so’rash.
a) yakka tartibda (tarqatmali savollar asosida)
b) ommaviy tarzda (uy vazifasi nazorati)
III.Yangi mavzu bayoni.
Navoiy o‘z salaflarining yuksak san’atkorligini sharaflaydi, ularning adabiy tajribalaridan ta’lim olganligini e’tirof qiladi. Dostonlarning muqaddima qismida ustozlariga bag‘ishlab maxsus boblar yozib, ularni ulug‘laydi. Mas’uliyatli bu ishda ularga ruhan suyanadi va «Yo‘ldasa bu yo‘lda Nizomiy yo‘lim, Qo‘ldasa Xisrav bila Jomiy qo‘lim», - deb madad tilaydi. Biroq Navoiy oldingi xamsanavislarni takrorlamaydi yoki ularga ko‘r-ko‘rona taqlid qilmaydi. O‘z oldiga yangi, o‘ziga xos «Xamsa» yaratish vazifasini qo‘yadi. Buni muallif «Xamsa»ning bir necha o‘rnida ochiq-oydin ta’kidlaydi. Jumladan, u «Farhod va Shirin» dostoni muqaddimasida shunday yozadi: «Ani nazm etki, tarhi toza bo‘lg‘ay, Ulusqa mayl beandoza bo‘lg‘ay. Yo‘q ersa nazm qilg‘onni xaloyiq Mukarrar aylamak sendin ne loyiq?»
Bu misralari orqali Navoiy «Xamsa» yozishdagi belgilab olgan o‘z yo‘riqlarini bayon etadi: Shunday asar (nazm) - doston yozginki, o‘ziga xos (tarhi toza) bo‘lsin, o‘qigan odamlarga (ulusqa) yangi, boshqa asarlarga o‘xshamas (beandoza)ligi sezilib tursin. Aks holda (yo‘q ersa), asari o‘zgalar (xaloyiq) yozgandek bo‘lsa, bunday takrorlash (mukarrar) senga loyiq emas. Yaxshisi, bunday asar yozmagan ma’qul. Lekin bu oson ish emas. Buning uchun Yaqin va O‘rta Sharq o‘lkalarida qalam mislsizligi e’tirof etilgan Nizomiy va Dehlaviy bilan ijodiy bahsga kirishishi lozim bo‘ladi. Bu juda katta bilim va yuksak adabiy didni, iste’dod hamda mashaqqatli mehnatni talab etar edi. Bu haqida «Farhod va Shirin»da yozadi:
Emas oson bu maydon ichra turmoq,
Nizomiy panjasig‘a panja urmoq.
Kerak sher ollida ham sheri jangi,
Agar sher o‘lmasa, bore palangi.
Haqiqatdan ham Nizomiydek nazm she’ri ila maydonda turmoq oson emas. U bilan bahslashish (panjasiga panja urmoq) uchun sher yoki hech bo‘lmasa, yo‘lbars (palang) bo‘lmog‘i darkor. Navoiy sher bilan tenglashadigan sher bo‘ldi. U og‘ir va mas’uliyatli vazifani muvaffaqiyat bilan ado etdi. Nihoyat qisqa bir muddat - ikki yil (1483 — 1485) davomida 51 ming misradan ortiq besh dostonni yozib tugalladi. U 1483- yilda «Hayrat ul-abror» falsafiy-ta’limiy dostonini, 1484- yilda uch asarni: «Farhod va Shirin» hamda «Layli va Majnun» ishq qissalarini, «Sab’ai sayyor» ishqiy-sarguzasht dostonini, 1485- yili esa «Saddi Iskandariy» qahramonlik dostonini yaratdi.
“Xamsa” – Navoiy dahosining mahsuli, ayni paytda millatimiz tafakkur ko‘lami hamda ma’naviy qudratining timsoli. Yurtboshimiz ta’kidlaganidek: “Alisher Navoiy xalqimizning ongi va tafakkuri, badiiy madaniyat tarixida butun bir davrni tashkil etadigan buyuk shaxs, milliy adabiyotimizning tengsiz namoyondasi, millatimiz g‘ururi, sha’nu-sharafini dunyoga tarannum qilgan o‘lmas so‘z san’atkoridir. Ta’bir joiz bo‘lsa, olamda turkiy va forsiy tilda so‘zlovchi biron-bir inson yo‘qki, u Navoiyni bilmasa, Navoiyni sevmasa, Navoiyga sadoqat va e’tiqod bilan qaramasa”. Chunki Navoiyni bilish o‘zlikni bilish, Navoiyni sevish millatni sevish, Navoiyga sadoqat eng ezgu insoniy qadriyatlarga sadoqat demakdir
Do'stlaringiz bilan baham: |