Sanoat xavfsizligida expertlar vazifalari
Download 29.69 Kb.
|
1 2
Bog'liqSanoat xavfsizligi sohasida expert tashkilotlari. Expertlar assa
- Bu sahifa navigatsiya:
- Adabiyotlar
ekspert tashkiloti — ekspertizani amalga oshiradigan, belgilangan tartibda akkreditatsiya qilingan tashkilot;
ekspertiza obyektlari — xavfli ishlab chiqarish obyektidagi loyiha hujjatlari, texnika qurilmalari, binolar va inshootlar, sanoat xavfsizligi deklaratsiyasi va xavfli ishlab chiqarish obyektidan foydalanish bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa hujjatlar; ekspertiza xulosasi — ekspertiza obyektining sanoat xavfsizligi talablariga muvofiqligi (muvofiq emasligi) to‘g‘risida asosli xulosalarni yoki xavfli ishlab chiqarish obyektlarining identifikatsiyalash natijalarini o‘z ichiga olgan hujjat. 2. Ushbu Qoidalarga muvofiq quyidagilarning ekspertizasi amalga oshiriladi: xavfli ishlab chiqarish obyektini qurish, kengaytirish, qayta qurish, texnik jihatdan qayta jihozlash, konservatsiyalash va tugatishga doir loyiha hujjatlari; xavfli ishlab chiqarish obyektida qo‘llaniladigan texnika qurilmalari (Xavfli ishlab chiqarish obyektlarida foydalaniladigan texnik qurilmalarning turlari (tiplari) mazkur Qoidalarning 1-ilovasida keltirilgan); xavfli ishlab chiqarish obyektidagi binolar va inshootlar; sanoat xavfsizligi deklaratsiyasi va xavfli ishlab chiqarish obyektidan foydalanish bilan bog‘liq boshqa hujjatlar. 3. Ekspertiza ekspert tashkilotlari tomonidan mazkur Qoidalarning, shuningdek sanoat xavfsizligi sohasidagi qonun hujjatlari va normativ texnik hujjatlari talablariga muvofiq amalga oshiriladi. 4. Turli ekspertiza obyektlari ekspertizasini amalga oshirishda inobatga olinishi lozim bo‘lgan talablar ekspertiza obyektlarining o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqqan holda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 10-dekabrdagi 271-son qarori bilan tasdiqlangan Sanoat xavfsizligi ekspertizasi tizimi to‘g‘risidagi nizom hamda mazkur Qoidalarga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yer qa’rini geologik o‘rganish, sanoatda, konchilikda va kommunal-maishiy sektorda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish davlat inspeksiyasi (keyingi o‘rinlarda “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasi deb yuritiladi) tomonidan belgilanadi. (4-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yer qa’rini geologik o‘rganish, sanoatda, konchilikda va kommunal-maishiy sektorda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshlig‘ining 2011-yil 6-yanvardagi 2-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 2013-1, 13.01.2011-y.) tahririda — O‘R QHT, 2011-y., 1-2-son, 19-modda) 5. Ekspertizani amalga oshirish sifati va natijalarining haqqoniyligi, shuningdek ekspertiza natijalarini saqlash uchun javobgarlik ekspertizani o‘tkazgan ekspert tashkiloti zimmasiga yuklatiladi. 6. Ekspertiza ekspert tashkiloti bilan xavfli ishlab chiqarish obyektidan foydalanayotgan yoki undan foydalanishni mo‘ljallayotgan tashkilot o‘rtasida tuzilgan shartnoma asosida amalga oshiriladi. 7. Ekspertiza xavfli ishlab chiqarish obyektidan foydalanayotgan yoki undan foydalanishni mo‘ljallayotgan tashkilot mablag‘lari hisobidan o‘tkaziladi. 8. Ekspertizani amalga oshirish muddati ekspertiza obyektining murakkabligiga qarab belgilanadi, lekin sanoat xavfsizligi sohasidagi qonun hujjatlari va normativ texnik hujjatlarga muvofiq zarur bo‘lgan materiallar va hujjatlar turkumi olingan hamda ekspertizani amalga oshirish bo‘yicha boshqa barcha shartlar bajarilgan vaqtdan boshlab uch oydan oshmasligi kerak. II. Ekspertizani amalga oshirish tartibi 9. Ekspertizani amalga oshirish jarayoni quyidagi bosqichlardan iborat: a) dastlabki bosqich; b) ekspertizani amalga oshirish uchun arizani qabul qilish; v) hujjatlarni dastlabki baholash hamda ekspertizani amalga oshirish uchun shartnomani rasmiylashtirish; g) ekspertiza obyektini baholash; d) baholash natijalari bo‘yicha ekspertiza xulosasini rasmiylashtirish. Ekspertizani amalga oshirishning keyingi har bir bosqichi avvalgi bosqichlarda ijobiy natijalarga erishilgan taqdirda amalga oshiriladi. 10. Ekspertizaning dastlabki bosqichi uni amalga oshirishga mas’ul bo‘lgan ekspert tomonidan buyurtmachi vakili bilan quyidagi maqsadlar uchun o‘tkaziladi: ekspertizani amalga oshirish tartibi, mazmuni va borishi haqida ma’lumot berish; ekspertizani amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan materiallar va hujjatlarni muhokama qilish hamda aniqlab olish; ekspertizani amalga oshirish davomida olingan har qanday ma’lumot va axborot ekspert tashkiloti xodimlari tomonidan maxfiy ma’lumot sifatida ko‘rilishi haqida ma’lum qilish (qonunchilikda nazarda tutilgan holatlar bundan mustasno); bajariladigan ish hajmlari va muddatlarini muhokama qilish va aniqlab olish; zarurat bo‘lganda ekspertiza obyektini baholashni joyiga borib o‘tkazish uchun tayyorgarlik ko‘rishni muhokama qilish. 11. Ekspertizani amalga oshirish uchun buyurtmachi mazkur Qoidalarning 2-ilovasida keltirilgan shakl bo‘yicha rasmiylashtirilgan arizani ekspert tashkilotiga taqdim etadi. Ekspertiza obyektlarining o‘ziga xos xususiyatlarini inobatga olgan holda arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinishi zarur: a) buyurtmachi va ekspertiza obyekti haqidagi ma’lumotlar; b) loyiha, konstruktorlik, foydalanish, ta’mirlashga oid hujjatlar, xavfli ishlab chiqarish obyektining sanoat xavfsizligi deklaratsiyasi, texnik qurilmalar hamda bino va inshootlarning pasportlari, xavfli ishlab chiqarish obyektidagi avariyaning kengayib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik va uning oqibatlarini tugatish rejalari, yo‘riqnomalar, texnologik reglamentlar, ekspertiza va xavfli ishlab chiqarish obyektlarini identifikatsiya qilish uchun kerak bo‘lgan shifrlangan yoki maxsus belgiga ega bo‘lgan boshqa hujjatlar (obyektga bog‘liq holda); v) zarurat bo‘lganda sinov dalolatnomalari (bayonnomalari), diagnostika (tekshiruvlar) natijalari, sertifikatlar (zarur bo‘lganda komplekt uskunalar uchun ham), litsenziyalar, shuningdek mustahkamlik hisoblari va shu kabilar. 12. Noto‘g‘ri to‘ldirilgan yoki noto‘g‘ri rasmiylashtirilgan ariza ko‘rib chiqishga qabul qilinmaydi. Taqdim etiladigan hujjatlar asl yoki buyurtmachi tomonidan tasdiqlangan nusxalarda topshirilishi lozim. 13. Ekspert tashkiloti topshirilgan arizalarni tikilgan betlar soni ko‘rsatilgan, ekspert tashkiloti muhri bilan muhrlangan daftar (jurnal)larda ro‘yxatga oladi. 14. Ariza ro‘yxatga olingan kundan boshlab besh ish kuni muddatida taqdim etilgan hujjatlar dastlabki baholanadi. 15. Taqdim etilgan hujjatlarni dastlabki baholashda hujjatlarning to‘liqliligi hamda bu hujjatlarda ma’lumotlarning yetarliligi o‘rganiladi. 16. Taqdim etilgan hujjatlarni dastlabki baholash natijalari salbiy bo‘lganda, ekspert tashkiloti buyurtmachiga uning arizasi rad etilganligini asoslangan sabablari ko‘rsatilgan holda xabarnoma yuboradi va buyurtmachi bilan kelishgan holda kamchiliklarni bartaraf etish uchun muddat belgilaydi. 17. Ekspert tashkilotining xabarnomasida ko‘rsatilgan kamchiliklar kelishilgan muddatda buyurtmachi tomonidan bartaraf etilmagan taqdirda, ekspertiza amalga oshirilmaydi hamda taqdim etilgan hujjatlar buyurtmachiga qaytariladi. 18. Taqdim etilgan hujjatlarni dastlabki baholashda ijobiy natijalarga erishilgan taqdirda, ekspert tashkiloti buyurtmachi bilan ekspertizani amalga oshirish uchun shartnomani rasmiylashtiradi. 19. Shartnoma qiymatining kamida 15 foizi miqdoriga teng mablag‘ buyurtmachi tomonidan ekspert tashkilotiga to‘langanda va zarur bo‘lgan materiallar va hujjatlar to‘liqligicha olingandan so‘ng, ekspert tashkiloti ekspertiza obyektini baholashga kirishadi. 20. Ekspert tashkiloti tomonidan ekspertiza obyektini baholash uchun malakali ekspertlar guruhi rasman tayinlanadi. Ekspertlar guruhiga boshqa mutaxassislar ham kiritilishi mumkin, bunda mutaxassislar soni guruhdagi ekspertlar sonidan ko‘p bo‘lmasligi kerak. 21. Ekspertlar orasidan ekspertiza obyektini baholashning bevosita o‘tkazilishi, ekspertlar o‘rtasida vazifalarning taqsimlanishi va ekspertiza natijalarini rasmiylashtirilishi uchun javobgarlik yuklangan yetakchi ekspert tayinlanadi. Oldingi tahrirga qarang. (21-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yer qa’rini geologik o‘rganish, sanoatda, konchilikda va kommunal-maishiy sektorda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshlig‘ining 2011-yil 6-yanvardagi 2-sonli buyrug‘iga (ro‘yxat raqami 2013-1, 13.01.2011-y.) asosan chiqarilgan — O‘R QHT, 2011-y., 1-2-son, 19-modda) 22. Ekspertlar ekspertiza obyektini unga nisbatan qo‘yiladigan sanoat xavfsizligi talablariga muvofiqligini baholashadi. Zarurat bo‘lganda, ekspertlar taqdim etilgan ma’lumotlar va hujjatlarning to‘liqliligini, ishonchliligini va to‘g‘riligini aniqlashadi hamda ularning qonun hujjatlari va normativ texnik hujjatlar talablariga muvofiqligini baholashadi. 23. Zarurat bo‘lganda ekspertlar ekspertiza obyektini baholashni joyiga borib o‘tkazishi mumkin. 24. Joyiga borib baholash o‘tkazilganda ekspertlar ekspertiza obyektiga bog‘liq ishlar talab darajasida olib borilishini kuzatadilar, shuningdek, kompleks tarzda quyidagilarga baho beradilar: a) bino va inshootlar hamda asbob va uskunalarning yaroqliligi, shuningdek, sinov vositalari va asboblarning ularga xizmat ko‘rsatilishi bo‘yicha holatiga; b) qadoqlash (markirovka) va identifikatsiya qilishning ishonchli tizimi mavjudligiga; v) tegishli qonun hujjatlari, normativ texnik va uslubiy hujjatlar, qoidalar, ishchi yo‘riqnomalari mavjudligi hamda ularga amal qilinishiga; g) hisobot hujjatlarining mazmuni va ularni rasmiylashtirish talablariga rioya etilishiga. Adabiyotlar: Yusupbekov N.R., Muxamedov B.I., G’ulomovSh.M. Texnologik jarayonlarni nazorat qilish va avtomatlashtirish. –Toshkent: O‘qituvchi, 2011. Vaxidov A.X., Abdullaеv D.A. Avtomatikaning tеxnik vositalari. Toshkent, 2012. Aripov N.M. “Avtomatik boshqarish nazariyasi va avtomatika elеmеntlari” ma'ruzalar matni. Toshkеnt, 2010. Ismoilov A.I., Nazarov O.K. “Avtomatika va avtomatlashtirish asoslari” fanidan ma'ruzalar matni. Andijon, 2006. Download 29.69 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
1 2
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling