Sanoatkontexnazorat
II bob. Gazdan xavfli ishlar
Download 89.51 Kb. Pdf ko'rish
|
200-сон 23.09.2008
II bob. Gazdan xavfli ishlar
6. Gazdan xavfli ishlar rahbar yoki muhandis-texnik xodimlar ro‘yxatida bo‘lgan mutaxassis rahbarligida amalga oshirilishi kerak, lekin quyidagi ishlar: payvandlamasdan ulash, alohida o‘rnatilgan gaz asboblari va apparatlarini, alohida ballonli qurilmalarni ishga tushirish, diametri 50 mm dan oshmaydigan past bosimli gaz quvurlarida payvandlamasdan va gaz alangasi bilan kesmasdan ta’mirlash ishlarini, diametri 50 mm dan katta bo‘lmagan gaz quvurlarini demontaj qilish, foydalanish jarayonida rezervuar va ballonlarni SUG bilan to‘ldirish, quduqlarni ko‘zdan kechirish, ta’mirlash va shamollatish, tashqi gaz quvurlarini tekshirish va ulardan suv hamda kondensatni chiqarish, bug‘lanmagan SUG qoldiqlarini rezervuar va ballonlardan to‘kish, gaz ballonli avtomobillarga gaz to‘ldirish, shuningdek gazdan foydalanuvchi agregatlarga, SUG qurilmalariga, GTSh, GTP, SUG AGTSh uskunalariga, gaz asboblari va apparatlariga texnik xizmat ko‘rsatish ishlari bundan mustasnodir. Yuqorida ko‘rsatilgan ishlarga rahbarlik qilish yuqori malakali ishchiga ham topshirilishi mumkin. 7. Gazdan xavfli ishlarni kamida ikki ishchidan iborat, ulardan biri rahbar bo‘lgan brigada bajarishi kerak. 1 m dan chuqur quduqlar, tunnellar, xandaq va kotlovanlarda, kollektorlarda va rezervuarlar ichida ta’mirlash ishlarini kamida uch ishchidan iborat bo‘lgan, ulardan biri rahbar bo‘lgan brigada amalga oshirishi kerak. Alohida (individual) ballonli qurilmalarni ishga tushirish, turar joy va jamoat binolari, bolalar va davolanish muassasalari, o‘quv muassasalari, umumiy ovqatlanish korxonalari va boshqa kommunal - maishiy obyektlaridagi gaz uskunalariga texnik xizmat ko‘rsatishni bir ishchi bajarishi mumkin. 8. Gazdan xavfli ishlar bajarish uchun ushbu Namunaviy yo‘riqnomaning 1-ilovasiga muvofiq naryad-ruxsatnoma beriladi. 9. Naryadlar berish huquqiga ega bo‘lgan shaxslar, gaz xo‘jaligi korxonasining yoki gaz ta’minoti tizimini o‘zining shaxsiy gaz xizmati bilan ishlatadigan korxonaning buyrug‘i bilan tayinlanadi. Bu shaxslar imtihon topshirgan rahbar xodimlar va mutaxassislar orasidan tayinlanadi. 10. Qoidaga ko‘ra (odatda) aynan bir xil sharoitda, davriy ravishda takrorlanadigan, o‘zgarmas tarkibdagi ishchilar tomonidan bajariladigan gazdan xavfli ishlarning har qaysi turi uchun tasdiqlangan, ishlarni xavfsiz amalga oshirish yo‘riqnomalariga muvofiq naryad-ruxsatnoma tuzmasdan olib borilishi mumkin. Bunday ishlarga 3-band j,z,m- xat boshlarida keltirilgan ishlar, turar joy va jamoat binolarining gaz quvurlari va gaz uskunalariga gazni o‘chirmasdan texnik xizmat ko‘rsatish, berkitish armaturasi va kompensatorlarga texnik xizmat ko‘rsatish, temir yo‘l va avtomobil sisternalaridan suyultirilgan gazni qayta to‘kish, rezervuarlarni suyultirilgan gaz bilan qayta to‘ldirish, texnologik jarayonning ajralmas qismi sanalgan sanoat pechkalari va agregatlarida bajariladigan ishlar kiradi. Mazkur ishlar, gazdan xavfli ishlarni hisobga olish daftarida qayd etilishi kerak. Daftar tikilgan (shnurlangan), muhr bilan tasdiqlangan, varaqlari esa tartib bo‘yicha raqamlangan bo‘lishi kerak. 11. Shaharlar, shaharchalarning va qishloq aholi yashaydigan joylarning gaz tarmoqlari, yuqori bosimli gaz quvurlariga gaz berish, o‘rta va yuqori bosimli gaz quvurlarini ulash, GTM (GTQ), GTSh, SUG AGTSh, GTP da payvandlash va gaz alangasi bilan kesishdan foydalanib, ta’mirlash ishlarini bajarish, iste’molchilarni gazdan uzib qo‘yish bilan bog‘liq bo‘lgan payvandlash va gaz alangasi bilan kesish qo‘llaniladigan “gaz bosimi ostida”gi o‘rta va yuqori bosimli gaz quvurlarini ta’mirlash ishlari, o‘rta va yuqori bosimli gaz quvurlaridagi gaz bosimini pasaytirish va tiklash, butun korxonaga gaz berilishini o‘chirish va yana gaz berish, GTSh, AGTSh, GTP da rezervuarlarni suyultirilgan gaz bilan birlamchi to‘ldirish ishlari, gaz xo‘jaligi korxonasining bosh muhandisi, agarda ushbu ishlar korxonaning gaz xizmati tomonidan bajarilsa, shu korxonaning bosh muhandisi tasdiqlagan maxsus reja asosida olib boriladi. 12. Ishlar rejasida quyidagilar ko‘rsatiladi: ishlarni bajarish ketma-ketligi; odamlarning joy-joyiga qo‘yilishi; mexanizm, moslamalar, zarur material va jihozlarga bo‘lgan ehtiyoj; mazkur ishlar mumkin qadar bexatar amalga oshirilishini ta’minlovchi chora-tadbirlar; gazdan xavfli har qaysi ishlarning olib borilishi, umumiy rahbarlik va ishlarning uyg‘unlashtirilishi uchun mas’ul shaxslar. 13. Har bir mas’ul shaxsga gazdan xavfli ishlarni amalga oshirishga doir ishlar rejasiga asosan alohida naryad-ruxsatnoma beriladi. Naryadda ishlarni bajarish uchun xavfsizlikning asosiy choralari ko‘rsatilishi kerak. 14. Ishlar rejasiga va naryad-ruxsatnomaga bajariladigan ishning xususiyati va joyi ko‘rsatilgan ijro chizmasi yoki undan ko‘chirma nusxasi ilova qilinadi. Gazdan xavfli ishlar bajarilishidan oldin, ularning amalga oshirilishi uchun mas’ul shaxs ijro chizmasi yoki ko‘chirmasidan obyektning joydagi haqiqiy joylashuviga to‘g‘ri kelishini tekshirishi kerak. 15. Odamlarning hayotiga to‘g‘ridan to‘g‘rixavf soladigan va moddiy boyliklarga ziyon keltiradigan avariyalarni oldini olish va bartaraf qilish bo‘yicha ishlar naryad-ruxsatnomasiz bajariladi. Xavf bartaraf qilingandan keyin, gaz quvurlari va gaz uskunalarini texnik soz holatga keltirish bo‘yicha ishlar naryad-ruxsatnoma asosida bajariladi. Agar avariya oqibatlari boshdan oxirigacha avariya xizmati tomonidan tugatilsa, u holda naryad-ruxsatnoma tuzish talab qilinmaydi. 16. Gazdan xavfli ishlarni bajarish uchun kerakli tayyorgarlik ishlarini bajarish uchun naryad- ruxsatnoma oldindan berilishi kerak. Naryad-ruxsatnomada uni amal qilish muddati, ishlarning boshlanish va tugallanish vaqtlari ko‘rsatilishi kerak. Agar ishlarni belgilangan muddatlarda bajarish imkoniyati bo‘lmasa, u holda naryad-ruxsatnomaning amal qilish muddati uni bergan shaxs tomonidan uzaytirilishi kerak. Mas’ul shaxs naryad-ruxsatnomani olish va ish tugagandan keyin qayta topshirishda jurnalga imzo qo‘yishi shart. 17. Naryad-ruxsatnomalar eng kamida bir yil davomida saqlanishi kerak. Birinchi marta gazni ochish, ishlab turgan gaz quvurlarni kesib ulash, yer osti gaz quvurlarida payvandlash yordamida ta’mirlash ishlarini olib borishga berilgan naryad-ruxsatnomalar mazkur obyektning ijro-texnik hujjatlarida doimiy saqlanishi kerak. 18. Agar naryad-ruxsatnoma asosida bajariladigan gazdan xavfli ishlar bir kundan ortiq muddat ichida bajariladigan bo‘lsa, u holda bu ishlarni bajarish uchun mas’ul shaxs naryad- ruxsatnomani bergan shaxsga har kuni ishni borishi to‘g‘risida ma’lumot berib turishi kerak. 19. Xizmat safarida bo‘lgan xodimlarga gazdan xavfli ishlarni bajarish uchun naryad- ruxsatnoma butun safar muddatiga beriladi. Gazdan xavfli ishlarni xizmat safaridagi xodimlar tomonidan bajarilishi, shu ishlarni bajarayotgan korxona tayinlagan shaxs tomonidan nazorat qilinadi. 20. Gazdan xavfli ishlarni boshlashdan oldin, uni bajarish bo‘yicha mas’ul shaxs hamma ishchilarga xavfsizlikning zarur choralari bo‘yicha yo‘riqnoma berishi kerak. Shundan keyin yo‘riqnomadan o‘tgan har bir ishchi naryad-ruxsatnomaga imzo qo‘yishi kerak. 21. Gazdan xavfli ishlar olib borilayotgan obyektda rahbarlik faqat bitta shaxs tomonidan bajariladi. Gazdan xavfli ishlarga rahbarlik qilayotgan shaxsdan boshqa shaxs ishchilarga bevosita ko‘rsatmalar berishi taqiqlanadi. Gazdan xavfli ishlarni bajarish vaqtida qatnashayotgan boshqa mansabdor shaxslar va rahbar xodimlar ishchilarga ko‘rsatmalarni faqat ish olib borishga rahbar shaxs orqali berishlari mumkin. Mahalliy sharoitlarni inobatga olgan holda, rahbar xodimlar gazdan xavfli ishlarni olib borishda, ishlarni xavfsizligini oshirishi mumkin bo‘lgan qo‘shimcha chora-tadbirlar ko‘rishi kerak. Qo‘shimcha chora-tadbirlar ushbu Namunaviy yo‘riqnoma va “Gaz xo‘jaligida xavfsizlik qoidalari” talablariga zid bo‘lmasligi kerak. Gazdan xavfli ishlar bajarilayotgan ish joyiga begonalarni kirishi qat’iyan man qilinadi. 22. Gazdan xavfli ishlar, odatda, kunduzi bajarilishi kerak. Avariyalarni oldini olish va bartaraf etish ishlari istalgan vaqtda rahbar yoki mutaxassis ishtirokida va bevosita uning rahbarligi ostida bajariladi. 23. Yangi qurilgan, ammo qabul qilish komissiyasi tomonidan qabul qilinmagan gaz quvurlari va gaz iste’mol qiluvchi obyektlarni ishlab turganlariga ulash taqiqlanadi. 24. Komissiya qabul qilib olgan, lekin oxirgi sinov kunidan boshlab 6 oy mobaynida foydalanishga tushirilmagan obyektlarga gaz berishdan oldin, elektr-kimyoviy himoyaning ishlashi, tutun o‘tkazuvchi va shamollatish tizimlarining ahvoli, gaz jihozlari, armaturasi, o‘lchash va avtomatlashtirish vositalarining butligi va sozligi, gaz quvurlarining germetik holati qaytadan tekshirib ko‘rilishi kerak. 25. Yangi gaz quvurlari va obyektlarini ishlayotgan gaz quvurlariga ulash ishlari faqat ana shu quvur yoki obyektlarga gaz berish paytida bajarilishi kerak. 26. Barcha gaz quvurlari va uskunalari ishlayotgan gaz quvurlariga ulanishidan oldin, shuningdek ta’mirlangandan so‘ng, gaz ulaydigan brigada tomonidan tashqi ko‘zdan kechirilishi va nazorat tariqasida sinab ko‘rilishi kerak. 27. Nazorat tariqasida sinash havo yoki inert gazlari bilan amalga oshiriladi. 28. Barcha bosimlarga mo‘ljallangan tashqi gaz quvurlari nazorat tariqasida 0,02 MPa (2000 mm suv ust.) bosim bilan sinab ko‘rilishi kerak. Bosimning pasayishi 1 soatda 100 Pa (10 mm suv ust.) dan oshmasligi kerak. 29. Sanoat va qishloq xo‘jalik korxonalari, ishlab chiqarish tusiga ega bo‘lgan aholiga maishiy xizmat ko‘rsatish korxonalari qozonxonalarining ichki gaz quvurlari, shuningdek GTM (GTQ), GTSh va AGTSh ning uskunalari va gaz quvurlari 0,01 MPa (1000 mm suv ust.) bosim bilan nazorat sinovidan o‘tkazilishi kerak, bunda bosimning pasayishi 1 soatda 100 Pa (10 mm suv ust.) dan oshmasligi kerak. 30. Ishlab chiqarish tusiga ega bo‘lmagan aholiga maishiy xizmat ko‘rsatish korxonalari, turar- joy va jamoat binolarining ichki gaz quvurlari va gaz uskunalari 5000 Pa (500 mm suv ust.) bosim bilan nazorat sinovidan o‘tkazilishi kerak, bunda bosimning pasayishi 5 daqiqada 200 Pa (20 mm suv ust.) dan oshmasligi kerak. 31. SUG rezervuarlari, rezervuarli va ko‘p ballonli qurilmalarni bog‘lovchi gaz quvurlari 1 soat davomida 0,3 MPa (3 kgk/sm ) bosim ostida sinalishi kerak. Sinov natijalari qoniqarli hisoblanishi uchun manometr bo‘yicha bosim sezilarli darajada pasaymasligi va sirqimasligi sovun emulsiyasi yordamida aniqlanishi kerak. 32. Nazorat sinash natijalari gazdan xavfli ishlarni bajarish naryad-ruxsatnomasiga yozilishi kerak. 33. Ulanadigan gaz quvurlaridagi havo bosimi ularni ulash yoki gazni berish ishlari boshlangunga qadar, saqlanib turilishi kerak. 34. Agar, ko‘zdan kechirilgan va nazorat tariqasida bosim bilan sinab ko‘rilgan gaz quvurlari, gaz bilan to‘ldirilmagan bo‘lsa, u holda gaz berish ishlari boshlanganda, ular qayta ko‘zdan kechirilishi va bosim bilan sinalishi kerak. 35. Gazlangan muhitda ta’mirlash ishlarini bajarishda uchqun chiqarmaydigan rangli metallardan yasalgan asboblar ishlatilishi kerak. Agar shunday asbob bo‘lmasa, uchqun chiqishini oldini olish uchun asbobning kesuvchi va uruvchi qismi tavot, solidol yoki boshqa konsistent moylari bilan moylanishi kerak. Gazlangan muhitda ishlayotganda uchqun chiqaruvchi elektr asboblaridan foydalanish taqiqlanadi. 36. Quduq, rezervuar ichida, GTM, GTSh, GTP va AGTSh xonalarida gazdan xavfli ishlarni bajaradigan ishchi va mutaxassislar po‘lat taqalari va mixlari bo‘lmagan poyabzalda bo‘lishlari kerak, aks holda ushbu oyoq kiyim ustidan kalish kiyishlari yoki bo‘lmasa ish joyiga rezina gilamcha (o‘rama rezina) yoyish kerak. 37. Gazdan xavfli ishlarni amalga oshirishda portlashdan himoyalangan ko‘chma yoritgichlardan foydalaniladi. 38. Qopqoqli quduqlar, tunnellar, kollektorlar, texnik yerto‘lalarda, GTM, GTSh, GTP va AGTSh hududlarida ishlayotgan gaz quvurlarini gazni o‘chirmasdan va gaz quvurini inert gaz yoki havo bilan puflamasdan turib, ularda payvandlash va gaz alangasi bilan kesish ishlarini olib borishga ruxsat etilmaydi. Gaz quvurlarini o‘chirishda berkitish qurilmalaridan keyin tiqinlar o‘rnatilishi kerak. 39. Gaz quduqlarida ustki qismi olib qo‘yilgandan so‘nggina ularda payvandlash, kesish, shuningdek armatura, kompensatorlar va himoyalovchi flanetslarni almashtirish ishlarini bajarishga ruxsat etiladi. 40. Quduq, kotlovan va kollektorlar ichida payvandlash yoki gaz bilan kesish ishlarini boshlashdan avval, havoning gazlanganligi bo‘yicha tekshirilishi kerak. Havoda gazning hajmiy miqdori alangalanuvchanlik quyi chegarasining 20% idan ko‘p bo‘lmasligi kerak. Namunalar eng yomon shamollatiladigan joylardan olinishi kerak. SUG gaz quvurlarida payvandlash ishlarini olib borish vaqti mobaynida quduq va kotlovanlar ventilyator yoki kompressor yordamida havoni haydash yo‘li bilan shamollatib turilishi kerak. 41. Ishlab turgan gaz quvurlariga yangi gaz quvurlarini ulash va ta’mirlashda, gaz alangasi bilan ulash va payvandlash ishlarini bajarishda, gaz bosimi 400 — 1500 Pa (40 — 150 mm suv ust.) bo‘lishi kerak. Bunday bosimning mavjudligi butun ishlarni bajarish mobaynida tekshirib turilishi kerak. Bosim 400 Pa (40 mm suv ust.) dan pasayganda va 1500 Pa (150 mm suv ust.) dan ortib ketganda ulash yoki payvandlash ishlarini to‘xtatish kerak. Ishlar bexatar va sifatli bajarilishini ta’minlovchi maxsus moslamalardan foydalanilgan taqdirda, gaz quvurlaridagi bosimni pasaytirmasdan ulashga ruxsat etiladi. Bosimni nazorat qilib turish uchun, ishlar olib borilayotgan joyga manometr o‘rnatilishi yoki ana shu joydan ko‘pi bilan 100 m oraliqda qo‘yilgan manometrdan foydalanish mumkin. 42. Ishlayotgan ichki gaz quvurlariga qo‘shimcha uskunalar o‘rnatishda, payvandlash va kesish ishlari, gaz quvurlarining o‘chirilgan, havo yoki inert gazi bilan puflangan qismlarida amalga oshiriladi. 43. Yangi gaz quvurlarini ishlayotgan gaz quvurlariga ulash ishlarini amalga oshirishda, ishlayotgan gaz quvurining bosimi o‘chirish qurilmalari yoki bosim tartiblagichlar yordamida pasaytirilishi kerak. 2 Gaz quvurining ana shu qismida, gaz bosimi ko‘tarilishining oldini olish maqsadida mavjud kondensat to‘plagichlardan, gidrozatvorlardan foydalanish, zarur hollarda esa (ulash ishlarini boshlashdan oldin) o‘chirish qurilmasi bo‘lgan havoga chiqaruvchi quvur o‘rnatilishi kerak va chiqarib tashlanayotgan gaz imkon qadar yoqib yuborilishi kerak. 44. Gaz quvurini ishlayotgan gaz quvuriga ulash usulini gaz xo‘jaligi korxonasi yoki uning vazifasini bajaradigan tashkilot belgilashi kerak. 45. Gaz quvurlarini bosim ostidagi (ishlayotgan) gaz quvuriga ulash ishlari gaz xo‘jaligi korxonasi tomonidan namunaviy yo‘riqnomalar asosida ishlab chiqiladigan maxsus yo‘riqnomalarga muvofiq olib borilishi kerak. 46. Gaz quvurlari, armaturalari va asboblarining germetikligini olov bilan tekshirish man etiladi. 47. Gazdan xavfli ishlar amalga oshirilayotgan joylarda chekish, begona kishilarning bo‘lishi va ochiq olov manbalaridan foydalanish taqiqlanadi. Ish olib borilayotgan kotlovan va quduqlar o‘rab qo‘yilishi kerak. Kotlovanlarning o‘lchamlari ularda ishlash va kerakli asboblar, material va uskunalarni joylashtirishga qulay bo‘lishi kerak. Ishlar olib borilayotgan joy yaqinida ogohlantiruvchi belgilar osib qo‘yilishi yoki o‘rnatilishi kerak. 48. Gaz alangasi bilan kesish yoki payvandlash ishlarini, ishlab turgan gaz quvurlarida amalga oshirishda, shuningdek cho‘yandan yasalgan gaz quvurlarining keng og‘izlaridan qo‘rg‘oshinni eritib chiqarishda katta alanga hosil bo‘lishining oldini olish maqsadida gaz chiqadigan joylar asbest uvoqlari qo‘shilgan shamot loy bilan suvab qo‘yilishi kerak. 49. Iste’molchilarga boruvchi tarmoqlarga, shuningdek alohida binolarga kirishida o‘rnatilgan tiqinlarni olib tashlash ishlari, ushbu Namunaviy yo‘riqnomaning 27 — 32 bandlariga muvofiq ko‘zdan kechirilgan va bosim bilan sinab ko‘rilgandan keyin, gazni ulash ishlariga rahbarlik qiluvchi shaxsning ko‘rsatmasiga binoan amalga oshiriladi. 50. Agar ko‘zdan kechirish orqali gaz quvurining butunligi, gaz uskunalarining sozligi tekshirilmagan va nazorat tariqasida bosim bilan sinash amalga oshirilmagan bo‘lsa, gaz quvuriga gaz berish man etiladi. 51. Shaharlardagi yangi qurilgan yashash uylarining gaz quvurlari va uskunalariga gaz berishga odamlar ko‘chib kirgandan keyingina ruxsat etiladi. Gaz berish tartibi, xavfsizlikni ta’minlovchi tashkiliy va texnikaviy chora-tadbirlar “O‘ztransgaz” AKning hududlararo unitar korxonasidagi tuman (shahar) bo‘limlari yo‘riqnomasida belgilab qo‘yiladi. Gaz uskunalari o‘rnatilgan xonadonlarga, xonadon egalari “Turmushda gazdan xavfsiz foydalanish qoidalari” bo‘yicha yo‘riqnoma olgandan keyingina ko‘chib kirishlari mumkin. 52. Gaz berishda gaz quvurlari ichidagi havoni batamom chiqarib yuborgunga qadar gaz bilan puflanishi lozim. Bu ishning tugallanganligi olinadigan namunalarni tahlil qilish yoki yondirish yo‘li bilan aniqlanadi. Olingan namunadagi kislorodning hajmiy miqdori 1% dan oshmasligi kerak, gaz esa osoyishta, bir maromda yonishi kerak. Gaz quvurlarini gazdan bo‘shatishda gaz batamom siqib chiqarilgunga qadar havo yoki inert gazi bilan puflanishi kerak. Bu ishning tugallanishi tahlil qilish orqali aniqlanadi. Haydalgan havodagi gazning qoldiq hajmiy miqdori gazning alangalanish quyi chegarasining 20% idan ortiq bo‘lmasligi kerak. Gaz quvurlarida puflash ishlari olib borilganda gaz-havo aralashmasini xonalar, zinapoyalar hamda dudbo‘ronlarga, shamollatish kanallari va shu kabilarga chiqarish taqiqlanadi. Gaz quvurlarida puflash ishlari olib borilayotgan xonalar shamollatib turilishi kerak. Gaz quvurlarini puflash jarayonida gaz-havo aralashmasini binolarga kirishi, shuningdek qandaydir olov manbaidan alanga olish ehtimoli bo‘lmagan joylardan chiqarib yuborilishi kerak. 53. Binolarni buzish, gaz uskunalarini demontaj qilishda gaz quvurlarining o‘chiriladigan qismlari kesilishi, gazdan bo‘shatilishi va payvandlab berkitilishi kerak. 54. Gazlangan quduqlar, kollektorlar va xonalarda, shuningdek xonalardan tashqarida gazlangan muhitda ta’mirlash ishlari, ochiq olovdan foydalanmasdan (payvandlamasdan, gaz alangasi bilan kesmasdan) olib borilishi kerak. 55. Qozonlar yoki boshqa gazlashtirilgan agregatlar ichini ko‘zdan kechirish va ta’mirlash vaqtida, ular gaz quvuridan tiqinlar yordamida o‘chirilishi kerak. Qozon yoki agregatning o‘txonasi ichida ishlashga, ular shamollatilganidan va gazlanganligi tekshirilgandan so‘nggina ruxsat etiladi. 56. Maxsus moslamalar (skoba, nishab tushish joylari) bo‘lmagan holda quduq, kotlovan va shunga o‘xshash joylarga tushirish va ko‘tarish uchun ish joyiga metall narvon o‘rnatiladi. Narvon yetarli darajada uzunlikka ega bo‘lishi kerak, quduq, kotlovan, lyuk, rezervuar va boshqa joylarga qo‘yilganda uning muvozanatini saqlash uchun, qotirib turish moslamalari bo‘lmog‘i shart. Tor va usti (to‘la yoki qisman) yopiq kotlovanlar, transheyalar, quduqlar, galereyalarda gazdan xavfli ishlar olib borilishi mumkin emas. Ko‘rsatilgan joylarda gazdan xavfli ishlar olib borilishi faqatgina doimiy so‘rma ventilatsiya ishlab turganda ruxsat beriladi. Yuqorida ko‘rsatilgan inshootlardagi ishlab turgan gaz o‘tkazgichlarda yopgich olingandan so‘ng payvandlash ishlariga ruxsat beriladi. 57. Gaz quvuri uzib qo‘yilmagan quduq va kotlovanlar ichida bir vaqtning o‘zida ko‘pi bilan ikki kishi bo‘lishiga ruxsat etiladi, bunda ular qutqaruv kamari taqib ish olib borishlari kerak, gaz chiqish ehtimoli bo‘lganda esa protivogaz kiyib ishlashlari kerak. Yer ustida shamolga ro‘para tomonda, shuningdek rezervuar tuynugining oldida ikki kishi turib, ana shu inshootlar ichidagi ishchilarning qutqaruv kamarlariga bog‘langan arqonlarning bo‘sh uchlarini ushlab turishlari, ularni hamda shlangli protivogazlarning havo olish patrubkalarini doim kuzatib turishlari, ish joyiga begona odamlarni yaqinlashtirmasliklari kerak. 58. Tashqi va ichki gaz quvurlariga o‘rnatilgan uskunalar (armaturalar, filtrlar, hisoblagichlar va b.)ni ochish va almashtirish ishlari gaz quvurining uzib qo‘yilgan qismida amalga oshirilmog‘i kerak. Uzib qo‘yuvchi qurilmalarga tiqinlar o‘rnatilishi kerak. 59. Gaz quvurlariga o‘rnatiladigan tiqinlar gaz quvuridagi eng yuqori bosimga mos kelishi kerak. Ularda flanetslardan tashqariga chiqib turuvchi orqa qismi bo‘lishi darkor. Tiqinlarning ana shu orqa qismida gazning bosimi va gaz quvurining diametri ko‘rsatilgan tamg‘a bo‘lishi kerak. 60. O‘rta va yuqori bosimli tashqi gaz quvurlaridagi berkitish armaturasiga salnik tiqish va kondensat to‘plagichlarning rezbali birikmalarini qismlarga ajratishda gaz bosimi 0,1 MPa (1 kgk/sm ) dan ortiq bo‘lmasligi kerak. 61. Tashqi gaz quvurlaridagi flanetsli birikmalarning qistirmalarini (prokladka) almashtirish gaz quvuridagi gaz bosimi 400 — 1500 Pa (40 — 150 mm suv ust.) bo‘lganda ruxsat etiladi. 62. Har qanday bosimda ishlaydigan ichki gaz quvurlarida flanetsli, rezbali birikmalar va armaturalarni qismlarga ajratish ishlarini gaz quvurining faqat o‘chirilgan qismlarida amalga oshirishga ruxsat etiladi. 63. Diametri 50 mm gacha bo‘lgan gaz quvuridagi, uy ichi gaz uskunalarining jo‘mraklari, zarur ehtiyot choralarini ko‘rgan, gaz bosimi 3000 Pa (300 mm suv ust.) dan oshmagan holda moylanishga ruxsat etiladi. 64. Gazlangan xonalardagi gaz quvurlari va uskunalarida ta’mirlash ishlari olib borilayotganda, tashqarida bir kishi turib, xonada ishlayotganlarni, shuningdek yaqin atrofda olov manbai bo‘lmasligini kuzatib turishi kerak. Gazlangan xonaning tashqi eshiklari hamisha ochiq turishi kerak. 65. Yer osti gaz quvurlarida gaz quvurini ajratish bilan bog‘liq ta’mirlash ishlarini (zulfinlarni almashtirish, qistirmalarni, tiqinlarni o‘rnatish-olish va h.) boshlashdan avval, uchqun hosil bo‘lishini oldini olish maqsadida mavjud elektr himoya o‘chirib qo‘yilishi, gaz quvurining ajratiladigan qismlariga (agar, ko‘chmas qilib o‘rnatilgan sim ulagichlar bo‘lmasa) sim ulagich (peremichka) o‘rnatilishi kerak. 66. Gaz quvuriga tiqilib qolgan muz, smola, naftalin va boshqa tiqimlarni gaz quvurini (metall shompol) tayoqcha bilan (kavlash) titish, erituvchi moddalar quyish yoki bug‘ haydash yo‘li bilan 2 bartaraf etishga gaz quvuridagi bosim 5000 Pa (500 mm suv ust.) dan ortiq bo‘lmaganda, ruxsat etiladi. Gaz quvurini isitish uchun ochiq olovdan foydalanish taqiqlanadi. 67. Gaz quvuriga tiqilib qolgan narsalarni chiqarib tashlashda, gaz quvuridan gaz chiqishini maksimal kamaytirish choralari ko‘rilishi kerak. Bu ish shlangli yoki kislorodli-himoyalovchi protivogazlar bilan bajarilishi kerak. Xonaga gaz chiqarish taqiqlanadi. 68. Gaz quvurlarini tozalashda, iste’molchilar gaz asboblarini ishlar tugaguncha o‘chirib qo‘yishlari kerakligi haqida ogohlantirilishlari kerak. 69. Gaz quvuriga tiqilib qolgan narsalarni olib tashlash uchun qismlarga ajratilgan rezbali va flanetsli birikmalar, yig‘ilgandan so‘ng germetikligi sovun emulsiyasi yoki gaz analizatori bilan tekshirilishi kerak. 70. Gazdan xavfli ishlar olib borilayotganda barcha ishchilar bajarilayotgan ishga qarab zarur bo‘lgan maxsus moslama va himoya vositalari bilan ta’minlangan bo‘lishi kerak. Ishchilarning shaxsiy himoya vositalari bilan va ularning sozligini ta’minlanishi bo‘yicha mas’ul shaxs, gazdan xavfli ishlarga rahbarlik qilayotgan shaxs hisoblanadi, 6 bandga muvofiq, rahbarsiz olib borilishi mumkin bo‘lgan ishlar olib borilayotganda esa topshiriqni bergan shaxs mas’uldir. Ishchilarning shaxsiy himoya vositalari bilan ta’minlanganligi va bu vositalarning sozligi, gazdan xavfli ishlarni bajarish uchun naryad-ruxsatnoma berish vaqtida tekshiriladi. Ish rahbari ish joyini tashkil qilayotganida, zaruriyat tug‘ilgan hollarda, ishchilarni xavfli hududlardan tezlik bilan olib chiqish imkoniyatlarini ta’minlashi kerak. 71. Naryad-ruxsatnoma bilan ishlaydigan har bir ishchi shlangli yoki kislorodli-himoyalovchi protivogazga ega bo‘lishi kerak. Filtrlovchi protivogazlarni qo‘llashga ruxsat berilmaydi. Ichki gaz quvurlarida ish olib borish vaqtida xodimlarda (ishchilarda) protivogaz mavjud bo‘lishi zaruriyati, shu ishlarni bajarish uchun beriladigan naryad-ruxsatnoma bo‘yicha belgilanadi. 72. Kislorodli-himoyalovchi protivogazlaridan foydalanish uchun ruxsatnoma, ish rahbari tomonidan, tibbiy ko‘rikdan va shu turdagi protivogazlardan foydalanish bo‘yicha maxsus yo‘riqnomadan o‘tgan shaxslarga beriladi. 73. Kislorodli-himoyalovchi protivogaz kiyib ishlayotgan vaqtda protivogaz ballonidagi kislorodning qoldiq bosimi, unda ishlayotgan odamning ishlayotgan joyidan gazlanmagan joyga yetib borgunicha ta’minlashini kuzatib turish kerak. 74. Protivogazda tanaffussiz ishlash muddati 30 daqiqadan oshmasligi kerak. Kislorodli- himoyalovchi protivogaz kiyib ishlangan vaqt protivogaz pasportiga yozib qo‘yilishi kerak. 75. Shlangli protivogazlarning havo olish patrubkalari ish paytida gaz ajralib chiqadigan joydan shamolga ro‘para tomonda joylashtirilishi va mahkamlab qo‘yilishi kerak. Ventilyator bilan majburiy tarzda havo berilishi bo‘lmaganda, shlangning uzunligi 15 m dan oshmasligi kerak. Shlangda keskin bukilgan joyi va biror narsa bilan siqilgan joyi bo‘lmasligi kerak. 76. Transheyalar, kotlovanlar, quduqlarda gazdan xavfli ishlarni bajarishda qo‘llaniluvchi qutqaruv kamarlarida yelkaga taqiladigan qayishlar, qayishlarda esa, ular kesishgan joyining orqa tomonida, arqonni mahkamlash uchun halqa bo‘lishi kerak. Kamar shunday moslashtirilishi lozimki, halqa kurakdan pastda joylashmaydigan bo‘lishi, arqon halqaga o‘rish orqali ulangan bo‘lishi kerak. Elkaga taqiladigan qayishlari bo‘lmagan kamarlardan foydalanish man etiladi. 77. Protivogazlarning germetikligi har bir gazdan xavfli ishni bajarishdan oldin tekshirib ko‘riladi. Protivogaz kiyilgandan keyin burma naychasining uchi qo‘l bilan zichlab bekitiladi. Agar shunday holatda nafas olib bo‘lmasa, protivogaz soz bo‘ladi, nafas olish mumkin bo‘lsa, protivogaz foydalanishga yaroqsiz hisoblanadi. 78. Karabinlar (ulash moslamasi) uchun mo‘ljallangan halqalari bo‘lgan qutqaruv kamarlari quyidagicha sinaladi: ikkala kirgichiga (pryajkaga) kirgizib qo‘yilgan kamar halqasiga 200 kg yuk mahkamlanib, osilgan holatda 5 daqiqa tutib turiladi. Yuk olingandan keyin qutqaruv kamarida shikastlanish alomatlari bo‘lmasligi kerak. 79. Kamarning karabinlari 200 kg yuk bilan sinab ko‘riladi. Qulfi ochiq holatda karabin yuk bilan 5 daqiqa tutib turiladi. Yuk olingandan so‘ng karabinning bo‘shagan qulfi o‘z o‘rniga to‘g‘ri va bemalol (erkin) qaytishi kerak. 80. Qutqaruv arqonlari 200 kg yuk bilan 15 daqiqa sinaladi. Yuk olingandan keyin arqonning o‘zi va uning ayrim iplari shikastlangan bo‘lmasligi kerak. 81. Qutqaruv kamarlari, kamar karabinlari va qutqaruv arqonlari har 6 oyda kamida bir marta mutaxassis yoki rahbar boshchiligida sinovdan o‘tkazilishi kerak. Sinovlar natijalari dalolatnoma bilan yoki maxsus daftarga yozib borish yo‘li bilan rasmiylashtiriladi. Kamarlar, karabinlar va arqonlar berilishidan oldin tashqi tomoni ko‘zdan kechirib chiqilishi kerak. Har bir kamar va arqon ro‘yxatga olish (inventar) raqamiga ega bo‘lishi kerak. Download 89.51 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling