Savol: Huquq ijodkorligi – bu eng avvalo, vakolatli davlat organlarining normativ-huquqiy hujjatlarni yaratish, ularga o’zgartirish va qo’shimchalar kiritish hamda bekor qilishga qaratilgan faoliyatdir


Download 21.26 Kb.
bet1/2
Sana20.02.2023
Hajmi21.26 Kb.
#1215732
  1   2
Bog'liq
DHN


Savol:
Huquq ijodkorligi – bu eng avvalo, vakolatli davlat organlarining normativ-huquqiy hujjatlarni yaratish, ularga o’zgartirish va qo’shimchalar kiritish hamda bekor qilishga qaratilgan faoliyatdir.
Huquq ijodkorligi turlarini yoritib bering va o’ziga xos xususiyatlarini muhokama qiling.
Javob:
Bizga ma’lumki, uzoq tariximizga qaraydigan bo’lsak, davlat va huquq paydo bo’lgan ekan, uning yaratilish hususiyatlari hozirgi kunga qadar olimlarimiz tomonidan o’rganilib kelinmoqda. Insoniyatning paydo bo’lishi birinchi navbatda uning huquqlarini ta’minlab berilishini taqazo etdi. Fuqarolarning huquqlarini ta’minlab berilishi jarayoni davlatlarning paydo bo’lishiga olib keldi. Insoniyatning paydo bo’lishidan to shu kunga qadar qanchadan qancha davlatlar paydo bo’lgan ekan, bularning barchasida insonlarning huquqlariga alohida ahamiyat berilib kelinmoqda. Fuqarolarning huquqlari ta’minlab berilishi har bir davlatda o’ziga xos bo’lib, bu o’z navbatida huquq ijodkorligining qay darajada yo’lga qo’yilganligi bilan bog’liq hisoblanadi. Mamlakatimizda ham huquq ijodkorligiga alohida ahamiyat berib borilmoqda. Xususan, Adliya Vazirligi faoliyati bevosita huquq ijodkorligini olib borish va uni rivojlantirishga qaratilgan. Mamlakatimiz rahbarining ta’kidlashicha, “mamlakatimizni demokratik yangilashning bugungi bosqichdagi eng muhim yo‘nalishlaridan biri bu – qonun ustuvorligi va qonuniylikni mustahkamlash, shaxs huquqi va manfaatlarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan sud-huquq tizimini izchil demokratlashtirish va liberallashtirishdan iboratdir. Bir so‘z bilan aytganda, yurtimizda huquqiy davlat asoslari va huquq ijodkorligini yanada takomillashtirish va aholining huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish biz uchun hal qiluvchi vazifa bo‘lib qolmoqda.”1 Endi bevosita huquq ijodkorligi xususida fikr yuritamiz.
Huquq ijodkorligi – vakolatli davlat organlari va mansabdor shaxslarning huquq normalarini o’rnatish, o’zgartirish, takomillashtirish va bekor qilishga qaratilgan maxsus faoliyatidir.2
Darhaqiqat, mamlakatimizda bugungi kunda olib borilayotgan islohotlat shuni ko’rsatmoqdaki, huquq ijodkorligi orqali xalq hayotining moddiy shart sharoitlari bilan belgilanadigan erki, irodasi va manfaatlari yanada rivojlanib, takomillashib bormoqda. Huquqni ijod qilish har bir mamlakatda yashayotgan fuqaro uchun eng asosiy mezonlardan biri hisoblanadi. Inson hayot kechirar ekan uning barcha ehtiyojlarini qondirish har bir rivojlangan mamlakatda yaratilgan qonunchilik bazasini takomillashgani alohida ahamiyatga ega hisoblanadi.
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, huquq ijodkorligi faqat qonun loyihasi yoki huquqiy qarorni ko’rib chiqish va qabul qilish bilan cheklanmaydi. Bu jarayon davlat organlarining amaldagi huquqiy aktlarga o’zgartirishlar kiritish, eskirgan yuridik normalarni bekor qilish va mavjud normativ aktlarni tizimlashtirishga qaratilgan faoliyatini o’z ichiga oladi. Mamlakatimiz qonunlariga ko’ra, huquqni ijod qilish yani qonun va qonun osti hujjatlarini yaratish qonunchilik tashabbusi ega bo’lgan bir qancha vakolatli davlat organlari tomonidan amalga oshiriladi. O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 83 moddasiga ko’ra Vazirlar Mahkamasi ham qonunchilik tashabbusiga ega bo’lib, uning tuzilmasiga kiruvchi barcha vazirlik va qo’mitalar shu organ orqali huquq ijodkorligini amalga oshiradilar. Jumladan Adliya Vazirligi mamlakatda fuqarolarning huquqiy ong va madaniyatini shakllantirish hamda huquq ijodkorligini yuksaltirish jarayonida katta ahamiyatga ega organ hisoblanadi. Prezidentimizning 2010 yil 12 noyabrdagi “Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish” deb nomlangan konsepsiyasida adliya organlarining huquq ijodkorligi sohasida etibor berishi lozim bo’lgan holatlariga to’xtalib: “Adliya organlarining huquq ijodkorligi sohasi va huquqni qo‘llash amaliyotida yagona davlat siyosatini o‘tkazishdagi rolini kuchaytirish uchun ularga zarur bo‘lgan tegishli vakolatlarning berilishi mamlakatimizning huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari tizimida o‘zaro tiyib turish va manfaatlar muvozanatining samarali mexanizmini yaratish imkonini beradi hamda ushbu organlar faoliyatida qonuniylik va qonun ustuvorligini ta’minlashga xizmat qiladi.” deb ta’kidlagan.3
Huquq ijodkorligi tufayli vujudga keltiriladigan huquq normalari davlat organlarining turli xil rasmiy hujjatlarida aks ettiriladi. Bunday rasmiy hujjatlar normativ-huquqiy hujjatlar deb ataladi. Huquq ijodkorligi davlat xarakteriga ega bo’lgan aktiv faoliyatidir. Davlat organlari jamiyat taraqqiyoti ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solish funksiyasini amalga oshirib boradilar. Bu esa huquq ijodkorligi jarayonining beto’xtov davom etishini taqozo etadi.
Yuridik normalarni o’rnatuvchi sub’ektlar sifatida xalq, davlat hokimiyat va boshqaruv organlari, mansabdor shaxslar maydonga chiqadi. Shu ma’noda huquq ijodkorligining turlari farqlanib, ularni turli mezonlarga ko’ra ajratish mumkin.
Xalq tomonidan amalga oshiriladigan huquq ijodkorligi xalqning bevosita huquq ijodkorligi hisoblanib uning eng yorqin ifodasi referendum hisoblanadi. Bizga ma’lumki, referendumda xalq davlat va jamiyat rivojlanishiga xizmat qiladigan eng muhim masalalar yuzasidan o’zining munosabatini namoyon etadi.4 Xalq tomonidan amalga oshiriladigan referendum huquqiy normalar yaratishning o’ta nufuzli turi hisoblanadi. Referendum natijalarini hech qaysi vakolatli organ tasdiqlashi shart emas. Referendum yo’li bilan qabul qilingan hujjat mamlakat hududida oliy yuridik kuchga ega bo’ladi va faqat referendum orqali o’zgartirilishi yoki bekor qilinishi mumkin.
Referendum mohiyatidan kelib chiqib, davlatning u yoki bu qarorini xalq ovozi bilan tasdiqlanishi, shu orqali unga uzil-kesil va umummajburiy xususiyat baxsh etishidir. Xalqning intilishi va istaklari, manfaat va irodasini aniqlash hamda qonun darajasiga ko’tarishda referendum eng samarali usul hisoblanadi.
Referendum orqali xalq bevosita va bilvosita davlat ahamiyatiga molik bo’lgan masalalarni ko’rib chiqadi. Shuning uchun ham huquq ijodkorligi jarayonini amalga oshirishda xalq katta o’rin egallaydi. Referendum orqali amalga oshiriladigan huquq ijodkorligi davlatning kelgusidagi xalq hokimiyatiga asoslangan jamiyatni rivojlantirishda, fuqarolarni tinch totuv yashashi uchun katta ahamiyatga egadir.
Davlat organlarining huquq ijodkorligi huquq ijodkorligining asosiy, keng tarqalgan, aniq maqsadga yo’naltirilgan turidir. Davlat organlarining vazifasi, vakolatlari hamda faoliyat yo’nalishlari qonunda belgilab qo’yiladi. Ana shu yuridik vakolatlar doirasida har bir davlat organi normativ-huquqiy hujjatlar qabul qiladi. Ularning vakolatlari darajasi va ko’lami normativ hujjatlarning yuridik kuchini, o’zaro mutanosiblik munosabatlarini belgilab beradi. Davlat faoliyatini amalga oshirishda davlat organlarining huquq ijodkorligi muhim hisoblanadi. Odatda, davlat organlarining huquqiy maqomini belgilovchi yuridik hujjat (Konstitutsiya, qonun, farmon yoki nizom) da ular qanday yuridik kuchga ega bo’lgan normativ-huquqiy hujjat qabul qilishi belgilab qo’yiladi. Bunga misol qilib, Konstitutsiyada belgilab qo’yilgan ayrim moddalarni keltirib o’tsak. Konstitutsiyaning 84-moddasiga ko’ra, Oliy Majlis – qonun qabul qiladi; 94-moddasiga ko’ra Prezident – farmon, qaror va farmoyishlar chiqaradi; 98-moddasiga muvofiq Vazirlar Mahkamasi Oliy Majlis va Prezident hujjatlari ijrosini ta’minlash uchun qaror va farmoyishlar chiqaradi.5 Bir so’z bilan aytganda, bu kabi hujjatlarning ma’sul organlar tomonidan chiqarilishi davlat va jamiyat rivoji uchun ulkan qadamlardan hisoblanadi. Amalga oshirilayotgan barcha islohotlar fuqarolarning huquq va erkinliklariga hizmat qilishi lozim. Bu esa o’z navbatida huquq ijodkorligining to’g’ridan to’g’ri inson manfaatlariga qaratilishini bildiradi.
Mansabdor shaxslarning huquq ijodkorligiga to’xtaladigan bo’lsak, avvalo, mansabdor shaxs tushunchasini aniqlab olish lozim, chunki amaldagi qonunchilikda unga tegishli ta’rif berilmagan. Holbuki, mansabdor shaxs – davlat hokimiyat yoki boshqaruv organida yohud nodavlat tashkilotida muayyan lavozimni egallagan, unga yuklangan vazifalarni bajarish uchun huquqiy hujjatlar qabul qilish va amalga oshirish vakolatiga ega bo’lgan shaxsdir.
Nodavlat tashkilotlari rahbarlarining huquqiy hujjat qabul qilish va amalga oshirish bo’yicha vakolatlari mehnat, fuqarolik, moliya va boshqa sohalarga oid qonunchilik qoidalaridan kelib chiqadi. Mansabdor shaxsning normativ-huquqiy hujjatlar loyihasini tayyorlash va uni qabul qilish bo’yicha faoliyati huquq ijodkorligi hisoblanadi. Biroq uning huquqni qo’llash bilan bog’liq xatti-harakati huquq ijodkorlik faoliyati doirasiga kirmaydi. Chunki nodavlat tashkilotlarning rahbarlari huquqni ijod qilish jarayonida qabul qilayotgan hujjatlari faqatgina o’zi rahbarlik qilgan hududda amal qiladi. Bu esa o’z navbatida hududiy huquqni ijod qilish tushinchasini anglatadi.
O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlarida nazarda tutilgan quyidagi mansabdorlik lavozimlarini sanab o’tish mumkin: Prezident, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Spikeri, Bosh vazir, vazir, hokim, prokuror, sudya, boshqarma va bo’lim boshliqlari, korxona, muassasa, nodavlat tashkilotlar rahbarlari va boshqalar. O’zbekiston Respublikasi Prezidenti davlatimizdagi eng oliy mansabdor shaxs hisoblanadi. Bu esa, davlat raxbari oldiga ulkan vazifa va katta ma’suliyat yuklaydi.
Xulosa qilib shuni aytishimiz mumkinki, huquq ijodkorligi jarayoniga turli-tuman hayotiy vaziyatlar, ijtimoiy omillar jiddiy ta’sir ko’rsatadi. Ijtimoiy omillar huquqiy tartibga solish ehtiyojini aniqlashga, huquqiy hujjat loyihasini tayyorlashga, qonunchilik hujjati loyihasini muhokama qilish va qabul qilishga, shuningdek uning mazmuniga u yoki bu tarzda ta’sir o’tkazuvchi ijtimoiy hayot hodisalaridir. Demak, huquq ijodkorligi hozirgi kunga qadar chuqur o’rganib kelinayotgan hamda isloh etilayotgan jarayon hisoblanadi. Huquqni yaratish har bir davlatda eng avvalo, insonlarning huquqiy ehtiyojlaridan kelib chiqishi lozim. Demakratik huquqiy davlat qurish va fuqarolik jamiyatini shakllantirish eng asosiy maqsadi bo’lgan davlatimizda huquq ijodkorligi va huquqni ijod qilish fuqarolarning huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirishga katta hissa qo’shmoqda.



Download 21.26 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling