Sen bilan uchrashguncha
Download 0.96 Mb. Pdf ko'rish
|
60a7f12a-255d-5c2e-08dd-7b399f0275da
Davomi… SEN BILAN UCHRASHGUNCHA *** Treynor xonim bilan suhbatimizdan keyin bir necha kun o‘zimga kelolmay yurdim. Kallamdan «baxtingizni pesh qilmasangiz bo‘lardi» degan gapi ketmasdi. Meni ishdan tashqaridagi qarorlarim Uillning kayfiyatiga ta’sir etishi mumkinligi xayolimga ham kelmagan ekan. Buning ustiga bu ko‘chishim menga zig‘ircha ham baxt olib kelmagandi. O‘sha juma kuni ertalabdan yomg‘ir yog‘di. Uill ancha vaqt derazadan bog‘ga qarab o‘tirdi. Keyin boshiga polietilen paket tashlab Natan kelib, ketdi. Uill pingvinlar haqida hujjatli film tomosha qilishga kirishdi. Men esa zo‘r berib uy yig‘ishtirishga tushdim. Pollarni yuvdim, derazalarni artdim, ko‘rpa to‘shaklarini almashtirdim. Uill orqamda paydo bo‘lganida oyimdan o‘rgangan usulda – qog‘oz sochiqni sirkada xo‘llab vannadagi kranlarni yaltiratib tozalashga kirishdim. — Nima qilyapsiz? – Suv jumraklarini artyapman. – Bularni tozalashni hech kimga keragi yo‘q, Klark. Onam sezmaydi ham, mengaku... vannadan dudlangan baliqning hidi kelayotgandek. Yuring, aylanib kelamiz. Men peshonamga tushgan sochimni tepaga ko‘tardim. U haq edi. Vannaxonani sasitib yuborgandim. — Ketdik. Yomg‘ir nihoyat tindi. Dadam bilan hozirgina gaplashdim. Qal’aning kalitini beradi, soat beshdan keyin sayyohlar tarqagach aylanib kelamiz. * * * Qal’ani hech bo‘m-bo‘shligida ko‘rmagan ekanman. Faqat ikkalamiz, yana uzoqda bir-bir bog‘bon ko‘rinib qoladi. Endi o‘ylasam, shu paytgacha qal’ga kelganimda uning tarixiy obidalarga emas, turfa sayyohlar, ularni g‘alati-g‘alati tillarda gaplashishga e’tibor qaratarkanman. – Mayli, qani tan olingchi, – deim men. – Bu yerlarda aylanib yurib, o‘zingizni ertakdagi shahzoda deb tasavvur qilarmidingiz? — Ha. Bir kuni, hatto, zaldagi qilichni yechib olgandim. Rosa og‘ir bo‘larkan. Joyiga qaytarib qo‘ya olmay, rosa adabimni yegandim. Atrofimiz tinch – faqat qushlarning sayrashiyu, uillning aravasining ovozi eshitalardi. Birdan Uill to‘xtab, qal’a tomonga qayrildi. – Qiziq, – dedi u, – yoshligimizda hech uchrashmagan ekkanmiz. Bolalagimizda, to‘g‘rirog‘i. Vaholanki bir ko‘chadan chiqib qolishimiz mumkin edi. – Biz turli davrlarda katta bo‘lganmiz. Buning ustiga siz qilich ko‘tarib yurgan paytlaringiz meni aravada olib yurishgan. — Ana! Sizning oldingizda qari-quri chol ekanim esimdan chiqibdiku. — O‘zimdan sakkiz yosh katta yigit bilan gaplashib yurishimga, baribir, dadam ruxsat bermasdi. – Hatto o‘z qasri bor shahzodalar bilan hammi? — Bu, albatta, uning fikrlarini o‘zgartirgan bo‘lardi. Atrofdan o‘t-o‘lanlarning hidi kelar, yomg‘irdan keyingi shaffoflikdan ikkimizning ham ko‘nglimiz bir qadar yengil bo‘lib qolgandek edi. Yana munosabatlarimiz avvalgidek bo‘la boshlagandi. Treynor xonim haq edi: boshqa odamlar yashashda davom etayotganini ko‘rish Uillga oson emasdi. Endi uni xafa qilmaslikka harakat qilaman... – Yuring labirintga kiramiz. Yuz yil bo‘libdi u yerda aylanmaganimizga. Men cho‘chib tushdim – Voy! Yo‘q, rahmat. – Men qaerga kelib qolganimizni ko‘rib, atrofga alangladim. – Nega? Adashib qolishdan qo‘rqasizmi yo? Qani ketdik, qancha vaqtda chiqishingizni bir ko‘raychi. Men shunday qilishni yaxshi ko‘rardim. — Yo‘q, kerakmas. — Men uy tomon qaradim. — Ana, qo‘rqyapsizku! — Hecham-da. — Mayli, yana zerikib aylanib yuraveramiz bo‘lmasa, keyin yana zerikib uyga qaytamiz. Hazillashayotganini bilsam-da, uning ohangi menga yoqmadi. Xuddi butun umr zerikib yashashim kerakligiga shama qilayotgandek. Men Labirintga qayrilib qaradim. Balki axmoqlik qilayotgandirman. Axir qancha yil o‘tib ketdi. – Qaysi tomonga qayrilganingizni eslab qoling-da, qaytishda teskari tomonga qayrilavering. Siz o‘ylaganingizdek qiyin emas, aslida. Men Uillni yolg‘iz o‘zini yo‘lakda qoldirib, yomg‘ir tomchilari yaltirab turgan qalin g‘ir-shira qorong‘i devorlar orasidan yurib ketdim. «Bular qadimgi butalar xolos» deb tinchlantirardim o‘zimni. Avval chapga burildim, keyin sal yurib o‘ngga. Yana o‘ngga, chapga... Yuragim qattiq ura boshladi. Butalarning naryog‘ida soatiga qarab turgan Uillni tasavvur qilishga urinardim. Yosh sodda qiz emasman. Yoshim 27da. yigim bilan yashayman. Mas’uliyatli ishim bor.. Yana bir qayrilib, so‘ng to‘g‘riga ketdim, keyin chapga. Birdan vahima meni chulg‘ab oldi. Bu yerda boshqa qololmasdim. Chiqib ketishim kerak. Ammo shu payt ularning ovozi, hushtak chalishi, qiyqirib kulishi qulog‘im ostida jarangladi. *** ...Afrikaga borib kelgan bola belimdan quchdi: «To‘xta, xali erta. O‘yinbuzuqlik qilma endi». O‘shanda oyog‘im ostida muvozanat yo‘qolganini sezdim. Men gaplarini xazilga yo‘yib, uni itarib yubordim-da, chiqib ketishga ahd qilib yugurdim. U o‘rtoqlarini chaqirganini eshitdim. Qaerga bormay, ularga duch kelaverardim, qo‘rquvdan tomog‘im g‘ippa bo‘g‘ilib, nafas ololmay qolgandim. Men tinmay yugurar, tutrtinib, yiqilar, turib yana ularning ovozidan dahshatga tushardim. Ammo hech chiqolmasdim. Qaerga qaramay yana o‘sha butali devor va ularning qiyqiriqlari. Oxiri yana o‘sha yuugurishni boshlagan joyimga – markazga kelib qolibman. Men ular hali xam xuddi meni kutayotgandek turganlarini ko‘rib, yiqilib tushay dedim. – Ana o‘zi keldi! – dedi ulardan biri qo‘limdan ushlab. – Aytdimku, unga yoqadi deb. Kel, Lulu meni bitta o‘p. Keyin senga tashqariga yo‘lni ko‘rsataman. — Keyin yo‘lni ko‘rsatasanmi? — bunday nochor ahvolga birinchi marta tushishim edi. — Bir martagina. — U yaqinroq keldi. Men uning lablari labimga tekkanini sezdim. – Endi Jekni. Keyin nima deganim esimda yo‘q. Kimdir qo‘limdan ushlab turardi. Yana qiyqirib kulish, labimga tegizilgan yopishqoq lablar, keyin... *** – Uill... – men cho‘kkalab o‘tirib olganimcha yig‘lardim. – Uill, – deb takrorladim bo‘g‘iq ovozda. Uning ovozi uzoqdan eshitildi. — Luiza? Luiza, qaerdasiz? Nima bo‘ldi? Men burchakda boshimni ushlagancha ko‘zim yosh o‘tirardim. Bu yerda butun umr qolib ketaman. Hech kim meni topolmaydi. — Uill… — Qanisiz?.. — U mening ro‘paramda paydo bo‘ldi. — Kechirasiz, — dedim, uni ko‘rib battar xo‘rligim keldi. — Kechirasiz. Men... men bunday qilolmayman. U qo‘lini bir kaft balandligida ko‘tardi, undan tepaga ko‘tarilmasdi. – Xudoyim, nima bo‘ldi? Bu yoqqa keling Klark? – U yaqinroq keldi-da, jahl bilan qo‘liga qaradi. – Bir tiyinga qimmat bu... Hammasi yaxshi. Nafas oling. Sekin... Men ko‘zimni artdim.. Uillni ko‘rishim bilan vahima yo‘qolgandi. O‘rnimdan turdim. — Uzr. O‘zim ham bilmayman.. nima bo‘ldi. — Qo‘limdan ushlang. U bir necha daqiqada meni tashqariga olib chiqdi. Yo‘l-yo‘lakay u bu labirintni besh qo‘lidek bilishini aytib, meni tinchlantirib keldi. Yoshligida labirintning u kirmagan burchagi qolmagan ekan. Uning qo‘llaridan taralayotgan issiqlik butun tanamga taralgandek bo‘ldi. Chiqishga juda yaqin joyda ekanimni bilib, o‘zimni yanada ahmoqroq xis qila boshladim. Skameykaga o‘tirdik, Uillning aravasidan dastro‘mol topib, artindim. Mening hiqqilashim tugaguncha ikkimiz ham gap boshlamadik. — Xo‘sh?.. — dedi u nihoyat tinchlanganimni ko‘rib. — Balki nimalar bo‘layotganini tushuntirib berarsiz? Men dastro‘molni g‘ijimlay boshladim. — Aytolmayman. Gap sizda emas.. Bu haqda hech kimga aytmaganman... Ancha yillar avval bo‘lgan... Kallam ishlamay qolgandi. nima deyishni bilmasdim. — Mayli. Bir taklif bor, — dedi nihoyat Uill. — Men sizga hech kimga aytmagan gapimni aytaman. Kelishdikmi? — Kelishdik. — Meni oldinda nimalar kutayotganini o‘ylasam qo‘rqib ketman. – U chuqur xo‘rsindi. – ko‘pchilik mening ahvolimda bundan battar bo‘lishi mumkin emas, deb o‘ylashadi. Ammo bundan ham battar bo‘lishi mumkin. O‘zim nafas ololmay qolishim, gapirolmay qolishim mumkin. Qon aylanishi buzildi, oyoq-qo‘limni kesib tashlashlariga to‘g‘ri kelar. Mening hayotim ayanchli, Klark. Ammo bundan ham battar bo‘lishini o‘ylasam... – U yutindi. – Bilasizmi nima? Hech kim meni eshitgisi kelmaydi. Hech kim sen qo‘rquv, og‘riq, bema’ni o‘lim haqida gapirishingni istamaydi. Sevgan qizingni qucholmaslik, o‘z qo‘ling bilan tayyorlagan ovqatingni yeyolmaslik, o‘z bolangni ko‘tarib o‘ynatolmaslik nima ekanini hech kim tushunmaydi. Ba’zan mana shu aravada yana bir kun o‘tirishim kerakligini o‘ylasam, aqldan ozgan odam kabi qichqirgim keladi. Onam cho‘kayotgan cho‘pga yopishib, men xali ham otamni yaxshi ko‘rishimni kechirolmaydi. Opam esa yana ota-onamning e’tiborini undan tortib olganimdan xafa. Dadam esa buni hammasi tezroq tugashini istaydi. Ular hammasi yaxshi bo‘lib ketishini xohlashadi. Men qorong‘uga qarab ko‘zimni yopdim. — Menchi? — so‘radim sekin. — Siz, Klark… — u qo‘llariga qaradi, — shu ahvolga tushganimdan beri gaplashib o‘tirishim mumkin bo‘lgan yagona odamsiz. Men unga hammasini aytib berdim. Meni labirintdan olib chiqqan qo‘lidan ushlab, o‘sha kecha mast bo‘lganimni, ular esa meni masxara qilishganini, qanday qilib xushimdan ketib qolganimni, keyinchalik esa singlim yaxshiyam shu yarim soatda nima bo‘lganini eslolmasligim omadim ekanini aytganini, ammo hayolimdan o‘chib ketgan shu yarim soat meni hozirgacha ta’qib etayotganini so‘zladim. Endi menga hech narsa kerak emasdi. Ota-onam, Patrik bo‘lsa yetadi. Ular menga xavfsizlik xissini berishdi. Men gapimni tugatganimda qorong‘u tushib bo‘lgandi. telefonimga qaerda yuribsizlar degan o‘n to‘rtta xabar kelibdi. — Bunda sizning aybingiz yo‘qligini aytmasam ham bo‘ladi, — dedi sekin u. Osmon kengaygandek tuyuldi menga. — Ha, albatta. — Men dastro‘molni g‘ijimladim. — Ammo o‘zimga pishiq bo‘lishim kerak edi. Ularni oldida o‘zimni ko‘rsataman deb ko‘p ichvorgandim, keyin rosa sho‘xlik qilib, gap sotgandim. Men... — Yo‘q. Barcha ayb ularda. Menga xali hech kim bunday demagandi. Trinaning menga rahmi kelsa ham uning qarashidan «Kamroq ichib, notanish yigitlarga ko‘z suzmaganingda, shunday bo‘lmasdi» degan gapni uqib olish qiyin emasdi. Uill barmoqlarimni siqdi. Juda sekin, ammo men buni sezdim. — Luiza. Bu sizning aybingiz emas. Yig‘lab yubordim. Bu safar xo‘ngrab yig‘lamadim. Ko‘z yoshlarim sekin oqar, ular bilan birga yana nimalardir mendan chiqib ketayotgandek edi. Ayb. Qo‘rquv. Yana men nomini bilmaydigan allanimalar. Men ehtiyotkorlik bilan boshimni uning yelkasiga qo‘ydim, u esa boshimga boshini egdi. — Men sizga bir yaxshi gap aytaman, Klark. Eshiting. Xo‘p? – Xo‘p. U meni diqqat bilan eshitishimga ishonch hosil qilmoqchi bo‘lgandek biroz indamay turdi. – Ayrim xatolar... shunchaki, boshqalarga qaraganda ko‘proq oqibatga ega bo‘ladi. Ammo o‘sha kecha sizning kim ekaningizni belgilamasligi kerak. Siz, Klark, bunga yo‘l qo‘ymasligingiz kerak. Men seskanib, chuqur nafas oldim. Ikkimiz ham indamay uning so‘zlari haqida o‘ylardik. Men Uillning issiqqina qo‘llarini ushlagancha va ichimdagi g‘uborlar asta tarqayotganini his qilib, bu yerda kechasi bilan o‘tirishim mumkin edi – Qaytsak ham bo‘lardi, – dedi u nihoyat. – Ortimizdan qidiruv otryadini jo‘natishmaguncha — Men uning qo‘lini istamay qo‘yib yubordim. Keyin maza qilib qo‘limni ko‘tarib, mayin kechki shabadaga o‘zimni tutdim. Haftalar, oylar, hatto yillar davomidagi tanglikdan qutilayotgan edim. Pastda shahar chiroqlari zulmat ichidagi yorug‘ dog‘ bo‘lib ko‘rinardi. — Uill? — Ha? Men uni xira-shirada arang ko‘rsam-da, u menga tikilib turganini sezdim. — Rahmat. Meni orqamdan kelganingiz uchun rahmat. U boshini qimirlatib, aravasini yo‘lak tomonga burdi. DAVOMI BOR. Download 0.96 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling