Sh. S. G‘offorov I. G‘. Sattarova samarqand tarixi


Download 0.92 Mb.
bet4/16
Sana05.05.2023
Hajmi0.92 Mb.
#1432200
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   16
Bog'liq
SH. S. G‘offorov I. G‘. Sattarova samarqand tarixi

Mavzu bo‘yicha savollar
1.Samarqandning 2750 yilligini nishonlashga asos bo‘lgan dalillar haqida gapiring?
2. Qaysi olimlarning tadqiqotlari asosida shaharning qadimgi tarixi ochib berilgan?


3-MAVZU. SAMARQAND ARAB XALIFALIGI DAVRIDA. SOMONIYLAR VA QORAXONIYLAR DAVRIDA SHAHARNING YUKSALISHI
Reja:

  1. Samarqand Arab xalifaligi davrida

  2. Somoniylar va Qoraxoniylar davrida Samarqand

O‘rta Osiyoga uyushtirilgan arab istilosi mintaqaning keyingi davrlardagi hayotiga tub o‘zgarish kiritdi. Istiloning birinchi bosqichi (645-715)dagi harbiy harakatlar o‘ljalarni qo‘lga kiritish bilan chegaralandi. Shu bilan birga bu jarayon an’anaviy davlatchilik va mahalliy ma’muriy boshqaruv tizimining ayrim nuqsonlari, mintaqadagi davlatlarida harbiy tayyorgarlikning talab darajasida emasligini namoyon qildi. Ichki boshboshdoqlik, Turk xoqonligining O‘rta Osiyodagi bu davlatlarga bergan siyosiy va iqtisodiy imtiyozlari ularning kuchayishiga emas, balki kuchsizlanishiga, zarur paytda mavjud resurslarni ishga sololmasligiga, dushman oldida yagona maqsad sari hamjihat bo‘lib birlashish imkoniyati cheklanishiga olib keldi. Istiloning ikkinchi bosqichi (715-751)da ayrim nuqsonlardan xulosa chiqargan O‘rta Osiyo mulklari va Turk xoqonliklari ozodlik uchun jiddiy harakat boshladilar, biroq imkoniyat boy berilgandi. E’tirof etish kerakki, arab istilochilari bu yurtni osonlikcha egallay olmaganlar. Istilochilar deyarli yuz yil davomida juda katta kuch, mablag‘ va talofatlar evaziga Movarounnahrni qo‘lga kiritdilar. O‘lkani islomlashtirishdagi harbiy–siyosiy,mafkuraviy va moliyaviy safarbarlik sekinlik bilan bo‘lsa-da, o‘z samarasini berdi.


Aslida arab istilochilarining Movarounnahrdagi g‘alabasi xalifalik qudrati natijasi emas, balki O‘rta Osiyo xalqlarining o‘z vaqtida dushmanga qarshi birlasha olmaganligi, mayda mulklarning o‘zini oqlamagan “mustaqil siyosati” va ularni birlashtiruvchi kuchlarning o‘z muammolari bilan o‘ralashib qolganligi oqibati edi. Chunki, arablar istilosi davrida butun Markaziy Osiyo mintaqasidagi siyosiy ahvol yaxshi emas edi. Mintaqaning yetakchi kuchlari - Sharqiy va G‘arbiy Turk xoqonliklarining ijtimoiy-siyosiy ahvoli VI asr oxiri - VII boshlaridagidek barqaror emasdi. Bu birinchidan turkiy davlatlar (Sharqiy Turk xoqonligi, G‘arbiy Turk xoqonligi va Turkash xoqonligi) o‘rtasida birlikning yo‘qligi hamda O‘rta Osiyodagi o‘z vasallariga yordam berishda umumiy maqsad yo‘lida safarbarlik bo‘lmaganligi bilan izohlanadi. Qolaversa, qudratli turk xoqonliklari tanazzuli nafaqat arab istilochilari uchun qo‘l keldi, balki azaliy raqib bo‘lgan Tan imperiyasi (619–907) uchun ham ayni muddao bo‘ldi. Chunki Xitoy imperiyalari doimiy tahdid soluvchi turkiy davlatlarni yo‘q qilish, hech bo‘lmaganda, ularning mintaqadagi ahamiyatini tushirish uchun qulay fursat kutayotganliklari ham sir emas edi. Shu bois Xitoy hurujlari bilan band bo‘lib qolgan Sharqiy va G‘arbiy turklar arab istilosiga qarshi kurashda o‘z ittifoqchilariga yetarli yordam berolmadilar.
Bir vaqtning o‘zida turklararo ziddiyatlar, G‘arbiy va Sharqiy turklar, turkashlar va uyg‘urlararo kechgan to‘qnashuvlar arab istilochilari uchun qulay imkoniyat yaratdi. Natijada arablar qiyinchilik bilan deyarli yuz yil (645-751) sarflab, mintaqadagi ozodlik harakatlarini sindirdi, mahalliy hukmdor va aslzodalarni o‘z tarafiga og‘dirib oldi va shu yo‘l bilan O‘rta Osiyoni egallab, o‘lka aholisini islomlashtirishga erishdi. Istilo jarayonida Arab xalifaligi: birinchidan, qo‘lga kiritilgan o‘ljalar hisobiga o‘z xazinasini to‘ldirdi, asirlar va garov olinganlar hisobiga harbiy yo‘qotishlar qopladi; ikkinchidan, o‘lkani islomlashtirish orqali qadimiy va boy ma’naviy meros sohiblari movarounnahrliklar islom dini, madaniyati va ilm-fani taraqqiyoti uchun xizmat qilishga qo‘shildi. Bu harbiy–siyosiy va iqtisodiy talofatlarga qaramay nima sababdan istilochilarning O‘rta Osiyo uchun shu darajada kurashganliklari ayon qiladi. Qolaversa, o‘lkaning geografik o‘rni Buyuk ipak yo‘lining asosiy yo‘nalishida bo‘lib, bu yo‘nalish Xitoydan Sug‘dga, bu yerdan Eron orqali O‘rta yer dengizi sohillariga va arab dashtlariga olib chiqardi. Arab savdogarlarining istiloga qadar bu yurt haqida tafsilotlari xalifalik davrida uni “fath” etishga chorlagan. Shu bois, istiloning ilk bosqichi talonchilikdan boshlangan. Qo‘lga kiritilgan boyliklarning qiymati va miqdori arab qo‘shinlarini hayratga solgan.
Afsuski, o‘sha paytda o‘lkada mavjud xususiy va mahalliy iqtisodiy zahiralar miqdori haqida ma’lumotlar saqlanib qolmagan Arab xalifaligi siyosatining ma’naviy jihatidan ustunligi shunda edi-ki, mahalliy, dunyoviy va diniy amaldorlar o‘z xalqi - oddiy dehqonlar hamda hunarmandlar manfaatlarini yetarli darajada himoya qilolmadi. Shu bois ham Ilk o‘rta asrlarda quyidagi Xitoy davlatlari mavjud bo‘lgan: Tobo Vey – Shimoliy Vey (386–535), Nan Bey-Chao–Janubiy va Shimoliy sulolalar (386–589, 420–589), Suy sulolasi (589–619) va Tan imperiyasi (619–907), turli tabaqa vakillari o‘rtasida birlik bo‘lmagan. Arablar esa bundan unumli foydalandi.
Arab hukmdorlarining “musulmonlar tengligi” haqidagi shiorlari mahalliy aholi tomonidan mazdakiylik harakatining qayta tiklanishi kabi xato tushunchani yuzaga chiqardi. Aslida istilochilar hech qanday tenglikni tan olmasdi. Bu qarshilik qilayotgan mahalliy kuchlarni chalg‘itishga qaratilgan tashviqot edi, xolos. Arab bosqinining g‘oyaviy mohiyati oshkor bo‘lgach, istiloning ikkinchi bosqichida yirik xalq harakatlari ko‘tarildi. Natijada ilg‘or fikrlaydigan, islom g‘oyalari uchun kurashuvchi musulmonlar orasida Abu Said, imom Ibrohim, Xoris Ibn Surayj kabi radikal o‘zgarishlar tarafdorlari paydo bo‘ldi. Ular mahalliy zodagonlar bilan birga mintaqadagi boyliklarni mintaqadan olib chiqib ketish emas, ko‘proq shu yerda to‘planish iqtisodiy jihatdan o‘zini oqlaydi, deb hisoblaganlar. Bu arablararo ixtiloflar va qurolli to‘qnashuvlarga sabab bo‘lgan. Istilochilarning iqtisodiy qiziqishlari ularning Sug‘d va boshqa mahalliy hokimliklar bilan imzolangan shartnomalarida o‘z aksini topdi. 715- yilgacha imzolangan sulhlar asosan o‘lja kiritish, to‘lov yoki o‘lponlar undirishga qaratilgan edi. Arablar katta miqdordagi to‘lovlar bilan cheklanmay, ko‘p sonli garovga olinganlar, asir va asiralarni ham shartnoma bandlarida ko‘rsatib o‘tdilar. Bu arablar va mahalliy hukmdorlarningPoykent, Buxoro va Samarqanddagi shartnomalarida o‘z aksini topgan edi. Buxoro malikasi – Qabaj xotun Ubaydulloh ibn Ziyod bilan tuzilgan 674- yilgi shartnomaga ko‘ra, bir million dirham tovon puli va ko‘plab asirlarni arablarga bergan. Garovga olinganlar va asirlar sonini Tabariy 2 ming kishi, ularning aksariyati mohir kamonchilar edideb, ta’kidlagan. Narshaxiy esa, Poykent va Romitandan bandi qilib olib ketilgan asirlar sonini 4 ming edi deb, ko‘rsatadi. Balazuriy keltirishicha, Said ibn Usmon va samarqandliklar shartnomasiga ko‘ra, Sug‘ddan 700 ming dirham o‘lpon va aslzodalardan iborat asirlar undirilgan bo‘lsa, Salm ibn Ziyod Xorazm bilan shartnomada 400 ming dirham miqdoridagi o‘lpon undirishga imzo chekkan. Xuroson noibi Salm ibn Ziyod yuborgan al-Muxallab boshchiligidagi qo‘shin Xorazm chegarasidagi Xazarasp shahrini qamal qilgach, mahalliy hokimlar u bilan bitim tuzgan. Shartnoma 20 mln.dan ziyod (dirham) qiymatga tuzilgan. Lekin bu qiymat tayyor mahsulotlar shaklida olingani bois, yarim miqdoriga qullar, otlar, oshlangan teri arzon narxlarda undirilib, natijada jami qiymat 50 mln. dirhamga yetgan.
Vaholanki, istilochilar shartnomalardagi qiymatni, qullar, chorva, teri, va gazlamaning yarim bahosi miqdorida olishgan. Bunday tahqirlovchi shartnomalar orqali arablar o‘lkalarning boyliklarini talash, o‘z xazinalarini to‘ldirish orqali keyingi yurishlarga zamin hozirlashgan. Birgina Poykentda 87- (705\706) yilda arablar qo‘lga kiritib, so‘ng eritib olgan tilla buyum va zebu–ziynatlarning miqdori 150 ming misqol oltinni tashkil etgan. Bu raqamlar misolida Xuroson va Movarounnahr ko‘lamidagi miqdorni tasavvur qilish mushkul emas. Birgina oltindan ishlangan sanamning og‘irligi 50 ming misqol, kumushdan ishlangan butning qiymati 40.000 dirham baholangan edi. Bundan tashqari, 150 ming misqollik kumush jomlar va har biri kabutar tuxumidek keladigan ikkita marvarid xalifalikning Sharqiy viloyatlar noibi Hajoj ibn Yusufga jo‘natilgan sovg‘alar orasidan o‘rin olgan edi. Mahalliy xokimlar garchi arablar bilan katta o‘lponlar evaziga sulh tuzgan bo‘lsa-da, ular imkon tug‘ilishishi bilan bu kamsituvchi sharnomalarni buzib, arablarga qarshi harakat boshlashgan. Masalan, buxoroliklar Qutayba bilan tuzilgan yiliga 200 ming dirham xalifa Sulaymon ibn Abdulmalikka va 19 ming dirham amir (noib) Qutayba ibn Muslimga to‘lovi hamda arab askarlarining otlariga yem–xashak va o‘zlariga issiq egni-bosh yetkazib berishi haqidagi shartnomani dastlabki yillarda bajarib, turklar bilan ittifoqchilikdagi kurash chog‘ida unga rioya qilishmagan. Qolaversa, Qutayba o‘limidan keyin bu tuzilgan shartnomalar o‘z kuchida qolgan yoki qolmaganligi ham noma’lum. Bu borada Qutaybaning 712 yilda Sug‘d ixshidi G‘urak bilan imzolagan “Samarqand shartnomasi” o‘ziga xosdir. Bu shartnoma matni asl arabcha va forscha tarjimada yetib kelgan. Tabariy shartnoma matnini bermasa-da, u haqida ma’lumot qoldirgan. Shartnomaning arabcha aslini al-Kufiy, forscha tarjimasini Balamiy keltirib o‘tadi. U orqali Qutaybaning O‘rta Osiyoda imzolagan ko‘plab shartnomalarning tahminiy manzarasini va o‘sha davr Sug‘d iqtisodi darajasini ko‘z oldimizga keltirishimiz mumkin. Shartnomada yiliga to‘lanadigan 200 ming dirham va bir vaqtning o‘zida to‘lanadigan 2 mln. dirham miqdorining 200 mingi asirlar, gazlamalar, oltin va kumushlar bilan to‘lanishi belgilangandi Yana shartnomaga ko‘ra, sug‘diylar arablarga har yili 3 ming (Tabariy bo‘yicha 39 ming) asir, ma’lum miqdorda ipak va parcha gazlamalar yetkazib berish ham zarur bo‘lgan. Har yilgi to‘lov xalifalik markaziga o‘lkadagi omili, ya’ni moliyaviy va soliq ishlari noibi orqali jo‘natib turilgan. Asirlar qaysi paytda va qancha miqdorga jo‘natilganligi haqida ma’lumotlar yetarli va ishonchli emas. Qolaversa, haqiqatan ham Sug‘ddan Bag‘dod tomon 3 ming (Balami bo‘yicha) yoki 2 ming (Tabariy bo‘yicha) asir yuborilganligi ham noma’lum Said Xarashiy 104 (722\723) yilda Farg‘ona va Panchdagi qo‘zg‘alonlarni bostirib, uning yetakchisi Devashtichni xoinona qatl ettirgach, Keshga yurish qiladi. Kesh ispehbodi bilan tuzilgan shartnomaga ko‘ra, 40 kun muddatda Kesh hokimi Vik ( وﻳك- Vayk) arablarga 10 ming (boshqa manbalarda 6 ming) asirni, Xarashiyning vakili Nasr ibn Sayyorga topshirishi kerak bo‘lgan. O.I. Smirnovaning fikricha, bu miqdordagi asirlar asosan turk g‘ulomlari va sug‘d – bandak (βntk)laridan iborat bo‘lgan. Ayrim asirlar va asiralar boshqa o‘ljalar qatorida bozorlarda “kim oshdi” savdosida sotib yuborilgan. Ba’zan ortiqcha asirlar o‘ldirib yuborilgan. Bu manzara arablarning o‘ljaga xirs qo‘yganligi va inson qadr-qimmatini paymol qilganligini, hatto islom ahkomlarini ham buzganligini ko‘rsatadi. Xususan, 97 (715\716) yildagi Jurjon qamalidan so‘ng taslim bo‘lgan 14 ming asir Yazid ibn al-Muxallab farmoni bilan qirib tashlangan. Bu haqda halifa Sulaymon ibn Abdulmalikning shaxsan o‘ziga xabar yetkazilgan. Ikkinchi bor yurishida Jurjonning 40 ming aholisi asir olinmay qilichdan o‘tkazilgan.
Xuddi shunday vaxshiylik Qutayba ibn Muslim tomonidan ham amalga oshirilib, u 400 ming asirni o‘ldirtirgan edi. Mazkur asirlarning ko‘pchiligini esa aynan turklar tashkil etganligi manbalarda qayd etilgan. Hatto X asrda ham ibn Xurdodbehning keltirishicha, xalifalik tomonidan Qobul viloyatidan olib ketilgan harbiy asirlarning asosini ham turk – guz (o‘g‘uz)lar tashkil etgan. Samarqanddan olib ketilgan asirlarning aksariyati ham Istarxiy fikricha, Turkiston tomondan keltirilgan, ya’ni Sirdaryo bo‘yi turklaridan bo‘lgan.
Shundan xulosa qilish mumkinki, arablar tomonidan asir – qul sifatida olib ketilganlarning bir qismini mahalliy aholi, bir qismi ularga yordamga kelib asir tushgan turklar tashkil etgan. Olib ketilgan bu asirlar omillar nazoratida maxsus to‘ploq (lager)larga joylashtirilgan. Aksincha esa o‘lkaga arab qabilalalari va ajam xalqlari vakillari joylashtirilgan. Xususan, 674 yilda Ubaydulloh ibn Ziyod bilan kelgan 24 ming arab Amudaryodan o‘tib Movarounnahrga joylashgan bo‘lsa, Axnaf bilan Movarounnahrga kirib kelgan 4 ming arab va mingta ajam musulmonlar Chag‘oniyon hududiga o‘rnashgan. Ular asosan o‘lkada arab istilosi manfaatlariga xizmat qilish barobarida bu hududlarning forsiylashuviga zamin yaratdi.
Olib ketgan asirlardan arablar ishchi kuchi sifatida foydalangan. Bunday taxqirga chidolmagan aslzodalar hayoti ba’zida fojiali yakun topgan. Said ibn Usmon tomonidan Sug‘ddan olib ketilgan 80 nafar aslzodalar, Madinada ularga nisbatan qilingan tahqirga chidolmay, Said qarorgohiga bostirib kirib avval Saidni, so‘ng o‘zlarini xalok qilganlari ma’lum. Boshqa bir guruh g‘ulomlar xalifa amaldorlari ishonchini oqlab, o‘zlarining harbiy salohiyatlari bilan tan soqchilikdan tortib xukmronlik darajasigacha ko‘tarilgan. Tabariyga ko‘ra: “Maslama xabar qilishicha, Ubaydulloh ibn Ziyod olib kelgan 2000 buxorolik kamonchilarning har biri yog‘ochdan yasalgan o‘qlar (nushshab) otuvchi a’lo darajadagi merganlar edilar”
Bizningcha, bu g‘ulomlar Xalifaning maxsus gvardiyasiga jalb qilingan. Ayniqsa, o‘rtaosiyoliklarning harbiy mahorati xalifalik tomonidan nihoyatda qadrlangan. Qolaversa, 254–292 (868–905) yillarda xukmronlik qilgan To‘luniylar xalifalikda birinchilardan bo‘lib Misr va Suriyada mustaqil mahalliy sulolaga asos solishgan bo‘lsa, shu kabi o‘rtaosiyolik turk harbiylaridan hukmdor darajasiga erishgan shaxs Muhammad ibn Tug‘j edi. U Ixshidiylar sulolasiga asos solib, uning sulolasi ham deyarli 35 yil (323–358 - 934\935–968\969) davomida Misr va Suriyada xukmronlik qilgan. IX-X asrlarda shimoliy-g‘arbiy Eron, ya’ni Ozarbayjonda, kelib chiqishi Ustrushona turklaridan bo‘lgan Abu-s-Sajiyning o‘g‘li Muhammad 980 yilda Xalifalik tomonidan Ozarbayjon hokimi etib tayinlangan. U va uning avlodlari - Sajiylar sulolasi 929 yilgacha hukmronlik qilishgan. Bu xalifalik shaharlariga olib ketilgan o‘rtaosiyoliklarning g‘ulomlikdan hukmdorlik darajasiga ko‘tarilganligini isbotidir.
Agar istilochilaring bir yil davomida Buxoro, Samarqand va Farg‘onaning har biridan 200 ming dirhamdan olib chiqib ketgan boyligi jami 600 ming dirhamni tashkil etganliginihisobga olsak, yuz yilda bu daromad miqdori qancha bo‘lganligini tasavvur qilish qiyin emas. Hatto IX asr boshlarida Abdulloh ibn Tohir davri (211\826-827)da Xurosonning xalifalik xazinasiga to‘laydigan soliq miqdori 38 million dirhamga chiqqan edi. Bu bir asrdan ziyod vaqt davomida Xuroson va Movarounnahr talon-taroj qilinib, mehnat kuchlari olib ketilib, davlatchilik an’analari barham topib, ijtimoiy-iqtisodiy hayot qanchalar zarar ko‘rganidan keyingi miqdor edi.
Bundan tashqari, arab istilosi natijasida O‘rta Osiyo xalqlari xalifalik tarkibiga kiritilgach, umummusulmon sivilizasiyasiga munosib hissa qo‘shib, arab va O‘rta Osiyo xalqlari madaniyati, ilm-fani o‘zaro ta’sir natijasida boyiganligini ham e’tirof etish o‘rinli.
Markaziy Osiyoning Buyuk ipak yo‘li chorrahasida joylashganligi ham integratsion va etnomadaniy jarayonlarning jadal kechishini ta’minladi. Mintaqa xalqlari mentalitetidagi azaldan milliy va diniy bag‘rikenglik - tolerantlik an’analari ham shu jarayon mahsuli bo‘lgan. Bu zamindagi o‘troq va ko‘chmanchi elatlar tarixning turli davrlarida o‘zaro sintezlashgan, yuksak darajadagi tarixiy-madaniy makonni vujudga keltirgan vakillar edi. E’tirof etish kerakki, Arabiston yarim orolida Islom dinining qaror topishi va mintaqalarga yoyilishi VII-VIII asrlarning muhim voqyeligidir. VII asrning ikkinchi choragida tanazzulga uchragan Sosoniylar saltanati tugatilgach, 651 yilgacha Xuroson va 751 yilga qadar jiddiy qarshiliklarga qaramay Movarounnahrning egallanishi mintaqadagi tarixiy jarayonlarni yangi bosqichga olib chiqdi. Arab istilochilari va islom dini targ‘ibotchilari uchun Movarounnahrni qo‘lga kiritishdan maqsad bu o‘lka tabiiy boyliklariga egalik qilish va bu yerda shakllangan yuksak madaniyatning umumislom madaniyatiga uyg‘unlashuvini ta’minlash bo‘ldi. Garchi milliy-ozodlik harakati uzluksiz davom etgan bo‘lsa-da, voqyealar faqat qon to‘kishlar va qirg‘in – barot urushlar bilan belgilanmaydi. Manbalarga ko‘ra, Sug‘d va Farg‘ona ixshidlari, buxorxudot va vardonxudotlar, Turk xoqonlari va Choch tegin va tudunlari doimo ham arablar va islom diniga salbiy munosabatda bo‘lmaganlar. Jumladan, Sug‘d ixshidlari garchi urushayotgan tomon bo‘lsa-da, ayrim holatlarda
Xuroson va Movarounnahrdagi siyosiy barqarorlik uchun arab noiblari bilan hamkorlik qilishga jazm etganlar. 689-704 yillarda Termizda Xuroson noibi Abdulloh ibn Xazimning (683-692) o‘g‘li Musoning isyonini bostirishda Sug‘d ixshidi Tarxunning (700-710) Xuroson noibi Mufaddal ibn al-Muhallabga, 750 yilda buxorxudot Qutayba ibn Tug‘shodaning Abbosiylar targ‘ibotiga qarshi bosh ko‘targan Sharik ibn Shayx isyonini bostirishda Abu Muslimga harbiy yordamini o‘sha davr qarashlari bilangina baholash mumkin. Bizningcha, mahalliy hukmdorlar vaziyatni to‘g‘ri tahlil qilib, ish tutganlar. O‘z o‘rnida ayrim arab zodagonlari ham mahalliy halq manfaatini himoya qilishganini ta’kidlash joiz. Ulardan Abu Sayda, Rabi’ ibn Imron at-Tamimiy, al-Qoim ash-Shayboniy kabilar Xuroson noibi Ashras ibn Abdulloh (727-729) ning soliq siyosatiga norozi bo‘lib chiqqanlar. 750- yilda xalifalikda ummaviylar o‘rniga abbosiylarning hokimiyatga kelishi o‘z samarasini berdi. Abbosiylar harakati tarkibida Kesh va Nasaf vakillari anchagina bo‘lganligi ma’lum. Chunki abbosiylar ummaviylarning arab bo‘lmaganlarga, mavlo-ozod qul sifatida qarashiga barham berdi. Bu bilan Abbosiylar Movarounnahrni islomlashtirish, turkiy va sug‘diy askarlar hisobiga xalifalik manfaatlarini himoya qilish ishiga yo‘l ochdilar. 751 yildagi Talas jangida Ziyod ibn Solih boshchiligida arab va o‘rtaosiyolik qo‘shinlar xitoylarning Gao Syanchji qo‘mondonligidagi armiyasiga talofat yetkazishga muvaffaq bo‘ldi.
Aks holda, mintaqadagi geosiyosiy vaziyat umuman boshqacha tus olib, turkiy davlatlar ham katta fojiaga ro‘baro‘ kelgan bo‘lar edi. VIII asr boshlaridan Sug‘dda xitoy namunasidagi tangalar o‘rnini arab yozuvli islomiy tangalar egalladi. Bu fulslarda islomiy “Bismilloh” kalomi joriy etildi. Xususan, Kesh ixshidi tangalari yuzasida “ixshid / dehqon/ Keshsh” va orqasida “Bu fuls Keshda zarb qilingan” jumlalari arab tili va yozuvida chekilgan edi. VIII asrning ikkinchi yarmida Samarqand Sug‘dida xalifa Mansur davriga tegishli, 143 (760/761) yilgi tangalar muommalada bo‘lgan. Ularda Dovud ibn Guroz, Ashras ibn Yah’yo ismlari bitilgan. 148- (765/766) yilga oid Buxorodan topilgan tangada Ma’bad nomi uchraydi. Shu davrdan Sug‘dda mahalliy sug‘diy til va yozuvi o‘rniga mahkama ishlarida arab tili va yozuvining kirib kelayotganligini ko‘rsatadi. Arablar va islom dini ta’sirida musulmon sug‘diylar orasida islomiy ismlar rusm bo‘la borgan. Jumladan, Buxorxudot Tug‘shoda o‘z o‘g‘lini Qutayba deb nomlasa, Sug‘d ixshidi G‘urakning bir o‘g‘li islomni qabul qilgach, turkiy Banichur ismini Yazid ismi bilan to‘ldirdi. Mug‘ arxivining A-6 va V-6 hujjatlarida Sug‘dda tarqalgan Amir ismi qayd etilgan. Islomga o‘tgan sug‘diylar o‘z kelib chiqishiga dahldor nasablarini ham saqlab qolganlar. Jumladan, Abu Xadija Jilon ibn Varrad as-Sug‘diy, Amr al-Fadusbon as-Sug‘diy al-Buxoriy, Aqil as-Sug‘diy, Mukatil as-Sug‘diy, an-Nadr as-Sug‘diy, Amr al-Fadusbon as-Sug‘diy, Ato at-Dabusiy va boshqalar.Xalifalikning ulkan geosiyosiy va madaniy imkoniyatlari o‘rtaosiyolik xanafiy ulamolar Abu Hafs an-Nasafiy, Abu Zayd ad-Dabusiy, faqihlar Abu Nasr al-Iyodiy, Abu Mansur al-Motrudiy, Abu Barokat an-Nasafiy va boshqa olimlar yetishib chiqdi.
Ular arab tili imkoniyatlaridan foydalanib, islom dini va madaniyati rivoji uchun juda katta hissa qo‘shdilar.VII-VIII asrlarda yo‘qotishlarni, IX-XII asrlardagi uyg‘onish davri bilan qayta to‘ldirildi. Sug‘diylarning mintaqaga islom dinini targ‘ib qilishdagi xizmatlari ham katta bo‘ldi. 94- (712/713) yilda Buxoroda ilk masjid ochilgan bo‘lsa, keyinchalik mintaqada yuzlab masjidu madrasalar qad rostladi. Bu esa Movarounnahr shaharlarini islom dini madaniyati markazlariga aylantirdi. O‘rta Osiyoning musulmon savdogarlari tijoratdan tashqari Yettisuv, Sharqiy Turkiston, Ural va Volga bo‘yi hamda Shimoliy Kavkazda islom dini targ‘iboti bilan shug‘ullandilar. Arab istilosi o‘z mohiyatiga ko‘ra bosqinchilik yurishlari bilan boshlanib, ma’rifiy va diniy tadbirlar bilan yakunlandi. Shu bilan birga arab istilosi O‘rta Osiyodagi etnik jarayonlarga ham o‘z ta’sirini o‘tkazdi.Ko‘p asrlik turkiy va sug‘diylararo munosabatlar Markaziy va O‘rta Osiyo hududlaridagi etnogenezda muhim rol o‘ynadi. Ming yillar davomida shakllanib kelayotgan bu jarayonni arab istilosi to‘xtatib qo‘ymasa ham, mintaqaning turkiylashish jarayonini sekinlashtirdi. Shunday bo‘lsa-da, etnomadaniy makon tushunchasi o‘z ahamiyatini yo‘qotmadi. Mintaqa etnoslari orasida sug‘diy va turkiylar simbiozi jarayoni o‘zining chuqur tarixiy ildizlariga ega edi. Asrlar davomida mintaqada geosiyosiy, tarixiy, ma’naviy birlik shakllandi. Etnoslararo qalin munosabatlar sayqallanib, sivilizatsion darajaga ko‘tarildi. Marvdan Mo‘g‘ulistongacha bo‘lgan ulkan hududda turk-sug‘d etno-madaniy yaxlitligi qaror topdi. Ikki ming yil (mil. avv. I ming yillikdan milodiy I ming yillik oxirigacha) davomida yagona tarixiy-madaniy makon vujudga keldi. Shu bosqichning eng cho‘qqisi - ilk o‘rta asrlar davri - “turk-sug‘d davri”, - deb bejiz e’tirof etilmagan edi.

Mavzu bo‘yicha savollar:


1.Arab xalifaligi hukumronligi davrida Samarqandda siyosiy jarayonlar.
2.Arab xalifaligi hukumronligi davrida Samarqandda ijtimoiy hayot.
3.SamarqanddaArab xalifaligi hukumronligiga qarshi kurash.



Download 0.92 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   16




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling