Sh. S. G‘offorov I. G‘. Sattarova samarqand tarixi


Download 0.92 Mb.
bet6/16
Sana05.05.2023
Hajmi0.92 Mb.
#1432200
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   16
Bog'liq
SH. S. G‘offorov I. G‘. Sattarova samarqand tarixi

Mavzu bo‘yicha savollar:
1.Amir Temur va temuriylar davrida Samarqandda siyosiy jarayonlar.
2.Amir Temur va temuriylar davrida Samarqandda ijtimoiy-iqtisodiy hayot.
3.Temuriylar davrida Samarqandda madaniy hayot, ilm-fan ravnaqi.
4.Amir Temur va temuriylar davrida Samarqandda obodonchilik ishlari.


5-Mavzu.Samarqand Buxoro xonligining yirik, siyosiy, iqtisodiy va madaniy markazi.

Movarounnahrning katta shaharlaridan bo‘lgan va undan ko‘plab olimu fozillar yetishib chiqqan Samarqand XVI - XIX asrning birinchi yarmida O‘rta Osiyoda kechgan siyosiy jarayonlarda muhim rol o‘ynadi. XV asrning oxirlarida Temuriylar davlatida kuzatilgan siyosiy inqiroz mamlakatning tashqi kuchlar tomonidan bosib olinishiga zamin yaratdi. Bunday kuch sifatida dashti qipchoqlik Muhammad Shayboniyxon maydonga chiqdi. Movarounnahr va unga tutash yerlarni qurol kuchi bilan bo‘ysundirgan bu hukmdor 1500 yilda Samarqandni zabt etishga muvaffaq bo‘ldi. Muhammad Shayboniyxon Hofiz Tanish Buxoriyning yozishicha, o‘g‘li Muhammad Temur sultonni o‘z merosxo‘ri etib tayinladi va unga xon unvonini berib, Samarqandga hokim qilib tayinladi.


Shayboniy hukmdorlar go‘zal Samarqand shahrini adolatli harakatlar va xayrli hamda e’tiborli ishlar manbaiga aylantiradilar. Yangi sulolaning ichki va tashqi siyosati shu markazdan turib amalga oshirildi. Poytaxt shaharda yarim ko‘chmanchi o‘zbeklar harbiy aristokratiya bilan mahalliy hukmron doira vakillari va zodagonlar hamkorligida hokimiyatni boshqarishni amalga oshirdilar. Muhammad Shayboniyxonning nisbatan qisqa hukmronligi davrida shaharda ayrim sohalarda jonlanish sodir bo‘ldi. Oliy hukmdor poytaxt shahardagi qurilishlarga alohida e’tibor qaratdi.Bu hukmdorga zamondosh tarixchi,Shayboniyxon “shaxsan o‘zi qurdirgan Madrasai-Oliyaga” borganini qayd etib o‘tadi. Muhammad Shayboniyxonning 1510 yilda fojiali o‘limidan so‘ng, Movarounnahrda uning jiyani Ubaydulla sultonning siyosiy mavqyei mustahkamlandi. Ubaydullaxon davrida (1533-1539) mamlakatning poytaxti rasman Samarqand sanalsa-da, amalda bu hukmdor davlatni o‘z merosiy mulki Buxorodan turib boshqardi. Samarqand hukmron sulolaning eng katta vakili – xon qarorgohi sifatida qoldi.
Ubaydullaxonning o‘limidan so‘ng Movarounnahrda hukm surgan siyosiy parokandalik oqibatida marokaziy hokimiyatning parchalanish jarayoni va ikki hokimiyatchilik vujudga keldi. Natijada, Ubaydullaxoning o‘g‘li Abdulazizxon (1540-1550 yy.) Buxoro taxtiga o‘tirgan bo‘lsa, Samarqandda oliy hukmdor sifatida Kuchkunchixonning o‘hillari – avval Abdullaxon I (1541 y.), so‘ngra Abdulatifxon (1541-1551yy.) hukmronlik qildi. Ushbu siyosiy holatga muvofiq ravishda Samarqand va Buxoro poytaxt shaharlar vazifasini ado etishni davom ettirdi. Abdulazizxonning o‘limidan so‘ng avj olgan yakka hokimlik uchun kurash natijasida 1551- yilda Samarqand hukmdori Abdulatifxon hamda Toshkent va Turkiston hukmdori Navro‘z Ahmadxon Buxoroni qo‘lga kiritish uchun yurish qildilar. Abdulatifxonning o‘limidan so‘ng Samarqand taxtiga Baroqxon nomini olgan Navro‘z Ahmadxon (1551-1556), Buxoroda esa Ubaydullaxonning nabirasi Burxon sulton taxtga o‘tirdilar.
Baroqxonning o‘limidan so‘ng Samarqand taxtiga Burxon sulton o‘tirdi. Shu davrda shaybniylar sulolasining zabardast vakili, qat’iyatli Abdulla sultonning Movarounnahrni siyosiy hayotidagi ahamiyati oshib bordi. Movarounnahrda markazlashgan hokimiyatni tiklashga bel bog‘lagan Abdulla sulton 1557 yilda Buxoroni egalladi va oliy hukmdor sifatida tarkib topgan an’anaga ko‘ra dastlab Jonibek sulton avlodidagi eng keksa vakil – Pirmuhammadxonni (1557-1560), so‘ngra otasi Iskandarxonni (1560-1583) Buxoro taxtiga o‘tqazsa-da, haqiqiy hokimichyat uning qo‘lida qoldi. Abdullaxon P Shayboniylar davlati hududini birlashtirish hamda hokimiyatni markazlashtirishga qaratilgan uzoq va mashaqqatli siyosatni amalga oshirishga muvaffaq bo‘ldi. Uning davrida Buxoro uzil-kesil Shayboniylar davlatining poytaxtiga aylandi.
Abdullaxon P o‘limidan (1598) va uning o‘g‘li Abdulmo‘minning vafotidan keyin Shayboniylar davlati chuqur inqirozni o‘z boshidan kechirdi. Buxoro xonligidagi siyosiy hokimiyat Ashtarxoniylar sulolasi qo‘liga o‘tdi. Bu sulola hukmronligi davrida ham Samarqand mamlakatda yuz bergan siyosiy jarayonlarda muhim o‘rin tutdi. Ashtarxoniylar ham mamlakatda yuzaga kelgan holatni tartibga solishga muvaffaq bo‘lmadilar. Faolligi oshib borayotgan urug‘ beklarining separatizmi markaziy hokimiyatning susayishiga olib keldi. Jumladan, Ubaydullaxon (1702-1711) davrida Balx, Termiz, Hisor va Shahrisabz bilan bir qatorda Samarqand ham markaziy hokimiyatga qarshi bosh ko‘tardi.
Buxoro xonligidagi siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy hayot inqirozi yangi hukmdor Abdulfayzxon (1711-1747) davrida yanada chuqurlashdi. Bu davrda Toshkent, Xo‘jand, Balx, Badaxshon, Hisor, Samarqand deyarli mustaqil mulklarga aylangan edi.
Buxoro xonligida 16-17-asrlarda hokimiyat tepasida turgan hukmdorlar davrida Samarqand ayrim jabhalarda rivojlanish jarayonini o‘z boshidan kechirdi. Bu davrda shaharda katta qurilish ishlari amalga oshirilgan bo‘lib, Juvonmard Alixon tomonidan hammom (1574), Qozi Soqiy madrasasi, Yalangtushbiy bahodir tomonidan Sherdor (1636) va Tillakori (1647-1660) madrasalari qurildi.
18-asr oxirlari va 19-asrning birinchi yarmida esa Samarqand O‘rta Osiyo xonliklaridagi siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy hayotning tanazzuli oqibatida inqirozga yuz tutgan shaharlar qatorida og‘ir damlarni o‘z boshidan kechirdi.
Murakkab siyosiy voqeyalar mobaynida poytaxt shahar mavqyei Buxoroga berilgan bo‘lsa-da, Samarqand hokimiyat tepasiga kelgan oliy hukmdorlarning shaharda joylashgan “ko‘k toshga o‘tirish” rasmiy marosimi o‘tkaziladigan markaz sifatidagi ahamiyatini saqlab qoldi. Xususan, 18-asr boshlarida Mir Muhammad Amin Buxoriy dunyo hukmronligini orzu qilgan turli hukmdorlar “Samarqandda... ko‘k toshga o‘tirar edilar”, - deb qayd qilgan. Oliy hukmdorning Samarqandda ko‘k toshga o‘tirish an’anasi 19-asrning birinchi yarmigacha ham davom etgan.
16-19 asr birinchi yarmida Samarqand O‘rta Osiyodagi boshqa shaharlar kabi mahobatli mustahkam himoya devorlari bilan o‘rab olingan edi. Bu o‘rinda 16 asr muallifi Zayniddin Vosifiyning Samarqand devori haqida yozgan quyidagi so‘zlari e’tiborlidir: “Karvon Samarqand shahri darvozasiga yetkach, shunday bir shaharni ko‘rdilarki, g‘oyat mustahkam va mahkam. Devorning balandligi shu qadarli ediki, agar falak ho‘kizi uning tepasidan o‘tganda kungurasining keski qornini yirtgan bo‘lardi”. Samarqand shahri devorlari burj va kunguralar bilan ishlangan edi. Devorga o‘rnatilgan darvozalar uni tashqi dunyo bilan bog‘lovchi asosiy vosita sifatida shahar hayotida muhim o‘rin tutgan. 16- asrga oid ma’lumotlarga ko‘ra, Samarqandning janubida So‘zangaron, g‘arbida Choharraxa, shimoliy tomonida Ohanin darvozalari joylashgan edi. Zahriddin Muhammad Bobur ham Samarqandning Ohanin, So‘zangaron, Shayxzoda, Feruza, Gozuriston darvozalari nomlarini keltiradi.
Xonlikning juda katta hududlaridagi kabi Samarqandda ham mahalliy aholi o‘z ehtiyojlari va sotish uchun paxta, tamaki yetishtirishga harakat qilgan. Viloyatning Angor, Shiroz, Urgut, Kattaqo‘rg‘on va Shovdor tumanlarida esa turli matolarni bo‘yashda ishlatiladigan rang xom ashyosi, pista daraxtidan olinadigan – buzg‘unch, ruyan, isparak, po‘kak ko‘p miqdorda yetishtirilgan.
Aholi dehqonchilik bilan bir qatorda bog‘dorchilik bilan ham keng shug‘ullangan. Samarqandda bog‘lar juda ko‘p edi. Bunday bog‘larda olma, nok, behi, o‘rik, olcha, shaftoli, olxo‘ri, bodom, anor, anjir va boshqa turdagi mevalar yetishtirilgan. Uzumning turli navlari yetishtirilib, ulardan sharbat, sharob va mayizlar tayyorlangan. Samarqand xonlikda “Eng yaxshi” shaftolilar yetishtiriladigan markaz sifatida mashhur edi.
Samarqand shahri va uning atrofidagi bog‘larda turli hunarmandchilik sohalari uchun xom-ashyo vazifasini o‘tovchi ko‘plab daraxtlar o‘stirilar edi. Xususan, duradgorlar bu bog‘larda o‘stirilgan yong‘oq, chinor, qayrag‘och, tut va terak daraxtiga ehtiyoj katta edi.
Buxoro xonligining asosiy suv tomiri Zarafshon daryosi hisoblanib, uning suvlari bilan Samarqand vohasi ham sug‘orilgan. Zarafshon daryosi suvi turli kanallarga taqsimlangan. Bunda ravoq tizimidan foydalanilgan. Bir ravoq suv 100000 tanob yerni sug‘orishga mo‘ljallangan edi. Odatda ravoq g‘ishtin ko‘priklar ostida arka sifatida qurilib, u suv oqimining yo‘nalishini boshqarib turgan. Samarqand yaqinida Zarafshonning suvini atrofdagi barcha hududlarga taqsimlab berish uchun 21 ta ravoq mavjud bo‘lgan. Bu ravoqlar orqali Samarqanddan Karmanagacha bo‘lgan yerlar sug‘orilgan.
Samarqand atrofidagi hudud turli foydali va qimmatbaho qazilmalarga boy edi. Jumladan, bu yerda feruza, mis, granit, gips, marmar va boshqa foydali qazilma konlari mavjud edi.
Bu davrda turli hunarmandchilik sohalari keng rivojlangan edi. Xususan, Samarqandda tuzilgan, 16-asrga oid qozilik hujjatlarida 60 dan ortiq hunar turlari qayd qilingan.
Shaharda eng rivojlangan hunarmandchilik sohalaridan biri to‘qimachilik edi. Samarqandlik to‘quvchilar yaratgan ko‘pdan-ko‘p mahsulotlar turlariga boshqa shaharlar, mamlakatlar, dasht ahli orasida talab katta edi. Bunday gazlamalar jumlasiga bo‘z (karbas), olacha, chit va boshqalarni kiritish mumkin. Bu matollarning ayrimlari chet mamlakatlarga ham olib borib sotilgan.
Samarqand ipak matolari ishlab chiqaruvchi yirik markazlardan biri sanalardi. Shaharlik hunarmandlar tomonidan to‘qilgan ipak gazlamalarning eng mashhuri baxmal bo‘lib, u haqida Zahriddin Muhammad Bobur “Samarqandning yana bir matoi qirmizi baxmaldurkim, atrof va javonibqa eltarlar”-deb yozadi. Shuningdek, shaharda oltin va kumush iplar qo‘shilib parchalar, atlaslar va boshqa ipak matolar ham to‘qilgan.
Samarqandda turli matolar ishlab chiqarish bilan uzviy bog‘liqlikda buyoqchilik ham rivojlangan edi. Hunarmandlar matolarni turli ranglarga, xususan, nil (indigo) buyog‘iga bo‘yashda katta mahoratga ega edilar.
Shaharda turli temirchilik sohalari keng rivojlangan edi. 16 asr Samarqandga oid hujjatlarda temirchilar – ohangarlar, bronzadan turli buyuk quyuvchilar – rextagarlar, cho‘yan buyumlarni quyuvchilar – cho‘yangarlar, mix yasovchi ustalar – mexchagarlar tarzida keltiriladi.
Shahar hunarmandchiligida zargarlar alohida o‘rin tutganlar. Ular turli-tuman metallar va qimmatbaho toshlardan xilma-xil zeb-ziynat buyumlari – zirak, soch popuklar, bargak, tillaqosh, tumor, bilakuzuklarni yasaganlar.
Shaharda oyoq-kiyim tikuvchi turli kosib-ustalar – muzado‘z, kafshdo‘z, etiklarga gul tikuvchilar ko‘p bo‘lgan. Samarqandlik ustalar tomonidan xonlikdagi eng yaxshi etiklar tayyorlangan. Charmdan hunarmandlar, shuningdek, telpaklar, ov qo‘lqoplari, kamzullar tikkanlar.
Shaharda egar-jabduqlar yasash bilan mashhur bo‘lgan hunarmandlar ham faoliyat ko‘rsatganlar. A.Vamberining ko‘rsatishicha, shahar bozorlarida “sotish uchun mashhur charm mahsulotlar,did bilan ishlangan egarlarni ko‘rish mumkin bo‘lib, “ularning bezagi, hatto, yevropalik ustaga ham shuhrat keltirishi mumkin edi”.
O‘rta Osiyoda keng rivojlangan hunar sohalaridan – qog‘oz, yozuv anjomlarini ishlab chiqarish va qo‘lyozma kitoblarni muqovalash yuqori saviyada turar edi. Ilm-fan va madaniyat rivojlangan bu qadim diyorda doimo yozuv qog‘oziga ehtiyoj katta edi. Yozuv qog‘ozi ishlab chiqarish rivojlangan markazlardan biri Samarqand bo‘lib, bu haqida Zahriddin Muhammad Bobur: “Olamda yaxshi qog‘oz Samarqanddin chiqar, juvozi qog‘ozlar suyi tamom Konigildin keladur”, -deb qayd etgan edilar. Samarqandda qog‘oz ipakdan (qog‘oz-i abrishumi), yarim ipakdan va paxtadan tayyorlangan. Qog‘ozgar ustalar tayyorlagan qog‘ozni turli ranglarga – qizil, ko‘k, sariq va boshqa ranglarga ham buyar edilar.
Shaharda keng rivojlangan hunarmandchilik sohalaridan yana biri muqovasozlik edi. Muqovasozlik ustaxonalarida usta “sahhoflar” turli qo‘lyozmalarni muqovalash bilan shug‘ullanganlar. 16-asr boshlarida muqovasozlarning bunday do‘konlaridan biri Samarqanddagi “Bozori Attoron”da joylashgan edi.
Samarqand turli harbiy qurol-aslahalar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan markaz ham edi. Bu yerda 16-19-asrning birinchi yarmida pichoq, xanjar, dubulg‘a, sovut, qilichlar ishlab chiqarilgan. 19 asr boshlariga kelib o‘t ochar qurollarning keng rasm bo‘lishi natijasida bu yerda miltiqlar, to‘p o‘qi tayyorlangan. Xususan, 19-asrning 70-yillariga oid ma’lumotlarga ko‘ra, Samarqanddagi shahar bozorida 15 ta ochiq ustaxonada qurol-yarog‘ tayyorlanib, ularda bu ish bilan mashg‘ul “oltita yaxshi usta” mashg‘ul bo‘lgan.
19-asrning birinchi yarmida Buxoro amirligidagi porox va to‘p o‘qi tayyorlovchi asosiy markaz Samarqand edi. Samarqand yaqinida esa porox ishlab chiqaruvchi hunarmandchilik ustaxonalari bo‘lgan.
Samarqandliklar aholiga turli oziq-ovqatlar – qandolatchilik mahsulotlari, taomlar, non yetkazib berishda o‘z kasbining mohir ustalari edi. Shu sababli ham Zahriddin Muhammad Bobur “Xo‘b nonvoliqlari va oshpazlari bordur”,- deb yozgan edi.
16-19-asrning birinchi yarmida Samarqand yirik savdo markaziga aylangandi. Shaharning ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy yuksalishida muhim o‘rin tutgan ichki, tashqi va tranzit savdo amalga oshiriladigan yerlar – bozorlarning ahamiyati beqiyos edi.
Boburnomada: “Samarqand shahri ajab orasta shahredur, bu shaharda bir xususiyati borkim, o‘zga kam shaharda andoq bo‘lgay. Har hirfagarning bir boshqa bozori bor, bir-birlariga mahlut emastur, tavr rasmedur”. Shaharda turli matolar, kiyim bosh – do‘ppi, to‘n, ko‘ylak, salla, ro‘mol, oyoq kiyimlari, charm mahsuotlari, temir buyumlar, uy-ro‘zg‘or anjomlari, oziq-ovqat va boshqa mahsulotlar bilan savdo qiluvchi alohida bozorlar mavjud edi. Shahar bozorlari turli savdo rastalari majmuasidan iborat bo‘lib, ular odatda ma’lum turdagi molni sotishga mo‘ljallangan qatorlardan tashkil topgan. Rastalar ko‘p hollarda mahsulotni shu yerning o‘zida ishlab chiqarish va sotishga ixtisoslashgan do‘konlar majmuidan iborat bo‘lgan.
Savdo amalga oshiriladigan joylar ko‘pincha shaharning markaziy maydonlarini egallar edi. Asosan shaharning markaziy qismini tashkil etgan Registon ana shunday savdo maydonlaridan biri edi.
Shahardagi yirik markaziy bozorlar bilan bir qatorda guzarlarda ham kichik bozorchalar ham mavjud bo‘lgan. Bozorlar shahar ijtimoiy hayotining markazlari ham hisoblangan. Bu yerda hukmdorlarning farmonlari o‘qib eshittirlardi, ayrim hukmlar ijro etilar edi. Ko‘p hollarda shariat va jamiyat qonunlarini buzgan shaxslarga nisbatan qo‘llaniladigan jazo choralari bozorlarda hammaning ko‘z o‘ngida ijro qilinar etilardi. Bozorlar madaniyat markazlari ham sanalardi. Shoirlarning she’rlari o‘qib eshittirilar, turli tomoshalar ham ko‘rsatilar edi. Shahardagi bozorlarda kitob savdosi keng yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ular ham o‘zlarining maxsus bozorlariga ega edi.
Shaharda tabiblarning do‘konlari ham mavjud bo‘lib, unda o‘simliklardan tayyorlangan dorilar va ziravorlar bilan ham sotilgan, shu yerda ba’zi kasallar ham qabul qilingan.
Shunday qilib, 16-19 asrning birinchi yarmida Samarqand O‘rta Osiyoning yirik markazlaridan biri sifatida bu yerda kechgan siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy jarayonlarida muhim o‘rin tutdi. Davrning injiqliklari, siyosiy qarama-qarshiliklarga qaramasdan Samarqand hamisha o‘zining tarixiy qiyofasi, an’analarini saqlab qoldi.



Download 0.92 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   16




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling