Shaharsozlik faoliyati sohasida davlat boshqaruvi tizimini yanada takomillashtirish hamda 2023 — 2027-yillarda aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish dasturlarini tasdiqlash chora-tadbirlari to‘G‘risida


Download 1.24 Mb.
bet1/15
Sana30.10.2023
Hajmi1.24 Mb.
#1735342
  1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   15
Bog'liq
PQ-299 SHAHARSOZLIK


O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING
QARORI
SHAHARSOZLIK FAOLIYATI SOHASIDA DAVLAT BOSHQARUVI TIZIMINI YANADA TAKOMILLASHTIRISH HAMDA 2023 — 2027-YILLARDA AHOLI PUNKTLARINING SHAHARSOZLIK HUJJATLARINI ISHLAB CHIQISH DASTURLARINI TASDIQLASH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi PF-60-son Farmoni bilan tasdiqlangan 2022 — 2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi hamda 2020-yil 27-noyabrdagi PF-6119-son Farmoni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi qurilish tarmog‘ini modernizatsiya qilish, jadal va innovatsion rivojlantirishning 2021 — 2025-yillarga mo‘ljallangan strategiyasi ijrosini ta’minlash, shuningdek, hududlar va aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish tizimini takomillashtirish maqsadida:
1. Hududlarni shaharsozlik jihatidan rejalashtirishga doir ishlab chiqiladigan hujjatlarning quyidagi darajalari belgilansin:
birinchi darajada — hududlarning raqobat ustunliklari va barqaror rivojlanish drayverlarini aniqlab beruvchi O‘zbekiston Respublikasi hududini rivojlantirishni rejalashtirish bosh sxemasi (keyingi o‘rinlarda — Bosh sxema) hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar hududlarini rivojlantirishni rejalashtirish sxemalari (keyingi o‘rinlarda — hududiy sxemalar), shuningdek, shaharlar (shaharchalar) va shahar atrofi zonalari integratsiyasi asosida Aglomeratsiyalarni rivojlantirish strategiyasi ishlab chiqiladi;
ikkinchi darajada — shaharlar (shaharchalar) va shahar atrofi zonalari integratsiyasi asosida shaharlarning (shaharchalarning) bosh rejalari (keyingi o‘rinlarda — shaharlarning bosh rejalari), shuningdek, qishloq aholi punktlarining hududlarini shaharsozlik jihatidan rivojlantirish sxemalari (keyingi o‘rinlarda — qishloq aholi punktlarining sxemalari) ishlab chiqiladi;
uchinchi darajada — hududlarning aniq muammolarini bartaraf etishga yo‘naltirilgan, o‘zida shaharsozlik, ijtimoiy-iqtisodiy, ekologik va boshqa loyiha yechimlarini mujassamlashtirgan master rejalari yoki batafsil rejalashtirish loyihalari ishlab chiqiladi.
Aholi punktlari hududlarini shaharsozlik hujjatlari bilan qamrab olish darajalari 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Quyidagilar:
Bosh sxema, hududiy sxemalar, aglomeratsiyalarni rivojlantirish strategiyalari, shaharlarning bosh rejalari va qishloq aholi punktlarining sxemalarini ishlab chiqishda soha va tarmoqlar kesimida vazirliklar, idoralar va hokimliklar hamkorligini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi organ etib Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika arxitektura-shaharsozlik kengashi;
aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish doirasida uzoq muddatli rivojlanish yo‘nalishlarini va prognoz parametrlarini belgilash bo‘yicha mas’ul organ etib Iqtisodiyot va moliya vazirligi;
Bosh sxema, hududiy sxemalar va aglomeratsiyalarni rivojlantirish strategiyalari, shaharlarning bosh rejalari va qishloq aholi punktlarining sxemalarini ishlab chiqish bo‘yicha mas’ul organ etib Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi;
master rejalar va batafsil rejalashtirish loyihalarini ishlab chiqish bo‘yicha buyurtmachi etib Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari hamda manfaatdor vazirlik va idoralar belgilansin.
Master rejalar va batafsil rejalashtirish loyihalarini ishlab chiqishda xususiy tashabbuskorlarga buyurtmachi vazifalarini amalga oshirishga ruxsat etiladi.
3. Belgilab qo‘yilsinki:
a) Bosh sxema O‘zbekiston Respublikasi hududida quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha umumdavlat ahamiyatiga molik ko‘p maqsadli strategik hujjat sifatida e’tirof etiladi:
aholini va ishlab chiqarish kuchlarini joylashtirish tizimini davlat tomonidan tartibga solishni ta’minlash;
hududlarning joriy holati, salohiyatini aniqlash, o‘zaro bog‘liqlik maqsadlarini va xususiyatini belgilash;
arxitektura, shaharsozlik va qurilish faoliyatini amalga oshirish orqali ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish dasturlari doirasida hududlararo va tarmoqlararo davlat manfaatlarini muvofiqlashtirish;
aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlarini loyihalashtirish topshirig‘ini ishlab chiqish uchun asos sifatida belgilash;
b) Bosh sxema va hududiy sxemalardagi loyihaviy yechimlar O‘zbekiston Respublikasi taraqqiyot strategiyasi, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy integratsiya jarayonlari, qo‘shni davlatlarning hududiy ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot dasturlari hamda jahon tendensiyalarini hisobga olgan holda uzoq davrga mo‘ljallab ishlab chiqiladi;
v) Bosh sxemani va hududiy sxemalarni tasdiqlash hamda muntazam ravishda (har 3 — 5 yilda) takomillashtirib borish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlarni belgilash Vazirlar Mahkamasi tomonidan amalga oshiriladi.
4. Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining loyihalashtirish topshirig‘iga muvofiq shaharlarning bosh rejalarini soddalashtirilgan ko‘rinishda ishlab chiqishga ruxsat etilsin. Bunda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda tegishli vazirlik va idoralar tomonidan taqdim etiladigan ma’lumotlar asosida aholi punktlarining hududlari quyidagi zonalarga ajratiladi:
a) konservatsiya zonalari. Ushbu zonalar yashil hududlar, suv bo‘yi va yo‘l bo‘yi hududlari, madaniy meros va ijtimoiy soha obyektlari, harbiy shaharchalar, alohida toifadagi obyektlar va ularning muhofaza hududlarini, shuningdek, aholi punktining tarixan shakllangan qismini o‘z ichiga olib, ularni asl holida saqlash talab etiladi;
b) rekonstruksiya va renovatsiya zonalari. Ushbu zonalarda faqat:
ulardan foydalanishga doir cheklovlarni belgilagan holda hududning foydalanish maqsadlariga ko‘ra funksional zonalar;
bino yoki inshootning ruxsat etiladigan qurilish maydonining uning yer uchastkasiga nisbatini belgilovchi zichlik parametrlari;
magistral muhandislik tarmoqlarining quvvati va yo‘nalishlari;
hududlarning mavjud va istiqboldagi ko‘kalamzorlari joylashuvi;
loyihaviy qizil chiziqlar belgilanadi.
5. Shaharsozlik va tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish, hududlarning qismlarini hududiy va iqtisodiy rivojlantirishni yaqin, o‘rta va uzoq muddatlarga rejalashtirish va ularning iqtisodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish maqsadida mavjud muammolarning aniq yechimi va amalga oshirish mexanizmlarini o‘zida aks ettirgan master rejalar ishlab chiqish tizimi joriy etilsin. Bunda:
a) master rejalarni quyidagi hollarda ishlab chiqishga ruxsat beriladi:
buyurtmachining hududni rivojlantirish bo‘yicha reja va takliflari ushbu hududni rivojlantirishni rejalashtirish va qurish bo‘yicha shaharsozlik hujjatiga muvofiq bo‘lmaganda, shu jumladan hududning tabiiy-iqtisodiy salohiyatidan yetarli darajada foydalanilmayotganda hamda bo‘sh yer uchastkasi master reja asosida auksionga chiqarilishi belgilanganda;
hududning shaharsozlik hujjatlari mavjud bo‘lmaganda;
b) batafsil rejalashtirish loyihasi, hududni qurish loyihasi va dizayn kod bilan birgalikda ishlab chiqilgan va belgilangan tartibda tasdiqlangan master reja shaharsozlik hujjati sifatida qabul qilinadi;
v) shaharsozlik hujjati sifatida ishlab chiqilgan master rejani tasdiqlash ushbu hududning shaharsozlik hujjatini tasdiqlashga vakolati bo‘lgan davlat organi tomonidan amalga oshiriladi;
g) shaharsozlik maqsadlari uchun qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarning yer fondi toifasini o‘zgartirish bo‘yicha takliflar tayyorlanganda ushbu hududlarning master rejalarini ishlab chiqilishi majburiy tarzda amalga oshiriladi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda master rejalarni ishlab chiqish, kelishish va tasdiqlash tartibini ko‘zda tutuvchi nizom loyihasini ikki oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
6. Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi huzurida davlat muassasasi shaklida Urbanizatsiya va shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish respublika markazi (keyingi o‘rinlarda — Markaz) tashkil etilsin hamda quyidagilar uning asosiy vazifalari etib belgilansin:
hududlarning joriy holatini aniqlash, aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish bo‘yicha buyurtmachilik funksiyalarini amalga oshirish;
aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish, tasdiqlash va ulardan foydalanishning umumiy yondashuvlari, mezonlari va metodologiyasini ishlab chiqishni tashkil etish;
Davlat shaharsozlik kadastrini yuritish;
“Davlat shaharsozlik geoaxborot tizimi” idoralararo geoaxborot dasturiy kompleksini (keyingi o‘rinlarda — Shaharsozlik geoaxborot tizimi) yuritish va operator funksiyasini bajarish, shuningdek, ushbu tizimga ma’lumotlarni joylashtirish, saqlash, fazoviy ma’lumotlar almashinuvini ta’minlash va ulardan foydalanish huquqlarini boshqarish.
7. Markazning faoliyati quyidagi manbalar hisobidan moliyalashtirilsin:
Davlat budjeti mablag‘lari;
shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish uchun Davlat budjetidan ajratiladigan mablag‘larning 5 foizi miqdoridagi mablag‘lar;
Davlat shaharsozlik kadastrini va Shaharsozlik geoaxborot tizimini yuritishdan tushgan mablag‘lar;
mahalliy va xorijiy grantlar, texnik ko‘mak mablag‘lari;
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi;
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
8. Quyidagilar:
2023 — 2027-yillarda aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish dasturining yig‘ma parametrlari 2-ilovaga muvofiq;
2023 — 2027-yillarda shaharlarning bosh reja loyihalarini ishlab chiqish jadvali 3-ilovaga muvofiq;
2023 — 2027-yillarda shaharchalarning bosh reja loyihalarini ishlab chiqish jadvali 4-ilovaga muvofiq;
2023 — 2027-yillarda qishloq aholi punktlarining hududlarini shaharsozlik jihatidan rivojlantirish sxemalarini ishlab chiqish jadvali 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
9. 2023-yilda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida bosh rejalar, hududlarni shaharsozlik jihatidan rivojlantirish loyihalari va batafsil rejalashtirish loyihalarini ishlab chiqish uchun Davlat budjetidan 150 milliard so‘m ajratilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
Ushbu ajratilgan mablag‘lar quyidagi tartibda sarflansin:
115 milliard so‘mgacha — 2023-yilda shaharlar va shaharchalarning bosh rejalari hamda qishloq aholi punktlarining sxemalarini ishlab chiqishga;
qolgan mablag‘lar — Bosh sxema va hududiy sxemalarni ishlab chiqish hamda Markaz faoliyatini moliyalashtirishga.
10. Belgilab quyilsinki, 2023 — 2027-yillarda shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish dasturi doirasida:
“O‘zshaharsozlikLITI” bosh loyiha instituti — shaharlar va shaharchalarning bosh rejalari loyihalarini ishlab chiqadi;
“ToshkentboshplanLITI” bosh loyiha instituti — Toshkent va Samarqand shaharlari, Toshkent viloyati shaharlari va shaharchalarining bosh rejalari loyihalarini ishlab chiqadi;
o‘rnatilgan tartibda tanlov asosida aniqlangan loyihalash tashkilotlari — alohida hududlarning master rejalari va batafsil rejalashtirish loyihalarini ishlab chiqadi;
Qurilishda muhandislik qidiruvlari, geoaxborot va shaharsozlik kadastri ilmiy-tekshirish instituti — shaharlar va shaharchalarning shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish uchun muhandislik-geologiya qidiruv ishlarini bajaradi hamda topogeodeziya ishlarini, shu jumladan uchuvchisiz uchish apparatlari yordamida aerofotosuratga olish, hududning ortofotoplani va relyefning raqamli modelini tayyorlash ishlarini bajaradi.
Aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqishda tegishli loyihalash tashkilotlariga salohiyatli tashkilotlar va malakali mutaxassislarni (jumladan, xorijiy) eng maqbul takliflarni tanlab olish asosida jalb qilishga ruxsat berilsin.
11. Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2024-yil 1-yanvarga qadar Shaharsozlik geoaxborot tizimini ishga tushirsin. Bunda:
hududlarning barcha ijtimoiy-iqtisodiy ma’lumotlar turlarini yaratish, boshqarish, 3D-vizual ko‘rinishini shakllantirish va kompleks tahlil qilish imkoniyatini;
hududlarni konservatsiya, rekonstruksiya va renovatsiya zonalariga ajratish, geofazoviy ma’lumotlarni joylashtirish orqali aholi punktlarining “raqamli egizaklari”ni yaratish;
bosh rejalarni va rejalashtirilayotgan yirik loyihalarni jamoatchilik ekspertizasidan o‘tkazish jarayonlarini raqamlashtirish;
ishlab chiqilgan bosh rejalar asosida qurilishga ruxsat beruvchi hujjatlarni berish jarayonlarini to‘liq raqamlashtirish nazarda tutilsin.
Qayd etilsinki:
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish respublika markazi Shaharsozlik geoaxborot tizimi administratori etib belgilanadi hamda uzluksiz texnik va dasturiy boshqaruvni amalga oshiradi;
mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlari 6-ilovaga muvofiq idoralararo integratsiyalashuvni amalga oshirish maqsadida tegishli ma’lumotlarni (tematik qatlamlarni) Shaharsozlik geoaxborot tizimiga taqdim etadi.
12. Belgilansinki, 2024-yil 1-iyuldan boshlab:
a) vazirlik va idoralar tomonidan ishlab chiqiladigan barcha aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlari va obyektlarning loyiha hujjatlari, shuningdek, ularni kelishish va o‘zgartirishlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni Shaharsozlik geoaxborot tizimiga majburiy joylashtirish tartibi joriy etiladi. Bunda:
tegishli vazirlik va idoralar hamda buyurtmachi vazifasini bajaruvchi tashkilotlar va loyiha institutlari ishlab chiqilgan amaldagi shaharsozlik hujjatlarini raqamli shaklda 2023-yil 31-dekabrga qadar Markazga taqdim etadi;
Markaz amaldagi shaharsozlik hujjatlarini 2024-yil 1-martga qadar Shaharsozlik geoaxborot tizimiga kiritadi;
b) yer maydonlarini ajratish va auksion orqali sotish faqat ular joylashgan hududlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar Shaharsozlik geoaxborot tizimiga kiritilgandan so‘ng amalga oshiriladi;
v) obyektlarni qurish va rekonstruksiya qilish uchun ruxsatnoma berish, arxitektura-rejalashtirish topshirig‘ini olish va loyiha hujjatlarini kelishish faqat ushbu obyektlar joylashgan hududlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar Shaharsozlik geoaxborot tizimiga kiritilgandan so‘ng amalga oshiriladi;
g) loyihalashtirilayotgan obyektlar yer uchastkasining topografik xaritalari va qurilishi tugallangan obyektlarning ijroiy topografik xaritalarini majburiy ravishda bajarish hamda ularni Shaharsozlik geoaxborot tizimi ma’lumotlar bazasiga kiritish tartibi joriy etiladi. Bunda, topografik tasvirlarning amaldagi me’yoriy hujjatlarga mosligini tekshirish va topografik ma’lumotlar bazasini yuritish ishlari Qurilishda muhandislik qidiruvlari, geoaxborot va shaharsozlik kadastri ilmiy-tekshirish instituti tomonidan amalga oshiriladi;
d) aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlari ishlab chiqilganda loyihalash tashkiloti bilan yakuniy hisob-kitoblar faqat ushbu shaharsozlik hujjatlari Shaharsozlik geoaxborot tizimiga kiritilgandan so‘ng amalga oshiriladi.
13. 2024-yil 1-iyulga qadar hududlarda fuqarolarning qulay hayot faoliyati muhitini kompleks shakllantirish, shaharsozlik va tadbirkorlik faoliyatida byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish hamda zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida quyidagilarni nazarda tutuvchi “Mening hududim” elektron platformasi ishlab chiqilsin:
“Mening hududim” elektron platformasida manfaatdor vazirlik va idoralarning shaxsiy kabinetlarini yaratib, ular faoliyatiga taalluqli bo‘lgan ma’lumotlarni mahalla kesimida raqamli shaklda kiritish;
aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlarini va master rejalarini ishlab chiqishda jamoatchilik fikrini o‘rganish hamda ovoz berish mexanizmini joriy etish;
hududlarda mahalliy aholi hamda tadbirkorlik subyektlarining shaharsozlik va tadbirkorlik faoliyatiga taalluqli tashabbuslarini aks ettiruvchi tizim joriy etish.
14. Belgilansinki:
a) aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlariga shaharsozlik subyektlari tomonidan rioya etilishi ustidan davlat arxitektura nazoratini amalga oshirishga Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi mas’ul hisoblanadi;
qurilish obyektlarida qurilish-montaj ishlari sifati va ularning loyiha-smeta hujjatlariga muvofiqligi yuzasidan davlat qurilish nazoratini amalga oshirishga Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi mas’ul hisoblanadi;
b) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar, Toshkent shahri va tuman (shahar) hokimlari har yili o‘z hududlarining shaharsozlik hujjatlari ijrosi yuzasidan tegishliligi bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va xalq deputatlari Kengashlariga hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika arxitektura-shaharsozlik kengashiga hisobot taqdim etadi.
15. Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi Kompetensiyani rivojlantirish instituti, Toshkent arxitektura-qurilish universiteti va Samarqand davlat arxitektura-qurilish universitetida 2023-yil 1-noyabrdan boshlab mahalliy hokimliklar va hududiy tashkilotlar rahbarlarining shaharsozlik sohasidagi bilimlarini oshirishga qaratilgan o‘quv mashg‘ulotlarini tashkil etsin.
16. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari rahbarlari zimmasiga:
hududlarni shaharsozlik jihatidan rejalashtirish va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning aholi punktlari shaharsozlik hujjatlarining asosiy qoidalariga rioya etgan holda amalga oshirilishi;
uy-joy, ijtimoiy soha, muhandislik-kommunikatsiya va yo‘l-transport infratuzilmasi obyektlari qurilishida aholi punktlarining tasdiqlangan shaharsozlik hujjatlariga qat’iy rioya etilishi;
aholi punktlarining tasdiqlangan shaharsozlik hujjatlarining amalga oshirilishi yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasining Shaharsozlik kodeksi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 13-martdagi “O‘zbekiston Respublikasining qurilish sohasida islohotlarni chuqurlashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-5963-son Farmoni.
17. Shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqishni tashkil etish, tasdiqlash hamda ijrosini nazorat qilish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” 7-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
18. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, mahalliy hokimliklar bilan birgalikda ommaviy axborot vositalari, jamoatchilik vakillari va ekspertlarni jalb qilgan holda aholi punktlarini shaharsozlik hujjatlari bilan ta’minlash, Shaharsozlik geoaxborot tizimini joriy etish va shaharsozlik faoliyatini tashkil etish tartib-taomillarining keng yoritilishi hamda aholi va tadbirkorlik subyektlari o‘rtasida davra suhbatlari va brifinglar o‘tkazilishini ta’minlasin.
19. Vazirlar Mahkamasi uch oy muddatda:
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika arxitektura-shaharsozlik kengashining yangilangan tarkibini tasdiqlasin;
Shaharsozlik geoaxborot tizimida kartografik ma’lumotlarning ochiqligini ta’minlashga qaratilgan Hukumat qarorini qabul qilsin;
qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida takliflar kiritsin.
20. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib Bosh vazir o‘rinbosari A.J. Ramatov hamda qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri B.I. Zakirov belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

Download 1.24 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   15




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling