17-modda. Ratifikatsiya yorlig‘i
Ratifikatsiya yorlig‘i — Oliy Majlis xalqaro shartnomani ko‘rib chiqqanligidan guvohlik beruvchi va xalqaro shartnoma O‘zbekiston Respublikasi uchun majburiyligiga rozi ekanligini ifodalovchi maxsus hujjat.
Ratifikatsiya yorlig‘ining shakli Tashqi ishlar vazirligining taqdimnomasiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilanadi.
18-modda. Ratifikatsiya yorlig‘ini imzolash
Ratifikatsiya yorlig‘i Oliy Majlisning xalqaro shartnomani ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi qaroriga asosan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolanadi, uning muhri va Tashqi ishlar vazirining imzosi bilan tasdiqlanadi.
19-modda. Ratifikatsiya yorliqlarini almashish va ularni saqlashga topshirish
Ratifikatsiya yorliqlarini almashish, O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarni ratifikatsiya qilganligi to‘g‘risidagi yorliqlarni saqlash uchun depozitariylarga topshirish Tashqi ishlar vazirligi tomonidan yohud uning topshirig‘iga binoan O‘zbekiston Respublikasi diplomatik vakolatxonasi yoki O‘zbekiston Respublikasining xalqaro tashkilot huzuridagi vakolatxonasi tomonidan amalga oshiriladi.
20-modda. O‘zbekiston Respublikasining ratifikatsiya qilinmaydigan xalqaro shartnomalarini tasdiqlash (qabul qilish)
O‘zbekiston Respublikasining ratifikatsiya qilinmaydigan, lekin ularning tasdiqlanishini (qabul qilinishini) nazarda tutuvchi xalqaro shartnomalarni tasdiqlash (qabul qilish):
1) O‘zbekiston Respublikasi nomidan tuziladigan shartnomalarga nisbatan, — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan, O‘zbekiston Respublikasi Hukumati tasarrufidagi masalalar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi nomidan tuziladigan shartnomalarga nisbatan, — O‘zbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan;
2) O‘zbekiston Respublikasi Hukumati nomidan tuziladigan shartnomalarga nisbatan, — O‘zbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan;
3) idoralararo shartnomalarga nisbatan, — O‘zbekiston Respublikasi Hukumati belgilaydigan tartibda amalga oshiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |