Shartnoma to`G`risida umumiy tushunchalar
II.BOB Shartnoma tuzish va uning amal qilish
Download 132.04 Kb.
|
KURS ISHI
II.BOB Shartnoma tuzish va uning amal qilish
Shartnomaning tuzilishi FKning 354-moddasida ko`rsatilganidek, agar taraflar o`rtasida shartnomaning barcha talab qilinadigan shaklda kelishuvga erishilgan bo`lsa, shartnoma tuzilgan hisoblanadi. Shartnomaning umumiy tartibda tuzilishi ikki davr bilan belgilanadi. Birinchi davr – shartnoma tuzishga taklif qilish davri, bu oferta, shartnoma tuzishga taklif qiluvchi esa, offerent, deb ataladi. Ikkinchi davr – shartnoma tuzish to`g`risidagi taklifni qabul qilish, bu aksept, taklifni qabul qiluvchi akseptant deb aytiladi. Shartnoma tuzishning umumiy tartibiga oid qoidalar FKning 364-381-moddalarida berilgan. Bu qoidalarda aytilishicha, agar shartnoma tuzish to`g`risidagi taklif (oferta) javob uchun muddat tayinlab qilingan bo`lsa, bu holda shartnoma ikkinchi taraf (akseptant) tomonidan taklifning qabul qilinganligi to`g`risidagi javob shu muddat ichida taklif qiluvchi (offerent) tomonidan olingan holdagina tuzilgan hisoblanadi. Oferta yo`llagan shaxs uning akseptini olgan paytdan shartnoma tuzilgan hisoblanadi. Shartnoma tuzilishi uchun taraflar o`zaro kelishuvining o`zigina kifoya emas. Bu kelishuv tegishli shaklda rasmiylashtirilgan bo`lishi shart. Shartnomalarning shakli FKning 366-moddasida belgilangan qoidalarga muvofiq bo`lishi shart. Unga asosan, agar qonunda muayyan turdagi shartnomalar uchun ma'lum bir shakl belgilab qo`yilmagan bo`lsa, shartnoma bitimlar tuzish uchun nazarda tutilgan har qanday shaklda tuzilishi mumkin. Notarial tasdiqlanishi yoki davlat ro`yxatidan o`tkazilishi shart bo`lgan shartnoma notarial tasdiqlangan yoki ro`yxatdan o`tkazilgan paytdan e'tiboran, notarial tasdiqlanishi va ro`yxatdan o`tkazilishi zarur bo`lganda esa – shartnoma ro`yxatdan o`tkazilgan paytdan e'tiboran shartnoma tuzilgan hisoblanadi. Agar taraflar shartnomani muayyan shaklda tuzishga kelishgan bo`lsalar, garchi qonunda bu turdagi shartnomalar uchun bunday shakl talab qilingan bo`lmasa-da, shartnoma belgilangan shaklga keltirilganidan keyin tuzilgan hisoblanadi. Yozma shartnoma taraflar imzolagan bitta hujjatni tuzish yo`li bilan, shuningdek pochta, telegraf, teletayp, telefon, elektron aloqa yoki hujjat shartnomadagi tarafdan chiqqanligini ishonchli suratda aniqlash imkonini beradigan boshqa aloqa yordamida hujjatlar almashish yo`li bilan tuzilishi mumkin. Shartnoma tuzish haqidagi taklif (oferta) akseptantga bildirilgunicha chaqirib olinishi mumkin. Biroq, u akseptant tomonidan qabul qilib olingan bo`lsa, akseptlash uchun belgilangan muddat davomida chaqirib olinishi mumkin emas. Oferta muayyan shaxsga ham, nomuayyan shaxslrga ham qaratilgan bo`lishi mumkin. Masalan, mahsulotni reklama qilish, o`z xizmatini taklif etib e'lon berish – nomuayyan shaxslar doirasida yo`llangan oferta hisoblanadi. Bunday ofertani odatda, ommaviy oferta deb ham yuritiladi. Oferta yuborilgan shaxsning uni qabul qilganligi haqidagi javobi aksept hisoblanadi. Aksept to`liq va pisandasiz bo`lmog`i shart. Agar qonundan, ish muomalasi odatidan yoki taraflarning ish bo`yicha avvalgi munosabatlaridan boshqacha ma'no kelib chiqmasa, sukut saqlash aksept bo`lmaydi. Agar shartnoma tug`risidagi taklif (oferta) javob uchun muddat tayinlanmasdan, og`zaki ravishda qilingan bo`lsa, ikkinchi taraf (akseptant) bu taklifni qabul qilganligini darhol taklif qiluvchiga (offerentga) bildirgan holdagina shartnoma tuzilgan hisoblanadi. Agar bunday taklif yozma ravishda qilingan bo`lsa, taklifni qabul qilganlik (aksept) to`g`risidagi javob uni olish uchun lozim bo`lgan normal vaqt davomida olingan taqdirdagina shartnoma tuzilgan hisoblanadi. Agar shartnoma tuzishga rozi bo`lganlik to`g`risidagi kechiktirilib olingan javobdan uning o`z vaqtida yuborilganligi ma'lum bo`lsa, bu holda taklif qiluvchi shaxs (offerent javobning kechiktirilib olinganligi to`g`risida ikkinchi taraf (akseptant) ni darhol xabardor qilsagina javob kechiktirilgan hisoblanadi. Bu holda javob ayni paytda yangi taklif (oferta) hisoblanadi. FKning 375-moddasida ko`rsatilganidek, ofertada taklif qilinganidan boshqacha shartlar asosida shartnoma tuzishga rozilik bildirish to`g`risidagi javob aksept hisoblanmaydi. Bunday javob akseptdan bosh tortish va ayni vaqtda yangi oferta hisoblanadi. Odatda, shartnomada u tuzilgan joy ko`rsatib o`tilishi kerak. Agar shartnomada uning tuzilgan joyi ko`rsatilmagan bo`lsa, shartnoma oferta yo`llagan fuqaroning yashash joyida yoki yuridik shaxsning joylashgan yerida tuzilgan hisoblanadi (FKning 376-moddasi). Ayni paytda “Xo`jalik yurituvchi subyektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi to`g`risida”gi qonunda belgilanishicha, kontraktatsiya shartnomalari qishloq xo`jaligi mahsulotini yetishtiruvchi joylashgan yerda tuziladi. Yuqorida aytganimizdek, shartnomalar tuzishda taraflar erkindirlar. Binobarin, hech qaysi taraf shartnoma tuzishga majbur qilinmaydi. Biroq, ayrim hollarda majburiy shartnoma tuzilishi mumkin. Bunda shartnoma tuzish o`zi uchun majburiy bo`lgan taraf oferta olgan kundan boshlab o`ttiz kun ichida boshqa tarafga aksept to`g`risida, akseptdan voz kechish haqida yoki boshqacha shartlar asosida akseptlashi haqida (shartnoma loyihasiga o`zining e'tirozlari bayonnomasini qo`shgan holda) bildirish yo`llashi lozim. Basharti, shartnoma tuzish offerent uchun majburiy bo`lsa-yu, u o`z takliflariga boshqacha shartlar asosida akseptlash olsa (shartnoma loyihasiga e'tirozlar bayonnomasi bilan birga), u holda bu taraf bildirish xabarnoma olingan yoki aksept muddati tamom bo`lgan kundan boshlab, o`ttiz kun ichida kelishmovchiliklarni bartaraf etish uchun sudga murojaat qilishga haqli. Shartnoma tuzishi majburiy bo`lgan taraf uni tuzishdan bosh tortsa, ikkinchi taraf uni shartnoma tuzishga majbur etish talabi bilan sudga murojaat qilishga haqli. Shartnoma tuzishdan asossiz bo`yin tovlayotgan taraf shu tufayli yetkazilgan zararni boshqa tarafga to`lashi shart. Shartnoma tuzish vaqtida vujudga kelgan kelishmovchiliklar sudda ko`rib chiqilgan hollarda, kelishmovchiliklarga sabab bo`lgan shartlar sud tomonidan belgilanadi. Shuningdek shartnomalar kim oshdi savdosida ham tuzilishi mumkin. Bunday hollarda obyektni, mulkni, tovarni oldi-sotdi shartnomasi kim oshdi savdosini o`tkazgan tashkilot bilan savdoda g`olib chiqqan shaxs (ashyoning mulkdori, mulkiy huquq egasi yoki ixtisoslashgan tashkilot) o`rtasida tuziladi. FKning 374-moddasida belgilanganidek, qonunda ko`rsatilgan hollarda, ashyoni yoki mulkiy huquqni sotish to`g`risidagi shartnomalar faqat kim oshdi savdosi o`tkazish yo`li bilan tuzilishi mumkin. Shuningdek kim oshdi savdosi sud qarorlari ijrosini ta'minlash uchun ham o`tkaziladi (shartnoma majburiyatlari yuzasidan undiruv majburiy ravishda sud tomonidan qarzdorning mol-mulklariga qaratilgan hollarda, bunday mol-mulklarning muhofazasi ta'minlanmaydi ham). Kim oshdi savdosi auksion yoki tanlov shaklida amalga oshiriladi. Odatda, bitta ishtirokchi qatnashgan kim oshdi savdosi o`tkazilmagan hisoblanadi. Auksion va tanlovlar ochiq (bunda xohlagan shaxslar qatnashishlari mumkin) va yopiq (maxsus taklif etilgan shaxslar qatnashishlari mumkin) shaklida o`tkazilishi mumkin. Kim oshdi savdosini o`tkazish shaklini agar qonunda boshqacha hol belgilanmagan bo`lsa, sotiladigan mol-mulkning mulkdori belgilaydi. Ochiq turdagi kim oshdi savdosiga qilingan taklif (xabar) ni ommaviy oferta desa ham bo`ladi. Unda kim oshdi savdosining vaqti, joyi, shakli, savdoga nima qo`yilayotgani, o`tkazish tartibi, qatnashchilarni rasmiylashtirish, savdoga qo`yilayotgan obyektning boshlang`ich narxi to`g`risidagi, shuningdek savdoga shartnoma tuzish huquqi qo`yilayotgan bo`lsa, bunga beriladigan muddat haqidagi ma'lumot bo`lishi mumkin. Savdo tashkilotchisi auksion o`tkazishdan xohlagan vaqtda, lekin u o`tkaziladigan kundan kamida uch kun oldin, tanlov o`tkazishdan esa – kamida o`ttiz kun oldin bosh tortishga haqli. Bunday hollarda tashkilotchi ishtirokchilar ko`rgan haqiqiy zararlarni (xarajatlarni), yopiq savdolar tashkilotchisi o`zi taklif etgan ishtirokchilarning real zararini to`laydi. Shuningdek ishtirokchilarga ular dastlab tashkilotchiga to`lagan zakalat puli ham to`lanadi. Ayni paytda zakalat savdoda qatnashgan, ammo g`olib chiqmagan shaxslarga ham qaytariladi. Download 132.04 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling