Shavkat Mirziyoyev 2021-yilda fizika va chet tillarini o‘rganishni ustuvor yo‘nalish etib belgilashni taklif qildi


Download 24.08 Kb.
Sana17.02.2023
Hajmi24.08 Kb.
#1207441

[02.02.2023 11:56]
Shavkat Mirziyoyev 2021-yilda fizika va chet tillarini o‘rganishni ustuvor yo‘nalish etib belgilashni taklif qildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 29-dekabr kuni Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida mamlakat taraqqiyotining zamini, hech shubhasiz, ilm-fan va innovatsiyalar ekanini yana bir bor ta’kidlab o‘tdi.
Kelgusi yilda ilm-fan sohasida oliygohlar va ilmiy tashkilotlardagi doktorantlar soni 4,5 mingtaga yetkaziladi yoki 2017 yilga nisbatan 3 barobarga oshiriladi. Ushbu maqsadlar uchun byudjetdan qo‘shimcha 240 milliard so‘m ajratiladi.
Ilg‘or xalqaro amaliyot asosida, dotsent va professor ilmiy unvonlari, falsafa va fan doktori ilmiy darajalarini berish vakolati o‘z yo‘nalishi bo‘yicha nufuzli bo‘lgan oliygohlarning ilmiy kengashlariga o‘tkaziladi.
Joriy yilda ilk bor matematika, kimyo-biologiya va geologiya fanlarini ta’lim va ilmning ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilab, ularni kompleks rivojlantirish choralari ko‘rildi.

Jumladan, 98 ta ixtisoslashgan maktab hamda Geologiya fanlari universiteti tashkil etildi. O‘quv dasturlari tubdan qayta ko‘rib chiqildi, o‘qituvchilarning ish haqi oshirildi.

Endi keyingi yil uchun ustuvor ilm-fan yo‘nalishlarini belgilab olishimiz kerak.

Agar tarixga nazar tashlaydigan bo‘lsak, dunyodagi deyarli barcha kashfiyot va texnologiyalarni yaratishda fizika fani fundamental asos bo‘lganini ko‘ramiz.

Haqiqatan ham, fizika qonuniyatlarini chuqur egallamasdan turib, mashinasozlik, elektrotexnika, Axbarot texnologiyalari, suv va energiyani tejaydigan texnologiyalar kabi bugun zamon talab qilayotgan sohalarda natijaga erishib bo‘lmaydi.

Buyuk mutafakkir shoirimiz Mir Alisher Navoiy o‘z davrida yoshlarga murojaat qilib, “Quyoshliq istasang, kasbi kamol et”, deb yozganlar. Chindan ham, odamlarga quyoshdek beminnat nur tarqatishni, yaxshilik qilishni istaydigan inson kamolotga intilib, turli ilm va kasb-hunarlarni o‘zlashtirishi lozim.

Hozirgi davrda xorijiy tillarni mukammal o‘rganmasdan turib, buyuk bobomiz aytgan ana shunday marralarga erishib bo‘lmaydi, desak, adashmagan bo‘lamiz. Bunday o‘tkir talabga amal qilib, kelgusi yilda fizika va chet tillarini o‘rganishni ustuvor yo‘nalish etib belgilashni taklif etaman.

Shu maqsadda, kelgusi yilda ta’limning barcha bo‘g‘inlarida ushbu fanlarni o‘qitish sifatini tubdan oshirish, ixtisoslashgan maktablar ochish, malakali pedagoglarni jalb etish kabi tizimli ishlar amalga oshiriladi.

Fizika bo‘yicha Ahmad Farg‘oniy nomidagi xalqaro fan olimpiadasi tashkil etiladi.

Shuningdek, fizika yo‘nalishida ilmiy izlanishlar ko‘lami va sifatini oshirish, yosh olimlarga zarur shart-sharoitlarni yaratish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar amalga oshiriladi.

Shavkat Mirziyoyev, O‘zbekiston Prezidenti

a, [02.02.2023 11:59]


O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING
QARORI
FIZIKA SOHASIDAGI TA’LIM SIFATINI OSHIRISH VA ILMIY TADQIQOTLARNI RIVOJLANTIRISH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
Bir necha asrlar davomida aniq va tabiiy fanlar O‘zbekiston zaminida keng rivojlanib, O‘rta Osiyo hududi dunyo intellektual markazi bo‘lib kelgan. Yurtimiz hududida yuzaga kelgan birinchi va ikkinchi Renessans davri butun dunyo tan oladigan mashhur daholarni yetishtirib berdi. Muhammad al-Xorazmiy, Ahmad al-Farg‘oniy, Abu Nasr Farobiy, Abu Rayhon Beruniy, Mahmud Koshg‘ariy, Abu Ali ibn Sino, Nasriddin Tusiy, Qozizoda Rumiy, Jamshid Koshiy, Mirzo Ulug‘bek, Ali Qushchi va Sharqning boshqa olimlari ilmiy tadqiqotlari jahon ilm-fani rivojiga beqiyos hissa qo‘shdi.
Buyuk ajdodlarimizning ilmiy an’analarini munosib davom ettirgan holda, XX asrning 40-yillaridan boshlab O‘zbekistonda fizika fanini rivojlantirish jarayonida nufuzli ilmiy maktablar tashkil etildi, ularning vakillari xalqaro mukofotlarga sazovor bo‘ldi va xorijiy akademiyalar a’zolari bo‘lib saylandi. Eng muhim ilmiy yo‘nalishlarni shakllantirishda Fanlar akademiyasining taniqli ilmiy maktablar yaratgan atoqli fiziklari muhim o‘rin tutdi. Mamlakatimiz fizika maktabi qattiq jismlar fizikasi, atom yadrosi fizikasi, yarim o‘tkazgichlar fizikasi, lazer fizikasi va issiqlik fizikasi sohalarida jahon ilm-faniga ulkan hissa qo‘shdi.
Bugungi kunda ta’lim muassasalarida fizika fanini o‘qitish sifatini oshirish, ta’lim jarayoniga zamonaviy o‘qitish uslublarini joriy qilish, iqtidorli o‘quvchilarni saralash, mehnat bozoriga raqobatbardosh mutaxassislarni tayyorlash, ilmiy tadqiqot va innovatsiyalarni rivojlantirish hamda amaliy natijadorlikka yo‘naltirishga katta e’tibor qaratilmoqda.
Shu bilan birga, sohada yechimini topmagan qator masalalar fizika sohasidagi ta’lim sifati va ilmiy tadqiqot samaradorligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish zaruratini ko‘rsatmoqda. Jumladan:
birinchidan, yoshlarning fizika faniga qiziqishlarini kuchaytirishga yetarli e’tibor berilmayapti, ta’lim dasturlari o‘quvchilarda mustaqil, kreativ fikrlashni shakllantirishga va rivojlantirishga qaratilmagan, ta’lim sifatini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar zamon talablariga javob bermaydi;
ikkinchidan, ta’lim jarayonini tashkil etishda umumiy o‘rta va oliy ta’lim dasturlarining uzviyligi ta’minlanmagan;
uchinchidan, pedagog kadrlarning kasbiy bilim va ko‘nikmalarini oshirish maqsadida ularni xorijdagi nufuzli ta’lim va ilmiy muassasalarda ta’lim olishi hamda stajirovkadan o‘tishi uchun qulay sharoitlar yaratilmagan, xorijlik yetakchi mutaxassis, olim va o‘qituvchilarni dars jarayoniga jalb etish darajasi pastligicha qolmoqda;
to‘rtinchidan, fizika fani bo‘yicha zamonaviy darsliklarni yaratish yaxshi yo‘lga qo‘yilmagan, o‘quv adabiyotlarining mazmuni fan va texnika taraqqiyotining bugungi darajasini yetarli qamrab olmagan, masalalar to‘plami, praktikum, laboratoriya ishlarini bajarish bo‘yicha qo‘llanmalar, multimedia dasturlarini yaratishga e’tibor qaratilmagan;
beshinchidan, fizika ta’limi va tadqiqotlari infratuzilmasining moddiy-texnik bazasi eskirganligi, fizika fani bo‘yicha o‘quv va ilmiy laboratoriyalar zamonaviy jihozlar bilan ta’minlanmaganligi kadrlar tayyorlash sifatiga va tadqiqotlar samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda;
oltinchidan, fizika ixtisosliklari bo‘yicha ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash salmog‘ining kamligi bu sohadagi ilmiy salohiyatning pastligiga sabab bo‘lmoqda;
yettinchidan, ilmiy tadqiqotlar va innovatsiyalar ko‘lami yetarli darajada natijadorlikka yo‘naltirilmagan, olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlarining ishlab chiqarish korxonalari muammolariga qaratilmaganligi natijasida sohada innovatsion ishlanmalarni amaliyotga tatbiq etish ko‘rsatkichlari talabga javob bermaydi.

a, [02.02.2023 11:59]


Fizika fani bo‘yicha ta’lim sifatini tubdan oshirish, yuqori malakali pedagog va ilmiy xodimlarni tayyorlash, ta’lim muassasalarini zamonaviy laboratoriyalar, darsliklar va boshqa o‘quv jihozlari bilan ta’minlash, ilmiy tashkilotlarning salohiyatini rivojlantirish, ularning faoliyatini samarali tashkil etish, ilm-fan va ishlab chiqarish sohalari o‘rtasida o‘zaro yaqin muloqot va hamkorlikni yo‘lga qo‘yish hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 29-dekabrdagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida:
1. 2021 — 2023-yillarda fizika fanlari bo‘yicha ta’lim sifatini oshirish va fizika sohasidagi ilmiy tadqiqotlarning natijadorligini ta’minlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi (keyingi o‘rinlarda — Kompleks dastur) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Quyidagilar Kompleks dasturning asosiy maqsad va vazifalari etib belgilansin:


umumta’lim muassasalarida fizika fanini o‘qitish sifatini oshirish, darsliklar va o‘quv qo‘llanmalarini takomillashtirish;
fizika fani bo‘yicha kadrlarni, xususan, qishloq joylardagi maktablarning o‘qituvchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini rivojlantirish;
ta’lim jarayoniga zamonaviy o‘qitish uslublarini, shu jumladan axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy qilish;
pedagog kadrlar va o‘quvchilarning fizika fanini bilish darajasini baholash, iqtidorli yoshlarni aniqlash hamda ularning mahalliy va xalqaro fan olimpiadalarida muvaffaqiyatli ishtirok etishi hamda sovrinli o‘rinlar egallashini ta’minlash;
oliy ta’lim muassasalarida fizika fanlarini o‘qitishning integrativ prinsiplarini joriy etish, yangi va ta’lim bozorida talab yuqori bo‘lgan mutaxassisliklar bo‘yicha kadrlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish orqali yoshlarning fizika ta’limi bilan qamrab olish darajasini oshirish;
fizika sohasidagi ilmiy tadqiqotlarning ishlab chiqarish bilan uzviy bog‘liqligini ta’minlash, iqtisodiyot tarmoqlaridagi muammolar yechimiga qaratilgan ilmiy ishlar ko‘lamini kengaytirish;
ilmiy tadqiqotlarning va innovatsiya ishlarining natijadorligi va amaliy ahamiyatini oshirish.
2. Quyidagilar:
Oldingi tahrirga qarang.
(2-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 14-apreldagi PF-106-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 15.04.2022-y., 06/22/106/0314-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(2-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 14-apreldagi PF-106-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 15.04.2022-y., 06/22/106/0314-son)
2021 — 2023-yillarda fizika faniga ixtisoslashtirilgan tayanch maktablari va fizika fani chuqurlashtirib o‘qitiladigan sinflar tashkil etiladigan maktablarning fizika fani bo‘yicha sinf xonalari va laboratoriyalarini mebel, o‘quv laboratoriyasi asbob-uskunalari va boshqa texnik vositalar bilan jihozlash dasturi 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Belgilansinki, mazkur qarorga 4-ilovada ko‘rsatilgan maktablarning fizika fani bo‘yicha sinf xonalari va laboratoriyalarini mebel, o‘quv laboratoriyasi asbob-uskunalari va boshqa texnik vositalar bilan jihozlash 2021-yilda Vazirlar Mahkamasining zaxira jamg‘armasi mablag‘lari, 2022-2023-yillarda Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutilgan mablag‘lar hisobidan amalga oshiriladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari ixtisoslashtirilgan maktablarning boshqa fanlar bo‘yicha sinf xonalari va laboratoriyalarini (fizika fanidan tashqari) mebel, o‘quv laboratoriyasi asbob-uskunalari va boshqa texnik vositalar bilan jihozlash maqsadida qo‘shimcha mablag‘larni ajratib borsin.
3. Quyidagilarga:

a, [02.02.2023 11:59]


Mirzo Ulug‘bek nomidagi ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktab-internati zimmasiga — fizika faniga ixtisoslashtirilgan tayanch maktablari va fizika fani chuqurlashtirib o‘qitiladigan sinflar tashkil etiladigan maktablar (keyingi o‘rinlarda — ixtisoslashtirilgan maktablar) uchun metodik ko‘mak ko‘rsatish, fizika fani bo‘yicha malaka oshirish kurslari uchun ta’lim dasturlari va multimedia materiallarini ishlab chiqish;
oliy ta’lim muassasalari zimmasiga — o‘ziga biriktirilgan ixtisoslashtirilgan maktablarda o‘quv jarayoni sifatini oshirish, professor-o‘qituvchilar va iqtidorli talabalarni ta’lim jarayoniga jalb qilish, mahorat darslari, to‘garaklar va yozgi maktablarni tashkil etish yuzasidan javobgarlik yuklansin.
4. Xalq ta’limi vazirligi:
a) 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab:
umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida fizika fani kengroq o‘qitiladigan variativ o‘quv rejasini joriy qilsin;
ixtisoslashtirilgan maktablarda fizika fani tayanch o‘quv rejada belgilangan o‘quv soatlar doirasida haftasiga 3 soatdan o‘qitilishini ta’minlasin;
b) 2021-yil 1-oktabrga qadar fizika fani o‘qituvchilarining malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv modullarini ishlab chiqsin, ular bo‘yicha videodarslarni tayyorlasin va foydalanish uchun “Uzluksiz kasbiy ta’lim” maxsus elektron platformasiga joylashtirsin;
v) ixtisoslashgan maktablarning o‘quv laboratoriyalaridan unumli foydalanish maqsadida ushbu maktablarda maktabdan tashqari “Amaliy fizika” to‘garaklarini tashkil qilsin hamda ularning faoliyatiga yoshlarni keng jalb qilish choralarini ko‘rsin;
g) 2022-yil 1-yanvarga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi bittadan “Barkamol avlod” bolalar maktablarida “STEM” fizika klublarini tashkil etsin, klub a’zolari hamda nodavlat ta’lim tashkilotlari o‘quvchilari o‘rtasida har yili “Milliy fizika” musobaqasini o‘tkazib borsin.
5. Xalq ta’limi vazirligi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Yoshlar akademiyasi va Moliya vazirligi bilan birgalikda:
fizika fanini o‘qitish usullarini takomillashtirish maqsadida 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab, tajriba-sinov tariqasida 20 ta umumta’lim muassasasida “virtual laboratoriya” loyihasini ta’lim jarayoniga tatbiq etish choralarini ko‘rsin;
tajriba natijalaridan kelib chiqib, 2022-yil 1-iyunga qadar “virtual laboratoriya”larni boshqa umumta’lim muassasalarning ta’lim jarayoniga joriy qilish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga asoslangan takliflar kiritsin.
6. Davlat test markazi va Xalq ta’limi vazirligi 2022-yil 1-yanvarga qadar fizika fanidan bilimlarni baholash bo‘yicha milliy sertifikatlash tizimini joriy qilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(6-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 11-maydagi PQ-241-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 12.05.2022-y., 07/22/241/0408-son)
7. Bosh vazir o‘rinbosari B. Musayev Farg‘ona viloyati hokimligi, Xalq ta’limi vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2021-yil noyabr oyida Farg‘ona viloyatida buyuk mutafakkir Ahmad al-Farg‘oniy nomidagi fizika fanidan xalqaro olimpiadani yuqori saviyada tashkil etish choralarini ko‘rsin.
8. Belgilansinki, 2021-yil 1-sentabrdan boshlab:
a) oliy ta’lim muassasalarining “Fizika”, “Biotibbiyot fizikasi”, “Fizika va astronomiya” kabi bakalavriat ta’lim yo‘nalishi talabalari o‘rtasida o‘tkaziladigan respublika fan olimpiadasi g‘oliblari va fizika bo‘yicha nufuzli xalqaro olimpiadalar sovrindorlari fizika mutaxassisliklari bo‘yicha qabul parametrlaridan tashqari davlat granti asosida magistraturaga o‘qishga qabul qilinadi;
b) oliy ta’lim muassasalarining budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan:
fizika fanlari bo‘yicha xalqaro va respublika olimpiadalari g‘oliblarini tayyorlagan professor-o‘qituvchilarga oylik maoshining 100 foizi miqdorida bir martalik pul mukofoti;
fizika fanlari bo‘yicha talabalar uchun to‘garaklar olib borayotgan professor-o‘qituvchilarning oylik maoshlariga 25 foiz miqdorida har oylik ustama haq to‘lanadi.
9. Quyidagilar:

a, [02.02.2023 11:59]


Vazirlik, xo‘jalik birlashmalari va ishlab chiqarish korxonalariga fizika yo‘nalishidagi ilmiy-tadqiqot muassasalari hamda oliy ta’lim muassasalarini biriktirish ro‘yxati 5-ilovaga muvofiq;
fizika fanlari bo‘yicha yuqori malakali ilmiy-pedagog kadrlarni tayyorlash hamda ularning ilmiy salohiyatini oshirish maqsadida hududlarda tashkil etiladigan oliy ta’lim muassasalariaro ilmiy-o‘quv markazlari ro‘yxati 6-ilovaga muvofiq;
2022 — 2024-yillarda fizika fani bo‘yicha o‘quv laboratoriyalari zamonaviy jihozlar bilan ta’minlanadigan oliy ta’lim muassasalari ro‘yxati 7-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
10. Belgilab qo‘yilsinki:
oliy ta’lim muassasalarida fizika fani bo‘yicha o‘quv laboratoriyasi jihozlarini xarid qilish hamda hududlarda oliy ta’lim muassasalariaro ilmiy-o‘quv markazlarini tashkil etish bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirish foydalanuvchi oliy ta’lim muassasalarining budjetdan tashqari mablag‘lari, xorijiy grantlar, shuningdek, qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi;
hududlardagi oliy ta’lim muassasalariaro ilmiy-o‘quv markazlarining laboratoriya jihozlaridan foydalanish, ularni saqlash va ekspluatatsiya qilish, butlovchi buyumlar va sarflanadigan materiallar bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirish buyurtmachi oliy ta’lim muassasasining budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi;
xo‘jalik birlashmalari va ishlab chiqarish korxonalari zimmasiga o‘ziga biriktirilgan ilmiy-tadqiqot muassasalari va oliy ta’lim muassasalarida fizika yo‘nalishida o‘quv jarayonini samarali tashkil etish, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasiga erishish, soha mutaxassislari rahbarligida amaliyotlarni o‘tash, ilmiy ish natijalarini amaliyotga tatbiq etishga ko‘maklashish va tijoratlashtirish, pedagog va ilmiy xodimlarning malakasini oshirish va stajirovkaga yuborishni tashkil etish yuzasidan javobgarlik yuklanadi.
11. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi:
2021/2022 o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim tizimida fizika fanlarini sohalarga moslashtirilgan holda o‘qitishni yo‘lga qo‘ysin;
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda 2021-yil 1-noyabrga qadar yoshlar o‘rtasida fizika fanlariga bo‘lgan qiziqishni oshirish, ularning fizika, elektronika sohasidagi iqtidorini rivojlantirishga qaratilgan “Yosh fiziklar portali”ni ishga tushirsin;
2022-yil 1-iyunga qadar oliy ta’lim muassasalari tasarrufidagi akademik litseylarning fizika fani chuqurlashtirib o‘qitiladigan ta’lim yo‘nalishlari uchun takomillashtirilgan dasturlar asosida yangi darslik va muqobil adabiyotlar yaratish, moddiy-texnik, laboratoriya va o‘quv-metodik ta’minotini, shu jumladan budjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan yangilash bo‘yicha zarur choralarni ko‘rsin;
yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda fizika sohalari bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturlari asosida kadrlar tayyorlashni yo‘lga qo‘ysin;
Samarqand davlat universiteti tuzilmasida fizika sohalari bo‘yicha kadrlar tayyorlovchi “Samarqand davlat universitetining muhandislik fizikasi instituti”ni tashkil etish choralarini ko‘rsin.
12. O‘zbekiston Milliy universiteti, Samarqand davlat universiteti, Fanlar akademiyasi huzuridagi Yadro fizikasi instituti va Ion-plazma va lazer texnologiyalari institutiga fizika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) va fan doktori (Dsc) ilmiy darajalarini berish vakolati taqdim etilsin.
13. Innovatsion rivojlanish vazirligi:
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan birgalikda 2021-yildan boshlab oliy ta’lim va ilmiy tashkilotlar buyurtmasiga muvofiq fizika yo‘nalishi bo‘yicha doktoranturaga qabul parametrlarini bosqichma-bosqich oshirib borish;
2021-yilda “Bo‘lajak olim” tanlovi doirasida soddalashtirilgan mexanizm orqali kosmonavtika va aerodinamika sohalarini rivojlantirishga qaratilgan startap loyihalarni moliyalashtirish choralarini ko‘rsin.
14. Fanlar akademiyasining:

a, [02.02.2023 11:59]


Fanlar akademiyasi huzuridagi Fizika-texnika instituti tuzilmasida elektrotexnika sohasida xorijiy mamlakatlarning ilg‘or texnologiyalarini o‘rganish va mahsulotlarni ishlab chiqarishni mahalliylashtirish bo‘yicha budjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan saqlanadigan tajriba ishlab chiqarish va konstruktorlik byurosini tashkil etish;
Fanlar akademiyasi tizimiga kiruvchi fizika yo‘nalishidagi ilmiy tashkilotlarda ularning budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan marketing va tijoratlashtirish bo‘limlarini tashkil etish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin.
15. Quyidagilar:
2021 — 2023-yillarda fizika yo‘nalishidagi ilmiy tashkilotlarni ilmiy laboratoriya asbob-uskunalari bilan jihozlash dasturi (keyingi o‘rinlarda — Jihozlash dasturi) 8-ilovaga muvofiq;
2021-2022-yillarda fizika yo‘nalishida ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida amalga oshiriladigan amaliy va innovatsion loyihalar bo‘yicha yangi ilmiy ishlanmalar (texnologiyalar, mahsulotlar) yaratish dasturi 9-ilovaga muvofiq;
Fizika yo‘nalishidagi ilmiy tashkilotlarning ilmiy ishlanmalarini tijoratlashtirish bo‘yicha “Yo‘l xarita”si 10-ilovaga muvofiq;
2021 — 2023-yillarda fizika yo‘nalishida faoliyat olib borayotgan ilmiy xodimlarni yetakchi xorijiy ilmiy markazlar va ishlab chiqarish korxonalariga doktorantura va stajirovkaga yuborish reja-grafigi 11-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
16. Belgilansinki:
Jihozlash dasturi doirasida ilmiy laboratoriya asbob-uskunalarini xarid qilish Innovatsion rivojlanish va novatorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi, xalqaro moliya institutlari va donor tashkilotlarning grant mablag‘lari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan;
mazkur qarorga 11-ilovaga muvofiq fizika yo‘nalishidagi ilmiy xodimlarni doktorantura va stajirovkaga yuborish qonun hujjatlarida o‘rnatilgan tartibda “El-yurt umidi” jamg‘armasi, Innovatsion rivojlanish va novatorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hamda ishtirokchilarning budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.
17. Fizika yo‘nalishida faoliyat ko‘rsatayotgan ta’lim va ilmiy tashkilotlar, olimlar, o‘qituvchilar va fizika ixtisosligi bo‘yicha tahsil olayotgan talabalarning O‘zbekiston fiziklar kengashini (keyingi o‘rinlarda — Kengash) tashkil etish to‘g‘risidagi tashabbusi qo‘llab-quvvatlansin va quyidagilar Kengashning asosiy faoliyat yo‘nalishlari etib belgilansin:
fizika sohasida ilm-fan va ta’limni rivojlantirishga oid dolzarb muammolarni aniqlash, ularni keng jamoatchilik ishtirokida, shu jumladan ijtimoiy tarmoqlar orqali muhokama qilish va ilmiy yechimi bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
fizika yo‘nalishidagi ta’lim va ilmiy tashkilotlarning faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish, Kengash a’zolarining ijodiy faolligini oshirish va qo‘llab-quvvatlash, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish;
fizika fani bo‘yicha ta’lim sifatini oshirish, o‘quv dasturlari va darsliklarni takomillashtirish, zamonaviy pedagogik texnologiyalarni joriy qilish, kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash, malakasini oshirish bo‘yicha ishlarni mazmunli va maqsadli tashkil etish yuzasidan takliflar ishlab chiqish;
ta’lim, fan va ishlab chiqarishning o‘zaro mustahkam integratsiyasini ta’minlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish, Kengash a’zolariga fizika yo‘nalishidagi tadqiqot natijalarini amaliyotga joriy etish hamda ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirishda ko‘maklashish;
mas’ul vazirlik va idoralarning fizika sohasida ta’lim sifatini oshirish va ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish bo‘yicha faoliyati ustidan ta’sirchan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish, bu borada ommaviy axborot vositalari va boshqa fuqarolik jamiyati institutlari bilan yaqindan hamkorlik qilish;
fizika fanini rivojlantirishga qaratilgan elektron platformalar yaratish, konferensiya, simpozium, seminar va davra suhbatlarini tashkil etish, fizika fani namoyandalari nomidagi stipendiyalarni ta’sis etish, o‘quvchi va talabalar o‘rtasida olimpiadalar hamda eng yaxshi ilmiy ishlar tanlovlarini o‘tkazish;

a, [02.02.2023 11:59]


fizika yo‘nalishida faoliyat olib borayotgan xorijiy ta’lim muassasalari, ilmiy jamiyat va tashkilotlar bilan aloqa o‘rnatish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, sohaga chet el investitsiyalarini jalb qilishga ko‘maklashish.
18. Belgilab qo‘yilsinki, Kengash tomonidan tayyorlangan takliflar tegishli vazirlik va idoralar hamda davlat ta’lim va ilmiy tashkilotlari tomonidan majburiy tartibda ko‘rib chiqiladi, ular Kengashga vazifalarini amalga oshirishda har tomonlama ko‘mak beradi, so‘ralgan zarur ma’lumotlarni taqdim etib boradi.
Innovatsion rivojlanish vazirligi Kengashga faoliyatini tashkil etish va yo‘lga qo‘yish bo‘yicha amaliy yordam ko‘rsatsin.
19. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 17-fevraldagi “Fanlar akademiyasi faoliyati, ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil etish, boshqarish va moliyalashtirishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-2789-son qaroriga 12-ilovaga muvofiq o‘zgartirish kiritilsin.
20. Innovatsion rivojlanish vazirligi Xalq ta’limi vazirligi, Fanlar akademiyasi, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilikka ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
21. Mazkur qarorni samarali amalga oshirish va unda belgilangan yakuniy natijalarga erishish uchun:
xalq ta’limi vaziri Sh.X. Shermatov hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi direktori X.O‘. Umarovaga — hududlarda ixtisoslashtirilgan maktablar faoliyatini yo‘lga qo‘yish, yoshlar seleksiyasini ta’minlash, fizika fanini o‘qitish sifatini oshirish, darsliklarni sodda va tushunarli tilda yaratish;
oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri A.X. Toshkulovga — oliy ta’lim muassasalarida fizika fanlarini o‘qitish sifatini oshirish, ilg‘or xorijiy tajriba asosida ilmiy tashkilotlar bilan hamkorlikda fizika fanlari bo‘yicha zamonaviy darsliklarning nashr etilishini ta’minlash va tizimdagi ilmiy tashkilotlarning faoliyatini natijadorlikka yo‘naltirish;
innovatsion rivojlanish vaziri I.Y. Abdurahmonovga — fizika sohasidagi ilmiy tadqiqotlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ilmiy darajali kadrlarni tayyorlash tizimining samaradorligini oshirish va “fan-ta’lim-ishlab chiqarish-hudud” integratsiyasini chuqurlashtirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqish va joriy etish;
Fanlar akademiyasining prezidenti B.S. Yuldashevga — ilmiy tashkilotlarning natijadorligini kuchaytirish, yuqori malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash samaradorligini oshirish, ilmiy ishlanmalarni ishlab chiqarishga joriy etish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqish va joriy etish;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga — tegishli hududdagi ixtisoslashtirilgan maktablar faoliyatini samarali tashkil etish hamda amalga oshirilayotgan ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirishda ko‘maklashish yuzasidan shaxsiy mas’uliyat belgilansin.
22. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A. Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 19-mart,
PQ-5032-son
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 19-martdagi PQ-5032-son qaroriga
1-ILOVA
Download 24.08 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling