ShHt haqida nimalarni bilasiz?
Download 60.11 Kb.
|
SHHT
ShHT haqida nimalarni bilasiz? Ayni kunlarda Samarqandda Shanxay hamkorlik tashkilotining navbatdagi sammitini munosib o‘tkazishga qizg‘in tadorik ko‘rilyapti. O‘zbekiston-Finlandiya pedagogika instituti dotsenti Safar Abduvohidov va “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti bosh mutaxassisi Muhammad Safarov Zarnews.uz uchun ShHT tashkil etilishi va tashkilot ko‘zlagan maqsadlar haqida ma’lumot yo‘lladi. - Kuzatuvlar ko‘pchilik fuqarolarimiz haligacha bu nufuzli xalqaro tashkilotning vazifa va maqsadlarini to‘liq bilmasligini ko‘rsatmoqda, - deb yozadi mualliflar. - Shanxay hamkorlik tashkiloti xalqaro maydonda XXI asr boshida paydo bo‘ldi. Ushbu nufuzli tashkilotning tarixiga nazar soladigan bo‘lsak, uni tuzish yo‘lidagi dastlabki qadam Rossiya va Xitoy davlatlari rahbarlarining uchrashuvida erishilgan “G‘arb” va “Sharq” o‘rtasidagi muvozanatni saqlash maqsadida mintaqadagi “beshlik” davlatlarni qamrab olgan yangi tashkilot tuzish bo‘yicha kelishuvdir. Uning asosi 1996 yilning 26-27 iyun kunlari Xitoyda “Shanxay beshligi” — Xitoy Xalq Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston Respublikalari davlat rahbarlari uchrashuvida qo‘yildi. Uchrashuv chog‘ida davlatlarning tutash chegaralariga doir masalalar ko‘rib chiqildi. “Beshlik” rahbarlarining navbatdagi uchrashuvi 1997 yil 24-25 iyun kunlari Rossiyaning Moskva shahrida o‘tkazilib, unda o‘zaro tutash chegaralarda qurolli kuchlarni qisqartirish bo‘yicha ikkita bitim imzolandi. 2000 yilning 4-5 iyun kunlari Tojikiston Respublikasi poytaxti Dushanbe shahrida o‘tkazilgan navbatdagi uchrashuvda ilk bor O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi kuzatuvchi davlat sifatida ishtirok etdi. Uchrashuvda davlat rahbarlari tomonidan tashkilot negizida ko‘p tarmoqli tuzilma shakllantirish taklifi ilgari surildi. Shu tarzda hozirgi Shanxay hamkorlik tashkiloti g‘oyasi shakllanib, O‘zbekiston Respublikasi unga o‘z milliy manfaatlaridan kelib chiqib, ta’sischi sifatida a’zo bo‘lish qarorini qabul qildi. Nihoyat, 2001 yil 14-15 iyun kunlari Xitoyning Shanxay shahrida o‘tkazilgan birinchi sammitda Yevroosiyo hududidagi olti mamlakat - Xitoy Xalq Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi, Qozog‘iston, Qirg‘iston, Tojikiston va O‘zbekiston Respublikalari davlat rahbarlari tomonidan Shanxay hamkorlik tashkiloti tuzilganligi rasman e’lon qilindi. Yangi tashkilotning maqsadi va prinsiplarini ifodalovchi Deklaratsiya hamda terrorizm, ayirmachilik va ekstremizmga qarshi kurashish to‘g‘risidagi Konvensiya imzolandi. Shunday qilib, uning dastlabki huquqiy-me’yoriy asoslari yaratildi. Asosiy maqsad va vazifalari Tashkilotga a’zo davlatlar o‘rtasida o‘zaro ishonch va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash hamda siyosiy, savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, madaniy, shuningdek, ta’lim, energetika, transport, turizm, atrof-muhitni muhofaza qilish va boshqa sohalarda samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash, terrorizm, ekstremizm va ayirmachilikka qarshi kurashish ShHTning asosiy maqsad va vazifasi hisoblanadi. ShHTning 2-sammiti 2002 yil 7 iyun kuni Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida o‘tkazildi. Unda davlat rahbarlari tomonidan 26 moddadan iborat asosiy hujjat - ShHT Xartiyasiga imzo chekildi. ShHTning oliy organi davlat rahbarlari kengashi hisoblanadi. Tashkilot strukturasi hukumat boshliqlari (bosh vazirlar) kengashi, Tashqi ishlar vazirlari kengashi, Tarmoq vazirliklari va idoralari rahbarlari kengashi, Milliy muvofiqlashtiruvchilar kengashi, doimiy ishlovchi kotibiyat (Xitoy Xalq Respublikasining poytaxti - Pekin shahrida joylashgan) hamda Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi (MATT) (O‘zbekiston Respublikasining poytaxti - Toshkent shahrida joylashgan)dan iborat. Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi 2004 yilning 1 yanvaridan e’tiboran faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Mazkur tuzilma zimmasiga axborot almashish, chegara va bojxona qo‘mitalarining, maxsus xizmatlarning hamkorligini muvofiqlashtirish orqali terrorchilikning oldini olish vazifasi yuklangan. Tuzilma tarkibida kengash va ijro qo‘mitasi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Kengashga 6 davlat maxsus xizmatlari rahbarlarining vakillari kiritilgan. Ijro qo‘mitasida esa o‘zaro tasdiqlangan lavozimlarda Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlardan vakillar ishlaydi. ShHTning navbatdagi 3-sammiti 2003 yil 28-29 may kunlari Rossiya poytaxti Moskva shahrida o‘tkazildi va unda tashkilot faoliyatiga raislik qilish huquqi O‘zbekiston Respublikasiga berildi. O‘zbekiston Respublikasi ShHTga raislik qilgan davrda tashkilotning huquqiy-me’yoriy hujjatlari to‘liq shakllantirildi. Buni tashkilotga a’zo davlatlar rahbarlari kengashining 2004 yil 16-17 iyundagi Toshkent shahrida o‘tkazilgan to‘rtinchi sammiti misolida yaqqol ko‘rishimiz mumkin. Unda Shanxay hamkorlik tashkilotining shakllanish davri yakunlanganligi qayd etildi. Sammit yakunlari bo‘yicha Toshkent deklaratsiyasi, ShHTning vakolatlari va immunitetlari to‘g‘risidagi Konvensiya, narkotik vositalar va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashda hamkorlik to‘g‘risidagi bitim, tashkilot va uning organlari faoliyatiga doir boshqa muhim hujjatlar imzolandi. O‘zbekiston Respublikasining ShHTga a’zo davlatlar Xavfsizlik kengashlari kotiblarining tegishli milliy mahkamalarning yangi tahdid va xurujlarga qarshi turishdagi hamkorligini mustahkamlash maqsadiga qaratilgan doimiy uchrashuvlarini o‘tkazib turish haqidagi tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi. O‘zbekiston Respublikasi 2009-2010 yillarda ikkinchi marta ShHT faoliyatiga raislik qildi. Bu davrda xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan voqea sodir bo‘ldi - Birlashgan millatlar tashkiloti va Shanxay hamkorlik tashkiloti o‘rtasida deklaratsiya imzolandi. O‘zbekiston Respublikasi uchinchi marta 2015-2016 yillarda ShHT faoliyatiga raislik qildi. Bu davrda tashkilotning 15 yilligi nishonlandi. O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti I.Karimov tashabbusi bilan kuzatuvchi davlat sifatida qatnashayotgan Hindiston va Pokiston Islom Respublikalari tashkilotga a’zolikka qabul qilindi. Download 60.11 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling