Shimoliy baqtriyaning tarixiy geografiyasi


Download 243.35 Kb.
bet16/35
Sana16.06.2023
Hajmi243.35 Kb.
#1489464
1   ...   12   13   14   15   16   17   18   19   ...   35
Bog'liq
T.Xoliyarov Dissertatsiya 11 05 2023

Birinchidan, Kampirtepa yunonlarga xos shaharsozlik uslubida barpo etilmagan;
Ikkinchidan, makedoniyalik Aleksandr davri qurilish inshootlari asosan keyinchalik Kampirtepa “arki”ga aylangan qismda bunyod etilgan;
Uchinchidan, Kampirtepada yunon shaharsozlik an’analariga xos tosh bezaklar amalda qo‘llanilmagan;
To‘rtinchidan, Kampirtepada bunyod etilgan ishlab chiqarish majmualari, jumladan, sopol idishlarni pishirishga mo‘ljallangan xumdonlar Yunon-Baqtriya podshohligi davriga oid bo‘lgan.
Shu jihatlarni hisobga olganda makedoniyalik Aleksandrning O‘rta Osiyo ikki daryo oralig‘iga harbiy yurishi davomida Oks-Amudaryo bo‘yida asos solingan Oks Aleksandriyasi Kampirtepa bo‘lmasdan, balki Eski Termiz o‘rnida mavjud bo‘lgan.
Milodiy VII asrda Ravennada tuzilgan “Pevtinger xaritasi” da Antioxiya Tarmita shahri ham tilga olingan. V.V.Tarn ta’kidlashicha, Oks Aleksandriyasi ko‘chmanchi qabilalar (yunon an’analarida varvarlar) tomonidan vayron etilgan va qayta tiklangan bu shahar hukmdor sharafiga Oksdagi Antioxiya deb nomlangan. V.V.Tarn fikricha, bu hodisa mil. avv. 293-290-yillarda sodir bo‘lgan306.
M.E.Masson 1936–1938-yillarda Eski Termiz hududida tadqiqotlar olib borgan Termiz arxeologik kompleks ekspeditsiyasining natijalariga asoslanib, Termizni Tibet buddaviy manbalarida tilga olingan Darmamitra shahri bilan taqqoslagan. V.V.Tarn, M.E.Masson fikricha, Darmamitra Yunon-Baqtriya davlati podshosi Demetriy nomining sanskritcha talaffuzi bo‘lib, o‘z navbatida bu nomdan zamonaviy Termiz atamasi yuzaga kelgan. Sh.Pidayev Termiz nomining kelib chiqishini Yunon-Baqtriya podshosi Demetriy nomi bilan bog‘lashni asossiz ekanligini quyidagi ashyoviy va yozma manbalarga asoslanib rad etadi:
Birinchidan, Eski Termiz madaniy qatlamlarida Yunon-Baqtriya podshosi Demetriy nomidan zarb etilgan tangalardan boshqa undan oldingi hukmdorlar tangalarining mavjudligi bu shaharni podsho Demetriy hukmronligidan oldingi asrlarda paydo bo‘lganligini ko‘rsatadi;
Ikkinchidan, “Pevtinger xaritasi (tablitsasi)”da Antioxiya Tarmita nomining tilga olinishi;
Uchinchidan, Termizga Yunon-Baqtriya podshosi Demetriy asos solgan taqdirda, bu shahar antik davr manbalarida Demetrias nomida yunoncha yuritilgan bo‘lur edi;
Sh.R. Pidayev o‘z fikrlariga tasdiq sifatida Eski Termizdagi Qoratepa buddaviylik markazi majmuidagi “B” inshootida devor betiga yozilgan yozuvni keltiradi. Taniqli tilshunos olim V.B.Xenning fikricha, bu yozuv Antioxiya nomini bildiradi307. Bu yozuv IV asr bilan sanalangan. Sh.Pidayev ta’kidlashicha bu davrda shahar Tarmita deb atalgan bo‘lsa ham, uning qadimgi nomi Antioxiya saqlanib qolgan.
Termizning mil. avv. VI–IV, milodiy V asrlar tarixiy topografiyasi haqida arxeologiya va yozma manbalarga ko‘ra quyidagi fikrlarni bayon etish mumkin.
Mil. avv. VI–IV asrlar. Eski Termiz va uning atrofida dastlabki aholi manzillariga asos solinishi jarayoni Sh.Pidayev, T.Annayev, J.Annayev, Sh.Shaydullayev, Sh.Rahmonov tadqiqotlari tufayli o‘z isbotini topgan.
Termiz hududi makedoniyalik Aleksandr, uning vorislari Salavkiylar va Yunon-Baqtriya podsholiklari davrida asosan Eski Termizning qal’a qismini egallab, umumiy maydoni taxminan 8-10 gektarni tashkil etgan.
Surxon vohasi hududidagi Yunon-Baqtriya podsholigi davriga oid antropogen landshaftlarni maydoni hajmiga qarab to‘rt guruhga bo‘lish mumkin:
1-guruh – 10 gektardan ortiq maydon bo‘lgan urbolandshaftlar: Eski Termiz, Yalangto‘shtepa;
2-guruh – 3 gektardan 10 gektargacha: Kampirtepa, Jondavlattepa, Talashqantepa II, Hayitobodtepa;
3-guruh – maydoni 1 dan 3 gektargacha bo‘lgan antropogen landshaftlar: Sho‘rtepa, Qulluqshotepa va Nag‘oratepa;
4-guruh - 1 ga gacha bo‘lgan antropogen landshaftlar: G‘ishtepa, Oqtepa, Oysaritepa va Talitog‘ora308.
E.V.Rtveladze Ptolemeyning “Geografiya” asarida keltirilgan Oks (Ὦξος) ni Amul (Chorjo‘y (hozirga Turkmanobod)) ga, Xa(t)raxarta (Χαϱ(ϱ)άχαϱτα yoki Κατραχάρτα; 110°, 44°10ґ) ni Kerki qal’asi o‘rnida, Zariaspa (Ζαϱιάσπα ili Ζαϱίσπα; 115°, 44°) ni janubiy Turkmaniston hududidagi Amudaryoning o‘ng qirg‘og‘ida joylashgan Mirzabek qal’aga, Xoana (Χοάνα; 117°, 42°) ni Kalifga, Suragana (Σουϱάγανα yoki Ζοραχάνα; 117°30ґ, 40°30ґ) ni Termizdan 40 km Amudaryoning o‘ng qirg‘og‘ida joylashgan Burgutlar tepaligi yoki Xo‘ja Gulsuyar (Umumiy maydoni 9 ga) hududiga, Fratrua (Φϱάτϱου yoki Φρατρούα; 119°, 39°20ґ)309ni Xotinrabot, Taxti Qubot, Tepaishoh va Taxti Sangin yodgorliklaridan birining o‘rniga lokalizatsiya qilgan.
Suragana shahri E.V.Rtveladze tomonidan bevosita Xo‘ja Gulsuyar o‘rniga lokalizatsiya qilingan. “Suragana” toponimi ikki qismdan iborat bo‘lib, “sur”ni turkiy xalqlar tilidagi “saur/sour” “ot tuyog‘i”, “ot tuyog‘iga o‘xshash tog‘” yoki sanskritcha “suria (sŭr)”-quyosh xudosi deb talqin qilish mumkin. Shu sababdan E.V.Rtveladze “Suragana” toponimini turkiy-baqtriya so‘zlari birikmasidan tarkib topgan “tog‘dagi kon” yoki sanskritcha “xudolar maskani”, deb izohlagan310 Suragana toponimi tarkibidagi “sur” so‘zining yana bir muhim ma’nosi bo‘lib, XX asrning 50–80 yillarida Xo‘ja Gulsuyarning ikki tarafida, xususan Tuzkon ko‘lidan Xotinrabot va undan Amudaryo yuqori oqimi bo‘ylab O‘tonjar hududigacha Termiz tumanining ko‘p sonli qo‘y otarlari boqilgan va ulardan noyob to‘l-sur olingan. Xo‘ja Gulsuyar-Xotinrabot hududi tabiati chorvachilik, shu jumladan qo‘ychilik uchun ham juda muhim makon bo‘lganligini bu etnografik ma’lumot tasdiqlaydi.
Xulosa qilib shuni ta’kidlash mumkinki, makedoniyalik Aleksandr, Salavkiylar va Yunon-Baqtriya podsholiklari davrida Shimoliy Baqtriyaning tarixiy geografiyasini yunon-rim mualliflari asarlari va eng so‘nggi arxeologik izlanishlar natijalari orqali tadqiq qilish alohida e’tiborni talab qiladi.

Download 243.35 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   12   13   14   15   16   17   18   19   ...   35




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling