Shoir asarlarida folklor namunalarining qo’llanilishi


Download 26.81 Kb.
Sana25.07.2020
Hajmi26.81 Kb.
#124763
Bog'liq
A.Dilnoza.T.Sulaymon-folklor


SHOIR ASARLARIDA FOLKLOR NAMUNALARINING QO’LLANILISHI

Dilnoza Asrayeva, talaba, GulDU

O’zbek xalqining boy tarixi bir necha ming yilliklarni o’z ichiga oladi. Uzoq yillar davomida shu xalq bilan birga uning adabiyoti ham ravnaq topib bordi. Xalq donoligi, donishmandligi natijasida vujudga kelgan og’zaki ijod namunalari hali hanuz o’z ahamiyatini yo’qotgani yo’q. O’z asarlari orqali xalqona ohanglarni o’zbek adabiyotiga qaytargan ijodkorlardan biri, iste’dodli shoir - To’ra Sulaymondir.

Shoir asarlarida ota-bobolarimizdan meros bo’lib kelayotgan, necha-necha zamonlar chig’irig’idan o’tgan, ko’pchilikning yodidan ko’tarilayozgan ko’plab betakror og’zaki ijod namunalarini ko’rishimiz mumkin. Folklor namunalariga monand asarlar yaratish To’ra Sulaymon ijodida asosiy o’rin tutadi. Chunki shoir xalq og’zaki ijodining xalq ma’naviyatida qanchalik katta ahamiyatga ega ekanligini bilgan ijodkor edi. Og’zaki ijod namunalari zamonlar osha o’zbekona ruhni saqlab kelmoqda. Shu ruhni xalqimizga, yosh avlod ongiga singdirish uchun adabiyot asosiy vosita bo’lib xizmat qiladi. Cho’lpon aytganidek: “Adabiyot yashasa-millat yashaydi”. Shoir ijodining asosiy yo’nalishi xalq og’zaki ijodiga qaratilganligi ham shundan bo’lsa ehtimol.

To’ra Sulaymon ijodida folklorga oid rivoyat, afsona, ertak, dostondan tortib kichik janrga tegishli maqol va hikmatlargacha uchratishimiz mumkin.Ijodkorning “Mangulik”, “Guljahon”, “Yovqochdi”, “Qorasoch”, “Jahongashta” kabi dostonlari qahramonlar xarakteri, tili, uslubi, badiiy to’qimalari bilan xalq dostonlariga yaqin tursa, uning “Qor xat” she’rida xalq o’yinlarining ajib manzarasi tarannum etiladi:

Durkun qizlar bir taraf, biz bir taraf

Bayt aytishda barchamiz yuz bir taraf.

Mot qilishda anovi,qiz bir taraf ,

Bunday ajab yig’inga kim betaraf?!

Shoir baxshiyona uslubda yaratilgan ayrim termalarida og’zaki adabiyotning eng ommalashgan janrlaridan biri bo’lmish maqollarga murojaat etadi:

Men so’zlayman avval boshdan,

O’sma ketar yuvsa qoshdan,

Yomon kunda yot yaxshi

Qadring bilmas qarindoshdan!1

Yuqoridagi she’rda mehr-oqibat, odamlarning bir-biriga bo’lgan insoniyligi qiyoslanmoqda. Kishilarning odamiyligi uning qarindoshligi bilan emas, balki boshga tashvish tushganda begona bo’lsa ham yoningda tura olishi bilan o’lchanishi nazarda tutilgan.Yana bir she’rida To’ra Sulaymonning xalq maqollariga yaqin maqol yoki hikmatlar yaratganini ko’ramiz:

Tog’lar ko’rki qor bilan,

Karvon ko’rki nor bilan,

Gullola bahor bilan,

Baxshi sozi tor bilan.2

Darhaqiqat, yuksak cho’qqilarning ulug’vorligi oppoq qorlari bilan to’kislik kasb etsa, karvon deyilganda ko’z o’ngimizda tuyalar to’dasi gavdalanadi. To’ra Sulaymon bu she’rida har bir mayda zarradan tortib eng katta osmon jismlarigacha bir-biriga bog’liq ekanligini ta’kidlaydi.Zero, tuyasiz karvon, bahor kelmasa gullola ham bo’lmaydi.

To’ra Sulaymon xalq ichida yurib, xalq dardini, quvonch-tashvishlarini qalamga olgan shoir edi. O’quvchining qulog’iga tanish bo’lgan hikmatlarning she’r ichida kelishi kitobxonga o’zgacha bir zavq bag’ishlaydi:

Chinor o’rnin bosmas terak bilan tol,

Zog’ning sor bo’lishi - qayg’uli bir hol,

Qadimdan qolgan gap: siniq bir sopol

La’l, yoqut yo’q yerda zarga o’xshaydi.

To’ra Sulaymon folklor namunalarining eng qadimgilaridan biri bo’lmish xalq qo’shiqlaridan ham ilhomlanib she’rlar yozgan. Bu qo’shiqlarda ota-bobolarimizning ajib nafasi ufurib turadi. Qo’shiqlar ohangiga hamohang misralarni shunday tanlaydiki, bunda hech qanday soxtalik vujudga kelmaydi. Go’yoki xalq qo’shiqlari bilan shoir she’rlari birlashib ketgandek:

Aylanayin bolam-ov,

Toqqa bitgan lolam-ov,

Bo’ta ko’zim, sochlari,

Kunduzdan ham qoram-ov,

Birpas bo’ying ko’rmasam,

Menda bo’lmas orom-ov.3

Ko’rinib turibdiki, bu she’rda mehribon onalarning farzandlari orom olishi uchun tunlari bedor aytadigan alla namunasi ko’rsatilgan. Xalq ichida allaning turli xil variantda aytilgan ko’rinishlari bor. Har bir ona o’z farzandini suyib, uni “toqqa bitgan lolam”, “bo’tako’zim”, “sochlari qoram” deb erkalaydi. Bu esa og’zaki ijoddagi erkalamalar tipida yozilgan asar ekanligini anglatadi.

To’ra Sulaymon xalq adabiyotiga befarq bo’lmaganligi, uni qunt bilan o’rgangan ijodkor ekanligi asrlarining xalq tilidan tushmasligiga sabab bo’ladi. O’zbekiston xalq yozuvchisi O’tkir Hoshimov “Ikkita eng holis va beshafqat hakam-kitobxon va vaqt sinovidan o’tgan asar haqiqiy asardir”,-degan edi. Darhaqiqat, To’ra Sulaymon chinakam adabiyot ixlosmandlarining e’tirofiga sazovor bo’ldi. Xalq oqini bo’lib elning turmushini kuylagan shoir o’zi kabi sodda va kamtarin she’rlari bilan xalq qalbida mudom barhayotdir.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:

1.T.Sulaymon.Sirdaryo qo’shiqlari. - Toshkent, Yosh gvardiya.1974-yil.

2.T.Sulaymon.Men qayga borar bo’lsam.-Toshkent, Yosh gvardiya.1965-yil.

3.T.Sulaymon.Sayhon.-Toshkent,Sharq,2003-yil.





1 T.Sulaymon.Sirdaryo qo’shiqlari .- Toshkent, Yosh gvardiya, 1974.36-bet.

2 T.Sulaymon.Men qayga borar bo’lsa . - Toshkent, Yosh gvardiyai.1965-yil.21-bet.

3 T.Sulaymon.Sirdaryo qo’shiqlari.-Toshkent, Yosh gvardiya nashriyoti.1965-yil.40-bet.

Download 26.81 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling