Shu kunlarda mamlakatimizda Vatan himoyachilari kuni va Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 27 yilligi keng nishonlanmoqda


Download 27.87 Kb.
Sana11.01.2023
Hajmi27.87 Kb.
#1089589
Bog'liq
maqola1


Shu kunlarda mamlakatimizda Vatan himoyachilari kuni va Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 27 yilligi keng nishonlanmoqda. Prezidentimizning 2018 yil 13 dekabrdagi farmoyishiga asosan, “Vatan — muqaddas, uni himoya qilish sharafli burchdir!” degan umumiy gʻoya ostida joylarda turli tadbirlar, uchrashuvlar, festivallar oʻtkazilyapti. Unda yurtdoshlarimiz faol ishtirok etayotir.Sana munosabati bilan muxbirlarimiz sohada amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar va ularning ahamiyati haqida Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa vaziri, general-mayor Abdusalom Azizov bilan suhbatlashdi.
— Prezidentimiz, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan yangi Mudofaa doktrinasi qabul qilindi. Uning mazmun-mohiyatini oʻrganish va targʻib qilish boʻyicha joylarda qator anjumanlar oʻtkazilmoqda. Keling, suhbatimizni dastlab shundan boshlasak. Ayting-chi, Mudofaa doktrinasini yangilashga qanday zarurat tugʻilgan edi?2018 yilning 9 yanvarida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev “Oʻzbekiston Respublikasining Mudofaa doktrinasi toʻgʻrisida”gi Qonunni imzoladi.Maʼlumki, 1995 yil 30 avgustda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining birinchi chaqiriq uchinchi sessiyasida Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy doktrinasi qabul qilingandi. 2003 yil 3 fevralda esa mamlakatimiz Mudofaa doktrinasi muhokama qilindi va maʼqullandi. Demak, shu paytgacha mudofaa sohasidagi davlat siyosati asoslari, Qurolli Kuchlarning qurilishi, tayyorgarligi va qoʻllashga oid asosiy prinsiplar hamda yoʻnalishlarini tartibga soluvchi 2 ta doktrinal hujjat qabul qilingandi.Mudofaa doktrinasini yangilashga qanday zarurat tugʻilgandi, degan savolingizga keladigan boʻlsak, avvalo, bunga Prezidentimizning 2017 yilda Vatan himoyachilariga yoʻllagan bayram tabrigidan javob topish mumkin. Jumladan, tabrikda shunday deyiladi: “Jahonda va mintaqada vaziyatning rivojlanish dinamikasini hisobga oladigan boʻlsak, vujudga keladigan xavf-xatar va tahdidlarga munosib zarba berish zarurati, shuningdek, bizning ustuvor vazifa va imkoniyatlarimiz Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa doktrinasini qayta ishlab chiqishni ¬talab etadi”.

Shuni ham unutmaslik kerakki, mintaqamizdagi vaziyatga xalqaro terrorizm, narkotrafik va transchegaraviy jinoyatlar soya solib turibdi.Xususan, qoʻshni Afgʻonistonda, shuningdek, Yaqin Sharq mamlakatlarida xalqaro terrorchi guruhlarning faoliyati, noqonuniy qurolli tuzilmalar mintaqa xavfsizligiga alohida taʼsir koʻrsatmoqda. Mazkur omil harbiy sohada mamlakat xavfsizligini taʼminlashga doir prinsiplar va yondashuvlarni qayta koʻrib chiqishni taqozo etadi. Shunday ekan, mamlakat milliy manfaatlari, jahon va mintaqadagi harbiy-siyosiy vaziyat, harbiy sohada xavfsizlikka tahdidlar darajasi, zamonaviy harbiy mojarolarning xususiyatidan kelib chiqib, Mudofaa doktrinamiz qaytadan qabul qilindi.


Qolaversa, mamlakatimiz mudofaa salohiyatini mustahkamlash, tashqi siyosatimizning moslashuvchanlik va ochiqligi, eng asosiysi, qoʻshni davlatlar bilan doʻstona va amaliy munosabatlarning rivojlanayotgani kabi muhim omillarga, Vatanimiz suvereniteti va hududiy yaxlitligini taʼminlashdek ustuvor vazifalarga tayangan holda, mamlakatimiz Mudofaa doktrinasi sifat jihatidan yangilandi. Shuni alohida taʼkidlash joizki, doktrinamiz birinchi marta toʻliq ochiq eʼlon qilindi. Bu esa mudofaa siyosatimiz ochiqligining tasdigʻidir.
— Mamlakatimiz mudofaa qobiliyatini mustahkamlash maqsadida keyingi ikki yilda juda katta islohotlar amalga oshirildi. Masalan, har bir hududda harbiy-maʼmuriy sektorlar tashkil etildi. Bu amalda nima beradi?
— Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan “Milliy armiyamiz — bizning iftixorimiz va gʻururimiz” tamoyili asosida hududlarda mudofaa sohasida yagona davlat siyosatini yuritish, armiya va xalqning birligini taʼminlash maqsadida harbiy-maʼmuriy sektorlar tashkil etildi. Mazkur sektorlar armiya bilan mahalliy hokimiyat oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlovchi, hududiy mudofaa masalalarini yechishda hal qiluvchi organ boʻlib xizmat qilmoqda.
Mudofaa sohasida amalga oshiri¬layotgan islohotlarning ulkan samara berishida, jumladan, yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, qoʻshinlar kundalik faoliyatini samarali tashkillashtirish, harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolari ijtimoiy himoyasini kuchaytirish hamda harbiy shaharcha va poligonlarning infratuzilmasini rivojlantirish borasida harbiy-maʼmuriy sektorlar qoʻshilma va harbiy qism komandirlariga yaqindan koʻmaklashmoqda.Bugun harbiy-maʼmuriy sektorlarning tashkil etilishi mahalliy hokimiyat idoralarining masʼuliyatini oshirdi, ularning mudofaa masalalariga dunyoqarashini keskin oʻzgartirdi. Oʻz navbatida, harbiy qismlarni oʻz qobigʻidan chiqarib, ofitser va serjant, askarlarning jamiyatimiz hayotida faol ishtirok etishlariga imkoniyat yaratdi. Rasmiyatchilik yoʻqolib, muammolarning amaliy yechimlari topilmoqda.
— Qoʻshinlarni zamonaviy qurol-yarogʻ va texnika bilan taʼminlash jarayonlari xususida ham toʻxtalib oʻtsangiz.
— Ortda qolgan 2018 yilda davlatimiz rahbari boshchiligida mamlakatimiz mudofaa salohiyatini oshirish, qoʻshinlarning jangovar shayligini yuksaltirish, milliy armiyamizni zamonaviy harbiy texnika va qurol-aslahalar bilan taʼminlash borasida keng qamrovli ishlar yoʻlga qoʻyildi.
2018 — 2021 yillarda qoʻshinlarni zamonaviy qurol-yarogʻ bilan taʼminlash va harbiy texnikalarni taʼmirlash, modernizatsiya qilish boʻyicha kompleks dastur doirasida oʻtgan yilda bir qator muhim tadbirlar amalga oshirildi.Armiyani ilgʻor texnika, qurol-aslaha bilan taʼminlash, mavjud texnikani modernizatsiya qilishda katta qadam tashlandi. Hozirgi zamon harbiy mojarolarining chuqur tahlilidan kelib chiqib, birinchi navbatda, harbiy havo kuchlarini rivojlantirish, havo hujumidan mudofaa tizimini mustahkamlash, maxsus operatsiyalar kuchlarini eng yangi texnika va aslaha bilan taʼminlash choralari koʻrildi. Rossiya Federatsiyasi, Xitoy, Fransiya va boshqa bir qator davlatlar bilan harbiy-texnikaviy hamkorlik yuqori darajada yoʻlga qoʻyildi.
— Yangilanishlar haqida gap ketarkan, aytish joiz, bunday jarayon harbiy boʻlinmalarni oziq-ovqat bilan taʼminlashda ham kuzatilmoqda. Yaʼni autsorsing tizimi joriy etildi. Ushbu tizimning afzalligi nimada?
— Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 24 noyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi qoʻshinlarida harbiy xizmatchilarning ovqatlanish sifatini tubdan yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, shaxsiy tarkib ovqatlanishini tashkil etishda davlat-xususiy sheriklik mexanizmlari joriy qilindi.Qoʻshinlarni oziq-ovqat bilan taʼminlash boʻyicha kiritilgan yangi tizim shaxsiy tarkibni unga xos boʻlmagan vazifalardan ozod qilib, harbiy xizmatchilarning butun kuch-gʻayratini oʻz kasbiy mahoratini oshirishga qaratish imkonini bermoqda. Qolaversa, mazkur tizim harbiy xizmatchilarni har tomonlama sifatli oziq-ovqat bilan taʼminlash, harbiy shaharchalarda istiqomat qiluvchi oilalarga turli zamonaviy xizmatlar koʻrsatish uchun imkoniyat yaratdi. Taʼkidlash joizki, Mudofaa vazirligidagi autsorsing tizimiga 80 ga yaqin tadbirkorlik subyektlari jalb etilib, 2 200 dan ortiq fuqarolarga doimiy yangi ish oʻrinlari yaratildi.
— Eng muhim islohotlardan yana biri — mamlakatimizda Mudofaa sanoati boʻyicha davlat qoʻmitasi tashkil etildi. Mazkur qoʻmita oldiga qanday vazifalar qoʻyilgan?
— Prezidentimizning 2017 yil 20 noyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa sanoati Davlat qoʻmitasini tashkil etish toʻgʻrisida”gi Farmoniga koʻra, mamlakatimizdagi barcha turdosh korxonalarni birlashtirgan Mudofaa sanoati boʻyicha davlat qoʻmitasi tashkil qilinishi milliy mudofaa sanoat kompleksini shakllantirish yoʻlidagi birinchi va muhim qadam boʻldi. Mazkur kompleksni rivojlantirishning istiqbolli yoʻnalishlari yangidan qabul qilingan Mudofaa doktrinasida ham belgilab berildi.
Mudofaa tizimini harbiy-iqtisodiy taʼminlashdagi bu muhim yangilik davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, yaqin kelajakda milliy armiyamizni qurol-yarogʻ va harbiy texnika bilan taʼminlash shuningdek, qoʻshimcha ish oʻrinlarini yaratish, yurtimiz iqtisodiyotini diversifikatsiya qilish imkonini ham beradi.
Bir vaqtning oʻzida ushbu kompleks aholi ehtiyoji uchun zarur mahsulotlarni ham ishlab chiqishi, hozir xorijdan valyutaga sotib olinayotgan koʻplab mahsulotlarni oʻzimizda ishlab chiqarishga ham moʻljallangan.
— Har bir sohada ijtimoiy himoya alohida ahamiyatga ega masala hisoblanadi. Shunday ekan, harbiy xizmatchilar, ularning oila aʼzolarini ijtimoiy himoyalash borasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
Shuningdek, xizmat burchini bajarish chogʻida halok boʻlganlarning nomlarini abadiylashtirish maqsadida Yurtboshimiz tashabbusi bilan “Mard oʻgʻlonlar nomi barhayot” nomli kitob chop etildi. Sariosiyo janglarida halok boʻlgan 26 qahramonning oʻzlari oʻqigan maktablariga byustlari oʻrnatildi, 21 oilaga harbiy-maʼmuriy sektorlar, harbiy okruglar tomonidan kvartiralar sotib olib berildi.Bularning barchasi, albatta, Vatan himoyachilarining xizmatga boʻlgan yondashuvini oʻzgartirishga, masʼuliyat va intizomning mustahkamlanishiga, harbiylar qalbida faxr va gʻurur ortishiga xizmat qilmoqda. Ikkinchi tomondan esa kuchli ijtimoiy himoya — ofitser va askarlar uchun fidoyilik, burchga sadoqat bilan xizmat qilish, oʻzining professional tayyorgarligini oshirib borish uchun zamin yaratmoqda.
— Qarshi shahrida “Vatanparvarlar bogʻi” bunyod etilyapti. Prezidentimiz oʻtgan yil dekabr oyida Qashqadaryoga tashrifi chogʻida ana shu bogʻda amalga oshirilayotgan qurilish-obodonlashtirish ishlari bilan tanishdi. Ushbu maskan va uning mohiyati haqida gapirib bersangiz.
— Avvalambor, shuni taʼkidlash lozimki, ushbu bogʻ davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning oʻtgan yili yanvarda Xonobod aviabazasiga amalga oshirgan tashrifi chogʻida bergan topshiriqlari asosida Qashqadaryo viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etildi.
2018 yilning 14 dekabrida Prezidentimiz Qashqadaryo viloyatiga navbatdagi tashrifi davomida Qarshi shahrida qad rostlagan “Vatanparvarlar bogʻi”ni borib koʻrdi.
Mudofaa vazirligi tomonidan ushbu maskanga 24 ta harbiy texnika, qator eksponatlar taqdim etildi. Maxsus tayyorlangan blindajni koʻrgan kishi koʻz oʻngiga Ikkinchi jahon urushi maydonlarida mardonavor jang qilgan vatandoshlarimiz keladi.
Bogʻda oʻrnatilgan Oʻzbekiston xaritasining ulkan maketida har bir viloyatdan chiqqan buyuk siymolar, u yerdagi qadimiy obidalar, serviqor togʻlar, daryolar, bepoyon kengliklar aks ettirilgan.Ayni paytda qurilish ishlari jadal olib borilayotgan mazkur majmua¬ni barpo etishdan maqsad yoshlarda ¬tariximiz va madaniyatimizdan gʻururlanish tuygʻusini kuchaytirish, Vatan ravnaqi yoʻlida fidokorona kurashgan milliy qahramonlarimiz nomini abadiylashtirish, armiyamiz qudrati va salohiyatiga ishonchni mustahkamlashdan iboratdir. “Vatanparvarlar bogʻi” respublikamizning boshqa hududlarida ham bunyod etilishi rejalashtirilgan.Vatan muqaddas, uni himoya qilish har bir yigit-qizning sharafli burchi ekanligi, bugungi ozod va mustaqil Oʻzbekistonni asrash, ushbu tinch va yorugʻ kunlarimiz uchun ajdodlarimiz qancha qon toʻkkanini yoshlarimizga eslatish, maʼnan va jismonan sogʻlom avlodni tarbiyalashda bu kabi bogʻlarning oʻrni katta boʻladi, deb oʻylayman.Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasida qilinayotgan ishlar haqida ham toʻxtalib oʻtsangiz.Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga doir ishlar samaradorligini oshirish va faollashtirish, bu boradagi taʼlim-tarbiyaviy ishlarga mamlakatimiz fuqarolarini, davlat va nodavlat notijorat tashkilotlarini hamda fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini yanada faol jalb etish va yoshlar ongiga vatanparvarlik, mardlik tuygʻularini singdirish maqsadida 2018 yil 23 fevralda Vazirlar Mahkamasining “Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.Qarorga binoan qabul qilingan konsepsiyaga koʻra, yoshlar bilan harbiy-vatanparvarlik tarbiyasi uch bosqichda olib boriladi.Harbiy-vatanparvarlik tarbiyasiga daxldor vazirlik va idoralarning ushbu qaror ijrosini samarali tashkil etish toʻgʻrisidagi qoʻshma qarori ishlab chiqildi, “Yoʻl xaritasi” tasdiqlandi. Shuningdek, Mudofaa vazirligi va Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi bilan hamkorlik memorandumi hamda qoʻshma qarori imzolandi.Maqsad — yosh avlodda Vatanimiz bilan faxrlanish, hech kimdan kam emaslik hissini shakllantirish, ularni turli yot gʻoyalarga ergashmasdan obod va ozod yurtimizni, xalqimiz tinch hayotini asrash uchun masʼuliyatni sezadigan qilib tarbiyalashdir. Bu borada barcha idora va tashkilotlar, oʻquv yurtlari, mahallalar bilan chinakam keng qamrovli hamkorlikni yoʻlga qoʻymogʻimiz, birgalikda ishlashimiz zarur.Yaqinda Davlat dasturi loyihasi xalq muhokamasiga qoʻyildi. Unda mamlakatimiz mudofaa qobiliyatini mustahkamlashga qaratilgan chora-tadbirlar ham koʻzda tutilgan. Gazetxonlarimizga shu xususda ham maʼlumot bersangiz.— “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” Davlat dasturi loyihasi bugun keng jamoatchilik muhokamasida. Shu haqda soʻz yuritganda, avvalo, loyihadagi mamlakatning mudofaa qobiliyatini mustahkamlashga qaratilgan chora-tadbirlarga toʻxtalib oʻtsak. Bunda Qurolli Kuchlarni qoʻllashni rejalashtirishning normativ-huquqiy asoslari yangilanishini, harbiy kadrlarni oʻqitish va qayta tayyorlash, professional tayyorgarlikning innovatsion yondashuvlari ishlab chiqilishi, milliy ruhni yuksaltirish, harbiy xizmatchilarni jismoniy va maʼnaviy barkamol etib tarbiyalash tizimini takomillashtirish kabilar rejalashtirilgan.Shuningdek, mudofaa sanoati kompleksini rivojlantirish, taraqqiy etgan davlatlar bilan harbiy va harbiy-texnik hamkorlikni yanada faollashtirish kabi masalalar dastur loyihasidan oʻrin olishi Oʻzbekistonning mudofaa salohiyati yanada yuksalishiga xizmat qiladi.Soʻzimning yakunida Qurolli Kuchlarimizning barcha vakillarini va ularning oila aʼzolarini, faxriylarimizni, mustaqil Oʻzbekistonimiz kelajagi uchun befarq boʻlmagan barcha insonlarni Vatan himoyachilari kuni bilan muborakbod etishga ijozat berasiz.
Download 27.87 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling