Shu tarzda salkam bir yarim sahifalik 5-sinfda berilgan ma'lumotni o‘quvchi 6-sinfda takror o‘qishga majbur bo‘ladi
Download 11.56 Kb.
|
Dars tahlili
5-sinf “Adabiyot” darsligiga kiritilgan yozuvchi yoki shoir ijodi 6-sinfda davom ettirilsa, avvalgi sinfda berilgan ma'lumotlar to‘ldirilishi, boyitilishi lozim. Afsuski, 6-sinf darsligidagi ayrim ijodkorlarning tarjimai holi aynan takrorlangan yoki yangi ma'lumotlar bilan boyitilmagan. Hatto ayrim o‘rinlarda salmoqli hajmdagi matnlar, adib hayoti va ijodi yuzasidan berilayotgan savol-topshiriqlar ham hech bir o‘zgarishsiz keyingi sinf darsligiga ko‘chib o‘tgan. Buni Muqimiy, Hamid Olimjon, Erkin Vohidov, O‘tkir Hoshimov tarjimai holi misolida kuzatish mumkin. Fikrimizning isboti uchun bir-ikkita misol keltiramiz: “Muhammad Aminxo‘ja Mirzaxo‘ja o‘g‘li Muqimiy 1850-yilda Qo‘qon shahrida Bekvachcha mahallasida novvoy oilasida tug‘ilgan. Muqimiy dastlab o‘z mahallasida mulla Abduhalil maktabida tahsil oladi. Shoirning ilm o‘rganishi va badiiy ijodga erta qiziqishida uning volidasi, qobiliyatli ayol Oyshabibi aytib bergan ko‘plab ertak va qo‘shiqlarning ta'siri kuchli bo‘lgan. Muqimiy dastlab Qo‘qondagi “Hokim oyim” madrasasida ta'lim oladi. 1872-1873 yillarda Buxoroga borib, u yerdagi “Mehtar anbar” madrasasida o‘qishni davom ettiradi. 1876 yilda o‘qishni tamomlab, Qo‘qonga qaytadi. Uylanadi. Shoir dastlab yer qurilishi mahkamasida mirzalik, so‘ngra Sirdaryo yoqasida joylashgan Oqjardagi paromda pattachilik qiladi...“ (1-qism, 91-92-betlar). Shu tarzda salkam bir yarim sahifalik 5-sinfda berilgan ma'lumotni o‘quvchi 6-sinfda takror o‘qishga majbur bo‘ladi. Xuddi shu holatni Erkin Vohidov hayoti va ijodiga oid materiallar misolida ham ko‘rish mumkin: “Erkin Vohidov universitetni tugatgach, uzoq yillar nashriyotlarda ishladi, o‘zbek va jahon adabiyotining sara asarlarini chop qilishda faol ishtirok etdi. 1964-yilda yaratilgan “Nido” dostonidan so‘ng birin-ketin “Orzu chashmasi”, “Palatkada yozilgan doston”, “Quyosh maskani”, “Ruhlar isyoni” kabi ajoyib dostonlar yozdi...” (1-qism, 133-135 betlar). Bir sahifadan ortiqroq hajmdagi ushbu ma'lumotlar ham 5-sinf darsligining 142-sahifasini to‘ldirib turibdi. Boz ustiga, shoir tarjimai holidan so‘ng berilgan “Erkin Vohidovning bolaligi haqida nimalarni bilasiz? Shoirning qanday to‘plamlari chop etilgan? Shoir she'riyatdan boshqa yana qanday janrlarda qalam tebratgan?” (1-qism, 135-bet) tarzidagi savollar ham ikkala sinfda aynan takrorlangan. Buni texnik xato bilan xaspo‘shlab bo‘lmaydi. Bu o‘quvchi shaxsini mensimaslik ortidan kelgan bee'tiborlikning natijasidir. Muallif darslikdagi har bir mavzuni yoritish jarayonida o‘quvchini ko‘z oldiga keltirishi, o‘zini uning o‘rniga qo‘yib ko‘rishi lozim. Qolaversa, amaliyotchi fan o‘qituvchilari nega paytgacha jim turishgan, munosabat bildirishmagan? Nazariy ma'lumotlarni taqdim etishda ham nomutanosibliklar ko‘zga tashlanadi. Xususan, 5-sinf darsligida masal janri yoritilgani holda 6-sinfda ham shu janrga qayta murojaat etiladi. Agar nazariy ma'lumot bir-birini to‘ldirib, yangi ma'lumot bilan boyitsa-ku, e'tiroz tug‘ilmagan bo‘lar edi. Ma'lumotni takrorlashdan chekinib, bu o‘rinda badiiy tasvir vositalari haqida ma'lumot berilganida, bizningcha, maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Negaki, o‘quvchi darslikning bir necha o‘rnida badiiy tasvir vositalari bilan bog‘liq savol yoki e'tiroflarga duch keladi. Xususan, “Shum bola”dan olingan parcha (1-qism, 24-bet), “Tanobchilar” satirasi1-qism, (98-bet), Hamid Olimjonning “O‘zbekiston” she'ri (1-qism, 106-bet) tahlili jarayonida, Avaz O‘tar ijodi yuzasidan berilgan savol-topshiriqlarda (2-qism, 71-bet) o‘quvchida haqli savol tug‘iladi. Badiiy tasvir vositalari va ularning turlari haqida qisqa nazariy ma'lumot berish orqali o‘quvchiningsavoliga javob berish, mustaqil ravishda badiiy asarlardan shu san'atlarni topishga yo‘naltirish mumkin. 5-sinf “Adabiyot” darsligi kabi 6-sinf darsligida ham o‘quvchi uchun murakkab bo‘lgan jumlalar mavjud. Hamid Olimjon ijodi haqida gap borganda mana bunday shoirona ifodani o‘quvchi anglashga qiynalmasmikan: “Shoir lirik she'rlarining qamrovi keng, mavzulari rang-barang. Ammo bu she'riyatda shunday bir mavzu borki, u hammasidan oldinda, barchasidan ko‘ra ehtirosliroq, tuyg‘ular po‘rtanasi favvoradek otilib turadigan yuksak tog‘lardagi shaloladek sof, toza, jo‘shqin ifoda topgan bir mavzu – Vatan mavzusi, tug‘ilib o‘sgan diyorga muhabbat va minnatdorlik hislari”; “O‘zbekiston” she'ri Hamid Olimjon poeziyasining badiiyat, mahorat bobidagi eng ko‘rkam namunalaridandir. Unda o‘xshatish, qiyoslash, jonlantirish, mubolag‘a, qarshilantirish, tovushlar uyg‘unligini anglatuvchi alliteratsiya, poetik takror, ta'kid kabi bir qancha badiiy tasvir vositalaridan foydalanib, Hamid Olimjon O‘zbekistonning o‘ziga xos, betakror poetik timsolini yaratgan...” (1-qism, 104-106-betlar) va hokazo. E'tibor qaratsak, ushbu jumlada badiiy tasvir vositalarining sakkizta turi sanalgan... Holbuki, “O‘zbekiston” she'rining ilk satrlaridan o‘quvchida paydo bo‘ladigan poetik kayfiyat haqida so‘zlang”, “She'rda qiyos, qarshilantirish kabi poetik tasvir vositalariga murojaat etishning sababini izohlang”, “O‘zbekiston” she'rida yana qanday badiiy tasvir vositalari qo‘llangan?” (1-qism, 107-bet) kabi savollar berilgani holda biror o‘rinda ushbu badiiy tasvir vositalari haqida ma'lumot berilmagan. Natijada, o‘quvchi badiiy tasvir vositalari nima ekanligini bilmay, anglamay darslikni yakunlaydi. 5-sinf “Adabiyot” darsligi haqidagi mulohazalarimizda savol va topshiriqlar mavzuga, o‘quvchining yoshi va saviyasiga mos bo‘lishi kerakligini ta'kidlagan edik. Ushbu kamchilik 6-sinf darsligi uchun ham begona emas. Kirish qismi uchun berilgan savol-topshiriqlar orasidagi “Yozuvchi Abdulla Qahhor “Adabiyot – atomdan kuchli, lekin uning kuchini o‘tin yorishga sarflamaslik kerak” degan edi. Shu gapni izohlab berishga urinib ko‘ring-chi”, (1-qism, 9-bet)degan savolga o‘quvchi javob topa olarmikan? “Adabiy asar asosida yaratiladigan kinofilm yoki spektakllar o‘sha asar bilan bir xil bo‘lishi kerak, deb hisoblaysizmi? Kinofilm va qissaning o‘ziga xos hikoya yo‘sinini solishtirishga harakat qiling” (“Adabiyot” 1-qism, 25-bet) degan savol bilan 6-sinf o‘quvchisiga murojaat qilish qanchalar o‘rinli? Shuningdek, savollardagi uslubiy xatolarni ham tuzatish zarurati bor. Erkin Vohidov ijodi xususida berilgan “To‘liq qasidani yoki uning biror parchasini yoddan ifodali o‘qing” (1-qism, 144-bet) tarzida berilgan savolni “Qasidani to‘liq holda yoki uning biror parchasini yoddan ifodali o‘qing” tarzida o‘zgartirish lozim.tarzida o‘zgartirish lozim. “Alisher Navoiyning “Farhod va Shirin” dostonini sarguzasht asarning mukammal namunasi desa bo‘ladi” (1-qism, 65-bet) degan fikr, bizningcha, munozarali. Bu asarni “Gulliverning sarguzashtlari”, “Robinzon Kruzo” bilan bir qatorga qo‘yish mumkinmi? Buyuk mutafakkir mazkur asarda sarguzasht asarlarga xos elementlardan unumli foydalanganini tan olgan holda dostonning bunday baholanishi unchalik to‘g‘ri emas, deb e'tirof etishga haqlimiz. Jahon adabiyotidan tavsiya etilgan badiiy asarlar o‘quvchiga ma'naviy ozuqa berishi, tafakkur olamini kengaytirishi, uni o‘ziga rom eta olishi kerak. Janni Rodarining mustaqil o‘qish uchun berilgan “Telefonda aytilgan ertaklar” turkumidan berilgan “Qutbdagi gunafsha” ertagi o‘quvchiga qanday ma'naviy ozuqa berarkin, degan savol bilan o‘zimizga murojaat etaylik. Ertak yakuniga e'tibor bering: “Tongda hamma gunafshaning so‘lib qolganini ko‘ribdi, u ingichka tolasiga egilib, oppoq qor ustida rangsiz va jonsiz yotganmish. Agar uning oxirgi o‘y-fikrlarini so‘zda ifodalash mumkin bo‘lsa, biz, hoynaxoy quyidagi so‘zlarni eshitgan bo‘lardik: “Mana, men o‘lyapman. Lekin kimdir boshlash kerak edi-da. Qachonlardir bu yerda million-million gunafsha ochilib yotadi. Muzlar eriydi, orollar hosil bo‘ladi, ulardan bolalarning qo‘ng‘iroqday sho‘x kulgisi eshitilib turadi” (1-qism, 81-bet). Yakun go‘yo ko‘tarinki ruh bilan yakunlanyapti. Lekin buni o‘qigan bola uning zaminidagi tagma'noni ilg‘ay olmaydi, balki kelajakda tabiat qonuni, tabiiy muvozanat buzilar, ya'ni Shimoliy qutb muzlari erib, u yerda yangi hayot boshlanar ekan-da, degan xulosani chiqaradi. “Bemor” hikoyasidan so‘ng nazariy ma'lumot sifatida berilgan “Badiiy asar tili haqida tushuncha” mavzusi o‘quvchi uchun murakkablik qiladi. Bu o‘rinda o‘quvchi uchun murakkab bo‘lgan ilmiy fikrlardan ko‘ra “Bemor” hikoyasida badiiy til imkoniyatlari qay darajada namoyon bo‘lgani misollar orqali sodda va aniq ifoda etilsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Aksincha, mualliflar bir yarim sahifalik nazariy ma'lumotda “Abdulla Qahhor o‘zining mo‘'jazgina “Bemor” hikoyasi orqali biz bilan o‘tkazgan badiiy muloqoti o‘zining ta'sir kuchini yuz yillar davomida saqlab qolishi badiiy til naqadar qudratli hodisa ekanining yaqqol isbotidir” (1-qism, 117-bet), degan fikr bilan cheklanadilar. Download 11.56 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling