Shuhrat Sirojiddinov. Alisherning yoshlik yillari: Oilasi, Bolaligi, Yigitlik davri
Download 36.81 Kb.
|
NAVOIY 1
BolaligiManbalar xronologiyasiga rioya qilinadigan bo’lsa, Alisherning bolalik davri haqidagi dastlabki ma’lumot Davlatshoh Samarqandiy qalamiga mansub. Biroq u juda qisqa bo’lib, bo’lajak shoirning Abulqosim Bobur saroyidagi turmushi va sulton bilan oralaridagi yaqin aloqalar ta’kididan iborat. Xondamir “Makorim ul-ahloq” asarida shoirning bolalik davrini muayyan darajada yoritgan. Keyinchalik Faxriy Hirotiy, Zahiriddin Bobur, Som mirzo Navoiyning Husayn Boyqaro bilan maktabdosh bo’lganligini aytib o’tganlarida so’zsiz uning asariga suyanganlar. Shuni hisobga olib, Davlatshoh va Xondamir Navoiy tarjimai holining umumiy qolipini yaratib bergan deb aytish mumkin. Qolganlar o’sha davrning o’zidayoq ozmi-ko’pmi aniqlik kiritib borganlar. Jumladan, Faxriy Navoiyning Abulqosim Bobur xizmatiga kirganda o’n yoshda bo’lganligini ta’kidlasa, Som mirzo Alisherning Abulqosim vafotidan so’ng Mashhadda qolib ilm orttirganligini tasdiqlagan. Qo’shimcha sifatida Navoiyning Pahlavon Muhammadga bag’ishlangan “Holot”ida ularning do’stligiga qirq yilga yaqin vaqt bo’lganligi aytib o’tilganini ko’rsatish mumkin. Agar asarning milodiy 1493 yili yozilganligini e’tiborga olsak, ularning do’stligi taxminan milodiy 1457 yildan, ya’ni Alisherning 16 – 17 yasharligidan boshlangani oydinlashadi. Davlatshoh Navoiyning yoshligidayoq zullisonayn ijodkor sifatida Abulqosim Boburga manzur bo’lganini qayd etgan. Uning ma’lumotiga Faxriyning “Alisher o’n yasharligida Abulqosim Bobur xizmatiga kirgan” tarzidagi ta’kidini qo’shsak, Navoiyning juda erta forsiy va turkiy tilda birdek ijod qilishga intilganligi ma’lum bo’ladi. Navoiyning Lutfiy bilan bo’lgan suhbatida keltirilgan “Orazin yopg’och ko’zumdin sochilur har lahza yosh, Bo’ylakim paydo bo’lur yulduz, nihon bo’lg’och quyosh” matla’li g’azali shoirning o’spirinlikda yozgan turkiy tildagi ijodi namunasi ekanligi Xondamirning “Makorim ul-axloq” asari tufayli ilmiy iste’molga kiritildi. Afsuski, biz hozirgi kunda uning bolaligida yozgan forsiy she’rlaridan namunalarga ega emasmiz. Albatta, uning she’riyatga mehr qo’yishi va ijodga kirib borishi masalasida, avvalo, Alisher Navoiyning o’ziga murojaat etish maqsadga muvofiq. Uning asarlaridan yoshlik davriga oid keltirilgan ma’lumotlarni topib izchil tartibda sanalashtirsak, bolalik yillari tasvirlaridan eng oldi sifatida kattalar huzurida Qosim Anvor g’azalini o’qib bergani va bu paytda 3-4 yoshlarda ekani ma’lum bo’ladi. Mazkur ma’lumotda shoir ushbu she’r birinchi yod olgan g’azali ekanligini e’tirof etgani yanada ahamiyatlidir. Keyingisi, Shohrux mirzo vafotidan so’ng Alisherlar oilasining Iroqqa (hozirgi Eron) ko’chishi va Taft qishlog’ida Sharafiddin Ali Yazdiy bilan uchrashuvi bilan bog’liq tafsilotlardir. Bu paytda Navoiy, o’z e’tiroficha, olti yoshda bo’lgan. Boshqa o’rinlarda bolaligiga taalluqli yosh sanalarini ko’rsatmagan. Download 36.81 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling