Smeta tuzish. Reja
II. Xarajatlar smetasi va shtatlar jadvalini tuzish, ko‘rib chiqish va tasdiqlash
Download 52.27 Kb.
|
Smeta tuzish.
II. Xarajatlar smetasi va shtatlar jadvalini tuzish, ko‘rib chiqish va tasdiqlash
1-§. Xarajatlar smetasini tuzish 12. Xarajatlar smetasi O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti xarajatlarining iqtisodiy tasnifiga muvofiq xarajatlar guruhlari bo‘yicha, 4 guruh xarajatlarining to‘liq yoyilmasini va hisob-kitoblarni o‘z ichiga olgan holdagi ilova bilan birgalikda, shuningdek mazkur Nizomning 1-ilovasiga muvofiq shakl bo‘yicha tuziladi. Ilova xarajatlar smetasining ajralmas qismi bo‘lib, smetasining prognoz hisob-kitoblarini asoslaydi va hisobot tuzish maqsadida foydalaniladi. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining xorijiy muassasalarini saqlash uchun ajratiladigan budjet mablag‘lari bo‘yicha umumiy xarajatlar smetasi so‘mda mazkur Nizomning 1-ilovasiga muvofiq shakl bo‘yicha tuziladi. (12-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi moliya vazirining 2013-yil 24-iyundagi 63-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 2157-1, 29.07.2013-y.) tahririda — O‘R QHT, 2013-y., 31-son, 416-modda) Bunda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining har bir xorijiy muassasalari bo‘yicha xarajatlar smetasi erkin almashtiriladigan valyuta va so‘mda xarajatlar guruhlari bo‘yicha, boshqa xarajatlarning to‘liq yoyilmasi va hisob-kitoblarni o‘z ichiga olgan holdagi ilova bilan birgalikda mazkur Nizomning 1a-ilovasiga muvofiq shakl bo‘yicha tuziladi. (12-band O‘zbekiston Respublikasi moliya vazirining 2013-yil 24-iyundagi 63-sonli buyrug‘iga (ro‘yxat raqami 2157-1, 29.07.2013-y.) asosan xatboshi bilan to‘ldirilgan — O‘R QHT, 2013-y., 31-son, 416-modda) 13. Xarajatlar smetasini tuzish bo‘yicha ishlarni tashkil etish davomida O‘zbekiston Respublikasi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi vazirliklari, idoralari, tegishli hokimiyatlarning boshqarma va bo‘limlari o‘zlariga bo‘ysunuvchi tashkilotlarga tegishli xalq deputatlari Kengashi sessiyasining budjetni tuzish tartibi va muddati to‘g‘risidagi qaroridan va moliya organining ushbu masala bo‘yicha ko‘rsatmalaridan kelib chiqib, kelgusi yil uchun smetalarni tuzish tartibi va muddatlari to‘g‘risida ko‘rsatmalar beradilar. Buning uchun O‘zbekiston Respublikasi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi vazirliklari va idoralari, tegishli hokimiyatlarning boshqarma va bo‘limlari o‘zlariga qarashli tashkilotlarning rahbarlari hamda tegishli xodimlari kengashini chaqiradilar va xarajatlar smetasini tuzish tartibi va muddatlari to‘g‘risida yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatadilar, ularga tashkilotlarning moliyaviy-xo‘jalik faoliyatiga va ularga xarajatlar smetasini tuzish masalalari bo‘yicha qonunchilik talablarini tushuntiradilar, budjet mablag‘lari bo‘yicha xarajatlar smetasi hisob-kitoblarini albatta qonunchilikka muvofiq kelishi, xarajat qilishda moliya intizomiga, iqtisod qilish tartibiga rioya qilish haqida ko‘rsatmalar beradilar, shuningdek, xarajatlar smetasini tuzish hamda blankalarni to‘ldirish texnikasi masalalari bo‘yicha yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatadilar. Bir vaqtning o‘zida o‘zlariga qarashli tashkilotlarga ijtimoiy rivojlanishning iqtisodiy ko‘rsatkichlari asosida (sinflar, o‘quvchilar, bolalar, shifoxonalarda joy-kunlar, bola-kunlar soni va boshqalar) kelgusi yil uchun ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarini yozma ravishda xabar qiladilar. 14. Xarajatlar smetasi bo‘yicha xarajatlarni hisoblab chiqish mablag‘larga bo‘lgan ehtiyojga muvofiq iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanish ko‘rsatkichlarini va iqtisod qilishning qat’iy tartibini amalga oshirishni hisobga olgan holda amalga oshirilishi shart. 15. Xarajatlarni hisoblab chiqishda quyidagilarga amal qilish kerak: O‘zbekiston Respublikasi qonunlari va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari va farmoyishlari, shuningdek Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, tegishli hokimiyatlarning ularga berilgan huquq va vakolatlar doirasida qabul qilingan qaror va farmoyishlariga; budjet tashkilotlarining belgilangan tartibda tasdiqlangan xarajatlar me’yorlariga; dori-darmonlarga ketadigan xarajatlar kuniga bir bemorga hisoblangan dori-darmonlar me’yoriga qarab belgilanadi; (15-bandning o‘n beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi moliya vazirining 2013-yil 24-iyundagi 63-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 2157-1, 29.07.2013-y.) tahririda — O‘R QHT, 2013-y., 31-son, 416-modda) ijtimoiy-madaniy tashkilotlarni ayrim guruhi uchun kiyim-kechak, poyabzal, choyshab, yotish anjomlari va boshqa yumshoq buyumlar sotib olishga ketadigan xarajatlar, moddiy ta’minotning me’yorlari asosida, lekin ajratilgan mablag‘lar doirasida hisoblanadi; suv, o‘rmon xo‘jaligi va boshqa tashkilotlarni saqlash xarajatlari ularning bajarayotgan ish me’yori va hajmidan kelib chiqqan holda aniqlanadi; inspeksiya va qo‘riqlash faoliyati bilan bog‘liq xizmatlar to‘lovi xarajatlari tashkilotlar va ushbu xizmatlarni yetkazib beruvchilar o‘rtasidagi shartnomaga muvofiq aniqlanadi; tashkilotlarning binolar, inshootlar va transport vositalaridan foydalanish, binolar va transport vositalari, shuningdek boshqa davlat mulklari ijarasi bilan bog‘liq xarajatlari belgilangan limitlar va natural ko‘rsatkichlardan kelib chiqib aniqlanadi; xizmat safarlari bilan bog‘liq xarajatlar tashkilotlarning oldiga qo‘yilgan vazifalaridan, shuningdek qonunchilikda belgilangan me’yorlardan kelib chiqqan holda aniqlanadi; epizootik kasalliklarga qarshi tadbirlar va qishloq xo‘jaligi zararkunandalariga (chigirtkalar, tut parvonasi va boshqalar) qarshi kurashish bilan bog‘liq xarajatlar prognoz ish hajmlari va kimyoviy preparatlarga bo‘lgan ehtiyojlar, shuningdek bajariladigan ish turlaridan kelib chiqqan holda aniqlanadi. Yuqorida ko‘rsatilgan xarajatlar, shuningdek Davlat budjeti xarajatlarining iqtisodiy tasnifi bo‘yicha boshqa xarajatlarni aniqlashda boshqa ko‘rsatkichlar va uslublar qo‘llanishi mumkin, ularning asoslanganligi xarajatlar smetasini ro‘yxatdan o‘tkazuvchi tegishli moliya organlari tomonidan tekshiriladi. 16. Yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan va tegishli davlat boshqaruv organlari (bosh bo‘linma sifatidagi budjet tashkiloti) huzuridagi markazlashtirilgan buxgalteriyalar va tegishli hokimiyatlarning buxgalteriyalari tomonidan xizmat ko‘rsatilayotgan tashkilotlar bo‘yicha quyidagi alohida hollarda jamlanma xarajatlar smetasi tuzilishi mumkin: bir turdagi kichik tashkilotlar bo‘yicha — veterinar uchastkalar va punktlar hamda boshqa tashkilotlar bo‘yicha; bir turdagi yirik tashkilotlar bo‘yicha, qachonki ularga xo‘jalik xizmatlarini ko‘rsatish xo‘jalik xizmatlarni ko‘rsatuvchi maxsus guruhlar orqali markazlashtirilgan holda amalga oshirilsa; fuqarolarni o‘zini o‘zi boshqarish organlari bo‘yicha; ozodlikdan mahrum etilgan joylardan qaytgan shaxslarga ijtimoiy moslashuv markazlari hamda voyaga etmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazlari bo‘yicha. 17. Markazlashtirilgan buxgalteriyalar tashkil etilgan tegishli davlat boshqaruv organlari (bosh tashkilotlar) rahbarlari va tegishli hudud hokimlari (ular vakolat bergan mansabdor shaxslar) jamlanma xarajatlar smetasi bo‘yicha budjetdan ajratilgan mablag‘larni taqsim qiluvchilar bo‘lib hisoblanadilar. 18. Jamlanma xarajatlar smetasi, xizmat ko‘rsatiladigan tashkilotlarning rahbarlaridan olingan buyurtmalar asosida hamda markazlashtirilgan buxgalteriyada mavjud bo‘lgan hisob va hisobot, shuningdek, iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanish ko‘rsatkichlariga muvofiq markazlashtirilgan buxgalteriya tomonidan tuziladi. Jamlanma xarajatlar smetasini tuzish uchun buyurtmalar hokimiyatlarning tegishli boshqarma va bo‘limlari tomonidan belgilangan shakllar yoki ko‘rsatkichlar ro‘yxati bo‘yicha xarajatlarning guruhlari bo‘yicha va ilovalarni hamda smetalarga qilingan hisob-kitoblarni ilova qilgan holda tashkilotlar tomonidan taqdim qilinadi. Buyurtmalarda quyidagi ma’lumotlar ko‘rsatiladi: isitish, yoritish, suv ta’minoti xarajatlarini hisoblash uchun zarur natural ko‘rsatkichlar; sotib olish uchun mo‘ljallangan asbob-uskunalar va jihozlar ro‘yxati; kapital va joriy ta’mirlash bo‘yicha asosiy ishlar ro‘yxati; o‘rmon xo‘jaligi tashkilotlarining bajaradigan ishlari hajmi; qonunchilikka muvofiq belgilangan kadastr yuritish bo‘yicha ishlar hajmi va boshqa ko‘rsatkichlar hisobi; bino va inshootlarni kapital ta’mirlash bo‘yicha manzilli ro‘yxatga kiritish uchun hisob-kitoblarning asoslanganligi; budjetdan mablag‘lar ajratishni asoslash uchun boshqa kerakli hisob-kitoblar. Tashkilotlar tomonidan berilgan buyurtmalar markazlashtirilgan buxgalteriyalar tomonidan tegishli tashkilotlarning vakillari ishtirokida oldindan ko‘rib chiqiladi hamda jamlanma xarajatlar smetasini tuzishda hisobga olinadi. 19. Markazlashtirilgan buxgalteriya tomonidan tuzilgan jamlanma xarajatlar smetasining loyihalari tegishli tashkilotlar rahbarlari ishtirokida ko‘rib chiqiladi va tasdiqlanadi. 20. Tashkilotlarning xarajatlar smetasi uch nusxada tuzilib, tashkilotning rahbari yoki uning o‘rinbosari (birinchi imzo huquqiga ega shaxs), tashkilot bosh hisobchisi yoki uning o‘rinbosari (ikkinchi imzo huquqiga ega shaxs), shuningdek moliya-iqtisod bo‘limi boshlig‘i (shtatlar jadvaliga muvofiq moliya-iqtisod masalalari bo‘yicha mutaxassis) tomonidan imzolanadi hamda belgilangan tartibda moliya organida ro‘yxatdan o‘tkazilganidan so‘ng: birinchi nusxasi — tashkilotda qoladi; ikkinchi nusxasi — tegishli moliya organiga taqdim qilinadi; uchinchi nusxasi — yuqori tashkilotga taqdim qilinadi (zarur hollarda). 21. Tegishli moliya organlari xarajatlar smetasini chuqurroq o‘rganish maqsadida tashkilotlarning xarajatlar smetasini tuzish va ijro etishning istalgan bosqichida ularning qo‘shimcha hisob-kitoblarini talab qilishga haqli. Markazlashtirilgan buxgalteriyalar tomonidan xizmat ko‘rsatiladigan tashkilotlarning xarajatlar smetasi tashkilotlar bilan markazlashtirilgan buxgalteriyalar bosh (katta) hisobchilari yoki iqtisodchilari ishtirokida tuziladi. 22. O‘zbekiston Respublikasi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi vazirliklari, idoralari va hokimiyatlar boshqarmalari va bo‘limlari markazlashtirilgan holda amalga oshiriladigan xarajatlar bo‘yicha ularning o‘zini saqlash uchun xarajatlar smetasidan tashqari tashkilotning markazlashtirilgan tadbirlari uchun xarajatlar smetasini tuzadilar. Bunda, O‘zbekiston Respublikasi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi vazirliklari, idoralari va hokimiyatlar boshqarmalari va bo‘limlari tomonidan markazlashtirilgan holda bir necha tadbirlar (tizimdagi barcha tashkilotlar bo‘yicha qo‘riqlash xizmatini to‘lash, xizmat kiyimini sotib olish, yagona axborot-kompyuter tizimiga xizmat ko‘rsatish, seminarlar o‘tkazish va boshqalar) bo‘yicha xarajatlar amalga oshirilayotganda, xarajatlar smetasiga har bir to‘lanadigan markazlashtirilgan tadbirlar bo‘yicha hisob-kitoblar ilova qilinadi. 23. Kelgusi yilga ochilishi kerak bo‘lgan tashkilotlarni tashkil etish, saqlash bo‘yicha xarajatlar smetasi tegishli vazirliklar, idoralar hamda tegishli hokimiyatlarning boshqarmalari, bo‘limlari tomonidan har bir tashkilotga alohida, mehnatga haq to‘lash shartlari va faoliyat ko‘rsatayotgan shunga o‘xshash tashkilotlarda mavjud bo‘lgan xarajatlarining o‘rtacha me’yorlaridan kelib chiqqan holda tuziladi. Bunda, yangi tashkilotlarni saqlash xarajatlari ushbu tashkilotlar faoliyatining boshlanishi mo‘ljallanayotgan muddatlardan kelib chiqqan holda hisoblanadi. 231. Davlat ilmiy-texnik dasturlarini bajarishga ajratiladigan budjet mablag‘lari bo‘yicha xarajatlar smetasi ijrochi-tashkilotlar bo‘yicha barcha ilmiy-texnik loyihalarning umumiy summasini smetada O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiy xarajatlar tasnifining bir satrida aks ettirgan holda tuziladi. Bunda xarajatlar smetalariga ilmiy-tadqiqot ishlanmalarini bajarish uchun mehnatga haq to‘lash, unga tenglashtirilgan to‘lovlar, ish beruvchilarning ajratmalari va boshqa xarajatlarni o‘z ichiga olgan loyiha bo‘yicha barcha xarajatlarni o‘zida aks ettirgan xarajatlar kalkulyatsiyasi ilova qilinadi. Download 52.27 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling