Sogʻlom turmush haqida maqola


Oʻzbekistonda bu borada ahvol qanday?


Download 21.82 Kb.
bet2/2
Sana24.01.2023
Hajmi21.82 Kb.
#1114108
1   2
Bog'liq
SOGʻLOM TURMUSH HAQIDA MAQOLA

Oʻzbekistonda bu borada ahvol qanday?

— Yurtimizda yuqumsiz kasalliklar har yili barcha oʻlim holatlarining 78 foizining sababchisi boʻlmoqda. 2017-yilda jinsi va yoshi boʻyicha standartlashtirilgan oʻlim sabablari strukturasida birinchi oʻrinni qon aylanish tizimi kasalliklari, jumladan, yurak ishemik kasalligi, arterial gipertoniya va uning asoratlari (miokard infarkti, insult va hokazo) egalladi (69 foiz). Ulardan keyin xavfli oʻsmalar (8 foiz), qandli diabet (3 foiz) va nafas olish aʼzolari kasalliklari (3 foiz) joy oldi.
2014-2015-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti bilan birgalikda 18-64 yoshdagi aholi orasida oʻtkazgan oʻrganishlari salbiy natijalarni koʻrsatdi. Jumladan, aholining uchdan ikki qismi (67 foiz) sabzavot va mevalarni yetarlicha isteʼmol qilmaydi (har kuni 400 grammdan kam), yarmi ortiqcha vaznga ega (tana vazni indeksi ≥25 kg/m2). Katta yoshdagi yurtdoshlarimizning har beshinchisida semizlik aniqlangan (tana vazni indeksi ≥ 30 kg/m2). Aholining 46 foizida qondagi xolesterinning ortgan darajasi qayd qilingan. Erkaklarning 42 foizi va ayollarning 1,5 foizi tamaki isteʼmol qiladi. Aholining deyarli uchdan bir qismida yuqori arterial bosim (≥ 140/90 mm Hg) qayd etilgan. 40-64 yoshdagi insonlarning beshdan bir qismida oʻn yillik yurak-tomir tizimi kasalliklarining rivojlanish xavf darajasi 30 foizdan ortiq. Odamlar orasida bir kunda isteʼmol qilinayotgan tuz miqdori oʻrtacha 14,9 grammni tashkil qiladi, bu esa tavsiya etilgan koʻrsatkichdan (kuniga 5 grammdan kam) 3 baravar koʻp.
Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining baholashiga koʻra, 2016-yilda yuqumsiz kasalliklar yetkazgan iqtisodiy zarar taxminan 9,3 trillion soʻmni tashkil etgan, bu mamlakat yalpi ichki mahsulotining 4,7 foiziga teng.
Davlatimiz rahbarining 2018-yil 18-dekabrdagi “Yuqumli boʻlmagan kasalliklarning profilaktikasini, sogʻlom turmush tarzini qoʻllab-quvvatlash va aholining jismoniy faolligi darajasini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori tizimda qaysi oʻzgarishlarga asos boʻldi va siz rahbarlik qilayotgan markaz tomonidan uning ijrosi doirasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
Darhaqiqat, mazkur hujjat qabul qilingunga qadar profilaktika chora-tadbirlarini samarali muvofiqlashtirish tizimi mavjud emasligi natijasida fuqarolarning jismoniy faolligi darajasini qoʻllab-quvvatlash va sogʻlom turmush tarzini yuritishda kelishilgan choralar koʻrish imkoni mavjud emasdi. Aholining tibbiy va sanitar-gigiyenik madaniyati darajasi pastligicha qolayotgani bois asosiy eʼtibor profilaktikaga emas, kasalliklar bilan kurashishga qaratilardi.
Prezidentimiz qarori yuqumli boʻlmagan kasalliklar profilaktikasi, aholining sogʻlom turmush tarzini shakllantirish, jismoniy faolligini oshirishni tashkil qilish va boshqarish mexanizmlarini takomillashtirishga asos boʻlmoqda. Ushbu hujjat ijrosi doirasida markazimiz tomonidan muayyan ishlar olib borilyapti. Jumladan, sogʻlom turmush tarzini shakllantirish, yuqumli boʻlmagan kasalliklar va ularning xavf omillariga qarshi kurashish hamda oldini olish boʻyicha maqsadli dastur ishlab chiqildi. Davlat va jamoat tashkilotlari bilan birgalikda sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish, zararli odatlarga qarshi kurashish, aholining tibbiy madaniyatini rivojlantirish, jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va ommaviy sport harakatini tibbiyot profilaktikasi bilan integratsiyalashtirish boʻyicha ommaviy tadbirlar oʻtkazyapmiz.
Xalqaro hamkorlikning samarali yoʻlga qoʻyilgani ishimizni yengillashtirmoqda. Jumladan, Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining arterial gipertoniya, qandli diabet, bronxial astma va oʻpkaning surunkali obstruktiv kasalligi hamda boshqa yuqumli boʻlmagan kasalliklar boʻyicha klinik protokollar, standartlar hamda tavsiyalar talablari birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari amaliyotiga tatbiq qilindi. 40 yosh va undan katta aholi oʻzlari istiqomat qilayotgan birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarining umumiy amaliyot shifokorlari va patronaj hamshiralari tomonidan reja asosida ommaviy skrining tadbirlari bilan qamrab olinmoqda. Oʻtgan davrda 1,3 milliondan ziyod insonlar yuqumli boʻlmagan kasalliklar xavf omillarini aniqlash boʻyicha skrining tekshiruvlaridan oʻtkazilgan boʻlib, turli darajadagi yurak-qon tomir kasalliklari xavf omillari aniqlangan, shuningdek, birinchi marta yuqumli boʻlmagan kasalliklarga chalingan bemorlar qatʼiy nazoratga olindi.
Yurtimizda haftaning har shanba kuni “Salomatlik kuni” deb eʼlon qilinib, tibbiyot xodimlari ishtirokida ommaviy sport tadbirlari tizimli ravishda oʻtkazilyapti. Notibbiyot kasb-hunar kollejlarida “Sogʻlom turmush tarzi va oila” fani dars jadvaliga kiritildi. Tibbiyot oliy taʼlim muassasalarida yangi yoʻnalish — nutritsiolog mutaxassisligini tayyorlash yoʻlga qoʻyildi. Jamoat joylari, supermarketlar, bozorlar, xiyobonlar va mahallalarda “Sogʻlom ovqatlanish yarmarkasi”, “Salomatlik maydonchasi” tadbirlari, “Sogʻlom hayotga qadam tashla!”, “Biz tamakisiz hudud uchun ovoz beramiz!” aksiyalari va taʼlim muassasalarida “Salomatlik darslari” orqali aholiga sogʻlom turmush tarzi tamoyillari keng targʻib qilinyapti.
Aytish kerakki, ushbu qaror asosida nafaqat bizning markazga, balki barcha davlat organlari va tashkilotlariga ham talaygina vazifalar yuklatilgan. Xususan, har bir muassasa xodimlar uchun ish kuni davomida gimnastika mashqlari, haftasiga kamida bir marotaba yugurish, suzish, futbol, voleybol, basketbol, tennis va boshqa tadbirlarni oʻz ichiga olgan “Salomatlik kuni” joriy etishi shart. Xodimlarning muntazam ravishda ommaviylashgan sport turlari boʻyicha musobaqalar va boshqa jismoniy tarbiya-ommaviy tadbirlarida qatnashishlarini ragʻbatlantirishi lozim.
Mutaxassis sifatida sogʻlom turmush tarzining organizmimizga foydalari haqida nima deya olasiz?
— Bu haqda uzoq gapirish mumkin. Keling, sizga ilmiy xulosalarni aytay. Rus olimi I. Pavlov jismoniy harakatning inson salomatligiga taʼsirini organizm tashqi muhit bilan chambarchas bogʻlanganligini anglatuvchi koʻrinish, deb taʼriflaydi. Bunday bogʻlanish va biologik aʼzolar faoliyatini markaziy asab tizimi boshqarib turadi. Jismoniy mashgʻulot u yoki bu muskullar guruhiga taʼsir qilmay, bir butun mexanizm hisoblangan organizmga oʻz taʼsirini koʻrsatadi. Ayniqsa, doimiy uzluksiz ravishda bajariladigan jismoniy harakat kishi sogʻligʻiga yaxshi taʼsir etadi. Xususan, modda almashinuvi yaxshilanadi, organizm toʻqimalari oziq moddalarni yaxshi oʻzlashtiradi, parchalangan moddalar esa organizmdan tezroq chiqarib tashlanadi. Yurak chiniqadi va yana-da chidamli boʻladi. Shu sababli faol jismoniy harakat qiluvchi kishilar doim tetik, ruhan yengil, kuvvatga toʻlgan, kayfiyati yuqori, dili ravshan boʻladi.
Bundan tashqari, bizning issiq iqlim sharoitimizda anʼanaviy usullar bilan birga noanʼanaviy usullar orqali ham organizmni chiniqtirish mumkin. Masalan, har xil oyoq vannalari qabul qilish, tuzli hamda toshli yoʻlakchalarda yurish, shuningdek, uyqudan oldin va keyin ochiq havoda sayr qilish organizmning immun tizimini kuchaytiradi. Agar har kuni kamida 25-30 daqiqa yugurib, turli mashqlarni bajarsak, oʻzimizdagi ijobiy oʻzgarishlarni tezda payqaymiz. Jumladan, yurak-qon-tomir funksiyasi faollashgani, nafas olishimiz yaxshilangani, suyaklarimiz mustahkamlanib, muskullarimiz yana-da kuchli boʻlgani yaqqol seziladi. Shuningdek, boʻgʻinlarimiz harakatchanligi ortib, ovqatning yaxshi hazm boʻlayotgani, asab tizimimiz xotirjamligi bizni xursand qiladi.
Aytish joizki, kun tartibiga amal qilish sogʻlom turmush tarzi asosidir. Kun tartibi insonning dunyoga kelgan kunidan boshlab amalda boʻluvchi doimiy jarayon sanalib, shaxsning turli mazmundagi faoliyatlarni — mehnat qilish, dam olish, ovqatlanish, sport bilan shugʻullanish va hokazolarni muayyan vaqtda, tartib bilan, ketma-ket bajarishidir. Tabiiyki, kun tartibi hamma uchun bir xil boʻla olmaydi va u shaxsning yoshi, sogʻligʻi, ish qobilyati va maishiy turmush sharoitiga muvofiq tuziladi. Uning umumiy talablariga amaliy mehnat bilan jismoniy mehnatning toʻgʻri taqsimlanishi, oʻz vaqtida dam olish, har kuni muayyan vaqt va meʼyorda ovqatlanish, maʼlum vaqtda uyquga yotish va barvaqt uygʻonishga odatlanish, ochiq havoda sayr etish kabilar kiradi. Insonning sogʻlom yoki nosogʻlom turmush tarzi ham kun tartibining toʻgʻri yoki notoʻgʻri uyushtirilganiga bogʻliq. Toʻgʻri tuzilgan kun tartibi organizmning har tomonlama toʻgʻri rivojlanishi, irodaning mustahkamlanishi, mehnat unumdorligi yuqori boʻlib, ishlash qobiliyatining uzoq vaqt yaxshi saqlanishi, kasallanishining oldini olishda muhim oʻrin tutadi.
Sogʻlom turmush tarzi omillaridan yana biri — ozodalikdir. Unga rioya qiladigan odam salomat boʻladi. Ozodalik terini toza tutishning birinchi qoidasidir. Zero, teri organizmni tashqi zararli taʼsirlardan: sovuq qotish, qizib ketish, namlik, mexanik va kimyoviy shikastlanishlardan himoya qiladi, modda almashinuvida faol ishtirok etadi. Shu bois har bir kishi, avvalo, oʻz badanini ozoda tutishga eʼtibor berishi zarur.
Koʻpchiligimiz toʻgʻri ovqatlanish qoidalariga ham amal qilmaymiz.
— Rost aytasiz. Sogʻligimizdagi koʻplab muammolar shu tufayli yuz beradi. Aslida, ovqatlanish, ayniqsa, oʻz vaqtida va meʼyorida, zarur boʻlganda esa parhezbop taomlar isteʼmol qilish muhim ahamiyatga ega.
Organizm meʼyorida faoliyat koʻrsatishi uchun 600 dan ortiq ozuqalar kerak. Bunga faqat ratsional ovqatlanish orqaligina erishish mumkin. Lekin koʻpchilik “ratsional ovqatlanish” deganda, mazali, toʻyimli, yuqori kaloriyali taomlarni isteʼmol qilishni tushunadi. Biroq isteʼmol qilinadigan taomlar organizm tiklanishini taʼminlasa, yoʻqotilgan energiyaga boʻlgan talabni qondirsa, tarkibida zarur darajada oqsillar, yogʻlar, uglevodlar, vitaminlar, mikro-makroelementlar, oʻsimlik tolalari saqlasa hamda oziq-ovqatlar va ularning tarkibi, miqdori oshqozon-ichak tizimi fermentlari faolligi bilan mos kelsa, buni ratsional ovqatlanish sifatida qabul qilish mumkin.
Odamning kunlik quvvat sarfini aniqlash uchun asosiy almashinuv, ovqatning spetsifik dinamik taʼsiri va har xil faoliyat turlari qoʻshib chiqiladi. Fiziologiya nuqtayi nazaridan barcha sarflanadigan quvvatning 40 foizi asosiy jismoniy faollik hissasiga toʻgʻri kelishi kerak. Kunlik quvvat sarfi aniqlangandan keyin qabul qilinayotgan va sarflanayotgan energiya mikdoriga qarab ovqat ratsionini tuzish mumkin.
Ovqatni kunning qaysi qismida isteʼmol qilish ham muhim omildir. Taomlanishda vaqtni hisobga olish shartli reflekslar hosil boʻlishiga olib keladi va oʻz navbatida, organizmni ovqat qabul qilishga tayyorlaydi. Ovqatlanish orasidagi vaqt kun tartibining qandayligidan qatʼi nazar maʼlum tanaffuslardan iborat boʻlishi kerak, jumladan, nonushta va tushlik, tushlik hamda kechki ovqat oraligʻidagi vaqt 5-6 soatni, uyqudan oldingi ovqatlanish 1,5-2 soatni tashkil qilishi lozim.Kuniga toʻrt mahal ovqatlanish tavsiya qilinadi.
Har bir ovqatlanishda yegulikning tarkibiy qismiga eʼtibor berish lozim. Chunki oqsilga boy ovqat asab tizimi qoʻzgʻaluvchanligini oshiradi. Shuning uchun uni kunning birinchi yarmida — organizm faollik koʻrsatuvchi qismida isteʼmol qilgan maʼqul. Uyqudan oldin asab tizimini qoʻzgʻatish yaramaydi, bu chuqur uyqu holatini yuzaga keltirishi mumkin. Kechki ovqatning koʻp isteʼmol qilinishi yogʻlar oksidlanishi toʻliq boʻlmasligiga olib keladi va semirishga moyillikni keltirib chiqaradi. Kechki ovqat kam miqdorda, yengil, sabzavotlar va sut mahsulotlaridan iborat boʻlishi zarur.
Suhbatimiz intihosida barchadan sogʻlom turmush tarziga qatʼiy amal qilishni soʻrayman. Zero, sogʻlom inson uzoq va baxtli hayot kechiradi.
Dilshod KARIMOV
(“Xalq soʻzi”) suhbatlashdi.
Download 21.82 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling