Soibjon begmatov bastakorlar


Download 1.8 Mb.
Pdf ko'rish
bet1/10
Sana27.11.2020
Hajmi1.8 Mb.
#153710
  1   2   3   4   5   6   7   8   9   10
Bog'liq
bastakorlar ijodi


O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI 
OLIY VA O‘RTA MAХSUS TA’LIM VAZIRLIGI
O‘RTA MAХSUS, KASB-HUNAR TA’LIMI MARKAZI
SOIBJON BEGMATOV
BASTAKORLAR 
IJODI
Kasb-hunar kollejlari uchun o‘quv qo‘llanma
TOSHKENT – «NISO POLIGRAF» – 2017

UO‘K 85.313
KBK  85.313ya721
        B 45
Taqrizchilar:
Rahimova Shahnoza Ergashevna – Namangan san’at kolleji 
«Musiqa nazariyasi» kafedrasi mudiri;
Sodiqova Muhabbat Soliyevna – Namangan san’at kolleji 
 
«Musiqa nazariyasi», kafedrasi bosh o‘qituvchisi;
Ahmedova Nilufar Adhamjon qizi – O‘zbekiston davlat konservatoriyasi 
qoshidagi iqtidorli bolalar akademik litseyi o‘qituvchisi;
Zokirov Aziz Rayimjonovich – O‘zbekiston davlat konservatoriyasi 
«Musiqiy sharqshunoslik» kafedrasi katta o‘qituvchisi.
Mas’ul muharrir:
Abdullayev Rustambek Samigovich – san’atshunoslik fanlari doktori, 
professor.
O‘quv qo‘llanma Oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi yo‘nalishlari, 
musiqa san’ati sohasidagi akademik litsey va kasb-hunar kollejlari talabalari 
uchun mo‘ljallangan bo‘lib, «Bastakorlik ijodi» fan dasturi asosida yaratilgan. 
Unda o‘zbek bastakorlik ijodiyotining shakllanish jarayoni, tarixiy manbalar 
va namoyandalar, bastakorlik amaliyotining tarixiy shakllanishi va rivojlanishi, 
ilmiy  o‘rganilishi,  yaratilgan  manbalar,  musiqa  ijodiyotida  samarali  faoliyat 
olib borgan bastakorlarning hayoti, faoliyati va ijodi yoritilgan.
Oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi ilmiy-metodik 
birlashmalari faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Kengash tomonidan 
nashrga tavsiya etilgan.
ISBN 978-9943-4870-8-6
© 
S. Begmatov
, 2017
© «NISO POLIGRAF», 2017

3
KIRISH
O‘zbek  xalq  mumtoz  musiqa  ijodiyoti  xalqimiz  ma’naviy 
merosining  negizlaridan  hisoblanadi.  Moddiy-ma’naviy  boyliklar 
asosida  yuzaga  kelgan  ulkan  merosning  zaminida  xalqimizning 
milliy  an’analari,  qadriyatlari  mujassam  topgan.  Ma’naviy  merosni 
o‘rganish,  zamonga  mos  rivojlantirish  har  bir  davr  taraqqiyotining 
asosiy  omillaridandir.  O‘zbekiston  Respublikasining  «Ta’lim 
to‘g‘risida»gi  Qonuni  va  Kadrlar  tayyorlash  milliy  dasturida 
belgilangan  asosiy  masalalardan  biri  ham  kelajak  avlodning 
kamolotida, ta’lim-tarbiya berishning maqsadi yosh avlodni istiqlol 
mafkurasi asosida sog‘lom, har tomonlama rivojlangan shaxs sifatida 
tarbiyalash va musiqa ta’limiga tayyorlashdan iborat ekanligi e’tirof 
etilgan. 
Xalqimizning milliy-ma’naviy merosini musiqa san’atisiz tasavvur 
etib  bo‘lmaydi.  Azal-azaldan  ajdodlarimiz  tomonidan  yaratilib, 
qadriyatlar  sifatida  shakllanib  kelinayotgan  milliy  urf-odatlarimiz, 
an’anaviy  tarzda  avlodlardan  avlodlarga  o‘tib,  xalqimizning  buyuk 
ma’naviy dunyosini namoyon etib kelmoqda. Xalq musiqa ijodiyoti, 
musiqa  sohasidagi  yozma  manbalar,  bastakorlik  san’ati,  kasbiy 
musiqa  ijodiyoti  bunga  yorqin  misoldir.  Chunonchi,  bu  jarayon 
musiqa  san’atining  barcha  kasbiylik  ahamiyatiga  ega  bo‘lgan 
tarmoqlari uchun asos bo‘lib xizmat qilib kelmoqda.  
Mustaqillik  sharofati  bilan  barcha  sohalar  kabi  milliy  musiqa 
san’ati  ham  nazariy  hamda  amaliy  jihatdan  keng  o‘rganilib,  har 
tomonlama  ravnaq  topib  kelayotganligi  sir  emas.  Buning  asosiy 
sabablaridan  biri  respublikamizda  xalqimiz  o‘tmishini  o‘rganishga, 
buyuk  allomalar  yaratgan  ilmiy  merosni  idrok  etishga,  sohaning 
amaliyotini o‘zlashtirish bilan birga nazariy mezonlaridan bilim olishga 

4
katta e’tibor qaratilayotganligidir. Asosiy maqsad ham yoshlarimizni 
komil  inson  sifatida  tarbiyalash,  hech  kimdan  kam  bo‘lmagan 
barkamol  avlodni  tarbiyalashdan  iboratdir.  Zero,  «Vatanimizning 
kelajagi,  xalqimizning  ertangi  kuni,  mamlakatimizning  jahon 
hamjamiyatidagi  obro‘-e’tibori  avvalambor  farzandlarimizning 
unib-o‘sib,  ulg‘ayib,  qanday  inson  bo‘lib  hayotga  kirib  borishiga 
bog‘liq»
1
.
Darhaqiqat,  san’at  millatning  ma’naviy  boyligi,  hayotining 
ko‘zgusidir.  San’atlar  ichida  musiqa  xalqqa  tez  yetib  boradigan, 
keng  ommalashgan  turi  hisoblanadi.  Musiqa  san’ati  o‘zining 
qadimiyligi, janrlarga boyligi, mazmun-mohiyatan keng qamrovliligi, 
ommabopligi  bilan  jamiyat  turmush  hayotining  ajralmas  qismiga 
aylanib ulgurgan. 
Musiqa  san’atining  muhim  tarmog‘i  musiqa  ijodiyoti  va 
ijrochiligidir.  Musiqiy  namunalar  yaratilish  va  ijro  etish  kabi 
mezonlarni o‘z ichiga oladi. Ularni tugal asar shakliga keltiradigan, 
ohang  va  sadolar  orqali  insonga  ruhiy  ozuqa  beradigan  kuy  va 
qo‘shiqlarning  yaratilishi  bastakorlik  ijodiyoti  bilan  bog‘liqdir. 
Bu,  albatta,  musiqa  san’atining  eng  muhim  tarmog‘i  hisoblanadi. 
Demak,  musiqa  yaratuvchilari,  ya’ni  bastakorlarning  ijodiyoti 
xalq  ma’naviyati,  madaniyati,  tarixi,  an’ana  va  qadriyatlari  haqida 
ma’lumot beruvchi axborot manbayi vazifasini ham o‘taydi.
Bastakorlik san’ati juda keng tushunchadir. Oddiy qilib aytganda, 
xalq  musiqasi  ham  xalq  tomonidan  ommaviy  tarzda  yaratiladi  va 
ijro  etilib  kelinadi.  Demak,  bu  ham  bastakorlik  san’atining  bir 
ko‘rinishidir.  Faqat  ular  xalqimizning  hayoti,  voqelik,  marosim  va 
udumlariga  bog‘liqligi  bilan  ajralib  turadi.  Ana  shu  jarayonning 
ravnaqi,  ya’ni  milliylikning  rivoji,  xalqimizning  tafakkuri, 
ma’naviyati, ma’rifiy kamoli, jamiyat rivoji va buyukligini musiqiy 
ohanglarda muayyan shakllarga solib tasvirlab berish – bastakorlik 
1
 I. Karimov. Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch. – Т.: «Ma’naviyat», 
2008. 

5
amallari desak to‘g‘ri bo‘ladi. Zotan, bu amal muayyan shaxs, ya’ni 
musiqa bilimdoni tomonidan amalga oshiriladi. Eng muhimi shundan 
iboratki,  bastakorlik  ijodiyotining  mahsuli,  xalqning  ma’naviy 
dunyosini  zamonasiga  mutanosib  holda  aks  ettirib,  yana  xalqqa 
taqdim  etishdan  iboratdir.  Unda  zamon  nafasi,  milliy  an’analar, 
xalqning  dunyoqarashi,  ruhiyati,  falsafasi,  e’tiqodi,  estetikasi  kabi 
jihatlar mukammal uyg‘unligini topishi lozim.   
Musiqashunoslik ilmida bastakorlik ijodiyotini o‘rganish va tahlil 
etishga alohida e’tibor berib kelinganligini qayd etish lozim. Ushbu 
ilm-fan  yo‘nalishida,  folklor  va  og‘zaki  professional  musiqaning 
o‘ziga  xosliklari,  yaratuvchi  namoyandalari  haqida  so‘z  yuritilgan 
ilmiy  risolalar,  monografiya  va  ilmiy  maqolalar  orqali  bastakorlik 
ijodiyoti  yoritilib  kelinadi.  Bastakorlik  ijodining  nazariy  va  amaliy 
ildizlari  haqida  ko‘plab  olimlarning  ilmiy  izlanishlari,  ushbu  soha 
tushunchasi hamda qarashlarni kengaytirishga qaratilgan. Shulardan 
Al-Kindiy,  Al-Forobiy,  Ibn  Sino,  Abdurahmon  Jomiy,  Darvesh 
Ali  Changiy  kabi  allomalar  hamda  zamonamizning  musiqashunos 
olimlari  I.  Rajabov,  F.  Karomatli,  T.  Vizgo,  M.  Ahmedov, 
K.  Olimboyeva,  A.  Jabborov,  T.  G‘ofurbekov,  O.  Matyoqubov, 
R.  Abdullayev, R.  Yunusov, A.  Nazarov kabilarning ilmiy-tadqiqot 
ishlarini keltirish lozimdir. 
Hozirgi  davrga  kelib,  o‘zbek  an’anaviy  musiqa  ijrochiligi  har 
tomonlama  mukammal,  teran  mazmunli,  an’ana  va  zamonga  mos 
sayqal  topayotganiga  guvoh  bo‘lamiz.  Bu,  albatta,  mustaqillik 
davrida milliy musiqa ijodiyoti va ijrochiligiga bo‘lgan e’tiborning 
yuksakligidir. An’anani  saqlab,  davom  ettirish  uchun  davr  yoshlari 
mohir  ijrochi  bo‘lishlari  barobarida,  kelgusida  shu  sohaning 
yetuk  mutaxassisi,  kamolotga  yetaklovchi  o‘qituvchisi,  ya’ni  har 
tomonlama bilimdon ustoz sifatida kamolga yetishishlari lozim.
Ma’lumki, XX asr musiqa ijodiyoti yangi oqimlar bilan boyidi. 
O‘zbekiston  musiqa  madaniyati  tarkibida  Yevropadan  ko‘p  ovozli 
kompozitorlik  ijodi  va  ijrochiligi  kirib  keldi,  musiqa  ta’limida  va 

6
ijodda  ustuvor  yo‘nalish  sifatida  unga  katta  e’tibor  qaratildi.  Uzoq 
o‘tmishli,  muayyan  shakl  tarkibiga  ega  bo‘lgan  va  ajdodlardan 
avlodlarga o‘tib kelayotgan an’anaviy bastakorlik ijodiyoti nazardan 
chetda  qoldi.  Shunday  bo‘lsa-da,  bastakorlik  ijodiyoti  o‘ziga  xos 
tarzda  davom  ettirilganligi  hamda  zamonga  mos  yaratilgan  asarlar 
o‘zining  shakl-u  shamoyilini  asragan  holda,  ammo  uslub  jihatidan 
davrga  moslashganligini  kuzatish  mumkin.  Bastakorlarning  yangi 
avlodi, o‘tmish ijodkorlar an’analarini davom ettirgan holda o‘ziga 
xos  uslublarni  yaratdilar.  Ijod  etilgan  asarlar  ham  xalqonaligi, 
an’anaviyligi  va  zamonaviyligi  bilan  ijro  amaliyotida  ommalashib, 
rivojlandi.  Ijodiyotda  janrlik  xususiyat  kengaydi.  Qolaversa, 
bastakorlik  ijodiyoti  an’anasi  zamonaviy  musiqa  ijodiyoti  bilan 
boyiganligini  e’tirof  etish  mumkin.  O‘zbek  kompozitorlik 
ijodiyotining  negizida  ham  bastakorlik  an’analari,  tafakkuri  va 
musiqa merosiga bo‘lgan munosabatlari o‘z aksini topganligi bunga 
sababdir.
Oxirgi  chorak  asr  xalq  musiqa  ijodiyotida  o‘ziga  xos  davr 
bo‘ldi.  Bastakorlik  ijodiyotida  ushbu  davrni  qayta  tiklanish 
sinovi  desa  bo‘ladi.  Chunki  bastakorlikda  turli  uslublarning 
jonlanishi  va  ularning  ichida  an’anaga  xos  uslubning  afzalligi 
isbotini  topayotgandek.  Bular,  asosan,  kuylarni  qayta  ishlash, 
nag‘ma  pardozlikka  (aranjirovka),  taqlid  va  ko‘chirmachilikka 
e’tibor  kuchaygan  jabhaga  taalluqlidir.  Mumtoz  musiqaga  bo‘lgan 
e’tiborning  tiklanishi  va  qayta  inobatga  olinishi,  ommaviy  musiqa 
madaniyatining  kirib  kelishi  va  taqlidchilikning  kuchayishi,  ularga 
ergashish va badihago‘ylikka berilib ketishlik o‘z natijasini ko‘rsatdi. 
Oqibatda,  o‘zbek  bastakorligining  azaliy  an’analari,  ustoz-shogird 
saboqlarining  asosliligi,  tarix  davomida  shakllangan  bastakorlik 
ijodiyoti hamda ta’limi amaliyotda o‘z ijobatini topdi. 
Mustaqillik  davrida  esa,  ana  shu  barcha  tarixiy  jarayon, 
ijrochilik amaliyotining bosqichlari, bastakorlik ijodiyotining uslub, 
yo‘nalish va namoyandalar faoliyatini teran o‘rganish imkoniyatlari 

7
yaratilmoqda.  Bu  imkoniyatlar  ta’lim  jarayoniga  joriy  etilgan, 
yoshlarning bu boradagi ma’naviy dunyosini rivojlantiradi. Kelajakda 
milliy  musiqa  merosimizning  rivoji,  bastakorlik  ijodiyotining 
kamoloti xalqimizning qadriyatlariga xos, an’analariga mos, zamon 
talabidagi jihatlar bilan sug‘orilgan holda rivoj topishi begumondir. 
Ta’lim  jarayonini  tarixiy  saboqlar  bilan  amaliy  o‘zlashtirish 
zamon  talabidir.  An’anaga  asoslangan  va  zamon  talabida  ijodiy 
yondashgan  amaliyotning  natijasi  samarali  bo‘lishi  shubhasiz.  Shu 
bois  mazkur  fanning  o‘quv  dasturiga  binoan,  o‘rta  maxsus  musiqa 
o‘quv yurtlarining «An’anaviy ijrochilik», «O‘zbek xalq cholg‘ulari» 
va  «Musiqa  nazariyasi»  bo‘limlari  ta’limi  uchun  quyidagi  o‘quv 
qo‘llanma  o‘quvchilarga  tavsiya  etilmoqda.  Shu  bilan  birga 
bastakorlik, san’atshunoslik, musiqashunoslik va cholg‘u ijrochiligi 
yo‘nalishlari  uchun  bastakorlik  ijodi  bevosita  zarur  ekanligini  ham 
e’tiborga olish lozimdir. 
  Asosiy  maqsadimiz  ma’naviy  boyligimiz  bo‘lmish  mumtoz 
musiqa  ijodkorlari,  millatimizning  ma’naviy  dunyosini  ohanglarda 
ifoda  etib  kelgan  namoyandalar,  ko‘p  asrli  tarixni  bosib  o‘tib, 
o‘zining  muayyan  musiqiy  an’analarini  avloddan  avlodga  boyitib 
kelgan bastakorlik ijodiyoti tarixi va taraqqiyot yo‘lini bilib va unga 
hissa  qo‘shgan  avlodlarning  ilmiy  va  ijodiy  merosini  ardoqlashdir. 
Kelajak ijodiy ishlarida ushbu an’analarga asoslanish, zamon talabi 
doirasida  ijod  etishda  zamonaviy  va  umumbashariy  jihatlarni 
inobatga olgan holda munosabatda bo‘lishdir. 
 

8
I bob.
 BASTAKORLIK IJODI TARIXI
1.1. 
ILK O‘RTA ASRLAR BASTAKORLIGI
O‘zbek  xalq  musiqa  merosi  boy  va  uzoq  o‘tmishga  ega.  Uning 
ildizlari  ming  yillik  tarixga  egaligi  manbalarda  zikr  etib  kelinadi. 
O‘zbek bastakorlik ijodiyotini ilmiy tadqiq etgan musiqashunos olim 
T.B.  G‘ofurbekovning yozishicha: «Milliy bastakorlik san’ati – yillar 
va asrlargina emas, balki ming yilliklar davomida barcha sinovlarga 
bardosh  berib,  usluban  sanog‘i  yo‘q  musiqiy  bitiklar  tevaragida 
o‘z  an’analarini  yo‘qotmay  kelmoqda»
1
.  Albatta,  bastakorlik 
ijodiyotining  ilk  qadamlari  uzoq  o‘tmishga  borib  taqaladi.  Bu 
aslida muqarrar jarayon. Chunki har qanday ijod mahsuli insoniyat 
tafakkurining  mevasi  hisoblanadi.  Oddiy  xalq  musiqa  namunalari 
ham  sodda  bo‘lsa-da,  insoniyatning  yaratuvchanlik  harakatlarining 
mevasidir.  Lekin,  ijodning  mumtozlik,  ya’ni  kasbiylikka  xos 
bo‘lgan  namunalari  aynan  bastakorlik  an’analariga  xos  deb  e’tirof 
etib kelinadi. 
Ma’lumki,  bastakorlik  sohasi  ijrochilik  an’analarining  pirovardi 
sifatida  yuzaga  kelgan.  Ijrochilik  an’analarini  mukammal 
o‘zlashtirgan,  musiqa  merosini  idroklagan  va  merosga  nisbatan 
ijodiy  munosabatda  bo‘lish  iste’dodi  bo‘lgan  yetuk  xonanda  va 
sozandalarning amaliyotida qaror topgan. Bastakorlik amaliyotining 
o‘zi  bir  qator  tabiiy,  hayotiy  va  ijodiy  qoidalarga  asoslanib 
shakllangandir.  Ushbu  qoidalar,  avvalo,  milliy  qadriyatga,  makon 
va zamonga, shakl-ushamoyilga, xarakterga va qolaversa, bir qator 
musiqiy  unsurlarni  o‘zida  mujassam  etishi  bilan  xarakterlanadi. 
Chunki musiqa nazariyasi bilan bog‘liq jihatlar, yaratilgan har qanday 
bastakorlik asarlarini shakliy, lad-tonallik, o‘lchov-ritmik, mavzuiy, 
ohang  rivoji,  funksionallik  kabi  xususiyatlari  asar  tarkibini  tashkil 
1
  T. G‘ofurbekov. Bastakorlik  ijodiyoti  tarixidan.  //Saylanma.  –  T., 
2009. 9-b.

9
etuvchi  unsurlar  bilan  bog‘liqdir.  Bu  unsurlar  musiqa  asarining 
asosiy negizini ta’minlab beradi.
Musiqa san’atining kasbiylik an’analarida yuzaga kelgan mumtoz 
namunalar,  xalq  marosimlari  jarayonida  yaratilib  kelingan  kuy  va 
qo‘shiqlar  o‘ziga  xos  an’analar  asosida  zamonlar  osha  yashab, 
rivojlanib  kelmoqda.  Odatda,  bastakorlik  ijodiyoti  bir-biridan  kelib 
chiqqan  ikki  qatlamga  bo‘linadi.  Birinchi  qatlam  –  xalq  musiqa 
ijodiyoti, ya’ni xalq tomonidan yaratilib kelingan folklor musiqasi. 
Ikkinchisi – musiqa ijrochiligi amaliyoti; meros bo‘yicha muayyan 
bilimga  ega  bo‘lgan  shaxs,  ya’ni  bastakorlar  ijodiyoti  natijasida 
yaratilgan mumtoz musiqiy asarlaridir. Bastakorlik ijodiyotining eng 
yirik  va  mukammal  shakli  maqomot  tizimiga  kiruvchi  asarlardir. 
Bastakorlik amaliyotida shakllanib maqomot shakligacha rivojlangan 
janrlar, manbalarda amal, qavl, parda, nag‘ma, ovoz, naqsh, peshrav, 
savt, chorzarb, kor, tarona kabi iboralarda tasvirlanib kelingan. Ushbu 
iboralarning amaliyoti va ijodiyoti xususida, tarixda bitilgan musiqiy 
risolalar, turli ilmiy va badiiy adabiyotlarda aks ettirilganligini qayd 
etish lozimdir. 
Bastakorlik ijodi va umuman, musiqa san’atining turli yo‘nalishlari 
bilan  bog‘liq  masalalar,  IX–XVII  asrlarda  yashab  ijod  etgan  Al-
Kindiy, Abu Abdulloh Al-Xorazmiy, Abu Nasr Forobiy, Abu Ali ibn 
Sino, Safiuddin Urmaviy, Abdulqodir Marog‘iy, Abdurahmon Jomiy, 
Zaynulobiddin Husayniy, Najmiddin Kavkabiy, Darvish ali Changiy 
kabi allomalarning musiqa ilmiga bag‘ishlangan risolalarida musiqa 
zamonasi  kesimida  bayon  etilgan.  Risolalarda  qayd  etilishicha, 
musiqaning  nazariyasi  va  amaliyoti  azaldan  o‘zaro  bog‘liq  holda 
shakllanib kelgan.
Markaziy  Osiyo  hududida  VI  asrning  ikkinchi  yarmi  va  VII 
asrning  boshlarida  yashagan  afsonaviy  sozanda,  xonanda  va 
bastakor  Borbad  Marvaziyning  ijodiy  ijrochilik  merosi  kasbiy 
musiqa  ijodiyotining  ilk  qadamlari  deb  e’tirof  etiladi.  Manbalarda 
bastakorlik ijodiyoti, ajam xalqlarining keyingi tarixiy rivoji yo‘lida 

10
o‘ziga  tasnif  etilganligining  guvohi  bo‘lamiz.  Bu  jarayonni  Abul 
Faraj  al-Isfahoniy  o‘zining  «Qo‘shiqlar  kitobi»  asarida  muxtasar 
qiladi va VII–IX asrlarda yaratilgan 1000 ga yaqin qo‘shiqlar haqida 
ma’lumotlar bayon etadi. 
Bastakorlik  ijodiyotining  tadrijiy  jarayonida  «Ilk  o‘rta  asrlar 
bastakorligi»,  «Borbad  ijodi»,  «Abul  Faraj  al-Isfahoniy  ijodi  va 
xususan,  uning  «Qo‘shiqlar  kitobi»  alohida  ahamiyatga  egaligi 
fanda  e’tirof  etiladi.  Shu  bois  bu  mavzularni  alohida  o‘rganish  va 
o‘zlashtirish maqsadga muvofiqdir.
Borbad ijodi
Markaziy osiyolik buyuk san’atkor, xonanda, 
sozanda,  tarixda  mumtoz  musiqa  asoschisi 
sifatida  mashhur  bo‘lgan  bastakor  Borbad 
eramizning VI asri 60-yillarida tavallud topgan. U 
Xurosonning qadimiy va markaziy shaharlaridan 
biri hisoblangan Marvda yashagan. 
O‘tmish  yozma  manbalarida  Borbadning 
yoshlik  davrlari  xususida  ma’lumotlar  bayon 
etilmagan.  Uning  asli  ismi  Falaxbod  Marvaziydir.  «Borbad» 
Falaxbod Marvaziyning taxallusi bo‘lib, qadimiy borbat cholg‘usi 
ijrochiligida  mohirlikka  erishganligi  uchun  unga  shu  nom 
berilganligi  ham  e’tirof  etiladi.  Borbad  o‘smirlik  davridayoq 
xalq  orasida  mohir  sozanda  sifatida  tanilgan.  Shu  bilan  birga 
Marvda musiqa ilmini ham o‘zlashtirganligi xususida ma’lumotlar 
keltiriladi.  Firdavsiyning  «Shohnoma»,  Nizomiy  Ganjaviyning 
«Xusrav va Shirin», Amir Xusrav Dehlaviyning «Shirin va Xusrav» 
kabi badiiy asarlarida Borbadning xushovoz hofiz, mohir sozanda, 
betakror bastakor bo‘lganligi xususida ma’lumotlar bayon etilgan. 
Betakror  iste’dod  egasi  bo‘lgan  Borbad  sosoniylar  (V–VII 
asrlar)  davrining  nomdor  hukmdori  Xusrav  Parviziy  saroyida, 

11
591–628-yillar orasida xizmat qilib, o‘zining yorqin faoliyatini olib 
borgan. Borbadning ijodi haqida xalq orasida ko‘plab afsonalar hamda 
ma’lumotlar  keltirilgan.  Abulqosim  Firdavsiyning  «Shohnoma» 
kitobida  keltirilgan  «Borbad  qissasi»
1
,  Nizomiy  Ganjaviyning 
«Xusrav va Shirin» dostonida «Borbadning 30 ta kuyi» kabilardagi 
ma’lumotlar alohida ahamiyat kasb etadi
2

Xusrav Parviziyning saroyida Sarkash, Bamshod, Nokus, Romtin 
kabi  mashhur  xonanda  va  sozandalar  faoliyat  olib  borganliklari 
to‘g‘risida  manbalarda  bir  qator  ma’lumotlar  keltiriladi.  Lekin 
Borbad  o‘zining  betakror  iste’dodi  va  ijodi  bilan  san’at  sohasida 
juda mashhur bo‘lgan. 
Borbad  ijodi  davomida  7  ta  yirik  shakldagi  asarlar  turkumi 
«Xusravoniy»larni
3
, 30 ta lahn
4
, 360 ta (alhon) qo‘shiq-dostonlarni 
yaratishga  erishadi  va  kasbiy  musiqa  ijodini  boshlovchilaridan 
biri  sifatida  tarixga  nomi  muhrlanadi.  Borbad  yaratgan  kuylarning 
musiqiy ohanglari saqlanib qolinmagan, lekin ularning nomlari turli 
manbalarda turlicha tarkibda keltiriladi. 
Manbalarda  qo‘shiqlarning  «Yazdan  ofrid»,  «Ganji  bod  ovar», 
«Bog‘i  Shahriyor»,  «Nimro‘z»,  «Sabr  dar  sabz»,  «Kini  Eraj», 
«Kini  Siyavush»,  «Xaft  ganj»,  «Rohi  Shabdiz»,  «Bog‘i  Shirin» 
kabi  nomlari  bilan  birga  muayyan  yo‘nalishga  xos  qo‘shiqlar 
ham  saqlanib  qolgan.  Jumladan:  Navro‘z  marosimi  bilan  bog‘liq 
qo‘shiqlar  –  «Bodi  Navro‘z»,  «Nozi  Navro‘z»,  «Sozi  Navro‘z», 
«Navro‘zi  Xurdak»;  xalq  qahramoni  Siyovushga  bag‘ishlangan 
qo‘shiqlar – «Bog‘i Siyovush», «Kini Siyovush», «Siyovushon» va 
boshqalar.
1
 Firdavsiy. Shohnoma. 3-kitob. – T., 1977. 558–564-betlar. 
2
 O. Matyoqubov.  Og‘zaki  an’anadagi  professional  musiqa  asoslariga 
kirish. – T.: «O‘qituvchi», 1983. 6-b. 
3
  Xusravoniy  (xusrav  –  buyuk,  ulug‘  so‘zidan)  –  ulug‘vor,  shohona 
asar, ya’ni shaklan yirik asar ma’nosida. 
4
 Lahn – kuy. Alhon uning ko‘plik shakli (kuylar)dir. 

12
Borbad «borbat» cholg‘usini kashf etgan izgar sifatida ham nom 
qoldirgan.  Borbad  O‘rta  Sharqda  mumtoz  musiqa  san’atining  ilk 
professional namoyandasi darajasiga ko‘tarilgan va aynan shu soha 
asoschisi sifatida tarixdan o‘rin olgan.
Abul Faraj al-Isfahoniyning «Qo‘shiqlar kitobi»
Abul  Faraj  al-Isfahoniy  Eronning  janubida  joylashgan  Isfahon 
shahrida 897-yili tavallud topgan. 
Abul Faraj al-Isfahoniy butun o‘zining ijodida bir qator sohalarda 
ilmiy  izlanishlar  olib  borgan.  Xususan,  tibbiyot,  tarix,  falsafa, 
geografiya,  astronomiya  va  musiqa  bo‘yicha  30  dan  ortiq  risolalar 
yozib  qoldirgan.  Faoliyati  davomida  musiqaga  bag‘ishlangan  7  ta 
risola  yozgan.  Ularning  ichida  eng  mashhuri  «Qo‘shiqlar  kitobi» 
(«Kitab ul-ag‘ani») deb nomlangan bo‘lib, oldin yaratgan 6 ta kitobga 
kirgan  ma’lumotlarning  aksariyatini  qamrab  olgan.  6  ta  musiqa 
haqida kitoblarining nomlari quyidagicha: «Faqat qo‘shiqlar haqida 
kitob»,  «Tinglash  haqida  kitob»,  «Xonandalar  kitobi»,  «Mashhur 
xonandalar haqida kitob», «Kuy haqida kitob» va «Ashulalar haqida 
kitob». 
Abul  Faraj  al-Isfahoniy  ushbu  risolani  o‘zidan  oldin  yashab 
o‘tgan  bastakor  va  ijrochi  Is’hoq  Mavsuliy  kitobiga  asoslanib 
yozadi.  Qo‘shiqlarni  o‘tmish  xonandalar  talqinlaridagi  rivoji  va 
o‘zgarishlari,  turli  ijro  maktablari  va  uslublaridagi  ijrosini  VII–X 
asrlar  mobaynidagi  rivoji  kesimida  ko‘rsatib  beradi.  Risolada, 
asosan,  arablar  musiqiy  estetikasi,  musiqaning  ahamiyati  keng 
yoritilgan. Risola  tarkibidan  o‘rin  olgan  qo‘shiqlarda arablar,  ya’ni 
ko‘chmanchi  badaviylarning  qo‘shiqlari,  xalifalarni  madh  etuvchi 
marsiyalar, diniy-dunyoviy musiqalar o‘rin olgan. 
«Qo‘shiqlar kitobi»da musiqaning nazariy masalalari yoritilmagan, 
aksincha,  asosan,  amaliy  jarayon  ifoda  etilgan.  Risola  8  bobdan 
iborat.  Har  bir  bob  o‘z  tarkibiga  bir  nechta  qismni  qamrab  olgan. 

13
Ular  asosan  ocherklar  ko‘rinishidadir.  Kitob  tarkibidagi  qo‘shiqlar 
uch guruhga bo‘lingan: 
– birinchisi: quvnoq, harakatga ega bo‘lgan qo‘shiqlar; 
–  ikkinchisi:    nazokatli,  nozik,  ma’yus,  xijronli  kayfiyatni 
tarannum etuvchi qo‘shiqlar; 
–  uchinchisi:  mumtozlik  uslubiga  yaqin  bo‘lgan  qo‘shiqlar. 
Ularni  ijro  etish  uchun  ijrochida  yetarli  darajada  malaka  bo‘lishi 
talab etilgan. 
Risolada  arab  xalqlarining  musiqa  madaniyati  rivoji  qo‘shiqlar 
misolida  berilgan  bo‘lib,  eng  muhimi,  kasbiy  musiqaning  rivoji 
xususida tartibli ilmiy-amaliy ma’lumotlar bayon etilgan. 

Download 1.8 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2   3   4   5   6   7   8   9   10




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling