5. Ayrim turdagi tovarlar bilan chakana savdo qilish va ayrim turdagi xizmatlarni ko‘rsatish huquqi uchun yig‘imni to’lovchilari. Soliq kodeksining 23-moddasiga ko‘ra ayrim turdagi tovarlar bilan chakana savdo qilish va ayrim turdagi xizmatlarni ko‘rsatish huquqi uchun yig‘im mahalliy soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar tarkibiga kiradi va u mahalliy budjet daromadlaridan biri hisoblanadi.
Ayrim turdagi tovarlar bilan chakana savdo qilish va ayrim turdagi xizmatlarni ko‘rsatish huquqi uchun yig‘imning to‘lovchilari bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi xududida ushbu tovarlar bilan qonunchilikda belgilangan tartibda chakana savdoni amalga oshiradigan va ayrim turdagi xizmatlarni ko‘rsatadigan yuridik va jismoniy shaxslar hisoblanadi.
Ushbu yig‘im ayrim turdagi tovarlar bilan chakana savdoni amalga oshirish va ayrim turdagi xizmatlarni ko‘rsatish huquqini olish uchun to‘lanadi. Ayrim turdagi tovarlar bilan chakana savdo qilish va ayrim turdagi xizmatlarni ko‘rsatish huquqi ruxsat guvohnomasi bilan tasdiqlanadi. Ruhsat guvohnomasi joylardagi mahalliy hokimiyat organlari tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda beriladi. Ayrim tovar turlarining va xizmatlarning ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori bilan belgilanadi.
6. Ayrim turdagi tovarlar bilan chakana savdo qilish va ayrim turdagi xizmatlarni ko‘rsatish huquqi uchun yig‘imni hisoblash tartibi. Ayrim turdagi tovarlar bilan chakana savdo qilish va ayrim turdagi xizmatlarni ko‘rsatish huquqi uchun ruxsat guvohnomasi yuridik shaxs yoki yakka tartibda tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi jismoniy shaxslarga o‘z arizalarida ko‘rsatilgan muddatlarga, lekin ushbu muddat qonunchilikda nazarda tutilgan muddatdan ortiq bo‘lmagan muddatga beriladi. Jumladan, yuridik shaxslarga ko‘pi bilan - 3 yil, jismoniy shaxslarga - 2 yil.
Yig‘imlar o‘rnatilgan minimal ish haqi miqdoriga nisbatan belgilanadi. 2018 yil 1 yanvardan boshlab ayrim tovar turlari bilan chakana savdo qilish huquqi uchun yig‘im alkogolli mahsulotlar uchun - 1 oylik savdo uchun eng kam oylik ish haqi miqdorining 5 baravari miqdorida, qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan buyumlar uchun -1 oylik savdo uchun eng kam oylik ish haqi miqdorining 3,5 baravari miqdorida belgilangan. Avtotransport vositalarini parkovka qilish (saqlash) bo‘yicha pullik xizmatlarni ko‘rsatganlik uchun yig‘im har oyda 8 minimal ish xaqi miqdorida undiriladi. Ushbu yig‘imlar har oyda hisobot oyining 25 kuniga qadar budjetga to‘lanadi.
Mahalliy yig‘imni o‘z vaqtida to‘lanishi, qonun hujjatlariga rioya qilinishi uchun javobgarlik yig‘imni to‘lovchilar zimmasiga yuklanadi.
Davlat soliq xizmati organlari esa o‘zlariga berilgan vakolot doirasida qonun hujjatlariga muvofiq yig‘imni to‘lovchilarning budjet oldidagi majburiyatlarini bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |