So‘z va termin. Terminologiya fani va uning rivojlanishi


Download 35.46 Kb.
bet1/2
Sana29.06.2023
Hajmi35.46 Kb.
#1657628
  1   2
Bog'liq
14-mavzu


14-MAVZU: So‘z va termin. Terminologiya fani va uning rivojlanishi. Terminologiyaning boshqa fanlar bilan aloqasi. Terminlar va ularni o‘rganish masalalari
Reja:

  1. So‘z va termin.

  2. Terminologiya fani va uning rivojlanishi.

  3. Terminologiyaning boshqa fanlar bilan aloqasi.

  4. Terminlar va ularni o‘rganish masalalari.



Tayanch so`z va iboralar: so`z, termin, atama, terminologiya, mutaxassilik teminlari, davlat tili maqomi, tilimiz sofligi, milliy terminologiya, o‘zbek davlatchiligi, umumiste’moldagi so‘zlar, kasbiy atamalar, ilmiy atamalar.
O‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi buyuk Istiqlol g‘oyasining ilk g‘alabasi, uning erki, huquqi, to‘liq amal qilishi uchun kurash yurtimiz tarixida mustaqillik uchun kurashning ramzi sifatida abadiy qoladi. Yosh avlod qalbi va shuuriga ona-Vatanga cheksiz muhabbat, milliy Istiqlol g‘oyalariga sadoqat tuyg‘ularining chuqur singdirib borilayotgani shu abadiylikning kafolatidir. Bu jarayonni davom ettirish, tilimiz sofligi va betakror jozibasi uchun kurashish har birimizdan jiddiy mas’uliyat talab qiladi. Chunki til milliy ong, milliy g‘oya va milliy mafkurani shakllantiruvchi, ularning uzviyligini ta’minlovchi yetakchi vosita sanaladi. Bunda terminologiya va hujjatchilikning o‘rni va ahamiyati beqiyosdir.
Milliy terminologiya o‘zbek davlatchiligining tarixiy – o‘z taraqqiyot yo‘li, demokratiya, inson huquq va erkinliklarini himoya qilish, o‘tmish qadriyatlarni qayta tiklash g‘oyasi va siyosiy yechimi, tizimi, uning shakllanishida muhim rol o‘ynagan besh asosiy bosqich – 1) islomgacha bo‘lgan o‘zbek milliy davlatchiligi; 2) o‘rta asr o‘zbek davlatchiligi; 3) Turkiston o‘lkasi – mustamlaka mintaqasining tashkil etilishi; 4) O‘zbekiston SSRning sotsialistik superetnos ichida ajralishi va 5) Suveren mustaqil davlat - O‘zbekiston Respublikasining tashkil topish – tajribasi nuqtayi nazaridan o‘rganish asosida yaratish maqsadga muvofiq. Bunda milliy Istiqlol g‘oyasi tamoyil va talablaridan kelib chiqib ish ko‘rish alohida ahamiyat kasb etadi va terminologiyamizning o‘ziga xosligini belgilaydi.
Ko‘rinadiki, terminologiya masalalari bilan shug‘ullanishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan tadqiqotchi o‘zbek davlatchiligi tarixi hamda uning yuqorida qayd etilgan besh bosqichi taraqqiyotidan chuqur xabardor bo‘lishi kerak. Shunda terminologiyada dublet va ma’nodoshlarning yuzaga kelishiga yo‘l qo‘yilmaydi, mavjudlariga esa sekin-astalik bilan barham beriladi. Bu holat pirovard natijada terminologiyaning milliylik, bir ma’nolilik, qisqa va mantiqan izchillik kabi asosiy tamoyillari tarkib topishiga, «millatning buyuk yutug‘i va ajralmas belgisi» (O‘zbekiston Respublikasining «Davlat tili to‘g‘risidagi qonuni») bo‘lmish ona tilining terminologiya sohasidagi qusurlari barham topishiga, millat yaxlitligini ta’minlovchi kuch – adabiy tilning chuqur ildiz otishiga olib keladi.
Demak, davlat tilini asrab-avaylash, uning ma’naviy, huquqiy va ilmiy asosini mustahkamlash, qo‘llanish doirasini kengaytirishda terminologik savodxonlik va hujjatchilik asoslarini chuqur bilish alohida ahamiyat kasb etadi.
Ma’lumki, so‘zlar nutqimizda qo‘llanish doirasiga ko‘ra faol va nofaol kabi turlarga bo‘linadi. Kundalik turmushumizda keng qo‘llanishda bo‘lgan so‘zlar faol so‘zlar hisoblanadi. Bunday so‘zlar sirasiga ota, ona, aka, uka, opa, singil, ish non, kitob, maktab, muallim, daftar, paxta, uy, meva, gtuz, choy, o‘quvchi, olov, yaxshi, olov, yomon, yemoq, kiymoq, pishirmoq, bormoq, kelmoq, bir, besh, o‘n, yuz va boshqa shu kabi so‘lar kiradi. Kundalik turmushda kam qo‘llanadigan, barcha uchun birdek tushunarli bo‘lmagan ayrim so‘zlar nofaol so‘zlar guruhini tashkil etadi. Nofaol so‘zlar sirasiga bugungi kunda iste’moldan chiqqan bilga, ulus, hoqon, budun, tilmoch, bitik, o‘miz kabi arxaizmlar; yaqin o‘tmishga qadar keng qo‘llanishda bo‘lgan va tarixiy jarayon tufayli iste’moldan chiqqan mirshab, yuzboshi, darvesh, qalandar, amir, qul, cho‘ri, kaniz, o‘lpon, sovut, paranjji, mirza, zindon, qozi kabi istorizmlar; ilm–fan, texnika rivoji bilan bog‘liq tarzda tilimizda paydo bo‘layotgn, boshqa tillardan kirib ornashayotgan menenjer, menejment, broker, nou–xou, shou, lizing, kliring, sertifikat, litsenziya kabi neologizmlarni kiritish mumkin.
Umumiste’moldagi so‘zlar bir yoki bir necha ma’noga egaligi bilan ham bir–biridan farq qiladi. Chunonchi, bug‘doy, no‘xat, ajriq, terak, piyola, o‘rdak, qumursqa, qurt, oltmish, men, sen, o‘rik, shaftoli kabi so‘zlar bir ma’noli bo‘lsa, burun, yuz, ko‘z, qirq, qir, sur, tur, to‘r, bo‘z, tuz, uy, qo‘y, tol, quloq, bo‘l, tor kabi yuzlab, minglab so‘zlarning har biri bir nechadan qo‘shimcha ma’nolarga ham egadir. Buyuk so‘z san’atkori Alisher Navoiy asarlarida birgina “shoh” so‘zi, shoh, podshoh, olloh, tangri, eng go‘zal, sabrli shaxmatning bosh donasi kabi mustaqil ma’nolardan tashaqari birikma holida yana 54 ma’noda qo‘llanganligi “Alisher Navoiy asarlari tilining izohli lug‘ati” 3-tomida qayd etilgan. Mana shu birgina misolimizning o‘ziyoq o‘zbek tilining naqadar boyligidan, so‘zlarining serjiloligi, ko‘pma’noliligidan dalolat beradi. So‘zlar umumxalq tiliga, adabiy tuilga yoki ma’lum shevagagina xosligi bilan ham ajralib turadi. Shuning uchun ham so‘zlarning talaffuz etilishi orqali ularning ma’lum shevaga, ma’lum hududga xos fonetik, leksik yoki morfologik belgilarigina farqlanib qolmasdan, nutq egasining keksa yoki yoshligi, ayol yoki erkakaligi, ma’lumoti, kasbi–kori, hayotiy tajribasi, lug‘at boyligi, madaniyatidan ham darak berib turadi.
Tilda shunday so‘zlar ham borki, ular ma’lum bir fan (masalan, tilshunoslikka oid tovush, fon, fonema, ega, kesim, aniqlovchi, aniqlanmish, sifatlovhi, sifatlanmish, to‘ldiruvchi, hol, gap, undalma va h.), texnika (kalit, ko‘targich, qisqich, gayka, shayba, bolt va h.), sport (to‘p, to‘r, darvoza, himoya, hujum, kurash, yonbosh, chala, halol va h.), madaniyat (sahna, musiqa, qo‘shiq, lapar, raqs, ijro, soz, nutq va h.)ga oid tushunchalarni ifodalash uchun xizmat qiladi. Bunday so‘zlar atamalar (terminlar) deb yuritiladi. Ularni o‘rganuvchi soha esa atamashunoslik (terminologiya) deb ataladi. Atama so‘zini Abdurauf Fitrat 1927-yilda nashr etilgan “Nahf” kitobida birinchi bo‘lib qo‘llagan bo‘lsa-da, bu so‘z XX asrning 90-yillariga kelibgina keng ishlatila boshladi. Ilmiy adabiyotlarda asosan “termin” so‘zi qo‘llanishda bo‘ldi.
A.Hojiiyevning “Lingvistik terminlarning izohli lug‘ati”da terminga shunday ta’rif beriladi: “Termin – lotincha termnus – chek, chegara, chegara belgisi. Fan, texnika va boshqa sohalarga oid narsa haqidagi tushunchani aniq ifodalaydigan, ishlatilish doirasi shu sohalar bilan chegaralangan so‘z yoki so‘z birikmasi. Terminlar bir ma’noli bo‘lishi, ekspressiya va emotsionallikka ega emasligi kabi belgilari bilan ham umumiste’mol so‘zlaridan farqlanadi”. (9, 88-89-b.)
Keltirilgan ta’rifdan ham ma’lum bo‘ladiki, atamalar o‘zi tegishli sohaga doir ma’lum bir tushunchani ifodalab, faqat bir ma’nodagina qo‘llanishi lozim. Shuning uchun ham atamalar nafaqat ma’lum bir soha xodimlari uchun, balki u qo‘llanishda bo‘lgan til egalari uchun ham umummiy hisolanadi.
Atamaning ko‘p ma’noli bo‘lishi har qanday fan uchun ham ijobiy hol hisoblanmaydi. Chunki uning ko‘p ma’noda qo‘llanishi ma’lum fan yoki shu atama tegishli bo‘lgan sohada noaniqliklar keltirib chiqaradi. Shuning uchun ham atamalar o‘zining bir ma’noliligi, betarafligi (neytral), ijobiy yoki salbiy bo‘yoqqa ega bo‘lmasligi, ma’lum fan yoki sohaga xosligi bilan so‘zlardan farq qiladi. To‘g‘ri, har qanday atama so‘zdir. Shuning uchun ham atama vazifasini bajarayotgan so‘z ma’lum fan yoki sohadan tashqarida o‘z sinonimlari qatorida yoxud o‘zining bosh va ko‘chma ma’nolari bilan nutqda faol qo‘llanaverishi mumkin. Masalan, tuproq so‘zi biologiya, ekologiya, qishloq xo‘jaligiga oid fanlar uchun atama bo‘lsa, umumxalq tilida tuproq – vatan, yurt, qabr, sig‘inadigan muqaddas joy ma’nolarida qo‘llanishi mumkin. Tildagi barcha so‘zlar atama bo‘lmasligi mumkin. Chunki atamalar miqdor jihatidan cheklangan bo‘lsa, tildagi so‘zlar son-sanoqsizdir.
Atamalar, odatda ma’lum bir tilning o‘z ichki imkoniyatlari asosida yoki tashqi manba, ya’ni boshqa tillardan o‘zlashtirish, tarjima qilish hisobiga paydo bo‘lishi mumkin. XX asrning o‘rtalaridan boshlab o‘zbek tiliga juda ko‘plab baynalmilal so‘zlar bilan bir qatorda fan, texnika, sport, madaniyat sohalariga oid atamalar ham kirib keldi. Buning natijasida tabiiy fanlar, sport va texnika sohasini o‘zbek tilida o‘rganish qiyin bo‘lib qoldi. O‘zbek tiliga davlat tili huquqi berilishi va O‘zbkistonning mustaqillikka erishuvi bilan bu boradagi salbiy yo‘nalishga barham berila boshladi. Chunki o‘zbek tili ham dunyodagi boshqa tillarning birortasidan na leksik, na grammatik va na uslubiy jihatdan qolishmaydi. Aksincha, ona tilimizning, mutafakkir bobomiz hazrat Alisher Navoiy o‘zining “Muhokamatul lug‘atayn” asarida isbot qilib berganidek, so‘z yasash, ma’no nozikliklarini ifodalash jihatidan ba’zi bir tillardan imkoniyati kengroq hamdir.
Atamalrni dastlab ikki katta guruhga bo‘lish mumkin: 1. Kasb-hunar atamalari. 2. Ilmiy atamalar.
Kasb-hunar atamalari uzoq davrlardan beri xalqimiz tomonidan kasb-hunar sifatida rivojlantirilib kelinayotgan chorvachilik, dehqonchilik, kulolchilik, temirchilik, duradgorlik, gilamchilik, kashtachilik, oshpazlik, qandolatpazlik, tabibchilik va boshqa shu kabi ko‘plab kasblarga doir tushunchalarni ifodalash uchun xizmat qilib kelmoqda. Ilmiy atamalar ham ko‘pasrlik tarixga ega. Chunki ular qomusiy bilimolar egasi bo‘lgan M.Koshg‘ariy, Forobiy, Beruniy, Ibn Sino, Al-Xorazmiy, Az-Zamaxshariy, A.Navoiy, Bobur va boshqa qomusiy bilimlar egasi bo‘lgan bobokalonlarimizning turli fanlarga oid asarlarining yaratilishi bilan bog‘liq ravishda paydo bo‘lgan. Umuman olganda, ilmiy atamalar bugungi kunda tilshunoslik, adabiyotshunoslik, musiqa, tarix, pedagogika, psixologiya, biologiya, tibbiyot, geografiya, astronomiya, fizika, matematika, huquqshunoslik, kimyo, geologiya, minerologiya, falsafa, iqtisod kabi yuzlab zamonaviy fanlar sohasida keng qo‘llanilmoqda.
Oliy o‘quv yurtini ma’lum mutaxassislik bo‘yicha tamomlayotgan talabalarimiz ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-ma’rifiy sohalarga hamda o‘z mutaxassisliklariga doir atamalarni yaxshi o‘zlashtirishlari, ular haqida yetarlicha tasavvurga ega bo‘lishlari talab etiladi.
Atamalar tanlash va qo‘llashda O‘zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishguncha bo‘lgan davrda bir oz biryoqlamalikka yo‘l qo‘yildikim, buning natijasida respublikamizdagi oliy va o‘rta–maxsus o‘quv yurtlarida nafaqat tabiiy, texnika fanlari hatto ayrim ijtimoiy–siyosiy fanlarda ham asosan ruscha-baynalmilal atamalrdan foydalanilganligi oqibatida o‘qish-o‘qitish rus tilida olib boriladigan bo‘lib qoldi.
O‘zbek tiliga davlat tili huquqi berilishi va mamlakatimizning mustaqil deb e’lon qilinishi bilan bu boradagi kamchiliklarni tuzatishga kirishildi. Darhaqiqat, “Davlat tili haqida”gi qonunning 7-moddasida ”Davlat o‘zbek tilining boyitilishi va takomillashtirilishini ta’minlaydi, shu jumladan unga hamma e’tirof qilgan ilmiy-texnikaviy va ijtimoiy-siyosiy atamalarni joriy etish hisobiga ta’minlaydi. Yangi ilmiy asoslangan atamalar jamoatchilik muhokamasidan keyin Oliy Majlis tegishli qo‘mitasining roziligi bilan o‘zbek tiliga joriy etiladi”, – deyilishi bejiz emas. (1, 16-18-b.)
Respublika Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 1996-yilda chiqarilgan 267-sonli buyrug‘i bilan oliy o‘quv yurtlarida “O‘zbek tili va adabiyuoti” (nofilologik fakultetlarda), “Davlat tilida ish yuritish, hujjatchilik va atamashunoslik” kurslari o‘tilishi yo‘lga qo‘yilishi bilan bu fanlardan dasturlar tuzilib, o‘quv qo‘llanmalar, darsliklar ham yaratila boshladi.(2, 83-103, 122-182-betlar) Ularda o‘zbek tilining xoslangan uslublari, ish qog‘ozlari yuritish va ularning tili, atamashunoslik haqida qimmatli fikrlar bayon etilgan.
Ma’lumki, oliy o‘quv yurtlarida ixtisoslik sifatida yoki umumnazariy yo‘nalish sifatida o‘rganilayotgan barcha fanlar aniq tushuncha ifodalovchi atamalarga tayanadi. Atamalar tanlash, yangi atamalar yaratish, yasash, ularni birxillashtirish va standartlash barcha fanlar uchun xos muhim talabdir. Atamalar, avvalam bor, o‘zbek tilining ichki imkoniyatlaridan foydalangan holda yasalishi, umumxalq tilidan, xalq shevalajridan tanlanishi maqsadga muvofiqdir. Agar buning iloji bo‘lmasa, boshqa tillardan tarjima qilish yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘zlashtirish orqali ham yangi tushunchalarni ifodalovchi atamalarni ko‘paytirib borish mumkin. Atamalar tanlash va ulardan foydalanishda akademik G‘.Abdurahmonov taklif etgan quyidagi qoidalarga rioya etilishi maqsadga muvofiqdir:
1) atamalarning bir ma’noli bo‘lishi;
2) ayni bir tushunchani ifodalash uchun ikki xil atamani qo‘llamaslik;
3) atamaning tushunchani aniq ifodalashi (vazifa, shakl, rangi va boshqalarga qarab);
4) atama ixcham bo‘lishi, ortiqcha keng iboralarning qo‘llanmasligi;
5) ona tilida so‘z turib, chet til atamalarini qo‘llamaslik;
6) atama ona tili tizimiga mos bo‘lishi (yasash va birikma tashkil eta olish xususiyati, talaffuzga mosligi va boshqalar.(2, 95-b.)
Bu qoidalarga shuni qo‘shimcha qilish mumkinki, atama yasash yoki yaratishda ortiqcha sun’iylikka berilmaslik lozim. Chunki sun’iy yaratilgan, tushuncha mohiyatiga mos bo‘lmagan atama fanga ham, tilga ham singmaydi.
1959-yilning may oyi oxilarida Moskvada ijtimoiy-siyosiy, ilmiy–texnikaviy, o‘quv-pedagogik va lingvistik terminologiya masalalariga bag‘ishlangan anjuman bo‘lib o‘tdi. Unda ittifoqdosh xalqlarning 60 tili bo‘yicha yetuk mutaxassislar ishtirok etishdi.
Anjumanda adabiy leksikaning mustaqil qatlami hisoblanmish terminlar tabiati va vazifasiga doir ma’ruzalar tinglandi va milliy respublikalarda terminologiyaning ahvoli va taraqqiyoti, terminlarni me’yorlashtirishning tashkiliy va metodologik masalalari muhokama etildi.
1961-yilda ushbu yig‘ilish materiallari «Terminologiya masalalari» nomi bilan e’lon qilindi.
30-yillardayoq (20-asrning tarjimon) akdemik Sergey Alekseyevich Chapligin va Dmitriy Semyonovich Lote rahbarligida butunittifoq ilmiy terminologik markazi tashkil qilinadi. Bu markaz ilmiy-texnikaviy terminologiyaning nazariy va metodologik asoslarini yaratishda poydevor vazifasini o‘tadi. Markaz o‘zining ilmiy tamoyillarini fan va texnikaning turli sohalari terminologiyasiga bag‘ishlangan bulletenlarda e’lon qilib kelmoqda. Bu bulleten-to‘plamlarning ham, ilmiy–texnik qo‘mita faoliyati ahamiyatini ham bir so‘z bilan ifodalash qiyin. Yillar o‘tishi bilan mazkur qo‘mitaning ish hajmi ham kengayib bordi, soha mutaxassislarining e’tiborini qozondi, ilmiy tamoyillarga aniqliklar kiritildi, metodologiya boyidi. Hozir terminologiya sohasida qo‘mitaning maslahatlarisiz mustaqil ish ko‘radigan korxonani uchratish amri mahol.
Fan va texnika olamida doimo muhim o‘rin egallab kelgan axborotdan foydalanish masalasi bugun ulkan ahamiyat kasb etmoqda. Aytish mumkinki, ko‘z o‘ngimizda axborotning umumiy nazariyasi mustaqil fan sifatida shakllanmoqda. Binobarin, terminning unda tutgan o‘rni hamda vazifasini aniqlash vaqti yetdi.
Zamonaviy bilimning har bir sohasiga kelayotgan axborot oqimi va tadqiqotning o‘ta murakkab vazifalari deyarli har bir fanni nisbatan xususiy ilmiy tarmoqlarga bo‘linishga majbur qilmoqda. Ikkinchi tomondan, olamni butun holda tushunish istagi olimlarni kompleks tadqiqotlar, turli fanlar imkoniyatini birlashtirish tomon yetaklamoqda.
Natijada fanlarning tutashib, hatto, qo‘shilib ham ketishi sodir bo‘lmoqda. Misol uchun bioximiya, geofizika kabi fanlarni qiyoslang. Bunga matematik metodlarning tibbiyot, tarix, tilshunoslik singari aniq fanlardan juda uzoq sohalarga kirib borayotganini ham qo‘shish kerak. O‘zaro ta’sir, bir-biriga o‘tish, birlashish jarayoni termin va fanlarning, maxsus so‘zlarning muqarrar ravishda boshqa sohalarga ko‘chishiga, ularning umumilmiy, «sohalararo» terminlarga aylanishiga olib kelmoqda.
Maxsus leksikaning hozirgi adabiy tilga keng ko‘lamda kirib kelish jarayoni ham diqqatga sazovor. Chexiyalik tilshunos K.Soxorning hisob-kitoblariga qaraganda, 900 ta so‘z ilmiy va texnikaviy terminlarga taalluqli ekan. Bunday manzara hozirgi rus tilida ham kuzatiladi, deb taxmin qilish uchun asos bor.
O‘z-o‘zidan ayonki, maxsus leksika doimo mutaxassislar nutqida qo‘llanadi. Shuningdek, leksikaning miqdor nuqtayi nazardan kamroq, ammo mohiyatan juda salmoqli boshqa qismi vaqt o‘tishi bilan butun jamiyatning mulkiga, umummilliy tilning tarkibiy qismiga aylanadi. Aynan shu yerda maxsus va umumadabiy leksikaning o‘zaro ta’siri muammosi paydo bo‘ladi..
Ma’lumki, terminologiyani turli nuqtayi nazardan o‘rganish mumkin. Anjumanning «Terminologiyaning lingvistik masalalari» deb nomlanganining o‘ziyoq nima bilan shug‘ullanishimiz lozimligini ko‘rsatib turibdi. Kartalogik, psixologik va tarixiy aspektlar terminologiyaning lingvistik muammolarini chuqur o‘rganishga va pirovard natijada, terminologiyani yaratish va tartibga solish ishlari bilan uzviy bog‘langan.
Hozirgi paytda go‘yo bilim va faoliyatning biror sohasiga taalluqli tushuncha bilan bog‘liq terminni so‘z yoki so‘z brikmasi sifatida tushunish masalasida leksikologlar orasida kelishmovchiliklar deyarli yo‘q. Ammo terminlar tushunchalarning o‘zaro aloqasi va bir-biriga ta’sirining rang-barang ko‘rinishlarini aks ettiradi. Ularning aynan shu funksiyalari terminologiyani tartibga solish ishlarini uzluksiz ravishda olib borish lozimligini ko‘rsatadi. Chunki terminologiya leksikologiyaning ongli ta’sirga, boshqarish va tartibga solishga nisbatan oson beriladigan sohasidir.
Albatta, me’yorlashtirishni mantiq va tilshunoslik tushunchalariga asoslangan nazariy zaminsiz tasavvur qilish qiyin. Tadqiqotlarning cheklanmagan ko‘lami aynan shu yerda boshlanadi. Tilshunoslik uchun juda dolzarb terminologik muammolar doirasini belgilab olish vaqti keldi.
Modomiki, termin tizimning o‘ziga xos unsuri ekan, uning o‘zi ham tizimli xususiyatga ega bo‘lishi kerak. Bu esa, o‘z navbatida, so‘z qoliplari qurilma va so‘z birikmalarining sintaktik tavsifi bilan bog‘liq qator masalalarni hal qilishni taqozo etadi.
Tilda yasovchi qoliplar va so‘z sintaktik aloqalarining ko‘pligi terminologik leksikada bir qolip va sintaktik qurilmaga nisbatan samarali, mantiqan asosli va afzal ekanligini aniqlash muammosini ko‘ndalang qilib qo‘ymoqda.
Bizning atrof-muhit haqidagi bilimlarimizning takomillashib borishi bilan fan va texnikadagi tushunchalar ham rivojlanib va chuqurlashib boradi. Shuning uchun tilshunoslar yangidan yaratilayotgan terminlarning faol me’yorlashtiruvchi ta’sirini tahlil qilishdan chetda turmasliklari kerak.
Tilshunoslar aralashuvisiz yaratilgan terminlar, ko‘pincha, yaroqsiz bo‘lib qolayotgannini hayot ko‘rsatmoqda. Shunga qaramasdan, ular tartibsiz ravishda tilga chuqur singib ketmoqda. Tarixan tarkib tolgan terminologiyada kuzatiladigan ziddiyatlar ham jiddiy e’tiborni talab qiladi.
Chet tillardan termin olish va baynalmilal atamalardan foydalanish doimo terminologlar e’tiborida bo‘lgan. Biroq biz baholash mezonlarining u yoki bu chet terminining kelib chiqishi bilan bog‘liq emasligini, balki tizimlilik, mantiqiy-lisoniy asoslanganlik, qisqalik, yasalish mahsuldorligi talabalariga va, eng avvalo, qabul qilib olayotgan til – reseptorga singib ketish talabiga mosligi bilan belgilanishini ham bilamiz.
Qisqartma terminlar zahirasining kundan-kunga ortib borayotgani ko‘plab omonimlar yuzaga kelishiga sabab bo‘lmoqda. Bu holat ham me’yorlashtiruvchi faoliyatga ongli yondashishni talab qiladi.
Bir so‘z bilan aytganda, terminologiyaning umumiy va xususiy lingvistik muammolari juda ko‘p va ular tilshunoslarga yaxshi tanish. Shu munosabat bilan tilshunoslar e’tiborini maxsus leksikani chuqur o‘rganishni taqozo etadigan qator bo‘limlarga qaratishni istardik. Masalan, «nomenklatura» tushunchasi nazariy jihatdan yetarli darajada o‘rganilmagan. Holbuki, u bilan bog‘liq nomlar davlat ahamiyatiga molik muammodir.
Mahsulotlarning firma (yoki savdo) nomlarini ham inkor etmaslik kerak.Ularni terminolog va leksikolog olimlar qanday nomlashmasin, xalq iste’mol mollari turlarining keskin ko‘payib borayotganini yangi iqtisodiy vaziyat va boshqa ijtimoiy omillar bilan bog‘liq holda «firma nomlari»ning ortib borayotgani ham aynan haqiqatdir. Bunday «nomlar» termin va nomenklatur belgilar bilan raqobat qilmoqda, ularni jonli nutq va publitsistikadan siqib chiqarmoqda.
Terminologiya, eng avvalo, sinxron aspektda o‘rganilishi kerak. Bu ko‘pchilik tomonidan e’tirof etilgan haqiqat bo‘lib, fan va texnikaning uzluksiz taraqqiyoti bilan izohlanadi. Ammo shu haqiqat terminologiyani tarixiy (diaxron) aspektda o‘rganish lozimligini ham inkor etmaydi, chunki o‘tmish tajribasi bizning bugungi ishlarimiz uchun «ratsional urug‘» vazifasini bajaradi. Terminologiyaning hozirgi ko‘plab muammolari o‘tmish olimlarini ham bizdan kam darajada qiziqtirmagan va doim o‘z yechimini topib kelgan.
Terminologiya lug‘aviy nominatsiya sohasida olib boriladigan tadqiqotlar nazariyasi va amaliyotida eng muhim masalalar sirasiga kiradi. Termin va, umuman, terminologiyaning mohiyati, terminlarning yasalishi, tarkibiy tuzilishi, tasnifi, ularning noterminlarga munosabati masalasini o‘rganishga bo‘lgan qiziqishning kundan-kunga ortib borayotgani shundan. Buning ustiga, tilning nominativ funksiyasi mexanizimini tushunish terminologiyani jiddiy va izchil o‘rganishni talab qiladi. Termin tadqiqi bizning so‘z, so‘z brikmasi va gap singari nominativ birliklar haqidagi tasavvurmizni boyitadi, so‘z tuzilishining lug‘aviy hamda mantiqiy asoslarni teranroq idrok etishga imkon beradi.
Ma’lumki, termin bilan notermin (so‘z, so‘z brikmasi va sh .k.)ni o‘zaro farqlash juda qiyin kechadigan jarayondir. Chunki umumtilda amal qiladigan barcha so‘z va so‘z brikmasi ayni paytda tegishli sohalarning terminlari hamdir. Bunga ishonch hosil qilish uchun terminga berilgan ta’riflardan ayrim namunalar keltiramiz:
«Термин [п<лат терминус предел, граница] -1) слово или сочетание слов, точно обозначающее определенное понятие, применяемое в науке, технике, искусстве» [Словарь иностр. слов, 492].1
Terminga berilgan yana bir ta’rifni keltiraylik: «K лексике терминогической относятся слова или словосочетания, используемые для логически точного определения специальных понятий или предметов какой-либо области науки, техники, сельского хозяйства, искусства и т.д.»2 [совр.рус.яз.,32]
Bu ta’riflarga munosabat bildirishdan oldin o‘zbek tilidagi manbalardan biriga murojaat etaylik: «Termin[ pRuscha сочетание слов va словосочетание istilohlari o‘zbek tiliga so‘z birikmasi tarzida tarjima qilingan [Masalan, qarang: ruscha-o‘zbekcha lug‘at, 2 jildlik, 442, 486; O‘zbek tilining izohli lug‘ati 1981, 2-jild, 165]. Bu- birinchidan.
Ikkinchidan, yuqorida keltirilgan ruscha ta’riflarda terminologiya va nomenklatura o‘zaro farqlanmagan. Termin va nomen orasidagi asosiy farq shundaki, termin umumiy tushunchani, nomen esa yakka tushunchani ifodalaydi. Shu munosabat bilan quyidagi iqtibosni keltiramiz: «В рамках номенклатуры под номеном понимается обозначение эдиного понятия. Номены обозначают конкретные денотаты в рамках спецализированного номинативного поля, и в этом случае они рассматриваются как разновидности терминов, однако существует и другой подход, при котором номнклатура интдерпретируется как продукт не научной, а обыденно-когнитивной номинации» [Петросянц 2004, 14].
Uchinchidan, so‘z narsa va hodisalarning umumiy nomi bo‘lsa, so‘z birikmasi ularning konkretlashgan nomidir (daraxt–olma daraxti; olma – qizil olma, ot-saman ot kabi).
To‘rtinchidan, so‘z yoki so‘z birikmasini termin, terminni so‘z yoki so‘z brikmasi deyish, tan olish kerak, fanga chalkashliklardan boshqa narsa olib kelgani yo‘q. Termin so‘zmi yoki so‘z birikmasi, degan savolga javob berar ekan, prof. V.G.Gak, unisi ham, bunisi ham emas, termin-funksiya, lug‘aviy birlik qo‘llanishining bir ko‘rinishi, deb yozadi. Uning fikricha; «Термином может стать любая ЛЕ(лексическая eдиниц), обладающая двумя свойствами: способностью означать нечто и занимать определение место в ряду понятий»[Гак 1971, 69].
Beshinchidan, so‘z birikmasi haqidagi ta’limotga nisbatan jiddiy va xolis munosabatda bo‘lish, V.V.Vinogradovning bu boradagi fikrlari ta’siridan chiqish, narsa va hodisani qanday bo‘lsa, shunday o‘rganish taniqli tilshunos olim, SamQXI dotsent Tohir Xo‘jayevning 1976-yilda «So‘z birikmasi haqida» nomi bilan e’lon qilingan fundamental maqolasini o‘qish va uqish, unda bildirilgan mulohazalarga obyektiv baho berish vaqti yetdi.
Ushbu maqola mavzusiga doir ilmiy adabiyotlar bilan tanishish, terminologik tadqiqotlar, asosan, quyidagi yo‘nalishlarda olib borilganligini ko‘rsatadi.
Terminologiyaning fan sifatida shakllanishi avstriyalik Oygen Vyuster Nubasov va rossiyalik Dmitriy Semyonovich Lote nomlari bilan bog‘liq. Ular o‘tgan asrning 30-yillaridayoq terminologiyaning nazariy asoslarini ishlab chiqqanlar. Bu nazariyalar keyinchalik bir qator milliy maktablarning (jumladan, Fransiya-Kanada, Avstriya-Germaniya, Chexiya va Rossiya kabi) yuzaga kelishida poydevor vazifasini o‘tadi.A.A.Reformatskiy, B.N.Golovin, L.A.Kapanadze va boshqalar termin mazmuni xususiyatlarini, A.S.Gerd termin va nomenlarning sinxron va diaxron aspektlarda namoyon bo‘ladigan o‘zaro munosabatini, M.V.Oganesyan, O.V.Dovbish va boshqalar termin tarjimasi bilan bog‘liq masalalarni o‘rganganlar.
O.V.Aleksandrova, L.Y.Buyanova, M.N.Volodina, S.V.Grinev, I.A.Gromova kabi tilshunoslar termin tabiati va mohiyatini funksional-nominativ nuqtayi nazardan o‘rganishning kognetiv-onomasiologik va kognetiv-semasiologik metodlarini ishlab chiqqanlar. Qator tadqiqotlarda [masalan, qarang: Arnold 1986, Zyatkovskaya 1971] murakkab tarkibli terminlar [masalan, qarang: Golovin 1981, Urazboyev 1985, Kobrin 1989] o‘rganilgan [qarang: Petrosyanes 2004,12-14].
Rus, ingliz, nemis, fransuz tillari materiallari asosida ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, sotsiologik, yuridik, qishloq xo‘jaligi, formotsevtika, kasb-hunar, tilshunoslik, adabiyotshunoslik kabi sohalarga doir terminlar o‘rganilgan. Bu sohada O‘zbekistonda ham jiddiy tadqiqotlar olib borilgan [O.Usmonov, U.Tursunov, S.Ibrohimov, R.Doniyorov, H.Dadaboyev, N.Mahmudov, A.Madvaliyev, Y.Ibrohimov, N.Mahkamov, A.Sobirov, X.Jabborov va b.]. Hozirgi paytda terminologiyaning quyidagi turlari bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib borilmoqda.
1. Nazariy terminologiya terminlarning qo‘llanishi va taraqqiyoti qonun- qoidalarini ishlab chiqadi.
2. Amaliy (prikladnoye) terminologiya terminlarni tavsiflash, tartibga solish, me’yorlashtirish, tarjima qilish ishlari bilan shug‘ullanadi.
3. Umumiy terminolgiya terminlarning umumiy xususiyatlarini, yuzaga kelishi, tarkib topishi, qo‘llanishi bilan bog‘liq muammolarni o‘rganadi.
4. Xususiy yoki sohaviy terminologiya alohida olingan bir tilning terminlarini tahlil qiladi. Terminologiyaning bu turi O‘zbekistonda ancha rivojlangan.
5. Tipologik terminologiya terminlarni bir yoki va bir necha til doirasida qiyoslab o‘rganadi. Bunday tadqiqotlar ko‘lami juda tor.
6. Semasiologik terminologiya terminlar semantikasi, ma’no o‘zgarishi, polisemiya, omonimiya, sinonimiya kabilar bilan munosabatini o‘rganadi.
7. Onomasiologik terminologiya terminlarning yasalishi, tarkibi, ularning muqobil variantini tanlash ishlarini olib boradi.
8. Tarixiy terminologiya terminlar kelib chiqishining lisoniy va g‘ayrilisoniy omillarini o‘rganadi. Soha mutaxassislari antrolingvistikaning paydo bo‘lishini tarixiy terminologiya bilan bog‘laydilar.
9. Funksional terminologiya terminlarning nutqda qo‘llanishi, kompyuter tizimida tutgan o‘rnini o‘rganadi.
10. Kognetiv (yoki gnoseologik) terminologiya terminlarning inson tafakkuridagi o‘rnini belgilash bilan shug‘ullanadi.
Yuqorida bayon qilinganlar terminologiyaning o‘ziga xos fan sifatida allaqachon shakllanganligini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, unda o‘zining aniq va xolis yechimini kutayotgan muammolar ham yo‘q emas. Bular, bizningcha, quyidagilardir:
- terminning so‘z, so‘z birikmasi yoki funksiya ekanligi haqida bildirilgan fikrlarni har tamonlama tahlil qilish va tegishli xulosaga kelish;
- madomiki, termin so‘z birikmasi shaklida ham namoyon bo‘lar ekan, so‘z birikmasi terminining o‘zini chuqur o‘rganish, V.V.Vinogradovning fikrlari biryoqlama va mantiqan puch ta’rif ekanligini isbotlash, ta’siridan chiqish, u haqdagi yangi va asosli fikrlarga (Xo‘jayev, Beloshapkova, V.Y.Plotkin) munosabat bildirish;
- termin va nomen, terminologiya va nomenklaturaning o‘zaro o‘xshash va farqli tomonlarini aniqlash bilan bog‘liq tadqiqotlarni davom ettirish;
- termin mohiyatini tushunish bilan bevosita bog‘liq predtermin, terminoid, prototermin kabi tushunchalarni keng va atroflicha ta’riflash:
- termin bilan sohaviy (maxsus, xususiy) leksikaning aynan bir tushunchani ifodalovchi ma’nodosh terminlar ekanligini e’tirof etish va terminlarni qo‘llashda sinonimlarning bo‘lishi noxush ekanligi tamoyilidan kelib chiqib, ularning birinchisini (bizningcha, terminni) izchil qo‘llashga erishish;
- ikki va ko‘p tilli terminologik lug‘atlar yaratish ishlarini davom ettirish:
- qiyosiy terminologik tadqiqotlarni keng ko‘lamlarda olib borish:
- milliy terminologiyani yaratish. Chet terminlarni o‘zlashtirishda o‘zbek tili qonun-qoidalariga og‘ishmay amal qilish;
- terminologiyaning ilm-fan va ta’limda tutgan ahamiyatini hisobga olib, oliy o‘quv yurtlarining barcha fakultet va bo‘limlarida «Terminologiya asoslari» fanini o‘quv rejasiga kiritish:
- unutilgan terminlarni izlab topish, ularning davrga hamohanglarini tanlab muomalaga olib kirish, buning uchun mumtoz ilmiy asarlar tili va terminologiyasini o‘rganishni izchil davom ettirish maqsadga muvofiq. Bunda xalqimizga xos bag‘rikenglik ustuvor tamoyil sifatida qabul qilinmog‘i lozim;
- va nihoyat: terminologiya nominatsiyaning muhim tarkibiy qismi. Nominatsiya nazariyasi esa prof.V.G.Gak tomonidan chuqur ishlab chiqilgan. Binobarin, terminologiya masalalari bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan har qanday tadqiqotchi bu nazariyani nafaqat bilishi, balki uning tamoyillaridan ijodiy foydalana bilmog‘i lozim [qarang: Gak, 1977,1980].
Xullas, atama har bir fan rivoji uchun, uni o‘qib-o‘rganish uchun asos bo‘ladi. Atamalarni to‘g‘ri tanlay bilish, qo‘llay olish fanlarni chuqur o‘zlashtirish, olingan nazariy bilimlarni amalda qo‘llay bilishning eng muhim omili bo‘lib qoladi.


Download 35.46 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling