СўРОҚ Ўтказиш тактикаси
Download 97 Kb.
|
SO`ROQ QILISH PSIXOLOGIYASI
SO`ROQ QILISH PSIXOLOGIYASI Reja: 1. So`roq tushunchasi va ko`rsatuvlarning psixologik asoslari 2. So`roq o`tkazishga tayyorgarlik ko`rish 3. Jabrlanuvchi va guvohlarni so`roq qilish taktikasi 4. Gumon qilinuvchi va ayblanuvchilarni so`roq qilish 5. Yuzlashtirib so`roq qilish tartibi 6. Voyaga yetmagan shaxslarni so`roq qilish 7. So`roq natijalarini protsessual rasmiylashtirish So`roq tergovchi bilan jinoiy voqea haqida ma`lumot beruvchi shaxs o`rtasidagi o`zaro muloqotdir. Qonun talabiga ko`ra, tergovchi so`roq qilinuvchidan ko`rsatuv olish orqali ma`lumot to`playdi. Ma`lumki, so`roq vaqtida olingan ko`rsatuvlar jinoyat ishi bo`yicha dalil manbaining bir ko`rinishi hisoblanadi, to`plangan axborotlar esa jinoyatning ayrim holatlarini aniqlash uchun xizmat qiladi. Tergov amaliyotida jabrlanuvchi, guvoh, gumon qilingan va ekspert mutaxassislarni so`roq qilish ko`proq uchraydi. So`roq o`tkazishning qonuniy asoslari O`zbekiston Respublikasi JPK 96-108-moddalari orqali tartibga solinadi. Gumon qilingan shaxslarni so`roq qilish tartibi JPK 109-113-moddalarida ko`rsatilgan. Guvoh va jabrlanuvchilarni so`roq qilish tartibi va usullari ushbu Kodeksning 114-124-moddalarida qayd qilingan. Kriminalistik taktik uslublarni qo`llash nuqtai nazaridan guvoh va jabrlanuvchilarning protsessual holati va huquqlari deyarli bir xil bo`lib, ularning holatlari o`xshashligi sababli bir usulda so`roq qilinadi. Lekin ushbu protsessual shaxslarning holatlarini ba`zi tomonlari e`tiborga olinib ularni so`roq qilishda turli uslubni qo`llash mumkin. Jumladan, gumon qilinuvchiga nisbatan jinoyat ishi yuzasidan hali aniq va asosli isbotlar bo`lmaganligi uchun uni faqat gumon qilingan shaxs sifatida so`roq qilinadi. Ayblanuvchi esa tergovchining unga nisbatan to`plangan dalillari asosida ayblanuvchi sifatida so`roq qilinadi va taktik uslublar mana shu holatlarga asosan qo`llaniladi. Guvoh bilan jabrlanuvchining protsessual holati deyarli bir xil, huquq va burchlari ham o`xshash. Lekin ayrim holatlar mavjudki, guvoh bilan jabrlanuvchi orasida ba`zi bir farq ham bordir. Jumladan, jabrlanuvchi jinoyat oqibatidan bevosita moddiy, ma`naviy va jismoniy zarar ko`radi, shuning uchun tergov natijasidan bir muncha manfaatdor. So`roq jarayonida jabrlanuvchi ko`rsatuv berishda voqeani to`g`ri va obyektiv yoritishiga uning shaxsiy adovati va psixologiyasi, ya`ni ruhiy holati ta`sir etishi mumkin. Guvohda esa bu xususiyatlar bo`lmaganligi uchun odatda xolis ko`rsatuv beradi. So`roq qilinuvchi shaxslar ko`rsatuvlarining shakllanishi murakkab jarayondir, chunki uni yuzaga kelishida his eta bilish va mantiqli fikrlashning turli shakllari ishtirok etadi. Shu sababli so`roq qilishda shaxsning ruhiy holatini, xususiyatlarini nazarda tutgan holda taktik uslublarni qo`llab, jinoyat ishiga tegishli ma`lumotlarni olish mumkin. Ko`rsatuvni qanday hosil bo`lishini, uning psixologik asoslarini bilish tergovchiga taktik uslublarni to`g`ri qo`llashga yordam beradi. Gumon qilinuvchi va aybdor, guvoh va jabrlanuvchilarning jinoyat ishida tutgan turli protsessual holati hamda tergov qilinayotgan shaxsning jinoyatdagi roliga qarab ularni so`roq qilishda farqlar mavjud. Ammo ko`rsatuvlarning tashkil topishida o`ziga xos umumiy psixologik qonuniyat ham bor, albatta. Tergov qilinayotgan jinoyat holatlarini qabul qilish, xotirada saqlab qolish va gapirib berish jarayoniga ta`sir ko`rsatuvchi obyektiv va subyektiv faktorlar guvoh va ayblanuvchiga bir xilda ta`sir etishi mumkin. Jinoyatchi o`zini va shu bilan birga ishtirokchilarning voqea sodir bo`lgan joyda bo`lgan shaxslarning harakatlariga bog`liq holda konkret holatlarni umumiy psixologik qonuniyat asosida idrok qiladi va esda saqlab qoladi. Hodisaning bir zumda bo`lib o`tishi, eshitish va ko`rishning noqulayligi va kamchiligi, xotiraning o`ziga xosligi va shunga o`xshash obyektiv va subyektiv omillar, jinoyat holatini kim idrok qilishidan (guvohmi yoki ayblanuvchimi) qat`i nazar, o`z ta`sirini ko`rsatadi. Shuning uchun guvoh va jabrlanuvchigina emas, balki gumon qilingan va ayblanuvchini so`roq qilishda ham ko`rsatuvning shakllanishidagi umumiy psixologik qonuniyatni e`tiborga olmoq lozim. Insonda hodisa yoki voqeani idrok qilish vaqtidan to sudda shu to`g`rida guvohlik bergunga qadar bo`ladigan ruhiy o`zgarishlarni uch bosqichga bo`lish qabul qilingan. Ruhiy protsesslarning barqaror bo`lishi, vaqt bo`yicha farq qilishi, mazmuni, kechish jadalligi bunga asos qilib olingan. Bular ko`rsatuvning shakllanish bosqichlari deyiladi. Bu bosqichlar quyidagilardan iborat: a) hodisa va uning ayrim qismlarini idrok qilish; b) eshitgan, ko`rgan ma`lumotni xotirada saqlab qolish; v) tiklash, ya`ni so`roq qilish vaqtida so`zlab berish. Har qaysi konkret ko`rsatuvni tashkil topishi uchun yuqoridagi bosqichlarning bo`lishi shart emas, qator holatlarda ularning ayrimlari tegishli obyektiv va subyektiv sharoitlarga ko`ra yuzaga kelmasligi mumkin. Ko`rsatuvning tashkil topish jarayoni qanday turga bo`linmasin yuqorida umumiy e`tirof etilgan uch bosqichdan voz kechishi mumkin emas. Download 97 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling