Statistik tasniflashning mohiyati Tasniflash va guruhlash statistik to‘plamlar tuzish va ularni chegaralash bilan uzviy bog‘langan bo‘lib, ommaviy hodisa va jarayonlarni o‘rganish hamda statistik axborotlarni yaratishning muhim qurolidir. Bu usul statistik kuzatish natijasida olingan besanoq, tarqoq, tasodifiyot girdobida o‘ralashib qolgan hom boshlang‘ich materiallar asosida ixcham bir-biri bilan uzviy bog‘langan, ma’lum tartib qoidalarga, qonuniyatlarga bo‘ysungan, tuzilmaviy shakllarga ega to‘plamlar barpo etish imkonini beradi. Tasniflash - Statistikada tasniflash deganda o‘rganilayotgan narsalar va hodisalarni tartiblash maqsadida ularning tabiati, o‘xshashlik va farqlovchi xususiyatlariga qarab ma’lum qismlarga, guruhlarga, sinflarga, turkumlarga, turlarga taqsimlash tushuniladi.
- Taqsimlash asosi qilib olingan belgi yoki belgilar to‘dasi tasniflash belgisi, ularning har bir sohibi tasniflash birligi deb ataladi.
Guruhlash - Statistikada guruhlash deb o‘rganilayotgan hodisalarni (obyektlarni, birliklarni) muhim belgilariga asoslanib turdosh (sifatdosh) guruhlarga (to‘plamlarga) birlashtirish yuritiladi. Masalan, aksioner kompaniyalarni dividend to‘lash darajasiga qarab guruhlarga ajratish.
Guruhlash turlari - Guruhlash statistik bog‘lanishlar va qonuniyatlarni aniqlash, o‘rganilayotgan to‘plamning tuzilishini o‘rganish va ho‘jaliklarning sotsial-iqtisodiy tiplarini tasvirlash maqsadida bajariladi. Uning har xil turlari va shakllari mavjud.
- Tipologik guruhlash deganda, o‘rganilayotgan hodisalar to‘plamini sotsial-iqtisodiy tiplarga taqsimlash tushuniladi. Tip so‘zi quyidagi lug‘aviy mazmunga ega: 1) bir turdagi narsa uchun umumiy bo‘lgan namuna; 2) biologik hayvon va o‘simliklar sistematikasidagi o‘zaro o‘xshash sinflarni birlashtiradigan oliy bo‘linma; 3) bir qator ichki yoki tashqi belgilar yagonaviyligi asosida birlashgan kishilar kategoriyasi.
- Sotsial-iqtisodiy tip deganda jamiyatda, iqtisodiyotda bajaradigan funksiyalari va tutgan o‘rni umumiyligiga asoslangan ho‘jalik yurituvchi subyektlar, shaxslar, qandaydir narsalar (ishlab chiqarish vositasi, ishlovchi kuch va h.k.) kategoriyasi, to‘plami tushuniladi.
- Ayrim hollarda tiplarning shakllanish sharoitlarini ifodalaydigan guruhlarni har xil belgilar, masalan ko‘p energiya talabchan tarmoqlarda - iste’mol qilingan elektroenergiya, ko‘p xom-ashyo talabchan tarmoqlarda - tovar - moddiy zaxiralar, mehnat talabchan tarmoqlarda - ishchilar soni, kapital talabchan tarmoqlarda - asbob-uskunalar qiymati asosida tuzish mumkin. Bunday tartibda guruhlash belgilarini olish guruhlar belgilarini ixtisoslashtirish deb yuritiladi.
Tuzilmaviy guruhlash - Tuzilmaviy guruhlash odatda ma’lum bir belgiga qarab to‘plam tuzilishini ta’riflaydi. Buning uchun dastlab bir belgi asosida taqsimot qatori tuziladi, so‘ngra har qaysi guruh uchun tuzilmani ta’riflovchi to‘plama ko‘rsatkichlar, masalan guruhlash belgisining guruhlardagi yig‘ma hajmi va u bilan yaqindan bog‘liq bo‘lgan belgilar to‘plama miqdorlari hisoblanadi va nihoyat ularga asoslanib ayrim guruhlarning umumiy to‘plamdagi hissalari aniqlanadi.
Analitik guruhlash - Analitik guruhlash deb ikki va undan ortiq belgilar orasidagi o‘zaro bog‘lanishlarni ta’riflovchi guruhlash ataladi. Analitik guruhlashda ikki toifadagi belgilar ishtirok etadi: biri - omil belgilar, ikkinchisi - natijaviy belgilar. Natijaviy belgi deb boshqa belgilar ta’siri ostida o‘zgarayotgan belgi ataladi, omil belgi esa unga ta’sir etayotgan, uni o‘zgarishiga sabab bo‘layotgan belgi yoki belgilardir.
Oddiy va murakkab guruhlash - Guruhlash bir yoki bir necha belgilar asosida tuzilishi mumkin. Bir belgi asosida tuzilgan guruhlash oddiy yoki bir o‘lchamli, ikki va undan ortiq belgilar asosida qurilgan guruhlash murakkab yoki ko‘p o‘lchamli guruhlash deb ataladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |