Alomatlari
Toshma kattaligi 2-4 mm bo’lgan qizil donachalardan iborat. Ular bir necha soatdan keyin papulaga aylanadi, keyin esa vezikulaga. 1-3 kun o’tgach, vezikulalar yuzaki qobiq (yara) qoldirib quriydi. Shu bilan birga, shilliq qavatda asta-sekin enantema — sarg’ish-kulrang yuzaki qobiq hosil bo’ladi.
Suvchechakning inkubatsion davri 7-21 kun davom etadi. Ya’ni infektsiya toshma va boshqa alomatlar boshlanishidan shuncha kun oldin organizmga tushgan bo’ladi. Boshqa belgilar bir necha kun davom etib, quyidagilarni o’z ichiga oladi:
Isitma;
Bosh og’rig’i;
Ishtaha yo’qolishi.
Odam sog’ayishdan oldin kasallikning uch bosqichdan o’tadi:
Qizil va pushti donachalar butun tanada rivojlanadi;
Donachalar suyuqlik bilan to’lgan pufakchalarga aylanadi;
Pufakchalar qattiqlashib, yuzaki qobiq paydo bo’ladi.
Tanadagi toshmalar bir vaqtning o’zida yo’qolmaydi. Virus faoliyati davomida yangi vezikulalar paydo bo’lib turadi. Pufakchalar kuchli qichishi mumkin, ayniqsa, usti qobiq bilan qoplanishidan oldin. Donachalar butunlay yo’qlishi uchun 7-14 kun vaqt ketadi.
Xavf guruhi
Infektsiyaga qarshi immunitet mavjud yoki vaktsina olganlik suvchechak ta’sir qilishi xavfini sezilarli darajada kamaytiradi. Virusga qarshi immunitet onadan chaqaloqqa o’tishi mumkin bo’lib, bolada uch oygacha saqlanib turadi.
Oldin virusga duchor bo’lmagan har bir kishi suvchechak bilan kasallanishi mumkin. Quyidagi sharoitlarda kasallanish xavfi ortadi:
Infektsiyalangan bemor bilan aloqada bo’lish;
Maktabda yoki bolalar muassasasida vaqt o’tkazish;
12 yoshgacha bo’lgan bolalar;
Bolalar bilan yashaydigan, suvchechak bilan kasallanmagan kattalar;
Kasallik yoki dorilar tufayli immun tizimi zaiflashgan shaxslar.
Homilador ayollarda suvchechak kasalligi homiladorlikni sun’iy tugatish uchun ko’rsatma bo’lib xizmat qilmaydi. 14-haftagacha bo’lgan muddatda kasallanganda, homilla uchun xavf 0,4 foizni, 14-20 hafta oralig’ida esa 2 foizni tashkil etadi. 20-haftadan keyin bu xavf ko’rsatkichi juda past bo’ladi. Homiladorlik davrida spetsifik immunoglobulin bilan davolash bo’lajak farzand uchun hatto shu minimal darajadagi xavfni ham keskin pasaytiradi.
Biroq infektsiyalanish tug’ruqdan 4-5 kun oldin sodir bo’ladigan bo’lsa, bu homila uchun og’ir asoratlar bilan yakunlanishi mumkin.
Tashxislash
Agar teri ustida notanish donachalar rivojlansa va ayniqsa, toshmalar toshishi shamollash (O’RVI) yoki grippdagi kabi belgilari bilan birga kechsa, ayniqsa homilador ayollarda, iloji boricha tezroq shifokorga murojaat qilish kerak.
Shifokor suvchechakni teridagi donachalar va jismoniy tekshiruv asosida tashxislashi mumkin. Laboratoriya tekshiruvlariga esa tashxisni tasdiqlash uchun murojaat qilinadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |