Tabiatshunoslikning zamonaviy kompetensiyalari


Geografik muhit tushunchasi


Download 90.5 Kb.
bet6/7
Sana04.02.2023
Hajmi90.5 Kb.
#1161925
1   2   3   4   5   6   7
Bog'liq
Tabiatshunoslikning zamonaviy kompetensiyalari

Geografik muhit tushunchasi. Tabiiy muhit ayrim kishilar hayotiga ta'sir ko‘rsatishi odatda ko‘pgina aniq-ravshan sabablarga ko‘ra jiddiy shubha uyg‘otmaydi. Shunga qaramay, ijtimoiy-tarixiy jarayon yoki moddiy ishlab chiqarishning rivojlanishi to‘g‘risida so‘z yuritilgan holda ular tabiiy sharoitga bog‘liq bo‘ladimi, agar bog‘liq bo‘lsa, bu nimada aks etadi, degan savol tug‘iladi. Shu munosabat bilan «geografik muhit» tushunchasining tahlili muhim ahamiyat kasb etadi. Bu tushuncha fan va falsafada mazkur mavzuni muhokama qilish chog‘ida unga ma'no jihatidan yaqin bo‘lgan «tabiat», «tabiiy muhit», «atrof borliq» kabi atamalar bilan bir qatorda faol qo‘llaniladi, ammo o‘z mazmunida ularga bog‘lanmaydi.
Geografik muhit – bu yer tabiatining inson faoliyati doirasiga jalb qilingan, jamiyat mavjudligi va rivojlanishining zaruriy omili hisoblanadigan qismidir. Ayni holda turli parametrlar: hudud, iqlim, resurslar, landshaft, joy relefi va shu kabilarning ijtimoiy rivojlanish sur'atlari va xususiyatiga ta'siri to‘g‘risida so‘z yuritiladi.
Geografik muhit parametrlari mehnat va moddiy ne'matlar ishlab chiqarish jarayonida odamlar tabiatning turli elementlaridan foydalanishi va o‘z iqtisodiy faoliyati doirasi kengaygani sari mazkur elementlarning muomalaga yanada faolroq jalb qilishidir. Pirovardda inson va tabiat bevosita o‘zaro aloqaga kirishadigan soha o‘zgarishi va kengroq tus olishi, ya'ni geografik muhit doirasining kengayishi geografik muhit parametrlaridir. Masalan, ibtidoiy odamlar tirikchilik qilish uchun asosan tabiiy hayot manbalari o‘simliklar va hayvonlardan, mehnat qurollari yasash uchun esa qo‘l ostida mavjud vositalar – tosh va yog‘ochdan foydalanganlar. Iqtisodiy rivojlanishning oxirgi bosqichlarida foydali qazilmalar va energetik resurslarning roli ortib bordi, ularni qazib chiqarish inson faolligi geografiyasini sezilarli darajada kengaytirdi.
Shu bilan bir qatorda inson mehnati geografik omillar ta'sirida tinimsiz murakkablashib bordi. Xususan, inson o‘z amaliy faoliyatida nafaqat qulay tabiiy sharoitlarga, balki yashash uchun uncha yaroqli bo‘lmagan muhitga ham duch keladi. Masalan, mo‘tadil iqlim, serhosil tuproq, yetarli namlik va shu kabilar nisbatan kam mehnat sarflab yaxshi hosil olish imkonini beradi, tabiiy resurslar o‘tish oson bo‘lgan joyda va yer yuzasiga yaqinroqda joylashganligi esa ularni qazib olishni osonlashtiradi va pirovard mahsulot tannarxini pasaytiradi.
Ammo yer yuzida bunday qulay joylar uncha ko‘p bo‘lmagani uchun, sayyoramizning tinimsiz ko‘payib borayotgan aholisi vaqti kelib noqulay va o‘tish qiyin bo‘lgan yerda joylashgan hududlarni ham o‘zlashtirishga majbur bo‘ldi. Qishloq xo‘jaligini yuritish, yo‘llar, boshqa muhandislik qurilmalari va inshootlar qurishni qiyinlashtiradigan sovuq iqlim sharoiti, tog‘li yoki botqoqli joy odamlarning ishlab chiqarish faoliyatida ularning jismoniy, energetik va boshqa xarajatlarini sezilarli darajada ko‘paytiradi.
O‘z-o‘zidan ravshanki, odamlarning iqtisodiy faoliyati geografik muhitning o‘zgarishiga sabab bo‘ladi, buning natijasida landshaftlar, tuproq qatlami, havo, suv va shu kabilarning kimyoviy tarkibi o‘zgaradi. Tabiat va jamiyatning bunday munosabatlariga hozirgi Afrika misol bo‘lishi mumkin. Bu yerda oxirgi yuz yillikning o‘zida o‘rmonlar maydoni ikki baravar kamaydi va hozirgi vaqtda ulkan qit'a hududining to‘rtdan bir qisminigina tashkil etadi. Pirovard natijada Afrika qit'asida sahrolarning cho‘llarga, cho‘llarning – savannalarga, savannalarning – tropik o‘rmonlarga hujumi tobora kengroq tus olib bormoqda.
Markaziy Osiyo hududida ham Orol dengizining qurib borishi natijasida iqlim va tabiiy muhit keskin o‘zgardi. Bu ekin maydonlarining kamayishiga, sho‘r tuproqning ko‘payishiga olib keldi. Keskin ekologik vaziyat ko‘pgina daryolar oqimining (Amudaryo, Sirdaryo, Zarafshon) sezilarli darajada o‘zgarishi, tuproq erroziyasining kuchayishi va hosildorlikning pasayishi bilan ham tavsiflanadi.
Ammo insonning tabiatga ta'siridan tashqari, geografik muhitda doim tabiiy omillar bilan belgilanadigan o‘zgarishlar ham yuz bergan. yerning butun geologik tarixi shundan dalolat beradiki, unda buyuk muz bosishi va halokatli tarzda vulqonlar otilishi yuz bergan, vaqti-vaqti bilan quruqlikning ko‘tarilishi va pasayishi, zilzilalar, toshqinlar va boshqa tabiiy ofatlarning yuz berishi, yer qiyofasi va odamlarning yashash sharoitini sezilarli darajada o‘zgartirgan. Xususan, Platon o‘zining «Timey» va «Kritiy» asarlarida hikoya qilgan Atlantida halokati tarixi hanuzgacha aksariyat tadqiqotchilarni qiziqtiradi. Bu afsonaga binoan Atlantida katta, hosildor va ko‘p aholi yashaydigan orol bo‘lgan va qadim zamonlarda zilzila oqibatida Atlantika okeani tubiga cho‘kib ketgan.
Afsonalar bilan bir qatorda aniqlangan dalillar ham mavjud. Masalan, Gollandiyaning tarixiy rivojlanishi asosan dengiz qirg‘oq chizig‘ining tabiiy o‘zgarishi bilan belgilanadi. Shuningdek, Xuanxe daryosining o‘zanida yuz bergan o‘zgarishlar Xitoy tarixiga ma'lum darajada ta'sir ko‘rsatgani ham ma'lum.

Download 90.5 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling