Tadqiqotlarida donli boshoqlarni ezishga mo‘ljallangan yorg‘uchoq


Download 39 Kb.
Sana27.01.2023
Hajmi39 Kb.
#1134619
Bog'liq
mezolit–neolit


Darhaqiqat, mezolit–neolit jamoalari xo‘jalik-madaniy tiplarining birini termachilik, ya’ni iste’mol qilishga yaroqli bo‘lgan o‘simliklar, o‘t-o‘lan ildizlari va donlarini terib olish tashkil etgan. Ko‘plab Kaltaminor hamda boshqa neolit davri jamoalari makonlari tadqiqotlarida donli boshoqlarni ezishga mo‘ljallangan yorg‘uchoq toshlari topilgan. Tolstov makonidan o‘simliklarni o‘rish uchun qo‘llaniladigan suyak dastali qistirma tosh, o‘roq, o‘roqsimon pichoq qurollari ham topilgan. Bu turdagi qurollar tuzilishi va turmushda bajargan vazifasiga ko‘ra Old Osiyo va Janubi-G’arbiy Turkmanistonning ilk dehqonchilik xo‘jaligi qurollariga o‘xshaydi. Ilmiy izlanishlarda termachilik mashg‘ulotlari yuzasidan ma’lumot beruvchi dalillar ko‘plab qo‘lga kiritilgan. Masalan, Tolstov makonidan ko‘mir holatiga kelib qolgan jiyda danaklari topilgan. Jiyda danagi uzoq vaqt hech qanday konservatsi siz va qayta ishlovsiz saqlanishi mumkinligi aniqlangan. Amudaryo etaklaridagi to‘qayzorlarda va O’zbekistonning boshqa hududlarida ham hozirgi vaqtda yovvoyi jiyda uchraydi. Shuningdek, termachilik xo‘jaligidan darak beruvchi ko‘plab parranda tuxumi po‘choqlari, molyuskalar qoldiqlari topilgan.
O’rta Osiyo neolit jamoalari xo‘jalik-madaniy tiplarining biri baliqchilik xo‘jaligi bo‘lib, u Oqchadaryo havzasi makonlari manbalari misolida yaxshi o‘rganilgan. Bu turdagi manbalar Tolstov makonidan ko‘plab topilgan. Tadqiqotlar jarayonida cho‘rtan (86%), sazan (8,6%), laqqa (3%), sudak (2%) shuningdek, kam miqdorda bo‘lsa-da leshch, qizilqanotli, oqqayroqli kabi baliq turlari suyak qoldiqlari uchratilgan. Bundan tashqari mazkur hududning boshqa makonlaridan Turkiston sazan balig‘i, ko‘k bo‘yin balig‘i suyak qoldiqlari topilgan. Ushbu baliq turlarining deyarli barchasi hozirgi kunda ham Amudaryo quyi oqimi suv havzalarida uchraydi. Mutaxassislarning fikricha, baliqlar tiniq suvlari to‘yimli, toza suv osti o‘t-o‘lanlari bo‘lgan suv havzalarida urchib ko‘paygan, yashagan va shu joylardan ovlangan. Amudaryo, Zarafshon etaklarida, bunday toza suvli havzalar ko‘p bo‘lgan. Topilmalar ichida cho‘rtan baliq suyagi qoldiqlari ko‘pchilikni tashkil etadi. Bu baliqlar soni ko‘pligi bilan emas, balki yil davomida tutish mumkinligi, ularda urug‘lanish davri boshqa baliqlarga nisbatan ko‘proq davom etishi bilan izohlanadi.
Neolit jamoalarining baliq ovlashda qo‘llagan usullari to‘g‘risida ham ma’lumotlar olingan. Baliqlar dastlab sanchib yoki ildirib olishga moslashgan qurollar bilan tutilgan. Qarmoqlar asosan suyaklardan yasalgan. Garpunlar uchi ikki yon qanotli o‘tkir tig‘li yoki bir yon tig‘li ko‘rinishida bo‘lgan. Shuningdek, uch qismiga sanchib olishga mo‘ljallangan o‘q - yoy uchlari o‘rnatilgan nayzalar ham ishlatilgan. Bu turdagi qurollar suv ustida suzib yuruvchi parrandalarni (Tolstov makoni manbalariga ko‘ra bular – yovvoyi o‘rdak, churrak, baqlan kabilar bo‘lgan) ovlash uchun ham qo‘llanilgan. Garpunlar so‘nggi paleolit jamoalari turmushidayoq paydo bo‘la boshlagan va mezolit davriga kelib juda keng qo‘llanilgan qurol hisoblanadi. Orol dengizi janubiy sarhadlari, Amudaryo etaklari aholisi etnografik ma’lumotlariga qaraganda garpunlar yaqin vaqtlargacha baliq ovida qo‘llanilgan. мaHattoki, kechasi qamishdan yasalgan mash’alalar yordamida baliq tutishganlar. Oqchadaryo havzasi neolit jamoalari suv sathida harakat qiluvchi vositalar yordamida baliqlar tutishganliklari to‘g‘risida gapirish mumkin.
Mezolit-neolit xo‘jalik madaniy tiplari doirasida neolit jamoalarining kundalik turmush tarzida muhim o‘rin tutgan yana bir lokal variant, aholi kasbiy ixtisoslik mashg‘uloti hunarmandchilik, kulolchilik, teriga ishlov berish kabilar bo‘lgan. Sopol idishlar yasashning kashf etilishi va bu buyumlarning turmushda qo‘llanilishi muhim ahamiyat kasb etib, o‘z davrining yana bir yuksak yutug‘i hisoblangan. Sopol idishlar yasash uchun faqat mutaxassis kishilargina sifatli tuproq tanlay olgan. Ular suv havzalari yonlaridagi yotqiziqlarda hosil bo‘lgan toza gil tuproqlardan turli idishlar yasashda foydalanishgan. Sopol idishlar devorlari mustahkam va olovga bardoshli bo‘lishini ta’minlash maqsadida tayyorlanayotgan loyga maydalangan tosh, qamish uvog‘i, ba’zan eski idish qoldiqlarini maydalab qo‘shishgan. Sopol idishlar devorlari sirtlariga olovda.,pishirilmasdan oldin uchli yog‘och, tirnoq yoki suyaklar yordamida turli naqshlar solingan.
Neolit jamoalari turli iqlim, landshaft, ekologik sharoitda yashaganligi va bu muhit ularning kundalik turmush tarzi, xo‘jaliklari tarziga ijobiy ta’sir ko‘rsatganligi qo‘lga kiritilgan ashyoviy dalillar asosida isbotini topdi. Demak, odamzod o‘zi yashab turgan joy ekologik sharoitidan kelib chiqib, xo‘jalik ishlarini yuritgan va xo‘jalikning shu sohalariga mos tarzda mehnat qurollariga ega bo‘lishgan. Bu ma’lumotlarning o‘zi inson va tabiat o‘rtasida mustahkam aloqa bo‘lganligini va bu aloqalar o‘z navbatida muayyan madaniyatda mujassamlashganligini ko‘rsatib turibdi.
Download 39 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling