Talaba: Murodov Shohrux Kurs: 1-kurs Shaxs maʼnaviyatini shakllantirishda xalq ogʻzaki ijodining ahamiyati Annotatsiya


Download 39.92 Kb.
Sana22.02.2023
Hajmi39.92 Kb.
#1220996
Bog'liq
Shoxruh 1-ish


Talaba: Murodov Shohrux
Kurs: 1-kurs


Shaxs maʼnaviyatini shakllantirishda xalq ogʻzaki ijodining ahamiyati

Annotatsiya: Ushbu maqolada boshlang’ich sinf o’qish darslarida xalq og’zaki ijodi orqali o’quvchilar tafakkurini o’stirish, ma’naviy dunyosini shakllantirishning tarbiyaviy ahamiyati xususida so’z yuritilgan.




Kalit so’zlar: xalq og’zaki ijodi, ertak, topishmoq, janr, doston,milliy qadriyatlar


Mustaqil O`zbekistonda milliy qadriyatlar tiklanayotgan hozirgi davrda xalq yaratgan merosini yosh avlod ongi shuurida tasavvur hosil qilish, umuminsoniy qadriyatlarni har tomonlama o`rgatish va tatbiq etish davr talabi. Qolaversa, har bir shaxsning zimmasidagi mas`uliyati hisoblanadi. Ana shu as`uliyatni his qilgan inson kelajak avlodimizning yangi fikrlaydigan, izlanuvchan, mehr-oqibatli, yurtsevar, elparvar egalarini yetishtirishda, tarbiyalashda o`z hissasini qo`shadi. Buyuk allomalarimizning ibratomuz hayotlari, Vatan, xalq uchun qilgan xizmatlari haqida, aziz –avliyolarning ilmi-urfoni haqida, mamlakat osoyishtaligi, tinchligi, xalq or-nomusi uchun kurashgan sarkardalar haqida, qolaversa, Vatanning har bir go`shasi xususida ota-bobolarimiz yaratgan rivoyatlar o`zining ilmiy, badiiy ahamiyati bilan qimmatlidir. Rivoyatlar mavzu doirasi nuqtai nazaridan asoslanib, tahlillar, misollar bilan yoritilgan. Rivoyatlarni izchil o`rganish va tatbiq etish yosh avlod kamoloti uchun muhim manba hisoblanadi. Latifa va topishmoqlar esa hozirjavoblikda, tez aytishlar so’zlarni to’g’ri talaffuz qilishda, maqollar so’zga husn berishda, fikrni yorqin, ta’sirchan qilishda muhim ahamiyat kasb etadi. Xalqimiz o’z quvonchini, sh odligini yoki g’am-hasratini o’z qo’shiqlarida yorqin aks ettirgan. Bolalar tasavvurini, fantaziyasini o`stirishda ertaklar alohida o`rin tutadi. Har bir aytiladigan ertak bolalarda yangicha taassurot qoldiradi. Bolalar ertak qahramonlariga o`xshashga harakat qiladilar, sehrli narsalarga ega bo`lishni istaydilar yoki o`zlari sehrgarga aylanib qolishni va qahramon singari behisob kuch-qudratga qodir bo`lishni orzu qiladilar. Ertaklar yordamida yaxshilik va yomonlik sahrolarida, adir-u tog`liklarida sayohat qiladilar. Ana shu davrdan boshlab nima yaxshi-yu nima yomon ekanligini anglay boshlaydilar. Bolalar ulg`aygan sari o`zlaridan kichiklarga ertak aytib berishga, ularni aqlli, vazmin bo`lishga, o`jar, injiq qiliqlarini tashlashga undaydilar. Ular ham o`zlarini kichik tarbiyachilar sifatida tutadilar. Umuman olganda, xalq og`zaki badiiy ijodi katta-yu kichik, yosh-u qari uchun birdek donishmandlik majmuasi hisoblanadi. Asrlar o`tsa-da, buyuk allomalarimiz asarlarida ta`lim-tarbiya masalalari badiiy ifodalansa-da, xalq tafakkurining mahsuli bo`lgan folklor asarlari ma`naviy jihatdan olamshumul ahamiyat kasb etishda davom etaveradi. Ma’naviyat qadim zamonlardan inson dunyoqarashini, xatti-harakatini, jamiyatda tutgan o‘rnini, xalqqa, vatanga, atrofidagi odamlarga bo‘lgan munosabatini boshqaruvchi omil hisoblanadi. Ma’naviy qashshoq kimsa hayotda ro‘y berayotgan voqealarga loqayd bo‘ladi. Loqaydlik esa tuzatib bo‘lmas oqibatlarga olib keladi. Ma’naviy qashshoq odam uchun Vatan, xalq, oila kabi muqaddas tushunchalar yot. Shuning uchun keksa avlod, avvalo, farzandning ma’naviy dunyosini shakllantirish chorasini rejalashtirgan. Aslini olganda, xalq dostonlari, ertaklari, qo‘shiqlari, maqollari va boshqa o‘nlab janrdagi asarlar yosh avlodning ma’naviyatini boyitish, uni haqiqiy inson darajasiga yetishini ta’minlash maqsadini nazarda tutgan holda yaratilgan. O‘tgan asrgacha bugungi kundagi matbuot, o‘quv dargohlari, madaniyat markazlari, radio, televideniye, internet kabi ta’lim, ma’rifat tizimi bo‘lmagan. Bu vazifalarni bajarish, asosan, xalq og‘zaki ijodi zimmasiga yuklatilgan. Natijada, xalq og‘zaki ijodi xalq pedagogikasini tashkil etgan. Ertaklar – yaxshilikka yetaklar, deb xalqimiz bejizga aytishmagan. Ertak-larning tarbiyaviy ahamiyati katta. Ertaklarda voqealar asosan mo`jizali tarzda ifodalanadi. Binobarin, mo`jiza yoki fantaziya voqea va hodisalarni hayot bilan bog`lab, haqiqat, ozodlik, to`g`rilik, odamiylik kabi didaktik g`oyalarni tashviq etadi, syujet rivojiga kuch bag`ishlaydi, tinglovchi e`tiborini o`ziga jalb qilib, ajoyibotlar olamiga olib kiradi, shirin tuyg`ular dunyosiga g`arq etadi. Umumlashtirilgan holda ertakka xos quyidagicha ta`rif e`tirof etilgan: “Hayot haqiqati bilan bog`liq bo`lib, fantastik hamda hayotiy uydirmalar asosiga qurilgan, didaktik g`oya tashuvchi og`zaki hikoyalar ertak deb ataladi.” Darhaqiqat, ertaklar bolalarga mo`ljallangan ijod turi bo`lib, ularni tuzilishi jihatidan bolalarning yosh xususiyatiga ko`ra quyidagicha tasniflash mumkin: Kichik yoshdagi bolalar ertaklari (2 yoshdan 6 yoshgacha); O`rta yoshdagi bolalar ertaklari ( 7 yoshdan 11 yoshgacha); O`smir yoshdagi bolalar ertaklari ( 12 yoshdan 16 yoshgacha). Kichik yoshdagi (2 yoshdan 6 yoshgacha) bolalarga aytiladigan ertaklarning voqeasi juda sodda, ishtirok etuvchi ertak qahramonlari va personajlarining ham soni 3-4 nafardan oshmaydi. Ularning ham aksariyati bolalarga tanish uy hayvonlari, parrandalari, qushlar yoki o`rmon hayvonlari, Shuningdek, oila a`zolariga o`xshagan nomlari tanish (ota-ona, bobo-buvi, tog`a va shu kabi) kishilardan iborat. Bunday ertaklar xususan, bolalarni ovutish, fikrini biror narsaga jalb qilish, biror foydali odatga o`rgatish, ularga notanish hayvonlarning o`zini, xarakterini tanishtirish maqsadida aytiladi. Masalan, “Qarg’avoy”, “ Ur, to’qmoq”, “Oltin tarvuz” kabi ertaklarda go`dakning olamdagi mavjudotni ongli ravishda anglab borishiga yordam beradi. Chunki bola atrof-muhit bilan tanisha boshlashi mobaynida dastlab hayvonlarga juda qiziqib, sinchkov nazar tashlaydi, ko`rgan hayvonlaru parrandalarni ushlab ko`rishga intiladi. Sababi, bolaning aksariyat o`yinchoqlari hayvonlar shaklidan iborat. Bu yoshdagi bolalarga ertak voqeasi tovush tembriga ko`ra ohang yordamida, ko`z, qo`l, gavda harakatlari orqali hikoya qilinadi. Shuningdek, ertak aytuvchi bolalarning diqqatini bir joyga to`plash, qiziqtirish va tinglashga tayyorlash uchun ertak oldi deb atalmish an`anaviy qolip jumlalardan foydalanishi zarur. An`anaviy qoliplardan biri bu boshlamadir. Boshlanma ertakning dastlabki qismini ta`riflaydi. Ertaklarda an`anaviyboshlama voqeaning qay vaqt bo`lib o`tganini bildirmaydi, noaniq, umumiy tarzda ifodalaydi. Ertak aytuvchi kichik va o`rta yoshdagi bolalarga mo`ljallangan har qanday ertaklarni tinglovchi diqqatini tezda o`ziga jalb qilishi uchun “Bir bor ekan, bir yo`q ekan, och ekan, to`q ekan, bo`ri bakovul ekan, tulki yasovul ekan, qarg`a qaqimchi ekan, chumchuq chaqimchi ekan, g`oz karnaychi ekan, o`rdak surnaychi ekan, tovuq qoq etdi, bilmadim qaqqa ketdi” – tarzida an`anaviy boshlama qolipdan foydalanishi maqsadga muvofiqdir. O`rta yoshdagi (7 yoshdan 11 yoshgacha) bolalar ertaklari. Bu yoshdagi bolalarning xotirasi, fikrlash doirasi ancha takomillashgan bo`lib, ular oila, turmush haqida qisman tushunchaga ega bo`ladilar. Ularga yanada fikran chuqurroq, biroz bo`lsa-da o`ylab, xulosa chiqarishga undaydigan ertaklar tavsiya etiladi. Bu yoshdagi bolalar ertaklarining hajmi ham kattalashib boradi, mazmun-mohiyati kengayadi, sodda fikrlar sekin-asta chuqurlashadi, bolalar voqea-hodisalarning ikkinchi - ko`chma ma`nolarini ham anglay boshlaydilar. Bu yoshdagi bolalar majoz asosiga qurilgan hayvonlar haqidagi ertaklar va ixcham syujet asosiga qurilgan sehrli ertaklarga juda qiziqadilar. Masalan, “Maymun va duradgor” ertagida o’ziga aloqador bo’lmagan ishga aralashishning oqibati nima bo’lishi aytilsa, “Rostgo’y bola” “Uch o’g’il” ertagida to’g’risozlik, rostgo’ylik g’oyasi ilgari surilgan. Bunday ertaklar bolalarga qorong`i va yorug`lik, sovuqlik va issiqlik, yomonlik va yaxshilik, yolg`on so`z va to`g`ri so`z, zulm va adolat haqidagi tushunchalarni anglatish bilan birga, yaxshi va yomon kishilar obrazlarini ham yaqqol tasvirlaydi. Tashqi dunyo bolalarning ko`z o`ngida kengayib, oddiy tasvirlar, voqea – hodisalarning sodda holatlari murakkablashib boradi. Ertaklar, avvalo, bolalarning jonivor hayvonlarga, parrandalarga bo`lgan qizi-qishi, mehrini oshirsa, ikkinchidan,mehnat orqali farovon, tinch, osoyishta turmush kechirish mumkinligi uqtiriladi. Ertaklarning yakuni qissadan hissa chiqarishga undaydi. Ya`ni, “ Yaxshilik qilsang – yaxshilik topasan, yomonlik qilsang – jazo olasan”, “Mehnat qilsang-rohat ko`rasan”,“Mehnatdan kelsa boylik, turmush bo`lar chiroylik” kabi maqollarning ma`nosiizohlansa, bolalar har bir o`qigan ertak-larining xulosasini maqollar bilan izohlashga harakat qiladilar. Bu bolalarning tafakkurini charxlash bilan birga, ko`proq maqollar yod olishiga ham yordam beradi. O`smir yoshdagi ( 12 yoshdan 16 yoshgacha) bolalar ertaklari. Bu davr yoshidagi bolalarda katta ishlarni amalga oshirish, qahramonliklarga intilish, fantaziyaga qiziqish yuqori bo`ladi. Ular ko`proq aql va tafakkurni charxlaydigan, bahodirlik, afsonaviy, sarguzasht xarakterdagi ertaklarni qiziqib, sevib o`qiydilar. Ertak qahramoni aql bilan ish tutib, qiyin jumboqlarni yechadi, tadbir bilan ish tutib, dahshatli kuchlarni yengadi. Masalan, “Susambil”, “Uch og’a-ini botirlar” ertaklarida sujet tuzilishi ixcham voqea va hodisalardan iboratligi, sodda ifodalanishi o`qimishlilikni ta`minlaydi. Ma’lum bo‘ladiki, qahramon ismi berilsa ham, berilmasa ham asosiy maqsad ertakdagi hikoya qilinayotgan voqea oddiy maishiy turmush sharoitida kechganini ta’kidlashdan iborat bo‘ladi. Keyingi maqsad asar ishtirokchilari boshidan kechirgan turmush lavhalari vositasida yosh avlodning barkamol inson bo‘lib etishuvi uchun tarbiyaviy zamin hozirlashdan iboratdir. «Uch og‘a-ini botirlar» ertagida mo‘ysafid ota o‘z o‘g‘illarini qo‘rqmas, jasur qilib o‘stiradi. O‘z farzandlarini baxt topish safariga otlantirar ekan, ularga uchta maslahat beradi: «To‘g‘ri bo‘ling, bexavotir bo‘lasiz. Maqtanchoq bo‘lmang, uyatga qolmaysiz. Dangasa bo‘lmang, baxtsiz bo‘lmaysiz». Bu pand mohiyatini tahlil qilsak, hayotga tayyorlanishi lozim insonning haqiqiy amal qilishi kerak hisoblangan fazilatlar aks etganiga ishonch hosil qilamiz. Bu ertaklarda tarbiyaviylik, ma`naviy yetuklik, komillik, odamiylik, fikran teranlik ustivor darajada tavsiflanadi. Rivoyatlar mazmun yo‘nalishiga ko‘ra tarixiy voqelar, ularda ishtirok etgan shaxslar jasorati yoki xiyonati asosida yoki yurtimiz viloyatlaridagi o‘rin-joylarning nomlanishini izohlash maqsadida yaratilgan turlarga bo‘linadi. Tarixiy rivoyatlarda To‘maris, Shiroq, Jaloliddin Manguberdi, Temur Malik, Amir Temur kabi yurti ozodligi va mustaqilligi uchun jonini qurbon qilgan el farzandlari mardligi, shu bilan birga o‘zining o‘tkinchi hirsiy nafsi yo‘lida vataniga xiyonat qilgan Dalvarzin, Guldursunga o‘xshagan xiyonatkor shaxslar kirdikorlari hikoya qilinadi. Mard, jasurlarning ishlari ham, xoinlarning xiyonati ham unutilmaydi. O‘zbekiston – dunyoda o‘zining ilmiy kashfiyotlari, fan rivojiga qo‘shgan hissalari, badiiy ijodda yaratgan asarlari bilan mashhur farzandlar yurti. Imom Buxoriy, Beruniy, Ibn Sino, Ulug‘bek, Navoiy, Behzod, Boburdek ulug‘ insonlar nomini sharaflovchi o‘nlab rivoyatlar xalq qalbida saqlanib kelmoqda. Masalan, 3-o’qish darsligidagi “Ibn Sinoning shogirdlari” rivoyatida bilimdonligi va donoligi, “Bobur va kabutar” rivoyatida Boburning ziyrakligi alohida ta’kidlab ko’rsatilgan. Maqol va topishmoq - bu ikki tushuncha inson tafakkurining shakllanishida katta ahamiyatga ega. Maqollar insonni axloq-odobga o‘rgatsa, topishmoqlar uni mantiqiy fikrlashga, topqirlikka, hozirjavoblikka undaydi. Maqol inson nutqini bezaydi (xalqimizda «So‘z ko‘rki maqol», deb bejiz aytilmagan), uning ta’sir kuchini oshiradi. Biror-bir fikrni uqtiriShda ishlatilgan maqol uni chuqur o‘zlashtirishga xizmat qiladi. Maqollar pandnasihatlar, tarbiyaviy suhbatlarda o‘git sifatida ham keladi. Shuning uchun uni «Otalar so‘zi» ham deyishadi. Buning boisi, har bir maqol ota-bobolarimiz tomonidan yaratilib, bir necha mingyilliklar davomida sayqal topib kelayotgani, yaxshilik, ezgu ishlarga undaydigan bebaho ma’naviy boyligimiz ekanidir. Maqolda mazmun aniq, xulosa tugal, ifoda ravon bo’lib, unda ibratli fikr aytiladi. Bu fikr rad etib bo‘lmaydigan hukm shaklida keltiriladi. Masalan, “Ona yurting omon bo’lsa, rangi ro’ying somon bo’lmas”, «Ona yurting - oltin beshiging», «Kishi yurtida shoh bo’lguncha, o‘z yurtingda gado bo‘l», “Bulbul chamanni sevar, odam - vatanni” kabi maqollarni hech bir e’tirozsiz qabul qilamiz. Chunki bu maqollarda bolalarni ona-Vatanni sevishga, Vatanga muhabbat Onaga muhabbat kabi muqaddas va yuksak tuyg’uligini uqdirishga qaratilgan. Ma’lumki, ko‘plab maqollardagi yana bir xususiyat ularda so‘zlarning qofiyadosh bo‘lib kelishidir. Masalan, «Yuz ko‘rki soqol, so‘z ko‘rki maqol», «Aql - yoshdan, odob - boshdan». Shu xislati bilan maqollar topishmoqlarga o‘xshab ketadi. «Bir parcha patir, olamga tatir» (oy) topishmog’idagi «patir» va «tatir» so‘zlaridek, maqoldagi «yoshdan» va «boshdan» so‘zlari bir-biriga qofiyadoshdir. Biroq bu o‘xshashlik tashqi shaklda ko‘rinadi. Mazmunan ular o‘zida boshqa-boshqa ma’nolarni tashiydi. Maqol ibratli fikrni anglatsa, topishmoq kishini jumboqda yashiringan ma’noni topishga undaydi, idrokini sinaydi. Xalq maqollari - boyligimiz. Ota-bobolarimizning siz bilan bizga qoldirgan xazinalaridan biridir. Ulardan kerak o‘rinlarda foydalanishni odat qilishimiz kerak. Shunda ular butun umrimiz davomida hamrohimiz bo‘ladi. Har bir gapirgan gapning salmog‘i oshadi. Sermazmun, ta’sirchan, keskir bo‘ladi. Topishmoqlar kishining tasavvuri va tafakkurini o‘stiradi, ayniqsa, bolalarni topag‘on bo’lishga, hozirjavoblikka o‘rgatadi. Topishmoqlar xalq og‘zaki ijodining boshqa janrlari, jumladan, doston va ertaklar ichida ham uchraydi. Ular doston va ertaklar mazmunini boyitib, ularning qiziqarliligini, o‘qishliligini ta’minlaydi. Xalq og’zaki ijodidagi doston yoki ertak qahramonlari bir-birlarining aqli va farosatini topishmoqlar orqali sinaydilar. Bu hodisa ko‘proq ertaklarda uchraydi. Topishmoqlar mavzu jihatdan rang-barang bo’lib, ular olam va odam bilan bog‘liq barcha narsa va hodisalarni qamrab oladi. Maqol va topishmoqlar, o‘zlarining o‘xshash va farqli jihatlaridan qat’i nazar, inson tarbiyasiga xizmat qiladi, uni ziyraklik va zukkolikka unday di. Yoshligimizda o‘ynagan quvlashmachoq, bekinmachoq va boshqa o‘yinlarda kimdir xizmatda qolishi kerak bo‘lgan. Guruh ikkiga bo‘linganda, xolislik talab qilingan. Shuningdek, sanashni o’rganayotganda sanamalarga murojaat qilganmiz. Shunday qilib, o‘zbekning butun fazilati, falsafasi, donoligi, dunyoqarashi, oliy himmatliligi, turli hayotiy vaziyatlarga munosabati maqollarda aks etgan. Insondagi mehnatga muhabbat, ishq tuyg‘ulari qo‘shiqlarda eng go‘zal ichki kechinmalar sifatida ifodalangan. Ertaklarda xalqimizning eng oliy orzu-havaslari namoyon bo‘ladi. Ular bilan tanishgan yosh avlod o‘zbek uchun vatan, xalq, oila, mehnat, ilm, g‘urur naqadar muqaddas tushunchalar ekanini anglab yetadi. Mamlakatimizda demokratik huquqiy jamiyatni barpo etish yo'lida olib borilayotgan keng ko'lamdagi islohotlar mustaqil fikrlash layoqatiga ega, aqliy, ma'naviy-axloqiy, ruhiy va jismoniy jihatdan yetuk, barkamol insonni tarbiyalash zarurligini taqozo etmoqda. Zero, barkamol avlodning ijtimoiy faolligi milliy hamda umuminsoniy qadriyatlar ustuvorligi ta'minlangan huquqiy jamiyatni barpo etish imkoniyatini beradi.Yurtboshimiz Sh.Mirziyoyev xalqimizning boy tarixiga e’tibor berib shunday degan edilar:“Barchamizga ayonki,O’zbekiston boy qazilma va tabiiy resurslarga,qudratli iqtisodiy va insoniy salohiyatga ega. Biroq bizning eng katta boyligimiz bu-xalqimizning ulkan intellektual va ma’naviy salohiyatidir ”. Bugungi kunda mamlakatimizda ijtimoiy-siyosiy sohada amalga oshirilayotgan keng islohotlar vatan taqdiri, xalq ravnaqi, mustaqil yurtning kelajakdagi boshqaruvchilari-yangi avlodtarbiyasiga qaratilmoqda. Mustaqillikka erishgan birinchi kunimizdanoq, umuminsoniy va o’zbekona qadriyatlarni har tomonlama tiklash,ularga chuqurroq nazar tashlash uchun zamin yaratildi. Mustaqil Vatanimizga har tomonlama yetuk, mukammal, axloqiy pok, yuksak ma’naviy hislatlarga ega,iymon-e’tiqodi butun,o’z xalqi, o’z ona- Vataniga fidoiy, barkamol insonlarni tarbiyalash davlat siyosatida ustuvor masalalardan biri sifatida qarala boshladi. Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev kelajak yosh avlod tarbiyasiga katta ahamiyat berib:”Yoshlarimizning mustaqil fikrlaydigan,yuksak intelektual va ma’naviy salohiyatga ega bo’lib,dunyo miqyosida o’z tengdoshlariga hech qaysi sohada bo’sh kelmaydigan insonlar bo’lib kamol topishi,baxtli bo’lishi uchun davlatimiz va jamiyatimizning bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etamiz ” degan edilar. Mamlakatimizda yosh avlodni barkamol qilib tarbiyalash, ularning hayotga mustaqil qadam qo'yishlari uchun barcha zarur sharoitlarni yaratishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Prezidentimiz Sh. Mirziyayev yosh avlod tarbiyasiga katta ahamiyat berib, Shunday degan edilar:”Maktabda o'qitish metodikasi o'zgarmasa, ta'lim sifati ham, mazmuni ham, muhit ham o'zgarmaydi”. Shundan kelib chiqib, hozirgi vaqtda tarbiyaning noodatiy bo’lgan shakllari va usullarini izlab topish, o’sib borayotgan avlodda mustahkam tarbiya va qarashlarini shakillantirish bola shaxsida milliy madaniyat va milliy qadriyatlarni hurmat qilish, avaylab asrash tuyg’ularini o’stirishga diqqatini qarratmog’imiz lozim. Yuqoridagi fikirlarga asoslanib, o’sib borayotgan avlodning tarbiya tizimida xalq og‘zaki ijodi va pedagogikasi tajribalari yosh avlodni xarakteri va ongini boshqaruvchi vosita, asosiy kuch deb hisoblash mumkin.Тarbiyada xalqning milliy va ma’naviy qadriyatlariga suyanish,ular orqali o’quvchilarida milliy qadriyatlarni shakllantirish-o’ta dolzarb masalalardan biridir. Chunki,bugungi kunda mafkuraviy poligonlarda yoshlar ongi va qalbi uchun kurash keskinlashgan bir paytda o’quvchilarni iloji boricha,oila muhitida va maktabgacha ta’lim muassasasidanoq vatanparvar, xalqparvar, fidoiy, Vatani, xalqi uchun jonini ayamaydigan matonatli qilib tarbiyalash zarur. Хalq og’zaki ijodida komil inson g’oyasi azal-azaldan kuylanib kelingan va u xalqimizning ezgu orzusi, uning ma’naviyatining uzviy bir qismi bo’lib kelgan. Zardushtiylikning muqaddas kitobi «Avesto»da halol mehnat komillikning asosiy mezoni sifatida talqin etilgan. Komil inson g’oyasi islom falsafasidan oziqlanib yanada kengroq ma’no-mazmun kasb etgan.
Хalq og’zaki ijodida yosh avlodni ma’naviy-axloqiy tarbiyalash masalalari keng qamrovli bo’lib,o’z zamirida tarbiya usullari, insoniy qadriyatlar va yurtsevarlik tarbiyasi,do’st birodarlik,ahillik,mehnatsevarlik, kasb-hunarga muhabbat,yaxshilik va yomonlikning ta’rifi, yaxshi va yomon so’zning oqibati,halollik, to’g’rilik, olijanoblik tarbiyasi, adolat, insof va insofsizlik, og’ainichilik va qon-qardoshchilikning ahamiyati, botirlik va qo’rqoqlik, odobodobsizlik, mehmon va mehmondo’stlik kabi kategoriyalar talqin qilinadi. “Хalqimizning ma’naviy merosini, ruhini mustahkamlash va rivojlantirish - O’zbekistonda davlat va jamiyatning eng muhim vazifasidir. Ma’naviyat shunday qimmatbaxo mevaki,u bizning qadimiy va novqiron xalqimiz qalbida butun va insoniyatning ulkan oilasida o’z mustaqilligini tushunib yetish va ozodlikni sevish tuyg’usi bilan birgalikda yetilgan. Bizning ma’naviyatimiz asrlar davomida million-million kishilar taqdiri asosida shakllangan. Ma’naviyat insonning, xalqning, jamiyatning va davlatning kuch-qudratidir”. Degan edilar birinchi Prezidentimiz I.A Karimov.Shundan kelib chiqib aytish kerakki ziyolilar va o’qituvchilarning asosiy vazifalaridan biri ham o’tmish ma’naviy merosimizni yosh avlodga yetkazish va buni yetkazishning yanada samarali usullarini ishlab chiqishdan iboratdir. Har bir xalqning tarixi shu xalqdan yetishib chiqqan buyuk siymolar, mard qaxramonlar va fidoyi insonlar tarixi asosida bitiladi. Хalqimizning Shiroq va Тo’maris, Spitamen va Muqanna,Тemur Malik va Jaloliddin Manguberdi, Amir Тemur va Bobur Mirzo kabi mard farzandlari-buyuk g’oya sohiblaridir. Shunday buyuk siymolarimizdan A.Avloniyning bunday gaplari o’rinlidir: “Har bir millatning saodati,davlatlarning tinch va rohati yoshlarning yaxshi tarbiyasiga bog’liqdur”. Umumiy o’rta ta’lim maktablari o’quvchilarida xalq og’zaki ijodi namunalaridan foydalanish orqali ularni milliy qadriyatlar ruhida tarbiyalash – pedagogikada dolzarb masalalar sirasiga kiradi. Insonning o’zi va o’z oilasining baxt-saodati yo’lida mehnat qilishga shaxsan tayyor ekanligi uning ichki imkoniyatlarini tashkil qiladi. Shaxs imkoniyatlari juda chuqur asoslarga egadir. Milliy qadriyatlar, o’z mohiyatiga ko’ra, xalqimizning asosiy maqsad va muddaolarini ifodalaydigan, uning o’tmishi va kelajagini bir-biri bilan bog’laydigan, asriy orzu-istaklarini amalga oshirishga xizmat qiladigan g’oyalar tizimidir. O’zbek olimi M. Haydarov yozishicha: “Хalq og’zaki ijodi namunalaridagi odobaxloq,ta’lim-tarbiya borasidagi pandnomalar bag’oyat hayotiy, xalqchil va ibratlidir. Хususan an’anaviy xalq dostonlari va ertaklari, qo’shiqlar va maqollar tarbiya darslari ekanligini, folklorning boshqa katta-kichik janrlari boshdan-oyoq pandnomaligini unutmasligimiz kerak”. Хalq pedagogikasining sharqona an’analari, oilaviy-maishiy yo’nalishlari, o’ziga xosligi, ommaviy bayram- sayllar, marosimlar, urf-odatlar va udumlarda ifodalanishi o’sib kelayotgan yosh avlod tomonidan o’rganilishi lozim bo’lgan masalalar sirasiga kiradi. Folklorshunos olim S. Тurayev ta’kidlashicha: “Хalq og’zaki ijodida hayotning, tafakkurning, odob-axloq, ta’lim-tarbiyaning hamma jabhasini, barcha muammolarini qamrab olishi bilan xarakterlanadi” . Darhaqiqat, xalq og’zaki ijodida inson qadr-qimmati va sha’nini ulug’lovchi, ma’naviy kamolotini belgilovchi omillar, iymon-e’tiqodining butunligi, vatanparvarlik, do’st-birodarlik, yaxshilik, ezgulik, ahillik sahifalari rangbarangdir. Bu sahifalarning har biri yosh avlod uchun odobnoma, ibratnoma deb baholanishga tamomila haqlidir.Jamiyatimizdagi yoshlarni milliy qadriyatlarimiz ruhida tarbiyalashda tarbiyaning vazifalari keng va ko’p qirrali ekanligini unutmasligimiz kerak. Demak, qanday insonni tarbiya qilish darkor, tarbiya natijasida inson qanday bo’lishi kerak, degan savollarni avvaldan tasavvur etish zarur. Bunda xalq og’zaki ijodi namunalaridan foydalanish orqali o’quvchilarda milliy qadriyatlarni tarkib toptirish katta ahamiyat kasb etadi. Bu jamiyatning komil insonni tarbiyalashdek maqsadiga mos kelishi kerak. Xalq og’zaki ijodida keng talqin qilinadigan мilliy qadriyatlarinsonparvarlik,bag’rikenglik, vatanparvarlik, mehmondo’stlik, ahillik, to’g’riso’zlik va boshqalar o’zbek xalqi qadriyatlarining nozik kurtaklari bo’lib hisoblanadi. Ularni xalqimiz asrlar osha avaylab- asrab kelmoqda. Mamlakatimizning kuch-qudrati manbai ham uning milliy qadriyatlarga sodiqligidadir. Insonparvarlik - bu o’zbek halqi milliy ruhiyatining ajralmas fazilatidir. Shu sababdan "oila, ota-ona, bolalar, qarindosh-urug'lar, qo'ni-qo'shnilar, xalq, mustaqil davlatimizga sadoqat, insonlarga hurmat, ishonch, xotira, vijdon, erkinlik ma'naviyatining ma'nosi ana shunday keng.Haqiqatdan ham ma'naviyati boy kishi ona-yerga, Vatanga sadoqatli bo'ladi.O'z hayotini Vatanining ravnaqisiz tasavvur qila olmaydi.Bola maktabga borganida ma'lum ma'naviy xususiyatlarga ega bo'ladi, lekin haqiqiy ma'naviy fazilatlar maktabda ta'lim-tarbiya olish jarayonida paydo bo'ladi. Maktabda o'qitiladigan har bir fan, asosan tarbiya fanining har bir mavzu o'quvchi ma'naviy qiyofasining boyishiga hissa qo'shib boradi.Ayniqsa, xalq og'zaki ijodi namunalari bolalarga kuchli ma'naviy ta'sir ko'rsatish imkoniga ega.Tez aytish, maqollar, ertaklar tajribada sinalgan, minglab yillar davomida jamiyat a'zolarini eng yaxshi fazilatlar sohibiga aylantirgan tarbiya vositalari hisoblanadi.Tez aytish, maqollar, xalq ertaklari mazmun jihatidan boy, shakl jihatidan xilma-xildir.Ularning paydo bo'lishi ham uzoq o'tmishdan boshlanib, hozirgi kungacha davom etib kelmoqda.Xalqning umumiy dahosi mahsuli bo'lgan folklor materiallari aynan bir xalq, bir millat tomonidan yaratilsa ham, umuminsoniy qiymati kuchli hisoblanadi. Shuning uchun ham tez aytishda, maqollarda, ertaklarda turli xalqlarda yaratilgan, mazmun jihatidan bir xil, yoki bir-biriga yaqin bo'lgan materiallar uchrab turadi.Bu hol xalq og'zaki ijodini umumbashariy ta'siriga ega ekanligidan dalolat beradi. Tez aytishlar, maqollar, ertaklar mazmuniga qarab, yoshlarni tarbiyalashni turli yo'nalishlarini, aqliy, axloqiy, jismoniy, ruhiy, estetik, mehnatsevarlik va boshqa xususiyatlarni tarkib toptirishga qaratilgan bo'ladi. Inson kamolotining biror sohasi yo'qki, unga tez aytish, maqollar, ertaklar ta'sir etmagan bo'lsin.Tarbiya fanidagi ayrim materiallar yoshlarni tarbiyalashni qonun-qoidalari, printsiplari, metodlarini aks ettirish bilan ajralib turadi.Shunday imkoniyatlarga ega bo'lgan xalq og'zaki ijodi boshlang'ich sinflarda tarbiya fanining asosiy mazmuni tarkibiga kiritilgan holda o'rganib kelinmoqda. Folklorshunos olimlarning tadqiqotlarida xalq og'zaki ijodi janr xususiyatlari, badiiy qiymati, paydo bo'lishi va taraqqiyoti haqidagi qarashlari katta ilmiy ahamiyatga ega ekanligini tan olish zarur. Ma'lumki, inson barkamolligi uning ma'naviy qadriyatlar haqidagi xalq og'zaki ijodi yoshlarda milliy va umuminsoniy fazilatlarni tarkib toptirishda, kundalik faoliyatlarida doim amalga oshirib borishlari uchun eng qulay vositadir. Zero, xalq og'zaki ijodi bolalar hayotida alohida o'rin tutadi. Ular o'quvchilarga samarali tarbiyaviy ta'sir qilib, ma'naviy va axloqiy shakllanishlarida katta yordam ko'rsatadi. Xalq og‘zaki ijodi milliy o`zlikni saqlashda, yoshlarni tarbiyalashda, muayyan g`oyalarni ruhiyatga singdirish katta ahamiyat kasb etadi. Tarbiya va ta`limning milliy xususiyatlari ham xalq og‘zaki ijodida o`z o`rniga ega. Xalqning kelajagi yoshlarga bog`liq ekanligi qanchalik haqiqat bo`lsa, o`quvchilarni milliy ruhda tarbiyalash zarurati bugungi kunning dolzarb muammolaridan biridir. Milliy axloqiy tarbiya xalqning o`z-o`zini saqlash va istiqbolini ta`minlash omili bo`lib hisoblanadi. O‘zbekistonning rivojlangan davlatlar qatorida o‘rin olishi uchun, yangicha fikrlaydigan, mehnatga yangicha munosabat bilan qaraydigan yoshlarni tarbiyalash, milliy-ma`naviy qadriyatlarimizni tiklash, xalqimiz uchun farovon turmush sharoitini yaratish yo`lidan bormoqda. Albatta bu ish nihoyatda murakkabligini, bir qator qiyinchiliklarni, ayniqsa xalqimiz ongida zamonga mos o`zgarish qilish lozimligini ko`pchilik tushunadi. Yetuk inson bo`lish o`z sohasining bilimdoni bo`lish bilan chegaralanmaydi. Vatanga xizmat qiladigan va uning manfaatlarini himoya qiluvchi yoshlargina munosib kadr bo`la oladi. Muxtasar qilib aytganda, oxirgi yillarda ta`lim-tarbiya sohasida amalga oshirilgan, ko`lami va mohiyatiga ko`ra ulkan ishlarimiz biz ko`zlagan ezgu niyatlarimizga erishish, hech kimdan kam bo`lmaydigan hayot barpo etish, yoshlarimiz, butun xalqimizning ma`naviy yuksalishi yo`lida mustahkam zamin yaratgani ishonch bilan ta`kidlanadi. Jamiyatimiz uchun munosib, yetuk kadrlar tayyorlash uchun yana qanday tadbirlarni amalga oshirish lozim degan savol tug`iladi. Buning uchun, ta`lim muassasalarida tarbiya fanini o`qitila boshladi. Unda jamiyatimiz ijtimoiy hayotida ro`y berayotgan muhim ma`naviy-siyosiy o`zgarishlar, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari yorqin misollar bilan tushuntirib borilmog`i lozim. Ayniqsa yoshlarning mafkuraviy tarbiyasiga alohida e`tibor bermoq zarur. Chunki mafkuraviy tarbiya – yoshlarni, O`zbekistonning buyuk kelajagini barpo qilishda munosib shaxs, komil inson va yetuk kadr qilib tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi. Mafkuraviy tarbiya ta`lim-tarbiya tizimining barcha bo`g`inlarida va yo`nalishlarida amalga oshiriladi. Oiladan boshlab, maktabgacha ta`lim, o`rta umumiy ta`lim, o`rta maxsus kasb-hunar ta`limi, oliy o`quv yurti muassasalarida uzluksiz, har qanday o`zi bo`larchilikka yo`l qo`ymay, izchil ravishda amalga oshirilishi lozim. Shuni ishonch bilan aytish mumkinki, xalqni buyuk kelajak va ulug`vor maqsadlar sari birlashtirish, yuksak fazilatli komil insonlarni voyaga yetkazish, yoshlarni har tomonlama yetuk shaxs, jamiyat uchun kerakli shaxs qilib tarbiyalashda ijtimoiy-siyosiy bilimlar, milliy g`oya targ`iboti favqulotda muhim rol o`ynaydi. Bugungi kunda yangicha tafakkur yuritish, zamon talablari asosida ijtimoiysiyosiy fanlarni, ayniqsa milliy tarbiya targ`ibotini tashkil qilish o`ta jiddiy va dolzarb bo`lib qolmoqda. Zero, yoshlarning ma`naviy kamoloti, har qanday mamlakat, jamiyat, xususan O`zbekiston ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotining muhim shartidir. Yuksak ma`naviy-axloqiy tarbiyalangan insonda vatanga muhabbat, samimiy do`stlik, insonparvarlik, mehnatsevarlik, mustahkam e`tiqod, imon, nafosat, axloqiy madaniyat singari fazilatlar mujassamlashadi. Uning sifat darajasi kishilarning umuminsoniy va milliy qadriyatlarga, xalqning ma`naviy merosiga, xalq og‘zaki ijodiga bo`lgan munosabatlarida namoyon bo`ladi. Axloqiy tarbiyaning negizi hisoblangan xalq og‘zaki ijodi shaxsning ijtimoiy tuzumiga munosabati, turli ma`rifiy - axloqiy g`oyalar, tushunchalar, qarashlar, tasavvurlar tizimining mahsulidir. Axloqiy tarbiyaning mohiyatini namoyon etuvchi ob`ekt shaxs hisoblanadi.Jamiyat taraqqiyot etgan sari axloqiy tarbiyaning shakli, qamrovi, ta`sir kuchi ham o`zgarib boradi.Bunday o`sishni jamiyat rivojlanishining tezlanishi, ijtimoiy munosabatlarning holati talab qiladi. Jamiyat taraqqiyotining ob`ektiv talabiga binoan tarixiy jarayonda shaxsning axloqiy tarbiyasini o`sishi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga nisbatan tezroq amalga oshishi kerak. Zotan, muayyan davrning tarbiya masalalari, har bir ijtimoiy hodisada bo`lgani singari uning qoloq tomonlari va ayni vaqtda, shu davrning umumiy tafakkur darajasidan o`zib ketadigan ilg`or fikrlar, qarashlar va nazariyalar ham bo`ladi. Axloqiy tarbiyaning davr talab ehtiyojlariga bog`liqligi dialektik jarayon bo`lib, u ichki ziddiyatlarga ega. Bizning nazarimizda, shaxsning axloq tarbiyasi ichki ma`naviy-axloqiy dunyosi, ma`naviy-axloqiy ehtiyoji, ma`naviy-axloqiy qiziqishi, ma`naviy-axloqiy faoliyati va ma`naviy qadriyat kabi asosiy belgilar tizimidan iborat bo`lib, ular o`zaro birbiri bilan bog`liqdir. Shaxsning ma`naviy-axloqiy ehtiyoji ma`naviy-axloqiy qiziqishni vujudga keltiradi, u shaxs faoliyati jarayonida namoyon bo`ladi va natijada ma`naviy-axloqiy qadriyat yuzaga keladi. Ma`naviy qadriyat o`z navbatida yuqori ma`naviy-axloqiy ehtiyojning paydo bo`lishiga asos bo`ladi. Ma`naviy-axloqiy rivojlanishning bu aylanish davri uzluksiz davom etadi. Shunday qilib, axloqiy tarbiya insoniyat faoliyati mahsuli bo`lib, u o`zining moddiy va ma`naviy jihatlari bilan shaxs axloqiy sifatlarini shakllanishiga bevosita ta`sir etadi. Ayniqsa, ma`naviy-axloqiy madaniyatning fan, adabiyot, san`at, maorif, din, xalq og‘zaki ijodi, milliy qadriyatlar kabi serqirra manbalari o`quvchida axloqiy tarbiya va sifatlarini shakllanishida muhim ahamiyatga ega.


Foydalanilganadabiyotlar:
1. Imomov K., Mirzayev T., Sarimsoqov B., Safarov O. O’zbek xalq og’zaki poetik ijodi. – Toshkent,” O’qituvchi”, 1990.
2. Jumaboyev M. “Bolalar adabiyoti va folklor”. –T.,O’qituvchi, 1990. 3. Madayev O., Sobitova T. Xalq og`zaki poetik ijodi. –Toshkent: ”Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi bosh tahririyati, 2003. 4. M.Umarova, X.Xamroqulova, R.Tojiboyeva 4- sinf “O’qish” kitobi 2019- y 5.www.arxiv.uz
Download 39.92 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling