2-bob. Strategiyaning maqsad va vazifalari
1. Mamlakatning xalqaro maydondagi raqobatbardoshliligi darajasini va innovatsion jihatdan taraqqiy etganini belgilovchi omil sifatida inson kapitalini rivojlantirish Strategiyaning bosh maqsadidir.
2. Bosh maqsadga erishishda Strategiyaning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
O‘zbekiston Respublikasining 2030-yilga borib Global innovatsion indeks reytingi bo‘yicha jahonning 50 ilg‘or mamlakati qatoriga kirishiga erishish;
barcha darajada ta’lim sifati va qamrovini oshirish, uzluksiz ta’lim tizimini rivojlantirish, kadrlar tayyorlash tizimining iqtisodiyot ehtiyojlariga moslashuvchanligini ta’minlash;
ilmiy tadqiqotlar va ishlanmalarning ilmiy salohiyatini mustahkamlash va samaradorligini oshirish, ilmiy-tadqiqot, tajriba-konstruktorlik va texnologik ishlar natijalarini keng joriy etish uchun ta’lim, ilm-fan va tadbirkorlikni integratsiya qilishning ta’sirchan mexanizmlarini yaratish;
innovatsiyalar, ilmiy-tadqiqot, tajriba-konstruktorlik va texnologik ishlarga davlat va xususiy mablag‘lar kiritilishini kuchaytirish, bu sohalardagi tadbirlarni moliyalashtirishning zamonaviy va samarali shakllarini joriy etish;
boshqaruvning zamonaviy usullari va vositalarini joriy etish orqali davlat hokimiyati organlari faoliyatining samaradorligini oshirish;
mulkchilik huquqlari himoyasini ta’minlash, raqobatbardosh bozorlar tashkil etish va biznes yuritish uchun teng shart-sharoitlar yaratish, davlat-xususiy sherikligini rivojlantirish;
barqaror faoliyat yuritadigan ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmani yaratish.
3-bob. Strategiyaning asosiy yo‘nalishlari
3.1. Fan, ixtirochilik va texnologiyalar transferini rivojlantirish
1. Loyihaviy boshqaruv mexanizmlaridan foydalangan holda dasturiy-maqsadli prinsip asosida ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarini o‘tkazishga davlat tomonidan buyurtma berish orqali tadqiqotlar tashkil etish mexanizmini joriy etish.
2. Yoshlarni ilmiy faoliyatga jalb etish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish.
3. Noyob ilmiy-texnik uskunalardan jamoaviy foydalanish markazlarini tashkil etish.
4. O‘zbekiston Respublikasida ilmiy faoliyat nufuzini oshirish.
5. Mamlakatimiz va xorijdagi ilmiy-texnik axborot manbalarini to‘plash, saqlash va qayta ishlashga, axborot fondlari, ma’lumotlar bazalari va banklarini shakllantirish, yuritish va ulardan foydalanishga ixtisoslashgan respublika, tarmoq va hududiy ilmiy-texnik axborot resurslari va tashkilotlaridan iborat davlat ilmiy-texnik axborot tizimini yaratish.
6. Intellektual mulk obyektlarini baholash mexanizmlarini takomillashtirish.
7. Texnologiyalar transferi bo‘yicha milliy va hududiy ofislarni tashkil etish.
8. Ilg‘or texnologiyalarni ishlab chiqish va joriy etish uchun texnoparklar xabi, erkin iqtisodiy zonalar, erkin sanoat zonalari, kichik sanoat zonalari va ilmiy-ishlab chiqarish klastyerlarini tashkil etish.
9. Xorijiy hamkorlar bilan mahalliy ilmiy hajmdor mahsulotlar ishlab chiqarish va uni tashqi bozorda sotish bo‘yicha qo‘shma tashkilotlarni shakllantirish uchun davlat ko‘magini kuchaytirish.
Do'stlaringiz bilan baham: |