Ta’lim jarayonida talabalarda ijtimoiy daxldorlik fazilatini rivojlantirishning pedagogik asoslarini takomillashtirish
Download 59 Kb.
|
AVTOREFERAT TAQRIZ 04.04.2023
- Bu sahifa navigatsiya:
- Termiz davlat universiteti “Pedagogika va ijtimoiy ish” kafedrasi professori, Pedagogika fanlari doktori: I.Chariyev
Tadqiqotchi Abdullayev Sobirjon Soxib o‘g‘lining “Ta’lim jarayonida talabalarda ijtimoiy daxldorlik fazilatini rivojlantirishning pedagogik asoslarini takomillashtirish” mavzusidagi 13.00.01 – Pedagogika nazariyasi. Pedagogik ta’limotlar tarixi ixtisosligi bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun yozilgan dissertatsiyasi avtoreferatiga TAQRIZI Jahonda kosmopolitizm va egotsentrizm kabi vayronkor g‘oyalar orqali insonlarni “vatansizlik”, ma’naviy qashshoqlik, befarqlik va loqaydlik, “jahon fuqarosi” kabilar olg‘a surilayotgan mafkuraviy tahdidlarning pedagogik profilaktikasini takomillashtirishga katta e’tibor qaratilmoqda. YuNESKOning qator ta’lim bo‘yicha rezolyusiyalarida ham o‘quvchilarda hayotiy ko‘nikmalarni, fuqarolik va vatanparvarlik kompetensiyalarini rivojlantirish hamda “tinchlik uchun ta’lim” g‘oyasiga ustuvorlik berilmoqda. Ayniqsa, oliy ta’lim tashkilotlarida bo‘lajak mutaxassislarning kasbiy tayyorgarligini takomillashtirish bilan birga, fuqarolik pozitsiyasini qaror toptirish, tolerantlik va ma’rifatparvarlik fazilatlarini rivojlantirish jahon miqyosida uzluksiz ta’limning strategik maqsadlarini o‘zida ifoda etadi. Mamlakatimizning yangi taraqqiyot bosqichida inson huquq va erkinliklari, tinchlik, barqarorlik, osoyishtalikni ta’minlash, boy ma’naviy merosimiz orqali o‘quvchi-yoshlarda vatanparvarlik, milliy g‘urur va iftixor tuyg‘usini mustahkamlash, ijtimoiy voqelikka daxldorlik hissini qaror toptirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Yoshlarimizni ona vatanimizga, mustaqillik g‘oyalariga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash, ularning iste’dod va qobiliyatini, ezgu intilishlarini ro‘yobga chiqarish yo‘lida boshlagan katta ishlarni bundan buyon ham qat’iyat bilan davom ettirish yangi O‘zbekistonda ma’rifatli jamiyatni barpo etishning ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilab olingan. Bu esa, talabalarda ijtimoiy daxldorlik fazilatini rivojlantirishning psixologik-pedagogik xususiyatlarini aniqlashtirish, mazkur jarayonni amalga oshirish modeli, amaliy-texnologik tizimini takomillashtirishni taqozo etadi. Abdullayev Sobirjon Soxib o‘g‘lining “Ta’lim jarayonida talabalarda ijtimoiy daxldorlik fazilatini rivojlantirishning pedagogik asoslarini takomillashtirish” mavzusidagi 13.00.01 – Pedagogika nazariyasi. Pedagogik ta’limotlar tarixi ixtisosligi bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun yozilgan dissertatsiyasi ana shu dolzarb masala yechimiga qaratilgan. Dissertatsiya kirish, uchta bob, xulosa, foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati hamda ilovalardan iborat. Dissertatsiya umumiy hajmi 150 betni tashkil etadi. Kirish qismida mavzuning dolzarbligi va zarurati, muammoning o‘rganilganlik darajasi, ilmiy yangiligi, tadqiqotning respublika fan va texnologiyalari rivojlanishining asosiy ustuvor yo‘nalishlariga bog‘liqligi, ob’ekti, predmeti, metodlari, maqsadi va vazifalari aniqlangan, olingan natijalarning ilmiy va amaliy ahamiyati, amaliyotga joriy qilingani, aprobatsiyasi, nashr etilgan ishlar, dissertatsiyaning tuzilishi bo‘yicha ma’lumotlar keltirilgan. Tadqiqotning maqsad va vazifalari dissertatsiya mavzusiga aynan mos keladi. Tadqiqotning predmetini ta’lim jarayonida talabalarda ijtimoiy daxldorlik fazilatini rivojlantirishning mazmuni, shakl, metod va vositalari tashkil qiladi. Oliy ta’lim tashkilotlarida bo‘lajak mutaxassislarning kasbiy tayyorgarligini takomillashtirish bilan birga, fuqarolik pozitsiyasini qaror toptirish, tolerantlik va ma’rifatparvarlik fazilatlarini rivojlantirish; talabalarda ijtimoiy daxldorlik fazilatini rivojlantirish dolzarb pedagogik muammo ekanligini asoslash; ijtimoiy daxldorlik fazilatining mohiyati, tuzilmasi va komponentlarini aniqlashtirish; ta’lim jarayonida talabalarda ijtimoiy daxldorlik fazilatini rivojlantirish modelini ishlab chiqish; talabalarda ijtimoiy daxldorlik fazilatini rivojlantirishning pedagogik shart-sharoitlarini takomillashtirish kabi muhim vazifalar shu kunga qadar ilmiy jixatdan maxsus tadqiq etilmagan. Bu esa ta’lim jarayonida talabalarda ijtimoiy daxldorlik fazilatini rivojlantirishning pedagogik asoslarini takomillashtirishga doir mazkur tadqiqotning dolzarb ekanligini ta’kidlash imkonini beradi. Muallif tomonidan olingan natijalar, xulosa va tavsiyalarni asoslash uchun tadqiqot maqsadi va vazifalariga muvofiq keluvchi muammoga doir ilmiy-pedagogik adabiyotlarni qiyosiy-tanqidiy o‘rganish va tahlil etish, kuzatish, suhbat, anketa, test, intervyu, pedagogik eksperiment, natijalarni matematik va statistik tahlil etish usullaridan samarali foydalana olgan. Dissertant tomonidan N.Komilov, A.Ochildiyev, S.Mamashokirov, A.Xolbekov, V.Karimova, A.Erkayev, O.Bazarovlarning daxldorlik kategoriyasining falsafiy, sotsiologik, siyosiy, psixologik asoslari, S.Nishonova, M.Quronov, Sh.Qurbonov, A.Ro‘zmetov, O.Jamoldinova, Sh.Abdullayeva, N.Shodiyev, Z.Kurbaniyazova, R.Aripova, Sh.Akramovalarning barkamol shaxsni tarbiyalash, milliy tarbiyani tashkil etish, sog‘lom turmush tarzini tarkib toptirish, milliy o‘zlikni anglash, tarbiya diagnostikasi va korreksiyasi, mafkuraviy immunitetni shakllantirish, E.Shermanov tomonidan o‘smirlarda islohotlarga daxldorlik fazilatini rivojlantirish masalalarga doir ilmiy izlanishlari o‘rganilgan va analitik tahlil qilingan. Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati 153 nomdagi manbalardan iborat. Dissertasiyada mavzu bilan bog‘liq holatda “vatanga sadoqat”, “burch va ma’suliyat”, “tashabbuskorlik”, “daxldorlik” kabi tushunchalarining mazmun-mohiyati yoritilgan. Nazariy manbalar asosida tahlillar keltirilgan. Oliy ta’lim muassasasi talabalarida daxldorlik fazilatlarini rivojlantirishning ijtimoiy-pedagogik zarurati uchta, pedagogik-psixologik xususiyatlari oltita asosiy yo‘nalishlarda o‘rganilgan, tahlili keltirilgan. Talabalarda ijtimoiy daxldorlik fazilatlarini rivojlantirishning pedagogik-psixologik omillarini to‘g‘ri tahlil etish, mavjud vaziyatga ratsional baho berish va istiqboldagi vazifalarni yechish masalasi dolzarb vazifa bo‘lib qolishi, shuningdek, jamiyatda talaba-yoshlarni ijtimoiy daxldorlik va mas’uliyatlilikka yo‘naltirish dolzarb vazifa ekanligi to‘g‘risidagi xulosaga kelingan. Dissertatsiyada oliy ta’lim jarayonida talabalarda ijtimoiy daxldorlik fazilatlarini rivojlantirishda quyidagilarga e’tibor qaratish zarur ekanligi ta’kidlangan. Jumladan: 1) axloqiy fazilatlarni qadrlavchi va hurmat qiluvchi kadrlarni yetishtirib chiqarish orqali jamiyatda daxldorlik fazilatlarini rivojlantirish mumkinligi tamoyiliga asoslanish; 2) qonunlarni hurmat qiladigan va qadrlaydigan talabalarni o‘qitish orqali qonunlarga daxldorlikni his qiladigan yoshlarni tarbiyalash; 3) jamiyat a’zolari o‘rtasidagi munosabatlarni insonparvarlik asosida qurish hamda ularning huquq va erkinliklarini hurmat qiluvchi pedagogik muhit asosida halol va to‘g‘rilikni qadrlovchi talabalarni o‘qitish; 4) loqaydik va beparvolikni inkor qiluvchi, ijtimoiy faollik ko‘rsatuvchi talabalarni qo‘llab quvvatlash orqali ijtimoiy daxldorlik muhitini shakllantirish; 5) buzg‘unchilik asosiga qurilgan barcha yot mafkuraviy g‘oyalar va qarashlarga nisbatan qarshi tura oluvchi talabalarni tarbiyalash tizimini ishlab chiqish; 6) o‘z millati tarixi, madaniyati, san’ati, tili va urf-odatlarini dunyo sivilizatsiyasining teng huquqli qismi sifatida ardoqlash, uni o‘zgalar qadriyatlariga qarshi qo‘ymaslik fazilati yuksak rivojlangan talabalarni tarbiyalash. Tadqiqot ishi doirasida talabalarda ijtimoiy daxldorlik fazilatini rivojlantirishning pedagogik modeli ishlab chiqilgan. Mazkur model quyidagi bloklardan tashkil topgan: maqsadga yo’naltirilgan; mazmunga doir; jarayonga doir; natijaviy. Model bloklari va undagi komponentlar batafsil yoritilgan. Bundan tashqari, innovatsion ta’lim muhitida talabalarda ijtimoiy daxldorlikni rivojlantirishga qaratilgan “Ijtimoiy daxldorlikni rivojlantirish metodikasi” modulli kurs rejasi ishlab chiqilgan. Talabalarda ijtimoiy daxldorlik fazilatini zamonaviy metodika asosida rivojlantirish orqali ularda loqaydlik va befarqlikni bartaraf etish, ijtimoiy mas’ulyaitini oshirishi, vatan va millat taqdiriga daxldorlikni, tug‘ilib o‘sgan makoniga nisbatan mansublikni his etishi va qadrlashini oshirish muammosi atroflicha bayon etilgan. Muammo yuzasidan zamonaviy adabiyotlar asosida quyidagi mezonlar aniqlashtirilgan: 1) kognitiv; 2) faoliyatga doir; 3) aksiologik. Tadqiqotda talabalarda ijtimoiy daxldorlik fazilatini rivojlanganligini baholashda darajali yondashuvdan foydalanilgan. Mazkur yondashuv har bir mezon bo‘yicha bir darajadan boshqasiga o‘tishda o‘rganilayotgan jarayon dinamikasini tahlil qilish imkonini bergan. Talabalarda ijtimoiy daxldorlik fazilatini rivojlanganligining quyidagi darajalari aniqlashtirilgan: adaptiv (past), situativ-reproduktiv (o‘rta), kreativ (yuqori). Tajriba-sinov ishlari natijasida o‘tkazilgan so‘rovnomalarning tahlili amalga oshirilgan. Olingan ma’lumotlar Styudent-Fisher kriteriyasi asosida matematik-statistik tahlildan o‘tkazilgan. Empirik ma’lumotlar asosida oliy ta’lim muassasalari talabalarida ijtimoiy daxldorlik fazilatlarini sifat va miqdoriy darajasi oshganligini ko‘rsatuvchi xulosaning haqqoniyligi isbotlangan. Dissertasiya ishining har bir bo‘limi oxirida ushbu bo‘limga tegishli xulosalar o‘rin olgan. Ish yakunida 7 banddan iborat umumiy xulosalar berilgan. Tadqiqod natijalari asosida 5 banddan iborat ilmiy-metodik tavsiyalar ishlab chiqilgan. Dissertasiyaning ilmiy yangiligi va asosiy natijalari OAKning falsafa doktori (PhD) dissertasiyalari ilmiy natijalarini chop etishga tavsiya etilgan 7 ta respublika, 2 ta xorijiy ilmiy nashrlarda e’lon qilingan, hamda 5 ta xalqaro va 5 ta respublika doirasida o‘tkazilgan ilmiy konferensiya va seminarlarda bir necha marta muhokama qilingan. Abdullayev Sobir Sohib o‘g‘lining “Ta‘lim jarayonida talabalarda ijtimoiy daxldorlik fazilatini rivojlantirishning pedagogik asoslarini takomillashtirish” mavzusidagi dissertasiyasi va uning avtoreferatini o’rganish natijasida quyidagi xulosalarga kelindi: 1) dissertatsiya mustaqil bajarilgan hamda tugallangan tadqiqot ishi bo’lib, dissertasiyaning asosiy mazmuni tadqiqotchi tomonidan e’lon qilingan ishlarda va avtoreferatda o‘z aksini topgan; 2) dissertasiya va uning avtoreferati O‘zbekiston Respublikasi Oliy attestasiya komissiyasining “Ilmiy darajalar berish to‘g‘risidagi Nizom” talablari asosida tayyorlangan bo’lib, belgilangan barcha talablarga javob beradi; 3) dissertasiya mazmunan 13.00.01 – Pedagogika nazariyasi. Pedagogik ta’limotlar tarixi ixtisosligiga mos keladi. Yuqoridagi mulohazalarni hisobga olib tadqiqotchi Abdullayev Sobirjon Soxib o‘g‘lining “Ta’lim jarayonida talabalarda ijtimoiy daxldorlik fazilatini rivojlantirishning pedagogik asoslarini takomillashtirish” mavzusidagi dissertatsiya ishi va avtoreferatini ijobiy baholab rasmiy ochiq himoyaga tavsiya etaman hamda tadqiqotchining o’zini esa 13.00.01 – Pedagogika nazariyasi. Pedagogik ta’limotlar tarixi ixtisosligi bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun loyiq, deb hisoblayman. Termiz davlat universiteti “Pedagogika va ijtimoiy ish” kafedrasi professori, Pedagogika fanlari doktori: I.Chariyev Download 59 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling