Sotishdan olinadigan soliq – ayrim xorijiy mamlakatlarda (masalan,
AQShning ayrim shtatlarida) qo‘llaniladi va iste’moldan olinadigan egri
(bilvosita) soliqni o‘zida gavdalantiradi. Odatda, bu soliqqa iste’mol
mahsulotlari (restoranlar bundan mustasno) tortilmaydi.
Sekvestr – yilning oxirigacha qolgan vaqt davomida byudjetning
barcha moddalari bo‘yicha (himoya qilinganlaridan tashqari) davlat
xarajatlarini proportsional ravishda qisqartirish.
Sug‘urta – noqulay (tasodifiy) hodisalar va voqeliklar sodir bo‘lganda
jismoniy va yuridik shaxslarning mulkiy manfaatlarini himoya qilish va
ularga nisbatan etkazilgan moddiy zararlarni qoplash (tiklash) uchun pul
mablag‘larining maqsadli fondlarini shakllantirish va ulardan foydalanish
bo‘yicha qayta taqsimlash munosabatlarining alohida sohasi.
Sug‘urta shartnomasi – sug‘urtaning aniq bir turi shartlariga muvofiq
o‘zaro majburiyatlarni tartibga soluvchi sug‘urtalovchi va sug‘urtalanuvchi
o‘rtasidagi bitim (yuridik kelishuv). Sug‘urtalanuvchining yozma arizasiga
muvofiq tuziladi, ayrim hollarda og‘zaki tuzilishiga ham yo‘l qo‘yiladi,
sug‘urta obyekti to‘g‘risidagi zaruriy ma’lumotlarni (manzili, miqdoriy va sifat
tavsifnomasi, ahvoli yoki holati va boshqalar) va sug‘urta riskini qabul
qilishga sug‘urtalovchining roziligini o‘zida mujassam etishi kerak.
Sug‘urta himoyasi - ijtimoiy ishlab chiqarish va aholining turmush
darajasiga nisbatan etkazilgan yuqotmalarga barham berish yoki ularni
qoplash (tiklash) bilan bog‘liq bo‘lgan o‘ziga xos taqsimlash va qayta
taqsimlash munosabatlarining majmuini o‘zida mujassam etgan iqtisodiy
kategoriya(keng ma’noda); konkret obyektlarga: moddiy boyliklar, hayot,
sog‘lik, fuqarolarning mehnatga layoqatliligi va boshqalarga etkazilgan
ziyonlarni tiklash va ularga barham berish borasidagi qayta taqsimlash
munosabatlarining majmui (tor ma’noda).
Do'stlaringiz bilan baham: |