Davlat bebaho tabiiy boyliklarimizni ko‘paytirish, asrab-avaylash va atrof-muhit musaffoligini saqlash choralarini ko‘radi
Aholi hayoti va salomatlik darajasini yaxshilashning zaruriy sharti sifatida Konstitutsiyada atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha kompleks choralar belgilanmoqda.
Deputatlar tomonidan so‘nggi uch yilda qurilishlardan norozi bo‘lib, aholidan 15 mingta murojaat kelib tushgan, sudlar tomonidan birgina Toshkent shahrida 200 dan ortiq qurilishlar to‘xtatib qo‘yilganligi, avtomobillar soni 1,3 millionga ko‘payib, 3,6 millionga yetganligi, har yili atmosfera havosiga 2,2 million tonna sanoat va transport tashlanmalari chiqarilayotganligi ham ushbu masala tobora dolzarb ahamiyat kasb etayotganligidan dalolat berishi ta’kidlandi. Shu munosabat bilan, davlat atrof-muhitni yaxshilash, tiklash va muhofaza qilish, ekologik muvozanatni saqlash bo‘yicha choralarni amalga oshiradi, fuqarolarning ekologik huquqlarini ta’minlash va atrof-muhitga zararli ta’sir ko‘rsatilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida shaharsozlik faoliyati sohasida jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratadi. Shu bilan birga Hukumatning atrof-muhitni muhofaza qilish, biologik xilma-xillikni saqlash va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish sohasidagi mas’uliyati belgilanmoqda. Shaharlarning bosh rejalarini jamoatchilik muhokamasidan majburiy o‘tkazilishi shartligi haqidagi konstitutsiyaviy qoida hozirgi sharoitda tobora dolzarb ahamiyat kasb etib borayotgan shaharsozlikka oid masalalarni xalqimiz bilan bamaslahat yechish imkonini beradi. Deputatlar Konstitutsiyaga kiritilayotgan ushbu normalar tabiiy zaxiralar qisqarayotgan, global iqlim o‘zgarishi, ekologiya va tabiat bilan bog‘liq muammolar insoniyat kelajagiga tahdid solayotgan hozirgi davrda muhim ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidlab o‘tdilar.
Ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyati institutlari yanada faol bo‘lishi uchun keng imkoniyat va kuchli himoya taqdim etilmoqda
Konstitutsiyamizda ommaviy axborot vositalari faoliyatining erkinligi, ularning axborotni izlash, olish, undan foydalanish va uni tarqatishga bo‘lgan huquqlari kafolatlanmoqda. Deputatlar xalq ovozi va fikrini keng jamoatchilikka, davlat idoralari e’tiboriga olib chiqayotgan ommaviy axborot vositalari, jurnalistlar faoliyatiga to‘sqinlik qilish yoki aralashish javobgarlikka sabab bo‘lishi haqidagi qoida Bosh qomusimizda muhrlanayotganligi yurtimizda so‘z va axborot erkinligini yanada yuksalishini e’tirof etdilar. Konstitutsiyamizga ilk marotaba fuqarolik jamiyati institutlariga bag‘ishlangan alohida bob kiritilishi va ular faoliyati kafolatlarining belgilanishi jamiyatda ochiqlik, oshkoralik va qonuniylik muhitini, davlat va jamiyat o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlash hamda kuchli jamoatchilik nazoratini yo‘lga qo‘yish uchun mustahkam zamin hozirlaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |