Tarix fakulteti
MULK HUQUQI VA BOSHQA ASHYOVIY HUQUQLARNI HIMOYA QILISH
Download 60.71 Kb.
|
Kurs ishi Normuhammedova D
- Bu sahifa navigatsiya:
- Vindikatsion va negator da’volar
- Mulkiy huquqni fuqarolik huquqi normalari bilan himoya qilishning boshqa usullari
MULK HUQUQI VA BOSHQA ASHYOVIY HUQUQLARNI HIMOYA QILISH Mulk huquqini himoya qilish tushunchasi va usullari. Vindikatsion va negator da’volar. Mulkiy huquqini fuqarolik huquqi normalari bilan himoya qilishning boshqa usullari. Mulk huquqini himoya qilish tushunchasi va usullari Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq, mulkdor mulkiga oʻz hohishicha egalik qiladi, undan foydalanadi va uni tasarruf etadi. Mulkdor faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibdagina mulkidan mahrum etilishi mumkin. Uning bu huquqini mahrum etishga hech kim haqli emas. Ammo ijtimoiy turmushda, hayotda shunday holatlar boʻladiki, mulkdorning bu huquqiga daxl qilinadi, tajovuz qilinadi. Bu holatda mulkdor yoki mulkdor boʻlmagan ega mulk huquqi va boshqa ashyoviy huquqlarni himoya qiluvchi usullardan foydalangan holda oʻz buzilgan huquqlarini tiklashga harakat qiladi. Mulk huquqi himoya etilmas ekan, mulkiy munosabatlar normal tarzda rivojlana olmaydi. Shu sababli davlat turli huquq normalari orqali mulkdorning mulkka boʻlgan huquqini himoya etilishini kafolatlaydi. Mulkdor faqat qonun hujjatlarida nazarda tutilgan asoslar va tartibdagina mulkidan mahrum etilishi mumkin12. Mulk huquqini himoya qilishda Fuqarolik huquqi normalari muhim rol oʻynaydi. Mulk huquqini himoyasini ta’minlashda fuqarolik huquqi me’yorlari turli xil vazifalarni bajaradi. Ba’zi bir me’yorlar moddiy ne’matlarning u yoki bu shaxslarga tegishli ekanligini mustahkamlaydi. Mulk huquqini vujudga kelishi va bekor boʻlishi haqidagi me’yorlar shunday meyoʻyorlar jumlasiga kiradi. Ikkinchi guruh me’yorlari esa mulkdorga tegishli huquqlarni amalga oshirish uchun lozim boʻlgan sharoitlarni ta’min etsa, nihoyat uchinchi guruh me’yorlari mulk huquqini bevosita barcha uchinchi shaxslarning ta’siridan qoʻriqlash va himoya etish vazifasini bajaradi. Bunday me’yorlarga mulkdorga yetkazilgan moddiy zarar uchun javobgarlikni belgilovchi me’yorlarni kiritish mumkin1. Mulk huquqini uchinchi shaxslar tomonidan buzilishining xarakteri va mazmuniga qarab mulk huquqini himoya qilish turli usullarga turkumlanadi. Mulk huquqi va boshqa ashyoviy huquqlarni himoya qilish quyidagi guruhlarga boʻlinadi: Mulk huquqini ashyoviy huquqlar bilan himoya qilish. Bu usul mulk huquqini mutlaq subyektiv huquq sifatida himoyalab hech qanday aniq majburiyatga bogʻliq boʻlmagan holatda mulkdorning oʻziga tegishli boʻlgan ashyoga egalik qilish, foydalanish va tasarruf etish huquqini tiklash yoki bu huquqlarni amalga oshirishga toʻsqinlik qiladigan holatlarni bartaraf etish tushuniladi. Ashyoviy-huquqiy usullarga mol-mulkni birovning qonunsiz egaligidan talab qilish da’vosi (vindikatson da’vo), egalik qilish huquqining bekor qilinishi bilan bogʻliq boʻlmagan huquqbuzarliklarni bartaraf etishni talab qilish da’vosi (negator da’vo), mulk huquqini tan olish toʻgʻrisidagi da’volar kiradi. Aniqroq qilib aytganda, mulk huquqi aniq subyektiv huquq sifatida faqat ashyoviy-huquqiy usullar bilan himoya qilinadi. Mulk huquqini himoya qilishni aynan “ashyoviy huquqlar” bilan bogʻlanishi mulkiy huquq buzilishi natijasida ham mulkdor kelajakda oʻz mulkini aynan oʻzini ashyoviy-natura shaklda qaytarib olishi mumkin boʻladi yoki mulkiy huquqlarini amalga oshirish jarayonida yuzaga kelayotgan toʻsqinliklarni bartaraf etilishi uchun “kurashadi”. Buning oqibatida mulk ashyoviy koʻrinishda mulkdor tasarrufida qolishi ta’minlanadi yoki tiklanadi. Mulk qonunsiz egalikdan talab qilish jarayonida ashyoviy koʻrinishda qaytarilish imkoni boʻlmasa, u holda mulkiy himoya ashyoviy huquqlar bilan himoya qilish usullari tarkibiga kirmaydi. Majburiyat-huquqiy usullar bilan himoya qilish. Bu usullarga mulkdorga yetkazilgan zararni qoplash, asossiz orttirilgan mol-mulkni qaytarish, shartnoma boʻyicha olingan ashyoni, agar shartnoma boʻyicha ashyo ma’lum muddatga foydalanishga berilgan boʻlsa, qaytarish kabi mulk huquqini himoyalovchi usullar misol boʻladi. Ushbu usullarning barchasi uchun ularning asosini tashkil etuvchi omillar mulk huquqiga ega boʻlmay, balki boshqa huquqiy institutlarga tegishli subyektiv huquqlar xosdir. Masalan, mulkdor oʻziga tegishli mulkni ijaraga berib, ijara muddati tugagandan soʻng, ijaraga oluvchi mulkni mulkdorga qaytarmasa, mulkdorning huquqi mulk huquqi normalari bilan emas, shartnoma huquqi normalari bilan himoya qilinadi. Boshqacha qilib aytganda, majburiyat-huquqiy usullar mulk huquqini bevosita emas, balki soʻnggi natijaga bogʻliq holatda himoya qiladi hamda majburiyat bajarilmasligi oqibatida mulk huquqini buzilishidan himoyalanish orqali namoyon boʻladi. Bir qator holatlarda, jumladan, mulk nobud boʻlganda mulk huquqi oʻz-oʻzidan bekor boʻladi. Bunda majburiyat-huquqiy usullar mulk huquqini himoya qilishga emas, mulkdorning mulkiy manfaatlarini himoya qilishga qaratiladi. Fuqarolik huquqining turli institutlari bilan himoya qilish. Bu guruhga mulk huquqini fuqarolik-huquqiy himoya qilishning shunday usullari kiradiki, ular ashyoviy huquq va majburiyat-huquqiy munosabatlarga aloqador boʻlmasdan, fuqarolik huquqining turli institutlaridan kelib chiqadi. Bedarak yoʻqolgan yoki vafot etgan deb e’lon qilingan fuqaroning qaytib kelishi natijasida, uning mulkiy huquqlarini himoya qilish haqidagi normalar, bitim haqiqiy emas deb topilganda; taraflarning mulkiy huquqlarini himoya qilish, garov saqlovchining javobgarligi haqidagi, meros qilib qoldirilgan mol-mulkni saqlovchi yoki vasiyga berilgan vasiylik ostidagi shaxsning mol-mulkini nobud boʻlishi va yoʻqolishi haqidagi qoidalar fikrimizni isbotlaydi. Bu himoya usuli orqali mulk huquqi bilvosita himoya qilinadi. Mulk huquqining bekor boʻlishini qonun hujjatlarida nazarda tutilgan asoslarda himoya qilish. Mazkur maxsus usul bilan bogʻliq fuqarolik-huquqiy usullarga, bevosita mulk huquqi bekor boʻlishi oqibatida yuzaga keladigan huquqbuzilishlarini fuqarolik qonun hujjatlarida belgilangan me’yorlar orqali himoyalash usullari kiradi. Bunga, xususan, davlat tomonidan shaxslar mulkining davlat ixtiyoriga noqonuniy oʻtkazilishidan himoyalovchi kafolatlar kiradi. Vindikatsion va negator da’volar Amaldagi fuqarolik qonunchiligi boʻyicha vindikatsion da’vo, ya’ni egalik qilmayotgan mulkdorga tegishli mol-mulkni oʻzga shaxsning qonunsiz egaligidan talab qilib olish mulk huquqini himoya qilishning asosiy ashyoviy-huquqiy usullaridan hisoblanadi. Mulk huquqini himoya qilish usuli sifatida vindikatsion da’vo qadim tarixga ega boʻlib, uning ildizlari Rim xususiy huquqida namoyon boʻladi. Vindikatsiya-lotincha “vim dicere” soʻzidan olingan boʻlib, “kuch qoʻllanish toʻgʻrisida e’lon qilaman” ma’nosini anglatadi. Bu orqali mulkdor oʻz mol-mulkini qidirish va qaytarib olish boʻyicha huquqini amalga oshirgan-qayerda oʻz mol-mulkimni topsam, shu yerda uni vindikatsiya qilaman (ubi rem meam invenio, ibi vindico). Mazkur huquq tizimi boʻyicha vindikatsion da’vo orqali bevosita mulkdorning egaligi himoya qilingan. FKning 228-moddasida ham mazkur da’vo nazarda tutilgan. Moddaning mazmunidan bunday da’voni faqatgina boshqa shaxsning qonunsiz egaligida boʻlgan mol-mulkning mulkdori berishi mumkinligi anglashiladi. Toʻgʻri, FKning 232-moddasi mulkdor boʻlmagan titulli egalik qiluvchilarga ham mol-mulkni oʻzga shaxsning egaligidan talab qilib olish huquqini beradi. Vindikatsiya da’vosi boʻyicha javobgar boʻlib qonunsiz egalik qiluvchi shaxs hisoblanadi. Qonunsiz egalik qilish – tegishli huquqiy asoslarsiz mol-mulkni egallab olishdir. Faqatgina oʻzboshimchalik bilan mulkni oʻzlashtirib olgan (oʻgʻirlagan, topilmani, qarovsiz chorva hayvonlarini oʻzlashtirib olgan) shaxsnigina emas, balki mol-mulkni tasarruf etish vakolatiga ega boʻlmagan shaxsdan sotib oluvchini ham qonunsiz egallovchi deb hisoblanadi. Bunda, qonunsiz egalik qiluvchining harakatlari albatta aybli boʻlishi shart emas. Mulkka nisbatan egalik obyektiv jihatdan qonunsiz ekanligi muhimdir. Vindikatsiya da’vosi doirasida mulk egaligi titulini (rutba)ni isbotlash faqat ashyoning qay yoʻsinda da’vogar mulkiga aylanganligi asoslarini aniqlashdan iborat boʻlmay, balki javobgarning egaligi qay tarzda vujudga kelganligi shart-sharoitlarini ham oʻrganishdan iboratdir. Jumladan, agar mulk egasi nizoli mol-mulkni u begonalashtirish toʻgʻrisidagi bitim asosida (masalan, oldi-sotdi) yoki mulkni vaqtinchalik foydalanish uchun oʻtkazilganligi asosida (masalan, ijara) qoʻlga kiritganligini koʻrsatsa, ana shu bitim sud tomonidan baholanishi shart. Agar bitim haqiqiy boʻlsa, shuning oʻzi vindikatsiya da’vosini asossiz deb topish uchun asos boʻladi, zero bunda javobgarni qonunsiz egalik qiluvchi deb e’tirof etib boʻlmaydi13. Da’vogar ashyoga nisbatan oʻz egalik huquqini isbotlash bilan bir vaqtning oʻzida javobgarning ana shu mol-mulkka nisbatan egaligini keltirib chiqargan bitimning haqiqiy emasligiga oid vajlarni ham keltirishi shart. Ammo agar da’vogar koʻrsatayotgan asoslar bitimning nizoli ekanligidan dalolat bersa (masalan, mulk javobgar tomonidan kimoshdi savdosida sotib olingan), sud bir vaqtning oʻzida vindikatsiya da’vosini ham, nizoli bitimini haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisdagi da’voni ham koʻrib chiqishi mumkin. Agar nizolashuv huquqiga ega boʻlgan shaxslar tomonidan nizoli bitimni haqiqiy emasligini e’tirof etish toʻgʻrisida da’vo arizasi kiritilmasa, vindikatsiya da’vosi ham qanoatlantirilmaydi. Vindikatsiya da’vosi yordamida faqat muayyan xususiy alomatlari bilan belgilanadigan mol-mulk (ashyo), qolaversa, qonunsiz egallovchida asl (natura) holida mavjud boʻlgan mol-mulkka boʻlgan huquq himoya etilishi mumkin. Noqonuniy egalik ostida boʻlgan, ammo ish koʻrib chiqiladigan kunda mavjud boʻlmagan mol-mulkka noqonuniy egalik qilib turgan shaxsga nisbatan keltirilgan da’vo qanoatlantirilmaydi. Agar mulk yoʻq qilib yuborilgan boʻlsa, mulk egasi uning qaytarilishini talab eta olmaydi, u faqat mulkning yoʻqotilishi sababli koʻrilgan zararni qoplash toʻgʻrisida talab qoʻyishi mumkin. Vindikatsiya da’vosini bildirish uchun da’vogar va javobgar oʻrtasida nizoli ashyo yuzasidan majburiyatli munosabatlar mavjud emasligi muhim shartlardan biri hisoblanadi. Mulk egasi majburiyatli munosabatlarga ega boʻlgan shaxs tomonidan mulkning qaytarilishini talab qilingan da’vo majburiyat huquqlari me’yorlariga muvofiq ravishda hal etilishi darkor. Masalan, agar javobgar mol-mulkka ijara shartnomasi asosida egalik qilayotgan boʻlsa, vindikatsiya da’vosini qanoatlantirish mumkin emas. Vindikatsiya da’volariga nisbatan umumiy da’vo muddati tatbiq etiladi. Shu boisdan mulk huquqi bilan bogʻliq nizolarni hal etishda mulk huquqini vujudga keltiruvchi egalik muddatini qoʻllash bilan bogʻliq boʻlsa, egalik huquqini vujudga keltiruvchi muddatining hisobi koʻrsatib oʻtilgan uch yillik muddat tugamasidan avval boshlanmasligini unutmaslik lozim. Egalik huquqini vujudga keltiruvchi muddat boʻyicha mol-mulkka nisbatan uzoq muddatli ruhiy munosabatni ifodalovchi halol egalik qilishdan farqli oʻlaroq, insofli egalikka olish, odatda, oluvchi tomonidan oʻz xatti-harakati orqali hech kimning huquqlarini buzmayotganligini bir zumda baholash orqali sodir boʻladi. Holbuki, nizoli mol-mulkni egalikka olish yuzasidan bitim tuzilishi vaqt jihatidan choʻzilib ketgan boʻlsa (masalan, bevosita shartnoma tuzish oldidan uzoq vaqtli bahslashuvlar yoki muzokaralar olib borilganda), oluvchiga ana shu davr ichida ma’lum boʻlib qolgan bitim toʻgʻrisidagi har qanday axborot egalikka olish tasnifiga ta’sir koʻrsatadi. Xususan, agar nizoli mol-mulk yuzasidan haq toʻlab olinadigan bitim tuzilayotgan paytda oluvchi unga nisbatan uchinchi shaxslarning da’volari mavjudligini bilgan boʻlsa va keyinchalik oʻrnatilgan tartibda ana shu da’volarning qonuniy ekanligi isbotlansa, bunday xaridorni insofli egalikka oluvchi deb e’tirof etilmaydi. Shunday egalikka olishni insofli deb hisoblash mumkinki, unda egalikka oluvchida mol-mulkning begonalashtirilishi bilan bogʻliq bitimning noqonuniyligi toʻgʻrisida ishonchli ma’lumotlar boʻlmaydi (bilmagan), ayni chogʻda bu bitimning qonuniyligiga bitim tuzilayotgan shart-sharoit orqali fuqarolik munosabatida ishtirok etayotgan har qanday oqil insonda shubha tugʻilishi mumkin emasligi ochiq oydin koʻrinib turgan (bilishi mumkin boʻlmagan) holat mushtarak keladi. Mol-mulkni nomutanosib darajada arzon narxda bitim asosida sotib olinishi va bu bitimning atrofdagilardan yashirin holda bajarilishi yoki avvaldan begonalashtirayotgan shaxsga tegishli emasligi aniq koʻrinib turgan mol-mulkning egalikka olinishi va h.k. insofsiz deb tasniflanishi lozim. Sotib olishning ana shunday noinsof shart-sharoitlari har bir muayyan holatda sud tomonidan egalikka oluvchining shaxsiyatini, unda bitimning shart-sharoitiga oid ma’lumotlar boʻlgan yoki boʻlmaganligini va h.k. sinchiklab tahlil qilinishini talab etadi. Agar egalikka oluvchi yuridik shaxs hisoblangan holatda (faqat ayrim jamoat va diniy tashkilotlarni istisno etganda), mol-mulkning egalikka olinishida ehtiyotsizlik sababli yoʻl qoʻyilgan noinsoflikka oid shubhalarni rad etish maqsadida maxsus huquqiy ma’lumotlarning yoʻqligini, bozordagi sharoit toʻgʻrisidagi ma’lumotlarni va h.k. vaj qilib koʻrsatish amaliy jihatdan ahamiyatga ega emas. FKning 231-moddasida mulkdor oʻzining qonunsiz egalikdagi mol-mulkini talab qilib olishga haqli boʻlmagan shart-sharoitlar koʻsatib oʻtilgan. Bunday cheklov savdo muomalasining boshqa qatnashchisi – insofli egalikka olgan shaxsning manfaatlarining himoya qilinishini ta’minlash uchun kiritilgan. Mulkdorning da’vosini sudda rad etilishi uchun insofli egallovchi quyidagilarni isbotlashi talab etiladi:
bu mol-mulkni sotish huquqiga ega boʻlmagan uchinchi shaxsdan sotib olayotganini bilmagani va bilishi mumkin boʻlmaganligini; ashyoni haq toʻlab olganligini; Nizoli mulkni mulkdorning, yoki mol-mulk egalikka oʻtkazib berilgan shaxsning egaligidan ularning ixtiyoridan tashqari (yoʻqolgan, oʻgʻirlangan va sh.k.) chiqib ketganligi isbotini topgan holatlar bundan istisno etiladi. Bunday taomillarni koʻchmas mulkka nisbatan qoʻllanilishi ancha mushkul. Xususan, koʻchmas mulkni uning tabiiy xususiyatlariga koʻra yoʻqotish mumkin emas. Biroq, koʻchmas mulkni qalbakilashtirilgan hujjatlar orqali oʻzlashtirilishi, mulkning oʻzini esa mulkdorning nomidan sotilishini; voyaga yetmagan shaxsning mol-mulki uning ixtiyoriga xilof ravishda uning qonuniy vakili tomonidan sotilishini; koʻchmas mol-mulkni vorislar tomonidan bu mulkka nisbatan boshqa merosxoʻrlarning huquqlarini hisobga olmasdan sotib yuborilishini; yuridik shaxs rahbari tomonidan yuridik shaxsga tegishli koʻchmas mol-mulkni oʻz vakolatlarini suiiste’mol qilgan holda sotib yuborilishini – mazkur holatlarning hammasini mulkdordan yoki u mol-mulkini bergan shaxsdan ularning ixtiyoridan tashqari, boshqacha yoʻl bilan ularning egaligidan chiqib ketgan holatlar deb hisoblanadi. Binobarin, bunday holatlarda koʻchmas mol-mulk mulkdorga hatto insofli egalikka oluvchidan ham qaytarib olib berilishi mumkin. Negator da’vo oʻz nomini lotincha ifodadan olgan boʻlib, u inkor etish ma’nosini anglatadi. Da’vogar javobgarning servitutini inkor etadi: axir aynan servitut oʻz ashyosiga ega boʻlgan mulkdorni boshqa shaxsning servitut huquqi egasi uchun noqulayliklarni keltirib chiqaradigan, mulk huquqini toʻlaqonli amalga oshirishiga cheklovlarni joriy etadi va bunga koʻnikishga majbur etadi. Shu sababli javobgar servitutni tan olmagan holatlarda, da’vorgar undan oʻz mol-mulkidan foydalanishiga toʻsqinliklarni toʻxtatilishini talab etib chiqqan. Zamonaviy qonunchilikda negator da’vo deganda nafaqat mulkdor bilan unga toʻsqinlik qiluvchi huquq buzuvchi oʻrtasida servitut mavjud boʻlgan holatlar, balki keng doirali boshqa vaziyatlar ham qamrab olinadi. Negator da’vo ham xuddi vindikatsiya da’vosi kabi himoyalanishning ashyoviy vositasi hisoblanadi. Buning ma’nosi shuki, agar taraflar oʻrtasida shaxsiy (majburiyatli) huquqiy munosabatlar ochiq-oydin mavjud boʻlsa, xuddi shu narsa tegishli nizoni hal etishning asosi boʻlib xizmat qiladi. Nizo faqat taraflar oʻrtasida boshqa hech qanday aloqadorlik mavjud boʻlmagan va faqatgina javobgar tomonidan ashyoga koʻrsatilgan ta’sirning qonuniyligi ustida nizolashilayotgan holatda koʻrib chiqilishi mumkin. Negator da’vo binolardagi umumiy foydalaniladigan turar-joy va noturar-joy egalari boʻlgan qoʻshnilar oʻrtasida oʻrtadan devor urilganligi va shunga oʻxshash qurilish ishlari olib borilganligi natijasida umumiy xonalardan foydalanishda toʻsqinlik vujudga kelishi sababidan tugʻilgan nizolarni hal etishda qoʻllaniladi. Ayni vaqtda negator da’vo vositasida faqat toʻsqinliklarni yoʻqotish chorasini koʻrish mumkin, ammo barcha foydalanuvchilarning huquq va majburiyatlarini koʻzda tutadigan qandaydir tartib oʻrnatishning iloji boʻlmaydi. Negator da’vodan umumiy foydalanishda boʻlgan obyektlar boʻyicha xarajatlarni taqsimlash, javobgar zimmasiga qandaydir sarf-xarajatlarni yuklash uchun ham qoʻllab boʻlmaydi14. FKning 231-moddasida mulkdorga egalik qilishdan mahrum etmaydigan toʻsqinliklardan himoyalanish imkonini taqdim etadi. Mana shunday da’vo negator da’vo deb ataladi va mol-mulkdan foydalanish va tasarruf etish haq-huquqlarini himoyalashga yoʻnaltirilgan boʻladi. Bunday ishlarda da’vogar mulkning egasi boʻlsa, javobgar esa – noqonuniy xatti-harakatlari tufayli mulkdorni oʻz mol-mulkidan foydalanish va tasarruf etish huquqidan mahrum etgan shaxsdir. Negator da’vo yer uchastkasi, turar-joy va noturar-joy xonalari va sh.k. boʻyicha qoʻshni boʻlgan shaxsning noqonuniy xatti-harakatlaridan himoyalanishning yagona vositasi, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Masalan, agar qoʻshni qurayotgan binosini qoʻshni tomondagi yer uchastkasini yorugʻlikdan butkul toʻsib qoʻyadigan holatda koʻtarsa, uning noqonuniy xatti-harakatidan negator da’vo yordamida himoyalanish mumkin. Mol-mulkni tasarruf etishdagi (ba’zan foydalanishdagi) toʻsiqlarni bartaraf etishga qaratilgan da’voning yana bir turi mol-mulkni band solishlikdan (xatlovga olishdan) ozod etish toʻgʻrisidagi nizolardir. Mol-mulkka band solish faqat bevosita qonunda koʻrsatilgan holatlarda da’voning ijrosini ta’minlash yoki undiruvni qarzdorning mol-mulkiga qaratishda qoʻllaniladi. Koʻpincha xatlovga boshqa shaxslarga mansub boʻlgan mol-mulk ham qoʻshilib ketadi. Koʻpincha bunday boshqa shaxslar er yoki xotin boʻlib, turmush oʻrtogʻining shaxsiy mulki yoki oʻrtadagi umumiy mol-mulkdagi ulushni tasarruf etish huquqiga ega boʻlmaydi. Bu turdagi da’volarni mol-mulkdan foydalanish huquqidan mahrum boʻlgan mulkdorlar (boshqa ashyoviy huquq egalari) tomonidan kiritiladigan mol-mulklarni xatlovdan ozod etish borasidagi da’volar bilan tenglashtirib boʻlmaydi. Bunday da’vo vindikatsiya da’vosi sifatida tasniflanadi. Negator da’volarga da’vo muddati tatbiq etilmaydi. Chunki huquqlarning buzilishi mavjud ekan, buzilishni bartaraf etishni talab qilib da’vo bildirish huquqi ham saqlanib qoladi. Huquq buzilishi toʻxtashi bilan da’vo bildirish huquqi ham bekor boʻladi, zero shikoyat predmeti yoʻq boʻlgan hisoblanadi. Ammo huquqlarning buzilishi natijasida yetkazilgan zararni qoplashni talab etish huquqi saqlanib qoladi.
Mulkiy huquqni himoya qilish bilan bogʻliq boʻlgan masalalarni oʻrganishda, mulk egalarining mulkiy huquqlarini himoya qiluvchi majburiyat huquqiga oid vositalar ham muhim ahamiyatga ega. Mulk huquqini himoya qilishning bunday majburiy-huquqiy usullari ikki koʻrinishda: 1) shartnomali munosabatlar; 2) shartnomadan tashqari munosabatlarda boʻladi. Shartnomali munosabatlarda mulkiy huquqning himoya qilinishi toʻgʻrisida shuni aytish kerakki, tuziladigan xilma-xil shartnomalar aksariyat hollarda qonunga, shartnoma shartlariga rioya qilinib, toʻgʻri va insofli ravishda bajariladi. Ammo ba’zi hollarda shartnomaning ayrim intizomsiz ishtirokchilari shartnoma yuzasidan olgan oʻz majburiyatlarini butunlay bajarmasliklari yoki lozim darajada bajarmaslik hollari ham uchraydi. Bunday paytlarda tabiiy buzilgan mulkiy huquqlarni tiklash hamda shuning oʻzi bilan mulkiy huquqlarni har tomonlama va toʻla himoya qilish masalasi qoʻyiladi. Shartnomali munosabatlarda mulkiy huquqlarni buzish quyidagicha koʻrinishlarda boʻlishi mumkin: a) qonun hujjatlarining talablariga muvofiq kelmaydigan mazmundagi bitim, shuningdek, huquq-tartibot yoki axloq asoslariga atayin qarshi maqsadda tuzilgan bitim oʻz-oʻzidan haqiqiy emas va u FKning 116-moddasiga binoan, haqiqiy sanalmaydi hamda har ikki tarafning yoki bir tarafning bunday shartnoma yuzasidan olgan daromadlari davlat daromadlariga oʻtkaziladi; muomalaga layoqatsiz shaxslar (yosh bolalar, ruhiy kasallar) bilan bitim tuzilishi natijasida mazkur shaxslar mulkiy zarar koʻrsalar, qonun (FKning 117-119-moddalari) tuzilgan bitimlarni haqiqiy emas, deb topishi bilan birga buzilgan mulkiy huquqning tiklanishi lozimligini ham koʻrsatadi. Masalan, 13 yoshli bola oʻziga hadya qilingan fotoapparatni ota-onasining ruxsatisiz birovga sotsa, shartnoma haqiqiy sanalmasligi va bunday shartnomaning tuzilishi natijasida voyaga yetmagan shaxs mulkiy zarar koʻrgan boʻlsa, zarar haqi undirilishi mumkin; d) jiddiy yanglishish, aldanish, zoʻrlik qilinishi ta’sirida tuzilgan bitimlar (shartnomalar) sud tomonidan haqiqiy emas, deb topilishi mumkin. Bunday bitimlar tuzilishi natijasida buzilgan mulkiy huquqlar ham qonun (FKning 122-123-moddalari) boʻyicha himoya qilinadi; ayrim shartnomalar, chunonchi, oldi-sotdi, mahsulot yetkazib berish, kontraktatsiya, ijara, pudrat, yuk tashish va boshqa qator shartnomalar boʻyicha olingan majburiyatlar butunlay yoki lozim darajada bajarilmasligi natijasida tashkilotlar yoki ayrim fuqarolar mulkiy zarar koʻrishlari mumkin. Bunday hollarda ham qonun (bunday shartnomalar)ning har qaysisini buzish oqibatlari toʻgʻrisida, huquqiy normalar buzilgan huquqlarni himoya qilinishini nazarda tutadi. Shartnomalardan tashqari boʻladigan majburiyat munosabatlarida mulkiy huquqlarning himoya qilinishiga kelsak, ba’zi hollarda majburiyat munosabatlari yuqorida aytilganidek, oʻzaro kelishuv asosida tuzilgan shartnomalardan kelib chiqmay, bevosita qonun bilan ham belgilanishi mumkin. Bunday hollarda tashkilotlar va fuqarolar qonunga asosan oʻzaro majburiyat munosabatlarida boʻladi va huquq subyektlari (tashkilotlar va fuqarolar) bir-birlariga nisbatan muayyan majburiyatlar oladi. Agar qonun bilan belgilangan majburiyatlarni bajarmaslik natijasida mulkiy zarar koʻrilsa, buzilgan mulkiy huquqlarni himoya qilish masalasi vujudga keladi. Shartnomalardan tashqari boʻlgan majburiyat munosabatlarida mulkiy huquqning buzilishi asosan quyidagi hollarda uchrashi mumkin: ba’zi hollarda ayrim shaxslar (yuridik shaxslar yoxud fuqaro-lar)ning mulkiga qasddan yoki ehtiyotsizlik bilan zarar yetkazish tufayli mulkiy huquqlar buziladi. Masalan, davlat yoki tashkilot mol-mulkini talon-taroj qilish, fuqaroning mulkini oʻgʻirlash, fuqaroga zarar yetkazilishi natijasida mulkiy huquqlar buzilishi mumkin. Bunday hollarda qonun buzilgan huquqlarning tiklanishi, mulkiy huquqlarning har tomonlama va toʻla himoya qilinishini belgilaydi; amalda birovdan topshiriq olmay, uning manfaatlarini koʻzlab, ba’zi xarajatlar qilish hollari ham boʻlishi, chunonchi, birovning toʻsatdan kasal boʻlib qolgan bolasini shifoxonaga taksi mashinasida olib borib joylashtirishda ma’lum xarajat qilinishi mumkin. Qonun bunday hollarda ham zararning toʻlanishi lozimligini koʻrsatib, mulkiy huquqni himoya qiladi; xatolik bilan birovning mulki olingan yoki tejalgan boʻlsa, ya’ni birovning mulkini olib qolish yoki tejash uchun qonun yoki shartnoma bilan belgilangan asoslar boʻlmasa, olingan yoki tejalgan mulk egasiga qaytarilishi lozimligi qonunda belgilanadi. Masalan, xatolik bilan ikkinchi marta takror toʻlangan qarz yoki olinmagan mahsulot uchun tashkilotning toʻlangan puli qaytarilishi lozim. Download 60.71 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling