Tarix va yuridik fakulteti «arxeologiya va buxoro tarixi» kafedrasi
Download 368.53 Kb.
|
ma\'ruza davlatchilik (2)
Milliy ozodlik harakatlari. Turkiston o‘lkasida imperiya ma’murlarining mustamlaka siyosatiga qarshi harakatlar (turli ko‘rinish va miqyoslarda) Rossiya imperiyasi O‘rta Osiyoni bosib olayotgan paytlardayoq boshlangan bo‘lsa-da, ular shafqatsizlarcha bostirilib borildi. 1873-1876 yillar Qo‘qon xonligidagi Po‘latxon boshchiligidagi qo‘zg‘olondan so‘ng o‘lkaning bir qancha hududlarida xalq ommasining norozilik harakatlari bo‘lib o‘tdi.
Rossiya imperiyasi bosqiniga qarshi hozirgi O‘zbekiston va Qirg‘iziston respublikalarining tog‘li hududlarida “Oloy malikasi” nomi bilan mashhur bo‘lgan Qurbonjon dodxox 1876 yilning oxiriga qadar bosqinchilarga qarshi kurashib kelgan. Uning qo‘shinlariga qarshi yuborilgan general Skobelev boshliq rus qo‘shinlari qo‘zg‘olonchilarga qarshi harakatlarda yengilganligi bois, mustamlakachi ma’murlar Qurbonjon dodxox bilan sulh tuzishga majbur bo‘ldilar. Ana shunday harakatlardan yana biri 1878 yilda Mingtepa (Andijon) da Yetimxon boshchiligida bo‘lib o‘tgan isyondir. Bu isyondan so‘ng Farg‘ona viloyati general-gubernatori viloyatdagi mahalliy aholidan g‘ayriqonuniy soliq undiruvchilarni ishdan olib tashlashga majbur bo‘lgan. 1885-90 yillarda Andijonning Qo‘rg‘ontepa uyezdida Darveshxon to‘ra boshchiligidagi xalq harakatlari bo‘lib o‘tdi. Ammo, bu harakatlar rus ma’murlari tomonidan shafqatsizlarcha bostirildi. “Vabo isyoni” nomini olgan 1892 yilgi Toshkent qo‘zg‘oloni X1X asr oxiridagi muhim harakatlardan biri bo‘ldi. Bu qo‘zg‘olon ko‘plab tarixiy adabiyotlarda o‘lkada vabo kasali tarqalishi oldini olish uchun bo‘lgan harakat deb ta’riflangan bo‘lsa-da, aslida bu qo‘zg‘olon Rossiya imperiyasining o‘lkadagi mustamlakachilik siyosatiga qarshi qaratilgan harakat bo‘lib, mustamlakachilik zulmiga qarshi qaratilgan milliy ozodlik kurashining bir bosqichi edi. 1898 yil may oyida Andijonda mustamlakachi ma’murlarning zulmiga qarshi yana bir ozodlik harakati bo‘lib o‘tdi. Andijonning Mingtepa qishlog‘ida boshlangan bu qo‘zg‘olon tarixda “Andijon qo‘zg‘oloni” deb nom olgan bo‘lib, unga Muhammadali Eshon – “Dukchi Eshon” boshchilik qildi. Mustamlakachilar qo‘zg‘olonni shafqatsizlarcha bostirib, uning rahbarini dorga osgan bo‘lsalarda, Farg‘ona vodiysining Asaka, Quva, Shahrixon, O‘sh, Marg‘ilon kabi shahar va qishloqlarida norozilik harakatlari keng yoyildi. Ammo, rus qo‘shinlari barcha harakatlarni vahshiylarcha bostirdilar. XX asrning boshlariga kelib o‘lkadagi xalq harakatlari yangi bosqichga ko‘tarildi. Ayniqsa, 1900-1903 yildagi iqtisodiy inqirozlar o‘lkadagi mahalliy aholining ahvoliga salbiy ta’sir etishi dehqonlarning omaviy noroziliklariga sabab bo‘ldi. Ana shunday norozilik harakatlaridan biri 1904-1907 yillarda Samarqand viloyatida bo‘lib o‘tdi. Bu harakatga rus mustamlakachilari orasida “Namoz o‘g‘ri”, xalq orasida “Namoz botir” deb nom olgan Namoz Pirimqulov boshchilik qilgan. Bu harakat Samarqand viloyatining Samarqand, Kattaqo‘rg‘on, Jizzax va Xo‘jand uyezdlarida keng tarqalib, general-gubernator mahkamasi Namoz botir operatsiyasi uchun maxsus qo‘shimcha mablag‘ ajratganligi bu harakat rus ma’murlarini ancha tashvishga solganligidan dalolat beradi. Birinchi jahon urushining iqtisodiy asoratlari mehnatkash aholi bo‘ynida og‘ir yuk bo‘lib turgan vaqtda 1916 yil 25 iyunda Nikolay II ning “Imperiyadagi rus bo‘lmagan erkak aholini harakatdagi armiya rayonlarida mudofaa inshootlari va harbiy aloqa yo‘llari qurish uchun olib boriladigan ishlarga, shuningdek, davlat mudofaasi uchun zarur bo‘lgan boshqa har qanday ishlarga jalb qilish haqida” farmoni (mardikorlikka olish) e’lon qilindi. Ushbu farmonga ko‘ra Sibir, O‘rta Osiyo, Qozog‘iston va Kavkazorti xalqlaridan 19 yoshdan 43 yoshgacha bo‘lgan 400 ming kishi safarbar qilinishi rejalashtirilgan edi. Turkiston general-gubernatoriga ushbu farmonni zudlik bilan amalga oshirilish buyurilib, Sirdaryo viloyati zimmasiga 87 ming, Samarqandga 88 ming, Farg‘onaga 50 ming mardikor yuborish vazifasi yuklatildi. Natijada 1916 yilning 4 iyulida savdo va hunarmandchilik markazi bo‘lgan Xo‘jand shahrida, undan keyin Samarqand, Jizzax, Kattaqo‘rg‘on, Toshkent, Qo‘qon, Andijon uyezdlarida norozilik harakatlari avj oldi. Bu harakatlarning eng yirigi Jizzaxda bo‘lib o‘tdi. Tarixda “Jizzax qo‘zg‘oloni” deb nom olgan bu harakatga Nazirxo‘ja Eshon boshchilik qilgan. Dahshatli tus olgan ushbu qo‘zg‘olonni bostirish uchun Turkiston general-gubernatori Jizzaxga ikki yarim ming kishilik jazo otryadini yubordi. Ayovsiz qirg‘inlar evaziga qo‘zg‘olon shafqatsizlarcha bostirildi. Xullas, chor Rossiyasi mustamlakachilari O‘rta Osiyo hududlarini bosib olganlaridan so‘ng ular zulmiga qarshi norozilik harakatlari doimiy davom etib turdi. Milliy ozodlik harakatlari dastavval mahalliy xalqlarning iqtisodiy, siyosiy va madaniy hayotidagi tengsizlik va adolatsizlikka qarshi stixiyali noroziligi sifatida shakllanib bordi. Keyinroq esa, bunday harakatlar chorizm mustamlakachiligiga butunlay barham berish, yangi mustaqil Turkiston davlatini barpo etish g‘oyalari bilan bog‘landi-ki, bunday g‘oyalarning shakllanishi va yoyilishida jadidlar alohida jonbozlik ko‘rsatgan edilar. Xulosa qilib, aytish mumkinki, chor Rossiyasi mustamlakachiligi davri O‘rta Osiyo davlatlarining hayoti, siyosati, iqtisodiyoti, ijtimoiy tuzumi va davlatchiligidagi muayyan o‘zgarishlar bilan bog‘liq bo‘lib, ular quyidagilardan iboratdir: Chor Rossiyasining harbiy istilosi oqibatida Buxoro amirligi, Xiva va Qo‘qon xonliklari zabt etildi. Hokimiyatning mustamlakachilikka asoslangan tuzilmasini o‘rnatilishi oqibatida Qo‘qon xonligi butunlay tugatildi. Buxoro amirligi va Xiva xonligi yarim mustamlakaga aylandi. Chorizmning iqtisodiy va siyosiy hukmronligini mustahkamlashga xizmat qiladigan qonunchilik tashkilotlari paydo bo‘lib, Rossiya savdo, sanoat va moliya kapitali hukmronligi o‘rnatildi. O‘rta Osiyo va Rossiya o‘rtasidagi mahsulot ayirboshlashni kengaytirish, mustamlakachilik munosabatlarini mustahkamlash hamda mintaqaning iqtisodiy tuzilmasida aniq o‘zgarishlarni amalga oshirishga yo‘naltirilgan yangi iqtisodiy sharoitlarning yaratilishi oqibatida o‘lka Rossiyaning arzon xom ashyo bazasiga aylantirildi. Mintaqa xalqlarining milliy-ma’naviy manfaatlari hamda qadriyatlari poymol etildi, ularning eng oddiy haq-huquqlariga mensimaslik kayfiyati bilan qaralib, ular ommaviy ravishda asoratga solindi. Download 368.53 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling