Tarix va yuridik fakulteti «arxeologiya va buxoro tarixi» kafedrasi
-Mavzu. Markaziy Osiyoda Rossiya imperiyasining mustamlaka boshqaruv tizimining o’rnatilishi. Turkiston general–gubernatorligi
Download 368.53 Kb.
|
ma\'ruza davlatchilik (2)
- Bu sahifa navigatsiya:
- Tayanch so‘zlar
- Siyosiy tarix.
11-Mavzu. Markaziy Osiyoda Rossiya imperiyasining mustamlaka boshqaruv tizimining o’rnatilishi. Turkiston general–gubernatorligi boshqaruvi
Reja: Chor Rossiyasining mustamlaka boshqaruv usuli. Turkiston o‘lkasining ma’muriy-hududiy boshqaruvi. Milliy ozodlik harakatlari. Tayanch so‘zlar Mustamlaka boshqaruv usuli, Bekovich-Cherkasskiy ekspeditsiyasi, Katta, O‘rta va Kichik juz, tayanch qal’alar, Angliya raqobati, ingliz josuslari, Oqmachit qal’asi, Verniy qal’asi, Erjar jangi, Zirabuloq jangi, Gandimiyon shartnomasi, Po‘latxon qo‘zg‘oloni, Turkiston general-gubernatorligi, “Muvaqqat Nizom”, harbiy va fuqarolik hokimiyati, harbiy komendant, biy, oqsoqol, rais, qozi, boshqaruvchi, “Dasht komissiyasi”, taftish to‘g‘risidagi farmon, “Turkiston o‘lkasini boshqarish to‘g‘risidagi nizom”, ma’muriy-hududiy bo‘linish, markaziy boshqaruv, viloyatlar, uyezd (tumanlar) lar, uchastka (volost) lar, shahar, qishloq, ovul boshqaruvi, viloyat boshqarmasi, o‘troq va ko‘chmanchi aholini boshqarish, harbiy kengash, devonxona, sudlov palatasi, mirovoy sudyalar, qozi sudlari, Toshkent shahri boshqaruvi, Toshkent shahar Dumasi, Duma saylovlari, milliy ozodlik harakatlari, jadidchilik. Siyosiy tarix.XVI asrning ikkinchi yarmiga kelib Rossiya podsholigi o‘z hududlarini kengaytira borib Qozon, Ashtarxon (Astraxan) va Sibir xonliklarini bosib oldi. Shundan so‘ng rus podsholarining O‘rta Osiyo hududlariga qiziqishi kuchaya boshladi. Podsho hukumati bu hududlar haqida ma’lumot to‘plash uchun 1558 yil aprelida “Moskva savdo kompaniyasi” vakili Antoni Jenkinsonni Richard va Robert Jonsonlar bilan birgalikda 1589 yil sentabrigacha, 1620 yilda Ivan Xoxlovni, 1669 yilda B.A. Pazuxin va S.I. Pazuxinlarni, 1675 yilda V.A. Daudov boshchiligidagi elchilarni Buxoro, Xiva, Samarqand, Urganch va Balxga jo‘natgan edi. Bu elchilarning asosiy maqsadlari O‘rta Osiyo xonliklari va unga qo‘shni bo‘lgan hududlarning iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy va harbiy ahvoli, xalqaro aloqalari haqida ma’lumotlar to‘plashdan iborat edi. Ammo, O‘rta Osiyo hududlarini bosib olish uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri amaliy harakatlar XVIII asr boshlarida, ya’ni, Pyotr I hukmronligi davrida boshlandi. Mang‘ishloqlik turkman savdogari Xo‘ja Nafas orqali Amudaryo sohili oltin qumlariga boyligi haqida xabarni eshitgan Pyotr I 1717 yilda knyaz Bekovich-Cherkasskiy ekspeditsiyasini 3000 dan ortiq qo‘shin bilan Xiva xonligiga jo‘natadi. Ammo, bu ekspeditsiya muvaffaqiyatli chiqmay, uning qo‘shinlari Xiva xoni SHerg‘ozixon tomonidan qirib tashlanadi. Shundan so‘ng Pyotr I 1721 yilda Florio Beveni boshchiligidagi elchilarni Buxoroga jo‘natadi. Italiyalik Rossiya josusi F. Beveniga elchilik niqobidagi o‘z safari chog‘ida iqtisodiy va geografik ahamiyatga molik yerlarni buxoroliklarga sezdirmasdan eslab qolish, Kaspiyga quyiladigan katta-katta daryolar va mavjud kemalar, shaharlar va istehkomlar haqida ma’lumotlar to‘plash topshirilgan edi. Bundan tashqari F.Beneveni Buxoro xonligi qal’alari va qo‘shinlarining umumiy soni, armiyasining tuzilishi va ahvoli, boshqarish usuli, Buxoroning Eron, Xiva va Turkiya bilan munosabatlari haqida to‘la ma’lumot to‘plashi hamda Rossiya bilan Buxoro davlati o‘rtasida savdo-sotiqni rivojlantirishda mavjud imkoniyatlarni aniqlash bilan birga, O‘rta Osiyo daryolaridagi oltin zahiralari haqida ma’lumot to‘plashi ham lozim edi. F Beneveni Buxoroda uch yildan ortiq yashab Buxoro va Xiva xonligining ichki va tashqi siyosati, iqtisodiyot, tabiiiy boyliklari haqida ma’lumotlar to‘plab 1825 yilda Rossiyaga qaytadi. XVIII asrning birinchi choragida ko‘chmanchi qozoqlar Ural daryosi va Kaspiy dengizidan Xiva xonligi chegarasigacha bo‘lgan hududda Katta, O‘rta va Kichik juzga bo‘lingan holda yashar edilar. Qozoq sultonlari o‘rtasidagi urushlar ustiga, qalmoqlarning hujumlari qo‘shilib, o‘zaro qonli to‘qnashuvlar bo‘lib turgan. Undan tashqari 1723 yilgi ocharchilik qozoqlarni qiyin ahvolga solib qo‘ydi. O‘zaro urushlardan charchagan qozoq sultoni (Kichik juz) Abulxayrxon 1730 yilda Rossiyaga murojjat qilib, qozoqlarni Rossiya himoyasiga olishini so‘radi. XVIII asrning birinchi yarmida barcha ko‘chmanchi qozoqlar Rossiya tobeligiga olindi. Rossiya hukumati o‘zbek xonliklarini bosib olish maqsadida butun XVIII asr mobaynida qozoq juzlari yashab turgan hududlarda 150 ga yaqin katta va kichik qal’alar qurdirib, platsdarm sifatidagi yangi shaharlarga (Omsk, Semipalatinsk, Ust-Kamenogorsk, Orenburg va boshq.) asos soldilar. XIX asr boshlariga kelib Yevropaning ba’zi davlatlari o‘rtasida harbiy-siyosiy vaziyat keskinlashib ketganligi bois, 1806-1812 yillarda rus-turk, 1808-1809 yillarda rus –shved, 1805-1813 yillarda rus –fors, 1805-1812 rus-fransuz urushlari bo‘lib o‘tdi. Buning natijasida Rossiya hukumatining o‘zbek xonliklariga bo‘lgan e’tibori kamaydi. Nikolay I (1825-1855 yy.) rus taxtiga o‘tirgach vaziyat yana o‘zgardi. Qozoq dashtlaridagi harbiy istehkomlar vositasida Rossiya imperiyasi Xiva xonligi hududlariga yaqinlashib kela boshladi. Rossiyaning o‘zbek xonliklariga nisbatan siyosatini izchil amalga oshirish tarafdorlaridan biri bo‘lgan Orenburg general-gubernatori V.A.Perovskiy podsho Nikolay I farmoniga ko‘ra 1839 yilda 5 mingdan ziyod qurollangan qo‘shin bilan Xiva xonligi ustiga yurish boshladi. Ammo, yo‘ldagi og‘ir shart-sharoitlar rus qo‘shinlarining ahvolini qiyinlashtirdi. 1840 yilning boshlarida Xiva chegaralariga yetib kelgan Perovskiy qo‘shinlari Xiva xoni Olloqulixonning o‘zbek, qozoq va turkmanlardan iborat birlashgan qo‘shinlari tomonidan tor –mor etildi. XIX asrning o‘rtalarida jahonning yirik davlatlari o‘rtasida yangi mustamlakalar uchun kurash qizib ketgan bir sharoitda Rossiya imperiyasi ham bu kurashlardan chetda qolmadi. Shu jihatdan bu davrda Angliya va Rossiya manfaatlari O‘rta Osiyoda to‘qnashdi. Rossiya imperiyasi hukumati Angliyaning Turkiston va Kaspiy dengizining sharqiy tomonlarini egallab olishidan xavsirayotgan edilar. Chunki Angliya Afg‘oniston va Hindiston orqali o‘zbek xonliklari bilan savdo-sotiq va diplomatik aloqalar olib borar edi. Angliyaning asosiy maqsadi xonliklarni bosib olishga urinayotgan Rossiyaning rejalarini barbod qilish, o‘zbek xonliklarini Rossiyaga qarshi birlashtirish hamda O‘rta Osiyo bozorlarini egallash edi. Angliya o‘z maqsadini amalga oshirishni tezlatish uchun turli yillarda Stoddart, Konolli, Byorn, Archi Todd, Abbot, SHekspir, Iosif Volf kabi ko‘plab fors va turk tillarini yaxshi bilgan josuslarni o‘zbek xonliklariga jo‘natdi. Shuningdek, Angliya hukumati Turkiya bilan hamkorlikda O‘rta Osiyo davlatlarini birlashtirishga ko‘p harakat qildi. Ammo, ularning barcha harakatlari zoye ketdi. Chunki, o‘zbek xonliklari o‘rtasida nizolar kuchli edi. Undan tashqari Rossiya hukumati o‘zbek xonliklarini bir-biriga qarshi gij-gijlatish siyosatini olib bordi. Rossiya hukumati O‘rta Osiyo hududlarini bosib olishdan ko‘proq manfaatdor bo‘lib, bu manfaatdorlik bosqinchilik harakatlarini tezlashtirishga undar edi. Olimlarning fikrlariga ko‘ra, quyidagi sabablar Rossiyaning O‘rta Osiyo xonliklarini bosib olishni tezlashtirgan edi: Rossiyaning yengil sanoatini ta’minlab beruvchi arzon hom ashyo bazasining O‘rta Osiyoda mavjudligi. Qrim urushi (1853-1856 yy.) tufayli Qora dengiz portlarining Rossiya qo‘lidan ketishi hamda uning o‘rniga O‘rta Osiyo xonliklarini egallash hisobiga to‘ldirish. O‘rta Osiyo orqali Eron, Afg‘oniston, Xitoy, Hindiston kabi davlatlarda Angliyaning ta’sirini yo‘qotib, bu davlatlar bilan savdo va diplomatik aloqalar o‘rnatish. Rossiyaning Yevropa bozorlari bilan raqobat qila olmasligi sababli ishlab chiqarilgan mahsulot uchun O‘rta Osiyo bozorlarini egallashi lozim edi. Rossiyada o‘tkazilgan yer islohotlari tufayli qashshoqlashib qolgan aholini ko‘chirib keltirish hamda ularni yer-suv bilan ta’minlash. Shuningdek, Angliyaning O‘rta Osiyo bozorlariga intilishi ham Rossiya hukumatini tashvishga solib qo‘ygan edi. Shu bois ham xonliklarga bevosita chegaradosh bo‘lganligidan foydalangan Chor Rossiyasi harbiy harakatlarni boshlab yubordi. 1853 yilda Orenburg general-gubernatori V.A.Perovskiy qo‘shinlari Qo‘qon xonligining strategik ahamiyatga ega bo‘lgan Oqmachit (hozirgi Qizil O‘rda) qal’asini kuch bilan egalladi. Qrim urushi tufayli to‘xtab qolgan harbiy harakatlar 1860 yilning yozida yana jonlanib, polkovnik Simmerman boshchiligidagi rus qo‘shinlari To‘qmoq, keyin esa Pishpak (hoz. Bishkek) qal’alarini egalladilar. 1864 yilning may oyida Verniy qal’asidan (1854 yilda Almati ovuli yonida ruslar tomonidan qurilgan) yo‘lga chiqqan polkovnik Chernyayev Avliyoota, Suzoq qal’alarini, iyul oyida Turkiston shahrini bosib oldi. Shundan so‘ng Chimkent shahri qamal qilinib, bu yerda rus qo‘shinlari Qo‘qon sarkardasi Alimqul Amirilashkar zarbalariga duch keldilar. Ammo, harbiy-texnik jihatdan ustunlikka ega bo‘lgan Chernyayev qo‘shinlari 22 sentabrda Chimkentni egallashga erishdilar. 1864 yilning oktabrida Chernyayev qo‘shinlari Toshkentga hujum boshladilar va shaharning sharqidagi Darvishak qopqa degan joyda mag‘lubiyatga uchradilar. 1864-1865 yilning qishida Chernyayev Toshkentga yurish uchun harbiy tayorgarlik ko‘rib, o‘z qo‘shinlarini Sibir va Orenburgdan yetib kelgan qurol-yarog‘, qo‘shimcha harbiy kuchlar bilan to‘ldirdi. 1865 yil 28 aprelda Chernyayev Chirchiq daryosi bo‘yidagi Niyozbek qal’asini egallab, bu yerdagi Toshkent shahrini suv bilan ta’minlab tutuvchi to‘g‘onni bo‘zib tashladi. Toshkent mudofaasini tashkil etishda Alimqul sarkardaning xizmatlari katta bo‘ldi. 8 may kuni Alimqul katta lashkar bilan Qo‘qondan yetib 9 may kuni ruslar bilan jangga kirishdi. Ammo, Alimqul qattiq yarador bo‘lib, halok bo‘lgach toshkentliklar orasida sarosimalik boshlandi. 1865 yil 15 iyun kuni Toshkent zabt etildi. Shundan so‘ng Chor Rossiyasi qo‘shinlarining harbiy harakatlari Buxoro amirligiga qaratildi. 1866 yilda olib borilgan bosqinchilik urushlari natijasida (general Romanovskiy boshchiligida) amirlik hududlari egallana boshlandi. 1866 yil may oyida Erjarda bo‘lgan jangda amir Muzaffar yengilib Jizzahga qochdi. 19-22 may kunlari bo‘lgan janglardan so‘ng Romanovskiy qo‘shinlari Xo‘jandni egalladilar. Oktabr oyida O‘ratepa va Zomin bosib olindi. Jizzax shahri uchun qattiq janglar bo‘lib 11-18 oktabr kunlari bu shahar ham bosqinchilar tomonidan egallandi. 1868 yil 1 may kuni fon Kaufman boshchiligidagi rus qo‘shinlari amirlikning yirik shaharlaridan biri bo‘lgan Samarqandga yurish boshladilar. Cho‘ponota tepaligida bo‘lgan jangda amir qo‘shinlari mag‘lubiyatga uchradi va 2 may kuni Samarqand shahri egallandi. Amir Muzaffar asosiy kuchrlarni to‘plab Samarqand tomon yurdi. Kaufman ham katta kuchlar bilan Buxoroga tomon harakatlandi. 2 iyun kuni Zirabuloqda har ikkala qo‘shinlar o‘rtasida jang bo‘lib amir mag‘lubiyatga uchradi. Amir Muzaffar va Kaufman qo‘shinlari Zirabuloqda urushayotgan bir paytda Shahrisabz va Kitob beklari Jo‘rabek va Bobobek hamda amirning o‘g‘li Abdumalik to‘ra boshchiligida Samarqandda qoldirilgan rus qo‘shinlariga qarshi kurash boshlandi. Ammo, Kaufman zudlik bilan Samarqandga qaytib bu harakatni bostirdi va Samarqandni talon-taroj qilishga buyruq berdi. 1868 yil 23 iyunga kelib, chorasiz qolgan amir Muzaffar Turkiston general –gubernatori fon Kaufman bilan sulh tuzishga majbur bo‘ldi va Rossiya imperatorining vassaliga aylandi. Bu sulhga ko‘ra, Buxoro amiri Rossiyaga katta miqdorda tovon puli (125 ming tilla) to‘lab, Rossiya hukumatining roziligisiz tashqi aloqalar olib borishdan mahrum bo‘ldi va Zarafshon daryosining yuqori qismidagi yerlar, Samarqand va Kattaqo‘rg‘on Rossiya tarkibiga kiritildi. Shunga qaramasdan, amirdan norozi bo‘lgan kuchlar chor hukumatiga qarshi urushni davom ettirdilar. Amirning katta o‘g‘li Abdumalik to‘ra, Jo‘rabek, Bobobek va Sulton Sodiq kuchlari birlashib Karmana, Qarshi va Chiroqchi bekliklarini egalladilar hamda Amdumalikni amir deb e’lon qildilar. 1868 yilning kuzida amir Muzaffar o‘z o‘g‘liga qarshi fon Kaufmandan harbiy yordam so‘radi. Unga javoban amir huzuriga general Abramov boshchiligidagi qo‘shinlar jo‘natildi. 1868 yil 21 oktabrda bo‘lgan jangda Abdumalik To‘ra boshchiligidagi qo‘shinlar mag‘lubiyatga uchradi. 1872 yilning oxirlarida Rossiya hukumati Xiva xonligiga qarshi harbiy harakatlar boshlashga jiddiy qaror qabul qildi. Xivaga qarshi Orenburg, Mang‘ishloq, Krasnovodsk va Kavkaz okrugi qo‘shinlari ham jalb etildi. 1873 yilning bahorida 12 mingdan ortiq qo‘shin va 56 ta to‘p-zambaraklarga umumiy qo‘mondonlik Kaufman zimmasiga yuklatilib, Xiva xonligiga yurish boshlandi. Xiva hukmdori Muhammad Rahimxon II masalani tinch yo‘l bilan hal etishga urinishi behuda ketgach, harbiy kengash chaqirib, mudofaa rejalarini tuzadi va dushman istilochilariga qarshi kuchlarni safarbar etadi. Ammo, kuchlar va harbiy tayyorgarlik nisbati teng emas edi. 1873 yil 18 may kuni Amudaryo bo‘ylaridagi qattaq janglardan so‘ng Xazorasp egallandi. Shundan so‘ng rus qo‘shinlari Qo‘ng‘irot, Xo‘jayli, Mang‘it qal’alarini egallab 29 may kuni Xivaga kirib keladilar. Xon Izmiqsho‘r tarafdagi turkman ovuliga qochib ketadi. U Xivaga qaytib kelguniga qadar xon saroyidagi qimmatbaho buyumlar va 300 ta nodir qo‘lyozma asarlar Peterburgga jo‘natildi. 1873 yil 12 avgustda Xiva yaqinidagi Gandimiyon qishlog‘ida fon Kaufman bilan Muhammad Rahimxon o‘rtasida sulh shartnomasi (“Gandimiyon shartnomasi”) imzolandi. Bu shartnomaga ko‘ra, Amudaryo quyi oqimining o‘ng qirg‘og‘idagi yerlar Rossiya ixtiyoriga o‘tdi. Rus kemalarining Amudaryo bo‘ylab suzishlari uchun barcha imkoniyatlar yaratildi. Rus savdogarlari xonlik hududida erkin savdo qilish, Amudaryoning chap qirg‘og‘ida savdo omborlari qurish huquqini oldilar. Xiva xonligi Rossiyaning ruxsatisiz tashqi aloqalar olib borishdan mahrum etilib, vassalga aylandi. Xonlik zimmasiga 2.200 ming so‘m tovon to‘lash (20 yil muddatga) majburiyati yuklatildi. Rossiya savdo-sanoatchilari Xiva xonligida boj va majburiyatlardan ozod etilib, ularga xonlikda ko‘chmas mulk sotib olishga ruxsat berildi. Chor Rossiyasi Buxoro amirligi va Xiva xonligiga qarshi urush olib borayotgan davrda Qo‘qon xonligida chuqur siyosiy va iqtisodiy inqiroz hukm surayotgan edi. Chunki, 1868 yil 13 fevralda Kaufman va Qo‘qon xoni Xudoyorxon o‘rtasida shartnoma imzolangan bo‘lib, shu paytgacha Rossiya bosib olgan hududlar imperiya tassarrufiga o‘tgan edi. Oradan ko‘p o‘tmasdan bunday vaziyat Farg‘ona vodiysida Xudoyorxonga qarshi norozilik harakatlarini keltirib chiqardi. Bu harakatning katta qismiga o‘zini Qo‘qon xoni Olimxonning nabirasi Po‘latxon deb e’lon qilgan Mulla Ishoq Hasan o‘g‘li boshchilik qildi (Namangan va uning atroflarida). Xudoyorxonning obro‘li amaldorlari Iso Avliyo, Abdurahmon oftobachi, xonning ukasi, Marg‘ilon hokimi Sulton Murodbek, xonning o‘g‘illari Nasriddinbek (Andijon hokimi), Muhammad Aminbeklar Po‘latxon tomonga o‘tib ketadilar. 1873 yilga kelib qo‘zg‘olon butun Farg‘ona vodiysini qamrab olgan edi. O‘sha yili Xudoyorxon qo‘zg‘olonchilarni qisman mag‘lub etgan bo‘lsa-da, ahvol o‘zgarmadi. !875 yilning o‘rtalariga kelib qo‘zg‘olonchilar O‘sh, Namangan, Andijon, Asaka, Marg‘ilon shaharlarini egalladilar. Xonlikdagi norozilik harakatlarining bunday tus olishi Rossiya hukumatini sarosimaga solib qo‘ydi. Shu bois ham polkovnik M.D.Skobelev qo‘zg‘olonni bostirish uchun Turkiston o‘lkasiga yuborildi. Bu orada Xudoyorxon Kaufmandan yordam so‘rab murojaat qildi. 1875 yilning yozida Xudoyorxon Xo‘jand orqali Toshkentga qochib ketdi. Kaufman Xudoyorxonning 40 ta aravadagi mol-mulkini musodara qilib, o‘zini Orenburgga surgun qildi. Hali Xudoyorxon Qo‘qondan chiqib ketmasidan oldinroq uning katta o‘g‘li Nasriddinbek Abdurahmon oftobachi boshchiligidagi guruh rahbar-ligida Qo‘qon xoni deb e’lon qilindi. Yangi xon Rossiya bilan munosabatlarini yaxshilash maqsadi borligini bildirib fon Kaufmanga maktub yo‘llagan bo‘lsa-da, amalda Rossiya hukumatining bosqiniga qarshi kuch to‘plashga kirishgan edi. Shu maqsadda Nasriddinbek Buxoro amiri va Toshkentning nufuzli kishilaridan biri bo‘lgan Saidazimboyga yordam so‘rab noma jo‘natadi. Ammo Buxoro amri ham, Saidazimboy ham o‘zlariga yuborilgan nomalarni Kaufmanga topshiradilar. Nasriddinbekning harakatlari puchga chiqdi. Undan tashqari, Xudoyorxon qochib ketgach ayrim guruhlar Nasriddinbek, ayrimlari esa Po‘latxon tomonga bo‘linib ketdilar. Qo‘qon xonligidagi xalq harakatlari hamda Xudoyorxonning qochib ketishi natijasida yuzaga kelgan og‘ir vaziyat rus bosqinchilariga qo‘l keldi. 1875 yil avgust oyining boshlarida Qo‘qon xonligi qo‘shinlari Toshkent tomonga (Qurama tumani) yurish boshladi. Bunga qarshi Kaufman ham katta qo‘shin bilan qarshi hujumga o‘tdi. 22 avgustda Mahram qal’asi (Xo‘janddan Qo‘qonga yurish yo‘lida) rus qo‘shinlarining g‘alabasi amalda xonlik taqdirini hal qildi. 26 avgust kuni Kaufman Mahramdan Qo‘qonga yo‘lga chiqdi. Nasriddinbek Kaufman bilan kelishuv yo‘li bilan borib 1875 yil 22 sentabrda u bilan shartnoma imzoladi. Nasriddinbekning Kaufman bilan kelishuvi xalqning yana qo‘zg‘olon ko‘tarishiga sabab bo‘ldi. Bu safar harakatning markazi Andijon bo‘ldi. Po‘latxon atrofiga to‘plangan nufuzli amaldorlar Andijonning Bo‘taqora qishlog‘ida uni xon deb e’lon qildilar. 1875 yilning oxiriga qadar Andijon, Namangan, Baliqchi shaharlarida qattiq janglar bo‘lib, ular qo‘ldan-qo‘lga o‘tib turdi. Qo‘qonning o‘zida ham qo‘zg‘olon ko‘tarilib, Nasriddinbek qochib ketdi. Po‘latxonning Kaufman bilan muzokaralar olib borish harakati zoye ketdi. 1876 yil 28 yanvarda Po‘latxon Oloy vodiysida so‘nggi kuchlari bilan tor-mor etildi. Po‘latxon qo‘lga olinib, 1 mart kuni Marg‘ilonda osib o‘ldirildi. Nasriddinbek va Abdurahmon oftobachi Toshkentga jo‘natildi. 1876 yil 19 fevralda Qo‘qon xonligi tugatilib, uning o‘rniga Farg‘ona viloyati harbiy gubernatorligi tashkil etildi. General M.D.Skobelev Farg‘ona viloyatining harbiy gubernatori etib tayinlandi. Chor Rossiyasining bundan keyingi asosiy harbiy harakatlari turkmanlar yashaydigan hududlarni bosib olish bilan bog‘liq bo‘ldi. 1877 yilda Kaspiy ortining Axaltaka vohasidagi Qizil Arvat rus qo‘shinlari tomonidan egallandi. 1881 yilda Skobelev boshchiligidagi rus qo‘shin-larining nihoyatda dahshatli qirg‘inidan so‘ng Ko‘ktepa qal’asi, undan so‘ng Asxabad (Ashxobod) shahri egallandi. 1884 yilda rus qo‘shinlari Marv vohasini ham bosib oldilar. Bosib olingan hududlarda Kaspiyorti viloyati tuzilib, u Turkiston general-gubernatorligi tarkibiga kiritildi. Shu tariqa Chor Rossiyasi 20 yildan ziyodroq davom etgan bosqinchilik urushlari natijasida juda katta hududlardan iborat bo‘lgan O‘rta Osiyo xonliklarini bosib oldi. Rossiya imperiyasi bosib olingan hududlarining chegaralarini aniqlash va mustahkamlash choralarini ham ko‘rdi. 1881 yilda yangi Rossiya va Rossiya-Eron o‘rtasida, 1885-1887 yillarda Rossiya-Afg‘oniston, 1895 yilda Pomirdagi chegaralar belgilandi. Download 368.53 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling