Tarixdan xikoyalar


Download 1.55 Mb.
bet99/167
Sana20.08.2020
Hajmi1.55 Mb.
#127040
1   ...   95   96   97   98   99   100   101   102   ...   167
Bog'liq
Umumiy tarix

Shu tufayli O'zbekiston SSR Oliy Kengashining ikkinchi sessiyasi (1990 yil 20 iyun) "Mustaqillik Deklaratsiyasi"ni qabul qildi. Uning kirish qismida shunday so'zlar yozilgan edi: "O'zbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi Oliy Kengashi o'zbek xalqining davlat burilishdagi tarixiy tajribasi va tarkib topgan boy an'analari, har bir millatning o'z taqdirini o'zi belgilash huquqini ta'minlashdan iborat oliy maqsad haqqi, O'zbekistonning kelajagi uchun tarixiy mas'uliyatni chuqur his etgan holda, xalqaro huquq qoidalariga, umumbashariy qadriyatlarga va demokratik prinsiplarga asoslanib, O'zbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasining davlat mustaqilligini e'lon qiladi".

Ta'kidlash lozimki, mazkur hujjat O'zbekiston qonunlarining Ittifoq qonunlaridan ustuvorligini ta'minladi. Shu bilan birga, "Mustaqillik Deklaratsiyasi" O'zbekistonning 1991 yil 31 avgustga qadar mavjud bo'lgan boshqaruv, huquqiy faoliyatini ta'minladi, barcha sohada mustaqil siyosat olib borish imkonini berdi. "Mustaqillik Deklaratsiyasi" O'zbekistonning mustaqilligi sari tashlangan juda muhim va zalvorli qadam bo'ldi.

O'zbekistondagi bunday voqealar, 1990 yil oxirlariga kelib SSSR tarkibidan Litva, Latviya, Estoniya, Gruziya, Ozarbayjonning chiqib ketishi SSSR ning davlat butunligiga jiddiy ta'sir ko'rsatdi. Moskva 1990 yil kuzida Markaz bilan respublikalar o'rtasidagi munosabatlarni yangilash yuzasidan muzokaralar jarayonini boshlab yubordi. Ittifoq markazi bunga majbur bo'ldi, zero, ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, madaniy sohalarda uzilib qolayotgan o'zaro aloqalar, Markaz va respublikalar o'rtasidagi jarlikning ham bo'yiga, ham eniga kengayib, chuqurlashib borishi yangicha yo'lda ishlashni talab qilardi. Biroq, endi bunday imkoniyat qolmagan edi.

O'zbekiston hukumati, uning Prezidenti I.A. Karimov shunday murakkab sharoitda o'zbek xalqi manfaatlarini himoya qiluvchi yagona kuch bo'lib maydonga chiqdi. Fuqarolarga yakka tartibda turar joy qurish va shaxsiy tomorqa xo'jaliklari uchun yer uchastklari ajratish to'g'risidagi, qishloq infrastrukturasini, aholining ijtimoiy ahvolini yaxshilash to'g'risidagi farmonlar tobora murakkablashib borayotgan o'zbek xalqi ahvolini ma'lum darajada barqarorlashtiruvchi tadbirlar edi.

5. Yangi Ittifoq shartnomasi va GKChP. Mamlakatimiz rahbariyati, Prezidenti Yangi Ittifoq shartnomasi masalasi bo'yicha ham o'zining dadil flkrlarini bayon etdi. 1991 yil martida Kiyevda, aprelda esa Moskva yaqinidagi Novoogarovada shartli "9+1" raqami ostida M. Gorbachev va 9 ta ittifoqdosh respublika rahbarlari "Mamlakatdagi vaziyatni barqarorlashtirish va inqirozni yengishga doir kechiktirib bo'lmaydigan choratadbirlar to'g'risida qo'shma bayonot"ni imzoladilar. Qayd etish lozimki, ushbu bayonot avval-boshdan quruq qog'oz, amalga oshmasligi aniq hujjat ekani bilinib qoldi, zero, unda Markazning imperiyacha siyosati, boshqa xalqlar va respublikalar evaziga kun ko'rish kayfiyati ustuvor edi.

1991 yilning mart avgust oylarida Yangi Ittifoq shartnomasi bo'yicha ko'plab muzokaralar ohb borildi. Ularning barchasida Markaz o'z o'rnini saqlab qolishga harakat qildi, respublikaning mustaqilligini tan olgisi kelmadi. Ana shu davr mobaynida O'zbekiston hukumati eng avvalo Rossiya, so'ngra Ukraina, Belorussiya bilan ko'p masalalarda qattiq tortishishga majbur bo'ldi, respublikaning "boqimanda" emas, aksincha, o'z haqini talab etuvchi respublika ekanligini isbotlashga harakat qildi. Uzoq tortishuvlardan so'ng faqat 1991 yil iyun oyidagina ayrim masalalar yuzasidan "9+1" raqarnli bitimga erishildi. Lekin bu hali "Suveren Davlatlar Ittifoqi to'g'risida"gi shartnomaning imzolanishini bildirmas edi.

Moskvada 1991 yil 19-21 avgustda yuz bergan voqealar, KPSS MK Bosh kotibi va SSSR Prezidenti M.S. Gorbachevning hokimiyatdan chetlashtirilib, vitse-prezident G. Yanayev boshchiligidagi oliy eshelon rahbarlari tomonidan Favqulodda holat davlat qo'mitasi (FK'JFl) tuzilgani, biroq tez orada uning B.N. Yelsin rahbarligidagi Rossiya Federatsiyasi demokratik kuchlari tomonidan tor-mor etilishi endi SSSRning kelajagi yo'qljgidan dalolat berardi. O'zbekiston Prezidenti I .A. Karimov esa imkoniyatni qo'ldan chiqarmadi.

6. O'zbekiston Mustaqilligining e'lon qilinishi. O'zbekiston hali Ittifoq tarkibida bo'lib, SSSRning konfederativ davlatga aylanishiga ko'z tutib turilgan mahalda-1991 yil 31 avgust kuni respublika Oliy Kengashining XII chaqiriq navbatdan tashqari 6-sessiyasi bo'lib o'tdi. Unda O'zbekiston Resupblikasining Davlat Mustaqilligi to'g'risida Prezident LA. Karimov ma'ruzasi tinglangandi. Sessiyada O'zbekiston Respublikasining Davlat Mustaqilligini e'lon qilish to'g'risida Qonun qabul qilindi. Qonunda 1 sentabr O'zbekiston Respublikasining Mustaqillik kuni deb belgilandi. 17 moddadan iborat mazkur Qonunda suveren O'zbekiston Respublikasining asosiy belgilari aniqlab berildi.

Shunday qilib, xalqimizning mustaqillikka erishishdek asriy orzusi ro'yobga chiqdi. Bir yuz yigirma besh yil davom etgan Rossiyaning mustamlakachilik davriga, shuningdek, podsho va sovet mustabid tuzumiga chek qo'yildi. O'zbek xalqining muqaddas va tarixiy orzusi ushalib, o'zining mustaqil davlatchiligiga qayta erishdi. Bu nodir voqea karnida uch ming yillik o'tmishga ega o'zbek xalqi va davlatchiligi tarixiga zarhal sahifalar bo'lib yozildi. Mustaqillik xalqimizning 20 asrda erishgan eng yuksak yutug'i, ajdodlarimiz to'kkan qutlug' va tabarruk qonning mahsuli hisoblanadi.

65-§. Mustaqilukka harakat davrida madaniy hayot va ma'naviyat

1. Qayta qurish va milliy ta'limdagi holatlar. Qayta qurish O'zbekistonda milliy madaniyatni rivojlantirish, xalqning o'zligini anglash jarayonini takomillashtirish yo'lida ma'lum qadam bo'ldi. Madaniyatda milliylik tiklana boshladi, madaniy merosga munosabat o'zgardi. Ijtimoiy hayotda milliylik va baynalmilallik nisbatida adolat tiklandi. Biroq qayta qurish o'zbek xalqi madaniyatini rivojlantirishni, uni haqiqiy xalq ma'naviyatiga aylantirishni maqsad qilib qo'ymagan edi.

Madaniyatdagi qayta qurish hukmron kompartiya mafkurasining o'z siyosiy barqarorligini tiklash yo'lidagi navbatdagi urinish edi, xolos. Uning maqsadi esa madaniyatda shakllanib bo'lgan sekinlashtirish mexanizmining ko'zga tashlanib turgan ayrim "qusurlari"ni yengil ta'mirlashdan iborat edi.

1985-1990 yillar xalq ta'limi tizimida ayrim siljishlar ro'y berdi. Ammo bu davrda ta'lim va tarbiya sohasidagi ziddiyatli holatlar yanada keskinlashdi. Maktab, o'rta maxsus va oliy ta'limda rivojlanishning ekstensiv yo'li o'z imkoniyatlaridan to'liq foydalanib bo'ldi. O'qituvchi va talabalarning ijtimoiy faolligi ortgani sari sovet ta'lim tizimining chirishi kuchaya bordi. 80 yillarning o'rtalaridan boshlangan xalq maorifidagi islohotlar mavjud muammolarni xalq ko'zidan yashirishga urinishdan bo'lak narsa emasdi. Islohotdan ko'zlangan maqsad "sovet tizimi"ni yuqori darajaga ko'tarish, mutaxassis va o'quvchilar bilim saviyasini oshirish, ta'limni demokratlashtirishdan iborat edi. Biroq mazkur maqsadga sovet mafkurasi va u olib borayotgan kommunistik yondashuv asosida erishish mumkin emasdi. 80 yillarning o'rtalaridan boshlangan islohotlar moddiy jihatdan ta'minlanmaganligi uchun ham oxiriga yetmadi.

Chunonchi, 1985-1990 yillarda O'zbekistonda 3693 ming o'quvchiga mo'ljallangan yangi o'quv yurtlari talab qilingan holda, Markazning topshirig'i bilan bu raqam 920 ming o'ringa tushirildi. Respublika qishloqlaridagi maktablarning 80 foizi esa moslashtirilmagan binolarda joylashgan edi.

1985 yilda respublika maktablarida o'quvchilar soni 2684 mingga yetdi. Bu raqam 1990 yilga kelib 245 mingga kamaydi. 1985-1990 yillarda respublikadagi 14 ta pedagogika instituti va 38 ta o'rta maxsus bilim yurtlarida yiliga o'rtacha 17 ming yosh o'qituvchilar tayyorlangani holda, maktabda favoliyat ko'rsatuvchilar sonining muttasil kamayishi ta'lim tizimi va hukmron mafkuradagi jiddiy cheklanganlik oqibatida yuz berdi.

Xalq xo'jaligining boshqa sohalarida ko'plab mutaxassislar tayyorlandi. Masalan, 1970 yilda oliy maktabni bitirganlar soni 334 mingni tashkil etgan bo'lsa, bu raqam 1990 yilda 508 mingga yetdi. Biroq bular faqat son ko'rsatkichlari edi, xolos. Mutaxassislar saviyasi nuqtai nazaridan mamlakat boshqa davlatlardan ortda qolib kelardi.

2. Teatr san'ati va madaniy-marifiy ishlarning davlat siyosatiga bo'ysundirilishi. O'zbekiston ma'naviy madaniyatida teatr san'atining o'rni va roli juda katta. 80 yillar o'rtalaridan qayta qurish tufayli teatrda real hayotga murojaat qilish hollari ko'rina boshladi. Shukrullo, Said Ahmad, Erkin Vohidov, O'tkir Hoshimovlarning asarlarida ma'muriy-buyruqbozlik davrida respublikada paydo bo'lgan nosog'lom muhitni yoritishga, xalq tarixi, paxta yakkahokimligi, ekologik muammolar kabi ijtimoiy masalalarga keng o'rin berildi. Ayniqsa, Izzat Sultonning "Abdulla Qodiriyning o'tgan kunlari", Sharof Boshbekovning "Temir xotin" asarlari shuhrat qozondi. Shuningdek, Surxondaryo, Qo'qon, Namangan teatrlarida ham mukammal asarlar sahnaga qo'yildi.

Qashqadaryo viloyati musiqali va drama teatrida vujudga kelgan axloqiy-ruhiy holat natijasida mazkur teatrdan yosh, iqtidorli rejissyor A. Abdunazarov boshchiligida bir guruh ajralib chiqib "Muloqot" teatr studiyasini tashkil etishi, iqtidorli rejissyor B. Yo'ldoshev bilan birga bir guruh yosh, iste'dodli aktyorlarning Hamza teatridan "Yosh gvardiya" teatriga o'tib ketishi teatr san'atida demokratik jarayonlarning boshlanganidan dalolat beradi.

Biroq teatr san'ati chuqur bo'hronli holatda edi. Buning sabablari esa teatr va tomoshabin hamda repertuar muammolarida ko'rinadi. Mazkur san'at turining rivoj topishiga kommunistik mafkuraning tazyiqlari, hukmron siyosiy kuchning ijtimoiy byurtmasi katta to'siq bo'lib keldi. Natijada respublika teatrlari o'z tomoshabinlarini yo'qota boshladi. Masalan, 1985 yilda O'zbekistondagi 30 ta teatrga 4802 ming tomoshabin tashrif buyurgan bo'lsa, bu raqam 1989 yilda 4387 mingni tashkil etdi.

Buning natijasida madaniy-ma'rifiy muassasalarning moddiy-texnik bazasi masalasi juda keskinlashdi. Ma'muriy-buyruqbozlik tizimining yanada mustahkamlanishi, madaniy sohaga mablag' sarflashning "qoldiq" prinsipi tufayli 1985-1990 yillarda madaniyat maskanlari soni kamaya boshladi. Masalan, ko'rsatilgan davrda klublar soni 55 taga, kutubxonalar soni esa 93 taga kamayib ketdi. O'zbekistonda madaniy-ma'rifiy maqsadlar uchun aholi jon boshiga 1989 yilda 36 so'm pul ajratildi, xolos. Bu raqam Ittifoq respublikalari ichida eng past ko'rsatkich bo'ldi.

Ammo 1985-1990 yillarda davlat rasmiy siyosatining o'zgarmay qolishi, mavjud muammolarni hal etish imkoniyatlarining mavjud emasligi klublar, kutubxonalar ishini yanada jiddiyroq ravishda ma'lum tizimga soldi. Eng muhim madaniy-ma'rifiy muassasalar kompartiyaning ijtimoiy byurtmasini bajarishda davom etdilar. Bu esa aholining klublar ishidan bezishiga olib keldi. Yuqori tashkilotlar turli sun'iy yo'llar bilan ularning rolini oshirishga urindilar, suhbatlar, ma'ruzalar, zerikarli tadbirlar madaniyat muassasalarining ishi, faoliyati sifatida talqin etildi.

Qayd etish lozimki, 1986-1990 yillarda O'zbekiston milliy madaniyatining rivojlanishida ma'lum siljishlarga erishildi. Xususan, madaniyatda milliylik tomon o'girilishi, o'tmish madaniy merosimizni o'rganishga bo'lgan qiziqishning kuchayishi, 1989 yilda o'zbek tiliga davlat tili maqomining qonun yo'li bilan berilishi, O'zbekistonda yashovchi barcha millat va elatlarning madaniy jihatdan erkinlikka erishishi, kommunistik mafkuraviy biqiqlikdan ijodiy hurfikrlilikka o'ta boshlashi, madaniyatlarning rivojlanishiga yo'l ochib berilishi-bularning barchasi ijobiy holatlar bo'ldi.

Biroq qayta qurish sovetlar davri siyosatini tamomila inkor etish asnosida yuz bermadi, aksincha, ilgarigi siyosat yangi shaklda, eski mazmunni mustahkamlash tarzida davom ettirildi.

3. Madaniyatda milliylik va baynalmilallik masalasi. Ma'lumki, sovetlar davrida o'zbek milliy madaniyatining chuqur bo'hronli holatda bo'lishi, siyosiy iskanjada faoliyat ko'rsatishi ma'naviyatda milliylik va baynalmilallik nisbatining qo'pol ravishda rus madaniyatiga asoslangan soxta internatsionalizm foydasiga buzilishiga olib keldi.

To'g'ri, bu davrda milliy marosimlar, an'analarga munosabat o'zgardi. Xususan, dinning jamiyat hayotida tutgan o'rni va roliga e'tibor kuchaydi. Diniy tashkilotlar, muassasalar faoliyatiga keng yo'l ochildi, diniy erkinliklar himoya qilina boshlandi, milliy-madaniy markazlar tashkil etildi. Ammo bu o'zgarishlar milliy ma'naviyatning rivoj topayotganini bildirmas edi. Zero, madaniy jarayonga kompartiyaning aralashuvi ham davom etdi. Bu 80 yillar o'rtalarida Navro'z milliy bayrami va islom diniga qarshi rasmiy harakatlar misolida yaqqol ko'rindi.

Sovet davri siyosatchilari tomonidan o'ylab topilgan millatni o'limga mahkum etuvchi soxta nazariyalar qayta qurish yillarida ham o'ziga yo'l ochishga harakat qildi. Masalan, 1987 yilda o'zbek tilida asarlar chop etish 1980 yildagiga nisbatan 0,9 mln nusxaga kamaydi va 1988 yilda jami 10,6 mln nusxaga yetdi, yoki O'zbekistonda yashayotgan har bir o'zbek o'quvchisiga atigi 0,7 tadan kitob to'g'ri keldi.

O'zbek tilini bilish, unda asarlar chop etish masalalasi katta muammo bo'lib qolaverdi. Maktablarda ona tilini o'rganishga ajratilgan soatlar, teatr, kino va boshqa muassasalarning milliy repertuari qisqardi. 1984 yilda O'zbekistondagi oliy o'quv yurtlarida 47,2% talabalar barcha fanlarni rus tilida o'rganganlari holda, o'zbek tilida bu raqam arang 39,5%ga yetdi.

Milliy madaniyatning rivoji ko'p jihatdan kutubxonalar, ulardagi kitob jamg'armalariga bog'liq. Uzoq yillar davomida kutubxona fondlarini jamlashda rus tilidagi kitoblarga ustuvor ahamiyat berish amaliyoti qayta qurish davrida ham o'zgarmay qolaverdi. O'zbek qishloqlarida yashovchi millionlab dehqonlar rus tilini bilmaganlari holda, bu yerdagi kutubxonalar jamg'armasining 60-90%ini rus tilidagi kitoblar tashkil etardi. Masalan, 1989 yili Andijon viloyatidagi barcha kutubxonalarda bo'lgan 8698000 kitobdan 4167,3 mingini rus tilidagi kitoblar tashkil qilgan. O'zbekiston bo'yicha o'zbek tilidagi adabiyotlar soni yildan yilga kamayib bordi. 1989 yilda o'zbek tilidagi kitoblar barcha kutubxonalar jamg'armasining 42,5%ini tashkil etdi, xolos. Kutubxonalarning o'zi ham sovet turmush tarzini madh etuvchi, uning "afzalliklari"ni targ'ib qiluvchi muassasa sifatida kommunistik mafkura tomonidan iskanjaga olindi.

4. Qayta qurish davrida milliy qo'shiqchilik san'ati. Qayta qurish yillari qo'shiqchilik sa'nati uchun ham og'ir sinovlar davri bo'ldi. Agar 1985 yilda O'zbekiston bo'yicha 13 ta konsert muassasalari ijodiy faoliyat ko'rsatgan bo'lsalar, 1988 yilda bu raqam 7 tani tashkil etadi. Bu hol respublikada konsertlar (1985 yilda 8000, 1988 yilda 5200) va ulardagi tomoshabinlar (1985 yilda 2267000, 1988 yilda 2133000) sonining keskin kamayishiga sabab bo'ldi.

Konsert tashkilotlarining ijtimoiy obro'sizlanishi boisi repertuar masalasiga mafkuraviy tazyiqning kuchliligida edi. Milliy qo'shiqlar "sinfiylik"ka yot deb, madaniy merosga ijobiy munosabat esa millatchilik ko'rinishi sifatida talqin qilinishi 80 yillarning ikkinchi yarmida O'zbekistondagi mafkuraviy rahbariyatning katta xatosi bo'ldi. Madaniyat sohasini xodimlar bilan ta'minlash masalasi ham juda og'ir kechdi. Xususan, 1989 yilda O'zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligiga qarashli klub muassasalarida xizmat qilayotgan 7261 xodimning faqat 1179 tasi, ya'ni 16,2%igina oliy, 35,2%i o'rta max-sus ma'lumotga ega edi. Resupblika viloyatlari bo'yicha tahlil qilganda bu ko'rsatkich yanada beqaror bo'lganini ko'rish mumkin. Masalan, Xorazm viloyatida oliy ma'lumotli madaniyat xodimlari 20,8% ni tashkil etgan holda, Sirdaryo viloyatida bu raqam 8,5%ni, Buxoroda 10,1%ni tashkil qildi.

Kommunistik mafkura, ma'muriy-buyruqbozlik tizimiga asoslangan dunyoqarash va mustabid boshqaruv usuli o'zbek milliy madaniyatini kamsitish yo'lidan bordi. Bu o'tmish madaniyatimiz, milliy merosimizga munosabatda ayniqsa aniq ko'rindi. Ma'lumki, O'zbekiston o'zining boy madaniy va tarixiy yodgorliklari bilan jahonni doim lol qoldirib kelgan. Biroq ularni asrab-avaylab, kelgusi avlodlarga yetkazish rasmiy siyosat "buyurtma"si bilan amalda yo'qqa chiqarildi.

1989 yilda O'zbekiston bo'yicha 9310 ta harakatsiz madaniy va tarixiy yodgorliklar hisobga olingan. Ulardan faqat 6466 tasi, ya'ni 70% i davlat muhofazasiga olingan. Davlat muhofazasiga olingan yodgorliklarni saqlash, ta'mirlash ishlari ham o'lda-jo'lda bo'lgan.

Tarixiy-madaniy yodgorliklar, obidalardan boshqa maqsadlarda foydalanish ayniqsa avj oldi. Toshkent shahrining o'zida yigirmaga yaqin yodgorliklar ijarachilar, turli tashkilotlar, korxonalar tomonidan band etildi. Ko'plab joylarda o'ta mas'uliyatsizlik oqibatida tarixiy obidalar, xalq madaniy merosi yo'q qilindi. Navoiy viloyatining Xatirchi tumani hududidagi Soqitepa, 1-Uchtepa, Kattatepa, Zartepa, Shag'altepa, Baxchikalontepa kabi qo'rg'onlar vayron etildi.

Shunday qilib, 80 yillarning ikkinchi yarmida o'zbek milliy madaniyatida ma'lum siljishlar ro'y berdi. Biroq ma'naviy sohaga kommunistik mafkura ta'siri hali juda kuchli edi va uni to'liq bartaraf etmasdan milliy va baynalmilal madaniyatni umumxalq ijtimoiy ongiga singdirib bo'lmasdi.

XULOSA

1917-1991 yillarda O'zbekiston, uning xalqlari bosib o'tgan yo'l, unda yuz bergan o'zgarishlar tarixga aylanib borayotir. Bu-yaqin o'tmish tarixi. U davrda, ayniqsa, 20-30 yillarda tug'ilib hayot kechirib kelayotganlar 20 asrning ikkinchi yarmida, hatto undan ancha avval bo'lib o'tgan voqealarning guvohlarigina bo'lmay, ularning bevosita ishtirokchilari hamdirlar. Ular bu davrdagi jarayonlar, mustabidlik siyosati, mustamlakachilikning achchiq zug'umlarini boshdan kechirganlar.



Mustaqil va ozod O'zbekistonning yosh avlodi mamlakatimizda istiqlol tantana qilguncha bosib o'tilgan yo'lni tarix darslaridan bilib oladi. Bu tarix, uning saboqlarini ilmiy asosda, haqqoniy tarzda idrok etish bugunimiz va buyuk kelajagimiz uchun g'oyat muhimdir.

Darslik materiallari qamrab olgan davrda O'zbekistonda vaziyat murakkab, ziddiyatli, ko'p jihatdan xalq ommasi uchun halokatli bo'lganligini ko'ramiz. Aholi, uning barcha qatlamlari va guruhlari normal xo'jalik faoliyati, ijodkorlik, hamkorlikni yo'lga qo'yish, O'zbekistonning iqtisodiy va ma'naviy salohiyatlarini yuksaltirish harakatlari davomida bolshevistik diktatura, ashaddiy qizil imperiyachilikning eng manfur qarshiligiga uchradilar. Milliy davlatchilikni qaror toptirish sa'y-harakatlari barbod etilib, islom dini, milliy qadriyatlar, madaniy boyligimiz oyoqosti qilindi, millatning ardoqli vakillari qatag'on va quvg'inga uchradi.

Sovet mustabid tuzumi, undagi hukmron doiralar O'zbekistonga nisbatan yuritgan siyosatining bosh o'qi bu yerli aholini o'z milliy davlatchiligiga erishishga yo'l qo'ymaslik, jannatmakon o'lkani xom ashyo manbaiga aylantirish, millatning ma'naviy kamolotiga yo'l qo'ymaslikdan iborat bo'ldi. O'zbekistonning boy tabiiy boyliklari ishlanmagan shaklda yoki tayyor mahsulot holida respublikadan olib chiqib ketildi. Shu bilan birga, yerli aholining moddiy manfaatlari, yoshlarning ish bilan ta'minlanishi masalalari nazarga olinmadi.

Rasmiy targ'ibotda O'zbekiston rivojlangan agrarin-dustrial respublika deb e'lon qilindi. Ammo unda to'plangan halokatli muammolar xaspo'shlab, yashirib kelindi.

O'zbekistonning ko'pchilik aholisi qishloqlarda yashab kelgan. Mirishkor dehqonlar turli mahsulotlar yetishtirishning haqiqiy ustalari bo'lib, og'ir sharoitlarda ham yerga mehr qo'yib mehnat qildilar. Ammo paxta yakkahokimligining singdirilishi, haddan tashqari zaharli kimyoviy moddalarning sepilishi ekin maydonlari biologik strukturasini buzibgina qolmay, aholi sog'lig'i, chorva mollariga ham halokatli ta'sir ko'rsatdi. Ko'plab keltirilgan va respublikada ishlab chiqarilgan traktorlar, yuk mashinalari, tez sur'atlarda qurilgan kimyo korxonalari va ularning mahsuloti faqat paxta yetishtirishni ko'paytirishga qaratilgan edi.

Shuningdek, respublikada bir qator sanoat korxonalari qurildi, bundagi yer osti boyliklari bazasida yirik obyektlar ishga tushirildi. Bu ishlar Markaz nazorati ostida, ko'chirib keltirilgan ishchi kuchlari vositasida olib borildi. Tabiiy gaz quvurlar orqali Rossiya markaziga haydaldi, lekin aholining katta qismi gazdan foydalanish, toza ichimlik suvini iste'mol qilishdan mahrum edi. Ishlab chiqarilgan oltin, boshqa qimmatbaho metallar to'g'ri Markazga olib ketilgan. Faqat mustaqillik sharofati bilan bu muammolar jadal yechilmoqda.

Sovet hokimiyati yillarida O'zbekistonda ishlab chiqarilgan paxta tolasining atigi 8%i shu yerda tayyor mahsulotga aylantirilib, qolgani respublikadan olib ketilar edi.

O'zbekistonda sanoat quririshi sohasida o'tkazilgan siyosatning mustamlakachilik mohiyati shundan iborat bo'ldiki:

a) bunda qurilgan korxonalar mahsulot ishlab chiqarishni mustaqil olib borolmagan, ko'p jihatdan Rossiya sanoatiga bog'liq bo'lgan;

b) respublikadagi korxonalarning aksariyati Markaz tasarrufida bo'lib, ishlab chiqarilgan mahsulotlar olib ketilgan;

c) bir qator kimyo zavodlari aholi yashaydigan ra-yonlarda qurilib, atrof-muhitni zaharlagan (mustaqillik yillarida ba'zilari yopildi, qolganlarining faoliyati xavfsizlantirildi);

d) e) mahalliy aholi zich yashagan, bo'sh ishchi kuchi yetarli bo'lgan shaharlar va tumanlarda o'nlab yirik zamonaviy yengil sanoat korxonalari, mashinasozlik zavodlari qurish uchun barcha sharoitlar mavjudligiga qaramay, bunday tadbirlar amalga oshirilmagan. Tabiatdan jinoyatkorona foydalanish oqibatida ekologiya buzildi, Orol fojiasi umumbashariy muammoga aylandi.

Maorif-madaniyat dargohlari, o'quv yurtlari, ijodiy uyushmalar, teatr, kino, radio, televideniye, nashriyotlar, ijtimoiy sohalar, ilmiy-tadqiqot institutlari-barchasining faoliyati birinchi navbatda sotsializm va kommunizm to'g'risidagi xayoliy, real voqelikdan yiroq, jamiyat uchun zararli ta'limot va g'oyalarni tarannum etish, odamlar ongiga singdirishga xizmat qilgan. O'zbekiston ilg'or davlatlardan kelgan texnologiyalar, rivojlanishning mukammal g'oyalaridan voqif bo'lish imkoniyatlaridan mahrum bo'lib keldi. Kadrlar tayyorlashning istiqbolli milliy dasturini qabul qilish va uni amalga oshirishga kirishish, chet ellarga yoshlarni o'qishga yuborish, olimlarimizning xalqaro aloqalar maydoniga chiqib, muvaffaqiyat bilan faoliyat ko'rsatishlari-bunday shukuhli lahzalar haqida sovet istibdodi sharoitida faqat orzu qilish mumkin edi. Shunga qaramasdan bu qiyin davrda xalqimiz mardonavor mehnat qildi. Sanoat va qishloq xo'jaligida ma'lum yutuqlarga erishildi. O'zbek milliy ziyolilari fidoyiligi tufayli fan, madaniyat, ta'lim rivojlandi. O'zbek xalqining shijoatli mehnati tufayli, qiyinchilik va to'siqlarga qaramay, respublika taraqqiy etdi. Ikkinchi jahon urushi yillarida yuz minglab o'zbek o'g'lonlari Jang maydonlarida qurbon bo'ldilar. O'zbek xalqi minglab oilalarni bag'riga olib, non-tuz ulashdi.

X R O N O L O G I Y A

1917-y 28 fevral (13 mart) - Rossiyada fevral inqilobi g'alaba qozondi

1917-y 14 mart - Toshkentda "Sho'roi Islomiya" tashkiloti tuzildi.

1917-y 16-23 aprel - Butunturkiston musulmonlarining 1 qurultoyi bo'lib, unda Turkiston o'lka musulmonlari kengashi (Краймуссовет) tashkil qilindi.

1917-y 26 aprel -

noyabr oxiri - Xiva xonligida Majlis (Mahkamai adliya) va hukumat faoliyat ko'rsatdi.

1917-y - "Sho'roi ulamo" tashkiloti tuzildi.

1917-y 10-11-sentyabr - Butunturkiston musulmonlarining 2 quriltoyi bo'ldi

1917-y 17-20-sentyabr - Toshkentda Turkiston va Qozog'iston musulmonlarining qurultoyi bo'lib, unda turkiston mintaqasi uchun umumiy "Ittifoqi muslimin" siyosiy partiyasi tuzildi.

1917-y - Toshkentda bolsheviklar zo'ravonlik bilan hokimyatni egallashdi.

1917-y 26-28 noyabr

(9-11 dekabr) - Qo'qon Butunturkiston musulmonlarining favqulotda 4 quriltoyi bo'lib, unda Turkiston muxtoriyati hukumati tuzildi.

1918-y 22 fevral - Turkiston Muxtoriyati hukumati qizil askarlar va dashnoqlar tomonidan tor-mor qilindi.

1918-y fevralning oxiri - Turkiston mintaqasida bosqinchi qizil armiya va sovet rejimiga qarshi qurolli harakat boshlandi.

1918-y mart - Turkiston XKS raisi F. Kolesov boshchiligidagi qizil asrkarlar Buxoro amirligiga hujum qildi. Kolesov mag'lubiyatga uchragach Qiziltepa bitimi tuzildi.


Download 1.55 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   95   96   97   98   99   100   101   102   ...   167




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling