Tarixdan xikoyalar
Download 1.55 Mb.
|
Umumiy tarix
Jahonning rivojlangan va demokratik tarkib topgan mamlakatlaridagi ijobiy o'zgarishlar, demokratiya va inson huquqlarini himoya qilishdagi olg'a siljishlar, xalq turmush sharoitidagi yangi imkoniyatlar sovet jamiyatidan nafratlanish, jiddiy, tub o'zgarishlarni amalga oshirishga moyillik hissini paydo qildi. Ana shunday sharoitda 80 yillarning o'rtalarida sovet jamiyatida "qayta qurish" boshlandi. Qayta qurish KPSS MK Bosh kotibi Mixail Sergeyevich Gorbachev va KPSS Markaziy Komitetining aprel (1985 yil) plenumi bilan bevosita bog'liqdir. Ushbu jarayon avvalo jamiyatning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, madaniy sohalarida to'planib qolgan inqirozli holatlarni tahlil etishdan boshlandi. Natijada mahsulot ishlab chiqarish uchun ikki baravar ko'p tabiiy resurslar, energiya, inson mehnati sarf etilishi, temir, po'lat, stanoklar ishlab chiqarish bo'yicha dunyoda birinchi o'rinni egallashiga qaramasdan mamlakatda raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishning yo'lga qo'yilmaganligi qayd etildi. Qayta qurishning birinchi bosqichi (1985-1987 yillar) ma'muriy-tashkiliy tadbirlarning an'anaviy usullarda olib borilishi bilan izohlandi. Mazkur bosqichda kun tartibiga qo'yilgan vazifalardan biri ilmiy-texnika taraqqiyoti yutuqlarini ishlab chiqarishga jalb etish asosida jamiyatda tub iqtisodiy taraqqiyotni jadallashtirish va uning asnosida inson omilini faollashtirishdan iborat bo'ldi. Qayta qurishning dastlabki davrlarida asosiy e'tibor mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirishga qaratildi. Ammo bunday jarayonni ijtimoiy munosabatlarni takomillashtirmasdan amalga oshirish mumkin emasligi tezda ayon bo'lib qoldi. Shuning uchun 1986 yilda qayta qurish va ijtimoiy munosabatlar masalasiga alohida e'tibor berildi. Bunday siyosatning markazida esa jamiyatni demokratlashtirish, ma'muriy-buyruqbozlik va byurokratizmga, qonunsizlikka qarshi kurash turar edi. Natijada jamiyat ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, madaniy hayotida ma'lum o'zgarishlar ro'y bera boshladi, kishilarning ijtimoiy faolligi oshdi, demokratiya sari qadam tashlandi, milliy o'zlikni anglash jarayoni yuz berdi. Ammo tub o'zgarishlarni, barcha sohalarda haqiqiy islohotlarni amalga oshirish yo'lidagi urinishlar muvaffaqiyat qozonmadi. 1986 yildan boshlab mamlakat iqtisodiy ahvoli battar yomonlasha boshladi, 1987 yil yanvaridan ishlab chiqarish sur'atlari keskin pasaya bordi, iqtisodiyotda inqirozli holat yuzaga keldi. Qayta qurishning birinchi bosqichi shu tarzda mag'lub bo'ldi. Qayta qurishning ikkinchi bosqichi (1987-1990 yillar) endi jamiyatning barcha jabhalarini kompleks tarzda isloh qilishni kun tartibiga qo'ydi. Xususan, bunday vazifa sobiq siyosiy mafkura tomonidan 1987 yil yanvarda yanada konkretlashtirildi va uning asosiy maqsadi sovet jamiyatini to'liq demokratlashtirishdan iborat ekanligi ta'kidlandi. 1. Sovet jamiyatini demokratlashtirish va uning amalda asossizligi. Jamiyatda sodir bo'layotgan voqealar, hodisalarga o'sha davrda kun tartibiga qo'yilgan "ko'proq demokratiya" shiori ostida baho berish rasm bo'ldi. To'g'ri, demokratlashtirish jarayoni jamiyatni ma'lum darajada uyg'otdi, ijtimoiy faollik ortdi. Saylovlarning muqobil nomzodlar ishtirokida, alternativ asosda olib borilishi ijobiy holat edi, bundan tashqari SSSRda saylov tizimini o'zgartirish to'g'risidagi Qonun (1988 yil dekabri) ning qabul qilinishi ham jamiyat a'zolari ijtimoiy faolligini oshirishda ma'lum ahamiyat kasb etdi. Ammo mamlakatda tub demokratik o'zgarishlarni amalga oshirish, boshlangan islohotlarni oxiriga yetkazish mumkin bo'lmadi. Bu ikki sabab bilan izohlanadi. Birinchidan, qayta qurishning aniq, izchil, ilmiy jihatdan puxta ishlab chiqilgan dasturi yo'q edi. Ikkinchidan, partiya rahbarlari bundan manfaatdor emasdilar. Ma'lumki, qayta qurish "yuqoridan" boshlandi. Mazkur jarayonning boshlanish paytida jamiyat a'zolari unga juda katta umid bog'ladilar. Ro'y berayotgan o'zgarishlar, ayrim ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy islohotlar kishilarda ertangi kunga, "porloq kelajak"ka ishonch ruhini yana uyg'otdi. Dastlabki davrda qayta qurish rahnamolari, ya'ni "yuqori"ning "quyi" bilan munosabatlarida ma'lum kelishuvchilik, xayrixohlik sezildi. Lekin keyinchalik vaziyat o'zgardi, 80 yillarning ikkinchi yarmidan boshlangan iqtisodiy inqiroz, ijtimoiy muammolarni hal etishdagi uquvsizlik demokratik jarayonlar va oshkoralikning yarim yo'lda qolib ketishi-bularning barisi jamiyat a'zolarida qayta qurishga bo'lgan munosabatni o'zgartirdi. Qayta qurishning uchinchi yilida uning to'liq mag'lub bo'lishi aniq ko'zga tashlanib qoldi. Amaliy ishlar, foydali tadbirlar o'rniga siyosiy jabhadagi "musobaqalar": siyosiy safsata, quruq va'dalar kishilarda loqaydlik holatini yanada kuchaytirdi. Ijtimoiy faollik o'rnini sustkashlik, davlat va firqa siyosatiga ishonmaslik, befarqlik egalladi. Qayta qurish oshkoralik, demokratiya va fikrlar xilma-xilligining ma'lum ma'noda kuchayishiga imkon yaratdi. Shu bilan birga, bunday jarayonlarni madaniy shaklda, xalqaro andozalar asosida olib borish imkoni bo'lmadi. Bunga ko'proq kommunistik-bolshevistik mafkuraviy yakkahokimlik, ma'muriy-buyruqbozlik tizimi asoratlari ta'sir qilar edi. Natijada torn ma'nodagi oshkoralikka erishib bo'lmadi, demokratiya esa amalda navbatdagi "siyosiy o'yin"lar ko'rinishini oldi. Fikrlar xilma-xilligining ayrim ko'rinishlari esa "yuqori"ning siyosat va nazariy masalalarda hur fikrlilikni ta'qib etishi asnosida yuz berdi. 2. "O'zbek ishi"ning mohiyati. Tabiiyki, yuqoridagi kabi holatlar jamiyatda torn ma'nodagi siyosiy-ijtimoiy islohotlarni amalga oshirishga imkon bermadi. Imkon berishi mumkin emas edi ham. Chunki, bunday islohotlar aslida sobiq markazning siyosiy manfaatlari nuqtai nazaridan amalga oshirilishi lozim edi. Milliy respublikalar talab-ehtiyojlari nazar-pisand qilinmadi. Natijada ijtimoiy-siyosiy inqiroz yuzaga keldi. Sunday holat, ayniqsa, O'zbekistonda o'ziga xos tarzda namoyon bo'ldi. O'zbekistonda tobora kuchayib borayotgan iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy inqiroz, boshboshdoqliklarning zudlik bilan oldini olish, pirovard natijada ijtimoiy adolatga erishish lozim edi. Ana shunday sharoitda mavjud holatdan chiqish, shuningdek, sobiq ittifoqdosh respublikalarning mustaqillik yo'lidagi harakatlarini bartaraf etish, Sobiq SSSRda vujudga kelgan inqirozli harakatlar sabablarini ittifoqdosh respublikalardan qidirish, ularni ayblash uchun Markaz turli nayranglar, "siyosiy o'yinlar" o'ylab chiqdilar. Sobiq mamlakatning turli mintaqalarida "o'ylab topilgan" bunday "tadbirlar" ichida O'zbekistondagi holat o'ta achinarli tus oldi. Markaz nima qilib bo'lsada, O'zbekiston misolida uning rahbariyatini, xalqini uyushgan jinoyatchilikda ayblab, obro'sizlantirish yo'lini tutdi. Buning natijasida "o'zbek ishi", keyin "Paxta ishi" paydo bo'ldi. "O'zbek ishi" aslida markazda o'ylab topilgan bo'lib, uning mohiyatini O'zbekiston misolida sobiq SSSRning taraqqiyot jihatidan umumjahon andozalaridan ajralib qolganligini xaspo'shlab ko'rsatish edi. "Paxta ishi" esa "o'zbek ishi"ning davomi bo'lib, nima qilib bo'lsa-da o'sha davrda barcha respublikalarda avj olgan qo'shib yozish, xizmat lavozimini suiiste'mol qilish, uyushgan jinoyatchilikning vujudga kelganligini, ularni bartaraf etish orqali sobiq SSSRning davomiyligini saqlashdan iborat edi. Ta'kidlash kerakki, O'zbekistonning o'sha paytdagi ayrim rahbarlarida (Inomjon Usmonxo'jayev, Rafiq Nishonov va b.) ham qat'iy jur'at, sobiq Ittifoq doirasida respublikaning real tutgan o'rnini ochiq-oydin aytish uchun mardlik yetishmadi. Aksincha, uning o'rniga bunday rahbarlar Markaz vazifalarini tezroq "uddalash", respubikaning Ittifoqqa boqimanda ekanligi to'g'risidagi soxta fikrlarni tasdiqlashdan nariga o'tmadilar. Ijtimoiy-ma'naviy sohada esa milliylikning har bir ko'rinishi "internatsionalizm" mohiyatiga yot ekanligini isbotlash-ga harakat qilindi. Bu narsa o'zbek tili, din, milliy urf-odat, an'ana, marosimlar, ayniqsa, "Navro'z" bayramiga munosabatda yaqqol ko'rindi. O'zbekistonning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, madaniy hayotida O'zkompartiyaning XVI Plenumi (1984 yil 23 iyun) juda mash'um rol o'ynadi. Ushbu partiyaviy tadbir ham aslida "yuqori"ning talabi bilan o'tkazilgan bo'lib, uning maqsadi mahalliy rahbar kadrlarni obro'sizlantirish, ular "timsoli"da o'zbek xalqini kamsitish edi. 1984-1990 yillar ichida O'zbekistonda 20 asr 30-50 yillarida sodir bo'lgan qatag'onlardan ko'lam jihatidan kam bo'lmagan bedodliklar yuz berdi. Eng avvalo qatag'on qilichi Sharof Rashidovga qarshi ko'tarildi. 80 yillar qatag'onidan sobiq Ittifoqdagi biror-bir xalq o'zbek millati kabi talafot ko'rmadi. Markazning tazyiqi tufayli 1984 yildan respublikamizga mamlakatning turli mintaqalaridan "desantchilar" yog'ilib kela boshladi. "Desantchilar" aslida milliy-mahalliy urf-odat, an'analarni bilmagan, bilishni ham istaniagan, aksincha, turli siyosiy iboralar bilan ularni inkor etuvchi, "yordam berish", "O'zbekistonni to'g'ri yo'lga solish" shiorlari orqali mamlakatimizni obro'sizlantirishga harakat qilgan va markaz tomonidan rag'batlantirilgan hamda yuqori lavozimlarga tayinlanganlar edi. Gdlyan va Ivanov rahbarligidagi jazo otryadlari 1984-1989 yillarda turli bahonalar bilan o'n minglab rahbarlarni ishdan oldilar, kadrlarni almashtirish siyosati ommaviy tus oldi. Birgina 1984-1987 yillarda Moskva, Leningrad va Rossiyaning boshqa shaharlaridan 400 dan ortiq kishi O'zbekistonning partiya, sovet, ma'muriy-xo'jalik organlariga ishga yuborilgan. Markazdan yuborilgan amalparastlar O'zbekistonning partiya va hokimiyat tizimlaridagi asosiy o'rinlarni egallab, qatag'on boshladilar. O'zbekistondagi kamchiliklarni ilma-teshik qilib tekshirdilar, yo'q xato va kamchiliklarni atayin bor qildilar, siyosiy o'yinlar, makkor niyatlar natijasida jismoniy zo'ravonliklar, ruhiy ta'sir etishlar ommaviy tus oldi. Eng yomoni O'zbekistonning milliy va hududiy o'ziga xosliklarini bilmagan "desantchilar" o'zbek xalqining milliy g'ururini paymol qilishga urindilar. Bu davrda totalitar-buyruqbozlik, mustabid tuzum yo'l qo'ygan xato va kamchiliklarga mintaqaviy yoki milliy hodisa deb qarash yuzaga keldi. Bu, ayniqsa, Moskva matbuot organlarida juda avjga chiqdi. Biroq davlat va xalq mulkini talon-toroj qilish, poraxo'rlik, mansabga tayinlashda oshna-og'aynigarchilik va mahalliychilikka yo'l qo'yish faqat O'zbekistonga xosdir, deb baholash tarixiy haqiqatga batamom zid siyosat edi. Bunday xato va kamchiliklar turg'unlik yillarida sovet jamiyatining hamma yerida, birinchi navbatda Markazning o'zida chuqur ildiz otib ketgandi. "Paxta ishi" keyinroq atay "o'zbek ishi"ga aylantirilib, xalqimizning nafsoniyatini toptash yo'liga o'tildi. Oqibatda butun respublikamizda parokandalik, loqaydlik, umidsizlik va ishonchsizlik kayfiyati chuqurlashdi. Odamlarning ko'ngli jamiyatdan ham, siyosatdan ham sovidi, sarosimada, tahlikada yashaydigan bo'ldi. "Paxta ishi", "O'zbek ishi" Moskvada to'qib chiqarilgan bo'lib, pirovard natijada millat sha'niga, uning asrlar mobaynida to'plangan obro'-e'tiboriga, milliy qadriyatlariga dog' tushirdi. Bu esa o'zbek xalqining sovetlar tuzumi, kommunistik mafkuraga nisbatan nafratini oshirdi. 3. Qayta qurishning mag'lub bo'lishi. Qayta qurish jamiyat ijtimoiy-siyosiy tuzilishida ham o'zgarishlarni yuzaga keltirdi. KPSSning jamiyat hayotida tutgan o'rni bo'shashdi, uning rahbarlik va rahnamolik roliga putur yetdi. Bunday hol boshqa jamoat tashkilotlari, ayniqsa, yoshlar tashkilotlari, kasaba uyushmalariga ham taalluqli edi. Qayta qurish oxir-oqibatda siyosiy jihatdan puch, natijasiz, besamara safsatabozlikdan boshqa narsa bo'lmay qoldi, tub demokratik o'zgarishlarni amalga oshirish, boshlangan islohotlarni oxirigacha yetkazish mumkin bo'lmadi. Buning sabablari quyidagilardan iborat. Birinchidan, qayta qurishning aniq, izchil, ilmiy jihatdan puxta ishlab chiqilgan konsepsiyasi yo'q edi. Og'izda demokratiya, oshkoralik kabi shiorlardan foydalanilganiga qaramasdan, amalda partiya, siyosiy rahbariyat eski tasavvurlar girdobida edi, rahbarlikning demokratiyaga qarama-qarshi turuvchi buyruqbozlik-ma'muriyatchilik usullaridan foydalanishi davom etardi. Ikkinchidan, mamlakatdagi partokratik rahbariyat "nomenklatura"ni saqlab qolishdan manfaatdor edi, chunki mamlakatni boshqarish ma'muriy-buyruqbozlik usuli orqali oson kechardi. Har qanday demokratiya, oshkoralik totalitar tuzumning kushandasi ekanligini ular anglar edilar. Uchinchidan, M.Gorbachev g'oyasi asosida qayta qurishni amalga oshirish mumkin emasdi. Sotsializmga xos mulkiy munosabatlar, ijtimoiy sohadagi siyosat, yakkapartiyaviy rahbarlik, mustabid boshqaruv usuli hech qachon demokratiya bilan kelisha olmas edi. Shunday sharoitda qayta qurish xalqni chalg'itishdan boshqa narsa emasligi ayon bo'ldi. Natijada qayta qurish xalqning tobora siyosiy faollashuvi tufayli mag'lubiyatga uchradi. 62-§. Xalq milliy ongining o'sishi. demokratiya va ijtimoiy faollik 1. Milliy o'zlikni anglashning mohiyati. 1985-1990 yillar o'zbek xalqining milliy o'zligini anglashi, milliy ongining o'sishida juda muhim ahamiyatga ega. Qayta qurish siyosati jamiyat ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy hayotida jiddiy sifat o'zgarishlarini amalga oshirmagan, jamiyatning yangi mazmun jihatdan yangilanishini ta'minlamagan bo'lsa-da, biroq uning natijasida o'ziga xos milliy uyg'onish yuz berdi. Sovetlar davrida hukm surgan bolshevistik-kommunistik ma'muriy-buyruqbozlik tizimi sobiq Ittifoqdagi har bir millat kabi o'zbek millatining ham ijtimoiy faolligidan manfaatdor emas edi. O'zbek xalqining qadimiy, ko'hna madaniyati, urf-odati, an'analarining boyligi va uning chuqur, mustahkam ildizi mavjudligi Markazdagi g'oyaviy maddohlarni cho'chitardi. Shuning uchun ham ular doim o'zbek xalqi tarixi, madaniyatini kamsitish yo'lini tutdilar. Biroq, qayta qurish O'zbekistondagi ijtimoiy-siyosiy voqea-hodisalarga jon kiritdi, jamiyat uyg'ondi, milliy o'zlik ustiga tashlangan pardalar olib tashlandi. 1985 yildan boshlangan jarayonlar eng avvalo mustaqillik to'g'risidagi g'oyalarning yana tiklanishi, shakllanishi uchun zamin yaratdi. 80 yillarning ikkinchi yarmida O'zbekistondagi ijtimoiy-siyosiy voqelik, xalq milliy ongining keskin ravishda o'sishi jamiyat a'zolarining ijtimoiy faolligini oshirib yubordi. Xususan, akademik Erkin Yusupov (1928-2003) publisistik maqolalarida Markaz o'yinlarini ochib berdi. Mazkur davr ayni paytda jamiyat a'zolarining ruhiy biqiqlikdan milliy-an'anaviy asoslarga qaytish davri sifatida ham izohlanadi. Milliy o'zlik, milliy ongning o'sishi dastavval milliy tarix, ma'naviyatni o'rganishga bo'Igan qiziqishning kuchayishida ko'rindi. Qayta qurish tufayli sodir bo'Igan ayrim erkinliklar, "temir parda"ning ko'tarilishi xalqimizning o'z tarixi, madaniyatini biroz bo'lsa-da, erkin o'rganishiga imkon yaratdi. Avvalo, milliy-tarixiy merosimizni o'rganishga bo'lgan qiziqish o'sdi, u ijtimoiy ehtiyojga aylandi. Buning sabablari mavjud edi. Birinchidan, sovetlar hukmronligi davrida o'zbek milliy madaniyatini o'rganish turli yo'llar, siyosiy nayranglar bilan mumkin bo'lmadi, bunday harakat esa millatchilik sifatida baholandi. Ikkinchidan, xalq mafkuraviy yakkahokimlik va siyosiy qo'rqitishlar tufayli milliy o'zligini anglash, milliy ongini o'stirishdan hadiksirardi. Shu tufayli ham 80 yillarning o'rtalarigacha xalqning milliy-an'anaviy asoslariga qaytishi amalda mumkin bo'lmadi. 80 yillar o'rtalaridan esa vaziyat o'zgardi. Diniy, millatchilik yorliqlari yopishtirilgan va o'rganishi taqiqlangan milliy xarakterdagi ijtimoiy-siyosiy, falsafiy voqea, hodisalar, allomalar faoliyatini tadqiq etishga biroz erkinlik berildi. Natijada islom dini, uning ahamiyati, so'fiylik, tasavvuf masalalariga oydinlik kiritila boshlandi. O'rta Osiyoning Rossiya tomonidan bosib olinishi, jadidchilik harakati, oktabr to'ntarishi, "bosmachilik" (istiqlolchilik), "Hujum" harakati, sovet davrining boshqa masalalari yangicha tafakkur asosida talqin etila boshlandi. Mazkur davrda Abdulla Qodiriy, Cho'lpon, Fitrat, Usmon Nosir, Shayxzoda va boshqalarning millatchilikda, panislomizm va panturkizmda ayblanib, qatag'on qilinganliklarining tub sabablari ochib tashlandi. 30-40 yillar va 50 yillar boshlarida siyosiy qatag'on qilinib qatl etilgan va qamoqlarga tashlangan xalqimizning asl farzandlari oqlandi. "Chig'atoy gurungi", "Milliy ittihod", "Milliy istiqlol", "Botir gapchilar" singari "aksilinqilobiy guruh"lar vakillari aslida madaniyatimiz va tariximizning yetuk ziyolilari, millat gullari ekanliklari, istiqlol uchun jon fido qilganliklari ma'lum bo'ldi. Birgina 1937-1939 yillar orasida ichki ishlar xodimlari tomonidan qamoqqa olinib otib tashlangan 6920 ta ziyolining qatag'on qismati o'rganildi, keyinchalik mamlakatimiz siyosiy rahbariyatining sa'y-harakatlari bilan ular oqlandilar. O'zbekistonda 80 yillar o'rtalaridan boshlangan ijtimoiy-siyosiy, ma'naviy-mafkuraviy uyg'onish sovetlar ma'muriy-buymqbozlik tizimining salbiy, aksilinsoniy tomonlarini ochib tashladi. Ayni paytda ta'kidlash lozimki, hech qanday real, ilmiy asosga ega bo'lmagan "qayta qurish" g'oyasi asosida amalga oshirishga harakat qilingan demokratiya siyosiy jihatdan cheklangan edi. Ma'muriy-buyruqbozlik tizimi, kommunistik mafkuraning yakkahokimligi sharoitida demokratik tartiblarni o'rnatish, qonun ustuvorligiga erishish mumkin emasdi. Ma'muriy-buyruqbozlik tizimi va demokratiya hech qachon bir-birini e'tirof etmaydigan tushunchalar edi. 2. Saylovlar o'tkazish tartibidagi o'zgarishlar. O'zbekiston hali sobiq Ittifoq tarkibida turgan davrdayoq saylov o'tkazish tartibini takomillashtirishga kirishdi. 1987 yilda mahalliy sovetlarga saylovda har bir viloyatning bittadan tumanida eksperiment sifatida saylov o'tkazildi. Qo'llangan yangiliklar bu saylovlarning ko'p mandatli okruglar bo'yicha o'tkazilganligi, deputatlar bilan birga ularning o'rinbosarlarini saylash belgilangani va nomzodlar soni saylanadigan deputatlar sonidan ko'p bo'lganida edi. Bu muqobillik asosida o'tkazilgan birinchi saylov bo'ldi. 1989 yil 20 oktabrda O'zbekiston SSR xalq deputatlari saylovi haqida va O'zbekiston SSR xalq deputatlari mahalliy sovetlari deputatlari saylovi haqida qonunlar qabul qilindi. 1990 yil 18 fevralda o'tkazilgan saylovlar keng demokratik asosda o'tdi. Xususan, viloyat sovetlariga saylovda 138 okrugda, shahar sovetlariga saylovda 268 okrugda birinchi bosqichda hech kim yetarli ovoz to'playolmay, ikki haftalik muddatda takror ovoz berish o'tkazilgani saylovlar ma'lum ma'noda tanlash asosida o'tganini ko'rsatdi. Aytish lozimki, xalq saylovlarning ahamiyatini hali yaxshi tushunib yetmagan edi. Masalan, 1990 yil fevral aprel oylarida O'zbekiston Oliy Sovetiga o'tkazilgan saylovlarda 500 okrugdan 174 tasida muqobil nomzodlar ko'rsatilmadi, nomzodlarning hammasi ham o'z platformalarini tushuntirib berish imkoniyatiga ega bo'lmadilar. Kommunistlarning ta'siri esa kuchli edi. Deputatlarning deyarli 95 foizini ular tashkil etardilar. Hali SSSR mustabid tuzumi parchalanmasdan oldin O'zbekistonda jamiyatni demokratlashtirish uchun harakatning boshlanishi juda muhim ahamiyat kasb etdi. Jumladan, shaxsan Islom Karimovning tashabbusi bilan demokratiyani qaror toptirish uchun O'zbekistonda yangi Konstitutsiyani qabul qilish maqsadida boshlangan harakatni shu ma'noda tushunish mumkin. 1990 yilning iyunida bo'lib o'tgan Oliy Kengashning ikkinchi sessiyasi respublika Prezidenti I. Karimov raisligida 64 kishidan iborat Konstitutsiya komissiyasini tuzdi. Islom Karimov Konstitutsiyani tayyorlash jarayonida milliy o'zbek davlatchiligi asoslari, o'zbek xalqining ruhiyati, qadimiy qonunchilik tajribasini har tomonlama chuqur o'rganishni alohida uqtirdi. 3. Qayta qurish va millatlararo munosabatlarning keskinlashuvi. Qayta qurish millatlararo munosabatlarning keskinlashuvida ham o'z aksini topdi. Uzoq yillar davomida to'planib, shakllangan ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy, madaniy sohadagi muammolarning millatlararo munosabatlarga ta'sir etmasligi mumkin emas edi. Ma'lumki, o'zbeklar azaldan mehmondo'st, ko'ngli ochiq, qo'niqo'shnilarini hurmat qiluvchi xalq. Lekin O'zbekistonda sovetlar mafkurasi tomonidan olib borilgan g'ayrimilliy siyosat o'zining juda ashaddiyligi bilan ajralib turardi. Xususan, xalq xo'jaligini boshqarishdagi qattiq markazlashuv, milliy o'zlikni anglashning millatchilik bilan tenglashtirilishi, milliy til, tarix, urf-odatlarga yetarli e'tibor berilmasligi, ijtimoiy-siyosiy, madaniy-iqtisodiy, baynalmilal va milliy manfaatlarning inkor etilishi 80 yillar o'rtalarida avjga chiqdi. Shu asnoda 80 yillardagi "etnik omil" respublikalarning Markazdan qochish siyosatiga, so'ngra esa SSSRning parchalanib ketishiga olib keldi. Shunday sharoitda Markaz murakkab "etnik vaziyat"dan soxta baynalmilallik shiorlari ostida qutulishga harakat qildi. 1989 yil iyun va oktabr oylarida Farg'ona, Toshkent va O'sh viloyatlarida bo'lgan voqealar, ayniqsa katta shov-shuvga sabab bo'ldi. Ularning ro'y berishiga o'zbek xalqining hech qanday aloqasi yo'q edi. Aslida O'zbekistondagi millatlararo nizolar Markaz uchun, uning yanada qattiqroq siyosat olib borishi, o'zlarining jinoyatlashgan, millatchilikka asoslangan siyosatini yashirishi uchun zarur bo'ldi. 80 yillarning oxirlariga kelib O'zbekistonda 100 dan ortiq millat va elatlar istiqomat qilib, ularning 71,4 foizi-ni o'zbeklar tashkil etardi. Biroq 8,2 foizni tashkil qilgan ruslar til, madaniy, ijtimoiy-siyosiy masalalarda o'zbeklarga qaraganda ko'proq imkoniyat va imtiyozlarga ega edilar. Tabiiyki, bunday holatlar 80 yillarning o'rta-laridan milliy resgublikalardagi millatlararo munosabatlarning keskinlashuviga, mahalliy millat aholisida norozilikning kuchayishiga, milliy o'zlikni anglash jarayonining oshishiga, pirovard natijada SSSRning parchalanishiga olib keldi. 4. "Birlik" harakati va "Erk" demokratik partiyasining cheklanganligi va xatolari. 80 yillarning ikkinchi yarmida O'zbekiston ijtimoiy-siyosiy hayotida jiddiy o'zgarishlar, ayniqsa, jamoat tashkilotlarining faollashuvi, siyosiy madaniyatining keskin ko'tarilishi yuz berdi. Jumladan, 1988 yilning 11 noyabrida "BirIik" xalq harakati (rahbari Abdurahim Po'latov) jamoat tashkiloti sifatida tashkil topdi. Shuningdek, xuddi shu paytda O'zbekiston erkin yoshlar uyushmasi tuzildi. Ular 90 yillarning boshlarida respublika ijtimoiy-siyosiy hayotida ma'lum rol o'ynadi. Biroq "Birlik" harakati ilk jamoat tashkilotlaridan bin bo'lganligi sababli ham ko'plab xato va kamchiliklarga yo'l qo'ydi. Harakat ko'p hollarda, jamoat tashkiloti sifatida tashkil etilgan va davlat ro'yxatidan o'tgan bo'lsa-da, siyosiy partiyaga xos faoliyat olib bordi. "Birlik" harakatining eng asosiy xatolaridan biri-bu ularning xalqimiz tub manfaatlarini anglamasliklari bo'ldi. Harakat faollari ko'proq miting, namoyishlar o'tkazish, mahalliy rahbarlarga tazyiq qilish, qanday qilib bo'lmasin hukumat va uning mahalliy organlari faoliyatidan xato va kamchiliklar topish, turg'unlik davrida nochor holga tushib qolgan kishilarning ehtiroslarini avj oldirish orqali faoliyat ko'rsatdilar. Shuning uchun ham harakat xalq ichida o'z ildiziga ega bo'la olmadi. Shu bilan birga, "Birlik" harakati faollarining bir guruhi (Muhammad Solih boshchiligida) siyosiy partiya tuzish uchun harakat boshladilar. 1990 yil 30 aprelda "Erk" demokratik partiyasining ta'sis qurultoyida uning dastur va nizomi qabul qilindi. "Erk" partiyasining yangi jamiyat qurish yoki bir tuzumdan ikkinchi tuzumga o'tish jarayonidagi aniq bir konsepsiyasi yoki dasturi yo'q edi. Uning ko'p hujjatlarida fuqarolik jamiyati va huquqiy davlat qurish to'g'risida gap ketsa-da, aslida uni qurish uchun shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, uning huquqiy poydevorini shakllantirish to'g'risida o'ylanmasdi. "Erk"chilar juda tezlikda biron-bir jamiyatga o'tishga intilar edilar-u, lekin uning qanday bo'lishi to'g'risida aniq tasavvurga ega emasdilar. Partiya rahbarlari yangi bir jamiyatga o'tish uchun ulkan islohotlarni amalga oshirish ehtiyojini, fuqarolar ongi, tafakkuri va ruhiyati-da o'zgarishlar, yangicha qarashlar bo'lishi uchun o'tish davri lozimligini, bozor munosabatlarini rivojlantirish uchun tadrijiy yo'l bilan islohotlar o'tkazish zaruratini anglamagan edilar. Bulardan tashqari ushbu harakat va siyosiy partiyalar rahbarlari asosan hissiyotga berildilar. Yuksak siyosiy bilim, siyosiy madaniyatning yo'qligi, ijtimoiy-siyosiy taraqqiyot to'g'risidagi bilimlarning sayozligi tufayli bunday harakat yetarli obro'-e'tiborga ega bo'lmadi. Download 1.55 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling