Tarixdan xikoyalar


Download 1.55 Mb.
bet94/167
Sana20.08.2020
Hajmi1.55 Mb.
#127040
1   ...   90   91   92   93   94   95   96   97   ...   167
Bog'liq
Umumiy tarix

Suv inshootlarini kengaytirib borish respublika iqtisodiyoti uchun muhim ahamiyatga ham ega bo'ldi. Qo'riq yerlar suv bilan ta'minlandi, yangi yerlar tashkil etildi. Biroq ular iqtisodiy samara berishdan tashqari salbiy ta'sir ham ko'rsatdi, ularning natijasida yer osti suvlarining sathi yuqoriga ko'tarilib, haydaladigan yerlarni sho'r va botqoq bosdi, bog'-rog'lar va tokzorlar qurib qoldi.

2. Orolbo'yi mintaqasida og'ir vaziyatning yuzaga kelishi. Orol dengizi fojiasi sovet hukumati va KPSSning atrof-muhit, tabiiy resurslardan foydalanishda o'ylamasdan yuritgan siyosati natijasi bo'ldi. Buning bosh sababi Amudaryo va Sirdaryodan sug'orish uchun haddan tashqari ko'p suv olish edi. Bu holat Orol dengizining qurib borishiga olib keldi va Markaziy Osiyo mintaqasi hamda qo'shni davlatlar ekologiyasiga misli ko'rilmagan tarzda salbiy ta'sir ko'rsatdi.

Islom Karimov Orol fojiasi haqida shunday degan: "Markaziy Osiyoning hududi bo'ylab sug'orish tizimlarini jadal sur'atda qurish ko'plab aholi punktlariga va sanoat korxonalariga suv berish barobarida keng ko'lamdagi fojia-Orol halok bo'lishining sababiga ham aylandi. Yaqin-yaqinlargacha cho'l-u sahrolardan tortib olingan va sug'orilgan yangi yerlar haqida dabdaba bilan so'zlanardi. Ayni chog'da ana shu suv Oroldan tortib olinganligi, uning "jonsizlantirib qo'yilganligi" xayolga kelmasdi. Endilikda Orolbo'yi ekologik kulfat hududiga aylandi".

Suvning tobora kamayib ketayotgani va sifatining yomonlashuvi tuproq, o'simlik va hayvonot dunyosidagi o'zgarishlarga, baliqni qayta ishlash sohasining yo'qolib ketishiga, shuningdek, sug'oriladigan yerlar samaradorligining pasayishiga olib keldi. Ekologik vaziyatning yomonlashuvi Orol dengizi havzasidagi 35 millionga yaqin aholining turmush sharoitiga, ularning salomatligiga bevosita va bilvosita salbiy ta'sir ko'rsatdi, xo'jalik faoliyatini buzib yubordi. Bularning barchasi mazkur mintaqadagi migratsion jarayonlarning kuchayishiga olib keldi.

Mustabid sovet tuzumining mudhish xatosi bo'lgan Orol fojiasi kun sayin murakkablashib boraverdi. Orol dengizi suv rejimining buzilganligi, sathining halokatli darajada pasayganligi va 2,2 mln gektardan ortiq sho'rxok maydonning qurishi Qoraqalpog'iston uchun, butun O'zbekiston va qo'shni respublikalar uchun ekologik kulfat bo'ldi.

Orol dengizining chekinishi natijasida bu mintaqada tuz-qumli bo'ronlar soni bir necha baravar oshdiki, natijada bar yili osmonga 70 mln t dan ziyod zaharli aralashmalar ko'tariidi. O'zbekistonning Qoraqalpog'iston, Xorazm viloyati va Turkmanistonning Toshhovuz viloyatining bar gektar yeriga yiliga 600-700 kg dan tuz-qumli changlar yog'ilardi. Ko'zdan kechirilayotgan yillarda Orol dengizining qurib borishi Orolbo'yi respublikalari, shu jumladan, O'zbekiston uchun ham katta iqtisodiy zarar keltirdi. Amudaryo quyi oqimi mintaqasida baliqchilik, ondatrachilik, ovchilik xo'jaliklari deyarli yo'q bo'lib ketdi. Paxtachilik va chorvachilik 1980-1985 yillarda har yili 30 mln so'mdan ortiqroq zarar ko'rdi.

Biroq pul bilan o'lchab bo'lmaydigan ijtimoiy ziyonlar ham borki, ularni raqamlarda ifodalab bo'lmaydi. Bu inson salomatligidir. Orolbo'yi mintaqasida vujudga kelgan og'ir vaziyat yerli xalq ahvolini nihoyatda tang qilib qo'ydi. Bu yerda turli xil kasalliklar ko'paydi. yosh bolalar o'limi ortib bordi. Nogiron tug'ilgan bolalar soni ham ortdi, bir yoshgacha bo'lgan bolalar orasida o'lim har ming bolaga nisbatan 1980 yildagi 46,5 nafardan 1986 yilda 72 nafarga yetdi. Ayollarning 60 foizi kamqonlik kasalligiga chalingan edi. Butun Orolbo'yida qorin tifi kasalligi o'ttiz baravar, yuqumli sariq kasalligi yetti baravar ortdi, ayniqsa, rak kasalligi ko'payib ketdi. 1981-1986 yillarda buyrakka tosh yig'ilish kasaliga chalinganlar o'n marta, surunkali oshqozon kasalligi uch baravar ko'paydi. Yuqumli kasalliklar bilan, ayniqsa, sil bilan og'riganlar soni oshdi.

Orolbo'yi mintaqasida vujudga kelgan og'ir ekologik vaziyatda, ayniqsa, bu dengizga yaqin bo'lgan Mo'ynoq, Qo'ng'irot, Chimboy kabi sjiaharlar va ular atrofidagi qishloqlar ko'p aziyat chekdi. 70 yillar boshlarida ham baliqchilik bilan nom chiqargan mo'ynoqliklarning ko'pchiligi oradan o'tgan o'n yil ichida ishsiz, nochor ahvolga tushib qoldi. Shahar rivoj topib turgan paytlarda boshqa joylardan kelib qolgan aholining 80-90 mingdan ortiqrog'i so'nggi vaqtdagi ekologik talafot tufayli yana o'z yurtlariga qaytib ketdi. Qiyinchiliklarga qaramasdan o'z yerida qolgan bardoshli mahalliy xalq murakkab muammolar iskanjasida qoldi.

Orol fojiasi oqibatlariga to'xtalib, Islom Karimov shunday degan: "Orol dengizining qurib borishi va shu jarayon tufayli Orolbo'yi mintaqasidagi tabiiy muhitning buzilishi ekologik fojia sifatida baholanmoqda. Chang va tuz bo'ronlarining paydo bo'lishi, faqat Orolbo'yida emas, balki dengizdan ancha naridagi bepoyon hududlarda yerlarning cho'lga aylanishi, iqlim va landshaftning o'zgarishi-bular ana shu fojia oqibatlarining to'liq bo'lmagan ro'yxatidir".

56-§. Mehnatkashlarning turmush darajasi. Aholiga tibbiy xizmat ko'rsatish

1. Aholining ijtimoiy-maishiy ahvoli. Respublika aholisining turmush darajasini yaxshilash masalasi ham Ittifoq hukumati ajratadigan mablag'ga bog'liq edi. Ittifoq hukumati ijtimoiy sohaga ikkinchi darajali deb qarab, qoldiq prinsipi asosida mablag' ajratadi. Shuning uchun sovet hukumatining ijtimoiy siyosati natijasida O'zbekistonda ijtimoiy sohada ijobiy o'zgarishlar bo'lmadi.

Aksincha, amaldagi ijtimoiy-iqtisodiy yondashuv, xo'jalik yuritish mexanizmi mavjud muammolarni bartaraf etishga qodir emasligini namoyon qildi. Yuzaga kelgan iqtisodiy muammolar demografik ahvol bilan qo'shilib, ijtimoiy ziddiyatlarni kuchaytirdi. Ittifoq markazidan turib, demografik vaziyatni e'tiborga olmasdan, moddiy va moliyaviy resurslarni notekis taqsimlash natijasida respublikamizda aholi jon boshiga milliy daromadning o'sishi Ittifoqdagi o'rtacha darajadan bir necha marta orqada qoldi. Milliy daromadning o'sishidagi turg'unlik, o'z navbatida, iqtisodiy va ijtimoiy mahsulotni kengaytirilgan takror ishlab chiqarish hamda aholining turmush darajasini oshirish imkoniyatlarini chekladi.

1971-1985 yillarda O'zbekiston aholi jon boshiga milliy daromad ishlab chiqarish bo'yicha o'rtacha Ittifoq darajasidan 2 baravar orqada qoldi. Milliy daromadning o'sish sur'atlari esa respublikada 3 baravar kam edi. Bu esa, o'z navbatida, aholi jon boshiga to'g'ri keladigan real daromadlar darajasiga salbiy ta'sir qildi.

O'zbekistonda aholi jon boshiga 1980 yilda 873 so'm, 1985 yilda 917 so'm real daromadlar to'g'ri keldi. Bu ko'rsatkich Ittifoqdagi boshqa respublikalar orasida eng oxirgi o'rin edi. Aholining real daromadlari kabi oila daromadlari, mehnat haqlarining o'sishi ham pasayib ketdi.

80 yillar o'rtalarida ana shunday kam daromadlilik oqibatida O'zbekiston aholisining o'rta hisobda go'sht, sut mahsulotlari, tuxum iste'mol qilishi umumittifoqdagi o'rtacha ko'rsatkichlardan ikki baravar past edi. Oyiga o'rta hisobda 75 so'mdan kamroq yalpi daromad oladigan aholining ulushi Ittifoqda 12 foizdan sal ko'proq bo'lsa, respublikamizda bu ko'rsatkich 45 foizga bordi.

O'zbekistonda 70 yillarga kelib ijtimoiy sohada kamchilik va muammolar, adolatsizlik kuchayib ketdi. Buning asosiy sababi bu sohadagi muammolar bevosita hayot talablari bilan emas, balki ma'muriy-buyruqbozlik usulida hal etilganida edi. Kapital mablag'larning asosiy qismi gigant qurilishlarga, og'ir sanoatni rivojlantirishga va juda oz qismi aholi turmush darajasini belgilab beradigan, uning kundalik mehnat qilish va yashash ehtiyojlarini qondiradigan ijtimoiy sohaga ajratildi. Ijtimoiy sohani moddiy-texnik rusurslar va mablag' bilan ta'minlashga ikkinchi darajali vazifa deb qaraldi.

O'zbekistonda 1970 yilda xalq xo'jaligi uchun ajratilgan 23,3 mlrd so'm umumiy mablag'ning 8,2 milliardi, 1985 yilda esa 77,8 mlrd so'mning 23,3 milliardi noishlab chiqarish sohalari rivojiga yo'naltirildi. Mablag'larning xalq xo'jaligi tarmoqlari o'rtasida bunday taqsimlanishi natijasida ijtimoiy sohaning rivojlanishi qiyin ahvolda qoldi.

Ijtimoiy soha uchun resurslarni taqsimlash qoldiq prinsipining qo'llanilganligi uy-joy muammosining tobora keskinlashuvida, ijtimoiy-maishiy binolarni qurishda, aholi uchun transport muammolarini hal qilishda, maishiy va kommunal xizmat sohalarida ham namoyon bo'ldi. Aholini uy-joy bilan ta'minlash nihoyatda sustkashlik bilan amalga oshirildi.

Afsuski, respublikamizdagi yangi bunyod etilgan shaharlarning aksariyati qishloqlardan birozgina farq qilardi, xolos. Turli xil qurilish ishlari olib borilayotgan bunday shaharlarda ijtimoiy soha darajasi ayniqsa past edi. Bunday shaharlarning kompleks rivojlanishiga e'tibor berilmadi, asosiy diqqat ularda sanoat korxonalarini vujudga keltirishga qaratildi. Aholining ijtimoiy sohadagi talab-ehtiyoji deyarli qondirilmadi.

Uzoq yillar bu sohada mavjud bo'lgan muammolarga ahamiyat berilmadi. Buning oqibatida respublikada qishloq aholisi eng kam ta'minlangan aholi qatlamiga aylanib qoldi. 1985 yilgi oilaviy jamg'armalar haqidagi ma'lumotlarga qaraganda, qishloq aholisining jon boshiga to'g'ri keladigan o'rtacha daromadi kam ta'minlanganlik darajasiga ham yetmas edi. Jamoa xo'jaliklari a'zolarining beshdan bir qismi jon boshiga 50 so'mdan kamroq daromadga ega bo'lgan.

Iqtisodiy va ijtimoiy muammolar natijasida aholi turmush darajasi nihoyatda og'ir ahvolga tushib qoldi. Markazlashtirilgan iqtisodiyotning Run sayin inqirozga yuz tutayotganligi aholi turmush darajasiga va ijtimoiy ta'minot masalalarini hal etishga salbiy ta'sir qildi.

2. Sog'liqni saqlash. Ittifoq hukumati respublikaning ijtimoiy sohasiga, shuningdek, sog'liqni saqlashga yetarli miqdorda mablag' ajratmaganligi natijasida salbiy holatlar kuchaya bordi. Markazlashgan Ittifoqda iqtisodiy o'sish sur'atlarining pasayishi va sog'liqni saqlash masalalariga e'tiborning susayishi davlat byudjetida sog'liqni saqlash ulushining kamayishiga, uning moddiy-texnik bazasini yangilash, yangi dorilar va davolash metodlarini o'zlashtirish jarayonlarining susayishiga olib keldi. Ko'pgina kasalxonalar, tug'ruqxonalar, poliklinikalar, ambulatoriyalar va dorixonalar nobop binolarda joylashgan edi. Bu muassasalarning faqat ozgina qismi moslashgan binolarda joylashgan bo'lib, asosiy qismida kanalizatsiya ham, issiq suv ham yo'q edi. Bu salbiy holatlar ayniqsa, qishloq joylarda yildan yilga ko'payib bordi.

Orolbo'yi mintaqasida joylashgan Qoraqalpog'iston va unga qo'shni Xorazm viloyati aholisi keskin ekologik vaziyatning vujudga kelganligidan aziyat chekardi. Bu yerda 10 ming aholiga to'g'ri keladigan vrachlar soni Ittifoqdagi va O'zbekistondagi ko'rsatkichlardan ancha kam edi. Tibbiyot muassasalarining faqat 20 foizigina moslashgan binolarda joylashgan bo'lib, 80 foizi kanalizatsiyaga ham, issiq suvga ham ega emasdi.

Go'daklarning sut-qatiq mahsulotiga bo'lgan ehtiyoji faqat 60 foizgacha qondirilar edi.

Respublikamizda sog'liqni saqlashga ajratilgan mablag'ning kamligi kasalxona va poliklinikalarni zamonaviy texnika va asbob-uskunalar bilan ta'minlash darajasiga ham salbiy ta'sir ko'rsatdi. 70 yillarda shifoxonalardagi o'rinlar sonini oshirishga zo'r berilib, bu o'rinlarni texnika bilan ta'minlash oqsadi. Chunonchi, Ittifoq bo'yicha har bir o'rinni uskunalar bilan ta'minlashga o'rta hisobda 80 yillar o'rtalarida 4 ming so'm sarflangan bo'lsa, bu ko'rsatkich O'zbekistonda 3 ming, Buxoro, Qashqadaryo va Navoiy viloyatlarida esa 2 ming so'mni tashkil etdi. Germaniya va Chexoslovakiya kabi mamlakatlarda esa bu sarf-xarajatlar 10-15 ming so'mgacha borar edi.

Bu davrda sog'liqni saqlash vazirligi faoliyatida va umuman tarmoqda kasalxonadagi o'rinlar soni, yotqizilgan bemorlar miqdori asosiy ko'rsatkich bo'lib keldi. Ya'ni shifoxonalarda o'rinlar soni qancha ko'p bo'lsa, davlatdan ajratiladigan mablag', mehnat, moliya, moddiy va boshqa resurslar ta'minoti shunga qarab hal etilardi. Ana shunday tarzda miqdor orasidan quvish natijasida tibbiyot xizmati ko'rsatish, uni kadrlar bilan ta'minlash muammosi kelib chiqdi. Respublikamizda bitta vrachga uchta o'rta meditsina xodimi to'g'ri kelgan bo'lsa, Ittifoqda bu ko'rsatkich 3,4, AQShda 8, Germaniyada 9, Shvetsiyada 12, Yaponiyada 19 tani tashkil etgan.

O'zbekistonda tabobatning ko'p sohalarida katta ishlar qilindi. Ko'plab sog'liqni saqlash tashkilotlari-Toshkent davlat tibbiyot institutining bosh o'quv korpusi va bolalar kasalxonasi, Semashko nomidagi shifoxona, ko'p sohali bolalar kasalxonasi, mikroxirurgiya, buyrak, yurak, o'pka xirurgiyasi markazlari qurildi. Yuqori malakali shifokorlar va tabobat hamshiralari tayyorlandi. Ammo O'zbekistonning barcha aholi manzillari tabobat tashkilotlari bilan qoniqarli ta'minlanmagan, aholiga kerakli darajada tibbiy xizmat ko'rsatish yaxshi yo'lga qo'yilmagan edi. Respublikamizda aholi manzillari tibbiyot tashkilotlari bilan faqat 66 foizga ta'minlangan edi, xolos.

Respublikamizda 80 yillar o'rtalarida paxta dalalariga sepilgan kimyoviy moddalardan zaharlanish natijasida turli xil yuqumli kasalliklar ko'payib ketdi, ayrim joylarda aholining 80 foizigacha kasallandi.

Yildan yilga sariq kasalga chalinganlar soni ortib bordi. Maktab o'quvchilarining 30 foizdan ko'prog'i surunkali kasalliklar bilan og'ridi, yana shuncha bolalarning qaddi-qomatida, asab tuzilishida nuqsonlar bor edi. Tabiat muvozanatining buzilishi, kimyoviy dorilarning ta'siri natijasida tug'ilgan va voyaga yetgan balog'at yoshidagi armiya safiga chaqiriladigan bolalarning o'rtacha vazni 46 kilogrammga tushib ketdi. Armiya safiga chaqirilgan yigitlar orasida sog'lig'i nochor bo'lganlar ko'pligi tufayli ularning 20 foizdan ziyodi jangovar qismlarda emas, balki qurilish bo'linmalarida xizmat qilishdi.

Kasalmand onalardan zaif, kasalmand bolalar tug'ilardi. Xotin-qizlar salomatligiga yomon ta'sir ko'rsatgan asosiy omil mehnat va turmush sharoitining nihoyatda og'irligi, qishloqning ijtimoiy jihatdan qoloqligi, iqtisodiy qashshoqlik, ekologik va demografik falokat vujudga keltirgan vaziyat bo'ldi.

Respublika xalq xo'jaligining juda ko'p tarmoqlari xom ashyo yetishtirish va uni birlamchi qayta ishlash bilan mashg'ul bo'lganligi, dehqonlarning, ishchi va xizmatchilarning ijtimoiy ishlab chiqarishdan olgan mehnat haqlari ittifoqning boshqa mintaqalaridagidan ancha kam bo'lganligi, ijtimoiy ehtiyojlarga mablag' ajratishning qoldiq prinsipiga amal qilinganligi bois O'zbekiston aholisining turmush darajasi nihoyatda past edi.

57-§. Ma'naviy-madaniy hayot.

1. O'zbek tili muammolari. Sovet hukumatining madaniy siyosati milliy madaniyatni cheklashga yo'naltirilgan edi. Madaniy hayotda, ijodiy ishlarda partiyaviylik, sinfiylik prinsiplari hukm surardi. O'z milliyligi, o'zligidan ayrilgan madaniyatdan xalq beza boshladi. Millatning mavjudligi uning milliy madaniyatida ekanligi ma'lum. Milliylikning yo'qolib borishi jamiyat a'zolaridan ko'pchiligida madaniyatga befarqlik, e'tiborsizlik kabi illatlarni yuzaga keltira boshladi. Bu juda katta yo'qotish edi.

Mustabid tuzum tazyiqi ostida yurgizilgan bunday siyosat faqat o'zbek xalqigagina emas, barcha millat va ellatlarga taaluqli edi. Barcha xalqlar uchun "sovet madaniyati" deb nomlangan umumiy madaniyat tarkib toptirildi. Milliy tillarga nisbatan ham xuddi shunday munosabatda bo'lindi. Rus tili millatlararo aloqa tili deb e'lon qilindi, milliy respublikalarda, shuningdek, O'zbekistonda milliy tildan ustun qo'yildi.

Milliy til ijtimoiy hayotning barcha sohalaridan siqib chiqarila boshlandi. Respublika, viloyat, tuman idoralarida ish yuritish rus tilida olib borildi, majlislar ham shu tilda o'tkazildi. O'zbek tilida so'zlashuvchi aholi (aholining 71,4 foizi) respublikamizdagi vazirlik va idoralarga ona tilida xatlar, arizalar, shikoyatlar bilan murojaat qila olmas edi. Ish yuritishda ham o'zbek tilidan foydalanish anchagina cheklanib qoldi. Mehmonxona, kassa, bank, tibbiyot aloqa tashkilotlarida o'zbek tilida ish yuritilmay qo'ydi. Yil sayin milliy tillarda chiqayotgan adabiyot salmog'i, sifati, soni markazlashgan davlatning bir yoqlama talqini bilan rus tilida chop etilayotgan adabiyotga qaraganda kamayib boraverdi. Respublikadagi ilmiy adabiyotlarning 80 foizdan ko'prog'i rus tilida chop etildi. Bunday hol ijodiy, ilmiy-texnik ziyolilarni ilmiy jihatdan yetuk asarlarini ona tilida emas, rus tilida yozishga majbur qildi.

Jamiyatimiz hayotida o'zbek tilining mavqeyi va ta'sir doirasi kengayish o'rniga, yil sayin torayib bordi.

Bu yillarda o'zbek tilida chop etiladigan ilmiy kitoblarning soni kamayib ketdi. Jumladan, 1960 yilda o'zbek tilida 1060 nomda kitoblar chop etilgan bo'lsa, 1987 yilda esa 936 nomda kitob bosilib chiqdi. Respublikada, 1980 yilda chop etilgan 83 nomdagi jurnallarning 48 tasi rus tilida edi.

Respublika, shahar, viloyat va tuman kutubxonalari va kitob do'konlarida o'zbek tilidagi ilmiy va badiiy adabiyotlarning soni juda kam edi. Masalan, 1987 yilda 1980 yildagiga qaraganda o'zbek tilida badiiy asarlar chop etilishi 900 ming nusxaga kamayib ketdi. O'zbekistonda yashayotgan har bir o'zbek kitobxoniga o'rtacha olganda 0,7 tadan badiiy asar to'g'ri kelardi. Bu o'zbek xalqining ma'naviy qashshoqlanishi omillaridan biri bo'ldi.

Shunday qilib, o'zbek tilidagi kitoblarni, ayniqsa, milliy adabiyotni keng targ'ib qilish mumkin bo'lmadi. Tarjima masalalarida ham ijtimoiy adolatsizlikka yo'l qo'yildi. Adabiy-badiiy jihatdan yetuk bo'lmagan bo'sh asarlar ko'proq markaziy nashriyotlarda chop etildi, shu tufayli milliy adabiyotimizga aynan o'shanday asarlar nuqtai nazaridan baho berildi. Bularning bari millatlararo munosabatlarga, milliy madaniyatlarning o'zaro aloqasiga ta'sir ko'rsatdi.

Sovet hukumati madaniyat sohasiga sarf-xarajatlarni belgilashda davlat byudjetini avvalo xalq xo'jaligi va boshqa tarmoqlarga bo'lib, qolgan mablag'ni bu sohaga ajratar edi. Shuning uchun bu holat qoldiq prinsipi deb nom oldi.

2. "Qoldiq" prinsipi. Ma'muriy-buyruqbozlik tizimi yillarida ijtimoiy-madaniy sohada, uni mablag' bilan ta'minlashda "qoldiq" prinsipi ustivorlik qildi. Xususan, agar O'zbekistonda oldingi yillarda ijtimoiy-madaniy sohani rivojlantirish uchun umumiy davlat byudjetidan 67 foiz mablag' sarflangan bo'lsa, keyinchalik bu raqam doimiy ravishda kamayib borganini kuzatish mumkin. Chunonchi, mazkur ko'rsatkich 1976 yilda 49,6 foizni, 1986 yilda esa 26,1 foizni tashkil etdi, xolos.

Bularning barisi, hech shubhasiz, ijtimoiy-madaniy sohani mablag' bilan ta'minlashning "qoldiq" prinsipi oqibatidir. "Qoldiq" prinsipining o'ziga yarasha sabablari bor edi. Bunday sabablarning eng asosiysi siyosiy maqsadlar asosida vujudga kelgan bo'lib, u sobiq ittifoqqa kirgan millat, xalqlarning milliy o'zligini anglash jarayonini pasaytirish va pirovard natijada uni yo'qotishga qaratilgandi. Markaz rahbarlari madaniyat va milliy o'zlikni anglash jarayonining uyg'unligini yaxshi bilganliklari uchun ham qadimiy boy madaniyatga, qadriyatlarga ega O'zbekistonning ijtimoiy-madaniy sohasiga mablag'larni yildan yilga kamaytiraverdi. Bu madaniyat maskanlari, madaniyat-san'at obidalari sonining kamayishi, buzilishi, ta'mirtalab yodgorliklar hajmining tobora oshib borishiga sabab bo'ldi.

3. Umumta'lim maktablari. Jamiyatning taraqqiy etishi, madaniyatning o'sishida ta'lim va tarbiya nihoyatda katta o'rin tutadi. Ta'lim insonning ma'naviy barkamol o'sishiga, qobiliyatining yuzaga chiqishiga yordam beradi. Ilmiy-texnik, iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotning eng muhim masalalarini hal etish aholining bilim darajasi bilan belgilanadi.

70 yillarga kelib respublikamizda ijtimoiy sohada ro'y bergan kamchilik va muammolar ta'limga ham o'z ta'sirini o'tkazdi. Shunday bo'lsa-da, bu borada katta qadam tashlandi. O'zbekiston yalpi savodxonlar respublikasiga aylandi. Umumta'lim maktablarida o'quvchilar soni va shunga yarasha maktablar soni ham yildan yilga ortib bordi, ularning soni 1985 yilga kelib 7000 dan ortiqni tashkil etdi.

Jamiyatdagi turg'unlik holatlari, ijtimoiy turmush sharoitining yomonlashuvi, iqtisodiyotdagi qiyinchiliklar, ma'naviy va madaniy soha muammolari maorif tizimiga ham jiddiy ta'sir o'tkazdi. Umumta'lim maktablarining ahvoli yomonlashdi. Ayniqsa, 70 yillarda va 80 yillarning boshlarida respublikamiz turmushining boshqa sohalarida bo'lgani kabi, xalq maorifi ishiga ham dabdababozlik, haqiqatni bo'yab ko'rsatish hollari salbiy ta'sir qildi. Yaqin o'tmishda keng yoyilgan ijtimoiy adolat prinsiplarining buzilishi, dinimiz, milliy g'ururimizning kamsitilishi yosh avlod tarbiyasiga ma'naviy zarar yetkazdi. Ularning aksariyat qismida mudroqlik, hafsalasizlik, loqaydlik kayfiyatlari ko'proq kuzatildi.

Yoshlarning zamonaviy texnologiyani yetarli o'zlashtirib olmaganliklari sanoat, qishloq xo'jaligi, fan va madaniyatni yanada taraqqiy ettirishga xalaqit berardi. Bunga asosiy sabab maorifning keng tarmoqli tizimi vujudga keltirilmaganligi, o'qish-o'qitishda sifat o'zgarishining ro'y bermaganligida edi. Masalan, 1980-1981-o'quv yillarida respublikamizda mavjud 7000 dan ortiq umumta'lim maktablarining 60 foizi nobop binolarda joylashgan, 700 tasi avariya holatida edi. Ayniqsa, qishloq maktablarida ahvol og'ir bo'ldi. Ularning 75 foizga yaqini vodoprovod va kanalizatsiyaga, yarmidan ko'prog'i markaziy isitish moslamalariga, oshxona va sport zallariga ega emas edi. Joy tanqisligi sababli 5800 ta maktabda o'qish ikki smenada olib borilardi. Madaniy-ma'rifiy soha uchun resurslarni taqsimlash qoldiq prinsipida amalga oshirilganligidan maktablar uchun bino yetishmasdi. Ular jihozlar, yangi asbob-uskunalar bilan sust ta'minlangan edi. Bu soha uzoq yillar davomida diqqat-e'tibordan chetda qolib keldi, hayotimizning eng ortda qolgan sohalaridan biriga aylandi.

Respublikamiz xalq ta'limi oldida turgan asosiy ta'lim-tarbiya ishlari ko'p tomondan o'qituvchi kadrlar sifatiga bog'liq edi. 80 yillarning o'rtalariga kelganda shaharlardagi kunduzgi umumta'lim maktablaridagi o'qituvchilarning 80 foizga yaqini oliy ma'lumotli edi. Qishloqlarda ahvol birmuncha yomonroq bo'ldi, ularda ma'lumotli pedagoglar yetishmas edi. Pedagoglar yetishmasligidan bir soha o'qituvchisi boshqa fandan ham dars berishga majbur edi. Bunday hol o'quvchilar bilirnlari sifatiga salbiy ta'sir o'tkazdi. O'quvchilarning 3-4 oylab qishloq xo'jalik ishlariga jalb etilishi ta'lim saviyasining pasayib ketishiga, bilimlarning sifati qoniqarsiz ahvolga tushib qolishiga olib keldi.

O'sha yillarda sovetlarning maorif sohasida amalga oshirgan siyosati bu sohada tanglik holatini kuchaytirdi. Respublikaning umumta'lim maktablarida yoshlarning g'oyaviy, axloqiy tarbiyasi sinfiylik, partiyaviylik prinsiplari ustuvorligi asosida olib borildi. Maktablarda o'rganiladigan fanlar, ayniqsa, gumanitar fanlar o'ta siyosatlashtirilgan, mafkuralashtirilgan edi. Bu hol yoshlarning dunyoqarashini cheklab qo'ydi. Yoshlarni tarbiyalash jarayonida umuminsoniy va milliy madaniy-ma'naviy qadriyatlarga ahamiyat berilmadi. O'zbekiston tarixi mustaqil fan sifatida maktablarda o'qitilmadi. Iqtidorli yoshlarni tarbiyalashga e'tibor berilmadi, iste'dodli yoshlar moddiy va ma'naviy qo'llab-quvvatlanmadi. Ularni chet ellarda o'qitish, jahon taraqqiyoti yo'llarini, tajribalarini o'rganish tashkil qilinmadi. Bularning barchasi respublika maorifming rivojlanishiga to'g'anoq bo'ldi.

4. Adabiyot va san'at. Mustabid tuzumning oxirgi o'n yilligi davrida o'zbek adabiyoti har qanday siyosiy-ijtimoiy "qoliplar" ichida turib bo'lsada, rivoj topdi, qator sermazmun asarlar vujudga keldi. Ayni paytda iste'dodli ustoz adiblar qatoriga o'nlab yangi, insyonkor ijodkorlarni olib kirdi. Ular adabiyot taraqqiyotiga ulkan hissa qo'shdilar.

O'sha yillarda O'zbekistonda adabiyotning tarixiy mavzusi ancha boyidi. Jumladan, Nazir Safarovning "Navro'z", Hamid G'ulomning "Mangulik", "Mashrab", Mirmuhsinning "Me'mor", "Temur Malik", "Movarounnahr", Odil Yoqubovning "Ulug'bek xazinasi", "Ko'hna dunyo", Pirimqul Qodirovning "Yulduzli tunlar", "Avlodlar dovoni" kabi romanlari o'zbek adabiyotida tarixiy mavzuni yoritdi. Bular orasida ayniqsa, Pirimqul Qodirov tarixiy romanchilikni ustoz Oybekdan keyin yangi pog'onaga ko'tardi. O'zbek adabiyoti 80 yillarda ham ancha qalamkash iste'dodlarni yetishtirib berdi. O'lmas Umarbekov, Xudoyberdi To'xtaboyev, O'ktam Usmonov, O'tkir Hoshimov, Uchqun Nazarov, Shukur Xolmirzayev, Ne'mat Aminov, Temur Po'latov, Omon Muxtor, Farhod Musajonov singari ijodkorlar o'z asarlarida insondagi ma'naviy-axloqiy fazilatlarni ardoqlashga, ular o'rtasidagi mehr-oqibat va sadoqatni ehtiyot qilishga, o'zaro bir-biriga muruvvatli bo'lishga, shafqatli bo'lishga chorlab keldilar.


Download 1.55 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   90   91   92   93   94   95   96   97   ...   167




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling