Tarixdan xikoyalar


Download 1.55 Mb.
bet90/167
Sana20.08.2020
Hajmi1.55 Mb.
#127040
1   ...   86   87   88   89   90   91   92   93   ...   167
Bog'liq
Umumiy tarix

4. Maishiy xizmat ko'rsatish. Aholi turmush ehtiyojlarini qondirish sohasida maishiy xizmat e'tiborli o'rin egallaydi. Respublikada maishiy xizmat ko'rsatish 60 yillarda boshqa sohalarga nisbatan jadal rivojlandi. 1963 yili Toshkentda madaniy-maishiy buyumlar va ro'zg'or buyumlarini ijaraga berish, uy-xonadonlarni tozalab yig'ishtirish, bolalarga qarash va boshqa ko'pgina xizmatlarni uyushtirish bilan shug'ullanuvchi "Sharq" kombinati tashkil etildi. O'sha yilning o'zida sovutgichlarni ta'mirlaydigan "Sevar" fabrikasi, televizor va radio-apparatlarni ta'mirlashga ixtisoslashgan 20 ta qabul punktiga ega "Zangori ekran" fabrikasi ishga tushdi. Andijon, Samarqand, Urganch, Nukus, Namangan shaharlarida ham shunday atelyelar qurildi. Biroq maishiy xizmat korxonalari binolari sekin va sifatsiz qurilib, ko'p kamchiliklar bilan topshirilardi. Rahbar tashkilotlar bu qurilishlarni ikkinchi darajali deb hisoblab, moddiy va mehnat resurslari bilan yetarli miqdorda ta'minlamas edi.

Respublikada urashdan keyingi yillarda maishiy xizmat ko'rsatish sohasida erishilgan daraja aholi talabiga javob bermasdi. 1960 yili respublikadagi 5,4 ming maishiy xizmat ko'rsatish korxonalarining faqat 2 ming-ga yaqini qishloqlarda joylashgan bo'lib, ularning aksariyatini 1-2 nafar usta ishlaydigan, maxsus birto va zarur sharoitga ega bo'lmagan poyafzal ta'mirlash ustaxonalari, sartaroshxonalar tashkil qilardi. Qishloq va posyolkalarda xizmat ko'rsatish asosan ko'chma, sayyor usulda tashkil etilardi. Viloyat maishiy xizmat boshqarmalarida fan-texnika va ilg'or tajriba yutuqlari amalda qo'llanilmas edi.

5. Sog'liqni saqlash. Urushdan keyingi yillarda respublikada aholiga tibbiy xizmat ko'rsatish og'ir ahvolda edi. Kasalxonalarda davolanish o'rinlari, malakali vrachlar yetishmasdi. Ko'pgina viloyat va rayonlarda shifoxonalar, statsionarlar, feldsher-akusherlik punktlari, ambulatoriya-poliklinika muassasalari yo'q edi. Toshkentdek poytaxt shaharda kasalxonalarda o'rinlar yo'qligi tufayli ko'pchilik bemorlar qabul qilinmas, ularga tibbiy yordam ko'rsatilmasdi. Birgina 1948 yilda tez yordam kasalxonalarda joy yo'qligi tufayli 3 mingdan ortiq bemorni yotqizishdan bosh tortdi.

Respublikada 1948 yilda o'pka kasallari davolanishi uchun shifoxonalarda atigi 2 mingga yaqin o'rin mavjud edi. Holbuki, bunday shifoxonalarga ehtiyoj 4 mingdan ortiq joyni tashkil qilardi.

50 yillarda respublikada tibbiyot muassasalarini ko'paytirishga oz-moz e'tibor berildi. 1953-1958 yillarda 200 ga yaqin kasalxonalar ochildi, ulardagi o'rinlar soni 13 mingtaga ortdi. Shunga qaramay aholi sog'lig'ini saqlash xizmati boshqa respublikalarga qaraganda ancha orqada edi. Shuning uchun 1960 yili kasalxona shoxobchalarini kengaytirish maqsadida davolash o'rinlarini 20 mingtaga orttirish belgilandi. Buning uchun davolash muassasalariga 500 dan ortiq ma'muriy va boshqa binolar ajratildi. O'sha yili respublika bo'yicha 223 ta shifoxona muassasalari va 21 mingta davolanish o'rinlari ishga tushirildi. Son jihatdan ancha ishlar qilingan bo'lsa-da, respublikada sog'liqni saqlash saviyasi aholi talablarini qondirmay qolaverdi.

60 yillarda tibbiyot xizmatini yaxshilash borasida ko'pgina ishlar amalga oshirildi. Bir qancha yirik kasalxonalar ishga tushirildi. Shu bilan birga, sog'liqni saqlashni rivojlantirishga ajratilgan kapital mablag'lar o'zlashtirilmay, talay obyektlarni ishga tushirish muddatlari yildan yilga surilib keldi.

1970 yilga kelib O'zbekistonda 1260 dan ortiq kasalxona, 1760 dan ziyod ambulatoriya-poliklinika muassasalari, 1035 feldsherlik punktlari, 4200 ta feidsherlik-ambulatoriya yordami muassasalari bo'lishiga qaramay, aholini tibbiy yordam bilan ta'minlash darajasi juda past bo'lib qolaverdi.

Kasalxonalardagi o'rinlar sonini zo'raki ravishda oshirishga urinish natijasida davolash o'rinlari moslashtirilmagan binolarga joylashtiriladigan bo'ldi. Bu hol sanitar-gigiyenik sharoitlarni keskin pasaytirib yubordi. O'rinlar sonini zo'raki ravishda oshirish kasalxonalar va boshqa tibbiy muassasalarning texnik jihatdan ta'minlanishida zamondan ortda qolishiga olib keldi.

Shunga qaramay, 1946-1970 yillarda o'zbek xalqining fidokorona mehnati tufayli aholining turar joy va maishiy sharoitlari, sog'lig'i muhofazasini yaxshilash borasida ayrim yutuqlarga erishildi. 60 yillarga kelib aholining turmush darajasi sezilarli ko'tarildi. Biroq totalitar tuzum, ijtimoiy ehtiyojlarga mablag' ajratishning qoldiq prinsipi O'zbekiston aholisining hayotiy muhim muammolarini hal qilishga to'sqinlik qilib keldi.

46-§. Ma'naviy madaniyatning rivojlanishidagi ziddiyatlar

1. Umumta'lim maktablari. Respublika aholisi madaniyatining o'sishida ta'lirn niho-yatda muhim ahamiyat kasb etadi. Ta'lim inson shaxsini har tomonlama rivojlantirish, qobiliyatini yuzaga chiqarish, ijtimoiy va shaxsiy manfaatlarning bir-biriga payvasta bo'lib qo'shilishiga yordam beradi. Ilmiy-texnikaviy, iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotning eng muhim vazifalarini hal qilish aholining bilim darajasiga bog'liq.

O'zbekistonda urushdan keyingi yillarda o'zbek xalqining sa'y-harakatlari bilan ta'lim sohasida ma'lum yutuqlarga erishildi. 1940/41-o'quv yilidan 1970/71-o'quv yiligacha bo'lgan davrda umumta'lim maktablaridagi o'qituvchilar soni 2,5 baravar ortdi. Shunga yarasha umumta'lim maktablari tarmog'i ham kengayib bordi.

Biroq iqtisodiyotdagi qiyinchiliklar, ma'naviy va madaniy sohani rivojlantirishdagi nuqsonlar ta'limga ham o'z ta'sirini o'tkazdi. Jumladan, ko'pgina maktablar, ayniqsa, qishloq joylarda namunaviy loyihalarsiz qurildi, ko'pgina chala ishlari bilan foydalanishga topshirildi. Qishloq maktablarining 75 foizga yaqini vodoprovod, kanalizatsiyaga, yarmidan ortig'i markazdan turib isitish moslamalariga ega emas edi.

Respublikadagi talay maktablar zarur jihoz, mebel, asbob-uskunalar bilan yaxshi ta'minlanmasdi. Buning sababi xalq ta'limiga qoldiq prinsipi asosida mablag' ajratilishida ko'rinardi. Fan, madaniyat va xalq ta'limiga sarf-xarajatlar byudjet mablag'ining atigi 2,7 foizini tashkil etardi.

O'zbekiston maktabining turmush bilan bog'lanishini mustahkamlash to'g'risidagi 1959 yilda respublika hukumati qabul qilgan qonunga asosan o'qishni ishlab chiqarish bilan qo'shib olib borish talab etildi. Ushbu munosabat bilan o'n yillik o'rta maktablar qayta tashkil etilib, o'n bir yillik o'rta maktablarga aylantirildi, ularda o'quvchilar fan asoslari bilan birga ishlab chiqarish kasblarini ham o'rgana boshladilar. O'quvchilarga kasb talimi berishga yuzlab korxonalar, xo'jaliklar jalb qilindi, maktablarda minglab o'quv kabinetlari, laboratoriyalar, ustaxonalar, o'quv-tajriba, yer uchastkalari tashkil etildi. Shunga qaramay, ishlab chiqarish ta'limini maktablarda joriy qilish katta qiyinchiliklarga duch keldi. Korxonalar, xo'jaliklar bu ishga tayyor emas edilar. Maktablarda ustaxonalarni zarur asbob-uskuna bilan jihozlashga mablag' yo'q edi. Mehnat ta'limi o'qituvchilari yetish-masdi. Buning oqibatida islohot kutilgan natijani bermadi va majburiy kasb o'rganish bekor qilindi.

Bu davrda respublika maktablari o'qituvchi kadrlar bilan son jihatidan yetarlicha ta'minlandi. Biroq oliy ma'lumotli pedagog kadrlar 60 yillarda respublikadagi barcha o'qituvchilarning uchdan bir qismini tashkil qilardi, xolos. Ayniqsa, qishloqlarda ahvol og'ir edi. Qishloq rnaktablarida fizika, matematika, rus tili va chet tili o'qituvchilari yetishmasdi. Aksar hollarda o'qituvchilar o'z mutaxassisligiga kirmagan fanlardan dars berardilar.

Sovetlar davrida maktablarning o'quv-tarbiya ishlarida katta nuqsonlar mavjud edi. O'zbek tiliga davlat maqomi berilmaganligi, davlat idoralarida ish yuritish asosan ras tilida olib borilganligi tufayli maktablarda ona tili chuqur o'rgatilmasdi. Ona tilini o'rganishga ajratilgan dars soatlari rus tiliga ajratilgan dars soatlarining yarmini ham tashkil qilmas edi. Yoshlar maktabni o'zbek adabiy tilining yozma va og'zaki shakllarini puxta o'zlashtirmay, bitirib chiqib ketardilar. Shuningdek, O'zbekiston tarixi va ma'naviy madaniyati ham maktabda chuqur o'rgatilmas edi. Sovetlar davrida "SSSR tarixi" deb nomlangan, aslida Rossiya tarixidan iborat fan o'qitilardi. Unga ilova sifatida "O'zbekiston SSR tarixi" bir necha soatgina o'qitilar, ko'p hollarda bu kurs o'tilmay qolib ketardi.

Maktablarda ulug' allomalarimiz va ular qoldirgan ma'naviy meros, o'z ona tili, urf-odatlari bilan faxrlanish hissi shakllantirilmasdi.

Maktablarda ayniqsa, ijtimoiy fanlarni o'qitish o'ta siyosatlashtirildi. Ko'zdan kechirilayotgan davrda maorif sohasida erishilgan yutuqlar bilan bir qatorda, yoshlarni milliy an'analar va ma'naviy madaniyat manbalaridan uzoqlashtirish an'anasi ko'zga tashlanib bordi. Ta'lim va tarbiya ishlariga partiyaviylik va sinfiylik prinsiplari asosida yondashish yoshlarning umumbashariy, milliy-madaniy qadriyatlarni, urf-odatlarni o'rganishiga to'sqinlik qildi.

2. Adabiyot va san'at. Urushdan keyingi davrda o'zbek adabiyotida urush asoratlarini tugatib, xalq xo'jaligini tiklash va rivojlantirishga bel bog'lagan o'zbek xalqining fidokorona mehnati, tinchlik uchun kurashi kabi masalalar badiiy tahlil qilindi.

Urush yillari voyaga yetgan ko'plab ijodkorlar adabiyotga kirib keldilar. Said Ahmad, Asqad Muxtor, Hamid G'ulom, Mirmuhsin, Turob To'la, Shukrullo, Ramz Bobojon, Rahmat Fayziy, Mamarasul Boboyev, Ibrohim Rahim, Mirzakalon Ismoiliy, Pirimqul Qodirov, Odil Yoqubov, Saida Zunnunova kabi yozuvchi va shoirlar adabiy jarayonni jonlantirib yubordilar. Oldingi yillarda bolalar adabiyotida oqsash sezilardi, bu soha namoyandalari oz edi. Urushdan keyingi yillarda bolalar adabiyotiga qator o'ziga xos yozuvchi va shoirlar kirib keldi. Quddus Muhammadiy, Shukur Sa'duila, Ilyos Muslim, Qudrat Hikmat, Po'lat Mo'min kabi shoirlar, Hakim Nazir, Adham Rahmat kabi yozuvchilar shular jumlasidandir.

50-60 yilarda o'zbek adabiyotida proza janrida ko'plab asarlar yaratildi. Romanchilikda 20 dan ortiq asar, jumladan, Oybekning "Oltin vodiydan shabadalar", Parda Tursunning "O'qituvchi", Abdulla Qahhorning "Qo'shchinor chiroqlari", A. Muxtorning "Opa-singillar" kabi romanlari nashr etildi. Oybek o'z asarida unishdan keyingi yillardagi dehqonlar hayotini tahlil qildi. A. Qahhor o'zbek qishlog'ini kollektivlashtirish davridagi dehqonlar hayotini haqqoniy tasvirladi. Parda Tursun romanida o'zbek o'qituvchisining shakllanishi yozuvchining o'z boshidan kechirgan voqealar asosida yoritildi. "Opa-singillar" romanida o'zbek xotin-qizlarining katta ijtimoiy hayotga kirib borishi aks ettirildi.

Mirzacho'lni o'zlashtirish, o'zbek dehqonlarining faoliyatiga bag'ishlangan yirik prozaik asarlar yaratildi. Sh. Rashidovning "G'oliblar", "Bo'rondan kuchli" romanlari, S. Ahmadning "Ufq" trilogiyasi, R. Fayziyning "Cho'lga bahor keldi" qissasi shular jumlasidan.

Ayniqsa, she'riyat juda sermahsul bo'ldi. Bunda katta avlod vakillari-G'afur G'ulom, Uyg'un, M. Shayxzoda, Zulfiya, Habibiy, G'ayratiy va boshqalar yetakchilik qildilar. G'afur G'ulom ijodi markazida tinchlik uchun kurash masalalari, do'stlik motivi turdi. Uning "Vaqt", "Yashasin tinchlik" va boshqa she'rlari ma'no jihatdan chuqurligi, falsafiy teranligi bilan ajralib turadi.

Urushdan keyingi davrda shoirlar ijodiy izlanishda bo'ldilar. O'zbek she'riyatida turkum she'rlar, yangi poema va dostonlar yaratildi. M. Boboyevning "Eron osmoni ostida", Mirtemirning "Qoraqalpoq daftari" she'riy turkumlari e'lon qilindi va yuksak baholandi. Asqad Muxtorning "Po'lat quyuvchi", Oybekning "Qizlar", Mirmuhsinning "Usta G'iyos" dostonlarida yaratuvchi inson obrazi yaratildi.

Dramaturglar ham bir qancha mukammal pyesalar yozib, sahnaga chiqardilar. K.Yashinning "General Rahimov", N.Safarovning "Sharq tongi", S.Abdullaning "Muqimiy" dramalari o'zbek sahnasi repertuaridan munosib o'rin oldi. A.Qahhorning "Yangi yer", "Og'riq tishlar", "Tobutdan tovush" komediyalari katta shuhrat qozondi.

O'sha yillarda jamiyatda ro'y bergan salbiy jarayonlar o'zbek adabiyotini ham chetlab o'tmadi. Ko'pgina adabiyotshunoslik asarlarida milliy adabiyotning rivoj-lanishi "ulug' g'alabalar"ga nisbatan berildi. Hayotga bunday yondashish adabiyotda xom asarlar yaratilishiga yo'l ochib berdi. Bu illat hayotdan yiroq balandparvoz she'rlarda, nasrda voqelikning murakkab tomonlarini chetlab o'tishda, dramaturgiyada esa konfliktning zaif-ligida ko'rindi.

Badiiy adabiyotga mafkuraviy ta'sir ko'rsatish vositasi deb qaralgan totalitar tartibot sharoitida adabiyot arboblari amalda hukmron doiralarning ijtimoiy buyurt-masini bajarishga majbur bo'ldilar. Bu buyurtma partiyaviylikni va sinfiylik nuqtai nazaridan turib, markscha-lenincha ta'limotga asoslangan asarlar yaratishni ko'zda tutardi. Ijod erkinligi deyarli cheklangan edi. Uning chegaralarini odatda partiya komitetlari, senzura belgilab berardi. Sovet voqeligini tanqidiy tahlil qilish, milliy an'analar, o'tmishni xolisona baholashga bo'lgan bar qanday urinishlar ta'qibga olinardi.

O'zbekiston yozuvchilari teatr va musiqa arboblari biian ijodiy hamkorlikda samarali ish olib bordilar. Bu davrda A.Hidoyatov, S.Eshonto'rayeva, H.Nosirova, L.Sarimsoqova, Sh.Burhonov, M.Turg'unboyeva, Tamaraxonim, G.lzmaylova singari o'zbek sahnasi ustalari dong taratdilar.

Hamza nomidagi o'zbek drama teatri milliy tomoshabinni jahon dramaturgiyasining yuksak namunalari bilan tanishtiruvchi dargohga aylandi. Bu teatr Shekspirning "Otello", Shayxzodaning "Jaloliddin", H.Olimjonning "Muqanna", Uyg'un va I.Sultonning "Alisher Navoiy", Shayxzodaning "Mirzo Ulug'bek" singari yorqin asarlarini sahnalashtirdi. Teatr o'z sahnasini milliy dramaturglar ixtiyoriga berib, o'zbek dramaturgiyasi va teatr san'atining rivojlanishida katta rol o'ynadi.

Milliy opera va balet san'ati jiddiy rivojlandi. A. Navoiy nomidagi o'zbek davlat opera va balet teatri M.Ashraflyning "Dilorom", S.Yudakovning "Maysaraning ishi", S.Boboyevning "Hamza", A.Kozlovskiyning "Ulug'bek" operalarini muvaffaqiyatli sahnalashtirdi.

O'zbek musiqa madaniyati yildan yilga rivojlanib bordi. O'zbek davlat filarmoniyasi, Toshkent konservatoriyasi va boshqalarida o'zbek musiqachilari o'z ijodiy faoliyatlarini o'stirdilar. O'zbek ashula va raqs ansambli, boshqa musiqiy jamoalar o'z ijodiy qiyofalariga ega bo'ldilar. Ular milliy va boshqa respublikalar bastakorlari hamda chet el klassik asarlarini muvaffaqiyat bilan targ'ib qilib bordilar.

Kino O'zbekiston madaniy hayotining muhim qismiga aylandi. Respublikada iste'dodli kinematografchi kadrlar: rejissyorlar, operatorlar, stsenariychilar yetishib chiqdi. K.Yormatov, M.Qayumov, Y.A'zamov, Sh.Abbosov, L.Fayziyev, Z.Sobitov kabi kino arboblarining nomi respublikadan tashqarida ham mashhur bo'ldi.

Shunday qilib, O'zbekistonda san'at umuman rivojlanib bordi. Biroq ma'naviy madaniyatning barcha sohalari kabi, san'at ham hukmron mafkura tazyiqiga uchradi. San'atni mafkuralashtirish, baynalmilallashtirishga urinish amalda ruslashtirishga olib keldi. Bu siyosat milliy madaniyat, san'atning rivojlanishiga salbiy ta'sir ko'rsatdi. San'atning barcha sohalarida milliy ruhga ega bo'lgan asarlar soni keskin kamaydi.

47-§. Fan va oliy ta'lim: siljishlar va qiyinchiliklar

1. Fan. O'zbekiston fani ming yillik tarixga ega. O'zbekiston zaminida yashab ijod qilgan Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg'oniy, Abu Nasr Forobiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mahmud Zamahshariy, Ulug'bek, Imom Buxoriy, Bahouddin Naqshband singari buyuk mutafakkir va olimlar jahon madaniyati tarixidan abadiy o'rin oldilar.

Ilm-fan, ilmiy tadqiqotlarning natijalari ishlab chiqaruvchi kuchlarning tez sur'atlar bilan o'sishini, texnika taraqqiyotini tezlashtiruvchi muhim omildir. Umshdan keyingi yillarda respublikada ilmiy muassa-salar soni ko'paydi. 1940 yilda 90 ta maxsus ilmiy-tadqiqot muassasalari, ularning filiallari, bo'limlari, tajriba stansiyalari, oliy o'quv yurtlari va boshqalar faoliyat ko'rsatgan bo'lsa, ularning soni 1960 yilda 140 tadan, 1970 yilga kelib esa 180 tadan oshib ketdi. Ilmiy xodimlar soni 1960-1970 yillarda ikki yarim baravar o'sdi va 25 ming nafarga yetdi. Respublikada fan sohasida erishilgan yutuqlar shu ko'p sonli ilmiy xodimlar ijodiy mehnatining natijasi bo'ldi.

Respublikada urushdan keyingi yillarda fan yutuqlari avvalo O'zbekiston Fanlar akademiyasining oiimlari, ilmiy xodimlari faoliyati tufayli qo'lga kiritildi. LJrush tugagan yili akademiya tarkibida geologiya, fizika-texnika, kimyo, tuproqshunoslik, matematika va mexanika, energetika, iqtisodiyot, tarix va arxeologiya, sharqshunoslik, til va adabiyot institutlari hamda boshqa muassasalar bor edi. O'sha davrda akademiya olimlarining kuch-quvvati xalq xo'jaligini tiklash, respublika ishlab chiqaruvchi kuchlarini rivojlantirish, madaniy qurilish sohasida olimlar hissasini oshirishga qaratildi. Urushdan keyingi dastlabki yillardayoq O'zbekiston Fanlar akademiyasining yangi institutlari: inshootlar, botanika, zoologiya va parazitologiya institutlari, shuningdek, O'zbekiston ishlab chiqarish kuchlarini o'rganish kengashi, turli laboratoriyalar tashkil qilindi.

Akademiya tashkilotlarining moddiy-texnik bazasi mustahkamlandi. Yangi sohalar bo'yicha mutaxassislar soni ko'paydi, shunga muvofiq ravishda ilmiy jamoalarning tadqiqotchilik faoliyati istiqboli, ilmiy tadqiqotlarning yo'nalishlari kengaydi. 50-60 yillarda O'zbekiston Fanlar akademiyasi tarkibida yadro fizikasi, o'simlik moddalari kimyosi, kibernetika, seysmologiya, elektronika, biokimyo, fiziologiya va biofizika institutlari tashkil qilindi.

Akademiya oiimlari fizika-matematika, mexanika, boshqaruv jarayonlari va informatika, kimyo-texnologiya, tuproqshunoslik, biologiya, ijtimoiy-gumanitar fan sohalarida katta yutuqlarni qo'lga kiritdilar. Bu yutuqlar akademiya laboratoriyalari va institutlari olimlarining ko'plab avlodlari fidokorona va yuqori kasbiy darajada olib borgan ilmiy tadiqiqotlari natijasi bo'ldi. Aynan ularning mehnati tufayli keng e'tirof etilgan ilmiy maktablar vujudga keldi, yangi ilmiy yo'nalishlar rivoj topdi, ilmiy xodimlar tayyorlandi, ilmiy ishlovlar amaliyotga tadbiq etildi. O'zbek oiimlari: geologlar Habib Abdullayev, Ibrohim Hamroboyev, biokimyogar Yolqin To'raqulov, kimyogarlar Obid Sodiqov, N.Nabiyev, Sobir Yunusov, fizik va matematiklar T.N.Qori Niyoziy, Toshmuhammad Sarimsoqov, Ubay Oripov, texnika fanlari sohasidagi olimlar Muhammad O'rozboyev, Vosit Qobulov, faylasuf Ibrohim Mo'minov, tarixchi Yahyo G'ulomov va boshqa ko'plab olimlarning nomlari O'zbekistondan tashqarida ham shuhrat qozondi.

Ibrohim Mo'minov (1908-1974) o'z asarlarida Forobiy, ibn Sino, Beruniy, Bedilning falsafiy dunyoqarashi mohiyatini ochib berdi, u kommunistik mafkura hukmronligi davrida Amir Temur shaxsini to'g'ri yoritgan yagona olim edi.

Yahyo G'ulomov (1908-1977) O'zbekistonda arxeologiya faniga asos solgan olim edi. U ko'pgina yodgorliklarni paxta dalalariga aylantirishdan saqlab qolgan, qo'rqmay dadil o'z fikrini ayta oladigan inson ham edi.

Habib Abdullayev (akademik) ning respublika fanini rivojlantirishdagi xizmati katta bo'ldi. Uning geologiya, jumladan, bu fanning petrologiya-metallogenik tarmog'i sohasidagi tadqiqotlari O'zbekistondagina emas, chet mamlakatlarda ham e'tirof etildi. H. Abdullayev 1956-1962 yillarda O'zbekiston Fanlar akademiyasining prezidenti lavozimida xizmat qilish bilan birga, yirik ilmiy tadqiqotlar olib bordi, yuqori malakali ilmiy xodimlar tayyorlashga alohida e'tibor berdi. Uning tashabbusi va jonkuyarligi bilan tayyorlangan yuzlab fan nomzodlari va doktorlari fanning yangi yo'nalishlariga asos soldilar.

Urushdan keyingiyillarda mamlakatda keng ildiz organ ma'muriy-buyruqbozlik tizimi faoliyati O'zbekiston faniga, lining milliy ilmiy kadrlar tayyorlash ishiga salbiy ta'sir ko'rsatdi. Respublikada o'zbeklar soni ruslarga nisbatan olti baravar ko'p bo'lishiga qaramay, 1963 yilgi ma'mulotlarga ko'ra, ilmiy xodimlar tarkibida o'zbeklar (5,5 mingdan sal ortiq) va ruslar (5,5 mingdan sal kam) nisbati deyarli teng edi. O'zbekistondan 97, ruslardan 96 nafar fan doktorlari ish olib borardi.

Yuqori malakali milliy ilmiy kadrlarni ko'paytirishga harakat qilgan O'zbekiston Fanlar akademiyasi rahbarlari millatchilikda ayblandilar. Markazning O'zbekistondagi rus rahbar kadrlari Fanlar akademiyasi prezidenti H.Abdullayevning o'zbeklardan fan nomzodlari, doktorlarini ko'paytirishga qaratilgan to'g'ri faoliyatini asossiz keskin tanqid qildilar. O'zbekiston Fanlar akademiyasi ilmiy muassasalari olimlari totalitar tartibot sun'iy ravishda keskinlashtirgan sharoitlarda ishlashga majbur bo'ldilar. Shunga qaramay, olimlar o'z bilim va iqtidorlarini O'zbekiston iqtisodiyoti, madaniyati va ilmiy-texnik qudratini oshirish ishiga baxshida etdilar.

2. Oliy o'quv yurtlari. Oliy maktabning asosiy vazifasi xalq xo'jaligi va madaniyatning barcha tarmoqlari Lichun yuqori malakali mutaxassis kadrlar tayyorlab berishdan iborat. Urushdan keyingi yiliarda respublika oliy o'quv yurtlari Markaz ko'rsatmasi, dasturlari asosida o'quv-tarbiya ishlarini olib bordi. Bu davrda oliy maktabda mutaxassis kadrlar tayyorlash son jihatdan o'sdi, lekin ularning sifati talab darajasida bo'lmay keldi. Talabalar doirasi ancha kengaydi. 1960-61-o'quv yilida O'zbekiston oliy maktablarida 100 ming nafar talaba ta'lim olgan bo'lsa, 1970-71-o'quv yilida ularning soni 230 mingga yetdi. Bu davr ichida oliy maktab respublika xalq xo'jaligi uchun yetkazib bergan diplomli mutaxassislar soni 2,5 baravar ortgan.

Oliy o'quv yurtlari soni 1940 yildagi 30 tadan 1970 yilda 38 taga ko'paydi. Xalq xo'jaligining rivojlanishi yangi oliy o'quv yurtlarini ochishni talab qildi. Urushdan keyingi yillarda Toshkent elektrotexnik aloqa instituti, Toshkent avtomobil yo'llari instituti, Andijon paxtachilik instituti, Andijon tibbiyot instituti, Andijon tillar pedagogika instituti, Buxoro oziq-ovqat va yengil sanoat texnologiya instituti, Farg'ona politexnika instituti va boshqa oliy o'quv yurtlari malakali kadrlarga bo'lgan talabni qondirdi. Maorif, sanoat, qurilish, transport, iqtisodiyot, qishloq xo'jaligi, sog'liqni saqlash, san'at va boshqa sohalarda mutaxassis kadrlar tayyorlandi.

Oliy o'quv yurtlaridagi professor va o'qituvchilar soni ham yildan yilga oshib bordi. Oliy maktablarda 1958 yili 5 ming ilmiy-pedagog xodim ishlagan bo'lsa, 1965 yilda bu son 8 mingtaga yetdi. Oliy o'quv yurtlari olimlari O'zbekiston Fanlar akademiyasi tizimidagi ilmiy-tadqiqot institutlari bilan ijodiy hamkorlikda fan, iqtisodiyot va madaniyat taraqqiyoti uchun katta ahamiyatga ega bo'lgan talay ilmiy ishlar, salmoqli asarlar yaratdilar.

Biroq oliy maktab ham totalitar tartibot ta'siridan chetda qolmadi. Buning natijasida oliy maktabda qator salbiy hodisalar ro'y berdi. Miqdoriy, yalpi ko'rsatkichlar ketidan quvish, xalq xo'jaligi talab-ehtiyojlariga mos kelmaydigan mutaxassisliklar bo'yicha o'qitish shular jumlasidandir. Oliy maktabning moddiy-texnik bazasi ham juda zaif bo'lib qoldi.

Respublika oliy o'quv yurtlarida sirtqi va kechki ta'lim keng rivojlandi. Ayniqsa, 1959 yilgi maktabning hayot bilan bog'liqligini mustahkamlash to'g'risidagi qonun asosida ta'limning bu shakllari yanada kengaydi. Respublikaning barcha institutlarida sirtqi va kechki bo'limlar ochildi.

1940 yilda sirtqi va kechki ta'lim tizimida o'qiyotgan talabalar respublika oliy o'quv yurtlaridagi jami talabalarning 20 foizini tashkil qilgan bo'lsa, 1966 yilda ularning salmog'i 62 foizga yetdi. O'sha vaqtda sirtqi va kechki bo'limlardagi talabalarning soni jihatidan mam-lakatimiz birinchi o'rinda deb maqtanish rasm bo'ldi. Lekin bu aslida achinarli hol edi. Sirtqi va kechki bo'limlarda ta'lim olgan talabalar ixtisosliklari bo'yicha yetarli nazariy bilimga ega bo'lmasdilar. Ular ko'proq bilirn olish uchun emas, diplom uchun o'qirdilar. Bu yillarda oliy o'quv yurtlari va ular tayyorlagan mutaxassislar soni ko'paydi, biroq sifati pasaydi.

Respublika oliy o'quv yurtlarida ta'lim-tarbiya ishlari mafkuralashtirib yuborilganligi sababli kunduzgi bo'limlarda o'qigan talabalarning ko'p vaqti mutlaqo keraksiz bo'lgan ilmiy kommunizm, KPSS tarixi, siyosiy iqtisod, markscha-lenincha falsafa, ilmiy ateizm kabi "fanlar"ni o'rganishga sarflanar edi. Bu hol talabalarning asosiy ixtisosligi bo'yicha fanlarni chuqur o'zlashtirishiga xalaqit berardi.

Oliy maktablarda milliy kadrlar tayyorlash talab darajasida emas edi. Ko'p fanlardan, ayniqsa, tabiiy fanlardan darsliklar rus tilida chiqarilgandi. Ularni o'zbek tiliga tarjima qilishga ongli ravishda e'tibor berilmasdi. O'zbek talabalari rus tilidagi darslik va qo'llanmalardan foydalanishga majbur edilar. Ayniqsa, qishloqlardan kelgan, rus tilini bilmaydigan talabalar qiynalardilar. Ular ko'pincha rus tilida o'qitiladigan fanlarni o'zlashtira olmay, o'qishni tashlab ketishga majbur bo'lardilar. Bir amallab institutni bitirib chiqqan mutaxassislarning bilim darajalari past bo'lardi. Institutlarda o'zbek guruhlarida rus tilida dars o'tish Markazning O'zbekistonda olib borgan ruslashtirish siyosati natijasi edi.


Download 1.55 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   86   87   88   89   90   91   92   93   ...   167




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling