Tarixdan xikoyalar


Download 1.55 Mb.
bet92/167
Sana20.08.2020
Hajmi1.55 Mb.
#127040
1   ...   88   89   90   91   92   93   94   95   ...   167
Bog'liq
Umumiy tarix

O'zbekistonda aholi zichligi O'rta Osiyoning boshqa respublikalariga nisbatan ham ancha yuqori bo'ldi.

O'ziga xos tabiiy shart-sharoitlarga ega bo'lgan O'zbekistonda aholining asosan vohalarda yashashi ko'zga tashlanadi. Aholi zichiigi Farg'ona viloyati, Andijon va Toshkent viloyatlarida ayniqsa yuqori bo'lgan. Masalan, 1985 yil 1 yanvarigacha bo'lgan ma'lumotga ko'ra, 1 km2 maydonga Andijon viloyatida 370 kishi to'g'ri kelsa, Qoraqalpog'istonda va Navoiy viloyatida har bir kv.km maydonga o'rtacha 5-6 kishi to'g'ri kelgan.

O'zbeklar salmog'i Xorazm, Farg'ona, Andijon, Qashqadaryo va Namangan viloyatlarida 80 foizdan ortiqni tashkil etgan bo'lsa, Qoraqalpog'istonda, Toshkent shahri va viloyatida ularning hissasi ancha past darajada edi.

51-§. Sanoat sohasidagi ziddiyatlar

1. Yangi sanoat korxonalarining barpo etilishi. 70 yillarga kelganda respublikada ijtimoiy rivojlanish muammolari ularning hal qilinishidan ko'ra tezroq ko'payib, keskinlashib bordi. Boshqaruvning ma'muriy-buyruqbozlik usullari va iqtisodiyotni qattiq rejalashtirish prinsipi vaziyatni yanada murakkablashtirdi. Bu hol sanoatni rivojlantirishni ham qiyin ahvolga solib qo'ydi. Iqtisodiyotga davlat tomonidan juda katta hajmda kapital mablaq'lar ajralildi. Ularning asosiy qismi katta-katta qurilishlarga taqsimlab berildiki, bunda milliy respublikaning manfaatlari inobatga olinmadi.

Yangi sanoat korxonalarining barpo etilishi munosabati bilan yangi texnika, ishchi kuchi, malakali mutaxassislar jalb etildi. Biroq bu bilan respublika sanoatidagi vaziyat o'zgarishsiz qolaverdi. Buning asosiy sabablaridan biri mazkur korxonalarning respublika manfaatlarini ko'zlamasdan qurilganligida, yangi texnologiyalar, fan va texnika yutuqlaridan yetarlicha foydalanilmaganida edi. Oqibatda sanoatning barcha sohalarida turg'unlik holati ro'y berdi.

70-80 yillar respublikamizda ishlab turgan sanoat korxonalari, ularning filiallari va sexlarida o'rnatilgan dastgoh va asbob-uskunalarning 60 foizdan ko'prog'i eskirib, ishga yaroqsiz holga kelib qolgan edi. Shu bilan birga, yangi texnologik asbob-uskunalar yetarli bo'lmaganidan, ishning 50 foizi qo'lda bajarilardi. Ko'pgina korxonalarda, jumladan, Toshkent to'qimachilik kombinati, kimyo sanoati korxonalarining bir nechtasida 40 yillarda, ipakchilik korxonalarida esa 50 yillarda o'rnatilgan dastgohlardan foydalanilardi. Ana shunday sharoitda ish unumi va samaradorligini oshirish maqsadida yangi-yangi sanoat korxonalari qurilishiga ko'proq ahamiyat berildi.

Sanoat mahsulotining (1970-1985 yillar) umumiy hajmi O'zbekistonda 241 foizga o'sgan bo'lsa, uning yetakchi tarmoqlari-mashinasozlik va kimyo sanoati asosan paxtachilik uchun mashinalar, kimyoviy o'g'it va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarish bilangina cheklandi. 1985 yilga kelganda respublikada 1500 dan ortiq ishlab chiqarish, ilmiy ishlab chiqarish birlashmalari, kombinatlari va korxonalari bor edi.

Yangi qurilgan sanoat korxonalarining ishlashi uchun zarur bo'lgan asbob-uskunalar, ehtiyot qismlar, neft mahsulotlari, yog'och-taxta va boshqa materiallar asosan Rossiyadan keltirilar edi. Xuddi shuningdek, O'zbekistondan ham boshqa milliy respublikalar-Ukraina, Belorussiya, Boltiqbo'yi respublikalariga paxta, ipak, teri, jun kabi qishloq xo'jalik xom ashyolari, yarim fabrikatlar va boshqa mahsulotlar yuborilardi. Markazning bunday siyosati milliy respublikalar, shu jumladan, O'zbekiston sanoatining boshqa joylarda tayyorlanadigan butlovchi detallar va boshqa materiallarga muhtojligi va muteligini oshirdi.

Shu yillar O'rta Osiyoda mashinasozlik mahsulotlarining uchdan ikki qismini beradigan O'zbekiston mashinasozlik sanoatida biroz siljishlar bo'lgan. Namangan, Sirdaryo, Buxoro viloyatlarida ham mashinasozlik korxonalari qad ko'tardi. Toshkent va Samarqanddagi mashinasozlik korxonalari mahsulot ishlab chiqarishni 1970-1985 yillarda 370 foizga oshirdi. Ayni vaqtda sanoat ishlab chiqarishida mashinasozlikning salmog'i biroz ortdi. Uning tarkibida yirik zavodlar ishlab turishiga qaramasdan, murakkab ro'zg'or texnikasi, yo'l qurilishi mashinalari, plastmassa buyumlar, savdo-sotiq va maishiy xizmat sohasi uchun zarur asbob-uskunalar deyarli ishlab chiqarilmasdi.

Kimyo sanoati umumittifoq mehnat taqsimotida O'rta Osiyo respublikalarida, jumladan, O'zbekistonda yetakchi tarmoq hisoblanar edi. Bu tarmoq mineral o'g'itlar, o'simliklarni himoya qilish kimyoviy moddalari, sun'iy ammiak, kir yuvish vositalari va boshqa turli mahsulotlar ishlab chiqarardi. 70-80 yillarda uni rivojlantirishga juda katta e'tibor berildi. Yangi korxonalar, jumladan, Yangi Qo'qon kimyo zavodi, Chirchiq, Farg'ona, Samarqand, Olmaliq, Navoiy kimyo korxonalari qurib ishga tushmlishi natijasida mahsulot hajmi 1985 yilda 1970 yildagiga nisbatan 367 foizga oshdi. Ular ishlab chiqargan nitron, atsetat, kaprolaktam mahsulotlari boshqa respublikalarga chiqarishga mo'ljallangan edi. 1985 yilga kelib respublikada kimyo mahsulotlari ishlab chiqaruvchi 20 ta sanoat korxonasi faoliyat ko'rsata boshladi. Ular ishlab chiqarish jarayonida atrof-muhit va inson salomatligi uchun o'ta zaharli chiqindilar chiqarib, ekologik vaziyatni yanada murakkablashtirdilar.

O'zbekiston yuqori sifatli oltindan tashqari mis, qo'rg'oshin, rax, volfram, uran, tabiiy gaz, toshko'mir va boshqa xom ashyo mahsulotlari yetkazib berib, Ittifoq xazinasini boyitib keldi. Respublikaning Chotqol, Qurama, Nurota tog'lari, Qizilqum sahrosi bag'rida joylashgan Marjonbuloq, Qalmoqqir, Uchquduq, Zarafshon, Muruntov oltin konlarining dovrug'i butun dunyoga mashhur.

80 yillarning o'rtalariga kelib O'zbekistonda Ittifoq tasarrufidagi korxonalar jami korxonalarning 31 foizini tashkil etgan bo'lsa, 61 foizi Ittifoq-respublika vazirlik va idoralariga, faqat 8 foizi bevosita respublika va mahalliy sanoat boshqarmalariga tegishli edi. Jumladan, rangli metall korxonalari Markaz qaramog'ida bo'lib, ko'proq xom ashyo qazib olish, dastlabki ishlov berish, yarim tayyor buyumlar ishlab chiqarish bilan shug'ullanardi. Bu korxonalarning mahsuloti respublikadan tashqariga olib ketilardi.

Ma'muriy-buyruqbozlik usullari hukmronlik qilgan bu davrda yuzlab korxonalar qurilganiga qaramasdan, tayyor mahsulot ishlab chiqarilmasligi oqibatida respublika boshqa mintaqalarga qaram bo'lib qolaverdi.

2. Sanoatning bir tomonlama rivojlantirilishi. O'ta markazlashtirilgan ma'-muriy-buyruqbozlik, yakkahokimlik tizimi hukmronlik qilgan 70 yillarda ham Ittifoq markazida belgilangan reja va qarorlarda O'zbekistonning chinakam manfaatlari, o'ziga xos sharoiti va imkoniyatlari hisobga olinmadi. Iqtisodiyotning asosiy rivojlanish yo'llari yuqoridan belgilab berildi. O'zbekiston respublikasining huquqlari iqtisodiy siyosatni belgilashda ham cheklangan edi. Sanoatning rivojlanish sur'atlari pasayib ketdi. Ishlab chiqarishning umumiy hajmida yengil sanoat ulushi 1970 yilgi 40,7%dan 1986 yilda 38,4%ga, oziq-ovqat sanoati ulushi 41,6%dan 13,5%ga tushib ketdi. Bu davrda iqtisodiyotni rivojlantirishda xom ashyo va yarim tayyor mahsulotlar ishlab chiqaradigan va chetga yuboradigan, nisbatan oz mehnat talab qiladigan xom ashyo tarmoqlarini birinchi navbatda rivojlantirish ko'zda tutildi. Respublikadagi sanoat korxonalarining asosiy qismi tashib ketishga yo'naltirilgan mahsulotlarni ishlab chiqarishga moslashtirildi.

O'sha yillarda O'zbekistonda bir qancha ip gazlama va shoyi gazlama, turli trikotaj buyumlar ishlab chiqaradigan yirik korxonalar qurildi. Buxoro ip gazlama kombinati, Toshkent "Qizil tong" tikuvchilik ishlab chiqarish birlashmasi, Marg'ilon "Atlas" firmasi shular jumlasidan.

Urganch, Namangan, Shahrisabz, Uychi, Guliston, Qo'rg'ontepa va boshqa shaharlarda shoyi to'qish fabrikalari, Quvasoyda chinni zavodi, Xivada gilam kombinati ishga tushirildi.

1976-1980 yillarda respublikada jami 23 ta yengil sanoat korxonasi qurildi. Biroq ularni joylashtirish puxta rejalashtirilmasdan amalga oshirildi. Masalan, 80 yillar boshida bu tarmoq mahsuloti hajmining 60%ini ishlab chiqarish Toshkent va Samarqand shaharlariga, 27%i Andijon, Buxoro, Namangan, Qo'qon shaharlariga to'g'ri kelgan bo'lsa, Jizzax va Termiz shaharlarida birorta ham tikuvchilik korxonasi yo'q edi.

Qoraqalpog'iston, Xorazm, Surxondaryo, Qashqadaryo va Jizzax viloyatlarida ish bilan ta'minlanmagan anchagina aholi mavjud edi. Shu bilan birga, keng xalq iste'mol mollarini ishlab chiqarish aholi jon boshiga o'rtacha respublika darajasidan 2 baravar kam edi. Shunga qaramay bu joylarda filial va sexlar juda kam qurildi.

70 yillarning boshlarida O'zbekistonda tayyorlangan mahsulotlar bilan aholining eng zarur mollar (kiyim-kechak, trikotaj, poyafzal) ga bo'lgan ehtiyoji yarmiga qondirilgan bo'lsa, 80 yillar o'rtalarigacha bo'lgan davrda bu sohada sezilarli o'zgarish bo'lmadi. Bu davrga kelib kiyim-kechaklarga bo'lgan aholi ehtiyojining chorak qismi, trikotaj va ip gazlamalarga ehtiyojning uchdan biri, poyafzalga bo'lgan ehtiyojning deyarli yarmi chetdan keltirish hisobiga qondirilardi.

Respublika yengil va mahalliy sanoatining bunday ahvolga tushishiga yetishtirilgan xom ashyoning asosiy qismi Ittifoq markaziy rayonlariga olib ketilishi sabab bo'ldi. O'zbekiston faqat o'z xom ashyosi hisobiga aholi talabini to'la qondirishi mumkin edi. Biroq yengil sanoatning muhim tarmog'i bo'lgan to'qimachilik imkoniyatlaridan yetarli foydalanilmay, orqada qolib keldi. Sanoatda tayyor mahsulotning ulushi atigi 50%ni tashkil etardi. Qishloq xo'jalik mahsulotining 80%dan oshig'i, jumladan, paxtaning 91%i mutlaqo ishlanmasdan respublikadan tashib ketilardi. Korxonalarning ko'pchiligi mahsulotni respublika ichki bozori uchun emas, balki tashib ketish uchun takror ishlab chiqarardi. Respublikadan olib ketilgan mahsulotning uchdan ikki qismi xom ashyo, materiallar va chala tayyor mahsulotlar ekanining o'zi ham ijtimoiy ishlab chiqarish tuzilishidagi chuqur nomutanosiblikdan darak beradi.

Yuqoridagilardan xulosa qilib, sanoatimiz bir yoqlama, asosan paxtachilik bilan bog'liq tarzda rivojlangani, xom ashyo yetishtiradigan holga tushib qolgani, yaxlit rivojlanish yo'liga, aholi ehtiyojlarini qondirishga o'tkazilmagani, sanoat, fan-texnika imkoniyatlarining katta qismi to'g'ridan-to'g'ri keraksiz qurilish va mudofaa maqsadlariga yo'naltirilganini qayd etishga to'g'ri keladi.

Sanoat korxonalari, ularning mahsuloti son jihatdan o'sganiga qaramay, 70 yillarning boshidan e'tiboran respublika industriyasining rivojlanishida tanglik holati zo'rayib bordi. Bu sanoat ishlab chiqarish hajmi, mehnat unumdorligi o'sish sur'atlarining pasaygani, mahsulot sifatining yomonlashgani va boshqa muhim iqtisodiy ko'rsatkichlar bilan ifodalandi. Urushdan keyingi dastlabki yillarda sanoat yalpi mahsulotining o'rtacha yillik o'sish sur'atlari 10-15%ni tashkil qilgan bo'lsa, keyingi besh yilliklarda 5-7% darajasida turib qoldi.

Mehnat unumdorligini oshirishga qaratilgan choratadbirlar kutilgan natijani bermadi. Mehnat unumdorligining o'sishi 1976-1980 yillarda 2,2%dan oshmadi, 1981-1985 yillarda esa l,3%ga tushib ketdi.

Buyruq bilan zo'ravonlik qilish, irodani bo'g'ib qo'yish sharoitlarida industriyadagi jamoat mulki amalda egasiz qoldi. Ishchilar ishlab chiqarish vositalaridan begonalashtirildilar. Bu misli ko'rilmagan xo'jasizlikka, mehnat va ijtimoiy hayotdagi faollikning pasayib ketishiga olib keldi.

52-§. Qishloq xo'jaligidagi noxush holatlar

1. Qishloq xo'jaligining paxta yetishtirishga ixtisoslashtirilishi. Uzoq yillar davomida sovet hukumati O'zbekistonni qishloq xo'jalik xom ashyosi, asosan paxta bazasiga aylantirishga harakat qilib keldi. Bu vazifa mashaqqat va katta yo'qotishlar evaziga hal qilindi.

Umumittifoq mehnat taqsimotiga ko'ra, O'zbekiston qishloq xo'jaligi paxta yetishtirishga, bir qator sanoat tarmoqlari esa paxtani dastlabki qayta ishlashga ixtisoslashtirildi. Oqibatda respublikada oziq-ovqat masalasi murakkablashdi. Chorvachilik mahsulotlari, g'alla, kartoshka, sabzavot, poliz ekinlari yetishtirish ko'rsatkichlari pasayib ketdi. Natijada oziq-ovqat mahsulotlari bilan tez sur'atlarda o'sib borayotgan aholi talabini qondirish muammolari keskinlashdi. Bu esa iqtisodiyotning bir yoqlama rivojlanishiga, aholi turmush darajasining pasayishiga olib keldi.

Eng unumdor ekin maydonlari, sug'oriladigan yerlar g'o'za ekishga ajratildi. G'o'za oziq-ovqat ekinlarini yaroqsiz yerlarga, tog' oldi joylariga, qumloq va to'qaylarga surib chiqardi. Buning ustiga go'zaga haddan tashqari e'tibor berilishi boshqa ekin maydonlarini suvdan amalda mahrum etdi.

Markaz talabi bilan respublikadagi ko'pgina hayotiy muhim manfaatlarga ziyon yetkazib bo'lsa-da, urushdan keyingi yillarda tag'in paxta yakkahokimligi tarkib topdi. 70-80 yillarning o'rtalarigacha respublikada sug'orish tarmoqlari qurilishi keng miqyosda amalga oshirildi, paxta ekish uchun eng unumdor yerlar o'zlashtirildi. Natijada shu davrda paxtaga ajratilgan maydon 1709 ming gektardan 1989 ming gektarga yetdi. 1980 yilga kelib paxta maydonlarining salmog'i respublika bo'yicha o'rtacha 75%ga yetdi, Jizzax viloyatida u deyarli 80%ni, Andijon viloyatida 80%dan ko'proqni tashkil qildi. Holbuki, paxta 60%dan ortiq maydonni band etsa, chirindi yo'qolishi, tuproqning sillasi qurishi, hosildan qolishi, oxir-oqibat yerning tamoman ishdan chiqishini fan allaqachon isbotlab bergan. Keyingi yillarda jahonda g'o'za ekinlari maydoni qisqardi, ammo paxta yetishtirish ikki baravar oshdi. Bunga gektar hosildorligini oshirish hisobiga erishildi. O'zbekistonda paxta maydoni ortdi, hosildorlik va sifat esa yomonlashdi.

Ma'muriy-buyruqbozlik tizimi, iqtisodiyotga partiyaviy rahbarlik va uning haddan tashqari mafkuralashtirilishi oqibatida jiddiy murakkabliklar yuzaga keldi.

Qishloq xo'jaligi samaradorligini oshirish borasidagi ko'p urinishlar ham kutilgan natijani bermadi. Masalan, 1975-1980 yillarda paxtachilikni rivojlantirish sohasida olimlar olib borgan tadqiqotlar natijasida paxtaning 20 ta yangi istiqbolli navlari yaratildi. Jumladan, paxta ekiladigan maydonlarning 65%ini ishg'ol etuvchi "Toshkent" navi ular ichida ancha serhosil chiqdi. Biroq bu kabi yangiliklar ham umumiy hosildorlikni oshirish imkonini bermadi. Bunga mavjud imkoniyatlardan oqilona foydalanmaslik sabab bo'ldi.

Paxta maydonlarini zo'r berib kengaytirib, hosildorlikni oshirishga yetarli e'tibor bermaslik natijasida, jumladan, 1971-1975 yillarda respublika bo'yicha paxtaning o'rtacha hosildorligi gektariga 28,5 sentnerni, 1981-1985 yillarda o'rtacha 26,7 sentnerni tashkil etdi. Buning natijasida 1976-1980 yillarda har yili o'rtacha 5,3 mln t, 1981-1985 yillarda esa 5,1 mln t paxta yetishtirildi.

Bu yillarda qishloq xo'jalik ekinlarining hosildorligini oshirish o'rniga yangi yerlar ochish, qurilishlarga va qo'shimcha ishlab chiqarish vositalarini jalb etishga ko'proq e'tibor berildi. Natijada paxtaning hosildorligi va sifati muttasil pasayib bordi, tuproqning sho'rlanishi oshib, ekinzorlarning ahvoli keskin yomonlashdi.

2. Paxtachilikning moddiy-texnik bazasi. Qishloq xo'jaligini mexanizatsiyalashtirishga katta e'tibor berildi. Ayniqsa, paxtachilikni rivojlantirish uchun ko'plab texnika jalb etildi. Bunda 1969 yili Toshkent traktor zavodining barpo etilishi muhim ahamiyatga ega bo'ldi. Paxtachilik uchun zarur mashina va uskunalar ishlab chiqarish ko'paytirildi. Faqatgina 1976-1978 yillar ichida shu soha uchun 9 turdagi yangi zamonaviy mashina yaratildi. 1979 yildan 1986 yilga qadar respublikada 12 mingta yangi, kabinalari maxsus jihozlangan paxta terish mashinasi ishlab chiqarildi. Paxtaga moslashtirilgan maxsus mashinalarni ishlab chiqarish paxtachilikni yanada kengaytirish imkonini berdi. Respublika paxta maydonlarida 1985 yili 40 mingta paxta terish mashinasi ishladi. Shu bilan birga, texnikaga ehtiyotsizlik bilan, xo'jasizlarcha munosabatda bo'lish, undan maqsadga nomuvofiq ravishda foydalanish, qishloq mehnatkashlarida xo'jayinlik hissining yo'qligi kutilgan natijalarni qo'lga kiritish imkonini bermadi. 1970 yilda yetishtirilgan umumiy hosilning atigim 28%i, 1985 yilda esa faqat 37%i mashinalarda terildi. Paxta terimiga har yili yuz minglab shaharliklar jalb etilardiki, bu hol respublika iqtisodiyotiga ancha salbiy ta'sir ko'rsatdi. Bu davr mobaynida paxta terishni mexanizatsiyalashtirish darajasi ikki hissa pasaydi.

Qishloq xo'jaligi ekinlari yetishtirishning yangi texnologiyalari sust joriy etildi, qo'l mehnatini kamaytirishga jiddiy e'tibor berilmadi. Paxtachilikdagi eng sermehnat jarayon-paxta hosilini yig'ib olish sust mexanizatsiyalashtirilganligi sababli og'ir jismoniy mehnat asosan ayollar zimmasida edi.

Qishloq xo'jaligi texnikasini yuqoridan belgilangan narxlarda sotib olish xo'jaliklar iqtisodiyotiga sezilarli zarar yetkazdi, ya'ni mehnat kuniga to'lanadigan haqning kamayib ketishiga, dehqonlarning moddiy ahvoli yomonlashishiga olib keldi. Chiqarilayotgan texnikaning ko'pchiligi sifatsiz yoki mahalliy sharoitga to'qri kelmas edi. Agar 1976-1980 yillarda respublika qishloq xo'jaligi 85 ming dona traktor olgan bo'lsa, shu yillar ichida ularning 12 mingtasigina ishlatildi.

Hosildorlikni oshirish uchun ishlatiladigan mineral o'g'itlar ham nihoyatda qimmat narxlarda sotilardi. Ammo ularning ham ko'p turi mahalliy sharoitga to'g'ri kelmasdi. G'o'za bargini to'kish, zararkunandalarga qarshi kurashda ishlatiladigan zaharli ximikatlar esa inson salomatligi uchun nihoyatda xavfli bo'lib, ayniqsa, qishloq aholisi salomatligiga katta ziyon yetkazdi.

70 yillarda odamlar zaharli ximikatlardan yoppasiga zaharlana boshladi. Bu hol respublika hukumatini muayyan choralar ko'rishga undadi. Aviatsiyadan foydalanish bir qadar qisqartirildi, dalalarni yerda turib ishlashga keng o'rin berildi. O'simliklarni himoya qilishning biologik usullari qo'llanila boshlandi. Biroq paxta ekin maydonlarining kengayib borishi natijasida aviatsiya vositasida ishlov berishdan to'la voz kechilmadi, bu hol odamlarning hayoti va salomatligi uchun avvalgidek xavfli bo'lib qolaverdi.

Yoppasiga kimyolashtirish, paxta dalalariga zaharli ximikatlar yordamida ishlov berish tuproq, suv va havoning jiddiy zaharlanishiga olib keldi. G'o'za, g'alla, sabzavot ekinlari ekilgan yerlar va bog'lar tuprog'i olib tekshirilganida (1984 yil) unda, masalan, DDT moddasining miqdori yo'l qo'ysa bo'ladigan sanitariya normalaridan 2-3 baravar oshiqligi aniqlangan. Farg'ona va Xorazm viloyatlarida paxta maydonlari tuprog'ining ifloslanishi sanitariya normalaridan 8-10 baravar yuqori bo'lib chiqqan. Zaharli ximikatlardan qishloq xo'jaligida keng foydalanish biologik va ekologik oqibatlardan tashqari jiddiy ijtimoiy oqibatlarga ham olib keldi: kasalliklar soni ortib, ayniqsa, bolalar o'rtasida o'lim hollari ko'paydi, ayollar salomatligi yomonlashdi.

3. Qishloq mehnatkashlarining ahvoli. Oziq-ovqat yetkazuvchi qishloq xo'jaligi respublika ehtiyojlarini aslo qondirmas edi. O'zbekistonda aholi jon boshiga oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish belgilangan fiziologik me'yorlardan ancha kam bo'ldi.

Mustabid sovet hukumati olib borgan siyosat tufayli paxta hosilini oshirish ketidan quvish respublikada oziq-ovqat muammosini hal qilish imkoniyatlarini cheklab qo'ydi. Natijada respublikada aholi jon boshiga go'sht, sut, kartoshka, sabzavot va poliz ekinlarini iste'mol qilish ancha kamaydi. Sabzavot-poliz mahsulotlari iste'moli bo'yicha O'zbekiston boshqa respublikalar o'rtasida 5-o'rinni, meva va rezavor iste'moli bo'yicha 13-o'rinni egallagan. Respublika aholi jon boshiga ishlab chiqarishda milliy daromad miqdori bo'yicha ittifoqdagi o'rtacha ko'rsatkichdan 3 baravar orqada edi. Past milliy daromad mehnatkashlarning maoshi kamayishiga, ayniqsa, qishloq aholisining moddiy ahvoli yomonlashishiga olib keldi. Buning asosiy sababi O'zbekistonda paxta, pilla va boshqa qishloq xo'jalik mahsulotlariga belgilangan xarid narxlarining juda past bo'lganligi edi.

Paxtachilikni rivojlantirishdan o'zbek xalqi manfaatdor bo'lmadi. Chunki u mehnatga haq to'lashning past me'yorlariga asoslangan edi. Paxtakor g'allakor, kartoshka va karam yetishtiruvchiga nisbatan bir necha baravar ko'p va og'ir mehnat qilsa-da, ulardan kam haq olardi. 80 yillarning o'rtalarida ham, 70 yillardagi singari, dehqonga mavsum boshida terilgan paxtaning har kilosi uchun bor-yo'g'i 4 tiyindan haq to'lanardi. Demak, terimning kunlik texnologik normasi 48 kg bo'lganda 1 so'm 92 tiyin ishlay olardi, xolos. Bir tonna paxta yetishtirishga 30 baravar ko'p sarf-xarajat ketsa-da, xarid narxlari atigi 4-5 baravar farq qilardi.

Ko'rinib turibdiki, qishloq xo'jaligi xom ashyosiga narxlarda katta nomuvofiqlik bo'lgan. Bu birinchi navbatda mehnat haqi darajasiga ta'sir ko'rsatgan. Respublikamizda bu ko'rsatkich ittifoqning boshqa hududlariga nisbatan ancha past bo'lgan. Chunonchi, qishloq xo'jaligi xodimining 80 yillar o'rtalaridagi yillik mehnat haqi ittifoq bo'yicha 2200 so'mni, O'zbekistonda esa 1753 so'mni tashkil etardi, ya'ni 21% kam edi.

Qishloq aholisining shaxsiy tomorqa xo'jaliklariga e'tibor berilmadi. Mexanizatsiya darajasining pastligi natijasida ekish, ayniqsa, o'rib-terib olish muddatlari uzayib ketardi, bu esa unumdorlikni pasaytirib yuborardi. Tomorqa xo'jaliklarining hajmi yildan yilga qisqarib bordi. Bu qishloq xo'jalik ishlab chiqarishining o'sish sur'atlari pasayishiga, aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta'minlashning yomonlashuviga olib keldi. Tomorqa uchastkalarining maydoni 0,07-0,13 gektardan oshmasdi. Bundan tashqari, bir necha yuz ming qishloq aholisida umuman tomorqa yeri yo'q edi. Oqibatda O'zbekiston oziq-ovqat iste'moli, umuman, turmush darajasi bo'yicha ittifoqda oxirgi o'rinlardan biriga tushib qoldi.

53-§. Yangi yerlarni o'zlashtirish va paxta ekiladigan maydonlarni kengaytirish

1. Irrigatsiya-melioratsiya qurilishi. O'zbekiston sug'orma dehqonchilikning eng qadimgi o'lkalaridan biridir. Bobodehqonlarimizning sug'orish sohasidagi boy tajribasidan foydalanib hozirgi davrda qishloq xo'jalik ekinlaridan yuqori hosil olinmoqda. Respublika dehqonchiligida yerlarni sun'iy sug'orish tizimi (kanallar, irrigatsiya inshootlari) hal qiluvchi rol o'ynaydi. Cho'llarni sug'orish ishlarini amalga oshirishda o'zbek xalqi fidokorona mehnat qildi. Cho'lquvarlarning qahramonona mehnati tufayli ulkan suv omborlari, kanallar, kollektor va drenajlar qurildi. Bu suv inshootlarining bunyod etilishi cho'llarni sug'orish va obod qilish imkonini berdi.

50 yillarda boshlangan respublikadagi cho'llarni o'zlashtirish ishlari keyin ham keng miqyosda davom etdi. 70 yillarda Mirzacho'l va uning tarkibiy qismi bo'lgan Jizzax cho'lida yirik paxtachilik vohasi tashkil etish maqsadida unumdor qo'riq yerlarni sug'orish va o'zlashtirish ishlari davom ettirildi. Shu munosabat bilan uzunligi 127 km ga boradigan eng yirik janubiy Mirzacho'l bosh kanali, markaziy Mirzacho'l kollektori qurildi, shimoliy Mirzacho'l kanali kengaytirildi. Mirzacho'lning Jizzax mintaqasini suv bilan yaxshiroq ta'minlash uchun Jizzax suv ombori qurildi.

Mirzacho'lda yangi sug'oriladigan yerlaraing meliorativ holatini yaxshilashga alohida e'tibor berildi. Ochiq va yopiq kollektor-zovurlar tarmog'i va tik drenaj quduqlari qurildi. Suvdan birmuncha samarali foydalanish uchun taqsimlovchi nov tarmoqlari qurildi va kanallarga beton yotqizildi.

Markaziy Farg'ona qo'riq yerlarini o'zlashtirish maqsadida katta hajmda irrigatsiya inshootlari qurildi. 70 yillarda Farg'ona vodiysini suv bilan ta'minlashni yaxshilash, cho'llarni o'zlashtirish uchun sersuv Norin daryosidan suv oladigan Katta Andijon, Katta Namangan kanallari va sig'imi 2 mlrd kub m keladigan eng yirik Andijon suv ombori qurildi.

Surxon-Sherobod vodiysida ham cho'llarni o'zlashtirish ishlari davom etdi. Sherobod cho'lini sug'orish va o'zlashtirishda Janubiy Surxon suv ombori, shuningdek, Uchqizil, Degeres suv omborlarining qurilishi muhim ahamiyatga ega bo'ldi. Janubiy Surxon suv ombori vujudga kelishi 100 km li Sherobod mashina kanalini ishga tushirish va Sherobod cho'lida 90 ming gektar yangi yerlarni sug'orish imkonini berdi. 90 km li qadimgi Zang kanali qayta ta'mirlandi va suv o'tkazish imkoniyati kengaytirildi. Sherobod cho'lidagi muhim sug'orish inshooti hisoblangan 56 km li Amu-Zang kanali 1973 yili qurilib bitkazildi. O'sha yili Oqqapchig'ay kanalining qurilishi boshlandi. Bu kanalning ishga tushirilishi tufayli Qiziriq cho'lida 30 ming gektar unumdor yerlar suv bilan ta'minlandi.


Download 1.55 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   88   89   90   91   92   93   94   95   ...   167




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling