Tarixdan xikoyalar


Download 1.55 Mb.
bet88/167
Sana20.08.2020
Hajmi1.55 Mb.
#127040
1   ...   84   85   86   87   88   89   90   91   ...   167
Bog'liq
Umumiy tarix

Sanoatni rivojlantirishdagi ichki ziddiyatlarga qaramay, ishchilarning fidokorona mehnati tufayli urushdan keyingi yillarda sanoat ancha o'sdi. Har besh yillikda 100 taga yaqin sanoat korxonalari ishga tushirildi. Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 1970 yili 1940 yildagiga qaraganda 8,5 baravar ko'paydi.

Ushbu yillarda O'zbekiston respublikasida ko'p sohali mashinasozlik industriyasi, kimyo, neft, toshko'mir, gaz, tog'-kon va energetika sanoati yanada rivojlandi. Busiz iqtisodiyotni tiklash va uning yanada yuksalishini ta'minlash mumkin emas edi.

Mashinasozlik va metall ishlash O'zbekiston sanoatining yirik sohasi bo'lib, xalq xo'jaligini texnik jihatdan qayta qurollantirishda muhim rol o'ynadi. 1970 yilga kelib 100 ga yaqin mashinasozlik va metall ishlovchi korxonalar faoliyat ko'rsatardi. Paxtazorlarda ishlatishga mo'ljallangan kuchli traktorlar ishlab chiqarishni o'zlashtirib olgan Toshkent traktor zavodi, paxta terish mashinalari ishlab chiqaradigan "Tashselmash" zavodi, "O'zbekselmash" va "Chirchiqselmash", Toshkent ekskavator zavodi va respublikada hamda undan tashqarida ishlatiladigan mahsulot beruvchi boshqa ko'pgina korxonalar shular jumlasidandir.

Respublika mashinasozlik zavodlarining aksariyati paxtachilik bilan bog'langan edi. Butun sanoat ishlab chiqarish hajmining uchdan ikki qismidan ko'prog'i qishloq xo'jaligiga, xususan, paxtachilikka to'g'ri kelardi. Biroq, shuni aytib o'tish kerakki, O'zbekiston sanoatining paxta tozalash korxonalari paxta xom ashyosini faqat dastlabki ishlovdan o'tkazardi, xolos. Paxtani ishlab, oxirgi mahsulotga aylantirish huquqi Rossiya to'qimachilik korxonalariga berilgan edi. Respublikada g'allachilik, sabzavotchilik, bog'dorchilik, uzumchilik uchun, ipakchilik va chorvachilikdagi jarayonlarni mexanizatsiyalash uchun mashinalar ishlab chiqarilmasligini ham qayd etib o'tish zarur. Natijada muhim sanoat sohalarining rivojlanishi orqada qolib, oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirishni ko'paytirishga to'g'anoq bo'ldi.

50 yillarda Buxoro viloyatining Gazli shahrida ulkan gaz-neft konining topilishi O'zbekistonda gaz sanoatining tez sur'atlarda rivojlanishiga asos bo'ldi. Gazlining umumiy gaz boyligi 446 mlrd kubometrga teng edi. Gaz ishlab chiqarish yildan yilga ortib bordi. 1960 yilda 0,4 mlrd kubometr tabiiy gaz ishlab chiqarilgan bo'lsa, 1970 yilga kelib bu ko'rsatkich 32 mlrd kubometrga yetdi. Ittifoq hukumatining O'zbekistonda gaz ishlab chiqarishni oshirishdan maqsadi uni Rossiya sanoat markaziariga ko'proq tashib ketish edi. 1963 yilda Buxoro-Ural, 1967 yilda eng uzun O'rta Osiyo-Markaz gaz quvuri ishga tushirildi. Bu ikkala quvurlar orqali Rossiyaga 1969 yilda 28 mlrd kubometr tabiiy gaz olib ketildi.

O'zbekiston boy mineral xom ashyo bazasi hisoblanadi. Respublikada ko'pgina foydali qazilmalar: oltin, mis, qo'rg'oshin, rux, volfram, uran, tabiiy gaz, toshko'mir va Mendeleyev jadvalidagi boshqa elementlar mavjud konlar topildi. Ular asosida shaxtalar, zavodlar, neft va gaz korxonalari qurildi, yangi shaharlar paydo bo'ldi.

50-60 yillarda respublikada oltin ishlab chiqarish sanoati ancha rivojlandi. Oltin ajratib oluvchi komplekslar, fabrikalar, oltin aida kombinatlari, shuningdek, mis rudasini qayta ishlovchi kombinatlar ishga tushirildi.

Olmaliqda mis, qo'rg'oshin, rux va boshqa nodir metallar konlarining ochilishi O'zbekistonda rangli metallurgiyani rivojlantirishda katta rol o'ynadi. 50-60 yillarda Olmaliq konmetallurgiya kombinatining to'la ishga tushirilishi O'zbekistonni yirik mis sanoati markaziga aylantirdi. Kombinat ikki majmuadan-qo'rg'oshin-rux majmuasi hamda mis majmuasidan (Qalmoqqir koni, mis boyitish fabrikasi, mis zavodi) ibo-rat bo'lib, mis va mis buyumlar, rux, qo'rg'oshin, sulfat kislota, molibden, oltin va boshqa nodir metallar chiqarardi. Sovet davrida bu korxonaning ham asosiy mahsuloti Rossiyaga tashib ketilardi.

Biroq sovet davrida mustamlaka qatorida bo'lgan respublika o'z qazilma boyliklaridan mustaqil foydalana olmas edi. Yirik rangli metall korxonalari Ittifoq vazirliklariga bo'ysunardi.

Respublika iqtisodiyotida yetakchi o'rinlardan birini kimyo sanoati egallaydi. O'zbekiston kimyo sanoatining to'ng'ich korxonasi 1940 yilda ishga tushirilgan Chirchiq elektr kimyo kombinati bo'ldi. Urushdan keyingi yillarda Qo'qon (1947) va Samarqand (1955) superfosfat zavodlari, keyinchalik esa FargJona azotli o'g'itlar zavodi, Navoiy kimyo kombinati, Olmaliq kimyo zavodi ishga tushirildi. Bu yirik korxonalar paxtachilikni mineral o'g'itlar bilan ta'minlashi lozim edi.

50-60 yillarda respublikada kimyo sanoatining yangi sohasi-gidroliz zavodi barpo etildi. Shu yillarda Andijon gidroliz zavodi, Farg'ona furon birikmalari zavodi va Yangiyo'l biokimyo zavodi qurildi.

O'zbekistonda ko'plab yirik kimyo korxonaiarining qurilishi foydadan ko'ra ko'proq salbiy oqibatlarga olib keldi. Ko'pgina korxonalar aholi qalin yashaydigan joylarda bo'lib, atrof-muhitni ifloslantirdi, ekologik vaziyatni murakkablashtirdi. Atmosferaga zararli moddalar tashlanishi oqibatida tabiatga, o'simlik va hayvonot dunyosiga zarar yetdi. Kimyo majmui korxonalarida filtrlash qurilmalarining yetarli emasligi insonlarning salomatligiga ham salbiy ta'sir ko'rsatdi.

Xo'jalik yuritishning ma'muriy-buyruqbozlik usullari hukmronligi bilan bog'liq chetga og'ish va qing'irliklar haqida gapirganda shuni ham aytib o'tish zarurki, o'sha yillari respublikaga asosan Rossiyadan metall ishlovchi uskunalar, neft mahsulotlari, yog'och-taxta, g'alla va sanoatning bir me'yorda ishlashi uchun zarur boshqa materiallar keltirilar edi. Bu rasmiy targ'ibot orqali o'z vaqtida xalqlarning do'stona aloqasi, rus xalqining o'zbek xalqiga yordami deb uqtirilsada, aslida respublika sanoati taraqqiyotini mustaqillikdan mahrum etuvchi izchil siyosat edi.

2. Transport va undagi muammolar. Respublika sanoatining o'sishi bilan bir qatorda transport ham rivojlanib bordi. Transport tarmog'i uning barcha sanoat markazlarini yagona majmuaga birlashtirdi.

Urushdan keyingi yillarda respublikada 600 kmdan ziyod bo'lgan Chorjo'y-Qo'ng'irot temir yo'li qurildi. Yangi qazilma konlarining topilishi va yangi shaharlarning qurilishi Navoiy-Uchquduq temir yo'lining qurilishiga sabab bo'ldi. Bu O'zbekistonda rangli metallurgiya, jumladan, oltin sanoatining vujudga kelishi bilan bog'liq edi. Mirzacho'l va Qarshi dashtlaridagi yerlarning o'zlashtirilishi Sirdaryo-Jizzax va Samarqand-Qarshi temir yo'llarini qurish zaruratini keltirib chiqardi.

60 yillarda Qo'ng'irot-Beynov temir yo'li qurilishi keng miqyosda olib borildi va 70 yillar boshida ishga tushirildi. Bu temir yo'l magistrali Qoraqalpog'istonni Qozog'iston bilan to'g'ri bog'lab, O'rta Osiyodan Markazga olib boradigan ikkinchi yo'lni vujudga keltirdi, Qoraqalpog'istondan Moskvagacha bo'lgan yo'lni 2 ming km ga qisqartirdi. Shuningdek, bu yo'l Qoraqalpog'iston va Xorazm viloyatining iqtisodiy talon-toroj qilinishi, Markazga ko'proq xom ashyo yetkazilishiga qulay sharoit yaratdi. 1970 yili temir yo'l transportining yuk oboroti 1965 yilga nisbatan 10 mlrd t/kmga yaqin o'sdi va 36 mlrd t/kmni tashkil qildi.

3. Kadrlarni tayyorlash. Urushdan keyingi yillarda avtomobil transporti ham rivojlandi. Eski yo'llar ta'mirlandi, yangi asfalt va beton yotqizilgan yo'llar qurildi. Avtomobil saroylari yangi, takomillashgan mashinalar hisobiga o'sdi. 1966-1970 yillarda avtotransportda yuk tashish ikki baravar o'sdi va 1970 yil oxiriga kelib 9 mlrd t/kmga yaqinni tashkil etdi.

Ushbu davrda fuqarolar aviatsiyasi ham rivojlanib bordi. Uni rivojlantirish respublikada 1924 yilda boshlangan edi. 50 yillar o'rtalarida O'zbekiston havo yo'llarida yuksak tezliklar davrini ochib bergan TU-104 rusumli yo'lovchi tashuvchi samolyot paydo bo'ldi. Havo transporti xodimlari keyingi yillarda yangi samolyotlarning talay xillarini o'zlashtirdilar. Ayrim shaharlarda zamonaviy aerovokzallar qurildi. Bu O'zbekiston shaharlarini bir-biri bilan, shuningdek, boshqa respublikalar va mamlakatlar bilan bog'ladi. O'sha yillari respublika poytaxti Toshkent jahonning 50 ga yaqin shaharlari bilan havo yo'llari orqali bog'langan edi.

Biroq transportda ham talay muammolar bo'lganini aytib o'tish joiz. Temir yo'l va avtomobil yo'llari qurilishi boshqa respublikalar, jumladan, Turkmaniston, Tojikiston hududlaridan o'tkazilib, iqtisodiy jihatdan ular bir-biriga qaram qilib qo'yilgan edi. Bunday siyosatning halokatli ekani respublikalar mustaqil bo'lgandan so'ng ayniqsa sezilmoqda, respublikalar o'rtasida katta kelishmovchiliklarni keltirib chiqarmoqda.

Shu bilan birga, o'sha yillari transport xodimlarining moddiy-texnik bazasi fan-texnika yutuqlari asosida yetarli darajada mustahkamlanmay qoldi. Respublika temir yo'llari tarmog'ini elektrlashtirish, yuk va yo'lovchilar tashishni boshqarishning avtomatlashtirilgan tizimini yaratish ishlari sust olib borildi. Transportning barcha turlari-temir yo'l, avtomobil transporti, fuqarolar aviatsiyasida yo'lovchilarga xizmat ko'rsatish borasida jiddiy kamchiliklar mavjud edi.

Urushdan keyingi yillarda O'zbekiston sanoati uchun malakali ishchi kadrlar hunar-texnika bilim yurtlarida va bevosita ishlab chiqarish jarayonida yakka tartibda hamda kurslarda tayyorlandi. Respublikadagi hunar maktablari, temir yo'l, binokorlik o'quv yurtlari, yirik korxonalar qoshidagi fabrika-zavod ta'limi (FZO) maktablari sanoatni rivojlantirishga katta hissa qo'shdi. 1940-1955 yillarda xalq xo'jaligi uchun jami 143 ming malakali ishchilar tayyorlab berildi. Ishchi kadrlarga ehtiyoj yildan yilga ortib bordi. Malakali kadrlar tayyorlash ham o'sib bordi. 1966-1970 yillarda hunar-texnika o'quv yurtlari xalq xo'jaligiga 172 ming nafar ishchilarni tayyorlab berdi.

Shu bilan birga, respublika hunar-texnika ta'limida katta kamchiliklar mavjud edi. O'quv yurtlarida o'zbeklar va boshqa tub aholi vakillari, xotin-qizlar soni kam edi. Korxonalarda turar joy va zarur maishiy sharoitlarning yo'qligidan yosh ishchilarning ko'pchiligi ishlab chiqarishda o'rnashib qolmasdi. 1962 yilda oziq-ovqat, yengil, trikotaj, gaz va neft sanoatidagi o'zbek va boshqa yerli aholidan bo'lgan ishchi va xizmatchilar soni 30 foizdan sal ortiqni tashkil qilardi. Mashinasozlik, metal ishlash sanoati va og'ir sanoatning boshqa sohalarida o'zbek va mahalliy millat vakillari soni juda oz edi. 1963 yili Toshkent asbobsozlik zavodidagi ishchi va xizmatchilar orasida o'zbeklar va boshqa tub millat vakillari ulushi 20 foizni tashkil etdi.

Sanoatni rivojlantirishning muhim omillaridan biri muhandis-texnik kadrlar edi. Oliy va o'rta maxsus bilim yurtlari tayyorlovchi malakali mutaxassislar soni ortib bordi. 1960-1970 yillarda sanoat, qurilish, transport va aloqa sohalari bo'yicha oliy va o'rta maxsus o'quv yurtlaridagi talabalar soni 20 mingdan 63 mingga, ya'ni 3 baravardan ziyod ko'paydi.

Biroq respublikada o'zbeklardan sanoat ishchilari va muhandis-texnik kadrlar tayyorlash masalasi keskin tus oldi. Uzoq davr mobaynida o'zbek mutaxassis kadrlari salmog'i juda past bo'lib keldi. 1965-66-o'quv yili oliy o'quv yurtlari talabalari tarkibida o'zbeklar 52%ni, ruslar 25%ni, o'rta maxsus ta'lim o'quv yurtlari o'quvchilari tarkibida o'zbeklar 47%ni, ruslar 28%ni tashkil qildi. Vaholanki, respublika aholisi tarkibida o'zbeklar 65%ni, ruslar I2%ni tashkil etardi. Bu totalitar tartibotning, milliy respublikalar mahalliy xususiyatlarini inkor etuvchi ma'muriy-buyruqbozlik tizimining belgisi edi.

O'sib kelayotgan sanoat, qurilish va transporting ishchi va mutaxassis kadrlarga bo'lgan ehtiyoji Rossiyadan olib kelingan kadrlar hisobiga qondirib borildi. Respublikaga boshqa mintaqalardan kelayotgan ishchi va mutaxassislar oqimi kengayib borgani holda, ish bilan band bo'lmagan o'zbeklar va boshqa mahalliy aholi soni tobora ko'payib bordi.

42-§. O'zbekistonda hunarmandchilikning ahvoli

1. Hunarmandchilikning cheklanganligi. Urushdan keyingi dastlabki yillarda urush davrining iqtisodiy qiyinchiliklari sezilib turardi. Shuning uchun aholi hunarmandchilik bilan shug'ullanishga majbur bo'ldi. Hunarmandlar tayyorlagan mahsulot turlari xilma-xil bo'lgan. Ular ro'zg'orda ishlatiladigan sopol idishlar, kiyim-kechak, poyafzal, arava, egar, sandiq, mehnat qurollari, dehqonchilik asbob-uskunalari tayyorlaganlar. Gazlama, jun, ipak matolar ishlab chiqarganlar. Gilamdo'zlik, zargarlik, misgarlik, ko'nchilik, bo'yoqchilik, sovun, sham, un va yog' ishlab chiqarish keng tarqalgan. Hunarmandlar aholining hayoti va turmushi uchun zarur mahsulotlarni ishlab chiqarganlar.

Biroq sovet hokimiyati hunarmandchilikning dushmani edi. Yakka tartibdagi mehnat kapitalistik muno-sabatlarni shakllantirish deb, sekin-asta hunarmandlarning haq-huquqlari, erkin faoliyati cheklab qo'yildi. Ular kooperativ artellarga birlashtirildi. Yakka tartibda hunarmandchilik bilan shug'ullanish man etildi. Urushdan keyingi yillarda hunarmandchilik kooperatsiyasi tarkibida bir necha yuz artellar faoliyat ko'rsatardi. 1955 yili Toshkent shahrida 51 ta, Samarqand viloyatida 33 ta, Namanganda 23 ta, Andijonda 22 ta yirik artellar mavjud edi. Ular xalq uchun zarur buyumlarni ishlab chiqarardi.

Misol tariqasida mato, gazlama ishlab chiqarish hu-narmandchiligi faoliyatini ko'rib chiqaylik. Bu sohada respublikada asosan ip-gazlama va ipak matolar ishlab chiqarilardi. Ip-gazlama mato ishlab chiqarish bilan ayollar, ipak ishlab chiqarish mehnati og'ir bo'lgani tufayli u bilan asosan erkaklar shug'ullanardi.

O'sha yillari Rossiya fabrikalarida ip-gazlama matolar ko'p, ipak matolar esa oz ishlab chiqarilardi. O'zbek ayollarining an'anaviy kiyimlari nozik, chiroyli ipak gazlamalardan tikilardi. Aholi ehtiyojidan kelib chiqib O'zbekistonda urushdan keyingi yillarda ipak mato ishlab chiqarish kengaydi.

Pillakashlik korxonalari xom ashyo yetishtiriladigan tumanlarda, asosan Farg'ona vodiysida ko'p edi. Marg'ilon ipak yetishtiruvchi pillakashlik hunarmand-chiligi bilan dong chiqargandi. Shoyi to'qish ham shu yerda keng rivojlangan edi. Shuningdek, Andijon, Namangan, Qo'qon shaharlarida ham pillakashlik, shoyi to'qish korxonalari ko'p bo'lib, ularning har birida 7-8 kishi ishlardi. Hunarmandlarning ish sharoiti va turmushi og'ir kechardi.

Ipakdan turli mato, gazlamalar: shoyi, xonatlas, beqasam va boshqalar ishlab chiqarilardi. Chiroyli gullar bilan bezalgan bu matolardan ayollar ko'ylagi, yelagi (to'ni), kamzuli, nimchasi, beqasamdan erkaklar, ayollar, bolalar choponlari tikilardi. Uy devorlariga osish uchun so'zana, choyshablar to'qilardi. 60 yillardan boshlab hunarmandchilikning bu sohasi boshqa ko'plari qatori yo'q qilindi.

Sovet boshqaruv tashkilotlari hunarmandlarning kooperativ korxonalari, artellariga e'tibor bermadi, o'z holiga tashlab qo'ydi. Ularni yangi texnika bilan jihozlash imkoni bo'lmadi. Natijada ularning moddiy-texnik bazasi zaiflashib bordi. Hunarmandlar malakasi oshirilmadi.

O'sha davrda hukm surgan ma'muriy-buyruqbozlik sharoitida hunarmandchilik kooperatsiyasi davlat organlari topshiriqlarini, ko'rsatmalarini so'zsiz bajarishga majbur bo'ldi. Artellar davlatlashtirilib yuborildi. Ular amalda davlat korxonalariga aylandi.

Hunarmandlar kooperatsiyasi, kooperativ mulkining mavjudligi rahbar sovet tashkilotlarini qoniqtirmay qo'ydi. 1956 yil aprelda Ittifoq hukumati butun mamlakatda hunarmandlar kooperatsiyasini tugatish to'g'risida qaror qabul qildi. O'zbekiston respublikasidagi hunarmandlar artellari davlat mulkiga aylantirildi va mahalliy sanoat vazirligiga berildi. Sovet organlarining bu keskin tadbiri hunarmandchilikni cheklabgina qolmay, uning ko'p turlari yo'q bo'lishiga olib keldi. Asosan nogironlar artellari, ularni ish bilan ta'minlash maqsadida va xalq badiiy hunarmandchiligi saqlab qolindi.

Sovetlarning hunarmandlarga salbiy munosabati tufayli gazlama, gilamdo'zlik, kigiz tayyorlash, ko'nchilik, misgarlik, bo'yoqchilik va boshqa ko'plab hunarmandchilik sohalari 60 yillardan boshlab yo'q bo'lib ketdi. Ular ishlab chiqargan mahsulot turlari va hajmi kamaydi. Kooperativ sanoat, asosan artellar mahsuloti 1940 yilda respublika sanoati hajrnining 19%ini tashkil qilgan bo'lsa, 1958 yilda 8,5%ini, 1962 yilda esa atigi 3%ini tashkiKetdi.

Davlat korxonalari bilan bir qatorda xususiy yoki kooperativ mulkka asoslangan hunarmandchilikning bo'lishi respublika iqtisodiy-madaniy hayotida muhim ahamiyat kasb etardi. Lekin sovet rahbarlarining o'zboshimchaligi tufayli hunarmandlar kooperatsiyasi asossiz tugatildi. Bu respublika aholisini hayotiy zarur mahsulotlar bilan ta'minlash va maishiy xizmat ko'rsatish ahvolini mushkullashtirdi.

2. Xalq badiiy hunarmandchiligi. Urushdan keyingi yillarda respublika badiiy hunarmandchiligi milliy madaniyatning tarkibiy qismi sifatida tiklana boshladi. Go'zallik shaydosi bo'lgan hunarmandlar ko'p buyumlarni xilma-xil bezaklar bilan bejab, undan foydalanuvchilarga quvonch baxsh etishga harakat qilganlar. Hunarmandchilikning bu turlariga badiiy kulolchilik, kashtachilik, gilamdo'zlik, misgarlik, yog'och, ganch va marmar o'ymakorligi va boshqalar kiradi.

Sovet davrida ko'p yillar hunarmandchilikning bu muhim sohalari cheklandi. 60 yillardan boshlab badiiy hunarmandchilikka e'tibor berila boshlandi. Xalq badiiy hunarmandchiligi mahalliy sanoatning maxsus tarmog'i sifatida qayta tashkil qilindi. Bu tarrnoq xalq dekorativ-amaliy san'ati buyumlarini tayyorlovchi badiiy hunarmandchilik korxonalari faoliyatini birlashtirdi. Xalq badiiy hunarmandchiligi buyumlariga ehtiyoj ortishi munosabati bilan ularni qo'lda tayyorlash bilan birga qisman mashinada ishlab chiqarishga o'tildi.

60 yillarda respublikada o'ndan ortiq fabrika va zavod badiiy buyumlar ishlab chiqardi. Buxoro zardo'zlik fabrikasi, Rishton badiiy kulolchilik zavodi, Toshkent "Suvenir" fabrikasi, Toshkent milliy musiqa asboblari tajriba fabrikasi, Andijon, Chust, Namangan, Toshkent badiiy buyumlar fabrikalari va boshqalar faoliyat ko'rsatdi. Ularga uyda ishlovchi hunarmandlar ham biriktirilgan edi.

O'zbek xalqi, uning hunarmandlari o'z kasbiga mehr qo'ygan insonlardir. Ularning ajoyib mehnati bilan o'zbeklar suyib ishlatuvchi buyumlar bunyod etilgan. Buxoro zardo'zlik fabrikasida zarli chopon, milliy nimchalar, do'ppilar, uy kavushlari, so'zana, dasturxon, chorsi, "buxorocha" do'ppi ishlab chiqarilgan. Chust badiiy buyumlar fabrikasi asosan qo'lda tikiladigan "chust" do'ppisi tayyorlashga mo'ljallangan edi. Andijon badiiy buyumlar fabrikasi shoyi va ip-gazlama bosh ro'mollari, choyshablar, "iroqi", "chust" do'ppilari tayyorlagan. Shahrisabzdagi "Hujum" fabrikasida palos va "sanama", "chizma" do'ppilari tayyorlangan. Qashqadaryoning tog'li tumanlarida "Hujum" fabrikasining filiallari ochilib, unutilayozgan gilam, do'ppi tikish hunarmandchiligi tiklandi.

Gilamdo'zlik ham unutilayozgan hunarmandchilik turlaridan biri edi. 60 yillarga kelib bu soha ham tiklana boshlandi. O'zbek xalqi gilamni an'anaviy uy jihozi va xalq san'ati asari sifatida qadrlaydi. Gilam to'qish barcha chorvachilik tumanlarida keng tarqalib, bu ish bilan ayollar shug'ullangan. Gilamdo'zlik o'zbek xalqining badiiy hunarrnandchiligida muhim o'rin egallaydi. 60 yillarda gilam to'qish korxonalari Buxoro, Samarqand, Sirdaryo, Xorazm, Qashqadaryo viloyatlarida, Farg'ona vodiysida mayjud edi. Gilamni qo'lda to'qish bilan birga, sanoat asosida ishlab chiqarish ham yo'lga qo'yila boshlandi.

60 yillarda kulolchilik, milliy pichoqlar, zarli buyumlar, milliy musiqa asboblari ishlab chiqarish ancha o'sdi. Musiqa o'zbek xalqi hayotining ajralmas qismi hisoblanadi. Musiqaga ayniqsa yoshlar ko'proq qiziqadilar. Maktablarda, klublarda, madaniyat uylarida badiiy havaskorlik to'garaklari, ansambllari ko'paydi. Aholining milliy musiqa asboblariga talabi ortdi. Shu tufayli dutor, doira, g'ijjak, nay, rubob, tanbur va boshqa musiqa ustalari musiqa asboblarining sonini oshirish, sifatini yaxshilash bilan birga, milliy bezaklar vositasida musiqa asboblarining go'zal va betakror namunalarini yaratdilar. Kulolchilik o'zbek xalqining qadimiy hunarmandchilik turlaridan hisoblanadi. Rishton sopol buyumlarini butun dunyo biladi. Bu san'at moviy osmonimiz, tabiatimiz, tiniq suvimiz ranglarini o'zida mujassamlashtirgan. Asrlardan buyon bu kasbga muhabbat, hurmat avloddan-avlodga o'tib kelmoqda.

50-60 yillarda kulolchilikning asosiy markazlari Buxoro, Rishton, Samarqand hisoblangan. Sopol buyumlar Andijon, Toshkent, Qarshi va boshqa shaharlarda ham ishlab chiqarilgan. Samarqand, Buxoro, Toshkent ustalariga sariq, qizil, malla rangli, Farg'ona vodiysi va Xorazm ustalariga esa havo rang, oq, ko'k buyumlar ishlab chiqarish xos edi. Urushdan keyingi yillarda respublikada mashhur kulollar-toshkentlik I. Rahimov, samarqandlik-U. Jo'raqulov, K. Sharopov, A. Muxtorov, M. Nosirov, g'ijduvonlik I. Nazrullaev, denovlik B. Xalilov, xivalik R. Rahimov va boshqa ustalar ijod qildilar.

Umuman olganda, bu davrda hunarmandchilik faoliyati og'ir kechdi. Sovet hokimiyatining dastlabki yillarida hunarmandchilik xususiy mulkchilikdan kooperativ mulkiga aylantirilgan, artellarga birlashtirilgan edi. 1956 yili hunarmandchilik kooperatsiyasi tugatilib, hunarmandlar artellari davlat korxonasiga, muikiga aylantirildi. 50 yillardagi islohotlar tufayli hunarmandchilikning asosiy qismi yo'q qilindi. Davlat mulkiga aylantirilgan korxonalarda buyumlar sifati keskin pasaydi. Chunki ustalarga tayyorlangan mahsulot soniga qarab haq to'lanar edi. Hunarmandlar ko'p mehnat sarflab, sifatli mahsulot ishlab chiqarishdan manfaatdor emasdilar. Ular sifatli buyumlarni buyurtmachilarga va bozorga chiqarardilar.

Shunday qilib, hunarmandchilikning ko'p turlari tugatildi. Badiiy buyumlar fabrikalarida ishlab chiqarilgan buyumlar sifati yakka tartibda ishlab chiqarilgan hunarmandlar buyumlari sifatidan ancha past edi.

43-§. Paxta yakkahokimligining kengayishi va uning salbiy oqibatlari

1. Paxtachilikning moddiy-texnik bazasi. 30 yillarda shakllangan paxta yakkahokimligi (monokulturasi) urush yillarida ancha o'zgardi. Davr taqozosi bilan paxta dalalari qisqardi, g'alla, sabzavot, poliz ekinlari maydoni kengaydi. Paxta mustaqilligi uchun kurash boshlanishi bilan 1929 yilda tugatilgan qand lavlagi ekish yana tiklandi. Ko'p tarmoqli qishloq xo'jaligi shakllana boshladi. Lekin bu jarayon uzoq davom etmadi.

Urushdan so'ng Markazning O'zbekistonda paxta yetishtirishni ko'paytirishga qaratilgan siyosati qayta tiklandi. Bu maqsadda paxtachilikning moddiy-texnik bazasi mustahkamlandi. Birinchi galda paxtachilikni mexanizatsiyalashga e'tibor qaratildi.

Urushdan keyingi dastlabki yillarda qishloq xo'jaligida har turdagi texnika yetishmas edi. Paxta qo'lda terilar, traktor bilan yer haydalib, o'g'it solinardi, hosil paxta punktlariga ot-aravalarda olib borilardi. Bu talay vaqt va qo'l kuchini talab qilardi. Shu sababli paxtachilikni rivojlantirishda uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash asosiy masala bo'lib keldi.

Mashina-traktor stansiyalari (MTS) yangi traktorlar bilan to'ldirila boshlandi. 1948 yili "Tashselmash" zavodi paxta terish mashinalarining dastlabki namunalarini ishlab chiqardi. Oradan bir yil o'tib "Tashavtomash" zavodi ishga tushirildi, unda traktorlar, paxta tashishga moslashtirilgan mashina va tirkagichlarni ishlab chiqarish yo'lga qo'yildi (shu zavod bazasida 1969 yili Toshkent traktor zavodi barpo etildi). Ko'rilgan bu tadbirlar paxtachilikni kengaytirib, uning industrial bazasini mustahkamladi.

Biroq, bu texnikaning MTSlarda bo'lishi salbiy oqibatlarga olib keldi. Asosiy kamchilik shunda ediki, ularning aksariyati texnikadan unumli foydalanmas, kolxozlar bilan tuzgan shartnomalardagi majburiyatlariga mas'uliyatsizlik bilan yondashardi. Ularda traktor ishlarining bajarilishi yuzasidan qo'shib yozish hollari keng rasm bo'ldi. Qishloq xo'jalik mashinalarining davlat tasarrufidagi MTS larda to'planishi ishlab chiqaruvchilar, ya'ni dehqonlarni ishlab chiqarish vositalaridan begonalashtirib qo'ydi. MTSlar qishloq xo'jaligining rivojlanishiga to'g'anoq bo'ldilar. Mashina-traktor stansiyalarini qayta tashkil etish va texnikani bevosita xo'jaliklarga sotish to'g'risida 1958 yil fevralida qaror qabul qilinishi tasodifiy bo'lmadi. Bu chora xo'jaliklarga biriktirilgan yer, texnika va boshqa ishlab chiqarish vositalaridan foydalanishni yaxshilashga qaratilgan edi. Biroq xo'jalikm yuritishning ma'muriy-buyruqbozlik tartiboti sharoitida qo'yilgan maqsadga erishilmadi. Texnikani yuqoridan belgilangan baland narxlarda sotish xo'jaliklarning iqtisodiyotiga jiddiy zarar yetkazdi. Natijada xo'jaliklarda mehnat kuniga to'lanadigan haq kamaydi, dehqonlarning moddiy ahvoli yomonlashdi. Biroq hayot bir joyda to'xtab qolmadi. O'zbekistonning qishloq xo'jaligi, uning asosiy tarmog'i bo'lgan paxtachilik dehqonlarning mehnati tufayli rivojlanib bordi. Traktor parki yangi texnika bilan to'ldirildi. Qishloq xo'jaligida traktorlar soni 1960-1970 yillarda 60mingtadan 121 mingtaga oshdi. Shu davrda paxta terish mashinalari soni 8 mingtaga ko'paydi. Qishloq xo'jalik texnikasining bir qismi paxta yetishtirishni oshirish maqsadida paxtakor xo'jaliklarga berildi.


Download 1.55 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   84   85   86   87   88   89   90   91   ...   167




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling